Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O`zbekistonim!



Yüklə 14,5 Kb.
tarix23.04.2022
ölçüsü14,5 Kb.
#85932
jonajon O`zbekiston


Qimmatoy Abdumutalibova Zafarbek qizi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti

Mumtoz tillar yo‘nalishi 3-kurs talabasi



Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O`zbekistonim!

Vatan! Bu so`zni eshitganimiz zahoti xayolot dunyomizda unib-o`sgan maskanimiz yuraklarda ajib entikish yasab ro`yo bo`larkan, bu ajiblik qalbidan bir so`z onamiz allasidek mas`um sas beradi – O`zbekiston, jonajon vatanim! Naqadar qadrdon, naqadar jonajon... Hech o`ylaganmizmi “Vatan” so`ziga “jonajon” deya ta`rif qilishimiz nimadan? Ikkita bir xil so`z: jon va yana jon. Bu vatanning jondanda ichkaridagi jondan ekanligidandir, balki. Buyuk shoh Bobur yurtidan ketayotgan chog` o`girilib - “anda jonim qoldi”, - nidosining jarangi ham shundandir, ehtimol. “Vatan” so`zi yuragimiz osmonida bo`y ko`rsatgan on boshqa jonlar bir chetta qoladi.

Ha, vatan jondan-da suygulimizdir. Payg`ambarimiz s.a.v. ga ilk vahiy kelgan paytlarda bashorat qilingan mushkulotlar orasida U kishini iztirob etgan – Makkadan ketishga majbur bo`lishlari – vatan hajri haqidagi xabar edi. U – vatan edi. Buyuk muhaddis imom al-Buxoriy Buxorodan badarg`a bo`lgan esa-da uning qadamiga zarlar sochishga shay mamlakatlarni ixtiyor etmay shu yurtning kichik bir qishlog`ida istiqomat qilganliklari ham vatan mehri bilan uzvda edi. U – vatan edi.

Vatan qanchalar ko`ngillarni larzaga keltiruvchidir, O`zbekiston qanchalar jon ichida jon?! Vatan – O`zbekiston! Uni sevmoq imondan nishona. U uchun xizmat etmoq esa sadoqatdan oyat hisoblanadi. Bunda tug`ilganimiz bo`lsa bir xayrdir. Bir paytlar eshitgandim: sen kerakli joyda va kerakli vaqtda tug`ilgansan. Bu bir tanishimning boshqa davlat yashashga bo`lgan orzusi haqidagi suhbatning yakuniy nuqtasi bo`lgan. Shu zahoti “menga shu vatan kerakligi uchun ham shu yerdaman” degan o`y vujudimni chulg`agan va hanuzgacha xayolim sarhadini band etgan.

Agar yaxshiroq mulohaza qiladigan bo`lsak, hech bir yurt shu zamin – O`zbekistonday bizga mehr ko`rsatmadi: suvi, mo`l-ko`l hosili, go`zal ko`rki bilan bizga bergan zavqini aytishning o`ziyoq bizni o`sha hislarga ko`mganini sezamiz. Nimaiki yutuq-g`alabaga erishgan bo`lsak, shu yurtda qo`lga kiritdik va yana o`zligimiz kamoloti ham u bilan bog`liqdir. Har ega bo`lgan qudatimiz asosida u bo`ldi.

O`zbekiston onaga o`xshaydi: har qadam tashlashing uning uchun baxt, har aytgan so`zing quvonchi uning... Bizni tetapoya etadi. O`zing yasagan o`zingning zarralarigacha uning haqqini sezasan. Kun kelib buni unsak-da yodimiz burjida soyasini sezganimiz on yurakdagi achishishlar bilan qaytamiz. O`smoqlik uning sa`yi ila bo`lsa, qaytmoqlik ham yana uning bilandir. Xuddi onadek bag`riga bosib kutib oladi: qanday holdaligin ahamiyatsiz – xoh juldur kiyimdami, xoh shohona liboslarga burkan – samimiy mehrini beradi. Bu samimiy mehrni hech bir o`lka berolmadi, ki endi ham, so`ng ham berolmas. Chunki, bizga O`zbekiston kerakligi uchun shu zamin bag`ridamiz, shu mehr makonidamiz.



Kimlardir o`ylashlari mumkin: yevropa yoki amerika davlartlarining birida tug`ilganimda bundan-da ortig`iga erishardim. Yo`q, taqdiri ilohiyda neki bitilgandir - shu biz uchun xayr. Qazo va qadarga rizolik imonning shartlatidandir va berilganiga shukr etmoq mo`minlikning dalolati. Bundan tashqari, tug`iladigan makon, ota-ona va kim bo`lib tug`ilishing taqdirning senga taqdim etilgan ilk ne`mati-sovg`asidir. Va yana sarob haqida orzu qilmoqlik ahmoqlik. Mushohada eting-chi, O`zbekiston bergan qudratni, quvvatni, baxtni, imkoniyatlarni siz o`zgadan topmadingiz. Chunki aynan shu zaylda berilgan qudrat, baxt, imkoniyat sizni siz etdi. Boshqachasi bo`lishi ham mumkinmas. Qudratimizni O`zbekiston ismli azim chashmadan oldik. Va yana aytadilarki, bola voya bo`lgach, onadan so`ramagay, unga bergay, onaning hayotligi va yoningda turishining o`zi yurak parchalarini but eta olgay. Yurakning butligi esa asl saodat hisoblanadi.

Donishmandlar tushunchani uning aksi orqali anglash mumkinligni aytishadi. Undan tashqari, inson borini yo`q bo`lganida qadrlovchidir. Biroq, shundaylar borki, ularni yo`qotish qayta topilmasliklaridan darak. Vatan, ota-ona, ... . Ota-ona qadrini ularni qayta topolmayotganlardan so`ralsa, ular borligidagi saodat va ulardan keyingi qalb parchalari haqida tasvir etib berishadi. Vataning borligi ham shunday bo`lsa ne ajab. Biz O`zbekistonimiz borligi uchun ham saodatdamiz. Biz uning bizga berganlaridan kuchdamiz. Bugun saodat maskani deya O`zbekistonga ta`rif bera olamiz. Uning tufayli baxtni his etganimiz uchun, hayotni his etganimiz uchun. Tuprog`iga cho`p suqsa gullaydigan yurtda biz yashnadik, axir. Modomiki, quruq cho`pni hayotga qaytish imkonini bergan yurt tuprog`i farzandlariga qandayin cheksiz imkoniyatlar bergay. Mana shuning o`zi saodatning eng katta xabaridir. Yoxud saodatni his etish uchun biz egalik qilayotganlarimizning turlichaligi-yu ularning barida O`zbekiston hissasining, u began imkoniyatkarning ozginasini eslash yetarli. Balki, shuginani o`ylashning o`zi qalblarimiz fazosida sado bo`lgan bir so`z yangramoqligiga kifoyadir: qudratim manbaisan, saodatim maskani, jonajon O`zbekistonim!!!
Yüklə 14,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə