Pedagogik mahorat – pedagogik kategoriya sifatida. «Ta’lim to‘g`risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»


Pedagogik qobiliyat va uning tuzilishi



Yüklə 37,78 Kb.
səhifə4/6
tarix18.05.2022
ölçüsü37,78 Kb.
#87286
1   2   3   4   5   6
Документ Microsoft Word

Pedagogik qobiliyat va uning tuzilishi. Pedagogik qobiliyat – bu qobiliyat turlaridan biri bo‘lib, kishining pedagogik faoliyatga yaroqliligini va shu faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug`ullana olishini aniqlab beradi.
Pedagogik psixologiyada o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning tutgan o‘rnini ilmiy izohlab berishga oid samarali tadqiqotlar olib borilgan.
Yirik psixolog S.L.Rubinshteyn ta’kidlab o‘tganidek, pedagogik jarayon o‘qituvchi-tarbiyachining faoliyati tariqasida rivojlanuvchi bola shaxsini shakllantiradi, bu esa pedagogning o‘quvchi faoliyatiga naqadar rahbarlik qilishiga yoki aksincha, unga ehtiyoj sezmasligiga bog`liq. Bola shaxsining rivojlanishida o‘qituvchining roli benihoya muhimdir, chunki u ta’lim va tarbiya jarayonining tashkilotchisi vazifasini bajaradi. Shu bois, hozirgi sharoitda o‘qituvchining tashkilotchilik qobiliyatiga nisbatan yuksak talab qo‘yiladi, shuning uchun ijtimoiy-tarixiy tajribalarning boyligi ehtiyojlar ko‘lamining ortishiga bevosita bog`liq.
XX asrning 70-80-yillarda o‘qituvchining xarakter-xislatlari, pedagogik qobiliyatlari, unda tarbiyachilik mahoratini tarkib toptirish shartlari chuqur o‘rganildi. Jumladan, rus olimasi N.V.Kuzmina o‘qituvchilik faoliyatida pedagogik qobiliyatlarning o‘rni va ularni tarkib toptirishga oid qator ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan. U o‘z tadqiqotlarida pedagogik qobiliyatlarni gnostik (bilishga oid), proyektiv (oldindan rejalashtirishga qaratilgan), konstruktiv, tashkiliy va kommunikativ turlarga ajratib, ularning har biriga chuqur psixologik ta’rif beradi. N.V.Kuzmina pedagogik qobiliyatning muhim alomatlari qatoriga kuzatuvchanlikni ham kiritadi, o‘qituvchining bu hislati o‘quvchining ichki kechinmalari, his-tuyg`ulari kabi omillarni aniqlashga xizmat qiladi.
Tadqiqotchi A.I.Shcherbakov fikriga ko‘ra, pedagogik faoliyat – bu o‘qituvchi oldiga jiddiy talablar qo‘yadigan murakkab psixologik aktdir. Pedagogik faoliyat o‘qituvchini chuqur va puxta bilimga, pedagogik qobiliyatga, mustahkam xarakterga, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishini taqozo qiladi. A.I.Shcherbakov o‘qituvchi shaxsi 6 ta kasbiy-tarkibiy qismdan iborat ekanligini ta’kidlaydi: 1) yuksak saviyadagi bilim va madaniyat; 2) yo‘nalishning aniq ifodalanganligi; 3) yuksak axloqiy hislarning mavjudligi; 4) yuqori darajada yuzaga keluvchi faollik va barqaror mustaqillik; 5) qat’iy va silliq xarakter; 6) pedagogik qobiliyatlar.
Yirik olim F.N.Gonobolin pedagogik qobiliyatlarni quyidagi turlarga ajratishni taklif etadi: 1) didaktik qobiliyatlar; 2) akademik qobiliyatlar; 3) pertseptiv qobiliyatlar; 4) nutq qobiliyatlari;

5) tashkilotchilik qobiliyati; 6) avtoritar qobiliyatlar;


7) kommunikativ qobiliyatlar; 8) pedagogik xayolot; 9) diqqatni taqsimlay olish qobiliyati.
F.N.Gonobolin pedagogik qobiliyatlarni tarkib toptirish bosqichlari, xususiyatlari va xossalari to‘g`risida mukammal ma’lumotlar beradi. Ta’lim va tarbiya jarayonini takomillashtirishda pedagogik qobiliyatlarning roli tajriba materiallariga asoslanib sharhlab beriladi.
Kasbiy-pedagogik faoliyatning muvafaqqiyatli amalga oshishi ko‘p jihatdan pedagogning maxsus pedagogik qobiliyatlarni egallaganligiga bog’liq: T.I.Gavakov pedagogik qobiliyatlarni quyidagi tarzda guruhlashtirishni taklif etadi: obyekt(ta’lim oluvchilar)ni his eta olish; kommunikativ (kishilar bilan aloqa o‘rnatish, samimiylik, muloqotchanlik); pertseptiv (kasbiy etuklik, empatiya, pedagogik intuitsiya); shaxs dinamizmi (irodaviy ta’sir ko‘rsatish va mantiqiy ishontirish qobiliyati); emotsional barqarorlik (o‘z-o‘zini boshqara olish qobiliyati); kreativ (ijodiy ishga qobiliyatlilik).
Maxsus qobiliyatlar ham o‘qituvchining o‘rgatuvchilik, ham tarbiyaviy ishiga taaaluqlidir. O‘qituvchining o‘qitish, o‘qish va o‘rgatishga doir qobiliyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin: o‘rganiladiganlarini ko‘ra olish va his eta olish qobiliyati; o‘quv materialini mustaqil tanlay olish, ta’limning samarali metodlari va maqbul vositalarini aniqlay olish; o‘quv materialini tushunarli bayon eta olish, uning barcha ta’lim oluvchilar uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlash; ta’lim oluvchilarning individualligini hisobga olish bilan bog’liqlikda o‘qitish jarayonini tashkil eta olish qobiliyati; o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan foydalana olish qobiliyati; ta’lim oluvchilarning har tomonlama rivojlanishini tashkil etish qobiliyati; o‘zining pedagogik mahoratini takomillashtirish qobiliyati; o‘zining shaxsiy tajribasini boshqalarga uzatish qobiliyati; mustaqil ta’lim olish va o‘z-o‘zini rivojlantirishga qobiliyatlilik.
Tarbiyaviy ishni tashkil etish bilan bog’liq pedagogik qobiliyatlar quyidagilarda yorqin namoyon bo‘ladi: boshqa kishilarning ichki his-tuyg’ularini to‘g’ri baholay olish, boshqalar haqida qayg’ura olish qobiliyati (empatiyaga qobiliyatlilik); taqlid uchun namuna bo‘lishga qobiliyatlilik; tarbiyaviy jarayonda individual o‘ziga xosliklarini hisobga olishga qobiliyatlilik; rag’bat va o‘zaro bir-birini tushunish, muloqotni zarur uslubini tanlay olishga qobiliyatlilik; o‘ziga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, tarbiyalanuvchilar orasida obro‘ga ega bo‘lish qobiliyati.
Pedagog olim I.P.Podlasiy pedagogik qobiliyatning tuzilishini quyidagi tarzda aniqlashtirgan:


  1. tashkilotchilik – ta’lim oluvchilarni jipslashtirish, ularning faoliyatini rejalashtirish, jamoaviy ishga jalb etish, yakunlarini chiqarish;


  2. diagnostik –o‘quv materialini tanlay olish, o‘quv materialini tushunarli, aniq, obrazli, ishonchli va tizimli bayon eta olish; o‘quvchilarning bilishga qiziqishlari va intellektini rivojlantirishni rag’batlash, o‘quv-biluv faolligini oshirish hamda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va ijodkorlikka qobiliyatlilik;


  3. pertseptiv – ta’lim oluvchilarning ichki olamiga ta’sir ko‘rsatish; ularning emotsional holatini xolis baholash, psixikasidagi o‘ziga xosliklarni aniqlay olish ko‘nikmasi;


  4. kommunikativ – ta’lim oluvchilar va jamoa bilan pedagogik maqsadga qaratilgan munosabatni o‘rnata olish ko‘nikmasi;


  5. suggestiv (suggestiya - ishontirish) – o‘quvchilarga emotsional ta’sir ko‘rsatish;


  6. tadqiqotchilikka doir – pedagogik jarayon va vaziyatlarni anglash hamda obyektiv baholay olish ko‘nikmasi;


  7. ilmiy-bilishga doir – tanlangan ixtisoslikka doir belgilangan hajmdagi ilmiy bilimlarni egallay olish qobiliyati;


  8. gnostik – obyekt, jarayonni va o‘z faoliyati natijalarini tadqiq etish hamda olingan natijalar asosida uni korrektsiyalay olish qobiliyati.


Pedagogika va psixologiya sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga asoslanib, bizningcha, o‘qituvchining pedagogik qobiliyatlarini quyidagicha klassifikatsiya qilish mumkin.


1. Didaktik qobiliyat – bu oson yo‘l bilan murakkab bilimlarni o‘quvchilarga tushuntira olishdir. Bunda o‘qituvchining o‘quv materialini o‘quvchilarga tushunarli qilib bayon etishi, mavzu yoki muammoni ularga aniq va tushunarli qilib aytib berishi, o‘quvchilarda mustaqil ravishda faol fikrlashga qiziqish uyg`ota olishi ko‘zda tutiladi. O‘qituvchi zarurat tug`ilgan holatlarda o‘quv materialini o‘zgartira, soddalashtira oladi, qiyin narsani oson, murakkab narsani oddiy, tushunarsiz, noaniq narsani tushunarli qila oladi.
2. Akademik qobiliyat – barcha fanlar yuzasidan muayyan bilimlarga ega bo‘lishlik. Bunday qobiliyatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchi o‘z fanini o‘quv kursi hajmidagina emas, balki ancha keng va chuqurroq biladi, o‘z fani sohasidagi yangiliklarni kuzatib boradi. Fan-texnika, ijtimoiy-siyosiy hayotga doir qiziqishlari bilan ko‘p narsalarni o‘rganib boradi.
3. Pertseptiv qobiliyat – qisqa daqiqalarda o‘quvchilar holatini idrok qila olish fazilati, bu o‘quvchining, tarbiyalanuvchining ichki dunyosiga kira olish qobiliyati, o‘quvchi shaxsini va uning vaqtinchalik ruhiy holatlarini juda yaxshi tushuna olish bilan bog`liq bo‘lgan psixologik kuzatuvchanlikdir. Bunday o‘qituvchi kichkinagina alomatlar, uncha katta bo‘lmagan tashqi belgilar asosida o‘quvchi ruhiyatidagi ko‘z ilg`amas o‘zgarishlarni ham fahmlab oladi.
4. Nutqiy qobiliyat – ixcham, ma’noli, ohangdor, muayyan ritm, temp, chastotaga ega bo‘lgan nutq, shuningdek, o‘qituvchi nutqining jarangdorligi, uning pauza, mantiqiy urg`uga rioya qilishi, qobiliyatli o‘qituvchining nutqi darsda hamisha o‘quvchilarga qaratilgan bo‘ladi. O‘qituvchi yangi materialni tushuntirayotgan, o‘quvchining javobini tahlil qilayotgan, ma’qullayotgan yoki qoralayotgan bo‘lsa ham uning nutqi hamisha o‘zining ichki kuchi, ishonchi, o‘zi gapirayotgan narsaga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Fikrlar ifodasi o‘quvchi uchun aniq, sodda, tushunarli bo‘ladi.
5. Tashkilotchilik qobiliyati – sinf-guruh yoki jamoani uyushtirish va uni boshqarish iste’dodi. Tashkilotchilik o‘quvchilarni xilma-xil faoliyat turiga jalb qilish uchun asos hisoblanadi. Bu qobiliyat, birinchidan o‘quvchilar jamoasini uyushtirish, jipslashtirish, muhim vazifalarni hal etishga ruhlantirish bo‘lsa, ikkinchidan, o‘z shaxsiy ishini to‘g`ri uyushtirish qobiliyatidir.
6. Obro‘ga ega bo‘lishlik qobiliyati - o‘zining shaxsiy xususiyati, bilimdonligi, aql-farosatliligi, mustahkam irodasi bilan obro‘ orttirish uquvchanligi. Fanda bu qobiliyat turi – avtoritar qobiliyat, deb ham yuritiladi. Obro‘ga ega bo‘lish o‘qituvchi shaxsiy sifatlarining butun bir kompleksiga, chunonchi, uning irodaviy sifatlariga (dadilligi, chidamliligi, qat’iyligi, talabchanligi va hokazo), shuningdek, o‘quvchilarga ta’lim hamda tarbiya berish mas’uliyatini his etishga, bu ishonchni o‘quvchilarga ham yetkaza olishiga bog`liq bo‘ladi.
7. Kommunikativ qobiliyatlar – muomala va muloqot o‘rnata olish, bolalarga aralashish qobiliyati, o‘quvchilarga to‘g`ri yondashish yo‘lini topa olish, ular bilan pedagogik nuqtai nazardan samarali o‘zaro munosabatlar o‘rnata bilish, pedagogik nazokatning mavjudligi.
8. Psixologik tashxis (diagnoz)ga doir qobiliyatlar – insonning kelajagini oqilona tasavvur qilishdan iborat bashorati. Bu o‘z harakatlarining oqibatlarini oldindan ko‘rishda, o‘quvchining kelgusida qanday odam bo‘lishi haqidagi tasavvur bilan bog`liq bo‘lgan shaxsni tarbiyalab yetishtirishda, tarbiyalanuvchining qanday fazilatlarining taraqqiyot etishini oldindan aytib bera olishda ifodalanadigan maxsus qobiliyat. Bu qobiliyat pedagogik optimizmga, tarbiyaning qudratiga, odamga ishonish bilan bog`liq bo‘ladi.
9. Diqqatni taqsimlash qobiliyati – bir necha obyektlarga bir davrning o‘zida o‘z munosabatini bildirish. O‘quvchi, o‘qituvchi uchun diqqatning barcha xususiyatlari - hajmi, uning kuchi, ko‘chuvchanligi, idora qilina olishi va ishga solinishining taraqqiy etgan bo‘lishi muhimdir.
Qobiliyatli, tajribali o‘qituvchi materialni bayon qilish mazmunini va shaklini, o‘z fikrini (yoki o‘quvchi fikrini) diqqat bilan kuzatadi, ayni vaqtda barcha o‘quvchilarni o‘z diqqat-e’tiborida tutadi, toliqish, e’tiborsizlik, tushunmaslik alomatlarini hushyorlik bilan kuzatib boradi, barcha intizom buzilish hollarini e’tibordan qochirmaydi, nihoyat o‘z shaxsiy xatti-harakatlarini (mimikasi, pantomimikasi, yurish-turishini) ham kuzatib boradi.
10. Konstruktiv qobiliyat - o‘quv-tarbiya ishlarini rejalashtirish va natijasini oldindan aytish qobiliyati. Bu qobiliyat o‘quvchi shaxsining rivojini loyihalashga, o‘quv-tarbiya mazmunini, shuningdek, o‘quvchilar bilan ishlash metodlarini tanlab olishga imkon beradi.
11. Gnostik qobiliyat – tadqiqotga layoqatlilik bo‘lib, o‘z faoliyatini, bu faoliyat jarayonini va uning natijalarini tekshirish hamda o‘rganish natijalariga muvofiq faoliyatni qayta qurish qobiliyatidir.
Pedagogik qobiliyatlarni har tomonlama o‘rganish qobiliyatlar shaxsning aql-idroki, his-tuyg`usi va iroda sifatlarining namoyon bo‘lishidan iborat ekanligini ko‘rsatdi. Pedagogik qobiliyatlar umumiy qobiliyat: masalan, adabiy va ilmiy ijod qilish, loyihalash qobiliyatlari bilan bog`langan. Ular o‘qituvchi faoliyatining samaradorligini oshiradi. Bunday o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilarini (talabalarni) ana shu faoliyatga jalb qila borib, ularga ta’lim va tarbiya berishda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar.



Yüklə 37,78 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə