Pirimqul Qodirov O‘zbekiston xalq yozuvchisi, tarixshunos, fan arbobi. Tarjimai holi



Yüklə 61,02 Kb.
səhifə3/3
tarix22.03.2024
ölçüsü61,02 Kb.
#181588
1   2   3
QODIROV PRIMQUL

Yulduzli tunlar romani haqida
Birinchi qism QUVA QIL USTIDA TURGAN TAQDIRLAR Milodiy 1494-yilning yozi. Saraton issig‘ida Far-g‘ona vodiysining osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni bo‘yi havoni dim qilib turdi-yu, kechki payt birdan jala quyib berdi. Qizil tuproqli tepaliklar orasidan o‘tib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qo‘shib oqizilgandek qip-qizil bo‘lib ketdi. Soy bo‘yidagi majnuntollar panasida biryigit bilan qiz shivirlashib gaplashmoqda edi. – Robiya, inon, men tirik bo‘lsam, senga balo-qazoni yo‘latmasmen! – Tangrim sizni ham panohida asrasin, Tohir og‘a!.. Yog‘iyning ming-ming askari bor. Qaysi biriga bas kelursiz? Ana, qochqinlarga qarang!.. Tohir orqasiga o‘girilib, Quvasoyning quyi tomonlariga ko‘z yugurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan o‘tgan uzun yog‘och ko‘prik bor edi. Ko‘prikdan chumoliday behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib o‘tib kelayotgani yomg‘ir pardasi orasidan elas-elas ko‘zga chalinardi. Samarqand podshosi Qo‘qonni bosib olib, qo‘shiniga talatgan va Marg‘ilonga hujum qilgan edi. Bosqinchilar shaharu qishloqlarni talash bilan qanoatlanmay, ko‘hlik qizlarni cho‘rilikka olib ketishar edi. Buning hammasini eshitgan odamlar yovdan qochib, tinch joy izlab bormoqda edilar. – Ulusning sho‘ri qursin! – dedi Tohir. – Kasofat podsholar urushmay turolmasa. Biridan qochsang, boshqasiga tutilsang. Undan ko‘ra qochmaymiz! Tavakkal. Peshonaga bitilgani bo‘lur! Tohir yomg‘irda ho‘l bo‘lib, badaniga yopishib turgan qalami yaktak ustidan xanjar taqib olgan edi. Robiya xanjarga qo‘rqa-pisa ko‘z tashladi-da: 6 – Qaydam, – dedi. – Otamlar meni qo‘rg‘onga eltib qo‘ymoqchilar. – Qaysi qo‘rg‘onga? – Andijon qo‘rg‘onida amakim borlar-ku. Tohir Robiyaning hoziroq jo‘nab ketishidan cho‘chiganday uning bilagidan oldi. Ilgarilar hurkovich ohudek tutqich bermaydigan Robiya hozir allanechuk yuvosh bo‘lib qolgan edi. Uning xina qo‘yilgan qo‘llari gulday chiroyli. Boshiga otasining qora jun chakmonini yopinib chiqqan ekan. Yomg‘irda ho‘l bo‘lib og‘irlashgan chakmon uning nozik bo‘yniga og‘irlik qildi. Robiya chakmonni yelkasiga tushirdi. Shunda yoqasining bitta bog‘ichi yechilib ketdi-yu, qizg‘ish marmarday silliq bo‘ynining pasti ko‘rindi. Yashil nimchasi o‘n yetti yoshlik qizlardagina bo‘ladigan tolma belidan quchib, qattiq ko‘kraklarini mahkam chirmab turar edi. Bolalikdan Robiya bilan devordarmiyon qo‘shni bo‘lib o‘sgan Tohir uning qanchalik jozibali qiz ekanini, bosqinchi bek va navkarlar mana shunaqa qizlarga qanchalik o‘ch bo‘lishini go‘yo endi astoydil his qildi. Bu yil bahorda ota-onalari ularni unashtirib qo‘ygan paytlarida ham Robiya Tohirga hozirgichalik chiroyli ko‘rinmas edi. Ramazon oyi o‘tgandan keyin ularning to‘ylari bo‘lishi kerak. Tohir Robiya bilan hademay bir yostiqqa bosh qo‘yishlariga ishonib, bexavotir yurgan edi. Biroq endi urush dovuli Quvaga yaqinlashib kelayotgan shu xatarli damlarda Robiya unga har qachongidan ham aziz, har qachongidan ham g‘animat ko‘rindi. Tohir Robiyaning Andijon qo‘rg‘onida birorta bo‘yni yo‘g‘on bekning tuzog‘iga ilinib qolishi mumkinligini o‘yladi-yu: – Yo‘q! – dedi. – Meni desang qo‘rg‘onga borma! Robiya Tohirning baxmalday mayin mo‘ylovi tagida xiyol titrab turgan labiga va iztirob bilan chaqnayotgan qo‘ng‘ir ko‘zlariga tikildi. – Mening ham sizdan yiroqqa ketkim yo‘q... Lekin neqilay... Qo‘rqamen!.. Tohir qizni chakmon bilan birga quchib, bag‘riga bosdi. Robiyaning mayin soch tolalari yigitning yuziga tegdi, bir lahza ikkovining nafasi nafasiga qo‘shilib ketdi. Tohir qizning badani titrayotganini sezdi-yu: – Chindan qo‘rqqaningmi bu, Robiya? – dedi. – Senga ne bo‘ldi?.. – Men bir vahimali tush ko‘rdim, Tohir og‘a! Ilohi tushim o‘ng kelmasin!.. 7 Endi Tohir ham xavotirlanib, qizni quchog‘idan bo‘shatdi-da, uning katta-katta bo‘lib ketgan ko‘zlariga qaradi: – Yomon tushmi? – Aytishga ham tilim bormaydir. – Tushga nelar kirmas!.. Ayt!.. Mayli... – Sizni bir qora ho‘kiz xanjarday shoxlari bilan suzib... Yo‘q! Yo‘q! Eslasam, etim junjikib ketadir! Tohir yomon bir falokatni oldindan sezganday yuragi uvushdi: – Shoshilmay gapir! Suzgan bo‘lsa, qon oqdimi? – Qon? Ha, ha.. Qon tirqirab ketdi. – Unday bo‘lsa qo‘rqma. Tushdagi qon – yorug‘lik. Otam doim shunday deydi. – Tangrim shu ta’birni rost keltirsin! Tohir og‘a, men... Agar Andijonga siz bormasangiz... men ham ketmasmen. Neki bo‘lsak, shu yerda... birga... Majnuntol barglari orasidan sirqib tushayotgan yomg‘ir tomchilari qizning payvasta qoshlariga, tig‘iz kipriklariga tekkan. Tohirning nazarida, Robiya yomon bir baxtsizlik bo‘lishini hozirdan sezib, ko‘ziga yosh olayotgandek ko‘rinardi. – Mendan ko‘p xavotirlanma, Robiya. Men bir dehqon odammen. Havo ochilsa, dalaga chiqib qo‘shimni haydaymen. O‘rog‘imni o‘ramen. Yog‘iyning menga ne ishi bor? Lekin sen... ehtiyotingni qil. Andijon qo‘rg‘onida amakilaring bor... – Andijonda sizning ham mulla tog‘oyingiz borlar-ku! Yo birga ketaylikmi? Tohir o‘ylanib qoldi. Uning Andijonda me’mor bo‘lib ishlaydigan Fazliddin tog‘asi el orasida tanilgan mashhur odam. Quvasoy botqog‘ining ustidan o‘tgan mana shu uzun yog‘och ko‘prik ham mulla Fazliddin chizib bergan tarh bo‘yicha qurilgan. Andijon arkida mulla Fazliddin samoviy naqshlar va koshinlar bilan bezab qurgan devonxona tojdor Umarshayx mirzoga ma’qul bo‘lgandan keyin unga to‘bichoq ot va bir hamyon oltin in’om qilganini Tohir ham eshitgan. U tog‘asining shahar qo‘rg‘onidan tashqaridagi Bog‘ot mahallasida turishini biladi. Mulla Fazliddin Quvada turgan paytlarida Tohirga xat- savod o‘rgatgan edi. Endi jiyani panoh istab borsa, qanoti tagiga olishi mumkin. Lekin bu yerda chol-kampirlar nima derkin? Tohir – yolg‘iz o‘g‘il, javob bermasliklari mumkin. U Andijonga Robiya tufayli borishini esa ota-onasiga aytishdan uyaladi... Balki buni Robiyaning akasi Mahmud aytar? – Robiya, mayli, iloji bo‘lsa, Andijonga birga keturmiz. Lekin dadamlarni ko‘ndirish oson emas... Mahmud og‘ang eshikdami? 8 – Do‘konga chiqqan edilar. Iftorgacha kelurlar. Nima edi? – Iftordan so‘ng biznikiga o‘tsin. Maslahat bor. – Xo‘p, men aytamen. Robiya yuzini Tohirning keng ko‘kragiga bosdi: – Tangrim bizni bir-birimizga ko‘p ko‘rmasin! – dedi-da, majnuntol shoxlari orasidan chiqdi. Soy bo‘yida turgan bo‘sh mis ko‘zani yomg‘ir tomchilari chertibchertib qo‘yadi. Robiya ko‘zaga qarab suvga kelganini esladi va uni to‘ldirib, uylari tomon ko‘tarib ketdi. Qalliqlar odamlarning ko‘zidan yiroqda – yashiriqcha uchrashib yurar edilar. Qiz uzoqlashib ketgandan keyin Tohir ham majnuntollarning panasidan chiqdi. Shunda Robiyaning tushiga kirgan qo‘rqinchli voqea uning esiga tushdi-da, noma’lum bir xatar vujudiga larza solib o‘tdi... Bu yilgi ro‘za yoz chillasiga to‘g‘ri kelgan, jazirama kunlarda tong sahardan kechqurun qorong‘i tushguncha tuz totmay och yurish ko‘p odamning sillasini quritar, buning ustiga tashnalik azobi qo‘shilardi. Ro‘zadorlar kunni qanday kech qilishlarini bilmay, tezroq qosh qorayishini intizorlik bilan kutishardi. G‘ira-shira qorong‘ilikda Quva masjidining minorasidan azon tovushi eshitildi. Urush tahlikasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, dasturxon atrofiga yig‘ilgan odamlar ro‘zasini ochayotgan paytda ochlik va tashnalikdan qiynalgan vujudlari rohatlanib, dunyo g‘amlari birpasga bo‘lsa ham xayollaridan uzoqlashdi. Tohir keksa ota-onasi bilan birga iftor qilmoqda edi. Dasturxondan sedanalik issiq non va handalak hidi keladi. Non yeb, bir kosadan qatiqli osh ichganlaridan keyin Tohir Andijonga ketish haqidagi gapning uchini chiqarishga chog‘landi. Shu payt kimdir qamchi dastasi bilan darvozani taqillatdi. Hovlida yotgan keksa ko‘ppak it yo‘g‘on va xirri tovush bilan vovulladi. Tohir o‘rnidan turgan edi, otasi: – Ehtiyot bo‘l! – dedi ovozini pasaytirib. – Avval kimligini so‘rab bil. Tashqarida yomg‘ir tingan, lekin osmon bulutli, qorong‘ilikda hech narsani ko‘rib bo‘lmas edi. Tohir darvozaxonaga yaqin borib:
Kim? – deb so‘radi. Ko‘ppak qattiqroq hura boshladi. Tashqaridagi odam ovozini balandlatib: – Tohir, jiyan? – deb so‘radi. – Och, men tog‘o-yingmen! Tohir tashqaridagi ovozni tanib, ochiq darcha orqali ichkariga: – Aya, Fazliddin tog‘oyim! – dedi-yu, chopib borib darvozaning zanjirini tushirdi. Ichkaridan chiqqan chol-kampirlar mehmon bilan ko‘rishayotganda Tohir qorayib turgan ikki g‘ildirakli soyabon aravani ko‘rdi. Aravaga qo‘shilgan otning egari ustidan kimdir paypaslanib tushmoqda edi. – Mulla tog‘a, arava sizdanmi? – Ha, jiyanim. Ko‘ch-ko‘ronim bilan keldim. – Shunaqami? – dedi Tohir hayron bo‘lib. Uning ko‘nglida boya tog‘asini ko‘rganda yongan quvonch endi tashvishli o‘ylar bilan almashindi. Tohirning Andijondagi panohi – mana shu tog‘asi edi. Tog‘asi ko‘chib kelgan bo‘lsa, Tohirning qo‘rg‘onga boradigan yo‘li bekilgani shu. Robiya nima bo‘ladi? – Tohir, nega ag‘rayib turibsan? Yuklarni tushirishgin! – dedi onasi. – Mullo tog‘oying yomg‘irda ko‘p azob tortganga o‘xshaydir. – E, azob ham gapmi, opa! Arava loylarga tiqilaverib jonimizdan to‘ydirdi. Yo‘llar tirband. Qochoqlar behisob. Tohir aravadan yuk tushirayotib, otning sag‘risiga qo‘li tegib ketdi. Shunda qo‘liga shilimshiq loy ilashganini sezdi. Loy otning sag‘risigacha chiqqan bo‘lsa, bu bechoralar kela-kelguncha qanchalik qiynalganikin? Hamma yovdan qochib Andijonga qarab ketayotganda, bu-lar nega Quvaga ko‘chib kelganikin? Tohir qanor qopga solingan yukni aravadan tushirmoqchi bo‘lganda tog‘asi: – Hushyor bo‘l, juda og‘ir, ikkovlashib ko‘taringlar,– dedi aravakashga. Tohir qopning ichida uncha katta bo‘lmagan po‘lat sandiq borligini sezdi. Mulla Fazliddin o‘tda kuymaydigan, suv kirmaydigan bu sandiqni Quvaning temirchi ustalariga buyurtma berib yasattirgan edi. Uning ichida tarhlar, loyihalar, suratlar saqlanardi. Mulla Fazliddin uch yil Samarqandda, to‘rt yil Hirotda tahsil ko‘rgan, o‘sha yoqdan me’morlik san’ati bilan birga musavvirlik*ni ham o‘rganib kelgan edi. Hirotda jangnomalar ichiga suratlar chizish odat tusiga kirgan, mavlono Behzod chizgan Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro tasvirlari rasmiy doiralarda shuhrat topgan, lekin Samarqandda, xususan, Farg‘ona vodiysida odam shaklini chizish hali ham qur’on nomidan qattiq taqiqlanib kelmoqda edi. Shuning uchun mulla 10 Fazliddin o‘zi chizgan suratlarini mana shu po‘lat sandiqda doim maxfiy saqlar edi. Tohir qopdagi po‘lat sandiqni aravakash bilan ko‘tarishib uyga olib kirishdi. Mulla Fazliddin ho‘l bo‘lib og‘irlashgan piyozi chakmoni va etigini dahlizda yechib qoldirdi. Oyog‘iga charm kavush kiyib, obrez chetida bet-qo‘lini yuvdi. So‘ng boya Tohirlar o‘tirgan dasturxonlik uyga kirdi. Uning chakmonidan o‘tgan yomg‘ir kalta yenglik abosini nam qilgan edi. Lekin yoz oqshomi iliq bo‘lganligi uchun kiyim almashtirish esiga kelmadi. Yo‘lda qattiq toliqqanligi uchun durust ovqat ham yemadi. Faqat bir-ikki tilim handalak yediyu uch-to‘rt piyola choy ichdi. Aravakash yigit ikki kosa to‘la qatiqli osh ichgandan keyin otlariga qarash uchun hovliga chiqib ketdi. – Obbo! Mulla Fazliddin-ey! – dedi Tohirning otasi uzun oq soqolini o‘ychan ezg‘ilab. – Zap kelibsizda. Shu notinch kunlarda birga bo‘lganimizga ne yetsin! – Hamma yog‘iydan qochganda biz ajdahoning komiga yaqin kelib qolganimiz g‘alati bo‘ldi, – deb mulla Fazliddin jiyaniga ma’yus ko‘zlari bilan qaradi. – Biron sabab bilan kelgandirsiz-da, mulla tog‘a?– so‘radi Tohir. – Sabab shukim, jiyan, urush boshlansa, qurilish to‘xtaydi, me’morning keragi bo‘lmay qoladir... – Ie, axir, sizni podshoning o‘zi xizmatiga olgan emasmidi? – Podsho Axsi qo‘rg‘onida mudofaa bilan ovora. Toshkent xoni Mahmudxon ham Xo‘jand tomondan bizga qarshi qo‘shin tortib kelmoqda emish. Qashqar hokimi Abubakir dug‘lat degan yana bir bosqinchi sharqdan O‘zganning ustiga bostirib kelmishdir. Tohirning keksa otasi qo‘rqib, yoqasini ushladi: – Yo tavba! Bu yoqda Samarqand qo‘shini... Uch tomonimizdan yog‘iy bostirib kelibdimi, a? Bu ne ko‘rgulik, mulla Fazliddin? Axir bu podsholar sal murosa qilsalar bo‘lmaydimi, a? Hammasi bir-biriga qarindosh emish-ku.Shu rostmi? – Ha, rost. Toshkent xoniga bizning podshomiz kuyov bo‘ladir. Qo‘qonni talab, bizning ustimizga qo‘shin tortib kelayotgan Samarqand podshosi Sulton Ahmad mirzo esa bizning podshomiz bilan bir otadan bo‘lgan og‘a-inidirlar. Yana bu ikki podsho bir-birlariga quda bo‘lmoqchi edilar. Samarqand podshosining qizi bizning valiahdimiz Bobur mirzoga besh yasharligidan unashtirib qo‘yilgan edi. Shundan bilingki, og‘a iniga, qaynota kuyovga qarshi qilich ko‘tarib chiqmishdirlar! 11 – Yo poka parvardigor! Oxirzamon degani shumikin, mulla Fazliddin? – Bilmadim, pochcha. Har qalay, yomon tojdorlarning zamonasi oxirlab qolayotganga o‘xshaydir. Koshki, o‘zlari bilan o‘zlari olishib, bizni tinch qo‘ysalar! Urushning butun jabru jafosi el-ulusning boshiga tushadir. – Sho‘rimiz bor ekan-da! – Ha, tole bo‘lmasa qiyin ekan! Men ne-ne orzular bilan ilm-hunar o‘rganib kelgan edim! Vatanimiz bo‘lmish Farg‘ona vodiysida Samarqanddagidek, Hirotdagidek madrasalaru ko‘rkam obidalar qurmoqchi edim. Bu saltanatu podsholardan ne qolur? Hammasi nom-nishonsiz ketgay! Bizdan yodgorlik bo‘lib qolsa Ulug‘bek madrasasidek, Navoiy Unsiyasidek san’at asarlari qolur! Mulla Fazliddin og‘zidan chiqib ketgan so‘nggi gaplardan xavotirlanib, eshik tomonga qarab qo‘ydi. Uning saroy ahliga yaqin yurib, ayg‘oqchilardan yurak oldirib qo‘yganini Tohir ham sezdi. – Mulla tog‘a, so‘zlayvering, bu yerda hamma o‘z-o‘zimiz... Andijon qo‘rg‘onidan nechun sizga joy bermadilar? Mulla Fazliddin so‘nggi kunlarda boshdan kechirgan mudhish hodisalarni eslab, bir lahza og‘ir sukutga ketdi... O‘tgan kuni xufton paytida mulla Fazliddin o‘zlaridan besh-olti uy narida turadigan bir xattot oshnasinikida iftor qilib o‘tirganda qandaydir noma’lum kishilar uning uyiga bostirib kiradi. Hovlidagi it vovullab qo‘ymaganda uni qilich bilan chopib tashlaydilar. Bugun bu yerga aravani minib kelgan xizmatkor yigitning og‘ziga latta tiqib, qo‘l-oyog‘ini bog‘laydilaru qaznoqqa tashlaydilar. So‘ng uyga kirib, tintuv o‘tkazadilar va po‘lat sandiqni ko‘radilar. Lekin uni ochishning ilojini topolmay, qulfini bolta bilan urib sindirishga kirishadilar. Qilich bilan chopilgan it qattiq vangillaganda devordarmiyon qo‘shnilar bir falokat bo‘lganini sezadilar. Ulardan biri chiqib mulla Fazliddindan xabar olmoqchi bo‘lsa, darvoza qarshisidagi daraxt panasida bir odam to‘rtta otning jilovidan ushlab turibdi. Uning yuzi qora niqob bilan bekitib olingan, faqat ko‘zlari ko‘rinadi. Ichkaridan esa po‘lat sandiq qulfiga urilayotgan bolta tovush eshitiladi... Mulla Fazliddinga qadrdon bo‘lgan qo‘shni uning uyiga yomon odamlar tushganini sezadi-yu, darhol xattotnikiga chopadi. Undan voqeani eshitgan mulla Fazliddin uyiga yugurib keldi. 12 Po‘lat sandiqning qulfini sindirib ochib, undagi qog‘ozlarni titkilayotgan bosqinchilar uy egasini ko‘rib, darchadan ayvonga sakrashdi. – To‘xta, nobakor! – deb mulla Fazliddin bittasining qarshisidan chiqqan edi, yuziga qora niqob tutgan ayiqday zo‘r yigit uni yelkasi bilan urib chetlatdi-da, ko‘chaga otildi. Boshqalari ham ko‘chadagi otlariga minib, bir lahzada g‘oyib bo‘lishdi. Mulla Fazliddin ularni quvlab yetolmasligini sezdida, to‘sto‘polon bo‘lgan uyga qarab intildi va ochiq yotgan po‘lat sandiqning tepasiga keldi. Tokchada qo‘shaloq sham yonib turibdi. Uning yorug‘ida aralash-quralash bo‘lib ketgan, ba’zi joylari yirtilgan loyihalarva chizmalar ko‘zga tashlandi. Sandiq ichida podshoh in’om qilgan oltinning bir qismi hamyoni bilan turgan edi. Shu yo‘q. Lekin hozir mulla Fazliddinning ko‘ziga oltin ham ko‘rinmas edi. Uning butun xayoli sandiq tubidagi maxfiy tagqutini bekitib turgan silliq mis parchasida edi. Uni chapga sekin surgan edi, tagqutining kalit solinadigan joyi ochildi. Mulla Fazliddin atrofiga alangladi – uyda boshqa odam yo‘q, qo‘shnisi qaznoqdagi xizmatkorning oyoqqo‘lini yechish bilan ovora edi. Mulla Fazliddin qo‘ynidan kichkina kalit olib, tagqutining qulfiga soldi. Qulf ochilgandan keyin tagqutining mis qopqog‘ini sekin ko‘tardi-yu, yupqa jild ichidagi suratlarni ochib ko‘rdi... Keksa bog‘bonning daraxt payvand qilayotgan payti... Chilmahram tog‘laridagi ovtasviri... Eng pastda chang chalayotgan go‘zal bir qizning surati... Bu – Umarshayx mirzoning qizi. Andijon chorbog‘ida podshoh oilasi uchun tillakori ko‘shk qurgan paytlarida o‘n sakkiz yoshlik Xonzoda begim uning musavvir ham ekanligini bilib qolib, o‘zining suratini chizdirgan. Mulla Fazliddin bu ishni yashiriqcha qilgan. Agar shariat peshvolari uning odam suratini chizganini bilib qolishsa, sog‘ qo‘yishmaydi. Yana tag‘in go‘zal malika bilan yashiriqcha til biriktirib surat chizgani qizning podshoh otasiga ma’lum bo‘lsa bormi, mulla Fazliddinni tilka-pora qilib tashlashlari hech gap emas. Shu sababli hozir uni eng qattiq qo‘rqitgan narsa– bu suratning bosqinchilar qo‘liga tushib qolish ehtimoli edi. Xayriyatki, ular sandiq tagida maxfiy tagquti borligini sezishmabdi. Lekin sandiqni otlariga o‘ngarib ketishsa nima bo‘lardi? Unda tagqutidagi suratlarni ham albatta topib olishardi!.. Xizmatkor yigit sal o‘ziga kelgandan so‘ng, mulla Fazliddin undan va qo‘shnisidan voqeaning tafsilotlarini so‘rab bildi, o‘zining 13 ko‘rganlariga buni taqqoslab, shunday xulosaga keldiki, uning uyiga tushganlar – oddiy o‘g‘rilar emas, balki qaysi bir zo‘ravon bekning yigitlari. Ular uyni tintib nimani qidirishgan? Tarhlarni tashlab ketishibdi. Demak, suratlarni izlashgan... Mulla Fazliddinning surat chizishini biladigan odam... unda qasdi bor bekyuborgan bo‘lishi kerak bu yigitlarni!.. Iztirobli o‘ylar tuni bilan mulla Fazliddin ko‘ziga uyqu qo‘ndirmadi. Urushning alg‘ov-dalg‘ovida tobora bo‘yni yo‘g‘on bo‘lib ketayotgan bebosh beklar esiga tushgani sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi. Andijonlik beklardan Hasan Yoqub degani shu yili bahorda mulla Fazliddinni chorbog‘iga chaqirtirib, katta bir ish topshirmoqchi bo‘ldi. – Mirzo hammomidan ham ulkanroq bir hammom qurdirmoqchimen... Yozda salqinlaydigan marmar xo-nalari bo‘lsin... – Yoqubbek ovozini pasaytirib davom etdi. – Chiroylik asira qizlar sotib olg‘aymen. Oltinim yetarli. O‘sha qizlar hammomning marmar hovuzida cho‘milganda men o‘ltirib tomosha qiladigan maxfiy tuynuklari ham bo‘lmog‘i lozim. Uqdingizmi? – deb Yoqubbek xaxolab kuldi-da, gapning xulosasini ayt-di.– Ana shu hammomning tarhini o‘zingiz chizing. Qurilishiga ham siz sarkor bo‘ling. Qancha haq tilasangiz beray. Xo‘pmi? Me’morlikni muqaddas bir san’at deb ishongan mulla Fazliddin Yoqubbekning shahvoniy niyatlarini eshitib nafrati keldi: – Janob bek, uzr, men harom ishdan qo‘rqamen!.. – Nimasi harom?.. Men hammomni o‘z aqchamga qurdirgaymen! – Hammomga maxfiy tuynuklar qo‘yib quradigan sarkorlar boshqa... Siz o‘shalarga murojaat qiling. Menga Mirzo hazratlari pokiza bir dargoh qurdirmoqchilar. Shu kunlarda madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Ruxsat eting, men boray... O‘rinlaridan turganda Yoqubbek mulla Fazliddinga o‘qrayib ko‘z tikdi: – Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me’mor. Aks holda... – Albatta, bu gap shu yerda qolur! Lekin siz ham mendan ozurda bo‘lmang. Ora ochiq! Ma’qulmi, janob bek? – Ma’qul! Mulla Fazliddin shu bilan bu bo‘yni yo‘g‘on bekdan qutuldim, deb o‘ylagan edi. Lekin bundan o‘n besh kuncha burun Ahmad Tanbal degan bir badavlat bek mulla Fazliddinni so‘roqlab, kechki payt uning 14 uyiga keldi. Ikkovlari xoli qolganda Ahmad Tanbal cho‘ntagidan bir hamyon oltin oldi-da, mulla Fazliddinga uzatdi: – Taqsir, mana shu oltinni olingu bitta surat chizib bering. – Qanaqa surat? Yoshi yigirma beshlardan oshgan bo‘lsa ham, yuziga hali durust soqol chiqmagan, ko‘sanamo Ahmad Tanbal og‘zini me’morning qulog‘iga yaqinlashtirib shivirladi: – Malikamizning surati kerak menga! – Qaysi malikamiz? – sergaklanib so‘radi mulla Fazliddin. – Chorbog‘da tillakori ko‘shk qurganingi da ko‘rgansiz... Xonzoda begim... O‘zi ham sizning san’atingizga ixlosmand emish-ku... Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. Nahotki bu bek po‘lat sandiqdagi suratdan xabardor bo‘lsa! – Kim sizga shunday dedi?.. Men me’mormen... Men faqat imoratlarning suratini chizamen... – Mendan yashirmang, janob me’mor! Men shariat peshvosi emasmen. Surat chizishni bizda man qilganlariga men ham qarshimen! Hirotda Shohruh mirzo Boysunqur mirzo uchun qurdirgan saroyning devorlari go‘zal qizlar surati bilan bezalgan ekan. To‘g‘rimi? – To‘g‘ri-yu, lekin... Har joyning o‘z toshu tarozisi bor. Agar Xonzoda begimning surati haqida siz aytgan gapni podshoh hazratlari bilib qolsalar, nima bo‘lishini o‘ylaysizmi? – Bilmagay! – deb shivirladi Ahmad Tanbal. – Ikkovimizdan boshqa hech kim ogoh bo‘lolmagay! Xo‘p deng! Mang, oltinni oling! – Shoshmang, bek. Meni surat chizadi, deb sizga kim aytdi?.. – Eshitdik-da! – Kimdan?.. Hasan Yoqubbekdanmi?.. – Hasan Yoqubbek bir bog‘bondan eshitgan ekan... «Demak. Ahmad Tanbalning bu yerga kelganidan Hasan Yoqubbek xabardor! – o‘yladi mulla Fazliddin.– Bular birgalashib meni qo‘lga tushurmoqchi bo‘lsa kerak. Sendek qurbaqataxlit bek uchun Xonzoda begimning suratini chizib berib men ahmoq emasmen!». – Janob Ahmadbek, kamina bog‘larning suratini chizganda bir chetiga bog‘bonni ham tasvirlashim mumkin. Me’morlik san’ati buni inkor etmaydi. Ammo malikaning suratini chizish uchun menda na san’at bor, na haq va na jur’at! – Xullas, mening so‘zimni yerda qoldirmoqchimisiz? – Boshqa ilojim yo‘q. Meni ma’zur tuting, janob bek. Bunday taklif bilan kelish siz uchun ham xatardan xoli emas!
E, men buzdillardan emasmen! – deb Ahmad Tanbal qahr bilan o‘rnidan turdi va yirik tishlarini irjaytirib qo‘shib qo‘ydi: – Lekin siz mening shaxtimni qaytarganingiz uchun hali pushaymon bo‘lursiz! Bu tahdid mana endi to‘rtta bosqinchining qiyofasiga kirib, qorong‘ida uning uyiga bostirib kelgan bo‘lsa ajab emas. Qurolsiz, navkarsiz mulla Fazliddin Ahmad Tanbalday yuz-ikki yuztadan qurolli yigitlari bor beklarga qanday bas keladi? Lekin «bo‘lari bo‘ldi», deb indamay yuraversa, bu quturgan bek ertaga beshbattar yomonliklar qilishi mumkin emasmi? Mulla Fazliddin ertalab podshoh in’om qilgan to‘bichoq otni mindi-da, shahar dorug‘asi* qabul qiladigan mahkamaga yo‘l oldi. Uzun Hasan ismli ingichka, novcha dorug‘a askarlikka odam olish va shaharni yaqinlashib kelayotgan dushmandan himoya qilish tashvishi bilan band ekan. Mulla Fazliddinning arzini qayoqqadir ketmoqchi bo‘lib shoshilib turgan paytda tingladi-da: – Tarhlaringizga tegmay, hamyoningizni olib ketgan bo‘lsa, bu – to‘qaydan chiqqan o‘g‘rilarning ishi, – dedi. – Yog‘iy tashvishidan qutulsak, to‘qaylarni o‘g‘rilardan tozalagaymiz... Hozir ahvolni ko‘rib turibsiz!.. Qo‘l qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorug‘aga yaqinroq keldi: – Mening boshqa gumonim bor, janob dorug‘a, – dedi. So‘ng Ahmad Tanbalning surat chizdirmoqchi bo‘lganini, rad javobi olganda esa achchiqlanib ketganini aytib berdi. – Kimning surati? – deb dorug‘a qiziqib qoldi. Mulla Fazliddin Xonzoda begimning nomini tilga olishga qo‘rqdi. – Parilar suratimidi? Yaxshi tushunmadim. – Sandig‘ingizda parilar surati bormidi? Bosqinchilar shuni olib ketibdirmi? – Surat o‘zi bo‘lmasa neni olib ketsin! Men hazrati oliylari buyurgan madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Suratkashlikka vaqtim yo‘q. Sandiqda xomaki loyihalarim bor edi, xolos. – Ular joyida qolganmi, axir? Undoq bo‘lsa Ahmadbekdan nechun gumonsiramoqdasiz? – Sababini aytdim, janob dorug‘a! Taftish o‘tkazishingizni so‘raymen! – Ahmadbek – sultonlar avlodidan ekanini unutgan bo‘lsangiz, men eslatib qo‘yay. Hazrati oliylarining katta xotinlari Fotima begim Ahmadbekka qarindosh bo‘lurlar. Fotima begimning chaqirig‘i bilan 16 Sulton Ahmadbek bugun azonda poytaxtimiz Axsiga ketdilar. «Agar o‘sha bek sandiqdagi suratlarni qo‘lga tushirsa, Axsiga eltib, podshoh oilasiga ko‘rsatmoqchi bo‘lganmi?– degan o‘y mulla Fazliddinning ichini muzlatib o‘tdi. – Bular mening qonimga shunchalik tashnami? Balki Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham shu surat orqali qo‘lga tushirmoqchidir? Hali uylanmagan bu bek podshoga kuyovva Xonzoda begimdek go‘zal qizga er bo‘lishni jon-dili bilan istasa kerak!» O‘rgimchak to‘riga o‘xshash yopishqoq bir balo atrofini o‘rab kelayotganini sezgan mulla Fazliddin jon-jahdi bilan bu to‘rni yirtib chiqib ketishga urindi: – Janob dorug‘a, men sizdan adolat istab keldim! Podshoh hazratlari meni sizning himoyangizga topshirgan edilar! Agar bosqinchilarni topib jazo bermasangiz, men podshoh hazratlarining huzurlariga panoh istab ketishga majbur bo‘lurmen! – Ammo shuni bilingki, janob me’mor, hazrati oliyning huzuriga sizdan ham oldin ba’zi bir gaplaringiz yetib borishi mumkin! – Ya’ni, qaysi gaplarim, janob dorug‘a? – Ba’zi me’morlar o‘zlarini podshohlardan ham baland qo‘yarmishlar. «Bu taxtu saltanatlar benomu nishon yo‘qolur, faqat me’moru musavvirlar yaratgan zo‘r san’at asarlari tirik qolur», degan gustoxona aqidalar bizga ma’lum! – Mulla Fazliddin bugun Quvada pochchasining uyida bexosdan aytib yuborgan bu e’tiqodini boshqa ishongan odamlariga ham aytgan paytlari bo‘lgan edi. Ana shu ishonganlaridan allaqaysisi ayg‘oqchilik qilib, bu gapni dorug‘aga yetkazganini, endi dorug‘a buni podshohga dasturxon qilib olib borishi mumkiligini sezdi-yu, badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin dorug‘aga sir boy berish qanchalik xatarli ekanini payqab: – Bu hammasi ig‘vo! – deb xitob qildi: – Janob dorug‘a, sizning ustingizdan ig‘vo qiluvchilar ham oz emas! Buni bilursiz! Men Andijonda neki bino qilgan bo‘lsam, hammasiga Mirzo hazratlarining nomlarini bitmoqdamen! Arkdagi devonxonani ko‘ring! Chorbog‘dagi ko‘shkni ko‘ring! Men ularning biror joyiga o‘z nomimni yozibmenmi? Qani, ig‘vogarlar dalil keltursinlar! Men hammasiga Mirzo hazratlarining muborak nomlarini bitganmen! Demak, tarixda mening nomim emas, Mirzo hazratlarining nomi qolsin, deganmen! Shundoqmi, yo‘qmi? Qani ayting! Dorug‘a bu mantiqli dalillarni rad etolmasdan: – Shundoqlikka shundoq, ammo... 17 – Ammosi yo‘q, janob dorug‘a! Siz meni bosqinchilardan himoya qilish o‘rniga, ayg‘oqchilarning tuhmatiga ishonadirgan bo‘lsangiz, men alhol Axsiga borib, Mirzo hazratlariga arz qilurmen!.. Uzun Hasan bu do‘qni pisand qilmay: – Mayli, boring, arz qiling! – dedi. – Lekin shuni bilingki, atrofimizni yog‘iy bosgan bu xatarli damlarda podshohga me’mordan ko‘ra navkar zarurroq! Ahmadbekdek, mendek jangovar beklar uchun podshoh hozir sizdeklardan qanchasining bahridan o‘tur! – Axsiga borganda ko‘rurmiz, – deb mulla Fazliddin mahkamadan shaxt bilan tashqariga chiqdi. Uning vajohati hoziroq Axsiga, podshoh huzuriga arzga boradiganga o‘xshardi. Lekin u otlanib uyiga qaytayotganda sal hovuridan tushdi-yu, Uzun Hasan aytgan so‘nggi gaplarda achchiq bir haqiqat borligini sezdi. Yov qurshovida qolayotgan Umarshayx mirzo bitta me’morni deb yuz, ikki yuzdan navkari bor zo‘ravon beklarga qarshi bormasligi aniq. Ahmad Tanbal bugun Axsida – shoh saroyida. Agar u mulla Fazliddinning malika suratini chizgani haqida gap tarqatsa... Lekin Ahmad Tanbal buni qanday payqaganikin? Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish uchun u bilan tillakori ko‘shkda pinhon uchrashganda buni zimdan ko‘rib qolgan kanizlar yoki savdarlar* bo‘lsa, Ahmad Tanbal shuning bir chetini eshitib, haligi hamyonni ko‘tarib kelganmikin? Bosqinchi yigitlarini ishga solib ham maqsadiga yetolmagan bu yovuz bek endi shoh saroyiga borib peshgirlik qilishi mumkin. Agar u o‘zi eshitgan mish-mishni haramdagi ayollar orqali podshohning qulog‘iga yetkazsa... Umarshayx mirzo bo‘y yetgan qizining qayoqdagi bir me’mor bilan yashi-riqcha uchrashib, surat chizdirganini o‘z sha’niga katta isnod deb bilishi aniq. Shoh iskovuchlari ishga tushirilsa, mulla Fazliddin yashirib yurgan suratni topib olib, Ahmad Tanbalning gapiga dalil qilish qo‘llaridan keladi. Ana undan so‘ng shoh qiziga isnod keltirgan musavvirni ming qiynoqlarga solib o‘ldirishlari turgan gap! Mulla Fazliddin Xonzoda begimning suratini chizish bilan nechog‘liq xatarli ishga qo‘l urganini endi astoydil his qildi. Agar surat qo‘lga tushsa, u qiz ham malomatga qoladi. Dunyo busiz ham tashvish-tahlikaga to‘la!.. Mulla Fazliddin tagqutidagi malika suratini titroq qo‘llar bilan jilddan oldi. Ig‘vogar ablahlarga dalil qoldirmaslik uchun buni yo‘q qilishi kerak! Mulla Fazliddin o‘choqda yonayotgan olovga yaqin bordi. Rangli bo‘yoqlar bilan ishlangan mo‘ ’jazgina suratdagi go‘zal qiz shu payt unga tirik bir odam bo‘lib ko‘rindi. Alanga 18 yolqinida qizning kipriklari, lablari bilinar-bilinmas nafis harakatlar qilayotganga o‘xshab ketdi. Qizning aqlni shoshiradigan jozibasi bor edi. Bu joziba mulla Fazliddinni har galgiday yana sehrlab oldi, boyagi tahlika xayolidan uzoqlashib, qalbida iliq tuyg‘ular uyg‘ondi. «Nahotki men bu qizga oshiq bo‘lsam? – hayrat ichida o‘ylandi mulla Fazliddin. – Qora xalq orasidan chiqqan menday bir suratkashning shoh qiziga muhabbat qo‘yishi kulgili emasmi? Yo‘q! Men faqat o‘zim chizgan suratga– o‘z ijodimga mehr qo‘yganmen, xolos! Boshim omon bo‘lsa, bunday suratni yana chizgaymen!» Shu o‘y bilan suratni o‘tga tashlamoqchi bo‘lib egildi. Qiz tasviri olovga yaqinlashganda yuzi qizarib bo‘g‘riqqandek, ko‘zlari esa chaqnab ketgandek ko‘rindi. Mulla Fazliddin tirik odamni o‘ldirayotgandek, seviklisini o‘tga tashlayotgandek seskanib orqaga chekindi. Ichki bir ovoz uni «Qo‘rqoqsen!» degandek jerkidi. «Dushmanlaring ustingga bostirib kelayotgani yo‘q-ku! Ahmad Tanbal ham Axsida. Bilib qo‘y, sen bunday go‘zal suratni ikkinchi marta chiza olmassen! Tasvirga bunchalik tirik joziba baxsh eta olganing– takrorlanmas bir ilhomning natijasi. Botir bo‘lsang, qutqarib qolursen!» Mulla Fazliddin suratni tagqutiga qaytarib soldi-yu, xizmatkor yigitni chaqirdi. – Ko‘chlarni yig‘ishtir! Aravani qo‘sh! Quvaga jo‘nagaymiz!.. Tez!.. Tezroq!.. Mana hozir opasining uyida o‘tirib, yuz bergan voqeani pochchasi bilan jiyaniga so‘zlab berar ekan, po‘lat sandiqda Xonzoda begimning surati borligini ularga ham aytmadi. Bu sirni u hech kimga bildirmoqchi emas edi... – Vo darig‘ ! – deb Tohirning otasi og‘ir ux tortdi:– Bizning suyangan tog‘imiz siz edingiz, mulla Fazliddin!.. Endi siz ham quvg‘inga uchragan bo‘lsangiz. – Nachora? Hammamizning ham taqdirimiz qil ustida turibdi! – Podshohga arzga borsangiz, dodingizga yetmasmikin, mulla tog‘a? – Bu to‘polonlar bosilsa, bir marta borib arz qilishim aniq. Agar dodimga yetsa yetdi, yetmasa, yana Hirotga qaytib keturmen! Alisher Navoiy Shifoiya degan bino qurdirmoqchi, deb eshitgan edim. Olamda biz uchun yongan yagona umid chirog‘i o‘sha siymo bo‘lib qoldi. – Hirot orzusini qilmang, mulla Fazliddin, Far-g‘onada ham hunaringizning qadriga yetadigan odamlar bor. Quvaning ko‘prigi sizning rejangiz bilan qurilgan edi. Xalq haligacha sizni duo qilib yuribdir. 19 – Xalq! Qani endi bu ko‘prikdan faqat xalq o‘tsa! Erta-indin bu ko‘prikdan yog‘iy qo‘shinlari o‘tib kelur! Xalqning boshiga yog‘iladigan balolarni o‘ylasam, bugungi jalalar selga aylanib, o‘sha ko‘prikni oqizib ketmaganiga afsus qilamen! Agar yog‘iy, bu tomonga o‘tolmasin deb, o‘sha ko‘prikni hozir yondirib yuborsalar, men jon deb rozi bo‘lur edim! «Chindan ham, – o‘yladi Tohir o‘zicha, – yog‘och ko‘prik. Yog‘ sepsa yonur. Yog‘iy faqat shu ko‘prikdan o‘tishi mumkin. Kechuv ham yo‘q. Hammayoq botqoqlik, qamishzor. Agar ko‘prik yondirilsa yog‘iy o‘tolmagay!» Tohir kutilmagan joydan najot yo‘lini topganday bo‘ldi. Tasavvurida gavdalangan yong‘in alangasidan go‘yo uning badani qizib ketganday tuyuldi. Robiyani balo-qazodan asraydigan eng zo‘r qalqon ana o‘sha olov bo‘lishi mumkin! Tohir qaltis istakdan ko‘zlari yonib otasiga qaradi. «Aytsammikin? Yo‘q! Rozilik bermas. Yolg‘iz o‘g‘ilmen. Tog‘am... nozik odam, aralashmagani ma’qul. Tavakkalchi yigitlardan topishim kerak!». Tohir sekin o‘rnidan turib, hovliga chiqdi. Osmonni to‘ldirgan bulutlarning yirtig‘idan birda-yarim yulduzlar ko‘rinib qoladi. Uylar chiroqsiz. Ko‘chalar sukutda. Ahyon-ahyonda kuchuklar hurgani eshitiladi. Iftorni qilib chiqqan Mahmud Tohirga darvoza oldida uchradi. Robiyaning akasi bo‘lgan bu kosib yigit Andijon qo‘rg‘oniga ketishdan gap ochgan edi: – E, bu niyatlar hammasi puchga chiqdi! – deb Tohir unga tog‘asidan eshitganlarini aytib berdi. Mahmudni ham birdan g‘am bosib: – Endi qaydan najot izlaymiz, e xudo! – dedi. – O‘zing uchun o‘l yetim, degan gap bor, Mahmud... Yur, darvozaxonaga kiraylik. Bir sir aytamen. Og‘zing-dan chiqarma! Ko‘prikni yondiramiz!.. – Qanday qilib? – hayrat bilan so‘radi Mahmud. Tohir unga o‘zining rejasini shivirlab tushuntirdi. – Yog‘ sepsak, yog‘och tez yongay. Bildingmi? – Jinni bo‘libsen! Ko‘prikda soqchilar bor-ku. – O‘zimizning beklar qo‘ygan soqchilarmi? Hali yog‘iy yaqin kelsa hammasi qo‘rg‘onga qochgay. O‘shanda biz... – Yo‘q, shoshma! Axsidan bizning podshomiz qo‘shin tortib kelayotgan emish. Bu ko‘prik hali o‘zimizga kerak!.. – Podshoying qo‘rg‘onidan chiqsa shu kungacha chiqar edi! Ana, Marg‘ilon ham boy berilibdi! Podshodan darak yo‘q!.. 20 – Bilmasam, kadxudo* guzarda ishontirib aytdi. «Podsho hazratlari yo‘lda, erta-indin himoyamizga yetib kelishlari aniq!» – dedi. – Chindan yo‘lga chiqibdimi-a? – Ha, o‘z qulog‘im bilan eshitdim! Bultur podshomiz yog‘iy bilan Xo‘janddan nari Xovosga borib urushgan ekan-ku. Quva Axsiga Xovosdan yovuqroq* emasmi? – Yovuqlikka yovuq-ku!.. Zora sen aytganing rost chiqsa-ya, Mahmud? – Ha, axir, ko‘prikka soqchilarni bekorga qo‘yganlarmi?.. Podshomiz erta-indin kelib jonimizga oro kirgay... Mana, ko‘rursen!.. Shu topda Tohirning ko‘nglida ham umid uchqunlaganday bo‘ldi. U qorong‘i osmonning uzoq bir chetida– Sirdaryodan narida joylashgan Axsi tomonga intizor ko‘zlar bilan tikildi.
Yüklə 61,02 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə