31
BUXORO MUSIQA MAKTABINING O‘ZIGA XOSLIGI
Tо‘rayev Qahramon Fayzullayevich
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
“Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi о‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.8106918
Annotatsiya.
Maqolada XX asrning boshida tashkil etilgan Buxoro musiqa maktabining о‘zbek
milliy musiqa san’ati rivojidagi о‘rni tahlil qilingan. Shashmaqom san’atini о‘rganish, uni
notalashtirish, kelajak avlodga asl holatida yetkazish yо‘lida qilingan harakatlar tо‘g‘risida
ilmiy xulosalar berilgan.
Kalit sо‘zlar:
musiqa, maktab, shashmaqom, sozanda, xonanda, tarbiya.
IX asrning oxiri va X asrning boshida Buxoroda tug‘ilib, yashab о‘tgan yirik xonanda, sozanda
va musiqiydon Abul Abbos Baxtiyor tomonidan Buxoroda ilk musiqa maktabi ochiladi. Abul
Abbos Baxtiyor maktab о‘quvchilariga musiqa nazariyasi va amaliyotidan saboq beradi.
Shuningdek, u maktab о‘quvchilari uchun musiqa nazariyasidan qator darsliklar yaratadi. Shu
bilan birga yunon olimlari Ptolemey va Yevklidlarning “Ritmika”, “Musiqa qonunlari” kabi
yirik asarlarini tarjima qilib maktab dasturiga kiritadi. Abulabbos Mutrib о‘z faoliyati
davomida kо‘p shogirdlar tayyorlaydi. Jumladan, ulug‘ shoir va sozanda Abu Abdulloh
Rо‘dakiy ham uning eng mohir shogirdlaridan bо‘lgan. Keyinchalik bu an’ana (maktabdorlik
an’anasi) Samarqand, Hirot, Isfahon, Sheroz, Dehli va boshqa shaharlarda ham davom etib,
ushbu maskanlarda ham musiqiy maktablar ta’sis etilib, iste’dodli yoshlarga musiqiy ta’lim
berish yо‘lga qо‘yiladi. Tashkil etilgan mazkur musiqiy maktablarga Amir Xusrav, Abduqodir
Marog‘iy, Nosiriddin Qavvol, Mahmud Husayn, Usta Shodi, G‘ulom Shodi, Mirak Majruh
Buxoriy, Xoja Ja’far Qonuniy, Xoja Aliakbar Qonuniy, Najmiddin Kavkabiy, Buxoriy, Mirzaoliy
Changiy, Darveshali Changiy va boshqalar sardorlik hamda ustozlik qilganlar. Demak
yoshlarga musiqiy tarbiya berish, ularni ma’lum dasturlar asosida о‘qitish maqsadida ochilgan
musiqa maktablari tarixining ham uzoq ildizlari borligini kо‘rish mumkin.
XX asr boshida Fayzulla Xо‘jayev va Abdurauf Fitratlar tashabbusi bilan Buxoroda tashkil
etilgan Sharq musiqasi maktabi esa, О‘rta Osiyo hududdida yagona musiqa maktabi
hisoblanib, u yuqorida aytib о‘tilgan musiqa maktablarini tashkil etish an’anasining mantiqiy
davomi bо‘lgan. Buxoro Sharq musiqasi maktabida ikki yо‘nalishda: xonandalik va sozandalik
– maqom ijrochiligi bо‘yicha yosh iste’dodlarga saboq berilgan. Xonandalik bо‘limiga Ota Jalol,
sozandalik shо‘basiga Ota G‘iyos rahbarlik qilganlar. Maktabning ilk о‘qituvchilari ota Jalol, ota
G‘iyos, domla Halim, usta Shodi, Hoji Abdurahmon, Haydarqul qorovulbegi, Tohirjon
Davlatzoda, Levi Boboxonov, Ma’rufjon Toshpо‘latov, Mirzaotajon Tanburiy kabi maqomdon
ustozlar bо‘lgan. Sharq musiqa maktabining dastlabki о‘quvchilari esa Najmiddin Nasriddinov,
Boboqul Fayzullayev, Shohnazar Sohibov, Muhtor Ashrafiy, Moshe Boboxonov, Boruh
Zirkiyev, Olimjon Halimov, Aminjon Ismatov, Homidiy, Ma’ruf Nosirov, Jabbor Jalilov singari
iste’dodli yoshlar bо‘lgan. Musiqa maktabida yoshlarga о‘zbek va tojik xalqining boy musiqiy
merosi – Shashmaqomning mushkilot va nasr shо‘balaridan saboq berish bilan birga arab tili
fani ham о‘qitilgan. Maktabga dastlab Abdurauf Fitrat, keyinchalik esa Rajabzoda Niyoziylar
rahbarlik qilganlar.
Gap shundaki, о‘sha davrda Sharq musiqa maktabiga yoshlarni о‘qishga jalb etish oson
kechmagan, chunki u paytda, musiqa mashg‘uloti xalq orasida kasb hisoblanmagan va hatto
sozandalik ayrim kishilar nigohida ayb sanalgan mashg‘ulot sifatida kо‘ringan. Ushbu
32
qiyinchilik va mushkilotlarga qaramay mahalliy hukumat bu muhim ishga katta e’tibor
qaratib, bepul о‘quv tizimini joriy qilgan va maktabning barcha sarfu xarajatlari hamda
о‘qituvchilarning moddiy ta’minoti Buxoro xalq Respublikasi maorif noziri Abdurauf Fitrat
zimmasiga yuklatilgan (ba’zi manbalarga qaraganda maktab muallimlarining oylik maoshini
A.Fitrat о‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan tо‘lagan).
Keyinchalik Sharq musiqa maktabini о‘zbek musiqasining kelajakdagi yirik arboblari mashhur
bastakorlar hamda nomdor sozandalar: Muxtor Ashrafiy, Mutal Burhonov, Fazliddin
Shamsiddinov, Tovur Jumayev, Rahimjon Qomiljonov, Ayub Qodirov, Ergash Shukrullayev,
Samehjon Vohidov, Tо‘ra Jо‘rayev, Yoqub Davidov, Ari Boboxonov, Sulaymon Taxalov, Amin
Karimov, Misha Gulkarov kabi iste’dodli san’atkorlar bitirib chiqadilar. Abdurauf Fitrat
jonkuyarligi va fidoyiligi evaziga Sharq musiqa maktabida musiqa ta’limi ancha rivojlanadi va
1934 yildan boshlab mazkur о‘quv maskani zamirida Buxoro musiqa bilim yurti tashkil etiladi
(Sharq musiqa maktabi esa, mustaqil tarzda о‘z faoliyatini bolalar musiqa maktabi nomi bilan
hanuzgacha davom ettirib kelmoqda).
Musiqa bilim yurtiga iste’dodli tashkilotchi Temur Baqoyev direktor etib tayinlanadi. Bu
davrga kelib musiqa bilim yurtining о‘quv rejasi va dasturlari takomillashib, musiqaning turli
sohalari bо‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan yangi bо‘limlar ochiladi va bilim yurti
musiqa pedagoglari safi mohir tashkilotchi va iste’dodli murabbiy Ahmad Ixtiyorov, Nusrat
Inoqov kabi qobiliyatli mutaxassislar bilan tо‘ldiriladi.
Shunday qilib, musiqa bilim yurtida о‘qish jarayoni qizg‘in ketayotgan paytda Ikkinchi jahon
urushi boshlanib bilim yurti faoliyati bir muddat о‘z ishini tо‘xtatadi va u 1944 yildan boshlab
yana о‘z faoliyatini davom ettira boshlaydi. Urush yillarida Leningrad, Kiyev, Belorussiya va
Boltiq bо‘yi Respublikalaridan Buxoroga evakuatsiya qilingan yirik musiqa mutaxassislari
F.Myuller, B.O.Butuzov, F.YE.Margelas, A.M.Davidenko, SH.G.Alimov, V.S. Vlasenko (mohir
pedagog V.S.Vlasenko Buxoroga urushdan ancha oldin kelib qolgan edi) L.G.Plegrina,
L.G.Ivanova, O.Ragozin, V.A.Korostaleva singari tajribali pedagoglar bilim yurtida ishlay
boshlaydilar. 1947 yildan boshlab musiqa bilim yurti Buxoro davlat musiqa bilim yurti deb
atala boshlaydi. Shu yildan boshlab bilim yurtiga uzoq yillardan beri direktor о‘rinbosari
vazifasida ishlab kelayotgan mohir tashkilotchi, qobiliyatli pedagog Ahmad Ixtiyorov
rahbarlikka tayinlanadi. Ustoz A.Ixtiyorov bu lavozimda qariyb 30 yilga yaqin muddatda
faoliyat yuritib, bilim yurtida о‘quv ishlari sifatini kо‘tarish, uning moddiy – texnik bazasini
mustahkamlash, eng muhimi ta’lim sifatini yaxshilab, malakaviy mutaxassis kadrlarni
tayyorlashda fidoyilik qilib, bilim yurtining Respublikada katta mavqega ega bо‘lishi uchun
jasorat kо‘rsatdi.
