32
Falsafani koʻpincha «tafakkur maktabi» deb ataydilar. U bir qolipda
fikrlash uslubi tugagan, oydek ravshan boʻlgan narsa shubha va taajjub
uygʻotgan joyda boshlanadi. Inson hayot mazmuni bilan bogʻliq masalalar
(Immanuil Kant tilida ular quyidagicha yangraydi: «Men nimani bilishim
mumkin?», «Men nima qilishim kerak?», «Men nimaga umid qilishim
mumkin?», «Inson nima?») ustida bosh qotira boshlagani zahoti u darhol
falsafaga «asir» tushadi, borliqni falsafiy anglab etish sohasiga kirib qoladi.
Ingliz faylasufi Tomas Gobbs (1588–1679): «Falsafa sening tafakkuring
farzandi... va sening oʻzingda yashaydi» , deganida, bizningcha, toʻla haq
boʻlgan. Darhaqiqat, falsafiy mulohaza yuritish har bir insonga xos xususiyat.
Zero hayotning mazmuni, erkinlik, adolat va umrboqiylik haqida mulohaza
yuritishni biron-bir insonga taqiqlash mumkin emas.
Falsafa borliqni bilish, asoslar va birinchi tamoyillarni tadqiq etish
bilan shugʻullanadigan alohida soha sifatida, his etish, mushohada yuritish va
tasavvur qilish tarzida amal qiladigan oddiy ongdan farqli ravishda,
tushunchalar vositasida bilishni nazarda tutadi. Tushunchalar bilan ish
koʻrish san‘ati zaruriy aloqalar va sababiy bogʻlanishlarni aniqlashni, hayot
taassurotlarining xaotik tasodifiy oqimini tartibga solishni talab qiladi.
Mulohaza kuchini tarbiyalash e‘tiborni jamlash, uni predmetga qaratishni
nazarda tutadi. Tafakkur intensional, ya‘ni u muayyan predmetga qarab
moʻljal oladi. Tafakkur predmetning tabiati haqidagi tasavvurga mos
ravishda mulohaza yuritadi. Predmetni oʻzida «idrok etgan» kishigina
mazkur predmet oʻzi haqida soʻzlovchining tili bilan gapirishiga umid qilishi
mumkin.
Dostları ilə paylaş: