O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining



Yüklə 33,43 Kb.
tarix07.08.2023
ölçüsü33,43 Kb.
#120414
PF-128 29.04.2022




[OKOZ:

1.06.00.00.00 Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.10.00.00 Nogironlar va fuqarolarning boshqa toifalarining ijtimoiy himoyasi]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini inflatsiya darajasiga qarab indeksatsiyalab borish hamda tegishli ijtimoiy to‘lovlar miqdorining minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmasligini ta’minlash maqsadida:
1. 2022-yil 1-maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirilsin.
2. 2022-yil 1-maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 324 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 000 so‘m;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 000 so‘m;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 000 so‘m;
1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 3 080 000 so‘m;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (633 000 so‘mdan) 698 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 698 000 so‘m etib belgilansin.
3. Pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorlarda belgilash maqsadida 2022-yil 1-maydan boshlab:
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 500 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 500 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 185 000 so‘mdan qo‘shilsin;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 500 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lansin.
4. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘irlashishining oldini olish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali 2022-yil 1-aprelga qadar nafaqa va moddiy yordam tayinlash uchun ma’lumotlarning xato taqdim etilishi, kiritilishi va texnik sabablar tufayli fuqarolarga ortiqcha to‘langan summalar hisobdan chiqarilsin.
5. Pensiyalar va nafaqalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
6. Moliya vazirligi (T. Ishmetov):
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlashda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining mezon sifatida belgilanishi, mazkur turdagi to‘lovlarni oluvchilar sonining ko‘payishi hisobiga Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;
2022-yil 1-noyabrga qadar davlat pensiyalari miqdorlarini har yillik inflatsiya darajasida qayta hisoblash (oshirib borish) tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
9. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-aprel,
PF-128-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PF-128-son Farmoniga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2022-yil 1-maydan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-iyuldagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF-5765-son Farmonining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilansinki, 2019-yil 1-avgustdan boshlab II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslar — pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6224-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2022-yil 1-maydan boshlab 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — 3 080 000 so‘m etib belgilansin”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-avgustdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF-6279-son Farmonining 2-bandidan to‘rtinchi — o‘n ikkinchi xatboshilar chiqarib tashlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-74-son Farmonining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2022-yil 1-maydan boshlab nogironlik pensiyalari, shu jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasining eng kam miqdori 698 000 so‘m etib belgilansin”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 107-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga, yoshidan qat’iy nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 1-ilovada:
9-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi munosabati bilan cheklovchi choralar (karantin) joriy etilganda, agar fuqarolar cheklovchi choralar (karantin) davrida yoki ular tugatilgandan keyin nafaqa tayinlashni so‘rab bir oy ichida murojaat qilgan bo‘lsa, ularga nafaqa uni olish huquqi yuzaga kelgan kundan e’tiboran tayinlanadi”;
ikkinchi — beshinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
15-bandning oltinchi va yettinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
v) 2-ilovada:
nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga, yoshidan qat’iy nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom”;
1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Nizom “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga, yoshidan qat’iy nazar ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — mehnatga layoqatsiz fuqarolar), bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga har oylik nafaqalarni (keyingi o‘rinlarda — nafaqa) tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi”;
2-bandda:
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“parvarishlash nafaqasi”;
to‘rtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
4-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Saxovat” uylarida hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida yashovchi davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga, ularning shaxsiy sarf-xarajatlari uchun tegishli yoshga doir yoki nogironlik nafaqasining 20 foizi miqdoridagi mablag‘ to‘lab boriladi.”;
quyidagi mazmundagi III1-bob bilan to‘ldirilsin:
“III1. Parvarishlash nafaqasi
131. Parvarishlash nafaqasi o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda tayinlanadi. Bunda, parvarishlash nafaqasi o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaga nogironlik belgilangan muddatga tayinlanadi.
Qonuniy vakilga har bir o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi uchun alohida parvarishlash nafaqasi tayinlanadi.
132. Parvarishlash nafaqasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan berilgan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning o‘zgalar parvarishiga muhtojligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotga asosan tayinlanadi.
133. Parvarishlash nafaqasi qonuniy vakilga (otasi, onasi, vasiysi, homiysi, oilaga tarbiyaga oluvchisi (patronat) va farzandlikka oluvchisi) o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan bola 18 yoshga to‘lguniga qadar tayinlanadi”;
171-banddagi “nafaqa” so‘zidan keyin “(parvarishlash nafaqasi bundan mustasno)” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
quyidagi mazmundagi 172-band bilan to‘ldirilsin:
“172. “Saxovat” uylarida hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida yashovchi shaxslarga nafaqa tayinlash to‘g‘risida mazkur tashkilotlar ma’muriyati tomonidan tashkilot joylashgan erdagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi.”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Yoshga doir nafaqa tayinlashni so‘rab ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan yoshga to‘lgandan so‘ng oltmish kun ichida;
nogironlik nafaqasini tayinlashni so‘rab nogironlik guruhi belgilanganidan so‘ng oltmish kun ichida;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini tayinlashni so‘rab nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs vafot etgan kundan boshlab olti oy ichida;
parvarishlash nafaqasini tayinlashni so‘rab nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bola o‘zgalar parvarishiga muhtojligi belgilanganidan so‘ng oltmish kun ichida murojaat etilgan bo‘lsa, nafaqa uni olish huquqi paydo bo‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi munosabati bilan cheklovchi choralar (karantin) joriy etilganda, agar fuqarolar cheklovchi choralar (karantin) davrida yoki ular tugatilgandan keyin nafaqa tayinlashni so‘rab bir oy ichida murojaat qilgan bo‘lsa, ularga nafaqa uni olish huquqi yuzaga kelgan kundan e’tiboran tayinlanadi.
Qolgan barcha holatlarda nafaqa murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi”;
25-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nafaqalar nogironlik muddati belgilangan so‘nggi oy uchun, mehnatga layoqatli bo‘lmagan oila a’zosining 18 yoshga to‘lgan oy uchun, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan bola 18 yoshga to‘lgan oy uchun to‘liq miqdorda to‘lanadi”;
26-band quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Bunda, “Saxovat” uylarida hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida yashovchi shaxslarga, Davlat xizmatlari markaziga qilgan murojaatlariga asosan nafaqaning 20 foizi to‘lanadi.”;
29-band “, parvarishlash nafaqasi bundan mustasno” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.


(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son)

Yüklə 33,43 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə