Sud tibbiy toksikologiya



Yüklə 29,67 Kb.
tarix24.06.2023
ölçüsü29,67 Kb.
#118737
Sud tibbiy toksikologiya


Sud tibbiy toksikologiya
Toksikologiya (yunoncha toxikon - zaharli modda, logos- fan, ta’limot) – zaharli moddalar va zaharlanish haqidagi fan bo’lib, 2 turga bo’linadi: umumiy va xususiy. Umumiy toksikologiya organizmga harxil zaharli moddalar ta’sirining umumiy qonuniyatlarini o’rgansa, xususiy tanatologiya esa alohida zaharli moddalarning ta’siri xususiyatlari va ular bilan zaharlanganda davolash usullarini aniqlashda xizmat qiladi. Hozirgi davrda u bir necha mustaqil fanlarga, jumladan: 1) sud toksikologiyasi; 2) sanoat toksikologiyasi; 3) oziq-ovqat toksikologiyasi; 4) harbiy toksikologiyasiga bo’linadi. Sud toksikologiyasi ximiya, fiziologiya va boshqa fanlar sohasida olib borilgan kattagina ishlar hayotda uchraydigan qo’pgina zaharlanishlarni aniqlashga imkoniyat yaratdi. Ko’pchilik tadqiqotchilar zaharlanishni zaharli moddaning ta’siri tufayli sodir bo’lgan kasallik sifatida baholaydilar. Ammo zaharli modda tushuchasini aniqlashda biroz qiyinchilik tug’iladi. Shuni aytish lozimki, absolyut zaharli modda yo’q, ya’ni istagan sharoitda zaharlanish chaqiruvchi modda yo’q. Faqat bu modda organizmga tushgach, ma’lum sharoitda zaharli xususiyatga ega bo’lishi mumkin. Asosan zaharli moddalar organizmga tushgach, o’zining kimyoviy yoki fiziko-kimyoviy xususiyatlari bilan zaharlanish chaqiradi. Bundan tashqari, organizmga ozgina miqdorda kirganda ham ta’sir qo’rsatishi zarur. Shuning uchun ham sud tibbiyotida zaharli modda deb, bu moddalar organizmga ozgina miqdorda kirsa ham o’zining kimyoviy yoki fiziko-kimyoviy xususiyatlari orqali odamning sog’lig’ining buzilishi yoki o’limga olib kelishiga aytiladi. 284 Zaharli moddalarning tasnifi Zaharli moddalarni organlar va to’qimalarga ta’sir qilish xarakteriga qarab quyidagi asosiy guruhlarga bo’lish mumkin: I. Mahalliy ta’sir qiluvchi zaharli moddalar. Bularga quyidagilar kiradi: 1. O’yuvchi zaharli moddalar. Bu moddalar o’zining tushgan joyida kuchli ko’rinuvchi morfologik o’zgarishlar chaqiradi. Bunga kislotalar, ishqorlar, formalin va fenol birikmalari kiradi. 2. Destruktiv zaharli moddalar. Bular tushgan joyida va qonga so’rilganda organ hamda to’qimalarda distrofik, nekrobiotik va nekrotik o’zgarishlar hosil qiladi. Og’ir metallarning tuzlari, organik birikmalari, xlor organik yadoximikatlar, fosfor, sulema, margumush va boshqalar bilan zaharlanishlar bunga misol bo’la oladi. II. Umumiy zaharli moddalar. Bularga quyidagilar kiradi: 1. Qonga ta’sir qiluvchi zaharli moddalar: is gazi, bertolet tuzi, anilin, nitrobenzol, nitritlar, gidroxinon va boshqalar bilan zaharlanishlar kiradi. 2. Ko’pincha markaziy va periferik nerv sistemasiga ta’sir qiluvchi zaharli moddalar. Bu guruhga kiruvchi zaharli moddalar ham 4 guruhchaga: 1) markaziy nerv sistemasini falajlovchi zaharlar; 2) markaziy nerv sistemasi faoliyatini susaytiruvchi zaharlar; 3) markaziy nerv sistemasini ko’zg’atuvchi va talvasalantiruvchi zaharlar; 4) ko’pincha periferik nerv sistemasiga ta’sir qiluvchi zaharli moddalar. 13.1. Zaharli moddalarning organizmga ta’sir qilish shartlari Sud tibbiyoti ekspertizasi o’tkazilganda har bir zaharli moddaning faqatgina 285 alohida fizik va kimyoviy xossalarinigina emas, balki uning organizmga ta’sir qilish shartlarini ham hisobga olishga to’g’ri keladi. Bunga quyidagilar kiradi: I. Zaharli moddaning o’ziga bog’lik sharoitlar: 1. O’ldiruvchi dozasi, ya’ni odamni o’limiga sababchi bo’ladigan zaharli moddaning minimal miqdori (atrofin 0,1 g, margumush va morfin 0,2 g, tsianid kislotasi 0,06 g., kaliy tsianidi 0,15-0,25 g., kontsentrlangan sulfat kislotasi 5 ml., nitrat kislotasi 5-10 ml., xlorid kislotasi 10-15 ml va hoqazolar). 2. Eruvchanligi. Organizm shirasida erimaydigan moddalar zaharlanish chaqirmaydi. Masalan, erimaydigan HbCl tuzi (kalomel) zararsiz, eruvchan HbCl2 (sulema) kuchli zaharli modda hisoblanadi. 3. Zaharli moddaning fizik holati. Masalan, gazsimon moddalar to’g’ridan to’g’ri qonga ko’p miqdorda so’riladi. Ayrim zaharli moddalar og’iz orqali qabul qilinganda tezroq ta’sir ko’rsatadi. 4. Zaharlanish jarayonida zaharli moddaning kontsentratsiyasi muhim ahamiyatga ega. Masalan, eritilgan va suyultirilgan xlorid kislotasining kuchsiz eritmasi dori sifatida foydalanilsa, kontsentrlangan eritmasining shu miqdori kuchli zaxarli modda hisoblanadi. Sirka kislotasining kuchsiz eritmasi ovqatga tam beruvchi sifatida foydalanilsa, 48-96-foizli kontsentrlangan eritmasi esa o’limga olib kelishi mumkin. 5. Zaharlanish jarayonida zaharli moddani nima bilan qabul qilinishiga bog’liq. Masalan, ishqorli muhit margumushni, kislotali muhit (nordon vino) tsianid birikmalari, sut va tarkibida yog’ bo’lgan ovqat moddalari fosfor organik birikmalari so’rilishini tezlashtiradi. Quyuq chay va kofe alkoloidlar (morfin, strixnin va atrofin) ta’sirini kuchsizlantiradi va hokazolar. 6. Zaharli moddalarni saqlanish muddatiga bog’liq. Bunga 1916 yil dekabrida kaliy tsianidi bilan Grigoriy Rasputinni g’animalari 286 zaharlashga urinishi misol bo’la oladi. Uning dushmanlari oldindan pishiriqni ustiga zaharli moddani sepib qo’yadi. U vinoni ichib, pishiriqni egach, ashulasini aytib hech narsa bo’lmagandek o’zini his qiladi. Bunda kaliy tsianidi uzoq vaqt kislorodsiz joyda saqlangani uchun u CO2 bilan birikib potash (K2CO3) ga aylanib zaharsizlilik xususiyatiga ega bo’lib qolganligi aniqlangan. II. Zaharli moddaning ta’siri organizmning individual holatiga bog’liq: 1. Yoshiga. Ko’krak yoshidagi va kichkina bolalar opiy, alkogolga juda sezuvchan bo’lsa, strixninga esa nisbatan kam sezuvchan bo’ladi. Uch yoshlik o’g’il bolani kichkina qadahdagi aroqni ichganda o’lganligi adabiyotlardan ma’lum. 2. Sog’lig’ining holatiga bog’liq. Surunkali kasalliklar bilan kasallangan ozg’in kishilarda zaharli moddalar ta’siri tez va kuchli bo’ladi. Buyrak kasalliklarida davolovchi doza zaharli xususiyatga ega bo’lib, organizmda kumulyativ holatni chaqiradi va zaharli moddalarni ajralishi buziladi hamda og’ir zaharlanish sodir bo’ladi. 3. Og’irligi. Organizmga tushuvchi zaharli modda organ va to’qimalarga tarqaladi. Shuning uchun ham uning o’ldiruvchi dozasi jabrlanuvchining vazniga to’g’ri bog’langan bo’ladi. 4. Jinsiga bog’liq. Hayz ko’rish va homiladorlik davrida ayollar organizmi zaharli moddalarga ancha sezuvchan bo’ladi. 5. Zaharlanish jarayonida organizmning zaharli moddaga o’rganib qolishiga bog’liq. Narkotik moddalar (alkogol, morfin, kokain va boshqa ayrim moddalar) ga o’rganib qolish bunga misol bo’la oladi. Narkomanlar narkotiklarni katta dozasini ham bemalol iste’mol qilaversalar, bu dozalar yosh bolalarni o’limining sababchi bo’lishi mumkin. Nerv sistemasida o’tkazuvchanlik yoki qo’zg’alish jarayonlarini engillashtiruvchi moddalarga o’rganib qolish ko’pincha kuzatiladi. Bular sub’ektiv yoqimli sezgi va eyforiya chaqiradi. Zaharli moddani ko’p marta qabul qilish 287 natijasida patologik mustahkam miya po’stlog’i bilan bog’lanish, dinamik stereotip sodir bo’ladi. Zaharli moddani uzoq muddatda qabul qilish fiziologik ta’sirdan tashqari zaharli modda almashinuv jarayonlarida qatnashib bioximik ta’sir ham ko’rsatadi. Zaharli moddaning fiziologik va bioximik ta’sirining o’ziga xos xususiyatlari shundaki, kerakli ta’siriga erishish uchun har marta narkotik dozasini oshirishga to’g’ri keladi. Masalan, morfinistlar 0,01-0,02 g dozasidan boshlab, sekinlik bilan to 0,3-0,5 g gacha etkazadi. Sekinlik bilan miqdoriy ta’sir sifatiy ta’sirga o’tib boradi. Keyinchalik nerv sistemasining qo’zg’alishi tormozlanish bilan almashinadi. Natijada ish qobiliyatining pasayishi va bosh miya po’stloq xo’jayralarining kuchli darmonsizligiga olib keladi. Narkomanlarda narkotik moddalarni qabul qilmaslik tufayli miya po’stloq qavatida faqat buzilishlar (charchash, siqilish, serjahllik) bilan bog’liq bo’lmasdan, balki butun nerv sistemasining o’zgarishi kuzatiladi. Bu buzilishlar po’stloq osti markaziga ham aloqador bo’lib, buning natijasida ichki organlar (yurak, o’pka va boshqalar) faoliyatida qator patologik o’zgarishlar ko’zga tashlanadi. Bunday holatga abstinentsiya sindromi deyiladi. Bu davrda narkomanlar narkotik moddalarni olish uchun hatto odam o’ldirish yoki antisotsial jinoyatlar sodir qilishga ham qodir. Ayrim shaxslarda narkotik moddalarga o’rganib qolishga qarama qarshi o’laroq sezuvchanligi oshib ketishi (idiosinkraziya) kuzatiladi. Bu holat antibiotiklar, xinin, yod, novokain va boshqalar davolovchi dozalarda qabul qilinganda ham ko’zga tashlanadi. Har bir vrach davolash tayinlaganda dorilarning qo’shimcha ta’sirini oldini olish choralarini ko’rishi zarur. III.Zaharli moddaning yuborish yo’liga bog’liq sharoitlar: Ko’pgina zaharli moddalar organizmda so’rilib, qonga tushgandan keyin zaharli ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun ham to’g’ridan to’g’ri qon tomiriga yuborilganda ancha tez ta’sir qiladi. Ayrim zaharli moddalar faqat aniq yo’llar orqali kirgandagina o’z ta’sirini namoyon etadi. Masalan, xloroform nafas olganda yaxshi ta’sir ko’rsatsa 288 oshqozonida yomon so’riladi hamda qusish refleksi paydo bo’lib tezda tashqariga chiqarib yuboriladi. Kurare teri tagiga yuborilganda tez ta’sir ko’rsatib birdaniga mushaklar falajlanishini chaqirsa, oshqozon orqali yuborilganda esa hech bir ta’siri kuzatilmaydi. Sud tibbiyoti amaliyotida davolovchi moddalarning qabul qilish yo’llarini qasddan o’zgartirish hollari ham uchraydi. 15 yoshli qizga nembutalning 10-foizli eritmasini teri tagiga yuborilganligi aniqlangan. Eritma to’g’ridan to’g’ri ko’chada tabletkadan tayyorlanilib uning «yoqimli sezgisini» kuzatish maqsadida sterillanmagan shprits orqali yuboriladi. 4 ml eritma yuborilganda jabrlanuvchi qisqa muddatga xushini yo’qotadi va ojiz holatga tushgach, uni zo’rlab nafsiga tegishadi. IV. Tashqi muhitga bog’liq holatda zaharli moddalarning ta’sir qilish shartlari: Havo harorati va namligining oshib ketishi is gazi bilan zaharlanishga qulay sharoit yaratadi. Shuning uchun ham bu zaharlanish individual hammomlar, vannalar va qozonxonalarda ko’proq uchraydi. Past harorat alkogol bilan zaharlanishning sababchisi bo’lishi mumkin, chunki bunda organizm haddan tashqari sovib ketishi va uning reaktivligi pasayishi kuzatiladi. Biroq mastlikning ayrim davrlarida sovuq ta’sirida mast odamning tezda xushiga kelish hollari ham ma’lum. Zaharlanishlarning davrlari Zaharlanishlar o’zining davomligiga qarab o’tkir, o’rtacha o’tkir va surunkali davrlarga bo’linadi. O’tkir zaharlanish odatda zaharli moddaning toksik yoki o’ldiruvchi dozasi qabul qilinganda kuzatiladi. U bir necha minutgacha davom etib tezlikda o’lim bilan tugaydi. Bunga tsianid kislotasi, is gazi bilan zaharlanishlar misol bo’la oladi. Biroq zaharli modda ta’sir qilgandan biroz vaqt o’tgach zaharlanish ko’zga tashlanadi. Buning davomligigi zaharli moddaning xarakteri va qonga so’rilish 289 tezligiga bog’liq. Odatda o’tkir zaharlanishning davomliligi bir necha soatdan to bir sutkagacha vaqtni tashkil etadi. O’rtacha o’tkir zaharlanish davri. Xuddi o’tkir davri singari, odatda zaharli moddani bir marta qabul qilgandan keyin anchagina sekinlik bilan boshlanib, to 1-2 haftagacha cho’ziladi. Zaharlanishning bunday o’tishi zaharli moddaning oz miqdorda qabul qilinishi, sekinlik bilan so’rilishi yoki organizmdan chiqib ketishi (simob ikki xloridi) bilan bog’liq. Bunday hollarda alohida ichki organlar (bosh miya, jigar, buyrak va boshqalar) ning jarohatlanishi bilan bog’liq o’zgarishlar birinchi navbatda ko’zga tashlanadi. Surunkali zaharlanish davri. Uzoq muddatda zaharli moddaning biroz miqdori (tetraetil, qo’rg’oshin, ayrim yadoximikatlar) organizmga qayta-qayta tushishi bilan bog’liq. Zaharlanish manzarasi asta sekinlik bilan rivojlanib, ba’zan markaziy nerv sistemasi ayrim kasalliklariga xos atipik xarakter tusini oladi. Zaharli moddani qabul qilgandan keyin o’lim bir necha haftadan va hatto oylardan keyin ham sodir bo’lishi mumkin. 13.2. Zaharli modda va organizmning o’zaro ta’siri (toksikodinamika) Zaharli moddaning organizmga ta’siri natijasida hujayralar, organ va to’qimalarning funktsiyasini buzilishi tufayli doimo odamning sog’lig’iga ziyon etkazilishi mumkin. Ayrim zaharli moddalar qabul qilingach, to’g’ridan to’g’ri reflektor ta’sir ko’rsatib birdaniga zaharlanish chaqirishi ko’zga tashlanadi. U zaharli modda tushgan joyida sezuvchi nerv tolalarini ta’sirlanishi (shok) tarzida namoyon bo’ladi. Bunday manzara o’yuvchi zaharli moddalar bilan zaharlanganda kuzatiladi. Ko’pchilik zaharli moddalar rezorbtiv xususiyatga ega bo’lib, asosan qonga so’rilganda ko’rinadi. Odatda rezorbtiv moddalar ko’pincha saralab ta’sir qilish xususiyatiga ega. Masalan, kon gemoglobiniga (qonga ta’sir qiluvchi zaharli moddalar), bosh va orqa miyaga (tserebrospinal zaharli moddalar), yurakka 290 (intrakardial zaharli moddalar) va boshqalarga ta’sir qilishi mumkin. Zaharli moddalar organizmga birlamchi va birin ketin ta’sir ko’rsatishiga ham bo’linadi. Birlamchisida zaharli moddalar to’g’ridan to’g’ri qandaydir organ yoki to’qimalarga ta’sir qilib o’zgarishlar chaqirsa, ikkilamchisida birlamchi jarohatlanish tufayli boshqa organlar va to’qimalar funktsiyasining ham buzilishiga sababchi bo’ladi. Masalan, qonning gemolizi gemolitik zaharli moddaning birlamchi ta’siridan sodir bo’lsa, buyrak funktsiyasining buzilishi va siydik ajralishining o’zgarishi ularning birin ketin ta’siri natijasida rivojlanadi. Odatda zaharlanishda uzoqlashgan asoratlari kuzatilib, bular zaharli moddalarning metatoksik ta’siri tufayli yuzaga keladi. Ular organizmda bo’lgan zaharli moddalarning to’qimalarga to’g’ridan to’g’ri ta’sir qilishi bilan bog’liq. Sulemaning metatoksik ta’siri zaharlanishdan bir necha kun o’tgach, zaharli modda organizmdan chiqarilgandan keyin buyrakning uzoq davom etadigan jarohatlanishi va buyrak etishmovchiligi bilan xarakterlanadi. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar zaharli modda bilan organizmning o’zaro aloqasini faqat umumiy ko’rinishini belgilaydi. Ko’pchilik zaharli moddalar yuqori biologik aktivlik xususiyatiga ega. Bu zaharli moddalarning saralab ta’sir qilishi, organizmda sodir bo’ladigan ayrim nozik bioximik jarayonlarga ta’sir qilishiga bog’liq. Masalan margumushning ta’sir qilishi to’qimalarda fermentlar sistemasining sulfgidril guruhining blokadasi tufayli oksidlanish jarayonining buzilishiga asoslangan, tsianid kislotasi to’qima tsitoxromoksidazasi bilan o’zaro ta’sir qilib to’qimada nafas olish fermentlari faoliyatini susaytirishi; fosfor organik moddalar xolinesteraza fermentiga ta’sir qilib, nerv orqali qo’zg’alish jarayoni berilishiga ta’siri va boshqalar bilan xarakterlanadi. Shuning uchun ham zaharli moddalarning ta’sir qilish nuqtasi har xil bo’ladi. Masalan, bir xil sinoptik zaharli moddalar aksonlarga to’g’ridan to’g’ri ta’sir ko’rsatib, nerv impulsi berilishini bo’zsa (tetradotoksin), boshqalari akson ohirlarida atsetilxolin ajralishini susaytiradi (botulotoksin), uchinchilari mushakda atsetilxolin kontaktini buzadi (kurare) va nihoyat, to’rtinchilari atsetilxolin emirilishini tormozlaydi (zarin). 291 Zaharli moddalar organizmga tushgach, odatda u yo bu darajada neytlarlanadi, oksidlanadi va qaytarilib, boshqa moddalar bilan birikadi. Bir necha moddalar organizmga kirganda ularning har birini ta’sirini kuchaytirishi (sinergistlar) yoki susaytirishi (antagonistlar) mumkin. Masalan, uyqu dorilari va alkogol, bir xil eritmada qabul qilinganda bir birini ta’sirini kuchaytirishi, kislotalar va ishqorlar bir birini ta’sirini susaytirishi mumkin. Zaharli moddalar organizmdan kirgandan keyin birdaniga chiqarilishi (qusish orqali, oshqozonini yuvish orqali) yoki chiqaruv organlari: buyrak (suvda eruvchi va parlanmaydigan moddalar), jigar (margumush, narkotiklar, spirtlar), o’pka ( gazsimon va uchuvchi moddalar), oshqozon shilliq pardasi orqali (morfin, strixnin), ichaklar devori orqali (simob, margumush), so’lak bezlari (og’ir metal tuzlari, pilokarpin, bertolet tuzi), ter orqali (fenol, galoidlar), ko’krak suti orqali (morfin, alkogol, margumush) va boshqalar ajralishi mumkin. 13.3. Zaharlanishlarning sud tibbiyoti ekspertizasi Zaharlanish bor yoki yo’qligini aniqlash va isbotlash masalasida sud tibbiyoti eksperti uchun anchagina qiyinchiliklar tug’iladi. Birinchidan, murdani kesib ko’rish davrida odatda zaharlanishning klinik belgilari no’malum bo’ladi. Ikkinchidan ko’pgina zaharli moddalar odam organizmida qandaydir spetsifik o’zgarishlar qoldirmaydi. Sud tibbiyoti toksikologiyasiga zaharlangan organizmda yuzaga keladigan spetsifik o’zgarishlardan tashqari xarakterli morfologik belgilarga ega bo’lmagan anchagina zaharli moddalar bilan zaharlanishlar borligi ham ma’lum. Qator zaharlanishlarda bir xil morfologik ko’rinishdagi bir biriga o’xshash sektsion belgilarning bo’lishi ham sud tibbiyotida ularga tashxis qo’yishni ancha qiyinlashtiradi. Ko’pincha o’tkir zaharlanishlar odamni sog’lig’ini xavfli buzilishiga sababchi bo’ladi. Shuning uchun ham uchastka vrachi shaxsan bemorga tibbiy yordam ko’rsatish uchun chaqirilganda borishi zarur. Har bir zaharlanishga shubha 292 tug’ilgan yoki zaharlanish aniqlaganda tergov organlariga xabar berilishi shart. Zaharlanishni sud tibbiyoti ekspertizasida qator savollarni, jumladan, bunday holatda zaharlanish bo’lganmi, qaysi zaharli modda bilan zaharlangan, organizmga zaharli modda qaysi yo’l (oshqozon, nafas yo’llari, teri tagi va boshqalar) orqali kirgan, zaharli modda qanday dozada qabul qilingan va boshqalarni echishga to’g’ri keladi. Sud tibbiyoti eksperti bunday savollarni echishda barcha tekshiruv usullari va zaharlanishga aloqador unga ma’lum bo’lgan barcha isbotlash manbalaridan foydalanishi zarur. Zaharlanishlarning sud tibbiyoti ekspertizasini 3 ta isbotlovchi manbasi mavjud. Birinchisi murdani teshirguncha va o’lim sodir bo’lguniga qadarli davr kiradi. Ikkinchisi murdani tekshiruv davri, uchinchi manbasi laboratoriya tekshiruv usullari hisoblanadi. Birinchi guruh isbotlashda zaharlanish sodir bo’lishligini ko’rsatuvchi voqea kuzatilgan holat muhim ahamiyatga egadir. Masalan, yuq tashuvchilar maxsus shishali idishdagi reaktivlarni tushirish paytida bittasini «spirt» bor deb yashirib qo’yadilar va tushlik paytida ishdan keyin ichadilar. Bu «spirt»ni ichganlar birdaniga xushini yo’qotib qisqa muddat ichida o’lib qoladilar. Voqea sodir bo’lgan ushbu holatini kuzatishda o’lim alkogol surrogatlari tomonidan sodir bo’lganligi haqida taxmin qilishga asos bo’ldi. Haqiqatan ham murdani tekshirib ko’rish natijasida dixloretan topilganligi aniqlanildi. Zaharlanishning xarakterli klinik belgisini kuzatilishi zaharlanishning tashxisida muhim ahamiyatga egadir, chunki unga qarab murdani kesib ko’rishga qadar taxminiy tashxis qo’yishga imkon beradi (alkogol bilan zaharlanish). Ko’pincha zaharlanishdan o’lishda qusish holati ko’zga tashlanadi. O’limdan oldin qusishning paydo bo’lish belgisi turmushdagina emas, balki tibbiyot amaliyotida ham kuzatilishi mumkin. Shuni aytish zururki, kusish kalla suyagi ichida bosim oshchib ketganda, miyada o’sma bo’lganda, bosh miyaga travmatik va kasallik tufayli qon quyilishda ham sodir bo’lishi aniqlangan. Misol. Ko’chadan kasalxonaga xushsiz holatidagi yosh erkak kishi keltirilgan. Uning og’zidan alkogolni kuchli hidi kelib turganligi aniqlangan. 293 Jabrlanuvchining kiyimida qusuq massalari izlari topilgan. Vrach alkogol bilan og’ir zaharlanganligini aniqlagach, oshqozonini yuvishga va unda kuchli bezovtalanish bo’lgani uchun krovatga bog’lab qo’yishni buyurgan. Bir necha soat vaqt o’tgandan keyin uni o’lganligi ma’lum bo’lgan. Murdani tekshirib ko’rilganda kalla suyagining g’umbazi singanligi va epidural gematoma topilgan. Ma’lum bo’lishicha, mastlik holatida bo’lgan jabrlanuvchi boshida anchagina jarohatlanish olgan va bu o’z vaqtida aniqlanilmagan. Boshqa hollarda zaharlanish holatiga kasalxonada o’z vaqtida tashxis qo’yilmagan va buni vrachlar jarohatlanish oqibati deb hisoblaganlar. Misol. 3 yoshli qizcha bolalar shahar kasalxonasiga og’ir ahvolda yotqizilgan. Qizcha xushsiz holatda bo’lib, uning butun tanasida talvasalanish va yuzaki xirillagan nafas olish kuzatilgan. Uni kasalxonaga olib kelgan otasining ko’rsatishicha, yarim soatdan oldin sirg’anib yiqilgan va xushini yo’qotgan, birdaniga talvasalanish boshlanib, og’zidan ko’pik hamda qon ajrala boshlangan. Ichki qon ketishiga shubha qilingan. Orqa miyasiga punktsiya qilinganda katta bosim bilan quyuq qon aralashgan orqa miya suyuqligi olingan. Kasalxonaga yotqizilgach, 1,5 soatdan keyin kalla suyagi ochilgan. Kalla bo’shlig’ida qon topilmagan. Operatsiyaning ohirida qizcha o’lgan. Murdani sud tibbiyoti usulida tekshirishda miya moddasining bo’kishi va miya yumshoq pardasining kuchli to’laqonligi ko’zga tashlangan. Sud-kimyoviy tekshirishda murdaning oshqozoni va ichki organlarida piramidon topilgan. Ma’lum bo’lishicha, qizcha yiqilishdan oldin 10 tabletka piramidon ichganligi va shuning natijasida o’lganligi kuzatilgan. Keltirilgan misollar shuni ko’rsatadiki, faqatgina bitta klinik belgiga qarab zaharlanishga tashxis qo’yish anchagina qiyin. Zaharlanishni aniqlashda voqea sodir bo’lgan joyni kuzatishning ahamiyati katta, chunki bunda o’zini o’zi o’ldirganda xatni topilishi, zaharlovchi modda qoldiqlarining bo’lishi (har xil idishlarda) mumkin. Bu idishlarda zaharli moddalarning qoldiqlari bo’lishi yoki bo’lmaslik hollarida ham tekshirish uchun olinishi zarur, chunki bulardan laboratoriya tekshirishi uchun yuvindi olinganda 294 zaharli modda topilishi ko’zda tutiladi. Agar voqea sodir bo’lgan joyda qusuq va axlat massalari, birlamchi yordam ko’rsatilgandan keyin oshqozonni yuvgan suv yuvindilari topilganda ular maxsus idishlarga yig’ilib, yaxshilab o’raladi va laboratoriya tekshiruvi uchun jo’natiladi. Sud tibbiyoti amaliyotida shunday hollar uchraydiki, bunday ob’ektlarni tekshirishda zaharli moddalar topilsa, murdaning ichki organlaridan esa ular topilmasligi mumkin. Bunday bir biriga to’g’ri kelmaslik holati o’lim birdaniga sodir bo’lmaganda va zaharli modda emirilishi yoki organizmdan chiqarib yuborilganda kuzatiladi. Bunda zaharlanish to’g’risidagi masala qusuq massasini laboratoriyada tekshiruv natijalariga qarab hal qilinadi. Zaharga shubha qilinuvchi barcha moddalar tergovchi tomonidan olinishi, yaxshilab o’ralib surg’uchlanishi va sud-kimyoviy tekshirish uchun jo’natilishi lozim. Agar voqea sodir bo’lgan joyga birinchi bo’lib tez tibbiy yordam vrachi kelgan bo’lsa, u ashyoviy dalillarni ko’rishi zarur. Ba’zan ovqatga yoki ichilayotgan quyuq kofe, shurvadagi mayda zarrachalar va boshqalarda zaharli moddalar borligiga shubha tug’iladi. Bunday shubhalar oilada, uyda notinch holat bo’lganda ayniqsa kuchayadi. Bunday hollarda shubhalanuvchi kishi militsiya organlari, prokuratura va kimyo laboratoriyasiga keltirilgan ovqat yoki ichimlikni taxlil qilishni o’tkazilishini iltimos qiladi. Bunda ular shu aniq ovqatni egan yoki ichgandan keyin zaharlanishga aloqador qandaydir noaniq belgilar paydo bo’lganligidan shikoyat qiladi. Tergov jarayonlari va sud tibbiyoti amaliyotining ko’rsatishicha ko’pchilik hollarda bular ruhiy kasallar yoki takrorlanaveradigan oilaviy majoralar tufayli sodir bo’ladi. Ikkinchi guruh isbotlash manbasini murdalarni sud tibbiyoti usulida tekshirish tashkil etadi. Murdani tashqi tekshiruvda zaharlanish uchun xarakterli qator belgilarni kuzatish mumkin. Birinchi navbatda ularga murda dog’lari kiradi. Masalan, agar murda dog’lari och qizil rangli bo’lsa, bu is gazi bilan zaharlanganlikni, qo’ng’ir rang esa metgemoglobin hosil qiluvchi zaharli moddalar (bertole tuzi, anilin va nitritlar) bilan zaharlanganlikni ko’rsatadi. Ayrim zaharlanishlarda (oq qalpoqchali zamburug’) murdani qotishi umuman 295 kuzatilmasligi mumkin. Strixnin bilan zaharlanganda esa murdaning qotishi kuchli rivojlangan bo’ladi. O’yuvchi zaharli moddalar ta’sirida og’iz bo’shlig’i atrofida dog’ paydo bo’lishi, atrofin bilan zaharlanganda ko’z qorachig’ining ancha kengayishi ko’zga tashlanadi. Zaharlanishning diagnostikasida teri qoplamasining umumiy rangi muhim ahamiyatga egadir. Masalan, gemolitik zaharli moddalar bilan zaharlanganda teri va ko’z pardasining rangi sarg’ish tusda ko’rinadi. Zaharlanishga shubha qilinganda murdani kesib ko’rishda suv va antiseptiklardan foydalanilmaydi, chunki zaharli moddalar yuvilib ketishi mumkin. Murdani tekshirishda ichki organlari va bo’shliqlaridan tarqaluvchi hidga ham e’tibor beriladi. Ba’zan alkogol, sirka kislotasi, nashatir spirti, tsianid kislotasining birikmalari va boshqalarda xos hid sezilishi mumkin. Murdani odatdagi kesishga qaraganda zaharlanishga shubha qilinganda uning ichki organlarini tekshirishni o’ziga xos xususiyatlari bor. Murdani sud tibbiyoti usulida tekshirish qoidasiga asosan bunday hollarda avval yuragi kesilib, undan tekshirish uchun qon olinadi. Keyin kirish va chiqish joyi bog’langan oshqozon va ichaklar ajratiladi. Oshqozonni alohida ajratilgach, sinchiklab kesib ko’riladi. Bunda oshqozon ichidagi bor narsalar, ularning hidi, konsistentsiyasi, ovqat moddalarining xarakteriga e’tibor beriladi. Ovqat moddalari alohida bo’lakchalarining topilishi qachon oxirgi marta ovqatning eyilganligi va qaysi ovqat mahsuloti bilan zaharli modda kiritilishi mumkinligi o’rganiladi. Oshqozon shilliq pardasini ko’zdan kechirishda uning burmalari sinchiklab tekshiriladi va u erlarda zaharli modda qoldiqlari borligi aniqlaniladi. Agar zaharli modda topilgan taqdirda keyinchalik kimyoviy tekshirish uchun alohida idishlarga solinadi. Oshqozon shilliq qavatini tekshiruvda undagi o’zgarishlar batafsil yoziladi. Ingichka va yo’g’on ichaklar kirish va chiqish tomonidan bog’lanib, bir biridan ajratiladi. Ichaklarni kesib ko’rish alohida toza idishlarda o’tkazilib, ularning ichidagi narsalar yig’ishtirib olinadi. Keyin ichakning shilliq qavatlari butun yo’nalishi bo’ylab ko’zdan kechiriladi va uning holati hamda undagi o’zgarishlarga ahamiyat beriladi. Keyinchalik murdadan alohida organlar ajratilib kesib ko’riladi. 296 Murdani tekshirish jarayonida taxminiy kimyoviy sinama o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Masalan, lakmus kog’ozi orqali siydik yoki oshqozondagi narsalar reaktsiyasi, Goppe-Zeyler sinamasi, qonni spektroskopni to’g’ri nurlari orqali tekshirish va haqozolar. Noma’lum zaharli moddalar bilan zaharlanishga shubha tug’ilganda shishali idishlarga qo’yidagi organlarni olish tavsiya etiladi: oshqozonni uning ichidagi narsalari bilan, bir metrdan ingichka va yo’g’on ichaklarni ularning ichidagi narsalari bilan ancha o’zgargan qismidan, jigarni ancha to’laqonli bo’lgan 1/3 qismi o’t pufagi bilan, bitta buyragi va siydik pufagidagi siydigi bilan, bosh miyaning 1/3 qismi, yuragi undagi qon bilan, talog’i, o’pkasining, 1/4 qismi ancha to’laqonli joyidan olinishi zarur. Har xil zaharli moddalar bilan zaharlanganda ular alohida organ va to’qimalarda notekis tarqaladi. Shuning uchun ham taxmin qilinuvchi zaharli moddaga bog’liq holda murdadan qo’shimcha material olish qoidada ko’rsatilgan. Masalan, etil spirtiga zaxarlanishga shubha tug’ilganda bir vaqtning o’zida qon ham tekshirish uchun olinadi. Bunday paytlarda olingan materiallarni qotiruvchi moddalar bilan qotirishga (masalan, formalin, spirt) ruxsat berilmaydi. Agar spirtlar va nitritlar bilan zaharlanishga shubha tug’ilganda ichki organlardan olingan materiallar tekshirish uchun tezlikda etkazib berilishi va laboratoriyada tezlik bilan tekshirilishi zarur. Sud kimyoviy tekshirish uchun jo’natilayotgan yozma yo’llanmasida sud tibbiyot eksperti sud kimyogariga o’ziga ma’lum bo’lgan taxminiy ma’lumotlar, murdani kesib ko’rish natijalari, patologoanatomik tashxis to’g’risida xabar berishi, shuningdek nima uchun zaharlanishga shubha tug’ilganligini ko’rsatishi zarur. Oxirgi holat muhim amaliy ahamiyatga egadir, chunki umumiy kimyoviy taxlil uchun anchagina vaqt talab qilinadi. Kimyoviy taxlil jarayonida sud kimyogari tomonidan quyidagi ishlar bajariladi: biologik materiallardan har xil kimyoviy moddalar ajratiladi (ichki organlar, qusuq massalari, ovqat maxsulotlari va boshqalar); ularning sifati va miqdori aniqlanilib, olingan natijalar sud kimyoviy jihatdan baholanadi. Bunda sud 297 kimyogari nisbatan kattagina massali biologik materialdan ozgina miqdordagi zaharli moddani ajratishi zarur. Tekshiruv jarayoni topilgan moddalarda har xil aralashmalar bo’lganligi uchun zaharli moddalar va ularning miqdorini aniqlashda anchagina qiyinchilik tug’diradi. Go’ridan ochilgan murda organ qismlarini kimyoviy tekshirish uchun jo’natishda sud tibbiyoti eksperti zaharli moddalar erda bo’lgan paytida murdaga o’tganligini tekshirishiga to’g’ri keladi. Buning uchun alohida idishlarga kiyimi, tobut qoplamasi, uning bezaklari, bo’yoqlaridan olinadi, chunki buyoqlari tarkibida zaharli moddalar bo’lishi mumkin. Bir vaqtning o’zida murda va tobut tegib turgan tuproqdan 6 ta sinama olinadi. Agar murda to’lig’icha chirimagan bo’lsa, xuddi odatdagidek tekshirish uchun ichki organlaridan, murda chirigan bo’lsa, aralashib ketgan ichki organlaridan 4 kg dan to 3 kg gacha sinama uchun olish tavsiya etiladi. Buning uchun go’ridan ochilgan murdaning qismlaridan kimyoviy tekshirish uchun olishda etarli miqdorda idishlar tayyorlangan bo’lishi zarur. Eksgumatsiya o’zkazishda va sud-kimyoviy tekshirish uchun material olishda sud tibbiyoti eksperti alkogol, kaliy tsianidi va boshqa ayrim zaharli moddalar bilan zaharlanishni aniqlashda ularni uzoq muddatda saqlanmasligini esdan chiqarmasligi zarur, chunki bunday zaharli moddalar hayot vaqtida va o’lgandan keyin tezda parchalanib ketadi. Boshqa zaharli moddalar esa (margumush, og’ir metallarning tuzlari, strixnin) esa yaxshi saqlangani uchun uzoq muddatda ko’milgan murdalarni organ va to’qimalaridan topilishi mumkin. Polyarografik usuli yordamida bir necha yil oldin ko’milgan murdaning suyaklarida qo’rg’oshin borligi isbotlanilgan. Sud-kimyogari tekshiruv xulosasini olgach sud tibbiyoti eksperti murdani kesib ko’rish, voqea sodir bo’lgan joyning holati, klinik belgilari natijalari bilan solishtirib barcha topilgan ma’lumotlar yig’indisiga qarab oxirgi xulosasini beradi. Kimyoviy tekshirishda zaharli moddaning topilishi har doim ham zaharlanish borligini isbotlay olmaydi, chunki o’lgandan keyin zaharli modda murdani vaqtincha buzilmaydigan holda saqlashda, ekspertiza uchun organlar iflos idishlarda jo’natilganda, go’ridan ochilgan murdalarni tekshirishda tobut 298 qoplamalari va kiyimlaridan murdaga o’tishi mumkin. Zaharli moddalar organizmga dori sifatida kirishi (margumush, vismut va boshqalar) ma’lum, chunki ularning ko’pchiligi dori sifatida ishlatilsa, boshqalari (oshxona sirkasi) ovqat yordamida kiritiladi. Bundan tashqari sud-kimyoviy tekshiruv usullarini noto’g’ri o’tkazish mumkinligini ham esdan chiqarmaslik zarur. Boshqa hollarda sud-kimyoviy tekshiruvining nisbiy natijalari ham zaharlanishni so’nggi isbotlash manbai bo’la olmaydi. Ayrim zaharli moddalar (alkogol, bertole tuzi, kokain va boshqalar) organizmdan to odam o’lgunicha ajralib ketishi yoki o’lgandan keyin emirilib ketishi (xloroform, atropin, sirka kislotasi va boshqalar) mumkin. U organizmda juda oz miqdorda kirgan taqdirda sud kimyoviy usulida uni aniqlashda anchagina qiyinchiliklar tug’iladi. Zaharlanishlarni tashxisida boshqa laboratoriya tekshiruv usullari (gistologik, farmakologik, botanik, biokimyoviy, fizik va boshqalar) ham qo’llaniladi. Gistologik tekshiruv usuli gemolitik zaharli moddalar, og’ir metallarning tuzlari (buyraklar), o’yuvchi zaharli moddalar (oshqozon-ichak trakti) bilan zaharlanishlarni aniqlashda eng muhim hisoblanadi. Farmakologik tekshiruv usuli tajriba hayvonlarida o’tkaziladi. Qurbaqalarda strixninni grammning milliondan bir bo’lagi, mushuklarda atropinni grammning o’n-mingdan bir bo’lagini aniqlash mumkin. 17 yoshli qizning «miya ko’rligi» simulyatsiyasini aniqlashda farmokologik tekshiruv usulidan foydalanilgani ma’lum. Bunda kasalni ko’z qorachig’i keskin kengayib ketganligini kuzatgan yosh vrach bu qizni simulyatsiyada gumon qiladi. Uzoq vaqt kuzatish natijasida uning to’shagida yaxshilab yashirilgan va ichida qandaydir suyuqlik bo’lgan shishani va pipetkani topadi. Shu zohatiyoq bu tomchini mushukni ko’ziga tomizadi. Uning atropinni ko’z qorachizini kengaytirish uchun ishlatilganlik to’g’risidagi taxmini tasdiqlanadi. Farmakologik tekshiruv usuli faqatgina hayvonlardagina emas, balki achitqi zamburug’lari, mikroblar, o’simliklar, to’qima kulturalarida ham o’tkaziladi. 299 Zaharli o’simliklardan (zamburug’lar, o’tlar, mevalar) zaharlanishda botanik tekshirishlar o’tkaziladi, chunki ko’pchilik o’simlik zaharli moddalari kimyoviy usulda topilmaydi. O’simlik qoldiqlaridan uning tomirlari, mevalari va sporalaridan ko’pchilik hollarda botanik zaharlanishga sababchi o’simlikni aniqlash mumkin. Bioximik tekshiruv usulida zaharlanishning diagnostikasi ko’pchilik zaharli moddalarning organizm fermentativ sistemasiga saralovchi ta’sir qilishi va ularning faoliyatini buzilishiga asoslangan. Bu birinchi navbatda qon tarkibida va eritrotsitlarda xolinesteraza aktivligining buzilishi bilan bog’liq turli tuman fosfororganik birikmalarga aloqadordir. Fizik tekshiruv usullari hozirgi davrda zaharlanish diagnostikasida keng qo’llaniladi. Bunga is gazi va boshqa qonga ta’sir qiluvchi zaharli moddalarni aniqlashda spektrografik tekshiruv usuli kiradi. Keyingi davrda rentgenografiya, xromatografiya, kolorimetriya, lyuminestsent mikroskopiyasi va boshqalar ham qo’llanilayotgani ma’lum.
Yüklə 29,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə