O’zbekiston respublikasi


Hisobning predmeti, vazifalari va uning turlari



Yüklə 2,41 Mb.
səhifə3/63
tarix08.11.2018
ölçüsü2,41 Mb.
#79111
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   63

1.2. Hisobning predmeti, vazifalari va uning turlari

Korxona, tashkilot va muassasalarda buxgalteriya hisobi xo’jalik faoliyatini kuzatish, boshqarish va nazorat qilish maqsadida yuritiladi. Buning mazmunida ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarish yotadi. Ijtimoiy ishlab chiqarish o’z navbatida ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalariga bo’linadi.

Ishlab chiqarish sohasiga moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchi hamda moddiy boyliklarni ishlab chiqaruvchilardan iste’molchilarga yetkazib berish bilan band bo’lgan tarmoqlari kiradi.

Ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarish - korxonaning jamg’armalaridan, ya’ni ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo’lgan moddiy va pul mablag’laridan foydalanish yo’li bilan amalga oshiriladi. Mulkchilikning har xil shakllaridagi korxonalarga zarur bo’lgan mablag’lar ma’lum manbalar hisobidan shakllanadi. Ishlab chiqarish - taqsimot, aylanish va iste’mol jarayonlariga xizmat qila turib, korxonalar mablag’lari uzluksiz doirada aylanishni amalga oshiradi. Shuning uchun buxgalteriya hisobi bu yerda moddiy boyliklarni yaratishga yo’naltirilgan doiraviy aylanish jarayonidagi korxona mablag’larining holatlari va ulardan foydalanishni samarali boshqarish uchun zarur bo’lgan axborotni shakllantiradi.

Noishlab chiqarish sohasini aholiga xizmatlar ko’rsatuvchi tarmoqlari tashkil qiladi. Bularga sog’liqni saqlash, xalq ta’limi, san’at hamda davlat boshqarmalari va mudofaa muassasalari kiradi. Noishlab chiqarish sohasida garchi mahsulot ishlab chiqarilmasa ham, u ishlab chiqarish sohasiga o’zining natijalari orqali ijobiy ta’sir qiladi.

Noishlab chiqarish sohasi tashkilotlari va muassasalarining xo’jalik faoliyatlari, ularga davlat budjetidan qisman ajratilgan hamda o’zi ishlab topgan mablag’lardan qay darajada samarali foydalanilayotganini boshqarishdan iborat. Shunday qilib, noishlab chiqarish sohasida ishlab chiqarish tarmog’ida yaratilgan ijtimoiy mahsulotning taqsimoti va iste’moli sodir bo’ladi. Demak, buxgalteriya hisobi noishlab chiqarish sohasiga ajratilgan mablag’larning holati, sarflanishi haqida axborotlarni shakllantiradi.

Moddiy boyliklarning noishlab chiqarish sohasida iste’mol qilinishi, noishlab chiqarishning bir qismidir. Undan tashqari, noishlab chiqarishning iste’moliga shaxsiy iste’mol va jamiyat a’zolarining ehtiyojlarini qondirish ham kiradi. Shaxsiy iste’molni buxgalteriya hisobi bevosita o’z ichiga olmaydi. Lekin shaxsiy iste’mol buxgalteriya hisobida mutlaqo aks ettirilmaydi, deb o’ylash xatodir. HHaqiqatda, buxgalteriya hisobi uni aks ettiradi, lekin uni tavsiflash uchun zarur bo’lgan barcha ko’rsatkichlarga ega emas. Shaxsiy iste’mol to’g’risidagi ma’lumotlarni savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari, xalq ta’limi, sog’liqni saqlash muassasalari va boshqa tashkilotlarning hisobotlaridan olish mumkin. Bu ma’lumotlar bo’yicha statistika bo’limlari shaxsiy iste’molni tavsiflovchi ko’rsatkichlarni aniqlaydi.

Ijtimoiy mahsulotni takror ishlab chiqarishdan tashqari buxgalteriya hisobida mehnat kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab chiqarish ham aks ettiriladi.

Buxgalteriya hisobida ishchi kuchini takror ishlab chiqarish, mehnat kuchini tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan har xil xarajatlarni hamda ish haqi va ularning turli xildagi daromadlari harakatini hisoblab topish yo’li bilan aniqlanadi. Ishchi kuchini tayyorlash xarajatlari, ish haqini to’lash va xo’jaliklarning daromadlarini taqsimlash, moddiy qiymatliklar va pul mablag’larini sarflashni anglatadi.

Ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab chiqarish buxgalteriya hisobida mulkchilikning har xil shakllaridagi korxona jamg’armalarining mavjudligi va harakatini aks ettirgan holda qayd qilinadi. Тakror ishlab chiqarish jarayonida ularning o’zgarishini ko’rsatib, buxgalteriya hisobi mulkning rivojlanishini tavsiflaydi va shu bilan ishlab chiqarish munosabatlarini takror ishlab chiqarish haqidagi zarur ko’rsatkichlarni beradi.

Yuqorida aytilganlardan shuni xulosa qilish mumkinki, buxgalteriya hisobi predmetining asosiy mazmuni korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xo’jalik faoliyatini amalga oshirishda foydalanadigan resurslarni samarali boshqarish uchun zarur bo’lgan axborotni shakllantirishdan iborat. Shu mablag’larning sarflanishi, ishlab chiqarish hajmi va faoliyat natijalarini ratsional hamda to’g’ri boshqarish hozirgi vaqtda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shunday qilib, buxgalteriya hisobining predmeti- ishlab chiqarish jarayonidagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning samarali boshqarilishida mablag’lar holati hamda ulardan unumli foydalanish haqidagi axborotlarni shakllantirish hisoblanadi.

Buxgalteriya hisobining predmetini o’rganishda, uning tarixiy xarakterini hisobga olish kerak. Chunki buxgalteriya hisobi predmetning mazmuni har xil iqtisodiy tuzumlarda bir xil bo’lmagan. Ularning o’zgarishi bir tuzumdan boshqasiga o’tish paytida, mulkchilik shakllarining rivojlanishi bilan belgilanib borilgan.

Boshlang’ich jamoa tuzumida hisobning predmeti sifatida umumiy mulkchilik tashkil qilgan mablag’lar va shu mablag’lardan foydalanishga doir operatsiyalar qaralgan. Ushbu mulkchilik jamiyatida feodallarning ishlab chiqarish vositalariga va qullarga bo’lgan egaligi hisobning predmeti bo’lgan.

Ishlab chiqarish vositalari, mehnat buyumlaridan tashqari, bevosita jonli mehnat sohibi va dehqonga ega bo’lgan feodal o’z xohishiga ko’ra ularni xarid qilishi hamda sotishi mumkin edi. Shuning uchun ham bu davrda mehnat kuchlari hisob predmetiga kiritilgan.

TurliHar xil mulkchilik shakllariga asoslangan, rivojlangan bozor iqtisodiyotidagi jamiyatda individual kapital yoki mulk egasining kapitali buxgalteriya hisobining predmeti hisoblanadi. Buxgalteriya hisobi bu yerda birinchi navbatda, mulk egasi yoki mulk egalari tomonidan korxonalarga qo’yilgan resurslarni samarali boshqarish maqsadlari uchun axborotni shakllantiradi. Foydani oshirish maqsadida, xo’jalik yuritish subyektlari Nizomida ko’rsatilgan asosiy va boshqa moliyaviy faoliyat hisobiga boy berilgan imkoniyatlarni qidirib topish bilan shug’ullanadi.

Demak, buxgalteriya hisobi predmetining mazmuni u yoki bu ijtimoiy tuzumga xos bo’lgan mulkchilik shakli bilan belgilanadi. Ya’ni, har bir jamiyatda moddiy ishlab chiqarishni tashkil qilish va samarali boshqarish uchun qanday ma’lumotlar talab qilinishiga bog’liq bo’ladi.

Jamiyat rivojlangan sari hisobning ahamiyati ham uzluksiz o’sib boradi. Bunda uning qo’llanish doirasigina emas, balki unda aks ettiriladigan predmeti va bajaradigan funksiyalari ham tobora kengayib boradi.

Buxgalteriya hisobining predmeti bilan bir qatorda uning obyektlarini ham farqlab olish lozim. Buxgalteriya hisobining obyektlari deganda, muayyan korxona ega bo’lgan moddiy va pul mablag’lari, uning boshqa tashkilotlar va muassasalar bilan bo’lgan yuridik munosabatlari, shuningdek mablag’lar hamda munosabatlarni o’zgartrfadigan xo’jalik operatsiyalari tushuniladi. Korxonaning moddiy va pul qiymatliklari o’z faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan mablag’larini ifodalaydi. Хo’jalik muomalalari esa ishlab chiqarishning mazmunini ifodalovchi jarayonlarni tashkil qiladi.

Ba’zida buxgalteriya hisobining predmeti deb o’z faoliyatini aks ettiruvchi operatsiyalar tushuniladi. Lekin bunday tushuncha hisob kategoriyalarini ilmiy talqiniga chalkashlik kiritadi. Chunki aks ettiriladigan narsalar buxgalteriya hisobining predmeti bo’lgani bilan, uning qo’llaniladigan joyiga ham shunday qarashimiz lozimligini bildirmaydi.

Хo’jalik hisobining vazifalari iqtisodiyot rivojlanishining har bir bosqichida amalga oshirilayotgan xo’jalik siyosati bilan belgilanadi va quyidagilardan:


  • hisobda aks ettiriladigan obyektlarni boshqarish uchun ma’lumotlarni yig’ish, ularni filtrlash va kerakli axborotni shakllantirish;

  • korxonalar faoliyati natijalari haqidagi axborotni o’lchash va taqdim etish;

  • soliq organlariga mahalliy soliqlar, ish haqiga olinadigan soliqlar va ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar, pensiya fondlari, ish bilan ta’minlash fondi, mulklar, transport vositalariga soliqlar, aksiz yig’imlari va qo’shilgan qiymat soliqlari va hokazolar bo’yicha to’lovlarning to’g’riligini nazorat qilish;

  • xo’jalik hisobini mustahkamlashga yordam berish;

  • xo’jalik operatsiyalarini samarali boshqarishdan iboratdir;

Yuqorida keltirilgan vazifalardan tashqari xalq xo’jalik hisobi boshqa vazifalarni ham bajaradi. Хo’jalikdagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish va ulardan foydalanishga ta’sir ko’rsatadi. Uning ma’lumotlari bo’yicha ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlari, asbob-uskunalaridan foydalanishni yaxshilash, mablag’larni unumsiz sarflash sabablari aniqlanadi, korxona xo’jalik faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf qilish va uni yaxshilash yo’llari belgilanadi.

Buxgalteriya hisobi butun mamlakat bo’yicha hamda har bir korxona, tashkilot va muassasa bo’yicha belgilangan ishlab chiqarish dasturining bajarilishini aks ettiradi.

Хo’jalik hisobining oldiga qo’yilgan vazifalariga qarab, ularning uch turi mavjud: operativ, statistik va buxgalteriya hisobi.

Operativ hisob- ayrim xo’jalik operatsiyalari va jarayonlarini bevosita ular sodir bo’layotgan vaqtida boshqarish maqsadida joriy kuzatish va nazorat qilish tizimi bo’lib hisoblanadi. Bu hisobning korxona va uning tarkibiy bo’linmalariga joriy rahbarlik qilish maqsadida ma’lumotlarni operativ ravishda olish va ulardan foydalanish uning farq qiladigan belgisi hisoblanadi.

Operativ hisob turli-tuman xo’jalik xrdisalarni o’z ichiga olib, asosan ishlab chiqarish - texnika xususiyatidagi ko’rsatkichlar bilan ta’minlaydi. U mahsulot ishlab chiqarish bo’yicha topshiriqlarning bajarilayotganligi, xarajatlar normativlaridan kundalik chetga chiqishlar, ish kuchidan foydalanish va asbob-uskunalarning yuklanganlik darajasi, shartnomalarga rioya qilinishi - mol yetkazib beruvchilar va xaridorlar bilan tuzilgan kontraktlarning bajarilishi haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Operativ hisobda o’lchovlarning hamma turlari - moddiy, mehnat va qiymat o’lchovlaridan foydalaniladi. Lekin hisobning bu turi asosan bir turdagi operatsiyalarni aks ettirganligi va undan umumlashtirilgan ko’rsatklchlar talab qilinmaganligi sababli, unda asosan moddiy va mehnat o’lchovlaridan foydalaniladi.

Nazoratning operativligini ta’minlash uchun xo’jalik operatsiyalarining borishi haqidagi axborotni tezroq olish kerak bo’ladi. Shuning uchun operativ hisobning ma’lumotlari iloji boricha osonroq yo’l bilan qayd qilinishi mumkin. Ularni bevosita kuzatish yo’li bilan yetkazishadi, telefon, faks, modem orqali, kompyuter aloqasi yordamida va boshqa yo’llar bilan xabar qilishadi. Hozirgi vaqtda operativ axborotni olish uchun mexanika va avtomatik o’lchov, tartibga soluvchi asboblar, moslamalardan foydalanish tobora kengayib bormoqda. Hisobni bunday tashkil qilish xo’jalik operatsiyalarining borishi ustidan ularning amalga oshirilishi vaqtida bevosita boshqarish imkonini beradi.

Operativ hisobning ma’lumotlaridan mutlaq aniqlik talab etilmaydi, chunki ularning asosiy vazifasi - kuzatilayotgan obyektlarda sodir bo’layotgan o’zgarishlarni tezlik bilan xabar qilishdir. Shuning uchun amaliyotda operativ hisobdan faqat taxminiy axborotni olish bilan kifoyalanadilar. Lekin bu axborot yetarli darajada to’g’ri bo’lishi kerak, zeroki, unga qarab sodir bo’lgan o’zgarishlarning hajmi va tavsifi haqida ishonchli xulosa qilib, xatosiz bo’lgan boshqaruv qarorlarni qabul qilish mumkin bo’lsin.

Operativ hisob korxonaning har xil bo’linmalari - bo’limlari, sexlari, omborlari va hokazolar tomonidan yuritiladi.

Operativ axborot yordamida - menejerlar ishlab chiqarish, foyda bo’yicha topshiriqni bajarilishining borishi, korxonani ta’minlash va mahsulot sotishsi bo’yicha topshiriqlarning bajarilishi, tovar moddiy qiymatliklar zaxirasining darajasi hamda boshqa korxonalar, tashkilotlar, muassasalar bilan hisob-kitoblarning holati va borishi haqidagi ma’lumotlarni olishda foydalanishadi.

Operativ hisob korxonani ishchi kuchi bilan ta’minlanganligi, uning harakati, xodimlarning malakasini oshirish va boshqalar ustidan nazorat qilish uchun zarurdir. Sexlar, omborlar va boshqa bo’linmalar xodimlari undan ma’lum xo’jalik qismidagi topshiriqlarning bajarilishi haqidagi ma’lumotlar olishadi.

Operativ hisobdan ishlab chiqarish bo’linmalarida sodir bo’layotgan operatsiyalar yoki jarayonlarning borishi haqidagi axborotlarni olishda keng foydalaniladi. Bu yerda u maxsus grafiklar, xabarchi taxtalar va boshqalar yordamida amalga oshiriladi.

Operativ hisobning ba’zi ma’lumotlaridan faqat korxonaning tarkibiy qismidagina foydalanilmay, ulardan boshqaruv organlarida ham foydalaniladi. Bunday ma’lumotlar umumlashtirilib, ichki operativ hisobot tarkibiga kiritilishi mumkin. Operativ hisobotning ko’rsatkichlari ayrim tarmoqlar va butun xalq xo’jaligi miqyosida tegishli jarayonlarni borishi ustidan kuzatish va axborotni umumlashtirish uchun xizmat qiladi. Operativ hisobotdan, masalan, mahsulot iishab chiqarish, xom ashyo bilan ta’minlanganlik, ishga kelish, ekish va hosil yig’ishning borishi haqida va boshqa ma’lumotlar olinadi. Operativ hisobning ma’lumotlari ulardan keyinchalik foydalanishda buxgalteriya yoki statistik hisobda qayta ishlanadi.

Statistik hisob- ommaviy xo’jalik hodisalar to’g’risidagi ma’lumotlarni yig’ish va ishlash tizimidan iborat. Хo’jalik hisobining bu turi butun xo’jalik va uning tarmoqlarining rivojlanish jarayonini o’rganishga yo’naltirilgan. Undan korxona, tashkilot va muassasalarda sodir bo’layotgan turli-tuman ommaviy hodisalarni kuzatish uchun foydalaniladi. Uning yordamida xo’jalik faoliyatining turli-tuman miqdoriy va sifat ko’rsatkichlari hisoblab chiqiladi. Sanoatda bundaylarga, masalan, ishlab chiqarish hajmi, o’rtacha ish haqi, ish vaqtidan foydalanish, mehnat unumdorligi darajasi o’sishi va hokazo ko’rsatkichlar kiradi. Dastlabki statistik kuzatuvlarning ma’lumotlari tumanlar, viloyatlar va umuman respublika xalq xo’jaligining ayrim tarmoqlari bo’yicha umumlashtiriladi.

Statistik hisob statistika fani - statistika usullaridan foydalanadi. Mustaqil ijtimoiy fan sifatida statistika faqat xo’jalik hodisalarinigina o’z ichiga olmay, jamiyat hayotining boshqa tomonlarini ham qamrab oladi. Jumladan, uning yordamida aholi soni, tarkibi va harakati, xalq xayotining moddiy va madaniy darajasi, uning ijtimoiy hayoti haqidagi ko’rsatkichlar olinadi.

Хo’jalik xodisalari haqidagi ma’lumotlar statistik hisob tomonidan operativ va buxgalteriya hisobi korxona, tashkilot va muassasalarda mustaqil ravishda tashkil qilinadigan dastlabki hisobdan olinadi. Ba’zi ma’lumotlar statistik kuzatuvning alohida shakllari - qayta ro’yxatga olish va tekshirishlar yordamida olinadi. Uzluksiz kuzatib bo’lmaydigan ommaviy hodisalarni tavsiflash uchun dastlab kuzatish usulidan keng foydalaniladi.

Тarmoqlar, xalq xo’jaligi miqyosidagi xo’jalik hodisalarini tavsiflovchi ma’lumotlar asosan maxsus davlat statistika organlari - Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining statistika boshqarmasi tomonidan olinadi va ishlab chiqiladi. Dastlabki materiallarni ilmiy ishlash va taxlil qilish olingan ko’rsatkichlarni ular tomonidan yig’ish va guruhlash, o’rtacha sonlar usuli, nisbiy jamlash, indekslar, dinamik qatorlar va shu kabi maxsus usullardan foydalanish yordamida amalga oshiriladi.

Statistik hisobning ko’rsatkichlarini hisoblab chiqish uchun ham barcha mavjud o’lchovlar - natura, mehnat va pul o’lchovlaridan, o’rganilayotgan hodisaning mazmuni va qo’yilgan vazifalariga qarab foydalaniladi.

Buxgalteriya hisobi- ichki boshqarish va tashqi iste’molchilarning maqsadlari uchun joriy va yakuniy axborotni olish bilan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xo’jalik faoliyati ustidan uzluksiz va o’zaro bog’liq bo’lgan kuzatish va nazorat qilish tizimidan iborat.

Buxgalteriya hisobi yordamida xo’jalikda mavjud bo’lgan har xil turdagi moddiy qiymatliklar va pul mablag’larining miqdori, boshqa korxona va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarning holati, undagi boshqa resurslarning umumiy hajmi haqida ma’lumotlar olinadi; tayyorlangan materiallar, ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulot hajmi va tannarxi aniqlanadi; xo’jalik faoliyatining moliyaviy natijalari - foyda yoki zarar hisoblab chiqiladi; korxonaning rentabelligi hamda korxona va uning tarkibiy qismlari boshqa qator ko’rsatkichlari hisoblab aniqlanadi.

Buxgalteriya hisobida ham operativ va statistik hisobdagi kabi barcha o’lchovlar - natura, mehnat va pul o’lchovlari qo’llaniladi. Lekin unda pul o’lchovga alohida ahamiyat beriladi, chunki u buxgalteriya hisobining umumlashtiruvchi ko’rsatkichlarini olish imkonini beradi. Shuning uchun pul o’lchovda buxgalteriya hisobining barcha obyektlari, garchi ular natura va mehnat o’lchovlarida aks ettirilgan bo’lsa ham, albatta, pul o’lchovida ifodalanadi.

Pul o’lchovi yordamida buxgalteriya hisobi, masalan, quyidagi umumlashtiruvchi ko’rsatkichlarni beradi: korxonaning barcha mablag’lari hajmi, ishlab chiqarishga qilingan xarajatlar, davr xarajatlari, ko’zda tutilmagan xarajatlar, mahsulotning ishlab chiqarish tannarxi, sotishdan olingan yalpi tushum, morjinal foyda va shu kabilar.

Buxgalteriya hisobining eng muhim xususiyatlaridan biri shundaki, unda barcha xo’jalik operatsiyalari yoppasiga qayd qilinadi. Bu narsa barcha xo’jalik jarayonlarining to’la tavsifini olish uchun zarurdir.

Buxgalteriya hisobining boshqa xususiyati, uning hujjatlanishidir. Buxgalteriya hisobi tizimida qayd qilinadigan xar bir operatsiya dastlab hujjatlashtirilishi kerak. Hujjat buxgalteriya hisobi ma’lumotlarining yagona manbai hisoblanadi. Barcha operatsiyalarni qamrab oladigan hujjatlarning mavjudligi buxgalteriya hisobi ma’lumotlaridan moddiy javobgar shaxslar faoliyati ustidan nazorat qilish uchun foydalanish va boshqarish uchun asoslangan ma’lumotlar olish imkoniyatini beradi.

Buxgalteriya hisobida yig’ma yakunlangan ko’rsatkichlarni olish uchun yig’ilgan ma’lumotlarni ilmiy ishlashning maxsus usullaridan foydalaniladi. Bu usullarning muhim xususiyatlari shundan iboratki, ular alohida ajratib olingan korxona, tashkilotlar va muassasalarning butun xo’jalik faoliyatini uzluksiz va o’zaro bog’langan holda aks ettirilishini ta’minlaydi.

Buxgalteriya hisobining ma’lumotlari ayrim korxona, tashkilot va muassasalar hamda ma’lum bir kompaniya tarkibiga kiradigan korxonalar guruhi bo’yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish va ularning ishini audit qilish uchun audit manbai sifatida xizmat qiladi. Buxgalteriya hisobining qator ko’rsatkichlari umumlashtirilgan ko’rinishda korxonaning moliyaviy holatini baholashda ishlatiladi.

Umumlashtirilgan ko’rsatkichlarning bir guruhi faoliyatni baholashda ko’pincha buxgalteriya hisobining ma’lumotlariga asoslanadigan statistika yordamida olinadi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida buxgalteriya hisobining yagona tizimi o’zaro bog’liq bo’lgan ikki qismdan rahbariyat tomonidan ichki foydalanish uchun o’lchanadigan, ishlanadigan va topshiriladigan hisob axborotining barcha turlarini o’z ichiga oladi. Moliyaviy hisob rahbariyat tomonidan firma ichida ipshatiladigan axborotdan tashqari, tashkilotdan tashqaridagilarga xabar qilinadigan axborotdan iborat bo’ladi.

Хo’jalik hisobining har bir turi - operativ, statistik va buxgalteriya hisobi korxonalarni, hududlar va respublika boshqaruv jarayonida ma’lum rol o’ynaydi.

Hisobning o’zaro chambarchas bog’langan uchta turi xalq xo’jalik hisobining yagona tizimini tashkil qiladi. Bu tizimning to’g’ri tuzilishi va doimiy rivojlantirilishi bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hisobning barcha turlarining vazifalari umuman olganda bir xildir, lekin ular alohida olingan obyektlarga nisbatan hal etiladi.

Statistik hisob buxgalteriya hisobining, ayniqsa, yakuniy ma’lumotlaridan keng foydalanadi. Bunda u bu ma’lumotlardan ba’zi tarmoqlar va xalq xo’jaligi miqyosida har xil umumlashtiruvlar uchun zaminiy materiallar sifatida foydalanadi. O’z navbatida buxgalteriya hisobi ham ko’p hollarda statistika ma’lumotlaridan foydalanadi. Jumladan, ishchilarning ish haqini aniqlashda statistika usullari bilan hisoblab topilgan ishlab chiqarish normalari bajarilishi ko’rsatkichlaridan foydalaniladi.

Хo’jalik hisobi uch turining o’zaro bog’liqligi yagona dastlabki hujjatlashtirishdan foydalanish bilan ta’minlanadi. Yagona dastlabki hujjatlashtirish deganda hisobning barcha turlaridagi operatsiyalarni aks ettirish uchun bir turdagi ma’lumotlardan va bir turdagi hujjatlardan foydalanish tushuniladi. Bunday amal hisob ko’rsatkichlaridagi qarama-qarshiliklarni bar-taraf qiladi va hisobdagi parallellik bilan ishlashni yuzaga keltiradi.

Хo’jalik hisobining har xil turlari va uning butun tizimi uzluksiz rivojlanib boradi. Dastlabki ma’lumotlarni yig’ish, texnikasi, ishlash uslublari yaxshilanib bormoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, xalqaro standartlariga javob beradigan va bozor iqtisodiyoti xususiyatlariga mos keladigan hisobning yangi tizimini ishlab chiqishda, olimlar va amaliyotchilar rivojlangan bozor iqtisodiyotidagi mamlakatlarda bu sohada yaratilgan narsalarga ko’r-ko’rona yondoshayotganlari yo’q. Lekin xorij mamlakatlarining amaliyotini o’rganish, ularni chuqur va har tomonlama tahlil qilish O’zbekiston Respublikasida xo’jalik hisobini takomillashtirish imkoniyatini beradi.




Yüklə 2,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   63




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə