Mavzu : O`zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurash jarayoni va chora-tadbirlari Reja



Yüklə 33,91 Kb.
tarix14.10.2023
ölçüsü33,91 Kb.
#127826
Mavzu O`zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurash-fayllar.org


Mavzu : O`zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurash jarayoni va chora-tadbirlari Reja

Mavzu : O`zbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurash jarayoni va chora-tadbirlari
Reja :
1. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish
2. Korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari to`g`risida
3. O‘zbekiston respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘ZBEKISTONDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH
Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiya so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir.
Taʼkidlash lozimki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”

Korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor huquqiy asoslari qator xalqaro huquqiy normalarda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga quyidagilarni kiritish mumkin:

2003 yil 31 oktyabrda qabul qilingan BMT ning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi;
2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan BMT ning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasi;
1999 yil 27 yanvardagi Yevropa Kengashining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyasi;
1999 yil 4 noyabrdagi “Korrupsiyaga uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik to‘g‘risida” gi Konvensiyalari va boshqalar.
O‘zbekiston yuqorida taʼkidlangan xalqaro normalardan 2008 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi, shuningdek, 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilgan.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilinib, mazkur Farmon asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi.

Farmon bilan, Agentlikka Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini taʼminlash, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi milliy indeks tuzishni tashkillashtirish yuklatildi.

Shuningdek, mazkur Farmon asosida quyidagi chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilanligi ahamiyatlidir, xususan:

2020–2021 yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) ni bosqichma-bosqich joriy etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi E-Anticor.uz elektron platformasini joriy etish;
korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy taʼminotni joriy etish.
Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini taʼminlovchi muhim vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.

Qayd etish lozimki, olib borilayotgan islohotlarni amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida 2020 yil 4 fevralda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha idoraviy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, fuqarolar va yuridik shaxslar vakillari tomonidan korrupsiya haqida xabar berish mexanizmlari joriy etilganligi ahamiyatlidir, xususan bugungi kunda:

– Ombudsmanning “10-96” ishonch telefoni va virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda;

– fuqarolar va yuridik shaxslar vakillarining korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha hamda xodimlarning boshqa qonunga xilof ishlari to‘g‘risidagi murojaatlari tahlil qilinib boriladi, ularning natijalari odob-axloq komissiyasi yig‘ilishlarida muhokama qilinadi.


– Ombudsman Kotibiyatiga ishga birinchi marta qabul qilinayotgan shaxslar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida yo‘l-yo‘riqlarni tushuntirish, xizmat vazifasiga qo‘yiladigan asosiy majburiyatlar, taʼqiqlar, cheklovlar, talablar va idoraviy odob-axloq qoidalari mazmun-mohiyati 3 ish kunidan kechiktirmay tushuntiriladi.
– Vakilga korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yilning 6 oy davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasiga muvofiq Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga 17 ta murojaat yuborilgan (2019 yil – 21 ta). Ushbu murojaatlardan 2 tasi o‘z tasdig‘ini topgan.
Sohada amalga oshirilayotgan ushbu mazmundagi islohotlarning natijasi sifatida Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan har yili eʼlon qilib boriladigan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” da O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 2017 yilda 157-o‘rin, 2018 yilda esa 158-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019 yilda 25 ball bilan 153-o‘rinni egallab, 5 pog‘onaga ko‘tarildi.

Bundan tashqari, Jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksidagi “Korrupsiyadan holilik” indikatorida O‘zbekiston 2019 yilda 0,38 ball bilan 95-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yil bo‘yicha 128 davlat orasida 0,40 ball bilan 89-o‘rinni egallab, 6 pog‘onaga ko‘tarilganligi malakatimizda korrupsiyaga qarshi tizimli olib borilayotgan islohotlarning samarasidir.

Mamlakatimizda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etayotganlik holatlari hali hamon uchramoqda. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2017–2019 yillar davomida 6127 nafar mansabdor shaxsning pora olishi bilan bog‘liq jinoiy javobgarlik masalasi hal qilinganligi, 2019 yilning dastlabki olti oyida jami 661 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslarga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq 590 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi, korrupsiyaga qo‘l urgan va jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat va 476 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelganligi, korrupsiya jinoyatlarining asosan tibbiyot, taʼlim, davlat xizmati ko‘rsatish, xususan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga litsenziya va ruhsat berish bilan bog‘liq sohalarda hali hamon kamaymayotganligi tashvishlidir.

Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab davlatlarda, xususan Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi rivojlangan mamlakatlarda “Davlat xizmati to‘g‘risida” gi, “Davlat xizmatida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” gi Qonunlar hamda davlat xizmatchilari, mansabdor shaxslar, shuningdek sudyalarning xatti-harakat meʼyorlarini tartibga soluvchi Axloq kodekslari mavjud ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Eʼtiborli jihat shundaki, mazkur normalar bilan davlat xizmatchilarining olishi mumkin bo‘lgan sovg‘a yoki hadyalarning aniq miqdori ham belgilab qo‘yilgan. Masalan, AQSH da ushbu miqdor 20 AQSH dollarini, Fransiyada 35 yevro, Buyuk Britaniyada 140 funt, Rossiyada 3000 rubl etib belgilangan, Kanadada esa mansabdor shaxslarning pul ko‘rinishidagi sovg‘alar qabul qilishi qatʼiyan taqiqlanadi, Singapurda davlat boshqaruvida faoliyat ko‘rsatuvchi mansabdor shaxslarning gonorar, zaym, qimmatli qog‘ozlar kabi to‘lovlarni olishi taʼqiqlangan .

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yuqoridagi xorij tajribasi vazirlik tizimida joriy qilingan bo‘lib, unga ko‘ra xodimlarning fuqarolar, boshqa tashkilotlar xodimlari, jumladan turli joylar va xorijiy mamlakatlarga uyushtiriladigan xizmat safarlari davomida sovg‘alar olishi taqiqlandi. Xorijiy safarlar davomida olingan sovg‘alar, vazirlikka o‘tkaziladigan tartib joriy qilindi.

Bundan tashqari, bugungi kunda ilg‘or xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish jarayonida qo‘llayotgan usullaridan biri bu davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi harajatlarini deklaratsiya qilishning majburiy etib belgilanganligidir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy daromad olishni oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishdan iboratdir. Davlat xizmatida ushbu usul bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda qo‘llanilmoqda

Taʼkidlash joizki, davlat xizmatchilarining mulkiy deklaratsiya tizimi korrupsiyaning oldini olish, noqonuniy boyish va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashning qudratli vositasidir. Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning aksariyatida aktivlarni deklaratsiyalashning keng jamoatchilik uchun oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Korrupsiyaga qarshi amaldagi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va boshqa qator huquqiy hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning eʼlon qilinishi korrupsiyaga qarshi samarali vosita ekani eʼtirof etilgan.

Bu borada Daniya tajribasiga ko‘ra, 2002 yilda qabul qilingan “Korrupsiya to‘g‘risida” gi Daniya Qonuni korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlarining ustuvorligini belgilovchi, taʼsirchan ogohlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan asosiy normativ-huquqiy hujjatdir. Xususan, ushbu qonunning qoidalari Daniya hukumati vakillarini har yili o‘z mol-mulki va shaxsiy daromadlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni nashr etishga, xorijiy kompaniyalarda aksiyalarga ega bo‘lishni taqiqlashga majbur qiladi, bu ularning boshqaruv faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini, korrupsion holatlarini oldini olishga yordam beradi.

Korrupsiyani oldini olishning muhim omili shundaki, mamlakatda davlat xizmatchilari yuqori darajadagi ijtimoiy muhofazaga ega: ular bepul tibbiy xizmat va taʼlim olish huquqiga va ijtimoiy kafolatlarga tayanishlari mumkin, bu esa korrupsion harakatlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.

Bundan tashqari, Finlyandiyada Moliya vazirligi davlat xizmatchilari axloqining asosiy muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanishi bilan xarakterlidir. Moliya vazirligi hukumat amaldorlari uchun imtiyozlar va sovg‘alarni berish va olish tartibini belgilaydi, shuningdek davlat xizmatchilari daromadlarini tekshirish vakolatiga ham ega. Finlyandiya milliy taftish byurosi (NAOF) esa mamlakatda korrupsiyani oldini olish maqsadida yilda ikki marotaba markaziy hukumat moliyasini tekshiradi, soliq siyosatini nazorat qiladi va siyosiy partiyalar va saylov kompaniyasini moliyalashtirishni nazorat qiladi.

Yuqoridagi tahlillar, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda mazkur turdagi jinoyatlarni oldini olish borasida mamlakatimizda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ko‘rsatmoqda:

birinchidan, “Davlat xizmati to‘g‘risida” gi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, hali hamon mazkur Qonun qabul qilinganicha yo‘q. Shu sababdan “Davlat xizmati to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini, shuningdek davlat xizmatchilarining Axloq kodeksini qabul qilish, mazkur normalarda davlat xizmatchilarining o‘z faoliyatini olib borish jarayonida amal qilishi lozim bo‘lgan hamda korrupsiyani vujudga kelishiga imkon yaratib beruvchi sabab va shart-sharoitlarni oldini olishga qaratilgan meʼyorlar aks ettirilishi maqsadga muvofiqdir;
ikkinchidan, xalqaro va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi harajatlarini deklaratsiya qilishni tartibga soluvchi normalarni milliy qonunchilik tizimiga implemenetatsiya qilish maqsadga muvofiqdir. Bu esa o‘z navbatida mansabdor shaxslarning mol-mulkidagi o‘zgarishlarni muntazam ravishda kuzatish imkoniniyatini beradi, deklaratsiyalarning ommaviyligi, yaʼni jamoatchilik uchun ochiqligi esa ularning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyatini yana-da oshirishi shubhasizdir.


Shohjahon KULTURAYEV
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
Kotibiyati yetakchi maslahatchisi
Korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari to`g`risida

Korrupsiya qonun ustuvorligiga, demokratiya va inson huquqlariga, samarali davlat boshqaruviga tahdid soladi, tenglik va ijtimoiy adolat prinsipini buzadi, demokratik institutlar faoliyati va jamiyatning ahloqiy normalarini izdan chiqaradi.


Korrupsiya va poraxo`rlik davlatni ich-ichidan yemirishini jahondagi ba’zi davlatlar misolida ko`rishimiz mumkin. Ayni shu masalada, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bu illatlarni eng global muammolardan biri sifatida e’tirof etib, ularga qarshi kurashish masalalariga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. Xususan, BMT 2003 yil 31 oktyabrda “Korrupsiyaga qarshi konvensiya”ni qabul qildi. Uning loyihasni ishlab chiqish uchun ikki yil davomida 130 dan ortiq davlat jalb etilgan edi. Unda korrupsiyaga qarshi xalqaro va milliy kurash amaliyotini yo`lga qo`yish hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari aks etgan. O`zbekiston ushbu konvensiyani 2008 yil

7 iyulda ratifikatsiya qilgan. Unga ko`ra, jinoyatchilikka, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha hamkorlikka oid ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar tuzilgan va korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha qabul qilingan xalqaro hujjatlarni tasdiqlagan. Shuning uchun ham O`zbekistonda mazkur illatning sabablarini aniqlash va bartaraf etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayapti, ushbu toifadagi jinoyatchilarga nisbatan kat’iy choralar ko`rilmokda.


Davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning korrupsiya domiga tushib qolmasliklari uchun, hukumatimiz uzoq muddatli chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqardi va ularning ijrosi doimiy nazorat qilib kelmoqda. 2015 yilda tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha amaliy harakatlar Kompleks rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o`rinbosari va O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan, Favqulodda vaziyatlar vazirining 2015 yil 9 iyundagi 175-sonli buyrug`i ishlab chiqildi va ijro uchun joylarga yetkazildi. Mazkur buyruqda vazirlik markaziy apparati boshqarmalari, mustaqil bo`lim va xizmatlari, shuningdek, hududiy va tarkibiy tuzilmalarga Kompleks rejasida belgilangan tadbirlar yuzasidan aniq vazifalar yuklatilgan.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2015 yil 19 iyundagi “O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari to`g`risida”gi 186-sonli buyrug`i bilan “Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha komissiya to`g`risida”gi Nizom, Korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha komissiya tarkibi, korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha chora-tadbirlar rejasi, vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchi va ularning odob-axloq qoidalari tasdiqlangan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri y.f.d. G`.Alimov ishtirokida “Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning tahlili va vazirlik tizimida korrupsiyaning oldini olish” mavzusida seminar o`tkazildi.

Shu jumladan, korupsiyaga qarshi kurash targ`ibotini olib borish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibiy tuzilmalari shaxsiy tarkibi o`rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurash va antikorrupsion xulqni shakllantirish” mavzusida seminar-treninglar o`tkazilib kelinmoqda.



Kadrlar siyosatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida, bo`sh ish o`rinlari to`g`risida muntazam ravishda vazirlik veb-saytiga doimiy ravishda ma’lumotlar kiritib borilmoqda. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaziy apparati hamda hududiy va tarkibiy tuzilmalarida o`tkazilayotgan deyarli barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalari orqali, shuningdek, vazirlik Matbuot xizmati tomonidan vazirlikning “Vaziyat” gazetasi hamda “Muhofaza +” jurnali orqali keng yoritilmoqda.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rildi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tiborini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar Davlat dasturining har bir bandi bo‘yicha maqsadlarga erishishda samaradorlik indikatorlarini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bilan kelishib olsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 06/21/6257/0645-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Idoralararo komissiya ikki oy muddatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha namunaviy tadbirlarning idoraviy dasturini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalariga muhokama qilish va kelishish uchun kiritsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya qilinsin, ularning zimmasiga:
joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganish;
joylarda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar va korrupsiyaning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalariga ushbu sohadagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritgan holda muntazam ravishda axborot berib borish funksiyalari yuklansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari o‘rta muddatli istiqbolda quyidagilardan iborat:
sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish shart-sharoitlarini istisno etish;
davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish, ular uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro‘yxatini belgilash;
davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning ish haqi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish;
davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish;
fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish;
b) idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali dasturlarini amalga oshirish, ularning hisobdorligi va faoliyatining ochiqligi mexanizmlarini joriy etish, odob-axloq qoidalariga rioya etilishi va manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish orqali tegishli sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining birinchi darajadagi muhim vazifasi hisoblanadi.
5. Belgilansinki:
a) 2019-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari zimmaga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiya xavf-xatarlarini vaqti-vaqti bilan majburiy baholab boradi, uning yakunlari bo‘yicha:
korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning ro‘yxatini shakllantiradi;
idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har choraklik monitoringini amalga oshiradi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralarini ko‘radi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda — Milliy kengash) bilan kelishgan holda har yilgi idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarini tasdiqlaydi;
(5-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 06/21/6257/0645-son)
Oldingi tahrirga qarang.
har yili Milliy kengashga tegishli organlar va tashkilotlar faoliyatida, shu jumladan, qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish orqali korrupsiya xavf-xatarlariga barham berish bo‘yicha takliflarni kiritadi;
(5-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 06/21/6257/0645-son)
b) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlamaganliklari va tegishli baho bermaganliklari, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni takroran sodir etish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari yuzasidan shaxsan javobgar bo‘ladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda:
yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019-yil 1-sentabrdan boshlab tatbiq etsin;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarida korrupsiyaga qarshi mavzular yanada kuchaytirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan texnik infratuzilmani va zarur dasturiy ta’minotni yaratishga oid zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy kengash (T.K. Narbayeva):
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 06/21/6257/0645-son)
2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etsin, 2020-yil 1-apreldan boshlab loyihani boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etsin;
har yili 1-aprelga qadar tegishli sohalarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yakunlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar Davlat dasturining ijro etilishi holati to‘g‘risida har chorakda Milliy kengashga axborot kiritilishini ta’minlasin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 06/21/6257/0645-son)
10. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda — Maxsus komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
11. Quyidagilar maxsus komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
korrupsiyaga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan jamoatchilik nazoratining amaliy choralarini va qo‘llanilayotgan huquqiy mexanizmlarning joriy holatini tahlil qilish;
korrupsiyaga va boshqa jinoyatlarga qarshi tizimli kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, shu jumladan ichki idoraviy nazoratni amalga oshiradigan bo‘linmalar faoliyatini tanqidiy o‘rganish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va mazkur sohada idoralararo hamkorlik qilish, shuningdek, korrupsiya ko‘rinishlarini sodir etish sabab va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishda foydalanilayotgan mexanizmlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish;
korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoat nazorati sohasida umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini o‘rganish.
12. Maxsus komissiya (Z.Sh. Nizomiddinov):
a) bir hafta muddatda o‘rganishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlarning tarkiblarini hamda ularning ish rejalarini tasdiqlasin, shuningdek, ishchi guruhlarning samarali faoliyatini tashkil etsin;
b) 2019-yil 1-sentabrga qadar:
huquqni muhofaza qilish organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini inobatga olgan holda ushbu faoliyatni tashkil etish va mazkur yo‘nalishdagi funksiyalarini optimallashtirishda yagona yondashuvlarni joriy etish orqali tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflarni;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati mexanizmlarini samarali qo‘llashga yo‘naltirilgan, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldidagi hisobdorligi tartibini takomillashtirish;
qarorlar qabul qilish jarayonida fuqarolar ishtirokining shaffof va samarali usullarini joriy etish.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda davlat organlari, shu jumladan mahalliy organlar tomonidan rasmiy veb-saytlar va “ishonch telefonlari”dan ular faoliyatining ochiqligini va axborot olish imkoniyatini ta’minlash vositasi sifatida foydalanishlari ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ushbu Farmonning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda, shu jumladan chet el ommaviy axborot vositalarida keng ko‘lamdagi axborot-targ‘ibot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini doimiy asosda amalga oshirib, ularda taniqli olimlar, davlat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik vakillarining chiqishlarini nazarda tutsin hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifinglar, internet-konferensiyalar, televizion ko‘rsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini ta’minlasin;
mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot berib borsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
15. Vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
http://fayllar.org
Yüklə 33,91 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə