Markaziy osiyo va o'zbekistonga xozirgi zamon sportining kirib kelishi



Yüklə 60,43 Kb.
tarix23.11.2017
ölçüsü60,43 Kb.

Aim.uz

Markaziy osiyo va o'zbekistonga xozirgi zamon sportining kirib kelishi (XIX asr- XX asr boshlari)
Reja:

  1. XIXasrda Buxoro, Quqon va Xiva xonliklarida harbiy-jismoniy tarbiya.

  2. Turkiston o'lkasida maktab va gimnaziyalarda jismoniy tarbiya.

  3. Jadidlar faolyati va asarlarida jismoniy tarbiya masalalari.

  4. Turkiston o'lkasida ilk sport to'garaklarining tashil topishi.

O'zbekiston mustaqilligi sharoitida sobiq Ittifoq davrida nashr etilgan o'quv qo'llanmalar va turli manbalarni o'iganishda xolisona va tanqidiy yondashishni taqozo etmoqda. Milliy xususiyatlarimizni kamsitish, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishini ta'minlashda bir tomonlama yondashganlik hodisalari tanqidiy ravishda ifoda etilmagan. Sobiq ittifoq davrida Turkiston o'lkasidagi tarixiy voqeliklar ataylab buzib ko'rsatildi. Chunki chor Rossiyasining bu o'lkaga turli bahonalar bilan kirib kelishining asosiy sababi bosqinchilik edi. Rossiyaning bosqinchilik yurishi XIX asrning II yarmiga to’g’ri keladi.

Tarihiy manbalardan ma’lumki, XVI asrdan – XIX asrning birinchi yarmigacha O’rta Osiyo hududi uchta xonlikka bo’lingan edi: Buhoro amirligi, Hiva va Qo’qon xonliklari.

Buxoro xonligi. Davlat boshqaruvi va qo’shin. Xonlikda hokimiyat huquqi chegaralanmagan xonlar ixtiyorida bo’lib, jamiyat hayoti shariat qonunlariga asoslangan holda shakllantirilgan edi. Xonlikda shayxulislom katta mavqega ega bo’lgan. U eng yirik ruhoniy v sud ishlarining sardori hisoblanib, jamiyatning ma’naviy hayotini boshqargan. Undan keyingi o’rinda qozikalon (oliy sud) turgan. Shuningdek, qo’shin uchun alohida qozi tayinlangan.

Xonlikdagi qo’shin tuzilishiga doir ayrim ma’lumotlarga ko’ra, u asosan otliqlardan tashkil topib, markaz, o’ng va chap qanotlarga bo’lingan. Markaz harbiy qismining oldingi safida bayroqdor jangchilar turgan. Rus manbalarining ko’rsatishicha, xonlik qo’shinida misdan 13 ta kichkina to’p, yetarli darajada porox bo’lgan. XVIII asrning oxirgi choragiga doir ma’lumotlarga qaraganda, xon 10 ming kishi atrofida qo’shin to’plash imkoniga ega edi. XIX asrning boshlarida cho’yandan yasalgan to’plardan foydalanilgan. Mazkur asrning 30-yillarida yollanma askarlarning soni 19 ming kishiga borib, turli shahar va harbiy istehkomlarda harbiy xizmatni o’taganlar. XIX asrning o’rtalarida esa, harbiy qismlarning soni ancha oshib, to’plardan va miltiqlardan foydalanish nisbatan kuchayib bordi. Qo’shinda askarlarning soniga qarab yuzboshi va mingboshi singari harbiy lavozimlar mavjud edi. Umumiy qo’mondonlikni lashkarboshi ado etgan.

Madaniy hayotda ham ancha ishlar qilingan. Xon saroyida nodir asarlarni o’z ichiga olgan kutubxonaning bo’lishi diqqatga sazovordir. Misol tariqsida Abdulazizxon va Abdullaxonning kutubxonalarini ko’rsatish mumkin. Bu ilm-ma’rifat dargohida mohir xattotlar va musavvirlar ishlab nodir asarlarni tayyorlash va bezashga alohida ahamiyat berilgan. Adabiyot, tarix va boshqa fanlar sohasida qimmatli asarlar yaratilganligi ma’lum.

Xiva xonligi. Davlat boshqaruvi va qo’shin. Xonlik taxtida eng ko’p o’tirgan xonlardan biri Sayid Muhammad Rahim II (1865-1910) bo’ldi. Xonlikda davlat tuzilishi Buxoronikidan deyarli farq qilmagan. Xon huquqi chegaralanmagan holda davlatni boshqargan. Undan keyingi eng nufuzli lavozim vazir yoki qushbegi hisoblanib, soliqlarni to’plash va umuman xonning barcha topshiriqlarini bajarish bilan shug’ullangan. Shaharlarni hokimlar va ularning yordamchilari bo’lmish yuzboshilar va oqsoqollar idora qilganlar. Xonlik hayotida shayxulislom (oxun) va mufti salmoqli o’rin egallagan.

Xonlikning qo’shini asosan otliqlardan iborat bo’lib, unga lashkarboshi qo’mondonlik qilgan. Askarlar tinchlik paytlarida dehqonchilik va boshqa kasblar bilan shug’ullanganlar. Bunday askarlikka yozilgan kishilar soni XIX asrning 30-yillarida 40 ming kishiga borgan. Askarlik xizmatidagilar soliqlardan va jamoa ishlaridan ozod etilib, har bir kishi yurishda qatnashganligi uchun 5 oltin tanga olgan. Xonning xohishiga ko’ra o’zini ko’rsatgan harbiy lavozimdagilar 10, 20, 50,100 va undan ko’proq miqdorda oltin tanga olishgan. Biylarga 50 tangadan 100 tangagacha, yuzboshilarga 10 tangadan 20 tangagacha maosh tayinlangan.

Xon saroyida yaxshi qurollangan 1000 kishi xizmat qilgan. Qo’shinning asosiy qismi qilich, o’q-yoy va nayza bilan qurollangan. Oz miqdorda pilta miltiq va to’plar bor edi. Unda o’zbeklar bilan bir qatorda turkmanlar, qozoqlar va qoraqalpoqlar xizmat qilganlar. Xiva xonligining qo’shini harbiy texnika jihatdan ancha orqada qolib ketgan edi.

Xonlikda madrasalar qurishga katta e’tibor qaratilgan. 14 madrasa bunyod etilgan. Mingdan ortiq masjidlar din va xalq xizmatida edi. Maktablarda ham hayot qaynagan. Madrasalarning ko’pligi savodxonlikning ancha yuqori darajada bo’lganligidan darak beradi. Xonlikda san’at sohasida ham olg’a siljishlar yuz berganligi haqida ma’lumotlar bor. Bu davrda Xiva xonligi uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib, siyosiy tomondan ko’proq o’zaro chiqishmovchiliklar va qonli urushlar girdobida hayot kechirdi. XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmida xonlikda birmuncha qulay sharoit yuzaga kelgan bo’lsada, lekin fanva madaniyatning izchillik bilan rivojlanishiga o’zaro yo’l urushlar yo’l bermadi.



Qo’qon xonligi. Davlat boshqaruvi va qo’shin. Qo’qon xonligidagi hokimiyatni boshqaruv tartiblari Buxoro va Xiva xonliklaridan deyarli farq qilmagan. Bu yerda ham xon cheklanmagan huquqga ega bo’lib, o’zining xohish-irodasiga ko’ra ish yuritgan. Qo’shinda mingboshi, beshyuzboshi, yuzboshi va o’nboshi lavozimlari bo’lgan. Uning muayyan qismi muntazam xizmatni o’tab, ko’pchiligi tinchlik paytida dehqonchilik, hunarmandchilik va boshqa ishlar bilan shug’ullangan. Harbiy xizmatni o’tovchilarga bir ot va egar-jabduq berilgan. Yuzboshi bir yilga – 147 so’m, ellikboshiga – 98 so’m, o’nboshiga – 65 so’m, oddiy sarbozga – 48 so’m haq to’langan. Viloyatlardagi qo’shin hokim tomonidan ta’minlangan, poytaxtdagisi hukumat zimmasida bo’lgan. Qo’shin qilich, nayza, piltali miltiq va to’plar bilan qurollangan bo’lib, harbiy mahorat ancha pastlashib ketgan edi. Ichki o’zaro to’qnashuvlar, ayniqsa, Buxoro xonligi bilan urushlar qo’shinning tinkasini quritgandi.

XIX asr davomida qimmatli tarixiy asarlar yaratildi. 1822-yili Mirza Qalandar Isfaragiy tomonidan «Shohnoma» asari nihoyasiga yetkazildi. Bu manbada xonlikning tarixiga doir qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

Xonlikda maktab-madrasalarda savod chiqarish bilan birga diniy va qisman dunyoviy fanlar bo’yicha mashg’ulotlar o’tkazilgan. Ularda ta’lim va tarbiya olgan kishilar orasidan mashhur shoirlar, olimlar yeishib chiqqan.

Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va uchta xonlikda yuzaga kelgan salbiy o’zgarishlar ular o’rtasidagi aloqalarning uzilishi, o’zaro nizolar, tashqi kuchlarning ta’siri va ichki ziddiyatlar bilan bog’lik bo’lgan. XIX asr boshida yuz bergan ma’lum iqtisodiy jonlanish Afg’oniston, Eron, Xitoy, Misr va Rossiya bilan o’rnatilgan iqtisodiy aloqalarga borib taqaladi. Xonliklarda tashqi mamlakatlar bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarni rivojlantirish bilan birga adabiyot, san’at, tarih va boshqa muhim ijtimoiy fanlar, me’morchilik va hunarmandchilik sohalari ravnaqiga katta e’tibor berilgan.

Xonliklarning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga asketizm (yunoncha askesis - his-tuyg’ular ta’siri va dunyoviy hayot tarzidan voz kechish da’vatiga tayangan diniy tamoyil) diniy aqidalariga asoslangan musulmon dini katta ta’sir ko’rsatib kelgan. Xonliklarda ta’lim tizimi faqat diniy o’quv muassasalaridan iborat bo’lgan. Ta’lim muassasalarining asosiy turlariga boshlang’ich ma’lumot beradigan maktab hamda o’rta va oliy diniy ta’lim beradigan madrasalar kirgan edi. Madrasalarda talabalar diniy falsafa, arab tilining grammatikasi, musulmon huquqlari, mantiq ilmlarini o’rganishgan. Maktab va madrasalarda jismoniy tarbiya darslari bo’lmagan. Jismoniy mashq bajarish, hatto serharakat o’yinlar o’ynash ham ruhsat etilmagan.

Shunga qaramasdan, xalq o'zlarining milliy o'yinlarini tashkil qilishni davom ettirdi. Kurash, poyga, uloq, darbozlik, akrobatika, harakatli o'yinlar keng tarqaldi. Navro'z, hosil bayrami va boshqa udumlaiga bag'ishlangan xalq sayllari hamda katta to'ylarda polvonlarning bellashuvi, mohir chavandozlarning chaqqonligi, darboz o'yinlari, arqon tortishish, tosh ko'tarish kabi o'yin va namoyishlari hammani hayratga solar va juda qiziqarli bo'lgan.

Markaziy Osiyo hududida yashagan ajdodlarimizdan meros qolgan juda ko'p boy manbalar mavjud. Bunday tugamas boyliklar orasida jismoniy madaniyat alohida ahamiyat kasb etadi. Jismoniy madaniyat insonlami bolalikdan sog'lom qilib o'stirish, ularning jismoniy va madaniy kamolotini ravnaq toptirishi, sog'lom turmush kechirish, mehnat qobiliyatini oshirish, uzoq umr ko'rishga ko'maklashuvchi muayyan faoliyatdir. Bunda ajdodlarimizning ov qurollarini yasash, tog', daryo, cho'llarda vahshiy hayvonlarni tutish uchun kuch-quvvat, epchillik, merganlikni o'rganganlar. Bunda otda turib kamondan o'q otish, nayza sanchish, kurashish, piyoda yugurish, to'siqlardan o'tish, an'anaviy urf-odatlar, ommaviy sayllarda harakatli o'yinlarni tashkil qilish kabi murakkab mashqlarni bajaiganlar. Turli janglarda bu qurollardan mohirona foydalanganlar.

Xalq o'z udumlari va an'analarida kurash, ot o'yinlari, qilichbozlik, darboz, poyga va turli harakatli o'yinlardan foydalanganlar. Bu tadbirlar yoshlarni kuchli bo'lishi, Vatanni sevish, kasbni egallash va uddaburonlikka chorlagan.

O’rta Osiyoda jismoniy tarbiya doimo an’anaviy hususiyatlarga ega bo’lgan. Jismoniy mashqlar empirik tarzda (yunoncha empeiria - tajriba yo’li bilan) vujudga kelgan va ilmga asoslanmagan bo’lsa ham, hamisha chuqur halq an’analarini o’zida saqlab kelgan. Jumladan, milliy jismoniy madaniyat asosini ifodalovchi jismoniy tarbiyaning milliy shakllari, vositalari va uslublari shakllantirilib borilgan. O’rta Osiyoda asosan kurash turlari va chavandozlik sport sifatida shakllangan bo’lib, musobaqalar halq bayramlari, milliy sayillar va turli tantanalarda tashkil qilingan. Askarlar harbiy-jismoniy tayyorgarligi milliy jismoniy tarbiya shakllari yordamida amalga oshirilgan va mamlakatni jasurona himoya qilish yo’lida ko’p asrlar davomida to’plangan tajribalar umumlashtirilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida Toshkent, Samarqand va Farg’onada hukm surgan Turkiston general-gubernatorlik hududida jismoniy madaniyat rus madaniyatining tarkibiy qismi bo’lib kelgan va dastavval mahalliy milliy madaniyat bilan uzviy bog’liq bo’lmagan. Shu yillar davomida Turkistonda zamonaviy sport turlari joriy etilmay kelgan va mahalliy millatga mansub aholi tarkibidan etakchi sportchilar etishib chiqmagan. Turkiston general-gubernatori mahalliy millat vakillarining sport jamiyatini tuzishga qat'iy qarshilik qilgan.

XIX asr oxiri – XX asrning dastlabki yillari O’zbekistonda zamonaviy sport turlari kirib kelgan va keng tarqalgan. Bunda rus madaniyati bilan o’rnatilgan aloqalar jismoniy madaniyat va sport tizimida ham kuzatiladi.

Turkiston o’lkasi - O’zbekistonda jismoniy madaniyat va zamonaviy sport tizimining shakllanishi va rivoshlanish tarixini shartli ravishda quyidagi davrlarga ajratish mumkin:

1. 1860–1890 yillar – ruslarning dastlab ilmiy ekspeditsiyalar tarkibida, keyin esa rus armiyasi bosqini oqibatida Turkistonga kelishi.

2. 1890–1920 yillar – rus aholisini Turkistonga ommaviy ko’chib kelishi va ular tarkibida mavjud bo’lgan ko’plab ziyolilar va pedagoglarning mahalliy aholi o’rtasida rus madaniyatini shakllantirishlari.

3. 1920–1950 yillar – O’zbekistonda sobiq ittifoq jismoniy tarbiyasi tizimiga asoslangan jismoniy madaniyat va sportni shakllanishi hamda rivojlanishi.

XIX asr oxiri – XX asrning dastlabki yillarida O’rta Osiyo hududlarida sport turlarining rivojlanishiga real imkoniyatlar paydo bo’lgan. Rus halqini Turkiston o’lkasiga ommaviy ko’chib o’tishi, birinchidan zamonaviy sport turlarini rivojlantirishga imkon yaratgan bo’lsa, ikkinchidan mahalliy aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishiga turtki bergan. XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida Turkistonda ishlagan ko’plab pedagog ziyolilar, ayniqsa ularning o’lkada muqim qolib faoliyat ko’rsatgan qismi avvalo Turkistonning yirik shaharlarida yashagan evropalik aholi, keyin mahalliy aholi jismoniy madaniyatini shakllanishiga hissa qo’shganlar.

Bu davrda Turkiston o’lkasi ijtimoiy–iqtisodiy taraqqiyotida ham sezilarli o’zgarishlar sodir bo’lgan: birinchidan, O’rta Osiyoga kapitalizmning kirib kelishi, turli banklar tarmoqlarini tashkil etilishi, zavod va fabrikalar, temir yo’llarni qurilishi, ikkinchidan - mahalliy ziyolilarning etishib chiqishi va milliy progressiv harakatning faollashishi o’lka aholisi bilimi va madaniyatini yanada o’sishiga sabab bo’ldi. Aynan shu davrda o’zbek halqi hayoti va turmushida madaniyat sohasiga doir yangiliklar tashviqiy- targ’ibiy nashr vositalari, jurnallar va kitoblar orqali aholi ongiga singdirila boshladi. o’lkada ko’plab sanoat va qishloq ho’jalik ko’rgazmalarining o’tkazilishi nafaqat iqtisodiy aloqalarning o’rnatilishiga, balki barcha halqlar madaniyatini o’zaro yaqinlashishiga asos bo’ldi .

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston o’lkasida rus o’quv yurtlari tizimi yaratildi. 1875 yilda Toshkent, Farg’ona, Samarqand va boshqa shaharlarda gimnaziyalar tashkil etildi, lekin ularda mahalliy millat vakillarining foizi juda kam edi. Bu o’quv yurtlarining dasturida jismoniy tarbiya darslari umuman nazardan chetda kolgan edi. Hukumat halq ma’rifati to’g’risida g’amxo’rlik qilmas edi. Masalan, 1914 - 1915 yillarda Turkiston halq ta’limiga o’lka byudjetining 2,3%, harbiy politsiya apparatini ta’minlash uchun esa 86,7% ajratilgan. 1914 yilda Turkiston o'lkasida 160 ta maktab bo'lib, ularda 17 ming bola ta'lim olgan. Turkiston o'lkasidagi maktablarda jismoniy tarbiya muvaqqat bo'lib, hech qanday tizimga asos solinmagan, chunki jismoniy tarbiya va sport bo'yicha ishlab chiqilgan maxsus dasturlar bo'lmagan.

1890 y. Turkiston o’lkasining harbiy maktab va bilim yurtlarida gimnastika, qilichbozlik, otish va turli o’yin mashg’ulotlari o’tkazila boshlangan. Bu davrda Turkiston o’lkasidagi ayrim o’quv yurtlarida jismoniy tarbiya joriy qilishga birinchi marta urinib ko’rilgan. Biroq jismoniy tarbiya mashg’ulotlari muntazam o’tkazilmas edi, chunki o’qituvchilar, binolar va jihozlar etishmas edi.

XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida Turkistonda milliy ziyolilarning ma’rifatparvar jadidchilik harakati (arabcha jadid – yangi) vujudga kelib, ular tomonidan yangi maqomga hos maktablar tashkil qilingan. Jadidchilar dasturi ta’lim tizimini islohot qilishga qaratilgan bo’lib, quyidagi vazifalarni o’z oldiga qo’ygan edi: yoshlarga amaliy ahamiyatga ega bo’lgan bilimlarni berish; ta’lim sohasida, musulmon maktablaridan farqli o’laroq, o’qitishning yangi zamonaviy shakllarini qo’llash. Yangi usul maktablarida o’rta asr individual o’qitishdan sinflardagi dars tizimiga o’tilgan. Sinflarda geografik haritalar, globuslar va boshqa ko’gazmali qurollar paydo bo’lgan, darslar orasida tanaffuslar kiritilgan, o’quvchilarni urib jazolash bekor qilingan.

Shunga o’hshash barcha o’zgarishlar katta ahamiyatga ega bo’lgan. Biroq bu maktablarda ham jismoniy tarbiya darslari muntazam o’tkazilmagan, faqatgina tanaffuslarda o’qituvchilar rahbarligida harakatli o’yinlar tashkil qilingan.

Abdulla Avloniy (1878-1934). Taniqli o’zbek pedagogi va olimi Abdulla Avloniy Toshkent shahrida, mayda hunarmand-to’quvchi oilasida dunyoga keladi.

XX asr boshlarida O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida va pedagogik fikrlarning rivojida Abdulla Avloniy alohida o’rin egalladi, butun faoliyati davrida u o’z xalqiga xizmat qiladigan komil insonni yetishtirish, uning ma’naviyatini shakllantirishga alohida e’tibor berdi.

A. Avloniy «Usuli jadid» maktablari uchun 4 qismdan iborat «Adabiyot yohud milliy she’rlar» hamda «Birinchi muallim», «Turkiy gulison yohud axloq», «Ikkinchi muallim», «Maktab gulistoni» kabi darslik va o’qish kitoblari yaratdi.

«Turkiy gulison yohud axloq» asari axloqiy va ta’limiy tarbiyaviy asardir. Asarda insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytaruvchi ilm-axloq haqida fikr yuritiladi.

Abdulla Avloniy bola tarbiyasini nisbiy ravishda quyidagi 4 bo’limga ajratdi: 1. «Tarbiyaning zamoni». 2. «Badan tarbiyasi». 3. «Fikr tarbiyasi». 4. «Axloq tarbiyasi». «Tarbiyaning zamoni» bo’limida tarbiyani yoshlikdan berish zarurligini, bu ishga hammani: ota-ona, muallim, hukumat va boshqalarning kirishishi kerakligini ta’kidlaydi.

«Al-hosil tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur» deb uqtiradi. Tarbiya xususiy ish emas, milliy, ijtimoiy ishdir. Har bir xalqning taraqqiy qilishi, davlatlarning qudratli bo’lishi avlodlar tarbiyasiga ko’p jihatdan bog’liq, deb hisoblaydi Avloniy.

Tarbiya zurriyot dunyoga kelgandan boshlanib, umrning oxiriga qadar davom etadi. U bir qancha bosqichdan – uy, bog’cha, maktab va jamoatchilik tarbiyasidan tashkil topgan. Avloniy tarbiyaning doirasini keng ma’noda tushuntiradi. Uni birgina axloq bilan chegaralab qo’ymaydi. U birinchi navbatda bolaning sog’ligi haqida g’amxo’rlik qilish lozimligini uqtiradi. Avloniyning fikricha, sog’lom fikr, yaxshi axloq, ilm-ma’rifatga ega bo’lish uchun badanni tarbiya qilish zarur. «Badanning salomat va quvvatli bo’lmog’i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o’qumoq, o’qutmoq, o’rganmoq va o’rgatmoq uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdir».

A. Avloniy badan tarbiyasi masalasida bolani sog’lom qilib o’stirishda ota-onalarga murojaat qilsa, bolani fikr tomondan tarbiyalashda o’qituvchilarning faoliyatlariga alohida e’tibor beradi.



Abdurauf Fitrat (1886-1934). Abdurauf Abdurahim o’g’li Fitrat Buxoro shahrida tug’ilgan. «Fitrat» Abduraufning adabiy taxallusi bo’lib, bu so’z tug’ma tabiat, tug’ma iste’dod degan ma’noni anglatadi.

XX asr boshida butun Sharqda bo’lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikr taraqqiyotida jiddiy uyg’onish boshlanib, jadidchilik harakati keng yoyiladi. Amir istibdodining og’irligi Buxoro jadidlarini maxfiy jamiyat tuzishga majbur qildi. Buxoroda jadidlar «Yosh buxoroliklar» nomi bilan ish olib bordi. A. Fitrat mana shu harakatning rahbarlaridan biri edi. Yosh buxoroliklar o’z faoliyatlarining boshlarida yangi usuldagi maktablar ochib ularda boy hamda kambag’allarning bolalarini o’qitdilar.

Fitrat 1909-yili «Jamiyati hayriya»ning ko’magida Turkiyaga o’qishga ketadi. 1913-yil 4 yillik o’qishdan so’ng Fitrat Turkiyadan Buxoroga qaytib keladi. U Turkiyadan ilg’or qarashlar bilan qaytgan edi.

Fitrat 1916-yili «Oila» nomli falsafiy asarini yozadi. Fitrat 1922-23-yillarda Buxoro Xalq Respublikasidan Germaniyaga, Turkiyaga talabalar yuborish, u yerdagi ilg’or Yevropa ta’lim-tarbiyasi, ilm-fan, texnika sirlarini o’rganish, yangi Buxoro Xalq Respublikasi va Turkistonda maorif va madaniyatni rivojlantiruvchi mahalliy kadrlar tayyorlash tashabbuskori va tanlovchilaridan biri bo’ldi. Leningrad Davlat Dorilfununi 1924-yili Fitratga o’zbek va tojik mumtoz adabiyotlari namoyondalari to’g’risidagi tadqiqotlari uchun professorlik unvonini beradi.

A. Fitratning «Rahbari najot» asari ham to’la ravishda ta’lim-tarbiya masalalariga bag’ishlanadi. Ayniqsa, asarning uchinchi bobi oila, bola tarbiyasi, axloq-odob mavzulariga bag’ishlangan bo’lib, bu masalalar hozirgi davrda ham katta ma’rifiy ahamiyatga egadir.

Fitrat ota-onaning vazifasi o’z bolalarini yetuk kishilar qilib tarbiyalashlari zarurligini, bunda ayniqsa, 3 tarbiyaga: 1. Jismoniy tarbiya – salomatlik, 2. Aqliy tarbiya – sog’lom fikrlilik, 3. Axloqiy tarbiya – axloqiy sano, ya’ni axloqiy poklikka e’tibor berish kerakligi ta’kidlanadi.

Fitrat jismoniy tarbiyaga, kishining salomat va baquvvat bo’lib tarbiyalanishiga alohida ahamiyat beradi. Fitrat bolani tug’ilmasdan burun, ona qornidaligidanoq tarbiyani boshlash kerak, chunki shu 9 oy muddatda farzand ona qoni bilan tarbiyalanadi, deb uqtiradi. Keyinroq bola tug’ilgandan keyin Fitrat bolalarning toza havoda bo’lishlari, atrof, tabiat go’zalliklaridan estetik zavq ola bilishlariga ham ahamiyat beradi.

Fitrat bolalarning jismoniy tarbiyasida turli harakatli o’yinlar katta o’rin tutishini ham aytib o’tadi. Ota-onalarga o’z bolalarining shunday o’yinlar bilan mashg’ul bo’lishlarini ta’minlashlarini maslahat beradi. U bu o’yinlar orqali bolaga hayotni o’rgatish, aqliy va axloqiy tarbiya ham berish mumkin, asosiysi bolani jismonan chiniqtirish, deb biladi. Fitrat yana bolalarning sog’lom, jismonan yetuk bo’lishlari uchun tozalikning ahamiyati juda kattaligini tushuntirib, bolalarga shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishni o’rgatishni alohida ta’kidlab o’tadi.

Fitrat bunday ta’lim va tarbiyani, bolalarga yaxshi sharoitlar yaratib, ularning salomatliklari va yashashlari uchun g’amxo’rlikni faqat jadid maktablari berayotganini,lekin hukmron doiralar bu maktablarga qarshi chiqish bilan birga ular olib borayotgan ilg’or ta’lim-tarbiya usullariga ham qarshi chiqayotganini, bu maktablarni kofir maktabi deb, ularni faoliyat ko’rsatishga qo’ymayotgannini ko’rsatib o’tadi. Shu bilan birga, eski maktablarda buning aksi bo’lib, bolalarning salomatliklari, ularning jismonan chiniqishlari uchun hech qanday sharoitlar yaratilmaganligini gapirib o’tadi.

Mustaqillik, demokratiya, ozodlik g’yolari Fitratning butun faoliyati va barcha asarlari va maqolalarida bosh maqsad bo’lib qolganligi bilan hozirgi yoshlarimizga, ularning mustaqil O’zbekistonning rivojlantirishlarida ibrat-namunadir.

Jismoniy madaniyat va sport tarihi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida hududda zamonaviy sportning rivojlanishi uchun imkoniyatlar paydo bo’lgan.

Turkiston o’lkasi shaharlarida ziyolilar tashabbusi bilan sport klublari va jamiyatlari tashkil qilina boshlagan. Sport sektsiyalarida shug’ullanuvchilarning asosiy tarkibi harbiy ofitserlar, hizmatchi hodimlar va ziyolilardan iborat edi. Turkiston ziyolilari chet elda dunyoviy ta’lim olgan davrning eng ilg’or ma’rifatli kishilari edi. Ular horijiy davlatlar tajribasi bilan tanishuv hamda ma’rifiy faoliyat natijasida barkamol rivojlanishda inson uchun jismoniy tarbiyaning muhim o’rin egallashini anglab etganlar.

Bu davrda mahalliy aholi uchun yangi bo’lgan evropa madaniyatining asta-sekin kirib kelishi va madaniyatlarning o’zaro ta’siri Turkiston o’lkasining turli hududlarida sportni etarli darajada jadal rivojlanishiga turtki bo’lgan. Jumladan, velosportga qiziqish 1894 y. “Toshkent havaskor velosipedchilar jamiyati”ning (THVJ) tuzilishiga olib kelgan. Jamiyat o’zining nizomini va badallarni to’lash tartibini ishlab chiqqan.

1894 y. 18 sentyabrda shahar hiyobonidagi vaqtinchalik velotrekda velosport bo’yicha birinchi musobaqa o’tkazilgan. 1895 y. Samarqandda velosipedchilar to’garagi va musobaqalar tashkil etilgan. Ularning birinchi musobaqasi 1895 y. 4 iyulda harbiy bo’lim maydonida o’tkazilgan. Tomoshabinlarning pullik joylaridan yig’ilgan mablag’ Samarqand bolalar uyiga O’tkazilgan.

1896 y. 16 aprelda THVJ majlisida Toshkentda velotrek qurish to’g’risidagi qaror qabul qilingan. Velotrek iyul oyida qurib bitirilgan va shu yilning 4 avgustida foydalanishga topshirilgan. Yangi trekda o’tkazilgan birinchi musobaqalarda 4 nafar o’zbek poygachilari ishtirok etgan.

1894-1912 yy. THVJ tashabbusi bilan tashkil qilingan turli musobaqalarda Rossiyaning professional sportchilari ham qatnashgan. Bu yillarda Toshkentga “Havo trekda uchish”, “Iblis poygasi”, “Velosipedda yong’in” va shunga o’hshash ko’rgazmali chiqishlar bilan professional poygachilar tashrif buyurganlar. Bu davrda jamiyat faoliyati asosan mahalliy zodagonlar, savdogarlar va yuqori harbiy unvon vakillari uchun ko’ngilochar tadbirlarni tashkil etishga qaratilgan bo’lsa-da, velosport rivojida progressiv rol' o’ynaganini ta’kidlash mumkin.

1895-yil mashhur nemis polvoni Rippel Toshkentga kelib, sirkda o'z kuchi, mahoratini ko'rsatib, hamma tomoshabinlarni qoyil qoldirib yuradi. Uning og'irligi sakkiz yarim pud (133 kg.) bo'lib, sakkiz pudlik cho'yanni ikki qo'li bilan, 16 pudlik cho'yanni kifti bilan ko'tarib tomosha ko'rsatgan. O'sha paytlari Toshkentning Beshyog'och daha, Choqar mahallasida o'tgan Ahmad polvon Topilboy o'g'lining O'rta Osiyoda kurashib, yiqitmagan pahlavoni qolmagan edi. Mehmon Alimad polvonning dovrug'ini eshitib, u bilan kurashish istagini izhor etgan. Kim yiqilsa, «yonidan 50 so'm beradi», deb garovlashibdi.

Shu yil 23 iyunda odamlar sirkda yig'ilishibdi. 28 yoshli Ahmad polvon egnida oq yaxtak, belida belbog' bog'lab o'rtaga chiqadi. «Kim yiqilib, mayib bo'lsa, o'z gardaniga» deb shart ham qo'yiladi. Rippel belida tasma belbog' bilan chiqadi. Ikki polvon bel tutib, o'rtada aylanadi. Sirkda shunday sukunat hukm surardiki, pashsha uchsa ham bilinardi. Ahmad polvonning «Yo pirim» degan nidosi eshitiladi. Shu lahzada yer larzaga kelgandek tuyuldi. Charxpalak bo'lib tushgan Rippel yerda uzala tushib yotardi.

1904-yilda quvalik Xo'ja polvon Toshkentga kelib, «manman» degan polvonlami bitta qo'ymay yiqitib yurgan. Bu paytlar Ahmad polvon belida yarasi bilan betobroq edi. Nomus kuchlilik qilib, Xo'janing shashtini qaytarmasdan kurashga tushadi. Ahmad polvon Xo'janing belbog'idan ushlab, bir silkitib ko'kragiga bosdida, muallaq ko'tarib, maydonni aylandi, so'ngra uni sekin yeiga qo'yib: «Mehmonsiz, siyladim», degan. Ahmad polvonning olijanobligi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ladi. Ahmad polvon 1911-yil fransuz qoidalari bo'yicha o'tkazilgan klassik kurashda Germaniya chempioni Giber ustidan g'alaba qozondi. Bunga o'xshagan polvonlar O'zbekistonning deyarli barcha hududlarida juda ko'p bo'lgan.

1903 y. Toshkentda birinchi tennis maydoni paydo bo’lgan. Uning ko’rinishi juda oddiy va to’siqlarsiz bo’lgan. Butun shahar bo’yicha faqatgina bilim yurti o’qituvchisi cheh millatiga mansub Van Drachekda bir nechta tennis to’plari va raketkalari mavjud bo’lib, uning rahbarligida o’quvchilar tennis to’rini to’qib olishgan edi. Keyinchalik tennis Andijon, Buhoro, Qo’qon, Farg’ona shaharlarida ommaviylashgan. XX asrning 30-yy. tennisning rivojlanishiga Moskva shahridan kelgan mutaxassislar katta yordam berganlar.

1904 y. “Toshkent gimnastika va jismoniy mashq havaskorlari jamiyati”, 1906 y. esa “Sokol” (“Lochin”) engil atletika guruhi tashkil topgan. 1906-yildan boshlab O'rta Osiyoda futbol rasmiy ravishda tarkib topa boshlaydi.

1908 y. Turkistonda professional kurash bo’yicha chempionat o’tkazilgan edi. Bu chempionatda jaxonning taniqli kurashchilari rossiyalik I.Poddubniy, I.Zaikin va b. ishtirok etganlar. Ular bilan mahalliy polvonlar Ahmad, Azim Ho’ja, Haydar Ali, Abdurahmon Vohitov, Toji Aglaev kurash tushganlar. Musobaqalar kurashning uch turidan iborat bo’lgan: o’zbek kurashi, rus belbog’li kurashi va frantsuz kurashi.

1910 y. Samarqandda – ovchilar jamiyati, Andijonda – “Diskobol” jamiyati tuzilgan. O’sha yili Toshkent va Farg’ona shaharlarida yugurish, sakrash va uloqtirish, atletizm va b. havaskor to’garaklar tashkil topgan edi. 1911-yildan boshlab esa Farg'ona, Toshkent, Samarqand, Andijon, Qo'qon va boshqa shaharlarda turli xil musobaqalar, o'zaro futbol uchrashuvlari o'tkaziladi.

1911 y. Toshkentda “Okrug gimnastika-qilichbozlik maktabi” ochilgan va unda qilichbozlik, snaryadlar ustida gimnastika bo’yicha instruktorlar tayyorlangan. 1912 y. esa o’quv yurtlari uchun jismoniy tarbiya o’qituvchilarini tayyorlaydigan birinchi gimnastika va harbiy saf kursi ochilgan. Bu maktabda 1912 y. eng yirik saralash musobaqalari o’tkazilib, Stokgol'mda bo’ladigan V Olimpiada o’yinlarida Rossiya jamoasini to’ldirish uchun Turkistondan eng yahshi sportchilar tanlab olingan edi.

1911-1912 yy. Farg’ona va Qo’qonda birinchi futbol jamoalari tashkil qilingan. Keyingi yillarda Turkistonning boshqa shaharlarida ham futbol jamoalari tuzilib, Toshkent, Farg’ona, Samarqand, Andijon va Qo’qon jamoalari o’rtasida shaharlararo uchrashuvlar o’tkazilgan. 1913 y. Turkiston o’lkasida eng yirik sport jamiyati – “Toshkent havaskor sportchilar jamiyati” tuzilgan edi.

1916 yilda «Sport safarbarligi» degan tashkilot ish boshlaydi. Bunga gimnaziya, seminariya, real bilim yurti, kommersiya va hunar bilim yurtlarining talabalari bir oy muddatga safarbar etilar edi. Harbiy qo'shinlar uchun mo'ljallangan jismoniy tarbiya dasturi bu kursda qo'llanilgan. Buning asosiy maqsadi yoshlarni harbiy- jismoniy tayyorlash va ko'rikdan o'tkazish bo'lgan.

1915-1916 yy. Toshkent gimnaziyasida Turkistondagi birinchi skaut (inglizcha scout – razvedkachi, izquvar) guruhlariga asos solingan. Skautlar saf yurish tayyorgarligi bilan shug’ullangan, harakatli o’yinlar, sayrlar tashkil qilganlar. Ta’kidlash joizki, turli sport o’yinlarini targ’ibotchilari qatorida Toshkent, Farg’ona va Turkiston o’lkasining boshqa shaharlariga yozgi ta’tilda kelgan peterburglik talabalar bo’lgan. Ular futbol, engil atletika va boshqa sport turlari bo’yicha musobaqalarning tashqilotchilari ham edilar.

1918 y. Toshkent halq universitetida engil atletika, gimnastika, futbol va suzish to’garaklari tashkil etilgan. 1920 y. Toshkentda shifokorlar mablag’i hisobidan davolash muolajalari maqsadida solyariy va 15-metrli suzish havzasi qurilgan. O’zbekistondagi birinchi 800 nafar shug’ullanuvchilardan iborat suzish maktabi ham aynan shu erda tashkil qilingan. 1927 y. Toshkent yaqinida birinchi 50-metrli suv havzasining qurilishi O’zbekiston sport hayotidagi katta voqealardan biri bo’lgan edi. O’sha yilning yozidayoq unda Samara shahri suzuvchilari bilan shaharlararo uchrashuv o’tkazilgan.

1920 y. Toshkentda 15ta sport tashkiloti tuzilgan edi. 1923 y. Turkistonda 70 dan ortiq turli hil sport tashkilotlari, jumladan 24ta sport klubi, 17ta jismoniy tarbiya to’garaklari, 14ta skaut guruhlari, 15ta sport bo’limlari tuzilgan edi. XX asrning 20-y.y. O’zbekistonda zamonaviy sport turlaridan birinchi yirik kompleks musobaqalari – O’rta Osiyo olimpiadasi va Umumo’zbek spartakiadasi o’tkazilgan.

Xalq Universiteti huzurida jismoniy madaniyat to'garaklari tashkil etildi. Ularda suzish, yengil atletika, gimnastika bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazildi hamda futbol jamoasi tuzildi. «Sokol», «Sever» kabi gimnastika jamiyatlari mavjud edi.

O'sha davrdagi yoshlar ittifoqi va sport to'garaklari rahbarlarining tashabbusi bilan 1920 yilda O'rta Osiyo olimpiadasi o'tkazildi. Unda poyga, gimnastika, yengil atletika, og'ir atletika, futbol, o'q otish kabi turlar bo'yicha bahslar bo'ldi.

Turkiston umumta'lim boshqarmasi huzurida jismoniy madaniyat Markaziy Kengashi tuzildi. Uning maqsadi barcha jismoniy madaniyat tashkilotlarini birlashtirish va mehnatkashlarni jismoniy jihatdan tarbiyalash ishlariga yordamlashish edi. 1921 yilda II O'rta Osiyo olimpiadasi bo'ldi. Unda yengil atletika, og'ir atletika (boks, kurash, shtanga), basketbol, gimnastika, futbol va shaxmat bo'yicha sportchilar musobaqalashishdi.

1922 yilda Toshkentda maktablarga qarashli 2 ta sport maydonchasi bo'lib, ularda 2 ming kishi sport turlari bilan shug'ullanadi. Turkiston o'lkasi bo'yicha 4 ming 797 jismoniy madaniyatchi bo'lib, shundan 382 tasi xotin-qizlar edi. Mahalliy millat sportchi xotin-qizlari esa deyarli yo'q edi. O'lka jismoniy madaniyat Kengashi hisobida 2 ta gimnastika zali, 34 ta sport maydonchasi mavjud edi.

1924 yilga kelib, Turkistonda jismoniy madaniyatchilar soni ancha ko'paydi. Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 48 ta sport to'garagi bo'lib, ularda 3500 kishi shug'ullangan.

1924 yilda umumturkiston olimpiadasi tashkil etildi. Unda Sirdaryo, Farg'ona, Samarqand va boshqa viloyatlarning sportchilari ishtirok etdi. Sirdaryo viloyati g'oliblikka erishdi. Bu olimpiada Turkiston o'lkasining so'nggi yirik sport musobaqasi sifatida tarixda eslab o'tiladi. Chunki 1924 yilning oxirida Turkiston muxtor Respublikasi O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston va 1928 yilda Tojikiston respublikalariga ajratildi.

1924 yil 27-oktabrda O'zbekiston sovet respublikasi tashkil qilingan edi. O'sha davrda barcha ishlarga ittifoq miqyosidagi idoralar, tashkilotlar tomonidan ko'rsatma berilar edi. Shu sababli 1918-1924-yillarda asosan, Toshkent, Samarqand, Qo'qon, Buxoro shaharlaridagi temiryo'l ishchi xodimlari, zavod-fabrikalari, ba'zi bir rus maktab yoki gimnaziyalarida sport klublari tashkil etilgan edi. U joylarda futbol, boks, velosiped, yengil atletika kabi sport turlari bo'yicha to'garaklar tashkil etilib, musobaqalar uyushtirilar edi. Tarixiy manbalarning tasdiqlashicha, bu musobaqalarda mahalliy millat vakillari deyarli ishtirok etishmagan.

1923 yilda «Dinamo» sport jamiyatining tashkil qilinishi Samarqand va Toshkent shaharlarida turli o'yin maydonlari, ayniqsa, «Dinamo» o'yingohlarining qurilishiga (1925—27 y.) asos soldi. Shu sababdan, mahalliy millat vakillari ham rus xalqi olib kelgan futbol, voleybol, sakrash, yugurish, granata uloqtirish mashqlari bilan shug'ullanadi. Mahallalarda terma jamoalar tuzilib dam olish kunlari, bo'sh vaqtlarda o'zaro musobaqalar uyushtirish odat bo'lib qoldi.

1927 yilda 1-Umumo'zbek spartakiadasi tashkil qilinib, futbol, yengil atletika, kurash, gimnastika kabi sport turlari bo'yicha terma jamoalar tayyorlandi. O'zbekiston sport vakillari 1928 yilda Moskvada 1-Butunittifoq spartakiadasida qatnashdi. Bunda O'zbekistondan 193 sportchi ishtirok etib, bulardan 44 kishi mahalliy millat sportchilari edi. Dunayev O., Ovsyannikov I., Tikunova hamda Murashko, Rikovalar yaxshi natijalar ko'rsatdi. O'sha davrlarda respublikada, uning joylarida jismoniy madaniyat va sportni tashkil etish, uni aholi o'rtasida targ'ibot qilish ishlarida S.S.Asfandiyorov - O'lka fizkultura Kengashi raisi, Xidiraliyev - Turkiston Markaziy Ijroiya komitetining raisi, Testeles N.M. kabi boshliqlar katta faoliyat ko'rsatdilar.

1927 yil Toshkentda 1-Umumo'zbekiston spartakiadasi o'tkazilgan va respublika sportchilarining Moskvadagi 1-Umumittifoq spartakiadasida (1928) ishtirok etishi o'quvchi va ishchi yoshlar o'rtasida sportning rivojlanishiga ijobiy ta'sir o'tkazdi. Shuningdek, ittifoq va respublika partiya va hukumatining qator qarorlari (1925, 1929, 1930) jismoniy madaniyat harakatini rivojlantirish, unga rahbarlik qilish yo'llarini takomillashtirishga katta yo'l ochib berdi.

1929 yilda «Pravda Vostoka» va «Komsomoles Uzbekistana» gazetalari sovrini uchun birinchi marta yirik estafeta tashkil etildi. Unda turli tarmoqlarning sportchilari faol ishtirok etdi. «Dinamo», «Pechatnik», «Svyazist», «Jeleznodorojnik», «Kafanova», «Metallist», «Stroitel» kabi sport jamoalaridan 500 kishi qatnashdi. Shu yili Farg'onada «Krasniy sportintern» stadioni qurib, ishga tushirildi.

Diqqatga sazovor tomoni shundaki, milliy kurashga ham alohida e'tibor berildi. 1929 yil Qo'qonda 1 jismoniy madaniyat milliy bayrami bo'lib o'tadi. Unda kurash bo'yicha polvonlar ko'rigi tashkil etiladi.

Xulosa qilib aytganda, sovet mustamlakachiligining dastlabki yillarida (1917-1924) Turkiston Respublikasida Yevropa jismoniy madaniyati va hozirgi zamon sport turlari shakllandi. Markaziy Osiyoda, O'zbekiston sovet respublikada (1924 y.) o'quv yurtlarini tashkil qilish, yoshlarni kasbga tayyorlash, ishchi yoshlarning salomatligini yaxshilash hamda ularni sportga jalb etishda ancha ilg'or tajribalar to'plandi.



?

Turkiston o'lkasida jismoniy tarbiya va sport bo'yicha qanday muhim tadbirlar o'tkazildi?



Adabiyotlar

Akramov A.K. O'zberkistonda jismoniy madaniyat va sport tarixi. Т., 1997.

Karimov Sh., Shamsutdinov R. Vatan tarixi. Т., O'qituvchi, 1997.

Xoshimov К., Nishonova S.,va b. Pedagogika tarixi. Т., O'qituvchi, 1997.

O’zbekistonning yangi tarihi, 1 kitob. T.: Sharq, 2000.

Ernazarov E. Olimpiada – jaxon sporti bayrami. T., Sharq, 2008.



Eshnazarov J. Jismoniy tarbiya tarixi va boshqarish . T., 2008


Aim.uz




Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə