Navoiy innovatsiyalar instituti «tasdiqlayman» Navoiy innovatsiyalar instituti rektori



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə8/135
tarix22.12.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#154396
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   135
Navoiy innovatsiyalar instituti «tasdiqlayman» Navoiy innovatsiy-fayllar.org

Beshinchi davr – 1991-yildan keyingi davr. O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan keyin ona tili ta’limi oldiga tamomila yangi talablar qo‘yila boshlandi. «O‘zbek maktablarida ona tili ta’limi Кonsepsiyasi» (1993) ishlab chiqildi.
Ona tilidan DTS me’yorlari belgilandi va u davlat hujjati sifatida qabul qilindi, DTSga muvofiq keladigan «Ona tili» dasturlari yaratildi; maktab darsliklari yangilana boshlandi.
Ona tili ta’limining mazmuni, asosan, 50-yillarning o‘rtalarida shakllantirilgan bo‘lib, o‘shandan beri dasturlar juz’iy o‘zgarishlar bilan 1998–1999-o‘quv yiliga qadar amalda bo‘lib keldi. 60-yillarga kelib «Fan yutuqlari–maktabga» shiori o‘rtaga tashlangach, maktab ona tili ta’limi shu qadar nazariylashib, grammatizm hokimligi yuzaga keldiki, o‘qish ham, o‘qitish ham zerikarli bo‘lib qoldi. Ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchi nutqni rivojlantirishga qaratilgan foydali amaliy ishlar o‘rniga son-sanoqsiz grammatik talqin, qoida va ta’riflarni ko‘r-ko‘rona «o‘zlashtirish», ya’ni ularni qorilarcha yodlab olishdan nariga o‘tilmadi.
Ona tili ta’limidagi yana bir murakkablik grammatik talqinlar bilan bog‘liq chalkashliklar edi. Jumladan, olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki, fe’l, ravish, taqlidiy so‘z, undov gap va hatto matnni almashtira olishi, ularga ishora etish xususiyati hisobga olinmagan edi. Mavjud chalkashliklardan yana biri bir so‘z turkumidan ikkinchi so‘z turkumiga o‘tish talqini edi. «Dono qiz dono so‘zlaydi» gapida birinchi dono ravish so‘z turkumiga kiritilgan edi.
Sintaksisda ulkan chigallik tug‘dirgan masalalardan biri gap talqini masalasi edi. Shaxs-son, zamon ko‘rsatkichiga ega bo‘lmagan kesimlar ham «kesim» deb atalib, «Men borganda... », «U kelgandan keyin...» tipidagi gaplar ham qo‘shma gap sifatida qaraldi.
Sho‘ro ta’limi sharoitida nafaqat ta’lim mazmuni, balki o‘qitish usulida ham dogmatizm hukmron edi. Ona tili ta’limi o‘quvchilarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda bayon qilishga o‘rgatishdan ancha yiroq bo‘lib, ona tili ta’limining asosiy maqsadi–nutqni shakllantirish va rivojlantirish uning soyasida qolib ketgan edi.
Milliy istiqlol maktab ona tili ta’limi oldiga ham yangi ufqlar ochdi. O‘zbekiston olamga yuz tutdi; ijtimoiy, ma’naviy, iqtisodiy jabhalarda ulkan ijobiy qadamlar tashlandi. Mustaqil Respublikamizning xalq ta’limi sohasidagi islohotlari bugungi kunda naqadar katta ijobiy natijalar berganligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bu islohotlar, avvalo, millatning g‘ururi, uning iftixori – tiliga bo‘lgan e’tibordan boshlandi.
1989-yil 21-oktabr kuni «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilindi. «O‘zbek tili O‘zbekiston Respublikasining davlat tilidir», deb rasmiy ravishda e’lon qilindi.
Tilimizga davlat tili maqomi berilishi Respublikamiz maktablarida o‘zbek tilining o‘qitilishiga e’tiborni kuchaytirdi. Tarixiy ahamiyatga molik bu Qonun 1987-yilda tuzilgan, bir qator maktablarda muvaffaqiyatli ravishda sinovdan o‘tkazilgan «Ona tili» (V–IX sinflar uchun) dasturining takomillashtirilishiga turtki bo‘ldi hamda O‘zbekiston Respublikasi XTV tomonidan 1989-yili 25-sentabrda 386-raqamli buyruq bilan ta’sis etilgan «O‘zbek tili» doimiy anjumani (O‘TDA) 1-yig‘inida «Induktiv–2» ramzi bilan muqobil dastur sifatida muhokamaga chiqarildi.
O‘zbek tili doimiy anjumani(O‘TDA) ning 1-yig‘ini 1991-yilning aprel oyida «O‘zbek tilini o‘rganish va o‘qitishni qayta qurish hamda takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida Samarqand shahrida o‘tkazildi. Yig‘inda 400 ga yaqin o‘qituvchi va olimlar ishtirok etdi. Birinchi yig‘inning tarixiy ahamiyati benihoya katta bo‘ldi. U o‘sha davrda amalda bo‘lgan «stabillashgan» ona tili ta’limi usuli, ta’lim mazmunini tubdan yangilash zarurligini, qotib qolgan andazalar bilan ishlash mumkin emasligini baralla aytdi va mavjud tanazzuldan chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yig‘in «Induktiv», «Ijod», «Ta’lim», «O‘qituvchi» ramzli muqobil dasturlarni muhokamaga chiqardi va «Induktiv–2» ramzli dasturda qo‘yilgan ona tili ta’limi maqsadi, mazmuni va usulini ma’qul deb topdi.
O‘TDA ning 2-yig‘ini 1993-yilning aprelida Qarshi shahrida bo‘lib o‘tdi. Anjuman «Ta’lim bo‘g‘inlarida ona tili o‘qitish mazmunini yangilash asoslari» mavzusida ona tilidan ta’lim mazmuni muammolariga bag‘ishlandi va RTM tomonidan nashr etilgan «Ona tili»dan ta’lim mazmunini yangilashning asosiy yo‘nalishlari» qo‘llanmasi amaliyotchi o‘qituvchilar va olimlar e’tiboriga havola etildi.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach, ta’limni tubdan isloh qilishga kirishildi. «Ta’lim to‘g‘risida»gi hamda «Кadrlar tayyorlash Milliy dasturi» to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari ona tilidan ta’lim mazmunini va usulini yangilash sari tashlangan katta qadamlar bo‘ldi. Bu muammolar O‘TDA ning 2-yig‘ini muhokamasiga chiqarildi va ona tilidan ta’lim mazmunini belgilab berdi.
Ona tili ta’limida mustaqillik yillarida tashlangan ulkan qadam «O‘zbek maktablarida ona tilini o‘qitish Кonsepsiyasi» bo‘ldi. Mazkur hujjat 1993-yil 15-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi XTV tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, maktabda ona tili o‘qitishning asosiy maqsadi o‘quvchilarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat deb belgilandi. Bunday maqsadning qo‘yilishi bejiz emas, albatta. Milliy istiqlol sharofati bilan ona tili ta’limini takomillashtirish davom ettirildi.
O‘zbek tilining grammatik qurilishidagi «ruslashtirish» samarasi bo‘lgan juda ko‘p ilmiy-grammatik talqinlar turkona talqinlar bilan almashtirildi. Ana shu yo‘nalishda «Ona tili» o‘quv fanidan darsliklar yaratish ishiga kirishildi.
Modomiki, ona tili ta’limidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarni nutqiy faoliyatga tayyorlash ekan, so‘z boyligini oshirish birinchi galdagi vazifa sanaladi. Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan O‘TDAning 3-yig‘ini (1995-yil) xuddi mana shu masalaga bag‘ishlandi. «Ta’lim jarayonida so‘z boyligini oshirishning asosiy omillari» mavzusidagi anjumanda barcha shu’balar bo‘yicha 283 ta ma’ruza tinglandi. Bu ma’ruzalarning ko‘pgina qismi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning so‘z zaxirasini oshirishning samarali yo‘llari, vositalari va usullariga bag‘ishlandi. Yig‘in ona tilidan sinov darsliklari nashrini tezlashtirish xususida tavsiya qabul qildi. «Ona tili»dan 5-sinflar uchun sinov darsligi 1997-yilda yaratilgan bo‘lib, uning tuzilishi ham, mazmuni ham oldingi darsliklardan farq qiladi. 6-sinflar uchun sinov darsligi 1998-yilda yaratildi. Bu darslik o‘z ichiga, asosan, so‘zlarning lug‘aviy shakllari va ma’no guruhlarini qamrab olgan.
5–6-sinflar uchun yaratilgan sinov darsliklarida «til–me’yor–nutq» mutanosibligiga qat’iy amal qilindi. Buning ma’nosi shuki, ona tili darslarida o‘quvchi til hodisalarini kuzatish, izlanish, alohidaliklarni sharhlash, qiyoslash, umumiylikni aniqlash, farqlarni topish, guruhlash, hukm chiqarish, xulosalash, fikrni og‘zaki bayon etish, ijodiy matn tuzishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni mustaqil bajaradi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchini ta’lim jarayonining faol ishlovchisiga, o‘qituvchini esa shu jarayonning tashkilotchisiga aylantiradi.
1997-yil ona tili ta’limidagi muhim voqealardan biri Vatanimiz poytaxti Toshkentda O‘TDA «Ta’lim jarayonida matn ustida ishlashning asosiy omillari» mavzusidagi 4-yig‘inining o‘tkazilishi bo‘ldi. Mazkur anjuman ijodiy matn yaratish muammolariga bag‘ishlandi. Respublikamizning 700 dan ziyod o‘qituvchisi uch kun davomida o‘quvchilarni ijodiy matn yaratishga o‘rgatish yo‘llari, vositalari va usullarini muhokama etdilar.
1997-yil 13-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan «Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida»gi 203-Qarori barcha o‘quv fanlari qatori ona tilidan Davlat ta’lim standarti (DTS)ni yaratish va uni sinovdan o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi XTV oldiga muhim vazifa sifatida qo‘ydi. O‘z.R. PFITI va BuxDU tomonidan hamkorlikda tuzilgan DTS bir yil davomida sinovdan o‘tdi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarori bilan 1999-yil 16-avgustda tasdiqlandi. Endigi vazifa ona tilidan DTS va o‘quv dasturiga asosan yangi darsliklarni yaratish hamda belgilangan tartib va muddatlarda ularni nashriyotga topshirishdan iborat edi. Bu murakkab vazifa ham muvaffaqiyatli hal etildi.
Qo‘yilgan vazifani hal etishda O‘TDAning 1999-yil Buxoro shahrida «Ta’lim jarayonida nutq madaniyatini shakllantirish masalalari» mavzusida o‘tkazilgan 5-yig‘ini muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Anjumanda barcha shu’balar bo‘yicha 173 ta ma’ruza tinglandi. Ma’ruzalarning ko‘pchiligida yaratilgan sinov darsliklariga munosabat bildirildi. Mualliflar guruhi bu bildirilgan fikr-mulohazalardan tegishli xulosalar chiqardilar hamda ularni qayta ishladilar.
«O‘zbek tili» doimiy anjumani (O‘TDA) 6-yig‘ini 2001-yilda Farg‘ona shahrida «Ta’lim jarayonida ijodiy tafakkurni rivojlantirish masalalari» mavzusida bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbek tili ta’limida milliy istiqlol g‘oyasini singdirish masalalari» mavzusidagi «O‘zbek tili» doimiy anjumani (O‘TDA) 7-yig‘ini 2003-yil Namangan shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbek tili ta’limi jarayonida milliy istiqlol g‘oyasini singdirish masalalariga e’tibor qaratilib, 130 ga yaqin ma’ruzalar tinglandi.
«O‘zbek tili» doimiy anjumani (O‘TDA) 8-yig‘ini 2005-yilda Xorazm shahrida bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek tili” doimiy anjumani 9-yig‘ini 2007-yil Surxondaryo shahrida “XXI asrda O‘zbek tili ta’limi masalalari” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek tili” doimiy anjumani 10-yig‘ini 2009-yil 16-17-aprel kunlari Andijon shahrida “Til ta’limi bosqichlarida uzviylikni ta’minlashning ilmiy-amaliy muammolari” mavzusida o‘tkazildi.
“O‘zbek tili” doimiy anjumani 11-yig‘ini 2011-yil 15-aprelda Chirchiq shahrida “O‘zbek tili ta’limida pedagogik texnologiyalarning o‘rni” mavzusida tashkil etildi. 400 ga yaqin tezislardan 212 tasi saralanib, to‘plamga kiritilgan.
“O‘zbek tili” doimiy anjumani 12-yig‘ini 2013-yil Guliston shahrida “Axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish-o‘zbek tili ta’lim samaradorligini oshirish omili” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek tili” doimiy anjumani 13-yig‘ini 2015-yil Navoiy shahrida “Ta’lim jarayonida yozma savodxonlikni oshirishning asosiy omillari” mavzusida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, barcha o‘quv fanlari qatori ona tilidan ham ta’lim mazmuni va usulini yangilashning benihoya ulkan imkoniyatlari yuzaga keldi.
2000–2001-o‘quv yilidan sinov darsliklari ommaviy nashrdan chiqdi. Ona tili o‘quv dasturi asosida ommaviy amaliyotga tatbiq etilgan (H. Ne’matov va A. G‘ulomov boshchiligidagi), keyinchalik yanada boyitilgan (N. Mahmudov boshchiligidagi) ona tili darsliklarining shakli va mazmuni ongli verbal-kognitiv ta’lim tamoyillariga mos keladi. Chunki ona tilidan 5–9-sinflar uchun yaratilgan yangi avlod darsliklari ongli, verbal, induktiv-kognitiv-pragmatik ta’lim usuli asosida qurilgan.
E’tibor bersak, darsliklardagi o‘quv materialining soddadan murakkabga, umumiylikdan xususiylikka, tahlildan qonuniyatga ko‘rinishda joylashtirilishi ham, darslik topshiriqlarining berilishidagi bosqichli ketma-ketlik ham, har bir dars mashg‘ulotida o‘quvchilarning faoliyat yuritishlari ham, bu faoliyatning mavzudan mavzuga, sinfdan sinfga murakkablasha borish yo‘llari ham, o‘rganish jarayonining faol kuzatishidan boshlanib, amaliy qo‘llash bilan yakunlanishi ham ongli verbal-kognitiv-psixodidaktik tamoyillarga to‘la mosdir.
Ona tili dastur va darsliklari yangi avlodining yangilangan ta’lim maqsadi, mazmuni ifodasi sifatida yaratilishi o‘qituvchi-o‘quvchi munosabatlarining tubdan yangilanishiga sabab bo‘ldi. Chunki bu darsliklar asosidagi mashg‘ulotlarda o‘quvchilar tabiiy ravishda dars subyekti mavqeiga ko‘tariladi, o‘qituvchi esa shu jarayonning boshqaruvchisiga aylanadi. O‘quvchi-o‘qituvchi munosabatlaridagi bu yangilanish o‘quvchining mustaqil faoliyati uchun katta imkoniyatdir.

Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   135




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə