Quddus Muhammadiy



Yüklə 26,73 Kb.
tarix21.09.2023
ölçüsü26,73 Kb.
#122751
1.Quddus Muhammadiy 333


Quddus Muhammadiy
(1907-1997)
O’tgan asrning 30-yillari o’zbek bolalar adabiyoti tarixida G’ayratiy, S.Jo’ra, Z.Diyor, M.Fayziy, D.Oppoqova, A.Rahmat, H.Nazir, I.Muslim kabi professional bolalar yozuvchilarining yetishib chiqishi bilan xarakterlanadi.Ularning ichida Quddus Muhammadiy ijodi alohida o’rin tutadi.
Biologiya o’qituvchisi sifatida tabiatshunoslik darslarini she’riy usulda tashkil qilishi, “Yosh tabiatshunoslar’’ to’garagida ijodkor o’quvchilar bilan olib borgan mashg’ulotlari uni bir umr bolalar adabiyotiga bog’lab qo’ydi.Tabiat va inson kamoloti ijodining bosh mavzusi bo’lib qoldi. “Maktab hovlisida, - deb yozgan edi shoir keinchalik, - u yoqdan bu yoqqa yurib, dars mavzulari, ildiz, barg, gullarni qanday qilib o’quvchilarning ko’z o’ngida qiziq qilib ko’rsatishni o’ylardim”. Shoirning so’ziga ko’ra o’qituvchilik kasbi uning shoir bo’lishiga sabablardan biri. Bu haqda Qudddus Muhammadiy shunday shunday yozadi:
“Darslarni qiziqarli o’tkazish uchun she’rlarim rosa ish berardi.O’tadigan har bir darsim mavzui yuzasidan she’r yozib , o’qib berardim. Natijada, darsim o’quvchilarimga qo’shiqdek yoqimli bo’lib,yaxshi yetib borardi. She’rning bolaga bunday tez singishini ko’rib,poeziya mavzuini o’tar ekanman, Bargjon degan she’rimni yozdim.O’sha she’rdan bir bandini ko’ring-a:
Dov-daraxt ilmin sevsang,
Bargjon tilin bilib ol.
Shildir - shildir qo’shig’in
Qulog’ingga ilib ol!
Shuningdek, “Momaqaymoq” (Qoqi o’t ), “Bog’imizda bir nok bor”, “Tut”, “Tolim gullaydi-yu, nega meva tugmaydi”, “Tok daraxti bir xil-u,uzumi nega har xil”, “Shaftoli-doktor”, “Asalari-Adhamjon” kabi qator she’rlarim o’qituvchilik paytimda yozildi. Bu voqeadan xabar tobgan maktabimiz direktori marhum Ashrafxo’ja Sharifxo’jayev bir kuni darsimni kuzatdi. Darsimni tugatib, o’qituvchilar xonasiga kirdim. Ashrafxo’ja aka darsni qiziqarli o’tkazganimni aytib, she’rlarimdan o’qib berishimni iltimos qildilar. Maktabimiz o’qituvchi va o’quvchilari huzurida u kishining iltimoslarini bajo keltirdim”1.
Shoirning “Tabiat alifbosi”, “Cho’pon bobo qo’shig’i”, “Qanotli do’stlar”, “Bog’larda bahor”, “Odam-olam qo’shig’i”, “Dono boboning nevara chevaralari”, “Ochil dasturxon” kabi to’plamlarining nomlanishidan ham ma’lumki, tabiat haqidagi she’rlarining mazmun-mundarijasi xiyla keng.
Bir guruh she’rlarida tabiat manzarasi yoki uning biror xarakterli belgi-xususiyati tasviri orqali o’quvchilarda go’zallik tuyg’ularini uyg’otish ko’zda tutiladi. Masalan:
Qo’llarida soz bilan,
Gul-g’uncha pardoz bilan,
Silkinib parvoz bilan,
Uchib turna, g’oz bilan
Sevikli bahor keldi.
«Bahor keldi»

Boshqa birlarida tolning gullashi-yu , meva tugmasligi, tok daraxtining barglari bir xil bo’lgani holda mevasining har xiligi, olcha rangining qizilligi sabablarini o’ylab ko’rish bilan bog’liq mantiqiy fikrlashga da’vat qilinadi.


Uchinchi bir xilarida (“Kapalak bilan asalari”,”Kolxoz bog’boni”, “Nafisaoy va kishmishvoy”, “Kamolvoy va shamolvoy”) tabiatning gullab-yashnashiga aloqador kishilar mehnati misolida mehnatga muhabbat g’oyasiga urg’u beriladi.
“Quddus Muhammadiy uchun mavzuning chegarasi yo’q, - deb yozgan edi S.Mamajonov, - bolalarning ruhiy kechinmasidan tortib to hayvon-parrandalargacha hamma-hammasi to’g’risida yozadi… Voqeaviylik, syujetlilik serbo’yoqlilik, hatto shamolning ham tovushini bera olishlik uning she’rlariga kuch bag’ishlaydi”.
“Quddus Muhammadiy ijodida,-deb yozadi M.Qo’shjonov, - bolalar adabiyotida ko’zga tashlanadigan ikkita xususiyatni ko’ramiz. Ulardan biri predmetlarni jonlantirish va harakatda ko’rsatish. Jonsiz narsalar harakat qiladi, ko’radi, gaplashadi. Bola psixologiyasi shundaki, u ko’zini ochib, yorug’ dunyoga nazar tashlaganidan boshlab harakat qiladigan, ya’ni jonli narsalarni ko’radi. Boshqacharoq qilib aytganda jonli narsalar bolalarda yaxshiroq taassurot qoldiradi. Shu sababdan yosh bolalar ko’p vaqtlargacha hamma narsalarni jonli harakatda tasavvur qilib yursa kerak. Quddus Muhammadiy bolalar psixologiyasidagi mana shu xislatdan foydalanadi. U tasvirlayotgan predmetlariga “jon” ato etadi. Shu yo’l bilan hayotning jonli manzarasini yaratadi va bolalar psixologiyasiga o’z ta’sirini osongina o’tkaza oladi. Quddus Muhammadiyning she’rlarida “besh” ball sistemasidagi baholar poyga qiladilar, harflar o’yin tushadilar, portfel nutq so’zlaydi, qalam arz qiladi,bahor bog’bon bolaga “hormang”, deydi”2
Shoir kichkintoylarning tizginsiz savollari ularning odam va olam sirlarini bilishga bo’lgan qiziqish va intilishlari natijasi ekanligini teran idrok etadi. Shuning uchun ham “Sandal va pechka”, “Kapalak va asalari”, “Bir o’zboshimcha chumchuq haqida” nomli ilk she’rlaridan boshlab talay asarlarini savol - javob asosida yaratadi. Hatto ayrim savollarni asar sarlavhasigacha chiqaradi.
“Detskaya literatura” jurnalida bir tarjimon shoirning “Tovuq nega qaqoqlaydi” degan she’rini tarjima qilib, shunday so’zlarni yozgan edi:”Muhammadiy erta bahor gullaydigan bodom haqida ham, tog’ kakligi haqida ham, hatto yomg’ir chuvalchangi – “bu yer tagi traktori” haqida ham alohida muhabbat,ehtirom bilan yozadi. U tasvirlagan o’simliklar, qushlar, ular orasidagi dialog va suhbatlar, u qayta ishlagan ertaklar faqat uning o’ziga xos. U tasvirlagan tabiat hodisalari faqat o’zbek yerida tug’ilib o’sgan, o’zbek farzandi, oddiy farzand emas, balki talant egasi tomonidan yaratilgandir. Shu sababdan uning asarlari, shoirning o’z so’zlari bilan aytganda , butun bir dunyo o’z yeri va o’z osmoni bilan” 3.
“Bir o’zboshimcha chumchuq haqida’’ she’riy ertagi xalq og’zaki ijodi an’analari uslubida yaratilgan bo’lib, ayrim kishilar fe’l - atvoridagi ishyoqmaslik, yalqovlik, manmanlik illatlarini fosh etishga qaratilishi jihatidan Shukur Sa’dullaning “Laqma it”, “Ayyor chumchuq” asarlari bilan bir qatorda turadi.
“Laqma it” ertagining qahramoni yoz bo’yi ko’cha changitib, shataloq otib yuradi. O’yinqaroqlik bilan qish g’amini yemaydi. Uning qahraton qishda boshpana so’rab sigir, mushuk, echkilarga qilgan murojaati naf bermaydi.
Oyog’iga tikan kirgan ayyor chumchuq ham (“Ayyor chumchuq” ) o’z maqqsadiga erishish uchun eshak, bo’ri, mergan, sichqon, mushuk, kampir, shamol bilan suhbatlashadi. Ular o’rtasida chaqimchilik qilib ish tutadi.
Qunduz Muhammadiy ertagining qahramoni o’zboshimcha chumchuq tekinxo’rligi, manmanligi va o’zboshimchaligi bilan ularga yaqin turadi.
Chumchuqlar erta bahorda in qurib birgalikda yashash to’g’risida murojaat qilishganida, u chor-atrofda tayyor uylar ko’pligini, mehnat qilishni istamasligini aytib, o’z qavmlariga qo’shilmaydi. O’zboshimchalik bilan zag’izg’onning uyiga kirib ta’zirini yeydi. Tayyor in – mo’rkonga joylashganida pechkaga yoqilgan o’tda patlari jizg’anak bo’lib, arang qochib qutuladi.Ta’viya chumchuqni
Ko’rganlar hech tanimas,
Hech bir qushga o’xshamas .
Na ola-yu, na qora,
Na chipor-u qashqamas.
Tashqari g’iz – g’iz sovuq,
Chumchuqcha qip-yalang’och.
Egnida bir to’ni yo’q,
Kuygan a’zo-badani.
Shoir ijodida yengil yumor vositasida fosh qiluvchi hajviy ruh muhim tarbiyaviy mohiyat kasb etadi.”Yaxshi – yomon deganlaridek, ba’zi bir o’quvchilarning badfe’lligi va jahldorligi, g’ofilligi, o’z – o’zidan ogoh emasligi, o’z-o’zini qo’lga olmasligi va to’g’ri yo’lga solmasligi, o’qib uqmasligi, uqqani ham yuqmasligi, haddan osha tomoshaxo’rligi, mehnatga berilmasligi, mehnatkash bo’lmasligi meni ancha o’ylantiradi, qalbimni ranjitib, qiynaydi”, deb yozadi shoir.
“O’z-o’zini tanqid”, “Dum”, “Ahmadjonga uyat”, “O’tkirjon va vaqt”, “Tugmach”, “Do’nanshe’r nega ikkichi?”, “Teshaning buzog’i nega suzag’on bo’ldi?” kabi mashhur she’rlar ana shunday ruhiy kechinmalar asosida yuzaga kelgan.
Shoir asarlarida olg’a suriladigan tarbiyaviy g’oya quruq tavsiflanmaydi, balki qalamga olingan narsa-predmetlar, voqea-hodisalar, holatlar va kichkintoylar fe’l-atvoridagi yaxshi-yomon xislatlarga jo’shqin hissiy munosabatlar ifodasidan tabiiy suratda kelib chiqadi.
“Quddus Muhammadiyning aytishiga ko’ra, bir kuni “Xolva” she’rini katta bir uchrashuvda o’qib beradi. She’r hammmaga ma’qul bo’ladi. Shunda tinglovchilardan biri: “Xayriyat, bizning kasbni ulug’lab she’r yozadigan yaxshi bir shoir bor ekan. Xolvapurushlik kasbi menga ota meros. Haqiqatan ham Siz she’rda xolvaning xolva shakliga kelguncha bo’lgan nozik mehnat jarayonini to’g’ri tasvirlabsiz. Yoki o’zingiz ham xolva pishirganmisiz?” – degan ekan.
“Men, - deydi shoir, - yaxshi va hayotiy she’rning kuch-qudratiga, so’z quvvatiga yana bir ishonchim oshdi. Lekin, men ham ana shu “Xolva” she’rimni yaratguncha xolvapurushdan kam mehnat sarflamagan edim”4.
Quddus Muhammadiy o’zini tabiatdan ayricha his etmaydi. Undagi maysa-giyohlaru dov-daraxtlardan tortib hayvonot olamigacha bo’lgan jamiki mavjudot o’ziga xos sir-asrorga ega – o’qilmagan kitob.Ko’p hollarda ularning mohiyatini ochishda shoir kichkintoylarning xayolida tug’ilishi ayon savollarga murojaat etadi:
Hammadan qiziq ukki,
Tumshug’i egri-dukki.
Nechun yurmas kunduzi,
Nega yonadi ko’zi?
“Ahmadjonning kitobxonligi”
Korney Chukovskiy o’zining “Ikkidan beshgacha” nomli asarida: “Bolalar uchun yoziladigan she’rlarda qofiyalar bir-biriga yaqin masofada joylashmog’i lozim” degan fikrni aytgan edi. Quddus Muhammadiy maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun yozgan deyarli barcha she’rlarida bu ibratli fikrga to’la amal qiladi.
“Quddus Muhammadiy – ulkan shoir,o’zbek bolalar she’riyatining sarboni, - deb yozadi S.Mixalkov. – U faqat bolalarni emas, yozuvchilarning ham hurmat va Adabiy-tanqidiy maqolalar. muhabbatini qozondi. Bunday hurmat – e’zozga osonlikcha erishib bo’lmaydi. U juda obrazli, shirali, esda qoladigan tarzda yozadi.Shuning uchun she’rlari yosh kitobxonlarga ham, katta kitobxonlarga ham manzur bo’lishi butunlay tabiiydir”5.
“Shoirning “Jalilvoyning mashinasi” nomli she’ri ham qiziq voqea asosida asosida yuzaga kelgan: “Qo’shnimizning uch yashar o’g’li Jalilvoy, - deb zavqlanib hikoya qiladi,shoir – amaki, dadam “Jiguli” mashina olib keldilar, yuring, birga kataysa qilib kelasiz”, deb taklif qildi. Men bolani sinamoqchi bo’lib: “Jalilvoy, bu “Jiguli” mashinangiz kata daryoga duch kelib qolsa, suzib o’ta oladimi yoki tog’dan uchib o’ta oladimi? – deb so’radim.
-Yo’q, - dedi bola hayron bo’lib.
- Unda kataysa qilishga bormayman.
- Mana men yaqinda suvdan suzib, tog’dan oshib o’tadigan mashina sotib olaman, - dedim”. Jalilvoy shoirdan o’sha mashinani qachon olib kelasiz, deb qistayveradi. Shunda shoir: “Men sizga she’r mashinasini olib kelmoqchi edim, - deb mazkur she’rini o’qib beradi. Bu orqali shoir kichkintoylar ongiga ilmiy-texnikaviy fantaziya urug’ini sochadi, she’rni o’qigan har bir bola xayolan o’zining shunday mashinasini yaratadi”6.
Quddus Muhammadiy – tabiatan bolalar shoiri. Uning ijodida bolalarcha soddadillik, qiziquvchanlikning keksalik donishmandligi bilan uyg’unlashib ketganini ko’rish mumkin. Shoir bolalar she’riyati bobida ustozlik maqomiga erishgungacha uzoq va mashaqqatli ijodiy yo’lni bosib o’tdi.
Urush yillari O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi mushoirada “Sa’va sayrarkan” nomli she’rini o’qib Hamid Olimjon, Oybeklarning nazariga tushgan shoir ularning tavsiyasi bilan Narpay tumaniga boradi va bir necha yil davomida Islom shoirga adabiy kotiblik qiladi. Natijada shundan keyingi ijodida folklore asarlariga xos jo’shqinlik, mubolag’a va mushohadakorlikka alohida e’tibor qaratiladi.
“Kichkintoylar uchun yozilgan har bir she’r, - degan edi K.Chukovskiy, - hatto bir satr ham rassom uchun material bermasa, u o’z – o’zidan yaroqsizdir”. Qunduz Muhammadiy she’riyati bu fikrni to’la tasdiqlaydi. Uning she’rlarida sini pero dikillab, cho’ltoq ketmon oqsoqlanadi, darz ketgan tog’ora to’lg’anib, eski qulflar yo’rg’alaydi (“Temirlar o’yini”). Bu esa kichkintoylarning jonli-jonsiz jamiki mavjudotni harakatda deb bilishi bilan bog’liq tasavvur-tushunchalariga juda mos keladi.
Quddus Muhammadiy she’rlarida hayotga bolalar nigohi bilan yondashadi, ularning tasavvuri bilan kuzatadi. Qizig’i shundaki, shoirning o’zi shunga ishonadi, shundan cheksiz zavqlanadi, kitobxonga ibrat bo’larlik tarbiyaviy xulosa chiqaradi. “Chumoli” she’ri buning yorqin dalilidir. Bola bilan chumoli suhbati asosiga qurilgan mazkur she’rda asosiy gap chumolining tashqi ko’rinishi (boshi va dumining kattaligi, belining ingichkaligi) ustida ketayotgandek bo’lib tuyulsa-da, ziyrak kitobxon chumolining vatan obodligi, el-yurt xizmatiga kamarbastaligi to’g’risidagi javoblaridan vatanga muhabbat to’g’risida tegishli xulosa chiqarishi shubhasizdir.
Qunduz Muhammadiy bolalar adabiyotiga baho berganida uni “ona sutidek pokiza” deb ta’riflagan edi. Bu ta’rif uning o’z asarlariga ham tegishli bo’lib, hayotiy va ijodiy pozitsiyasini anglatadi.
“O’quvchiga esdalik” she’rining dastlabki o’quvchilari bugungi kunda bob ova buvilar sifatida mazkur she’r misralarini chevara-evaralari bilan qo’shilib yod aytishlari shoir she’riyatining umrboqiyligidan dalolat beradi.

1 Adabiy-tanqidiy maqolalar.”Yosh gvardiya” nashriyoti ,Toshkent – 1979

2 Adabiy-tanqidiy maqolalar. ”Yosh gvardiya” nashriyoti ,Toshkent – 1979

3 R.Moran, ”Detskaya literatura” jurnali 1967, 37-bet.



4 Adabiy-tanqidiy maqolalar.”Yosh gvardiya” nashriyoti ,Toshkent – 1979



5


6 Adabiy-tanqidiy maqolalar.”Yosh gvardiya” nashriyoti ,Toshkent – 1979




Yüklə 26,73 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə