Qarshi davlat universiteti pedagogika kafedrasi


Jamoadagi konfliktni boshqarish tartiblari



Yüklə 4,4 Mb.
səhifə11/80
tarix25.03.2023
ölçüsü4,4 Mb.
#103126
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   80
Konfliktologiya. sirtqi lotin

Jamoadagi konfliktni boshqarish tartiblari:

  1. Konfliktni vujudga kelganini, uning mavjudligini tan olish va uni o‘rganish.

  2. Konfliktga tortilgan xodimlar, bevosita konflikt ishtirokchilari hamda konfliktga aloqador bo‘lmagan, ammo mana shu jamoaning barcha xodimlarining ziddiyat to‘g‘risidagi holis fikr-mulohazalarini o‘rganish.

  3. Konfliktning asl mazmunini, nima sababdan kelib chiqqanligini aniqlash. Ziddiyatning shaxslararo konflikt ekanligi, yoki tomonlararo konflikt ekanligini belgilash. Shuningdek, jamoadagi osoyishtalikni buzish jamoaga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazishga, ish jarayonining buzilishiga sabab bo‘layotgan odam mavjudligi yoki yo‘qligini aniqlash. Umuman konflikt vaziyatining sub’ektiv va ob’ektiv kelib chiqish sabablarini o‘rganish. Ob’ektiv sabablar mavjudligi aniqlansa, ularning oldini olish choralarini ko‘rish, masalan, kompyuterning buzilib qolganligi, elektr chirog‘ining o‘chib qolganligi, qog‘ozlarning yetishmovchiligi v.h.

  4. Konflikt yechimini rejalashtirish. Konflikt yechimini topish bo‘yicha turli alternativ usullar, yo‘llar va ssenariylarni ishlab chiqish. Konfliktning qanday rivojlanib va o‘sib borishi mumkinligini aniqlash. Konfliktning o‘sib ketmasligi oldini olish choralarini ko‘rish.

  5. Konflikt yechimi jarayoniga barcha xodimlarni jalb qilishga harakat qilish. Ko‘pchilik hollarda bargalikda ziddiyat mazmuni, uning kelib chiqishi va uning yechimini topish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash yo‘nalishida hamkorlik va birgalikda ishlashning o‘zi konflikt vaziyatni yumshatishga, tomonlar manfaatlarini uyg‘unlashtirishga, umumiy maqsadlarni topishga, shuningdek, uyg‘unlik asosida tomonlarni yangitdan bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Muammoni ochiq muhokamaga qo‘yish, har bir xodimning fikr va qarashlarining samimiy bayon qilinishiga erishish, qarashlardagi plyuralizmga erishish, konflikt yechimi bo‘yicha har bir tomon qarashlarining ifodalinishini yo‘lga qo‘yish jamoadagi har turli keskinliklar, mavhumlik, gina-qudrat, g‘iybat, hafagarchilik, fikrlarning ichida qolib ketishi, g‘alamislik, fitna, bo‘xton va aniq bo‘lmagan ma’lumotlarning tarqalishining oldini oladi.

  6. Butun jamoadagi diqqatni konfliktning mazmunini, muammoning mohiyatini anglashga qaratish va yo‘naltirish yaxshi natijalar beradi. Chunki konflikt – bu hayotning, yoki jamoadagi faoliyat jarayonining oxiri emas. Kollektiv bundan keyin ham birgalikda, hamkorlikda ishlashi lozim. Ish yuzasidan esa turli ziddiyatlar bo‘lishi mumkin. Ish yuzasidan bo‘lgan ziddiyatlarga ish jarayonini yaxshilash uchun vujudga kelgan yangi vaziyat, ish unumdorligini oshirish imkoniyati, mehnat jarayonlaridagi nizolarni olib tashlash orqali yangi munosabatlarni o‘rnatish jarayoni sifatida qarash o‘rinlidir. Konflikt – jamoada yuzaga kelganda ham, oddiy va tabiiy hayot jarayoni bo‘lib qolaveradi. Konflikt ko‘pincha jamoada vujudga kelgan notabiiy va nizoli holatning yangi mazmunda qayta shakllantirilishi uchun katta imkoniyat beradi. Katta ishlab chiqarish jarayonlarida, biznes strukturalar faoliyatida konflikt mehnat unumdorligini oshirish va mehnat jarayonini jonlantirishning muhim va zarur bo‘lgan xususiyatlaridan hisoblanadi. Konflikt kelib chiqishidan so‘ng vujudga kelgan yangi vaziyat aynan yangi qarorlar uchun yo‘l ochib beradi. Yig‘ilib qolgan muammolarni yuzaga chiqaradi. Ular yechimini topishga butun jamoani yo‘naltiradi. Tashkilotdagi atmosfera qanchalik osuda va tinch ko‘rinmasin uning ichki rivojlanish tamoyillarida konfliktlar rejalashtirilgan va tabiiy o‘rnashtirilgan bo‘ladi. Konflikt jamoadagi muammoni yorqin va aniq ko‘rish, uni his qilish va uning yechimini topish orqali, yangi ilg‘or va taraqqiyot tamoyillarini belgilab olish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bu holat – konflikt mazmunida yashiringan uning yaratuvchanlik imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Agar tashkilot rahbari jamoada ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarni oldindan bashorat qila olsa, yoki vujudga kelgan konfliktlarni yaratuvchanlik tamoyillari asosida rivojlantira olsa, jamoa ichidagi ziddiyatlardan qo‘rqmasa, mana shu tashkilotda o‘sish va ulg‘ayish ta’minlangan bo‘ladi.

  7. Konflikt yechimi doirasida qabul qilingan qarorlarning bajarilishini ta’minlash va konfliktli vaziyatni hamkorlikda qabul qilingan yechimga olib kelish. Har bir tomonning amallari aniq, o‘zaro muvofiqlashgan, bir-birini to‘ldirgan, adolatli va oddiy bo‘lishi zarur. Yechimni o‘z vaqtida topish konfliktning kuchayib ketmasligini ta’minlashini esdan chiqarmang.

  8. Konfliktli vaziyat bo‘yicha belgilangan qaror va xulosalarning o‘z vaqtida joriy etilishini ta’minlash zarur. Konflikt vaziyatda bir marta qaror qabul qilib, qaror qabul qilingandan so‘ng konflikt o‘z-o‘zicha yechiladi, deb o‘ylash noto‘g‘ridir. Konflikt yechimi bilan aloqador bo‘lgan qarorlarning bajarilishigina konfliktning haqiqiy yechimi bo‘la oladi. Vaziyat konflikt yechimi topilganini ko‘rsatishi mumkin, ammo ana shu konflikt yechimi amalga oshirildimi, bu sizning keyingi sayi-harakatlaringizga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Agar siz konflikt yechimi topilganligi bosqichida muallaq turib qolsangiz, konflikt o‘z yechimi ijrosini hech qachon topmaydi, konflikt – konflikt vaziyatida qolib ketaveradi. Shu bois, ziddiyatga doimiy e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Jamoadagi konfliktni to‘g‘ri hal etishda boshqaruvchidan juda keng dunyoqarashga ega bo‘lishni, o‘ta sabrli, o‘tkir mulohazali, madaniyatli va ma’naviyatli bo‘lishni talab etadi. Har bir chiqarilgan qaror jamoani tarqalib ketishiga yoki hamjihat bo‘lib ishlashiga sabab bo‘ladi. Shuning uchunkonflikt masalasiga shoshmashosharlik qilmasdan, ishchilar tomonidan bildirilgan shaxsiy va ommaviy fikrlarga berilib qolmasdan chuqur tahlil qilish bilan yondashish lozim. Konflikt yechimini to‘g‘ri hal etish nafaqat jamoani, balki jamoaning har bir a’zosini va uning yaqinlarini salbiy oqibatlardan saqlab qoladi, osoyishtaligini buzmaydi. Donishmandlarning fikricha: “Janjal bo‘lgan yerdan baraka qochadi.”

Yüklə 4,4 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə