O’rta Osiyoning qadimgi arxivlari tarixidan



Yüklə 77 Kb.
səhifə1/2
tarix31.05.2023
ölçüsü77 Kb.
#114617
  1   2
O’rta Osiyoning qadimgi arxivlari tarixidan

O’rta Osiyoning qadimgi arxivlari tarixidan


Reja:



  1. Arxiv — tarixning tilsiz guvohi


  2. O’rta Osiyoda eng qadimgi arxivlarning vujudga kelishi

  3. O’rta asrlarda Movarounnahrda arxiv ishi

  4. Xonliklar davrida arxivlarning ahvoli

Arxiv qadim tarixdan bugungi davrimizning tilsiz guvohidir. Unda tarix va bugungi kun mujassamlashadi. Har bir sohaning o‘z taraqqiyot bosqichi bo‘lgani kabi arxivning ham paydo bo‘lishi qadim tarixga borib taqaladi.
Moziyga nazar tashlasak, O‘zbekistonda arxivlarning paydo bo‘lishi bevosita uning uch ming yillik davlatchilik tarixi bilan bog‘liqligiga amin bo‘lamiz. Qadimgi sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan O‘rta Osiyo hududida ilk davlatchilikning tashkil topishi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotida aks etib ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishi bilan uyg‘un bo‘lgan. Ma’lumki, yozuvning paydo bo‘lishi asta-sekinlik bilan arxiv ishining shakllanishiga ham olib keldi. O‘rta Osiyo arab xalifaligi tomonidan bosib olinishi va arabografik yozuv tizimiga o‘tgandan so‘ng, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish sharoitida an’anaviy saroy, diniy va shaxsiy arxivlar bilan bir qatorda idoralarda devonlar, kutubxonalar va madrasalarda ham hujjatlarni jamlash va saqlash rivojlangan.
Bugungi kungacha saqlanib qolgan O‘rta Osiyo hukmdorlari arxiv hujjatlarida asosan ma’lum imtiyoz va mukofotlar berish to‘g‘risidagi yozuvlar, soliqlarni yig‘ish to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozlar, iqtisodiy tusdagi turli xil yozishmalar va kamdan-kam hollarda hujjatlar nusxalari yoki boshqa ma’lumotlar aks etgan. O‘rta Osiyoda zamonaviy ma’nodagi mutaxassislar ishlaydigan alohida maxsus muassasa sifatida arxivning tashkil etish g‘oyasi faqatgina XXI asr oxirida aniqlangan. Shunday qilib, 1870 yildan boshlab viloyat kengashlari qoshida maxsus idoraviy arxivlar tashkil etilgan. Maxalliy milliy muassasalar qozi va biy sudlari, mahalliy oqsoqollari faoliyati natijasida to‘plangan hujjatlar ish xonalarda saqlanar edi. 
1919 yil 5 noyabr Turkiston Respublikasi Markaziy ijroiya Qo‘mitasi “Turkiston ASSRda arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi arxiv hujjatlarini maxsus muassasa tomonidan tartibli jamlash va saqlash uchun zamin yaratdi. Mamlakatda arxiv ishini tashkil etishda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi: sobiq davlat idoralari arxivlarini idoraviy arxiv sifatida tuzatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va ilmiy, tarixiy, madaniy hamda ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar davlat mulki deb e’lon qilinib Turkiston Respublikasining Yagona Davlat arxiv fondiga topshirilishi belgilab berildi.
O‘rta Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi va 1925-1926 yillarda O‘zbekiston SSR tuzilishi bilan viloyat ijroiya qo‘mitalari huzurida hududiy arxiv byurolari tashkil etildi. 
1930 yildan O‘zbekiston Markaziy Arxiv boshqarmasi (O‘zMAB) vujudga keldi. 1931 yilda O‘zbekiston YaDAJ bo‘limlari o‘rniga Markaziy arxiv (MA), O‘zbekiston Markaziy Tarix arxivi (O‘zMTA), 1943 yil 18 martda O‘zbekiston kinosurat-ovozli hujjatlar Markaziy Davlat arxivi, 1959 yil 5 iyunda arxiv ishi, Markaziy davlat arxivi va respublikaning markaziy va viloyat arxivlari tarkibiga O‘z KFFH MA kiritildi. 1962 yilda O‘zbekiston Markaziy davlat tibbiyot arxivi (1965 yildan O‘zbekiston Tibbiyot va texnika hujjatlari Markaziy davlat arxivi deb o‘zgartirildi) tashkil etildi. Arxivlar ishlarini uyg‘unlashtirish va boshqarish uchun 1959 yilda O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi qoshida boshqarma tuzildi. 1961 yildan mazkur Boshqarma Arxivlar Bosh boshqarmasiga aylantirilib, O‘zbekiston Ministrlar Sovetiga bo‘ysundirildi. 1992 yil 19 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi deb nomlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat Arxivlari hamda muassasalar tasarrufidagi Arxivlar unga bo‘ysundirildi. O‘zbekiston Respublikasida jami 103 davlat Arxivi bo‘lib, ularda 8 mln.ga yaqin hujjatlar saqlanadi.
O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayoti aks ettirilgan barcha Arxiv fondlarining majmui O‘zbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi deb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi davlat va nodavlat Arxiv fondlaridan tashkil topadi. Davlat Arxivlarida va davlatning boshqa hujjatxonalarida doimiy saqlanayotgan hujjatlar, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, prokuraturalar, sudlar, banklar, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida vaqtincha saqlanayotgan Arxiv hujjatlari davlat Arxiv fondini tashkil etadi. 
XX asrning 70-yillari boshlarida respublika arxivlari saqlovxonalarining hujjatlar sig‘imdorligi muammosiga duch keldi. Arxivlarning tarkibi va hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish talab qilindi. 
1973 yil 16 fevralda “Respublikada arxiv ishining ahvoli va uni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi .
O‘zbekiston Milliy arxivi
O‘zbekiston Milliy arxivi (O‘z MA) 1958 yil 20 noyabrda Oktyabr inqilobi Markaziy davlat arxivi va Markaziy Davlat tarix arxivlarining birlashishi natijasida tashkil etilgan. Bu yerda IX asrdan 1917-yillardagi tarixiy davrga oid arxiv hujjatlari saqlanadi. Shuningdek, Turkiston ASSR, O‘zbekiston SSRning yuqori organlari va davlat boshqaruvi hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik davridan hozirgi kungacha bo‘lgan hujjatlar ham mujassamdir. Arxivda milliy tarixning turli davrlardagi davlat arboblari, siyosiy partiyalar, madaniyat, fan, jamoat tashkilotlarining shaxsiy fondlari ham mavjud. Arxiv fond hujjatlarining qariyb 1,8 million yig‘majildlari MAF hujjatlarini tashkil etadi, ulardan 0,5 mln. yig‘majildlar alohida qimmatli hujjatlardir. 
2019 yil 20 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan O‘zbekiston Milliy arxiviga aylantirilgan. 
O‘zbekiston ilmiy-texnikaviy va tibbiy hujjatlar Milliy arxivi
1962 yilda tibbiyot fanlari va amaliyotining to‘plagan tajribasidan to‘liq foydalanish uchun O‘zbekiston SSR Markaziy davlat tibbiyot arxivi sifatida tashkil etilgan va 1965 yilda ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari MDA deb nom olgan. Arxiv ilmiy-texnikaviy, tibbiyot, loyihalash, mahalliy ahamiyatga ega shaxsiy fondlarni saqlaydi. Bu yerda taxminan 0,3 millionga yaqin yig‘majildlar MAF hujjatlarini tashkil etadi. 
2019 yil 20 sentyabrdan arxiv O‘zbekiston ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari Milliy arxiviga aylantirilgan.
O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi 1943 yilda tashkil topgan va 1959 yilda u O‘zbekiston SSR Markaziy davlat arxivining kinofotofono hujjatlar bo‘limi sifatida qayta tashkil etilgan. 1974 yildan kinofotofono hujjatlari Milliy davlat arxivi deb nomlangan. Arxivda XIX asrning 60-yillaridan boshlab foto, fono va kinohujjatlar saqlanadi. Bu yerda taxminan 0,3 millionga yaqin yig‘majildlar MAF hujjatlarini tashkil etadi, ulardan 44,0 ming yig‘majildlar alohida qimmatli yig‘majildlardir. 
2019 yil 20 sentyabrdan O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxiviga aylantirildi. 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi arxiv ishi boshqarmasi 1925 yilda Qoraqalpoq Avtonom viloyatining arxiv byurosi, 1932 yildan Qoraqalpoq ASSR tashkil etildi. 1943 yilda Qoraqalpoq ASSR Markaziy arxiv boshqarmasi tuzildi. Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi arxiv ishlari bo‘yicha hududiy boshqarma tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 10 ta viloyat davlat arxivlari, 3 ta idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlari arxivi kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi arxiv ishlari bo‘yicha hududiy boshqarmasi tizimida davlat arxivlarining jamlash manbalarining umumiy soni 1326 tashkilotni tashkil etadi. Bu yerda taxminan 0,5 millionga yaqin yig‘majildlar MAF hujjatlarini tashkil etadi, ulardan 26,0 yig‘majildlar alohida qimmatli hujjatlar tarkibiga kiradi.

Bugungi kunda yurtimizda arxiv ishini rivojlantirish, milliy arxivlarlar jamg‘armalari kataloglarini zamonaviylashtirish, arxiv ishi va hujjat ta’minoti sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, milliy arxivlar xizmatlari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, shuningdek, arxiv hujjatlarini saqlash borasida xalqaro aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor berilmoqda. Albatta, bu islohotlarning barchasi soha taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Arxiv juda keng tushuncha. Yuqorida aytganimizdek, u butun tarixni o‘zida qamrab oladi. Aytish joizki, arxivlar tom ma’noda o‘tmish va bugunimiz, o‘z o‘rinda kelajakni ham bir-biri bilan bog‘laydigan muhim ko‘prik vazifasini bajarishda davom etadi. 
Bugungi kunda har bir hududda yagona markaziy arxivning markazlashtirilgan yagona tizimini joriy etish hamda idoralardan hujjatlarni elektron shaklda jamlanishini ta’minlash sohadaga samarali natija beradi, bunda iqtisodiy samaradorlikni ko‘rishimiz mumkin. Arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi, jumladan ortiqcha vaqt, moliyaviy sarf harajatlar hamda korrupsiyani oldi olinadi. 

Arxiv binolarining qurilishida tarixiy hamda zamonaviy arxitektura yo‘nalishidan foydalanish arxivlar qoshida muzey tashkillashtirishni keng joriy qilish o‘ylaymanki arxiv sohasida samarali natija beradi. Misol uchun Dunyoning eng yirik badiiy muzeylaridan biri Luver binosining qurilishida ham muzeydagi nodir durnolar bilan tinishish bilan birga binoning o‘zi ham inson qiziqishlarini oshiradi.
Hozirgi kunda arxivlarimizda saqlanayotgan nodir hujjatlarimizni kelajak avlodga yetkazish shu bilan bir qatorda hujjatlarga zarar yetkazmaslik ularning elektron nusxalaridan foydalanilgan holda 3D muzeylarini tashkillashtirish arxivga tashrif buyuruvchilarga nodir hujjatlarimiz bilan tanishtirishga keng imkon beradi.
Bugungi kunda ko’pgina tarixchilar va arxivshunoslar orasida Rossiya istilosiga qadar “O’rta Osiyo davlatlarida hyech qanday arxiv bo’lmagan” degan nuqtai nazar yashab keladi. Taniqli sharqshunos olim A. A. Semyonov 1922 yilda quyidagilarni yozgan edi: “Musulmon Sharqida, umuman Turkistonda biz tushunadigan ma’nodagi arxivlarni tasavvur qilolmaydiar, negaki idoraviy ishlar nihoyatda boshqacha tarzda olib borilgan”. A. V. Chernov esa o’zining “SSSRda arxiv ishi va uni tashkillashtirish tarixi” nomli o’quv qo’llanmasida to’ppadan-to’g’ri 1917 yilga qadar “O’rta Osiyo davlatlarida hyech qanday arxiv bo’lmagan” deb yozadi.
Yo’q, to’g’ri emas. O’rta Osiyoda qadimgi zamonlardan buyon arxivlar mavjud bo’lgan. O’rta Osiyoda qadimgi arxivlarning paydo bo’lishi bu yerda ilk davlatlarning vujudga kelishi hamda yozuvning tarqalishi bilan bog’liqdir. O’rta Osiyoda xo’jalikning rivojlanib borishi, davlatchilining shakllanishi natijasi o’laroq turli xo’jalik, soliq va yuridik hujjatlarning yaratila boshlandi. Ayni paytda bu hujjatlari ma’lum muddat davomida yoki doimiy ravishda saqlashga ehtiyoj tug’ildi. Natijada hujjatlarni saqlashga mutassadi bo’lgan shaxslar va muassasalar paydo bo’ladi. Bu muassasalar hozirgi kunda arxivlar deb ataladi. Demak, arxivlar O’rta Osiyoda qadimgi davrlarda ijtimoiy zarurat yuzasidan vujudga keldi.
Arxivlarda saqlangan hujjatlar zamonlar o’tishi bilan o’z ahamiyatini yo’qotmadi. Agar dastlab arxiv hujjatlar bevosita xo’jalik va ijtimoiy hayotni yo’lga solish uchun xizmat vilgan bo’lsa, keyinchalik ular tarixiy jarayonni o’rganish uchun yozma manbalar sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.
Afsuski, biz O’rta Osiyodagi eng qadimgi arxivlar haqida yetarli ma’lumotga ega emasmiz. Bizgacha yetib kelgan oz sonli yozma manbalarda ular haqida ma’lumot berilmaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, yuqorida ta’kidlab o’tilganidek ayrim arxivshunoslar O’rta Osiyoda to Rossiya istilosiga qadar maxsus arxivlar bo’lmagan degan fikrlarni bildirganlar. Ammo, bu fikrlar haqiqatga to’g’ri kelmaydi.
Avvalo shuni qayd etish kerakki, har qanday davlat hujjatlarsiz faolit ko’rsatishi amri maholdir. Shunday ekan, Ahmoniylar, Yunon-Baqtriya va Kushon davlatlarida zamonigacha kechgan davrda ham arxivlar bo’lgan, lekin ular bizgacha yetib kelmagan yoki hozirga qadar topilmagan. Bundan keyingi arxeologik tadqiqotlar jarayonida O’rta Osiyoda eng qadimiy arxivlarning topilishi ehtimoldan holi emas.
Vatanimiz hududida qadim zamonlarda arxivlarning mavjud bo’lganligi 1948-1950 yillarda Xorazmdagi Tuproqqal’a xarobasida S. P. Tolstov boshchiligida olib borilgan arxeologik qazishmalar paytida isbotlandi. Bu yerda milodiy III-IV asrlarga oid xorazm tilida yozilgan 100 ga yaqin hujjat topildi.
Bu hujjatlar Xorazm podsholari arxiviga tegishli ekanligi aniqlandi. Ularning 18 tasi yog’ochga, ko’pchiligi oshlangan charmga yozilgan. Hujjatlarning 8 tasi yaxshi saqlangan. Hozirgi kunga qadar 100ga yaqin hujjatdan atigi 26 tasini olimlar o’qishga muvaffaq bo’ldilar.
Tuproqqal’a arxiv hujjatalarining 2 guruhga bo’lish mumkin. Birinchi guruhga soliq hujjatlari kiradi. Ular yog’ochga yozilgan. Ikkinchi guruh (teriga yozilgan) asosan xo’jalik hujjatlari bo’lib, ularga podsho xazinasiga tushgan jarimalarning nomi, miqdori hamda qayerdan kelganligi yozib qo’yilgan.
Shunday qilib, tarixiy faktlar O’rta Osiyoda arxivlar qadimgi zamonlardan mavjud bo’lganligini ko’rsatmoqda.


O’rta asrlarda Movarounnahrda arxiv ishiIlk o’rta asrlarda O’rta Osiyo hududida mavjud bo’lgan mayda davlatlarda arxivlar mavjud edi. Bu fikrni 1932-1933 yillarda hozirgi Tojikiston Respublikasi Panjikent nohiyasidagi Mug’ tog’ida joylashgan qadimgi qasr xarobalaridan topilgan so’g’d arxivi to’la tasdiqlaydi. Mug’ tog’idagi so’g’d arxivi deb ataluvchi bu majmua VII asr oxiri va VIII asr boshlariga oid 80 ga yaqin noyob hujjatni o’z ichiga oladi. Ular So’g’d podsholigiga tobe bo’lgan Panj hokimi saroyi hamda turli viloyatlar hokimlari va amaldorlarga tegishli hujjatlar yig’indisidan iborat. Arablarga qarshi kurash jarayonida Panj hokimi, bir muddat So’g’d podsholigi taxtiga da’vogarlik qilgan Divashtich o’z otryadi bilan Mug’ tog’ida joylashgan mudofaa qasriga chekingan. Shunda saroy hujjatlari ham bu yerga keltirilgan. 722 yilda arablar qasrni shturm bilan olib, uni buzib tashlaganlar. Hujjatlar vayron bo’lgan qasr ostida qolib ketgan va 1210 yil o’tgandan so’ng topildi. So’g’d arxivi hujjatlari yurtimizning ilk o’rta asrlar tarixiga doir g’oyat muhim ma’lumotlar beradi.
Arab halifaligi hukmronligi tugatilgandan so’ng Movarounnahrda tashkil topgan Somoniylar davlatida arxivlar tashkil etiladi. Mashhur olim Abu Ali Ibn Sino o’z tarjimayi holida saltanat poytaxti – Buxoroda ulkan kutubxona-arxiv mavjud bo’lganligini qayd etadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Qoraxoniylar va Xorazmshohlar davlatlarida, mo’g’ullar hukmronligi davrida, Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarhoniylar zamonida ham arxivlar faoliyat ko’rsatgan. Lekin turli tabiiy ofatlar, istilolar hamda to’xtovsiz o’zaro urushlar oqibatida arxivlar va ularda saqlangan hujjatlar nobud bo’ldi, bizgacha yetib kelmadi. Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan eng qadimiy hujjatlar XIII va undan keyingi asrlarga doir vaqfnomalar hisoblanadi.


Xonliklar davrida arxivlarning ahvoliBuxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarining XIX asrgacha bo’lgan hujjatlari baxtga qarshi bizgacha yetib kelmagan. Xonliklar hukmronligining so’nggi davri (asosan XIX asr oxiri va XX asr boshlari) ga oid hujjatlar qisman saqlanib qolgan.
1873 yilda chor qo’shinlarining Xivaga qilgan yurishida qatnashgan sharqshunos A. Kun xon saroyini tintuv qilish chog’ida 300 ga yaqin kitob (sharq qo’lyozmalari) va har xil hujjatlarni yig’ib oladi. Hujjatlar asosan xonning kirim va chiqimlari haqida ma’lumot beruvchi materiallar, diplomatik yozishmalar va bir qancha vaqfnoma hamda mulkiy yorliqlardan iborat edi. Xiva xoni arxivini o’rgangan A. Kun o’z vaqtida uning to’liq emasligini va hujjatlar asosan xonlik tarixining so’nggi davriga oid ekanligini qayd qilgan edi.
Xiva xoni arxivi va kutubxonasini shoshilinch tarzda ko’rib chiqqan A. Kun ayrim hujjatlarni Rossiya Fanlar Akademiyasining Osiyo muzeyiga topshirish uchun tanlab oladi, qolganini esa general fon Kaufman imperatorning Sankt-Peterburgdagi Xalq kutubxonasiga (hozirgi Saltikov-Shchedrin nomidagi Xalq kutubxonasi) ga sovg’a qilib yuboradi. Shundan so’ng Xiva xonining arxivi hammaning esidan chiqdi. Ularni 1936 yilda eslatib o’tilgan kutubxonada tadqiqot ishlarini olib borgan sharqshunos olim P. Ivanov topdi. Ayni paytda P. Ivanov kutubxonaning qo’lyozmalar fondida saqlanayotgan hujjatlarning bir qismi Qo’qon xonligiga tegishli ekanligini ham aniqladi. P. Ivanov tomonidan hammasi bo’lib turli kattalik va hajmdagi 120 ta daftar topildi. Hujjatlar 1822-1872 yillarga tegishli edi.
Qo’qon xonligi arxivining taqdiri ham shunga o’xshashdir. Xudoyorxonning 1875 yilda Qo’qondan qochishi, yo’lda uning karvonini talanishi, Qo’qondagi xon saroyini qo’zg’olonchilar tomonidan talon-taroj qilinishi natijasida arxiv hujjatlarining asosiy qismi nobud bo’ldi. Uning saqlanib qolgan qismi esa Qo’qonni zabt etgan ruslar qo’liga o’tadi. General fon Kaufman Qo’qon xoni arxivining saqlanib qolgan hujjatlarini nomi yuqoriida zikr etilgan Sankt-Peterburgdagi kutubxonaga va qisman Toshkentdagi Xalq kutubxonasiga taqdim etadi. Keyinchalik Toshkent Xalq kutubxonasi ( hozirgi A. Navoiy nomli O’zbekiston milliy kutubxonasi) dagi barcha sharq qo’lyozmalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondiga topshirilgan. Sankt-Peterburgdagi Saltikov Shchedrin kutubxonasining qo’lyozmalar fondidagi Qo’qon va Xiva xonliklariga tegishli arxiv hujjatlari 1962 yilda Toshkentga qaytarilgan va hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Markaziy arxivi fondlarida saqlanmoqda. Qo’qon xoni arxivi haqida tarixchi olima A. L. Troiskaya 1968 yilda “Katalog arxiva kokandskix xanov XIX v.” nomli kitobini e’lon qildi. Mazkur kitobda mingdan ko’proq hujjatlarning tavsifi keltirilgan. Qo’qon xonligi arxivi hujjatlarini o’rganish borasida t.f.d., prof. A. Nabiyevning xizmatlari kattadir. Buxoro amirligi arxivi haqida uzoq vaqt hyech narsa ma’lum emas edi. Faqatgina 1931 yilning dekabrida Buxoro arkidagi suvab tashlangan yerto’lada arab alifbosida, fors-tojik tilida yozilgan nomalar betartib xolda topildi. Dastlab bu materiallar Buxoro muzeyiga keltirilib, chek tarzida saralanadi va tartibga keltiriladi. 1937-1938 yillarda 77764 ta maktub O’zbekiston SSR Markaziy Davlat arxiviga o’tkaziladi va bu majmuaga Buxoro amiri Qushbegiisi fondi deb nom beriladi.
Buxoro amiri Qushbegisi arxividagi hujjatlar XIX asr oxirlaridan to 1920 yilgacha bo’lgan davrga taalluqlidir. Ular orasida Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligi bilan ichki va tashqi siyosiy masalalarga doir diplomatik yozishmalar, mansabdor shaxslarning joylardagi ahvol haqidagi xabarlari, soliqlar, xalq sayillarini o’tkazish, jinoyat-qidiruv, dehqonlar qo’zg’olonlari, amirlikka olimlar, harbiylar, chet elliklarning kelishi, qo’shinlarning bir joydan ikkinchi joyga ko’chirilishi, lavozimga tayinlash haqidagi yorliqlar va boshqa hujjatlarni uchratish mumkin. Fond majmualari orasida faqatgina Qushbegiga yuborilgan materiallar bo’lmay, qozikalon va amir xazinasini yurituvchi devonbegiga oid rasmiy hujjatlar ham mavjud.Buxoro amirligi arxivi ustida ishlash amirlikning XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy tarixni yoritishda muhim o’rin tutadi. Hozirgi kunda sharqshunos-olimlarning bir guruhi mazkur hujjatlarni o’rganish, tahlil etish, tarjima qilish va ilmiy muomalaga kiritish bo’yicha ish olib bormoqda. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, O’rta Osiyo hududida arxivlar qadimgi zamonlardan mavjud bo’lgan. Ammo turli sabablarga ko’ra bu arxivlarning ko’pchiligi bizgacha yetib kelmagan. Biz hozirgi kunda Xorazm podsholari va So’g’d davlati arxivlarining ayrim hujjatlarini, shuningdek XVI-XIX asr vaqf hujjatlari hamda qisman XIX asrga tegishli Xiva, Qo’qon xonliklari va Buxoro amirligi arxivlariga mansub hujjatlar bilan tanishish imkoniyatiga egamiz.

Yüklə 77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə