Buxoro amirligi (avvali va oxiri)


Yer egaligi munosabatlari. Dehqonchilik va chorvachilik



Yüklə 0,59 Mb.
səhifə5/9
tarix01.04.2023
ölçüsü0,59 Mb.
#103974
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Buxoro amirligi

Yer egaligi munosabatlari. Dehqonchilik va chorvachilik. O‘rta Osiyoning barcha hududlarida bo‘lgan kabi Buxoro amirligida ham agrar munosabatlar, ya’ni, yerga egalik munosabatlari iqtisodiy hayotning asosini tashkil etgan. Manbalarga ko‘ra amirlikda yer egaligining quyidagi to‘rtta turi: davlatga tegishli yerlar(mulki sultoniy); xususiy yerlar(mulk); diniy muassasalar ixtiyoridagi yerlar (vaqf) va qishloq jamoalariga tegishli yerlar mavjud bo‘lgan, Arxiv manbalarida amlok yerlar, amloki sultoniy, podshoh yerlari kabi atamalar bilan atalagan davlat yerlari bilan bir qatorda mulki xirojiy, xiroj yerlari atamasi ham tilga olinadi.

Amir eng katta yer egasi hisoblangan. Davlat yerlarini rasman sotish, hadya etish hamda vaqfga berish taqiqlangan bo‘lsa-da, bunga doimo ham amal qilinmagan. Davlat yerlari bo‘sh yotgan yerlar (qamishzorlar, toshloq, to‘qayzor, tog‘oldi)ni o‘zlashtirish hisobiga ko‘paytirib turilgan. Bunday yerlarni o‘zlashtirgan shaxslar bir necha yil soliqlardan ozod etilib, keyin belgilangan tartibda soliq to‘laganlar.
Undan tashqari davlat (amlok) yerlari hukumdor oldida katta gunoh qilgan yirik yer egallaridan musodara qilingan yerlar hisobiga hamda merosxo‘ri bo‘lmasdan vafot etgan shaxslarning yerlari davlat ixtiyoriga o‘tishi hisobidan ham ko‘paygan. Ayrim manbalarga ko‘ra, davlat yerlaridan doimiy mavjud bo‘lgan yer solig‘i – xiroj olingan bo‘lsa, boshqa manbalarda davlat yerlaridan hosilning katta qismi, ya’ni 40-50 foizi olinganligi qayd etiladi.
Amirlikda mavjud bo‘lgan yana bir yer egalligi shakli mulk(xususiy) yerlar bo‘lib,bu yer egaligi shakli qo‘zg‘almas mulk hisoblangan hamda hech qanday cheklanishlarsiz meros qilib qoldirish mumkin bo‘lgan. Mulk yerlaridan olinadigan soliqlar haqida tadqiqotchilarning turli fikrlari mavjud. Yangi tadqiqotlar (R.Xoliqova) tahlili shuni ko‘rsatadiki, mulki xurr yoki mulki xolis ayrim yirik yer egalariga tegishli bo‘lgan yer egaligi shakli hisoblangan. Mulki xurr egasi doimo amaldagi hukmdor tomonidan berilgan yorliqqa ega bo‘lishi shart bo‘lgan va aynan shu yorliq tufayli u yer solig‘idan ozod qilingan.
Amirlikda dehqon ahli foydalanayotgan yerlarga nisbatan mulki xiroj atamasi ishlatilgan. Bunday yerlarga ega bo‘lgan yer egalari o‘z yerlarini erkin sotish, meros qoldirish va hadya qilish huquqiga ega bo‘lganlar. Bunday yerlardan rasman hosilning uchdan biri miqdorida soliq belgilangan bo‘lsada, amirlikning har biri hududida o‘rnatilgan va belgilangan tartib hamda urf-odatlarga ko‘ra, soliq miqdori hosilning uchdan biridan to beshdan birigacha bo‘lgan.
A’anaga ko‘ra, vaqf yerlari asosan diniy muassasalar – machitlar, mozorlar,xonaqo, madrasalarga yer maydonlarini meros qoldirish hamda xayr-ehson qilish natijasida vujudga kelgan bo‘lib, u yer egaligining alohida shaklini tashkil etgan. Ushbu yerlardan tushgan foyda mutavalli ixtiyoriga kelib tushgan. Mutavalli asosan vaqf egalari avlodlaridan tayinlangan bo‘lib, u vaqf hujjatlariga asoslanib foydani taqsimlab chiqqan. Amirlikda vaqf yerlarini sotish, bunday yerlardan soliq olish taqiqlangan bo‘lsada, manbalar va hujjatlar bunga amal qilinmaganligini ko‘rsatadi.
Amir Nasrullo davridan boshlab yer egaligining tanho shakli tarqaladi. Nasrullo o‘ziga bo‘ysunmagan amaldorlar va urug‘ oqsoqollarining yerlarini musodara qilib, bunday yerlarni vaqtincha egalik qilish huquqi bilan o‘z tarafdorlariga hadya(tanho) qilgan. Amir Muzaffar davridan boshlab tanho tog‘li hududlarga ham yoyiladi. Tanho turli hajmda(bir necha tanobdan bir necha yuz tanbogacha) berilgan bo‘lib, tanhoning berilish miqdori eng avvalo, yerning sug‘orilishi, yerning unumdorligi, qolaversa, amaldorning egallagan mavqyei va ta’siriga ham bog‘liq bo‘lgan.
Dehqonchilik va chorvachilik Buxoro amirligi iqtisodining asosiy tarmoqlari hisoblangan. Aholining sakson besh foizi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganligi ham fikrimiz dalilidir. Amirlikda XVIII asrning oxirlaridan boshlangan iqtisodiy yuksalish,avvalo dehqonchilikning tiklanishi bilan izohlanadi. An’anaga ko‘ra, sug‘oriladigan hamda lalmikor yerlarda dehqonchilik sohasida bug‘doy, arpa, jo‘xori, poliz va sabzavot ekinlari yetishtirishga katta e’tibor qaratilgan. uzumchilik va bog‘dorchilik ham yaxshi rivojlangan. Manbalarga ko‘ra, amirlikda uzumning 10 dan ortiq navlari yetishtirilgan.
Amirlikda sholikorlik ham yaxshi taraqqiy etgan. Nisbatan sifatli sholi Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on va Hisor vohalarida yetishtirilgan. Shahrisabz va Hisor sholikorlari amirlikning poytaxti Buxoroni doimiy ravishda sifatli guruch bilan ta’minlab turganlar.
Amirlikda XIX asrning boshidan boshlab Rossiyaga ko‘p miqdorda paxta sotilishi natijasida paxtachilikka e’tibor kuchaytirilgan. Rus manbalariga ko‘ra, Buxoro amirligining “Qashqadaryo vohasi, Surxondaryo vohasida, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi, Qarshi, Shahrisabz, G‘uzor, Termiz, Sherobod, Hisor tumanlarida paxta katta miqdorda yetishtiriladi. O‘rta Osiyo xonliklari ichida Buxoro paxtasi alohida diqqatga sazovor bo‘lib, u ancha qimmat turadi”.
Shariatda chekish ta’qiqlanganligiga qaramasdan, Qarshi va Miyonqol vohalarida tamaki yetishtirish rivojlangan. Qarshi tamakisi eng sifatli tamaki hisoblangan. Undan tashqari amirlikda ipakchilikning rivojlanishiga ham katta e’tibor qaratilgan. Buxoro vohasi, Zarafshon vodiysi, Karamana, Shahrisabz, Kitob, Miyonqol, umuman, suv ko‘p bo‘lgan barcha hududlarda tut daraxtlari nihoyatda ko‘p o‘stirilgan. Buxoroda va boshqa yirik shaharlarda toza ipak va yarim ipakdan turli xil matolar tayyorlangan.
Amirlikdagi dehqonchilik va bog‘dorchilik oddiy va an’anaviy holatda bo‘lgan. Yerlar ot, ho‘kiz kam hollarda tuyalarga omoch qo‘shilib haydalgan hamda mola, ketmon va bel orqali ishlov berilgan.
Amirlikda mavjud bo‘lgan cho‘l va dasht hududlari,tog‘ va tog‘ oldi adirlari mahsuldor chorvachilik uchun qulay imkoniyatlar yaratgan. Amirlikning cho‘l hududlarida, jumladan Buxoro va Qarshi hududlarida qorako‘l teri yetishtirishga ixtisoslashgan qo‘ychilik taraqqiy etgan. Bunga asosiy sabab, tashqi bozorda (ayniqsa Rossiya bozorida) qorako‘l terisiga, undan ishlangan mahsulotlarga talab nihoyatda katta edi. Chorvachilikning yetakchi tarmog‘i sifatida yilqichilik nafaqt dasht hududlarda,balki vohalarda ham rivojlangan. Shahrisabzning qorabayir va Qarshining arabi otlari o‘z chidamliligi, tezligi va kuchi bilan butun amirlik va undan tashqarida ham mashhur bo‘lgan.
Chorvachilikda tuyachilikka ham alohida e’tibor berilgan. Og‘ir va olis yo‘llar hamda suvsizlikka chidamli bo‘lgan og‘ir yuk ko‘taruvchi tuyalardan karvon savdosida,tegirmonlarda, yog‘ chiqarishda kam hollarda yer haydashda foydalanilgan. Shuningdek tuyaning suti va juni qadrlangan. Amirlikda chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning ichki va tashqi bozorga tuyoqli mollar, sifatli teri, jun va boshqa turli mahsulotlar(shol,namat,arqon va boshq) hamda oziq-ovqat (go‘sht va sut mahsulotlari) yetkazib berishdagi ahamiyati nihoyatda katta edi.

Yüklə 0,59 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə