1.Xufyona iqtisodiyot tarkibi
Turli qonunchilik me’yorlariga amal qilinmaslik holatlarining tez-tez uchrab
turishi xufyona (extralegal) iqtisodiyot miqdorining indikatori bo`lib xizmat qiladi.
Biroq, uning miqdoriy o`lchovi vazifasini hal etishga kirishishdan oldin xufyona
iqtisodiyotning turli unsurlarini ta’riflash lozim. Umuman olganda xufyona
iqtisodiyot – unda iqtisodiy faoliyat qonun doirasidan
tashqarida amalga
oshiriladigan, ya’ni bitimlar qonundan, xo`jalik turmushining huquqiy me’yorlari va
rasmana qoidalaridan foydalanilmagan holda amalga oshiriladigan soha. Xufyona
iqtisodiyot uchta unsurdan tarkib topadi: norasmiy, sohta va kriminal iqtisodiyot.
Norasmiy iqtisodiyot – iqtisodiy faoliyatning oshkora turlari, unda xarajatlarni
pasaytirish maqsadida tovarlar va xizmatlarning qayd
etilmagan tarzda ishlab
chiqarilishi o`rin tutadi (yana bir bor ta’kidlash lozimki, davlatdan yashiriladigan
barcha faoliyat turlari huquqiy me’yorlar bilan tartibga solinishi mumkin emas va
mulkchilik huquqlarini himoyalashning muqobil mexanizmlari qo`llanilishini talab
qiladi). Sohta iqtisodiyot - qo`shib yozishlar, chayqovchilik bitimlari, poraxo`rlik va
pulni olish hamda berish bilan bog`liq har xil tovlamachilik harakatlari iqtisodiyoti.
Kriminal iqtisodiyot - qonunning (birinchi navbatda –
Jinoiy va Fuqarolik
kodekslarining) to`g`ridan-to`g`ri buzilishi va mulkchilikning qonuniy huquqlariga
tajovuz qilish bilan bog`liq iqtisodiy faoliyat.
Xufyona xo`jalik aylanmasi, tabiiyki, rasmiy statistikaga
kiritilmasligi bois
xufyona iqtisodiyot o`lchamlarini baholash muammosi dolzarb hisoblanadi. Ushbu
maqsad uchun quyidagi yondashuvlardan foydalaniladi:
- monetar usul, u xufyona hisob-kitoblarda faqat naqd mablag`lardan
foydalanilishi to`g`risidagi gipotezaga asosida quriladi (naqd pul massasi
harakatining dinamikasi xufyona iqtisodiyotning o`lchamlari
haqida fikr yuritish
imkonini beradi);
- xarajatlar va daromadlar balanslari usuli, unda deklaratsiya qilinadigan
daromadlar xarajatlar summasi, tovarlar va xizmatlar iste’molining real hajmlari bilan
taqqoslanadi;
-
bandlikni tahlil qilish, u shuni nazarda tutadiki, uzoq vaqt mobaynida saqlanib
kelayotgan ro`yxatga olinmagan ishsizlikning yuqori darajasi xufyona sektorda
bandlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi (ro`yxatga olinmagan
ishsizlar soni xufyona iqtisodiyotning o`lchamlaridan bilvosita dalolat beradi);
- texnologik
koeffitsiyentlar usuli, u xarajatlarning ma’lum texnologik
koeffitsiyentlari asosida mahsulot ishlab chiqarishning real hajmi haqidagi
ma’lumotlarni olish imkonini beradi (masalan, iste’mol qilinadigan elektr
energiyasining dinamikasi va deklaratsiya qilinadigan
mahsulot ishlab chiqarish
dinamikasi to`g`risidagi ma’lumotlar taqqoslanadi);
- uy xo`jaliklari va korxonalar rahbarlari o`rtasida so`rov o`tkazish usuli, u
xufyona iqtisodiyotning o`lchamiga ekspert baholarini beradi;
- sotsiologik usul, u xufyona bitimlar amalga oshiriladigan alohida me’yorlarni,
ularning jamiyatda tarqalganligini, bitimlarni tuzishda qanchalik qo`llanishini
tahlil
qilishdan iborat.
Yoritilgan yondashuvlarning turli xilligi sababli olinadigan natijalarni ko`pincha
taqqoslash qiyin bo`lsa-da, xufyona iqtisodiyot miqdorining ayrim baholarini keltirish
mumkin: (YaIMga nisbatan foiz hisobida): Italiya - 15-30, Belgiya - 4-13, Shvetsiya -
0,5-17, Buyuk Britaniya - 2-16, Fransiya - 15, SShA - 3-28, Peru -27-28. Rossiyada
80-yillarning oxirida YaIMning 20 foizga yaqini, 1996 yilda 23 foiz.
Yuqorida aytib o`tilganidek, qonunga bo`ysunishning yuqori narxi va xufyona
iqtisodiyotning katta o`lchamlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri bog`liqlik mavjud. Biroq
xufyona rejimda almashuvlarni amalga oshirish ham xarajatlar bilan bog`liq.
Xarajatlarning bir turida tejalishga erishgan xufyona iqtisodiyotda faoliyat yurituvchi
sub’ektlar boshqa xarajatlarni ko`proq amalga oshirishadi – ular «xufyonalik narxi»ni
to`lashga majburdirlar. Xufyonalik narxi bir necha unsurlardan tarkib topadi.