Pirimqul Qodirov Yulduzli tunlar 480. indd



Yüklə 1,78 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə16/39
tarix17.05.2023
ölçüsü1,78 Mb.
#110873
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   39
yulduzli tunlar 0

www.ziyouz.com 
kutubxonasi Davlat begim 
gap boshladi: – Shayboniyxon sulh taklif qilib odam yubormish! Sulh 
so‘zi Boburning qulog‘iga najot ohangiday eshitildi. Ammo najotni 
hech qachon Shayboniyxondan kutmaganligi uchun quloqlariga is-
honmay, ko‘zlarini buvisi bilan onasi-ga tikdi. Qutlug‘ Nigorxonim ne-
gadir qattiq iztirobga tushgan. Eson Davlat begimning qo‘lida zarhal 
hoshiyali qog‘oz. Kampir allanarsadan xijolat chekkanday bo‘lib:

Xonning nomasi, – dedi-da, qo‘lidagi qog‘ozga istar-istamas 
qarab qo‘ydi. Xonning nomasi nega eng avval buvisining qo‘liga kelib 
tushganidan Boburning taajjubi oshdi:

Nomani kim keltirdi?


216

Nufuzli bir darvish. Naqshbandiylardan. Rahmatlik Xo‘ja Yahy-
oga qo‘l bergan mo‘ysafid ekan.
Bobur onasiga qaradi:

Sizga keltirib berdimi?

Yo‘q, – deb Qutlug‘ Nigor xonim ma’yus bosh chayqadi.
Eson Davlat begim nomani Boburga uzatar ekan, uyalinqirab 
qo‘shib qo‘ydi:

Aslida bu noma Xonzoda begimning nomlariga kelmishdir.

Ajabo! – deb Bobur xatni jirkanibroq qo‘liga oldi.

Amirzodam, – dedi buvisi, – sizga aytishga ham uyalurmen... 
Shayboniyxon Xonzoda begimning ta’riflarini eshitib g‘oyibona dard 
chekarmish. Nomasida bir pora she’r ham bor.
Bobur Shayboniyxonning bu yil ellikyoshga kirganini, o‘g‘illarini 
allaqachon uylantirib, nevaralik ham bo‘lganini bilar edi. Zaharxanda 
bilan nomani ochar ekan, eng avval she’riy satrlarga ko‘zi tushdi:
«Sifatingni eshitib zor o‘ldim,
Ishqing ilkiga giriftor o‘ldim».
Boburning g‘ashi kelib, nomani gilam ustiga otdi:
– Bu xon bultur Sulton Ali mirzoning onasi Zuhra begimga 
g‘oyibona oshiq bo‘lib noma yuborganini nechun unutdilaringiz? Na-
hotki, ishonib bo‘lsa?!
Qutlug‘ Nigor xonim uh tortdi. Eson Davlat begim esa iloji boricha 
sovuqqonlik bilan gapira boshladi:

Amirzodam, boshqa vaqt bo‘lsa dushmaningizning bu nomasini 
o‘qishga ham hazar qilur edik. Lekin hozir jonimiz qil ustida. Men-ku, 
yoshimni yashab, oshimni oshaganmen, besh kun oldinmi, keyinmi, 
bari bir keturmen. Lekin siz farzandimning yolg‘iz o‘g‘li, ko‘zimizning 
oqu qorasi...

Men ham taqdirimda borini ko‘rurmen. Nasib qilsa yov halqas-
ini yorib chiqurmiz! Boburning qaltis qarorini Qutlug‘ Nigorxonim 
Qosimbekdan eshitgan ekan shekilli, tahlika to‘la tovush bilan ga-
pirdi:

Taqdir deb o‘zingizni o‘tga tashlamang, amirzodam! Bizni ham 
o‘ylang! Siz yov tig‘iga o‘zingizni ursangiz, biz ne qilurmiz? Umr 
yo‘ldoshingiz Oyisha begim ne qilur?
Bobur bunday xatarli jangga ayollarni olib chiqib bo‘lmasligini 
endi o‘yladi-yu, onasining so‘zlariga javob topolmay qoldi. Bir lahza-
lik sukutdan so‘ng Eson Davlat begim gilam ustida yotgan nomaga 
ishora qilib, istehzoli kulimsiradi:


217
– Buning kelganiga ikki kun bo‘ldi. Meni bilursiz, amirzodam. 
Ko‘p balolarni ko‘rib pishgan tadbirkor kampirmen. Noma keltirgan 
darvishni gapga soldim. Shubhalarimizni aytdim. Darvish qasam ich-
di. «Xon astoydil sulh tuzmoqchi», deb bir talay dalil keltirdi. Bari-bir 
ishonmadim. «Bo‘lmasa vakil yuboring, xon o‘z niyatini qo‘lida qur’on 
bilan tasdiqlasin!» – dedi. Biz buni sizga aytishdan oldin o‘zimiz taft-
ish qilmoqchi bo‘ldik. Rahmatlik Xo‘ja Yahyoga qo‘l bergan halolu 
pokiza bir mo‘ysafid bor edi. O‘shani darvish bilan birga xon o‘rdusiga 
chiqardik. Bugun ertalab qaytib keldi. Xon barcha sultonlarning old-
ida qo‘liga qur’on olib aytibdir: «Shuncha qon to‘kilgani yetar, endi 
Xonzoda begim ro-zi bo‘lsinlar, inilariga, onalariga, boshqa odam-
lariga tegmaymiz, qal’adan bexavotir chiqib ketsunlar», debdi. Katta 
to‘y-tomosha bilan uylanmoqchi emish. Samarqand xalqiga ham avfi 
umumiy bermoqchi emish! Bir qancha mo‘ysafidlar buni eshitib, bi
-
zdan iltimos qildilar. Nachora?
Bobur chakkalarini ikki qo‘li bilan qisib, bir lahza jim turdi-yu, 
so‘ng birdan alami kelib gapirdi.

Gulday Xonzoda begim nevaralik xonning haramida... Yo‘q, yo‘q! 
Bu insofsizlik!

Amirzodam, – deb endi Qosimbek gapga aralashdi. – Shu ket-
ishda Shayboniyxon Samarqandni baribir olur. O‘shanda zo‘rlik bilan 
bo‘lsa ham o‘z niyatiga yetur. Bobur onasidan himoya kutib, Qutlug‘ 
Nigor xonimga yuzlandi:

Onajon, Xonzoda begim ham sizning suyukli farzandingiz-ku. 
Shunday jigarbandimizni qaysi vijdon bilan o‘tga solurmiz?!
O‘zi zo‘rg‘a turgan Qutlug‘ Nigor xonim o‘g‘lining bu gapidan ku-
yunib yig‘lay boshladi:
– Xudo mening boshimga bu qora kunlarni solguncha jonimni olsa 
bo‘lmasmidi?! Xonzoda begim – mening to‘ng‘ichim! Yolg‘izligimni 
bildirmay yurgan sirdoshim, mehribonim! Men undan qandoq ayril-
gaymen, e, parvardigor? Men shunday qizimni yog‘iy panjasiga qan-
day topshirurmen?!
Eson Davlat begim qizining yelkasidan silab, uning iztirobini bo-
sishga tirishar ekan:

O‘zingizni bosing, bolam! – dedi. – Sizdan ko‘ra qizingiz aqlliroq. 
Xonzoda begim hamma narsani tushundi. Mushkilotlarga fahmi yet-
di. Yig‘lab-siqtab, axiri ko‘ndi. Bobur hang-mang bo‘lib Qosimbekka 
yuzlandi:

Nahotki shu gap rost? Xonzoda begim rozi bo‘ldilarmi?


218

Ha, amirzodam!

Ishonmaymen! – dedi Bobur. So‘ng kaftini kaftiga asabiy urib 
savdarboshini chaqirdi- yu: – Xonzoda begimni chorlang! – deb buy-
urdi. Keyin onasi, buvisi va Qosimbekka qarata dedi: – Meni ma’zur 
tutingiz, begim bilan yakkama-yakka so‘zlashmoqchimen. Uchovlari 
indamay chiqib ketishdi. Anchadan keyin yashil kabo kiygan Xonzo-
da begim eshikdan motamsaro bir alfozda sekin kirib keldi.
Bobur uni qarshisiga o‘tqazib, bir lahza yuziga tikilib turdi. Ilgari-
gi gulgun yonoqlar endi sarg‘ayib ichiga botgan. Lablar so‘lg‘in. Faqat 
yirik-yirik ko‘zlarida qandaydir qat’iyat alomati bor.

Begim, siz... Shayboniyxon taklifiga rizolik bergan emishsiz. Shu 
rostmi?

Rizo bo‘lmay ne ilojim bor?

Mening mag‘lubiyatim sizni ilojsiz qoldirgani rost. Lekin iningiz 
hali tirik. Men asir tushmoqchi emasmen. Bir o‘lim bo‘lsa, hamma-
vaqt bor. Ajal yetmagan bo‘lsa, sizlarni olib chiqib keturmiz. Kunim 
bitgan bo‘lsa, ilkimda qilich bilan jon berurmen. Ana undan keyin ri-
zolik bersangiz mayli. Unda hech kim: «O‘zi omon qolib egachisini 
qurbon qildi», deyolmas. Menga bunday malomatdan o‘lim afzal. Rizo 
bo‘lmang!
Xonzoda begimning ko‘ziga yosh quyulib keldi. U Boburni yov 
halqasini jang bilan yorib chiqib ketolmasligini bilardi. Bobur bir 
o‘limni astoydil bo‘yniga olib shunday deganini sezardi. U Boburni 
mana shu mardligi va dovyurakligi uchun ham jonidan ortiq ko‘rar, 
o‘zini yov qo‘liga tutqazib, ukasini naqd o‘limdan olib qolishni istardi. 
Lekin u o‘zining bu niyatini Boburdan yashirishga majbur edi. Chunki 
Bobur, hozir o‘zi aytganday, opasini qurbon qilib qutulib ketish malo-
matidan o‘limni afzal ko‘rardi. Agar u Xonzoda begimning asl niyatini 
bilib qolsa, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham opasini niyatidan qayta-
radi. Undan keyin najot yo‘li butunlay bekiladi!
– Boburjon, siz meni deb bevaqt o‘limni bo‘yningizga olmang. Men 
sizning ulug‘ istiqbolingizga ishonurmen. Sizdek nodir iste’dodlar du-
nyoga kam kelishini boshqalar bilmasa ham men bilurmen. O‘zingizni 
ehtiyot qiling! Taqdiringizni tolei past egachingizning taqdiri bilan 
tenglashtirmang!

Nechun bunday deysiz? Hammamiz ham bu o‘tkinchi dunyoga 
mehmonmiz! Siz bilan men bir onaning farzandlarimiz!

Lekin men qiz tug‘ilganmen, farqimiz shunda! Yoshim yigir-
ma beshga kirdi-yu, hamon yolg‘izmen. Men ko‘ngil qo‘ygan oda-


219
mni taqdir menga ravo ko‘rmadi! Omadingiz kelib, Shayboniyxonni 
yengganingizda, balki mening orzularim ham ro‘yobga chiqur edi! 
O‘shanda balki mening ham baxtim ochilarmidi? Yo‘q hamma umid-
larim tarixning g‘ildiragi tagida yan-childi! Qachongacha dargohin-
gizda qari qiz bo‘lib yurgaymen, izzatimni bilishim kerak!

Nahotki, siz nevaralik cholni o‘zingizga munosib ko‘rsangiz?

Munosibimni topishdan umidim uzilgan! Endi keksami, yoshmi 
menga baribir!

Bir vaqtlar O‘shda siz menga nelar degan edingiz? «Ko‘nglingizga 
ishoning», demagan edingizmi? Nahotki, sizning ko‘nglingiz shu be-
rahm xonga moyil bo‘lsa? Bultur bu odam Zuhra begimga qanchalik 
noinsoflik qilganini bir eslang. Nahotki, siz shunday odam tufayli bi
-
zdan ajralib ketmoqchi bo‘lsangiz?!
Xonzoda begim o‘kirib yig‘lab yubordi:

Ne qilay?! Boshqa najotyo‘q! Yo‘q!!!

Bir onadan tug‘ilganmiz, endi taqdirimizda neki bo‘lsa birga 
ko‘rurmiz! Bizdan ajralmang! Tunda yov halqasiga hamla qilurmiz! 
Tayyor turing!
Xonzoda begim ham yana erkakcha kiyinib, ukasi bilan jangga 
kirishni butun vujudi bilan istardi. Hozir unga ham dushman asor-
atidan ko‘ra qo‘lida qurol bilan o‘lish afzal tuyulardi. Xonzoda begim 
to‘satdan shu tuyg‘uga berilib:

Qachon? – deb so‘radi. Bobur ovozini pasaytirib:

Shu bugun kechasi! – dedi.
Xonzoda begim bugun kechasi suyukli ukasining yov qurshov-
ida halok bo‘lishi muqarrarligini go‘yo oldindan sezdi-yu, seskanib 
o‘rnidan turdi:

Bugun emas! Yo‘q, yo‘q! Bobur ham o‘rnidan turdi:

Begim, mening inilarcha aytgan so‘zim inobatga o‘tmasa, buni 
podshohlik farmoni deb biling!
Xonzoda begim indamay Boburga yaqinlashdi. Yuzini ukasining 
ko‘kragiga bosib, yelkalari silkina-silkina o‘rtanib yig‘ladi. Shu tar-
zda u Bobur bilan so‘zsiz vidolashdi-yu, keyin go‘yo uning farmoniga 
bo‘ysunganday bosh egib, chiqib ketdi.
* * *
Yarim tunda Bobur, Qosimbek, Qutlug‘ Nigor xonim, Oyisha be-
gim, Tohir xotini Robiya bilan birga, yana o‘ttiz-qirqta bek va navkar-
lar Shayxzoda darvozasiga yig‘ildilar. Biroq ularning orasida Xonzo-


220
da begim yo‘q. Bobur Xonzoda begimni birga olib chiqishni onasiga 
topshirgan edi.
Qutlug‘ Nigor xonim yig‘layverib ovozini oldirib qo‘ygan. Uning 
hazin tovush bilan bergan uzuq-yuluq izohidan Bobur shuni bildiki, 
Xonzoda begim buvisi bilan birga Chorraha darvozasiga qarab ket
-
gan.
Shayboniyxonning qarorgohi o‘sha tomonda. Nahotki Xonzoda 
begim o‘sha niyatidan qaytmagan?
Bobur orqaroqda turgan navkarlariga o‘girildi-yu, ko‘zi Tohirga 
tushdi:

Tez chorraha darvozasiga boring! Xonzoda begimni topib, men-
ing buyrug‘imni yetkazing! Darhol bu yoqqa yetib kelsinlar! Begim 
kelmagunlaricha biz qo‘zg‘olmaymiz! Shuni borib ayting!

Amirzodam!.. – deb Qosimbek Boburga e’tiroz qilmoqchi 
bo‘lgan edi. Bobur unga quloq solmay yana Tohirga buyurdi:

Tezroq boring!
Shiddat bilan chopayotgan otning taqalari toshlarga qarsillab 
urilib, ko‘chalarning tungi sukutini buzib o‘tdi. Tohir Chorraha dar
-
vozasiga yetib borganda Xonzoda begim tushgan mahofa mash’al 
ko‘targan otliqlar qurshovida qo‘rg‘ondan chiqib ketmoqda edi. 
Ko‘pdan beri davom etayotgan qamal yov qo‘shinini ham toliqtir-
gan, hamma urush tugashini sabrsizlik bilan kutar, agar Boburning 
opasi xonning shartini qabul qilsa, sulh tuzilishini ko‘p odam bilar 
edi. Endi shahardan mash’alalar yoqib, darvozani ochib chiqqan 
shohona mahofa va uning ichida o‘tirgan Xonzoda begim xon
qo‘shiniga tinchlik alomati bo‘lib ko‘rindi-yu, hammani uyg‘otib 
yubordi. Sulh keltirayotgan malika sharafiga naqoralar va karnay-
surnaylar chalindi.
Mahofa atrofiga mo‘ri-malahday qo‘shin to‘planib borayotganini 
Tohir ochiq darvoza orqali ko‘rdi-yu, otini tez orqaga burdi. Shayxzo-
da darvozasi oldiga uchib borib, hamma ko‘rganlarini Boburga aytib 
berdi.
Shodlikka to‘lib yangrayotgan naqora sadolari, karnayning «vah-
vaha-hu-u»si, surnay navosi bu yerlarga ham eshitilmoqda edi. Bo-
burning nazarida, Xonzoda begim qari qiz bo‘lishdan qo‘rqib va ukasi 
dargohida tortgan kulfatlaridan bezib, Shayboniyxon huzuriga rohat-
farog‘at izlab ketgan edi.
– Dunyoda sadoqat yo‘q ekan! – dedi u alam bilan va otining jilo-
vini siltadi: – Darvozani oching!


221
Darvoza sekin ochildi. Choh ko‘prigi tushirildi. Olti oydan beri 
qo‘rg‘ondan chiqmagan bir dasta otlig‘u piyoda odamlar qorong‘i 
tunda yuraklarini hovuchlab, choh ko‘prigidan o‘tdilar. Atrof tahl-
ikaga to‘la. Go‘yo har daraxt ortida bir o‘lim kutib turibdi. Yo‘llarda 
yov jangdovullari uchrab qolishidan xavotirlanib, yo‘lsiz joylardan 
yurdilar, chuqur ariqlardan o‘tdilar. Lekin biror joyda yovga duch 
kelmadilar.
Samarqand qo‘rg‘oniga o‘ralib, uning olti darvozasini olti boshli 
ajdarhoday qo‘riqlab yotgan yov qo‘shinining butun diqqat-e’tibori 
xon qarorgohidan kelayotgan karnay-surnay tovushiga va qal’adan 
go‘yo sulh timsoli bo‘lib chiqqan malikaga jalb bo‘lgan edi. Xonzoda 
begim xonning shartini qabul qilgandan so‘ng Boburni ta’qib etmas-
lik haqida butun qo‘shinga farmon berilgan edi.
Xonzoda begim hamma balolarga o‘zini tutib berib ukasini yov 
qurshovidan xalos qilganini Bobur bilmasa ham Qutlug‘ Nigor xonim 
yaxshi bilar edi. Uzoqdagi naqora va karnay-surnaylar to‘y shodiyo-
nasini eslatuvchi quvnoq kuylar chalgan sari Qutlug‘ Nigor xonimn-
ing yuragi qon bo‘lib, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi.

Yüklə 1,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə