4. Ishlab chiqarish imkoniyatlari va uning chegarasi
Iqtisodiyot nazariyasi fani mavjud cheklangan iqtisodiy resurslardan qanday
qilib foydalanilganda jamiyatning cheksiz ehtiyojlarini to’laroq qondirib borish
mumkin, degan muammo ustida bosh qotiradi. Bunda, birinchidan, iqtisodiy
resurslardan foydalanishning turli xil muqobil variantlari mavjud bo’lishi ko’zda
tutilib, ulardan eng samaralisi, ya’ni jamiyat ehtiyojlarini ancha to’laroq
qondiradigan miqdorda tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish imkonini beradigan
turini tanlab olishga harakat qilinadi.
Ikkinchidan, iqtisodiy resurslar nisbatan cheklanganligi sababli jamiyat
a’zolarining barcha ehtiyojlarini birdaniga qondirish mumkin bo’lmaydi. Shuning
uchun jamiyatga qaysi mahsulotlarni ishlab chiqarish, qaysilaridan vaqtincha voz
kechish lozimligini hal qilish, ya’ni tanlashni amalga oshirish zarur bo’ladi. Shunday
tanlash orqali, resurslarning mavjud darajasida mahsulot olishning aniqlangan eng
yuqori miqdori jamiyatning ishlab chiqarish imkoniyatini ko’rsatadi. Jamiyatning
ishlab chiqarish imkoniyatidan to’liq foydalanish uchun, iqtisodiy resurslarning
to’liq bandligiga erishish va ishlab chiqarishning to’liq hajmini ta’minlash zarur.
|