Darhaqiqat, ustoz A.Ixtiyorovning jonkuyarligi tufayli bilim yurtida keyingi yillarda
kadrlar tayyorlash bо‘yicha ixtisoslik turlari kengaydi, о‘quv dasturlari yangilanib, о‘quv sifati
sezilarli darajada takomillashdi. Bu davrda bilim yurtini A.Boboxonov, S.Taxalov, A.Karimov,
M.Muhammedov, S.Shodmonov, U.Naimov, M.Sa’dullayev, T.Tursunov, O.Atoyev, F.Tо‘rayev,
S.Dо‘stov, J.Hotamov, R.Inoyatov, H.Rahmatov, H.Abdullayev, M.Hojiyev, M.Rahmatov,
О‘.Rasulov, J.Shukurov, M.Bafoyev, O.Matyoqubov singari о‘zbek musiqa san’ati rivojiga
munosib hissa qо‘shgan va qо‘shib kelayotgan soz ustozlari hamda musiqa tadqiqotchilari
bitirib chiqdilar.
1976-yilda Buxoro davlat musiqa bilim yurtiga atoqli kompozitor M.Ashrafiy nomi
berildi. Bilim yurtida 1983-yilda qо‘g‘irchoq teatri va rassomchilik bо‘limlari ochilishi
33
munosabati bilan u Buxoro san’at bilim yurtiga aylantirildi. Bilim yurti xususan, Mustaqillik
yillarida о‘z salohiyati va mavqeini yanada kengaytirdi. U bu jarayonda yangi о‘quv
yо‘nalishlari va ixtisosliklarga ega bо‘ldi. An’anaviy cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik,
xalq raqsi, estrada cholg‘uchiligi, estrada xonandaligi, musiqa nazariyasi va bastakorlik, ovoz
operatorligi, badiiy bezash, sahna mahorati singari о‘nlab yangi bо‘limlar ochilib, uning
kadrlar tayyorlash salohiyati yanada kengaytirildi.
Bu davrda fortepiano, xor dirijyorligi, torli cholg‘ular, damli sozlar, xususan, milliy musiqaga
e’tibor kuchayib, an’anaviy ijro va hofizlik bо‘limlari talaba hamda о‘qituvchilari Respublika
miqyosida о‘tkazilayotgan kо‘rik – tanlovlarda ishtirok etib g‘oliblikni qо‘lga kirita
boshladilar. Bular safida О‘zbekiston xalq artisti О‘lmas Rasulov, О‘zbekistonda xizmat
kо‘rsatgan artist, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Orif Atoyev, О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan
artistlar Yunus Tо‘rayev, Bahrom Mavlonov, Respublikada xizmat kо‘rsatgan yoshlar
murabbiysi Rahmatulla Inoyatov, sobiq talabalardan О‘zbekiston xalq hofizi Sohib Niyozov,
Respublikada xizmat kо‘rsatgan artistlar Rustam Abdullayev, Yulduz Turdiyeva,
О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimi Salomat Rahmonova, “Nihol” mukofoti
sohibi Jо‘raboy Hafizov, Zulfiya mukofoti sovrindori Mohichehra Shomurodova, Gulzoda
Xudoynazarova, Ilyos Arabov, Sayyod Jо‘rayev, Dilfuza va Marjona Qobilovalar, Gulchiroy
Baxshullayeva, Moskvada о‘tkazilgan “Yangi nomlar” xalqaro anjumanida fortepiano bо‘yicha
sinf ustasi Munira Xо‘jayeva, Marjona Ikromova va Sabohat Ashurova, shuningdek iste’dodli
xonanda va sozandalar О‘lmas Olloberganov, Bobur Kenjayev, Muhabbat Mirzayeva va Hilola
Samiyeva nomlarini aytish mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Buxoroda tashkil etilgan sharq musiqa maktabi о‘zbek milliy
musiqa san’ati rivojida katta ahamiyatga ega bо‘lib, hozirgi kunga qadar о‘z samarasini
kо‘rsatib kelayotganini yuqorida ta’kidlangan yutuqlar misolida yaqqol kо‘rish mumkin.
References:
1.
Matyoqubov O. Maqomot. – Toshkent, Musiqa. – 2004. – 216 b.
2.
Safarov O. Shashmaqom vatani ohanglari. – Toshkent, Fan. – 2009.
3.
Tо‘rayev F. Buxoro shashmaqomi tarixidan... . - Toshkent, Musiqa. - 2011.- 180 b.
4.
Tо‘rayev F. Mutribot qalbidan uchgan navolar. – Toshkent, Navrо‘z. - 2018. - 320 b.
5.
Tо‘rayev F. Buxoro mug‘anniylari. – Toshkent: Fan. - 2008. – 323 b.
6.
Fitrat A. О‘zbek klassik musiqasi uning tarixi. –Toshkent: Fan. 1993.
Dostları ilə paylaş: |