Kelib
ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig‘ladi o‘lim.
Sen deb qurbon bo‘ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.
Belanchaging uzra Koshg‘ariy
Kuylab o‘tdi qadim navoni.
Va navqiron yaproqlaringga
Dil qonini berdi Navoiy.
Samarqanddan Bobur ketarkan,
Dilda bo‘g‘ib hasrat sasini.
Olib
ketdi ona yurtidan,
Turkiy tilim, birgina seni.
Mashrabmas, sen osilding dorga,
Nodiramas, sensan so‘yilgan.
Hoziqningmas, sening, ey tilim,
Boshing ayr-u, ko‘zing o‘yilgan.
Ammo dushman o‘ldirgan botir
Tirilgandek yana qasosga.
Mangu borsan va mangu qodir
To‘ldirmoqqa yerni ovozga.
Vatan
uchun baxsh etib jonni,
Kechib olov, kirib daryoga.
Farzandlaring to‘kkan har qonni
Shimirding sen o‘xshab giyohga.
Ona tilim, omon bo‘l mangu,
Sen borsan-ki men ham o‘lmayman.
Tildan qolsam seni Oybekday
Men ko‘zlarim bilan so‘ylayman.