Samarqand davlat universiteti


-mavzu: Ta’lim metodlari va nutq o`stirishda ulardan foydalanish



Yüklə 480,47 Kb.
səhifə70/80
tarix17.03.2023
ölçüsü480,47 Kb.
#102775
1   ...   66   67   68   69   70   71   72   73   ...   80
8b661b467baad283577aa48d96001b02 BOLALAR NUTQINI O`STIRISH NAZARIYASI VA METODIKASI

12-mavzu: Ta’lim metodlari va nutq o`stirishda ulardan foydalanish


Reja:

  1. Ta’lim metodlari va ularning etakchi xususiyatlari.

  2. MTMlar adabiy ta’limiga xos bo‘lgan ta’lim metodlari.

  3. Badiiy asarlar bilan tanishish mashg‘ulotlarida ta’lim metodlaridan foydalani yo‘llari.

  4. Badiiy matnning didaktik tahlili namunasi.



Tayanch so‘zlar: suhbat metodi, evristik metod, taqqoslash metodi, induktiv va deduktiv metodlar, fikriy hujum, “6x6” metodi.


Badiiy matnning didaktik tahlili namunasi:


Bo‘rining tabib bo‘lgani haqida ertak
A. Obidjon.
Maktabgacha adabiy ta’limni samarali tashkil etishda Anvar Obidjon qalamiga mansub “Bo‘rining tabib bo‘lgani haqida ertak” asari ustida ishlash namunasini quyidagicha taqdim etish mumkin. Mazkur adabiy ertak mazmuniga diqqat bilan yondashilsa, unda bugungi chinakam hayotiy haqiqatlar aks etganini ko‘rish mumkin. Ertak o‘z mazmun-mohiyati bilan nafaqat bolalar, balki kattalarni ham hayratga soladi. Jamiyatdagi illatlar ertak shaklida, hayvonlar timsolida yoritilgan.
Adabiy ertakni tarbiyalanuvchilar guruhining iqtidoriga qarab “6x6” metodidan foydalangan holda o‘rganish mumkin. YA’ni kuchli bolalar jamlangan guruh bo‘lsa, bu metoddan foydalanish kutilgan samarani berishi mumkin. Aks holda, oddiy didaktik tahlil metodidan foydalanib ham tashkil etiladi. Har qanday holatda ham matndagi etakchi fikrlarni bolalar oldiga murakkab, mustaqil mulohaza va munosabat talab qiladigan savol-topshiriqlar shaklida qo‘yish, bolalarni umumlashgan holda bu haqiqatlarning mohiyatiga o‘zlari kirishlariga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir. “6x6” metodidan foydalanish quyidagicha amalga oshiriladi.
Avval bolalar uch yoki to‘rt guruhga taqsimlanadi. Bir guruhga eng kuchli, saviyasi nisbatan baland, badiiy so‘zga moyilligi bor bolalar, ikkinchisiga o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan, barcha mashg‘ulotlarda muvaffaqiyatga erishadigan, uchinchi guruhga o‘rtacha bilimga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlar va to‘rtinchisiga o‘yinqaroq tarbiyalanuvchilar jamlanadi. So‘ngra tarbiyachi matnni ifodali qilib o‘qib beradi27. U mashg‘ulotlarga tayyorlanish asnosida har bir obrazning gapirish ohangini uning tabiati, adabiy ertakdagi holatidan kelib chiqib belgilab olgani ma’qul. Har bir timsolni o‘z ovozi bilan ifodalash asarning ta’sir kuchini oshirishini tarbiyachi bilishi kerak.
Birinchi kuchli guruhga: “Har bir obraz: bo‘ri, quyon, to‘ng‘iz va sherga xos bo‘lgan xarakter-xususiyatlarni odamlarga ko‘chiring. Ular qanday odamlar timsoli ekani va har birining tabiatini tahlilga torting. O‘zingizni kuzating. Tabiatingizdagi etakchi sifatlarni aniqlang”.
Ikkinchi guruhga: “Quyon bilan to‘ng‘izchaning bo‘ri changalidan qutulib qolishlari sababi haqida o‘ylab ko‘ring. Ularni bo‘ridan qutqarib qolgan sifatini topishga urinib ko‘ring. Har ikkala hayvonga xos bo‘lgan bu sifat nima? U fazilatmi yoki illatmi? Fikringizni asoslang”.
Uchinchi guruh a’zolariga: “SHuncha ayyorligi bilan tulkining bo‘riga em bo‘lgani sabablari haqida matnga tayanib mulohaza qiling. U doktor bo‘riga em bo‘lishdan qutulib qolishi mumkinmidi? Qanday qilib va qaysi holatda?”
To‘rtinchi, o‘yinqaroq bolakaylar guruhiga: “SHer bilan Bo‘ri suhbatidagi boshqalardan farqli jihatlarni toping. Buning sabablarini ochib bering” singari murakkab, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan savol va topshiriqlar tarqatiladi. Har bir guruhga matndagi ularga tegishli bo‘lgan band qayta o‘qib beriladi. Zarurat bo‘lganda, ish jarayonida yana qayta o‘qib eshittirilishi mumkin.
Birinchi, kuchli bolalar guruhiga berilgan topshiriqlar umumlashgan holda ulardan ham aqliy, ham ruhiy zo‘riqishni talab qiladi. Bu topshiriq ustida ish boshlashdan avval bolalar har bir obrazga xos bo‘lgan xarakter-xususiyatlarni aniqlab olishlari kerak bo‘ladi. Buning uchun bog‘cha opa matnga qayta murojaat qiladi: Bo‘ri:
“Er go‘yo ters aylandi
Tabiblikka o‘rmonda
Yirtqich Bo‘ri saylandi.
Ana qarang tish qayrab
O‘tirar shum shifokor.
Yo‘lga boqar jovdirab,
Tezroq kelsa deb bemor”
satrlari, hamda har bir bemor bilan suhbatdagi bilimsizligi bilan bog‘liq xulosalari, ayniqsa, tulkining kasallik varaqasiga:
«Qo‘lin tirnab bo‘ztikan,
Tulki keldi notetik.
Ahvoli og‘ir ekan, chora topmadik... Edik!»
deb yozib qo‘yganlari zamiriga kasbiy “savodxon”ligi sifatlari berkitilganini; Quyonga xos bo‘lgan sifatlar:
“Keldi ingrab Quyonvoy,
SHalvirab ding qulog‘i.
Qadamlari poyma-poy,
(Balki, tortmas oyog‘i)”
va
“Dikkaytirib dumini,
Qochib qoldi tez Quyon”
satrlarida aks etganini; To‘ng‘izcha tabiatiga singdirilgan sifatlar – “Keyin og‘rib tomog‘i, Keldi yig‘lab yosh To‘ng‘iz” va “Fursat poylab To‘ng‘izcha Rostlab qoldi juftagin” satrlarida ifodalanganini; va nihoyat SHerga xos bo‘lgan so‘zlashuv ohangi hamda buning zamirida aks etgan xarakter-sifatlar kashf etiladi.
Guruh a’zolari mana shu masalalar atrofida o‘z saviyalari doirasida o‘zaro mulohaza yuritadilar, fikr-munosabatlarini aytib o‘zlariga topshirilgan loyihani bog‘cha opasi va o‘rtoqlariga namoyish qiladilar.
Tarbiyachi guruh a’zolarining faoliyatini muhim nuqtalarga yo‘naltirish maqsadida: “O‘ylab qo‘ringlarchi, Bo‘rining tabib bo‘lishiga er teskari aylanishining nima aloqasi bo‘lishi mumkin? Bo‘rining bemor kutib javdirab o‘tirishini, sizningcha, nimalarga o‘xshatish mumkin? Bo‘rining bilimsiz shifokor ekanini uning qaysi gaplaridan anglash mumkin, sizningcha? Har biringiz o‘z tabiatingizni taftish qiling: kimga o‘xshaysiz? Nimangiz bilan?” va hk. yordamchi savol yoki topshiriqlarni o‘rtaga tashlab turadi.
Ikkinchi guruh a’zolari yuqoridagi satrlardan Quyonning xarakteriga xos bo‘lgan xususiyatlarni aniqlaydilar. So‘ngra bilimsiz Bo‘rining:
“Biqin qolib, tekshirdi
Quyonning chap ko‘zini.
– Kechikamiz dingquloq,
Ko‘rmasak tez chora gar.
Oshqozoning sal chatoq,
Buni... «tumov» deydilar.
Biz tabiblar bu dardni
Juda yaxshi bilamiz.
Qorning yorib, sen mardni –
Muolaja qilamiz”
tarzidagi tibbiy xulosalari Quyonni qo‘rqitib yuborganini, yoki tomog‘i og‘rib kelgan To‘ng‘izchaning: “Ushlab ko‘rib oyog‘in, Bo‘ri dedi: – Voh, essiz!.. Tomoq og‘riq boshlanar O‘ng oyoqning payidan. Kesib olsak soz bo‘lar, Go‘shtlikkina joyidan” tarzidagi “muolaja”lari asosida paydo bo‘lgan qo‘rquv Quyon va To‘rg‘izchani Bo‘rining changalidan qutqarib qolganligini aytadilar.
Tarbiyachi guruh a’zolarini maqsad sari yo‘naltirish uchun ularga: “Qo‘rqoqlik fazilatmi yoki illatmi? Quyon va To‘rg‘izchaning holatida har ikkalasiga xos bo‘lgan qo‘rqoqlik kimga foydali bo‘ldiyu kimga zarar bo‘ldi? Nima uchun? Sizning tabiatingizda qo‘rqoqlik bormi? Siz ham doktorlardan qo‘rqasizmi?” singari qo‘shimcha savol va topshiriqlarni o‘rtaga tashlaydi.
Uchinchi guruhdagi sheriklar ish boshlaganlaridaTulkining ayyorligiga qaramay Bo‘riga em bo‘lganining sabablari haqida birgalashib mulohaza yuritadilar. Asarni qayta o‘qib Bo‘rining:
“SHoshmay turgin, muttaham!”
Der Bo‘rivoy ichida.
– Ko‘z tegmasin,
O‘zing ham etilibsan-da juda...
Dardingni bilay tishlab,
Beri kel-chi, jon inim”
tarzidagi fikrlari, “...SHunday qilib, dil xushlab, Bo‘ri edi Tulkini” shaklidagi axborot-xabar aks etgan satrlar mazmunidan kelib chiqib o‘z oldilariga qo‘yilgan masalani hal etish ustida birgalikda izlanadilar.
Tarbiyachi: “O‘ylab ko‘ringchi, nega Bo‘ri Tulkini “muttaham” deb atadi? Uning muttahamligini nimalarda ko‘rish mumkin? Nima deb o‘ylaysiz, nega Tulki Quyon yoki To‘ng‘izchaga o‘xshab qochib qolmadi? U botirmidi yoki buning boshqa sabablari bormidi? Nima deb o‘ylaysiz, nega tulki har doimgi ayyorligini ishga solib o‘zini qutqarmadi?” singari yordamchi savollar bilan guruh a’zolarini asosiy masaladan chalg‘ib ketmaslikka yo‘naltirib turadi.
To‘rtinchi guruhdagi o‘yinqaroq bolakaylar SHer timsolida o‘zlarini ko‘radilar. Ularning mana shu o‘yinqaroqliklari zamirida SHerga xos sifatlarning ma’lum belgilari yashiringan bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, asardagi eng kuchli qahramonni kashf etish vazifasining ularga topshirilganligi guruh a’zolarining g‘ururini uyg‘otadi. Ular o‘zlarini boshqalardan ortiqroq his qiladilar. Mana shu tuyg‘ular ularni masalaning echimini topishga undaydi. Ular barchasi birgalikda Bo‘ri bilan SHer o‘rtasidagi suhbatni xayolan qayta «o‘qiydi»lar yoki bog‘cha opa o‘qib beradi. Bo‘rining laganbardorlik bilan qilgan tutumlari va muomalasi, SHerning:
“– YAxshi emas, har holda,
Quvvatdorni izlasam.
SHoh bo‘lsam-u,
SHoqolday o‘rmonda giz-gizlasam.
Qo‘ldan berib imkonni,
So‘ng yurarman armonda
Sendan semiz hayvonni
Topish mushkul o‘rmonda.
Qadrlayman men har choq
Tabiblarning so‘zini,
Totmoqchiman hoziroq
Quvvatdori tuzini”
shaklidagi iqrori asosida har ikkala qahramonning fazilat va illatlarini, Bo‘rining asl basharasini kashf etadilar. Tarbiyachi: “O‘ylab ko‘ringchi, nega Bo‘ri Quyon, To‘ng‘izcha va Tulkiga boshqacha, SHerga boshqacha muomala qildi? Sher Bo‘rini eb qo‘ygani haqida ertak matnida hech narsa deyilmagan. Buni nimadan payqash mumkin, sizningcha?” singari yordamchi savollar bilan bolalarga yo‘nalish berib yuborishi mumkin.
Har bir guruh a’zolari o‘z oldilariga qo‘yilgan masalalarni o‘z saviyalari darajasida ochishga harakat qiladilar, chiqarganlari xulosalarini, kashf etgan haqiqatlarini bog‘cha opasi va o‘rtoqlari oldida birgalikda namoyish etadilar. Har bir guruhning asar matnidan topganlari haqiqatlar o‘zlarining yutuqlari. Ular o‘z topildiqlariga o‘zaro hamkorlikda, o‘zlarini ham aqlan, ham ruhan zo‘riqtirib erishdilar. Bu har bir guruh a’zolarining hamkorlikda topgan o‘z haqiqati, o‘z kashfiyoti. Tarbiyachisidan tayyor holda eshitgandan ko‘ra o‘zlari izlanib, mehnat qilib topgan badiiy haqiqatlari, hayotiy xulosalari samarasi yuqori bo‘lishi, o‘zlariga yuqumli bo‘lishi aniq. Bundan tashqari, bolalarning har biri o‘zini ertakdagi qahramonlar bilan taqqoslab ko‘radi, doktorlardan, ayniqsa, tish doktordan qo‘rqishlarini tan oladilar, ruhiyatlari qa’rida SHerga o‘xshashga, doktorlardan qo‘rqmaslikka havas qiladilar. Bu havas ularni yuqoriga etaklashi aniq.
Agar bu ish turi yaxshi natija berishiga ishonmasa, tarbiyachi asarni bolalar bilan oddiy didaktik tahlil asosida o‘rganishi ham mumkin.
Kengaytirilgan mashg‘ulot so‘ngida bolalarga uy vazifasi sifatida har bir guruh a’zosi o‘zlari tahlil qilgan adabiy ertak qahramoni suratini chizishni, qo‘llaridan kelsa ertakdagi epizodlarni tasvirlashni topshirish mumkin. Keyingi mashg‘ulotda surat chizib kelgan bolalarni o‘z yaratiqlarini «o‘qib» berishga undash lozim.

Yüklə 480,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   66   67   68   69   70   71   72   73   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə