2-§. Siyosat falsafasi



Yüklə 23,22 Kb.
səhifə1/2
tarix15.02.2023
ölçüsü23,22 Kb.
#100825
  1   2
7 мавзу


2-§. Siyosat falsafasi «Siyosat» (politika) tushunchasi qadimgi Yunonistonning «polis» (shahar, jamiyat) ma'nosiga borib taqaladi va an'anaviy ravishda inson faoliyati doirasining hukmronlik bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlari, davlat va ijtimoiy ishlarni boshqarish, ijtimoiy guruhlar, xalqlar, davlatlar taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan ma'muriyatchilikni bildiradi.
Siyosat – bu hokimiyatni egallashga, uni ushlab qolishga, mustahkamlash va amalga oshirishga qaratilgan faoliyatdir. Siyosat faqat faoliyat doirasigina emas, balki fan va san'at xususiyatlariga ham egadir. Ijtimoiy taraqqiyot qonunlarini kashf etilishi siyosat uchun ilm-fan belgilarini kasb etishga imkon berdi. Boshqa bir tomondan, siyosat ijtimoiy jarayonlarni sub'ektiv tomonidan ish ko‘rishga olib keladi, shaxsiy tajriba, ichki tuyg‘u, ijodiy yondoshish va hokazolardan foydalanadi. Bu unga san'at belgilarini beradi. Bekorga emaski, siyosatni «boshqarish san'ati», «hokimiyat san'ati» sifatida ifodalaydilar.
Fransuz tadqiqotchisi J.M. Denken «siyosat» tushunchasining uch asosiy jihatini ko‘rsatib o‘tadi:
a) siyosat boshqaruv sifatida soha, amaliyot doirasini («ijtimoiy siyosat, «iqtisodiy siyosat», «harbiy siyosat» va shunga o‘xshashlarni) bildiradi;
b) siyosat strategiya sifatida. Bunday tushunchada siyosat ma'muriy maqsadlar mohiyati va ijtimoiy sub'ektlar faoliyatini (alohida olingan shaxslar, ijtimoiy guruhlar, davlatlar va hokazolarni) ochib beradi;
v) siyosat qadriyatli hukm sifatida. Bu ma'noda «siyosat «yaxshi» yoki «yomon», «axloqiy» yoki «axloqsiz», «insonparvar» yoki «insoniyatga qarshi», «foydali» yoki «foydasiz» va hokazolar sifatida ifoda qilinishi mumkin.
Shuningdek, «siyosat»ning tushunchasining tarixiy jihatini ham alohida ajratib ko‘rsatish mumkin: bu uzoq va yaqin o‘tmishda hukmron kuchlarning faoliyat tarzining xilma-xilligi, ularning niyatlari va maqsadlarini («Amir Temurning siyosati», «Oltin O‘rta siyosati», «Buyuk mo‘g‘illar imperiyasi siyosati» va hokazolar) o‘z ichiga oladi.
Jamiyatshunoslik jihatidan siyosat tushunchasi deganda davlat va ijtimoiy hayotning joriy voqyealari muammolarining majmuasi tushuniladi: «nizolarni bartaraf qilish siyosati», «qishloq xo‘jalik siyosati», «xususiylashtirish siyosati» va boshqalar.
Siyosat ijtimoiy hodisa sifatida hamma vaqt ham mavjud bo‘lmagan. Uning paydo bo‘lishi ijtimoiy hayot jarayonlarining murakkablashuvi, inson ehtiyojlari tizimining doimiy rivojlanishi, borgan sari turli xildagi yangi faoliyat turlarining kelib chiqishi va nihoyat davlat va huquq singari ijtimoiy institutlarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Shuni aytish mumkinki, siyosat alohida olingan shaxslar va guruhlar o‘rtasida tabiiy muvofiqlik bo‘lmagan ammo murosa bilan ish yuritishga aniq ehtiyoj bo‘lgan vaqtda va o‘sha yerda paydo bo‘ladi.
Ijtimoiy guruhlar, jamoalar, alohida olingan shaxslarning o‘zaro ta'siri shundagina siyosiy xususiyat kasb etadiki, ularning da'volari va talablari davlat aralashuvisiz amalga oshishi mumkin bo‘lmay qolganligi ayon bo‘lganda.
Siyosatni shartli ravishda quyidagi asosiy sohalarga ajratib chiqish mumkin:
-siyosat inson faoliyati sifatida, siyosiy institutlarning, hokimiyat organlari va boshqaruv vazifalarini bajaradi;
-siyosat mazkur jamiyatda amal qiladigan siyosiy mafkura, orzular, ta'limotlar va qadriyatlarning majmuasi sifatida;
-siyosat siyosiy yo‘nalish sifatida (ijtimoiy sub'ektlarning alohida olingan shaxsdan tortib, umuman insoniyat darajasidagi tajribalari, ixtiroslari, ko‘rsatmalari);
-siyosat ijtimoiy-aloqaviy jarayonlarning turli ko‘rinishi sifatida.
Umuman siyosat – bu jamiyat taraqqiyoti tamoyillarini topish, uning o‘zgarishlarini oldindan aytish, kerakli chora-tadbirlarni va ularni amalga oshirish vositalarini ishlab chiqish, siyosiy sohada jamiyat manfaatlari va ehtiyojlarini shakllantirishdir. Siyosat – bu murakkab, ko‘p qirrali faoliyat bo‘lib, fan va san'at unsurlarini ham o‘zida mujassamlashtiradi.
Siyosat inson hayotiy faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri sifatida maydonga chiqadi. Shuning uchun siyosatning sub'ekti va ob'ektini kim va nima tashkil etishini aniqlash juda muhimdir.
«Sub'ekt» va «ob'ekt» tushunchalari asosiy falsafiy kategoriyalardan biridirlar. «Sub'ekt» deganda faol harakat qiluvchi va idrok etuvchi, iroda va ongga ega bo‘lgan alohida shaxs yoki ijtimoiy guruh, «ob'ekt» deganda – nimaga sub'ekt faoliyati yo‘naltirilganligi tushuniladi.
Siyosatda ob'ekt sifatida siyosiy munosabatlar, siyosiy jarayonga tortilgan siyosiy tizim o‘zining institutlari bilan birgalikda, ijtimoiy guruhlar va shaxslar maydonga chiqishlari mumkin. Siyosatda ob'ekt passiv omil bo‘lmasdan, o‘z yashash va amaliyot doirasidagi rivojlanish qonunlariga egaki, siyosiy jarayonni tatbiq qilishda ular bilan albatta hisoblashish lozim. Siyosiy mexanizm siyosat ob'ektining faolligini hisobga olmog‘i lozim. Siyosiy munosabatlar ochiq, harakatchan, to‘xtovsiz o‘zgarib boruvchi tizim bo‘lib, jamiyatning barcha iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy sohalari bilan yaqindan bog‘liqdir.
Siyosatning sub'ekt va ob'ekti garchi jamiyatning to‘xtovsiz bir-biriga ta'sir qiluvchi unsuri bo‘lsa ham ular ikki mustaqil sohasidir. Ular orasidagi aloqa dialektik xususiyatga ega, ya'ni garchi ular bir-birini taqazo etsalar ham, biri ikkinchisiga qarama-qarshidir. Siyosatning sub'ekti uning ob'ektisiz mavjud bo‘la olmaydi va aksincha.
Sub'ekt siyosatda ko‘p saviyali xususiyatga ega. Birinchi navbatda bu jamiyatning siyosiy tashkiloti va uning bosh elementi bo‘lgan davlat o‘zining bajaradigan vazifalarining xilma-xilligi va keng ko‘lamliligi bilan ajralib turadi. Bular: hokimiyat, rahbarlik, boshqaruv, tartibga solish, nazorat va boshqalar. Bundan tashqari, siyosat sub'ekti o‘z ichiga jamiyat siyosiy tashkilotining boshqa elementlarini ham qamrab oladi: siyosiy partiyalar va harakatlar, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar, «ta'sir o‘tkazish guruhlari», parlamentdagi lobbi, mahalliy o‘z o‘zini boshqarishning nodavlat organlari va shunga o‘xshashlar.
Siyosat sub'ektining mustaqil element sifatida siyosiy bo‘lmagan tashkilotlar va muassasalar. Kasaba uyushmalari, ijodiy birlashmalar, turli yo‘nalishdagi ijtimoiy tashkilotlar (diniy, ekologik, xotin-qizlar, yoshlar tashkiloti, milliy-madaniy markazlar va hokazo), mehnat jamoalari va boshqalar ham unga taalluqlidir.
Tabiiyki, ijtimoiy institut qanchalik siyosiylashgan bo‘lsa, uning siyosatdagi o‘rni shunchalik ko‘p bo‘ladi. Biroq birorta institut ham o‘ziga yetarli bo‘lgan, o‘z kuchiga ishongan mutlaq narsaga aylanmasligi lozim. Totalitar va yakka hokimlikka asoslangan tuzumlar sharoitida partiyalarda ana shunday holat kuzatilishi mumkin.
Demokratiya, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati taraqqiy etgan sharoitida hatto bevosita siyosatdan juda ham uzoq bo‘lgan tashkilot va muassasalar siyosiy jarayonlarni takomillashtirish va uyg‘unlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin. Siyosat ob'ektining o‘zi esa faqat zaif, statik tizimgina bo‘lib qolmasdan, balki ijtimoiy faol, harakatchan xususiyatga ega bo‘lib, siyosiy sub'ektga ta'sir o‘tkazishga qodirdir. Buni siyosatda aylanma aloqa deb ataydilar. Aylanma aloqa qanchalik rivojlangan, faol, shakllangan bo‘lsa, siyosiy jarayonni amalga oshirish shunchalik ko‘proq demokratik, samarali bo‘lib, kamroq qarama-qarshilikka ega bo‘ladi. Siyosiy tizimni demokratlashtirish davrida bu alohida muhim ahamiyat kasb etadi.
Siyosat sub'ektlariing institutlashtirilganlaridan tashqari institutlashtiril-maganlari ham bo‘lishi mumkin. Shundaylar qatoriga mazkur lahzada siyosiy jihatdan faol bo‘lgan ijtimoiy guruhlar kiradilar. Shuning uchun siyosiy sub'ektlarni asosiy va ahamiyat (mohiyat)lilari o‘rtasida tafovutlar mavjud. Siyosatning asosiy sub'ektlari yirik ijtimoiy jamoalar sinflar, tabaqalar va millatlar bo‘lsa, mohiyatiylar - aholi soni, yashash xududi, ma'lumoti, kasbi yoki uyushish belgilari jihatidan tashkil topgan uncha katta bo‘lmagan ijtimoiy guruhlardir. Demokratiya sharoitida siyosat sub'ekti sifatida butun xalq, hyech bo‘lmaganda o‘zining siyosiy faol qismi vakilligida, maydonga chiqadi.

Yüklə 23,22 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə