Reja: Uyushiq bo‘laklar haqida umumiy ma’lumot



Yüklə 15,08 Kb.
tarix28.11.2023
ölçüsü15,08 Kb.
#136550
dilush


GAPNING UYUSHIQ BO’LAKLARI TA’RIFI. UYUSHIQ BOSH BO’LAKLAR.
Reja:

  1. Uyushiq bo‘laklar haqida umumiy ma’lumot

  2. Uyushgan bosh bo`laklar.

Gapda bir xil so‘roqqa javob bo‘lib, bir xil sintaktik vazifasini bajaradigan, o‘zaro teng aloqaga kirishgan, bir umumiy bo‘lakka bog‘lanadigan gap bo‘laklari gapning uyushiq bo‘laklari deyiladi. Masalan: Odamning eng shirin, lazzatli va halol taomi o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan topgan rizqidir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Mazkur gapda eng shirin, lazzatli va halol hamda o‘z mehnati, qo‘l kuchi bilan guruh so‘zshakllari uyushib kelgan. Bunda birinchi guruhdagi so‘zshakllar bir xil so‘roqqa - qanday? degan so‘roqqa javob bo‘lib, sifatlovchi vazifasini bajargani holda, taomi so‘zi orqali ifodalangan umumiy bo‘lakka – egaga bog‘langan; ikkinchi guruhdagi so‘zshakllar ham bir xil so‘roqqa - qanday? so‘rog‘iga javob bo‘lib hol vazifasida kelib, topgan umumiy bo‘lagiga – sifatlovchiga bog‘langan. Har bir guruhdagi so‘zshakllar o‘zaro teng aloqaga kirishgan.
Bunday teng aloqadagi so‘zshakllar soni ikkita va undan ortiq bo‘lib, keyingi paytlarda ular tilshunoslikda uyushiq qator, tenglanishli qator deb yuritilmoqda. Tenglanishli qatorda ikkidan tortib o‘n, hatto undan ko‘p so‘zshakl qatnashishi mumkin: Saroytoshning ikki tomonida qad ko‘targan dara sohillari, undagi archazorlar, soy bo‘yida o‘sguvchi yulg‘unzoru bizning uyimiz yaqinidagi eski chashma, chashma atrofida ko‘karib yotadigan nilufarlar, yana qishloqning tor, egri-bugri ko‘chalari, muyulishda do‘mpaygan go‘ng to‘dalari, atrofdan eshitilib turadigan kakliklar sayrog‘i, oqshom tushganida uylar ayvonida yonuvchi chiroqlar, chiroqlar tevaragida qur tutib suhbatga berilgan odamlar – bularning hamma-hammasi biz uchun aziz, qadrdon edi. (Sh.Xolmirzayev).
Uyushiq qator quyidagi uyushiq bo‘laklar o‘rnini egallaydi:
1. Uyushiq ega:Qor-yomg‘ir yog‘ayotgan paytlarda ham ayollar va bolalar suvga kelishadi. (P.Qodirov).
2. Uyushiq kesim:
a) uyushiq fe’l kesim: ... ufqqacha cho‘zilgan lolazor rang-barang tovlanmoqda, yonmoqda. (J.Abdullaxonov);
b) uyushiq ot kesim: Qalbi pok bo‘lgan kishining ishlari ham pok bo‘ladi,toza bo‘ladi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).

Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar


Uyushiq bo‘lakli gaplarda ba’zan umumlashtiruvchi birliklar ham qatnashadi. Ular uyushuvchilarni jamlab ko‘rsatadigan so‘z va so‘z birliklari bo‘lib, uyushiq bo‘lakdan oldin yo keyin keladi. Uyushiq bo‘lakdan oldin kelgan umumlashtiruvchilar odatda izoh talab qiladi. Uyushiq bo‘lakdan keyin kelgan umumlashtiruvchilar esa yakunlash, xulosalash xususiyatiga ega bo‘ladi. Masalan: Hamma narsa: uylar, devorlar, daraxtlar qorong‘ulikka jimgina cho‘kdi. (Oybek). Ko‘cha – ko‘y ham, dala ham, qishloq ham - hammasi mendan Ma’sudani so‘roqlayotganday bo‘ladi. (P.Qodirov).
Uyushiq bo‘lakli gaplarda xilma–xil tinish belgilari qo‘llaniladi.
Uyushuvchilar o‘zaro bog‘lovchisiz (faqat sanash intonatsiyasi bilan); zidlov bog‘lovchilari, takrorlanuvchi bog‘lovchilar; bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo‘yiladi. Masalan: Qashqardaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand viloyatlarida bo‘lsangiz, 500-600 yillik chinorlarni ko‘rasiz. (A.Aminov). U doktorlarga goh zug‘um qilib, goh yaxshi gapirib statsionardan chiqdi. (S.Ahmad).
Uyushuvchilar o‘zaro va, hamda, bilan biriktiruv bog‘lovchilari orqali, shuningdek, yakka ayiruv bog‘lovchilari yordamida aloqaga kirishganda, ular orasiga vergul qo‘yilmaydi: Anhorda suv sokin va ulug‘vor oqardi. (F.Musajonov). Salim ota bilan yigitlar mehmonni ... kuzatib tashqariga chiqishdi. (S.Karomatov).
Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan oldin kelsa, shu birlikdan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi: Hamma yerda: uylarda, ko‘chalarda ivirsib yotgan xazon yuzi ertalab qirovdan ... oppoq bo‘lib qoladi. (Oybek).
Umumlashtiruvchi birliklar uyushuvchilardan so‘ng kelganda, undan oldin tire qo‘yiladi: Kishilar, xotinlar, bolalar – kutib oluvchilar vagon bo‘ylab chopdilar. (R.Fayziy).
Yüklə 15,08 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə