10-Mavzu: Shaxsni individual xususiyatlari va ularni diagnostika qilish



Yüklə 33,89 Kb.
tarix29.11.2023
ölçüsü33,89 Kb.
#140023
10 Mavzu Shaxsni individual xususiyatlari va ularni diagnostika




10-Mavzu: Shaxsni individual xususiyatlari va ularni diagnostika qilish.
Reja:
1. Individual-tipologik xususiyatlar klassifikasiyasi
2. Shaxs iqtidori va qobiliyatlar diagnostikasi
3. Qobiliyatlardagi tug‘ma va orttirilgan sifatlar
4. Qobiliyatlarning psixologik strukturasi

Qo‘llaniladigan pedagogik texnologiyalar: aqliy hujum, guruhlarda ishlash, blits-so‘rov.


Tayanch so‘zlar:. Individual-tipologik xususiyatlar, shaxs iqtidori qobiliyatlardagi tug‘ma va orttirilgan sifatlar, qobiliyatlarning psixologik strukturasi


Ma’lumki, odamlar xulq-atvori va faoliyat motivlariga nisbatan teng bo‘lganda, bir xil tashqi ta’sir etganda, bir- biridan ta’sirchanligiga va ko‘rsatayotgan energiyasiga ko‘ra sezilarli darajada farq qiladilar. Jumladan, bir xil kishilar sekinlikni, boshqasi shoshilishni yoqtiradi, bir xil odamlarga xissiyotlarning tez uyg`onishi xos bo‘lsa, boshqasiga ma`noli mimika, boshqasini xarakterida og‘ir-bosiqlik, yuzining juda ham kam xarakat qilishi bilan ajralib turadi. Kishining xarakatlardagi o‘zgarishi tabiiy ravishda ko‘pincha tarbiyalangan ustanovkalar va odatlarda vaziyatning talabiga bog‘liq bo‘ladi. Ammo biz nazarda tutayotgan individual farqlar o‘zlarining tug‘ma asosiga ega. Bu shu narsa bilan tasdiqlanadiki, bunday farqlar bolalikdayoq ma`lum bo‘la boshlaydi, xulk atvorning va faoliyatning turli soxalarida ko‘rinada va barqarorligi bilan ajralib turadi.
Individual-tipologik xususiyatlar klassifikasiyasi.
Har bir shaxs o‘ziga hos qaytarilmas dunyo. Dunyoda bir-biriga aynan o‘xshash bo‘lgan ikki kishini topish juda mushkul. Odam tashqi kiyofasi, bo‘yi-basti bilan boshqa biror kimsaga o‘xshashi mumkin, lekin fe`li, mijozi va shaxs sifatidagi xususiyatlari nuqtai nazaridan aynan bir xil insonlar bo‘lmaydi. Hattoki, olimlar bitta tuxumda rivojlangan egizaklarda ham juda ko‘p jihatdan aynan o‘xshashlikni qayd qilishgan, shaxsiy sifatlaridagi korrelyasiyada esa ba’zi tafovutlar aniqlangan.
Shaxs-qaytarilmas, u o‘z sifatlari va borligi bilan noyobdir. Ana shu qaytarilmaslik va noyoblikning asosida uning indivi-dual psixologik xususiyatlari majmui yotadi. Shu o‘rinda biz yuqorida ta’rif bergan shaxs tushunchasi bilan yonma-yon ishlatiladigan yana ikki tushunchaga izoh berish o‘rinli deb hisoblaymiz. Bu-«individ” va «individuallik” tushunchalaridir. «Individ” tushunchasi umuman «odam” degan tushunchani to‘ldirib, uning ijtimoiy va biologik mavjudot sifatida mavjudligini tasdiqlaydi va uni bir tomondan, boshqa odamlardan farqlovchi belgi va xususiyatlarini o‘z ichiga oladi, ikkinchi tomondan, o‘ziga va o‘ziga o‘xshashlarga xos bo‘lgan umumiy va xarakterli xususiyatlarni qamrab oladi. Demak, individ-insonga aloqadorlik faktini tasdiklovchi ilmiy kategoriyadir.
«Individuallik”-yuqoridagi ikkala tushunchaga nisbatan torroq tushuncha bo‘lib, u konkret odamni boshqa bir konkret odamdan farqlovchi barcha o‘ziga xos xususiyatlar majmuini o‘z ichiga oladi. Shu nuqtai nazardan shaxs tizimini tahlil qiladigan bo‘lsak, shaxsning individualligiga uning qobiliyatlari, temperamenti, xarakteri, irodaviy sifatlari, emotsiyalari, hulqiga xos motivatsiya va ijtimoiy ustanovkalari kiradi. Aynan shu qayd etib o`tilgan kategoriyalar shaxsdagi individuallilikni ta’minlovchi kategoriyalardir. Uning ma’nosi shundaki, bo‘yi, eni, yoshi, sochining rangi, ko‘z qarashlari, barmoq harakatlari va shunga o‘xshash sifatlari bir xil bo‘lgan insonlarni topish mumkin, lekin xarakteri, qobiliyatlari, temperamenti, faoliyat motivasiyasi va boshqalarga aloqador sifatlari majmui bir xil bo‘lgan odamni topib bo‘lmaydi. Ular-individualdir.
Qobiliyatlar-shaxsdagi shunday individual, turg‘un sifatlarki, ular odamning turli xil faoliyatdagi ko‘rsatgichlari, yutuqlari va qiyinchiliklari sabablarini tushuntirib beradi.
Temperament-insonning turli vaziyatlarda narsa, hodisa, holatlar va insonlarning hatti-harakatlariga nisbatan reaksiyasini tushuntirib beruvchi xususiyatlari majmuidir.
Individga xos dinamik fazilatlar o‘zaro ichki bog‘lanishga ega bo‘lib, o‘ziga xos tuzilishni tashkil etadi. Psixikaning individual jixatdan o‘ziga xos, tabiiy jihatdan shartlashgan dinamik ko‘rinishlarining majmui kishining temperamenti deb ataladi. Qadimgi yunon meditsinasining yirik vakili Gippokrat siymosida organizmning xolati asosan «sharbat”larning, ya’ni organizmda mavjud suyuqlik-larning miqdoriy nisbatiga bog‘liqdir deb xisobladi. Bu sharbatlarning aralashtirilgandagi nisbati grekchasiga «krasis”-go‘zal so‘zi bilan atalgan. Bir necha asrdan keyin rimlik vrachlar bu tushunchani lotincha temperament so‘zi bilan ataganlar, bu «qismlarnig tegishli nisbati” degan ma`noni bildiradi.
Organizmda suyuqliklarning aralashuvi (u qon ko‘pligi bilan xarakterlanadi) sangvinik temperament deb ataldi (lotincha «sangvis” - qon so‘zidan); limfa ko‘p bo‘lganda flegmatik (grekcha «flegma” - shilimshiq parda degani); sariq o‘tning ko‘payganini xolerik (grekcha «xole” - o‘t so‘zidan); qora o‘t ko‘p bo‘lgan melanxolik (grekcha «meloyna xole” qora o‘t) temperament deb ataladi.
Kishining temperamenti qanaqaligi xaqidagi tasavur odatda shu shaxs uchun xarakterli bo‘lgan psixologik xususiyatlar asosida vujudga keladi. Sezilarli psixik aktivlikka ega bo‘lgan, atrofda bo‘layotgan voqealarga tez munosabatini bildiruvchi, tasavvurlarini xadeb o‘zgar-tirishga intiluvchi, muvaffaqiyasizlikni va ko‘ngilsizliklarni nisbatan yengil o‘tkazib yuboruvchi, jonli, xarakatchan, ifodali mimi-kasi va xarakatlari bo‘lgan kishi sangvinik deb ataladi.
Yuragi keng, barqaror intilishlarga va kayfiyatlarga, doyimiy va chuqur xis-tuyg‘ularga, xarakatlari va nutqi bir xil maromda bo‘lgan, ruxiy xolati tashqi tomondan ifoda etiladigan kishi flegmatik deyiladi. Juda g‘ayratli, ishga juda extiros bilan berilish kobiliyatiga ega bo‘lgan, tez va shiddatli, qizg‘in emosional «portlash” va kayfiyat-ning keskin o‘zgarishlariga moyil, ildam xarakatlar qiladigan kishi xolerik deb ataladi.
Ta’sirchan, chuqur kechinmali, gap ko‘tara olmaydigan, ammo atrof-dagi voqealarga uncha extibor bermaydigan, o‘zini to‘xtata oladigan xarakatlar qiladigan va keskin ovoz chiqaradigan kishilar melan-xoliklar deb ataladi.
Temperamentlarning turli tumanligi to‘g‘risidagi masala fanda xali batafsil xal qilingan emas, lekin aytilgan tiplarni asosiy deb xisoblash mumkin.
Xarakter-shaxsning alohida insonlar va insonlar guruhi, o‘z- o‘ziga, vaziyatlar, narsalar va hodisalarga nisbatan munosabatlaridan orttiradigan sifatlarini o‘z ichiga oladi.
Irodaviy sifatlar-har birimizning o‘z oldimizga maqsad qo‘yib, unga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklarni yengishimizni ta’minlovchi ma’lum sifatlarimiz majmuini o‘z ichiga oladi.
Emotsiyalar va motivasiya esa atrofimizda sodir bo‘layotgan hodisalar, bizni o‘rab turgan odamlar va ularning hatti-harakatlarini ruhan qanday qabul qilib, ularga bildiradigan hissiy munosabatlarimizni bildiruvchi sifatlarimiz bo‘lib, ular ayni vaziyatlardagi real holatlarimizdan va ularning ongimizda aks etishidan kelib chiqadi.
Demak, individual sifatlar bizning ongli hayotimizning ajralmas qismi, idrokimiz, xotiramiz va fikrlarimz yo‘naltirilgan muhim predmet ekan. Chunki aynan ular bizning turli faoliyatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarishdagi individual uslubimizga bevosita aloqador. Kimdir juda chaqqon, tez ish qiladi, lekin sifatsiz. Kimdir juda yaxshi koyilmaqom ish qiladi, lekin juda sekin, kimdir ishga yuzaki qarab, nomiga uni bajarsa, boshqa bir odam unga butun vujudi va e’tiqodi bilan munosabatda bo‘lib, tinimsiz izlanadi va jamiyat uchun manfaat qidiradi. Shuning uchun ham individuallikning faoliyat va muloqotdagi samarasini inobatga olib, eng muhim individual-psixologik xususiyatlarni alohida o‘rganamiz.
Nerv sistemasi tipi ancha kuchli bo‘lgan kishilar bir xil, ancha sust tipdagi kishilar esa boshqa xil vazifalarni birmuncha oson xal qiladi.
Aslida xarakatchanligi bo‘sh ifodalanganlikning bo‘sh ifodalanishi ya’ni nerv jarayonlarining sustligi xam salbiy xam ijobiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Sustlikning salbiy tomoni nerv jarayon-larining sekin kechishida ifodalansa, ijobiyligi esa psixik jarayonlarning uzoq saqlanishi barqarorligidir. Tegishli psixologik tafovutlar faoliyatning samaradorligini emas, aksincha eng avvalo faoliyatning davom etish xususiyatlari bilan bog‘liqdir.
Xarakatchan va ancha sust temperamentli talabalar o‘rtasida boshlang‘ich mehnat ko‘nikmalarini o‘zlashtirishdagi farqlarni o‘rganish-da aniqlangan faktlar bu jihatdan xarakterlidir. Ma`lum bo‘lishicha, agar turli topshiriqlarni bajarishning tez sur`ati xarakatchan temperamentli talabalarning qimmatli sifati bo‘lsa, salbiy sifat esa ba’zii bir ishonchsizlikdir. Sekin xarakatlarni talab qiladigan topshiriqlar sust talabalar tomonidan ancha muvaffaqiyatli bir me`yorda va silliqqina bajariladi.
Intellektual qobiliyat darajasi bilan temperament tipi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudmi, degan savolga javob berish maqsadida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, aqliy qobiliyati yuksak darajada bo‘lgan kishilar xar xil temperamentga ega bo‘lishini, bir xil temperamentga ega shaxslar esa aqliy qobiliyatlarning turli darajalariga ega ekanligini ko‘rsatadi. Temperamentning xususiyat-lar, albatta aqliy mehnatga ham ta’sir etadi; aqliy operasiyalarining tezligi; diqqatning barqarorligi va ko‘chishi, ishga «jalb qilish” dinamikasi, ish davomida emotsional jihatdan o‘z-o‘zini tartibga solish, nervning ma`lum darajada zo‘riqishi va charchashiga ta’sir etishi mumkin. Biroq temperament xususiyatlari faoliyat uslubiga o‘ziga xoslik bag‘ishlagan xolda kishining aqliy imkoniyatlarini oldindan belgilab bermaydi. Temperament xususiyatlari muvaffaqiyatlar darajasini emas, balki ish yo‘llari va usullarini belgilaydi. O‘z navbatida kishining aqliy qobiliyatlari temperamentning kamchiliklari o‘rnini to‘ldirish uchun sharoit yaratadi. Ayrim kasblarda dinamik xususiyatlarga talablar shuncha yuqoriki, bunday fazilatlarga ega kishilarni oldindan tanlab olish zaruriyati paydo bo‘ladi. Malumki xar bir sohadagi - fan, texnika, sanoat sohasidagi, har xil mehnat turlaridagi buyuk kishilar orasida temperamentning xar xil turlari vakillarini uchratish mumkin. Bunda ijodkor shaxs uchun hamisha ish usullarini individual-lashtirish xos bo‘ladi. Bunday faoliyatni bajarishda ongli ,ba’zian beixtiyor individual temperamentga mos keladigan aynan shunday rejim va individual vositalar qo‘llaniladi .
Shaxs iqtidori va qobiliyatlar diagnostikasi. Odamlarning o‘quv, mehnat va ijodiy faoliyatidagi o‘ziga hoslikni tushuntirish uchun psixologiya fani birinchi navbatda qobiliyatlar va iqtidor masalasiga murojaat qiladi. Chunki qobiliyatli odamdan avvalo jamiyat manfaatdor, qolaversa, o‘sha insonning o‘zi ham qilgan har bir harakatidan o‘zi uchun naf ko‘radi.
Qobiliyatlar muammosi eng avvalo inson aqlu-zakovatining sifati, undagi malaka, ko‘nikma va bilimlarning borligi masalasi bilan bog‘liq. Ayniqsa, biror kasbning egasi bo‘lish istagidagi har bir yoshning aqli va intellektual salohiyati uning malakali mutaxassis bo‘lib yetishishini kafolatlagani uchun ham psixologiyada ko‘proq qobiliyat tushunchasi aql - zakovat tushunchasi bilan bog‘lab o‘rganiladi. har bir normal odam o‘zining aqlli bo‘lishini hohlaydi, «Men aqlliman” demasa-da, qilgan barcha ishlari, gapirgan gapi, yuritgan muloxazasi bilan aynan shu sifat bilan odamlar uni maqtashlarini hohlaydi. «Aqlsiz, nodon” degan sifat esa har qanday odamni, hattoki, yosh bolani ham xafa qiladi. Yana shu narsa xarakterliki, ayniqsa, bizning sharq xalqlarida biror kimsaga nisbatan « o‘ta aqlli” yoki « o‘ta nodon” iboralari ham ishlatilmaydi, biz bu xususiyatlarni o‘rtacha tasniflar doirasida ishlatamiz: «Falonchining o‘g‘li anchagina aqlli bo‘libdi, narigining farzandi esa biroz nodon bo‘lib, ota-onasini qo‘ydirayotgan emish” degan iboralar aslida «aqllilik” kategoriyasi insonning yuragiga yaqin eng noziq sifatlariga aloqadorligini bildiradi.
Ilm-fandagi an’analar shundayki, aql va idrok masalasi, odamning intellektiga bog‘liq sifatlar juda ko‘plab tadqiqotlar ob’yekti bo‘lgan. Olimlar qobiliyatlarning rivojlanish mexanizmlari, ularning psixologik tarkibi va tizimini aniqlashga, ishonchli metodikalar yaratib, har bir kishining aqli sifatiga aloqador bo‘lgan ko‘rsatgichni o‘lchashga o‘ringanlar. Ko‘pchilik olimlar odam intellektida uning verbal(ya’ni so‘zlarda ifodalanadigan), miqdoriy(sonlarda ifodalanadigan), fazoviy ko‘rsatgichlarni aniqlab, ularga yana mantiq, xotira va xayol jarayonlari bilan bog‘liq jihatlarni ham qo‘shganlar.
Ch.Spirmen faktorial analiz metodi yordamida yuqorida sanab o‘tilgan ko‘rsatgichlar o‘rtasida bog‘liqlik borligini isbot qilib, aqlning xaqiqatan ham murakkab tezilmaga ega bo‘lgan psixik xususiyat ekanligini ko‘rsatdi. Boshqa bir olim Dj.Gilford esa aqlni bir qator aqliy operasiyalar(analiz, sintez, taqqoslash, mavhumlashtirish, umumlashtirish, sistemaga solish, klassifikasiya qilish) natijasida namoyon bo‘ladigan xususiyat sifatida o‘rganishni taklif etgan. Bu olimlar aql so‘zidan ko‘ra intellekt so‘zini ko‘proq ishlatib, bu so‘zning o‘ziga hos talqini borligiga e’tiborni qaratganlar. Chunki ularning fikricha, intellektual potensialga ega bo‘lgan shaxsnigina qobiliyatli, deb atash mumkin. Intellektual potensial esa bir tomondan hayotdagi barcha jarayonlarga, boshqa tomondan-shaxsga bevosita aloqador tushuncha sifatida qaralgan va uning ahamiyati shundaki, u borlikni va bo‘ladigan hodisalarni oldindan bashorat qilishga imkon beradi. Shu o‘rinda «intellekt” so‘zining lug‘aviy ma’nosini tushunib olaylik. Intellekt-lotincha so‘z-intellectus-tushunish, bilish va intellectum-aql so‘zlari negizidan paydo bo‘lgan tushuncha bo‘lib, u aql-idrokning shunday bo‘lagiki, uni o‘lchab, o‘zgartirib, rivojlantirib bo‘ladi. Bu-intellekt va u bilan bog‘liq qobiliyatlar ijtimoiy xarakterga ega ekanligidan darak beradi. Darhaqiqat, qobiliyatlar va intellektga bevosita tashqi muhit, undagi insoniy munosabatlar, yashash davri ta’sir ko‘rsatadi. Buni biz bugungi kunimiz misolida ham ko‘rib, his qilib turibmiz. Yangi avlod vakillari-kelajagini XXI asr bilan bog‘lagan o‘g‘il-kizlarning intellekt darajasi ularning ota-bobolarinikidan ancha yuqori. Hozirgi bolalar kompyuter texnikasidan tortib, texnikaning barcha turlari juda tez o‘zlashtirib olmoqda, jahon tillaridan bir nechtasini bilish ko‘pchilik uchun muammo bo‘lmay qoldi, minglab topshiriqlardan iborat testlarni ham yoshlar o‘zlashtirishda qiynalmayaptilar. Qolaversa, oila muhitining aql o‘sishiga ta’sirini hamma bilsa kerak. Agar bola oilada ilk yoshligidan ma’rifiy muhitda tarbiyalansa, uning dunyoqarashi keng, hohlagan soha predmetlaridan beriladigan materiallarni juda tez va qiyinchiliksiz o‘zlashtira oladi. hattoki, bunday bolaga oliy o‘quv yurtida beriladigan ayrim predmetlar mazmuni ham o‘ta tushunarli, ular yanada murakkabroq masalalarni yechishni hohlaydi.
Qobiliyatlardagi to‘g‘ma va orttirilgan sifatlar. Ba’zan o‘ta iqtidorli va qobiliyatli bola haqida gap ketsa, undagi bu sifat to‘g‘ma ekanligiga ishora qilishadi. Talantli, genial olim, san’atkor yoki mutaxassis haqida gap ketsa ham xuddi shunday. Umuman qobiliyatlarning to‘g‘ma yoki orttirilgan ekanligi masalasi ham olimlar diqqat markazida bo‘lgan muammolardan. Psixologiyada to‘g‘malik alomatlari bor individual sifatlar layoqatlar deb yuritildi va uning ikki xili farqlanadi: tabiiy layoqat va ijtimoiy layoqat. Birinchisi odamdagi to‘g‘ma xususiyatlardan-oliy nerv tizimi faoliyatining xususiyatlari, miyaning yarim sharlarining qanday ishlashi, qo‘l-oyoqlarning biologik va fizilogik sifatlari, bilish jarayonlarini ta’minlovchi sezgi organlari-ko‘z, quloq, burun, teri kabilarning xususiyatlaridan kelib chiqsa(bular nasliy ota-onadan genetik tarzda o‘tadi), ijtimoiy layoqat-bola to‘g‘ilishi bilan uni o`ragan muhit, muloqot uslublari, so‘zlashish madaniyati, qobiliyatni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar(ular ota-ona tomonidan yaratiladi)dir. Layoqatlilik belgisi-bu o‘sha individga aloqador bo‘lib, u bu ikkala layoqat muhitini tayyoricha qabul qiladi.
Qobiliyatsizlik va intellektning pastligi sabablaridan ham biri yo‘qi, ana shu ikki xil layoqat o`rtasida tafovut bo‘lishi mumkin. Masalan, genial rassom oilasida bola to‘g‘ildi deylik. Unda rassomchilik uchun to‘g‘ma, genetik belgilar otasi tomonidan berilgan deylik. Lekin bolaning onasi farzandining ham rassom bo‘lishini hohlamasligi, o‘ziga o‘xshash qo‘shiqchi bo‘lishini xoxlashi mumkin. Ayol bolani yoshlikdan faqat musiqa muhitida tarbiyalaydi. Tabiiy layoqatning rivoji uchun ijtimoiy layoqat muhiti yo‘q, ijtimoiy layoqat o‘sishi uchun esa tabiiy, to‘g‘ma layoqat yo‘q bo‘lgani sababli, bolada hech qanday talant namoyon bo‘lmasligi, u oddiygina musiqachi yoki qo‘shikchi bo‘lish bilan cheklanishi mumkin. Intellekt testlari va qobiliyatdagi to‘g‘ma va orttirilgan belgilarni o‘rganishning psixologik ahamiyati aynan shunda. Ilk yoshlikdan bolaning o‘zidagi mavjud imkoniyatlarni rivojlantirish shart-sharoitini yaratish ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak.
Orttirilgan sifati yo‘qi, bola toki bilim, malaka va ko‘nikmalarni o‘stirish borasida harakat qilmasa, eng kuchli to‘g‘ma layoqat ham layoqatligicha qolib, u iqtidorga aylanmaydi. Eng talantli, mashxur shaxslarning eng buyuk ishlari, erishilgan ulkan muvaffaqiyatlarining tagida ham qisman layoqat va asosan tinimsiz mehnat, intilish, ijodkorlik va bilimga chanqoqlik yotgan. Shuni ham unutmaslik kerakki, qobiliyatsiz odam bo‘lmaydi. Agar shaxs adashib, o‘zidagi xaqiqiy iqtidor yoki layoqatni bilmay, kasb tanlagan bo‘lsa, tabiiy, u atrofdagilarga layoqatsiz, qobiliyatsiz ko‘rinadi. Lekin aslida nimaga uning qobiliyati borligini o‘z vaqtida to‘g‘ri aniqlay olishmagani sabab u bir umr shu toifaga kirib qoladi.
Shuning uchun ham har bir ongli inson o‘zidagi qobiliyat va zexnni ilk yoshlikdan bilib, o‘sha o‘zi yaxshi ko‘rgan, «yuragi chopgan” ish bilan sho‘g‘ullansa, va undan ko`nikish olib, qobiliyatini o‘stirishga imkoniyat topib, yutuqlarga erishsa, biz uni iqtidorli deymiz. Iqtidor-insonning o‘z hatti-harakatlari, bilimlari, imkoniyatlari, malakalariga nisbatan sub’yektiv munosabatidir. Iqtidorli odam genial yoki talantli bo‘lmasligi mumkin, lekin u har qanday ishda mardlik, chidamlilik, o‘z- o‘zini boshqara olish, tashabbuskorlik kabi fazilatlarga ega bo‘lib, o‘zlari sho‘g‘ullanayotgan ishni bajonidil, sidqidildan bajaradi. Ular ana shunday harakatlari bilan ba’zi o‘ta iste`dodli, lekin kamharakat kishilardan ko‘ra jamiyatga ko‘proq foyda keltiradi. Iqtidorli insonda iste`dod sohibi bo‘lish imkoniyati bor, zero iste`dod-har tomonlama rivojlangan, nixoyatda kuchli va takrorlanmas qobiliyatdir. U tinimsiz mehnat, o‘z qobiliyatini takomillashtirib borish yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengish va irodasi, butun imkoniyatlarini safarbar qilish natijasida qo‘lga kiritiladi.
Qobiliyatlarning psixologik strukturasi. Qobiliyatlar avvalom bor umumiy va mahsus turlarga bo‘linadi va har birining o‘z psixologik tizimi va tezilishi bo‘ladi. Shaxsning umumiy qobiliyatlari undagi shunday individual sifatlar majmuiki, ular odamga bir qancha faoliyat sohasida ham muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatish va natijalarga erishishga imkon beradi. Masalan, texnika oliy o‘quv yurtining talabasi ham ijtimoiy-gumanitar, ham aniq fanlar, ham texnika fanlari sohasidagi bilimlarni o‘zlashtira oladi. Bunda unga umumiy bilimdonlik, nutq qobiliyatlari, tirishkoklik, chidam, kiziquvchanlik kabi qator sifatlar yordam beradi.
Maxsus qobiliyatlar esa ma’lum bir sohada yutuqlarga erishish, yuqori ko‘rsatkichlar berishga imkon beruvchi sifatlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, sport sohasi bilan buxgalterlik hisob-kitobi bo‘yicha ishlayotgan ikki kishida o‘ziga hos maxsus qobiliyatlar bo‘lmasa bo‘lmaydi.
Har bir qobiliyat o‘zining tizimiga ega. Masalan, matematik qobiliyatni oladigan bo‘lsak, uning tarkibiga umumlashtirish malakalari, aqliy jarayonlarning egiluvchanligi, mavhum tafakkur qila olish kabi qator xususiyatlar kiradi. Adabiy qobiliyatlarga ulardan farqli, ijodiy xayol va tafakkur, xotiradagi yorqin va ko‘rgazmali obrazlar, estetik hislar, tilni mukammal bilishga layoqat; pedagogik qobiliyatlarga esa-pedagogik odob, kuzatuvchanlik, bolalarni sevish, bilimlarni o‘zgalarga berishga ehtiyoj kabi qator individual xossalar kiradi. Xuddi shunga o‘xshash qolgan barcha qobiliyatlarni ham zarur sifatlar tizimida tahlil qilish mumkin va bu katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Qobiliyatlar va qiziqishlar diagnostikasi. Amaliy psixologiyaning bugungi kundagi eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri layoqat ko‘rtaklarini ilk yoshlikdan aniqlash, intellekt darajasiga ko‘ra shaxs qobiliyatlari yo‘nalishini ochib berishdir. Shuning uchun ham hozirda ko‘plab intellekt testlari va qobiliyatlarni diagnostika qilish usullari ishlab chiqilgan va ular muvaffaqiyatli tarzda amaliyotda qo‘llanmoqda.

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR



  1. Rimlik vrachlar qaysi tushunchani “temperament” so`zi bilan ataganlar?

  2. Shaxsning iqtidori nimalarda namoyon bo`ladi?

  3. To`g`ma va ortirilgan sifatlar o`rtasidagi farqni tushuntirib bering.

  4. Qobilyat va qiziqishlarni qanday aniqlash mumkin?

ADABIYOTLAR:


1. Karimov I. A. O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari.-T., 1998
2. Gamezo M. V., Domashenko I. A. Atlas po psixologii.-M.,1986
3. Merlin V. S. Struktura lichnosti. Xarakter, sposobnosti, samosoznaniye.-Perm, 1990
4. Merlin V. S. Ocherk integralnogo issledovaniya individualnosti.-M., 1986
5. Nemov R. S. Psixologiya.-V 2-x kn. Kn.1.-M., 1998
6. Prakticheskaya psixodiagnostika. Metodiki i testы.-M., 1999
7. Psixologiya. Uchebnik.-Pod red. A. Krыlova-M., 1998
8. Magnusson, D. Individual development: aholictic, integrated model. In: Examining in context. Perspectives on the ecologo of human development. Washington, DC: APA, 1995, pp. 19-60.
Yüklə 33,89 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə