2- mavzu: Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi Qadimgi Sharqda asotiriy tasavvurlar va falsafiy bilimlarning paydo bo‘lishi. «Qadimgi Sharq»



Yüklə 69,35 Kb.
səhifə11/17
tarix31.12.2021
ölçüsü69,35 Kb.
#82042
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   17
2- mavzu Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari Sharq falsa

Abu Ali Ibn Sino (980-1037) buyuk alloma va mutafakkir. U Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilib, Hamadon shahrida vafot etgan. Ibn Sinodan qolgan ma’naviy meros taxminan 280 nomdan ziyoddir. Ular tibbiyot, falsafa, mantiq, psixologiya, axloq, musiqa, farmakologiya va boshqa sohalarga bag‘ishlangan. Olimning “Shifo kitobi”, “Tib qonunlari”, “Bilimlar kitobi”, “Tabiat durdonasi” kabi asarlari mashhurdir. Ibn Sino asarlari Ovro‘poda XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshlangan. Xususan, «Tib qonunlari» asarining o‘zi lotinchada 30 martadan ortiq nashr qilindi. «Kitob ush-shifo»ning ko‘p bo‘limlari, mantiq, musiqa, erning tuzilishi, geologik jarayonlar, metafizikaga oid qismlari ham lotinchada nashr etildi. So‘ngti ilmiy tadqiqotlar Ibn Sinoning Sharq adabiyotiga ham ta’sir ko‘rsatganligini, chuqur falsafiy mazmunni ifodalovchi ruboiy va falsafiy qissalar janrining taraqqiyotiga turtki berganligini ko‘rsatadi. 

Ibn Sino dunyoqarashi Forobiy asarlari ta’sirida shakllandi, u ijtimoiy-falsafiy masalalarda Forobiy qarashlarini davom ettirdi, Sharq ilmini yangi tabiiy-ilmiy fikrlar bilan boyitib tizimlashtirdi va yangi bosqichga ko‘tardi. Uning fikricha, falsafaning vazifasiga mavjudotni — barcha mavjud narsalarni, ularning kelib chiqishi, tartibi, o‘zaro munosabati, biridan ikkinchisiga o‘tishini har tomonlama tekshirish uchun zaruriyat, imkoniyat, voqelik, sababiyatlarini asos qilib oldi. Borliqqa bo‘lgan qarashlarida Ibn Sino barcha mavjud narsalar ikkiga bo‘ladi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan bir butunlikni tashkil etuvchi Xoliqi olamdir. SHuningdek vujudi vojib kosmologik ongni ham tashkil etib olami kabirni o‘zida ifoda etadi. Qolgan hamma narsalar imkoniy tarzda mavjud bo‘lib, zaruriy vujud – ollohdan kelib chiqadi. Vujudi vojib va vujudi mumkin — sabab va oqibat munosabatidadir. Bu jarayon emanatsiya - tajalli tarzida, ya’ni quyoshdan chiqayotgan nur shaklida amalga oshadi. Shu tartibda imkoniyat shaklidagi mavjud bo‘lgan aql, jon (nafs) va jism, ular bilan bog‘liq holda osmon sferalari kelib chiqadi. Bular hammasi substansiya - javhardir. Bundan tashqari borliqda aksidensiya-oraz ya’ni narsalarning tashqi ko‘rinishini belgilovchi, narsalarning belgilari, rang, hajmi, hidi va boshqa hususiyatlarii mavjud. Jism shakl va moddadan tashkil topadi. Xudo abadiy, uning oqibati bo‘lmish materiya ham abadiydir. Uning o‘zi boshqa konkret jismlarning asosidir. Narsalarning konkret ko‘rinishlari, shakllari o‘zgaradi, lekin ularning moddiy asosi yo‘qolmaydi.

Materiyaning eng sodda, bo‘laklarga bo‘linmaydigan shakli to‘rt unsur: havo, olov, suv, tuprokdan iborat. Ularning turlicha o‘zaro birikuvi natijasida murakkab moddiy narsalar tashkil topadi. Murakkab narsalar o‘zgarib, turli shakllarga ega bo‘lishi mumkin, lekin ularning moddiy asosi bo‘lgan to‘rt unsur yo‘qolmaydi, abadiy saqlanadi. Ibn Sino falsafasida ma’lum darajada inson vujudga kelishi haqidagi evolyusion ta’limot mavjuddir. Uning fikricha, avval tog‘-toshlar, so‘ng o‘simlik, hayvonot va tabiat rivojining eng mukammal namunasi sifatida inson vujudga kelgan. Inson boshqa barcha hayvonot olamidan so‘zi, tili va aqli, tafakkuri bilan bilan farq qiladi.

Inson bilimlari narsalarni bilish yordamida vujudga keladi. Bilish hissiy bilish va tushunchalar yordamida fikrlashdan tashkil topadi. «Sezish— bu shunday ta’sirki, u tashqi narsalarning o‘zi bo‘lmay, balki bizning hislarimizda vujudga keladi. His moddiy obrazning oynasi bo‘lib, moddiy shakllarning bo‘yi, eni bilan birga ifodalanganligi sababli, ularni inson moddiy asossiz in’ikos eta olmaydi va jismlarni bilolmaydi»,- deb yozadi Ibn Sino. Inson tafakkuri turli fanlarni o‘rganish yordamida boyiydi, rivoj topadi. Bunda, xususan, u mantiq ilmiga katta e’tibor beradi. Aql har qanday bilishning va amaliy faoliyatning mezoni sifatida talqin etiladi. «(Aql) tarozisida o‘lchanmagan har qanday bilim,— deb yozadi ibn Sino,— chin bo‘lolmaydi, demak, u haqiqiy bilim emas». Ibn Sino ijodida fanning strukturasini tekshirish, ilmlarning tartibini aniqlash, ularni tasnif qilishga e’tibor alohida o‘rin egallaydi. Bu masalada ham olim Forobiy boshlab bergan fan-ar tasnifi haqidagi masalani yanada taraqqiy ettirishga harakat qiladi. Ibn Sinoning falsafiy sistemasini ifodalovchi asarlarida («Kitob ush-shifo», «Kitob un-najot», «Donishnoma») falsafiy bilimlar: mantiq, fizika, matematika, metafizika tartibida beriladi. Bulardan mantiq — bilishning metodi, mavjudotni o‘rganish, u haqda fikr yuritishning ilmiy usuli sifatida talqin etiladi. Ibn Sino mantiq ilmini tadqiq etishga katta e’tibor beradi, unga maxsus risolalar bag‘ishlaydi. Xususan, u mantiqiy usullar, ta’riflash, hukm, xulosa chiqarish, isbotlash masalalarini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi, mantiq fanini Forobiydan so‘ng bilishning to‘g‘ri metodi sifatida rivojlantirdi.

Ibn Sino ilmni nazariy va amaliy ilmga bo‘ladi.Nazariy ilmlar haqiqatni bilishga, amaliy ilmlar yaxshi ishlarni bajarishga qaratilgan.

Falsafaning nazariy qismi quyi darajadagi ilm, ya’ni tabiatshunoslik, o‘rta darajadagi ilm — matematika va oliy darajadagi ilm — metafizikaga bo‘linadi.

Falsafaning amaliy qismi ham uchga bo‘linadi: 

a) shaxs haqidagi ilm; 

b) insonning o‘zaro munosabatlari haqidagi ilm; 

v) davlatni, mamlakatni boshqarish haqidagi ilm. Nazariy-falsafiy ilmlarga kiruvchi har uch turdagi ilmlar asosiy va yordamchi bo‘laklarga ajraladi; tabiatshunoslik ilmlari astrologiya, meditsina, alkimyo kabi etti xil tarmoqni o‘z ichiga oladi. Matematika esa arifmetika, geometriya, astronomiya, musiqa nomi bilan 4 tarmoqqa bo‘linadi. Asarda 29 ilm tarmog‘i tilga olinadi.Ibn Sino o‘z dunyoqarashida panteistik prinsipga asoslanadi: Tangri va borliq bir-biriga zid, bir-birini inkor etuvchi narsalar emas, aksincha, ular bir butun holda mavjudotni tashkil etadi. Abadiylik Tangriga xos. Tangri va tabiat ma’lum pog‘onalar yordamida bog‘lanadi. Uzun va yaxlit zanjirning bir tomonida yaratuvchi Tangri — zaruriy vujud, ikkinchi chekkasida tabiat yotadi. Ibn Sino haqiqiy axloqiy fazilatlarga va ideal jamoaga shu mavjud dunyoda erishuv mumkin, jamiyatda insonlar o‘zaro yordam asosida yashashlari kerak deb ta’kidlaydi. Jamiyat kishilarning o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar yordamida boshqarilishi lozimligini ta’kidlaydi. Jamiyat a’zolarining hammasi bu qonunga itoat etishlari, qonunni buzish va adolatsizlik jazolanishi, basharti podshoning o‘zi adolatsizlikka yo‘l qo‘ysa, xalqning unga qarshi qo‘zg‘oloni to‘g‘ri va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmog‘i lozim.

Ibn Sino Zakariya ar-Roziy va Beruniy kabi jahon falsafiy tafakkuri tarixida birinchilardan bo‘lib kuzatuv va tajriba metodiga alohida e’tibor qaratdi. Mutafakkir o‘z asarlarida ilm va axloq-odob uyg‘unligi, inson kamoloti, baxt-saodat, ijtimoiy adolat, kishilarning o‘zaro hamkorligi, hukmdorning burchi to‘g‘risida qiziqarli g‘oyalarni ilgari surgan. Uning ta’kidlashicha, barchani bir xil ijtimoiy mavqega erishtirib bo‘lmaydi. Aslida ular uchun muayyan sharoit yaratib bermoq lozim. Barchaning boy va mansabdor bo‘lishi yoki hammaning qashshoq bo‘lishi jamiyatning tanazzuli va inqirozidir. Lekin inson o‘zgarlarga mehr-oqibatli, g‘amxo‘r bo‘lmog‘i, kerak vaqtda saxovat va muruvvat qo‘lini nochorlarga uzatishi zarurdir.




Yüklə 69,35 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə