Umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari quyidagilardan tashkil topadi:
bilim - o‘rganilgan ma’lumotlarni eslab qolish va qayta tushuntirib berish;
ko‘nikma - o‘rganilgan bilimlarni tanish vaziyatlarda qo‘llay olish; malaka -
o‘rganilgan bilim va shakllangan ko‘nikmalarni notanish vaziyatlarda qo‘llay
olish va yangi bilimlar hosil qilish; kompetensiya — mavjud bilim, ko‘nikma va
malakalarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish qobiliyati.
Baholash tizimi - davlat ta’lim standarti bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning
malaka talablarini o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi darajasini hamda umumiy
o‘rta ta’lim muassasasining faoliyati samaradorligini aniqlaydigan mezonlar
majmuidan iborat.
Ta’lim mazmuni va o‘quv dasturlari asosida o‘quv materiallari o‘quv-metodik
majmuada o‘z ifodasini topadi.
O‘quv-metodik
majmua - darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik
qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik - davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik,
metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigienik
talablarga javob beradigan,
o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal
o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan
holda ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan
holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov
mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Darslik o‘quvchilarning ta’lim jarayonida, ongli ravishda va faol ishtirok
etishlari, o‘quv materialini to‘la o‘zlashtirishlarini ta’minlashi kerak.
Ana shu
masalalarni hal etish yo‘lida darsliklar quyidagi vazifalarni bajaradi:
motivatsion vazifa - bu vazifa o‘quvchilarni ushbu fanni o‘rganishga
yo‘naltiradigan, ularda ishga pozitiv munosabati va qiziqishini shakllantiruvchi
rag‘bat (sabab)larni hosil qilishdan iborat;
axborot vazifasi o‘quvchilarga axborotlarni etkazish, samarali usullar yordamida
ularning bilimlari hajmini kengaytirishga imkon beradi;
nazorat-tuzatish (mashq qilish) vazifasi - ta’lim jarayoni, uning natijalarini
tekshirish, o‘quvchilarda o‘zini baholash va tuzatish layoqati hamda zarur bo‘lgan
ko‘nikma, malakalarni shakllantirish uchun o‘rganish
mashqlarini tavsiya etishni
nazarda tutadi.
muvofiqlashtirish vazifasi material ustida ishlash jarayonida ta’limning boshqa
vositalari (xaritalar, ko‘rgazmali materiallar, diapozitiv va boshqalar)ni jalb etishni
ifodalaydi;
rivojlantiruvchi-tarbiyalovchi vazifasi darslik mazmunining o‘quvchilarga
ma’naviy-axloqiy ta’sir ko‘rsatishi, kitoblar bilan ishlash jarayonida ulardan
mehnatsevarlik, faol fikrlash, ijodiy qobiliyat kabi sifatlarni shakllantirishdan
iborat;
o‘qitish vazifasi darslik bilan ishlashda mustaqil bilim olish uchun zarur bo‘lgan
konspekt yozish, umumlashtirish, asosiysini ajratib ko‘rsatish,
mantiqiy eslab
qolish kabi malaka va ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam berishida ko‘zga
tashlanadi.
Mashq daftari - darslikning tarkibiy qismi hisoblanadigan, davlat ta’lim
standartlariga muvofiq o‘quvchilar tomonidan egallangan bilim va ko‘nikmalarni
mustahkamlash hamda o‘quv fanining mavzulariga mos ravishda ishlab chiqilgan,
mantiq va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan (krossvordlar, boshqotirmalar,
mantiqiy fikrlashga undovchi topshiriqlar va hokazo) topshiriqlardan iborat
bo‘lgan didaktik vosita.
O‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma - darslikdagi har bir mavzuni samarali
o‘qitish
metodikasi, qo‘shimcha sinov topshiriqlari va o‘qituvchining darsni
qiziqarli tashkil etishiga oid boshqa metodik ko‘rsatmalar berilgan, har bir
darsning maqsadi, darsda foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish
usullari,
darsning mazmuni, amaliy mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va
boshqalar haqida metodik ko‘rsatmalar aniq bayon qilingan kitob shaklidagi o‘quv
nashri.
Darsliklarning multimediali ilovalari - axborot-kommunikatsiya texnologiyalari
yordamida o‘quv faniga oid materiallarni davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturiga
mos ravishda yorita oladigan, o‘quv fanini samarali o‘zlashtirishga,
o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi hamda video, ovoz,
animatsiya, jadval, matn va lug‘atlarni o‘z ichiga olgan,
bilimlarni nazoratdan
o‘tkazish va mustahkamlashga yo‘naltirilgan, o‘quv fanining asosiy mazmunini
boyitadigan qo‘shimcha materialga ega bo‘lgan yoki shu kabi manbalarga
murojaatlarni o‘z ichiga olgan interaktiv elektron axborot-ta’lim resursi.
NAZORAT UCHUN SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
1.
Ta’lim mazmuni deb nimaga aytiladi?
2.
Ta’lim mazmunini belgilashga doir qanday yondashuvlar mavjud?
3.
Kompetentsiyaviy yondashuv deganda nima tushiniladi?
4.
Ta’lim mazmunini loyihalash tamoyillariga izoh bering.
5.
Ta’lim mazmunini loyihalashda qanday mezonlarga asoslanish lozim?
6.Davlat ta’lim standarti nima va u qanday komponentlardan iborat?
7.
Tayanch o‘quv rejasiga izoh bering.
8.
O‘quv dasturida qanday masalalar o‘z aksini topadi?
9.
O‘quv-metodik majmua nima va u o‘z ichiga nimalarni qamrab oladi?