2-mavzu. Shaxs va shaxsning psixik taraqqiyoti Reja


Shaxslararo munosabatlar va ularda muloqotning o‘rni



Yüklə 260,78 Kb.
səhifə9/35
tarix28.11.2023
ölçüsü260,78 Kb.
#134329
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   35
2-mavzu. Shaxs va shaxsning psixik taraqqiyoti Reja-fayllar.org (1)

Shaxslararo munosabatlar va ularda muloqotning o‘rni.
Muloqot jarayonida odamlar bir-birlari bilan ma’lumotlar almashib, o‘zaro ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, balki bir-birlarini to‘g‘riroq va aniqroq anglashga, tushunishga va idrok qilishga harakat qiladilar. Bu tomon shaxsiy idrok va tushunish muammosi bilan bog‘liqdir. Birgalikdagi faoliyat jarayonida shaxslarniig bir-birlarini to‘g‘ri tushunishlari na aniq idrok qilishlari muloqotning samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Rus psixologi A.A.Bodalev boshchiligidagi laboratoriya bir-birlarini idrok qilish mexanizmlarini aniqlash borasida qator psixologik qonuniyatlarni kuzatgan. Bunday mexanizmlarga:
  • identifikatsiya;


  • refleksiya;


  • stereotipizatsiya kiradi.


Identifikatsiya shunday psixologik hodisaki, bunda suhbatdoshlar bir-birlarini to‘g‘riroq idrok qilish uchun o‘zlarini bir-birlarining o‘rniga qo‘yib ko‘rishga harakat qiladilar. Ya’ni, o‘zidagi bilimlar, tasavvurlar, hislatlar orqali boshqa birovni tushunishga harakat qilish, o‘zini birov bilan solishtirish (ongli yoki ongsiz) identifikatsiyadir. Masalan, birinchi marta uchrashuvga ketayotgan yigitning ichki holatini uning o‘rtog‘i yoki akasi tushunishi mumkin.


Refleksiya muloqot jarayonida suhbatdoshning pozitsiyasidan, holatidan turib, o‘zini tasavvur qilishdir, ya’ni refleksiya, boshqa odamning idrokiga taalluqli bo‘lib o‘ziga birovning ko‘zi bilan qarashga intilishdir. Chunki, busiz odam muloqot jarayonida o‘zini aniq bilmasligi, noto‘g‘ri muloqot formalarini tanlashi mumkin.
Stereotipizatsiya odamlar ongida muloqotlar mobaynida shakllanib o‘rnashib qolgan ko‘nikib qolingan obrazlardan shablon sifatida foydalanish xollaridir. Ijtimoiy stereotiplar har bir shaxsda u yoki bu guruhli kishilar haqida shakllangan obrazlardir. A.A.Bodalev va uning shogirdlari bunday stereotiplar ba’zan muloqotni to‘g‘ri yo‘nalganligini ta’minlasa, boshqa hollarda esa undagi xatoliklarning sababi bo‘lishi mumkinligini kuzatishgan. Idrok va tushunish borasidagi bunday xatoliklar kauzal atributsiya (lotinchasiga “kauza" — sabab, “atrebutsio" — bermoq, qo‘shib bermoq ma’nosini bildiradi) deb ataladi. Masalan, o‘qituvchi bilan hamsuhbat bo‘lib qolgan odamda suhbat boshidayoq “hozir odob-ahloqdan dars berishni boshlamasmikan" degan shubha paydo bo‘lishi mumkin. Bu ham stereotip. Bundan tashqari, odamlar birinchi marta ko‘rgan odam to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish maqsadida uning tashqi qiyofasi bilan xarakteri o‘rtasida bog‘liqliklar o‘rnatishga harakat qilarkan, shunday bog‘liqliklarni aniqlash maqsadida A.A.Bodalev talabalar guruhiga turlicha qiyofali shaxslarning fotosuratlarini ko‘rsatgan. 72 kishidan 9 tasi iyagi katta kishilar kuchli iroda egalari ekanligini, 17 tasi peshonasi keng odamlar aqlli ekanliklarini, 3 kishi sochi qattik odamlarning qaysarroq, qatiy ekanliklarini, 5 kishi kichik bo‘yli odamlar hokimiyatga intilgan, boshqalar ustidan buyruq berishga moyil, chiroyli odamlar yo o‘ta o‘ziga bino qo‘ygan yoki nodon bo‘lishligini aytishgan va hokazo.
Tabiiyki, bunday fikrlar mutlaq to‘g‘ri emas, lekin kishilar ongida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tasavvurlar shunday obrazlarni shakllantirgan. Notanish odam haqida tushunchaning shakllanishida u haqida berilgan birlamchi ma’lumot katta rol o‘ynaydi. Masalan, talabalarning ikki guruhiga bir xil portret ko‘rsatib, birinchi guruhda bu odam yirik olim, ikkinchisida esa, bu — davlat jinoyatchisi deb, unga ikkala holda ham ijtimoiy-psixologik xarakteristika berishlarini so‘ragan. Ko‘rsatmalar har xil bo‘lganligi sababli berilgan ta’riflar ham har xil bo‘lgan. Birinchi guruhdagi talabalar bu odam mehnatkash, mehribon, shafqatli, g‘amxo‘r, aqlli bo‘lsa kerak, deyishgan bo‘lsa, ikkinchi guruhdagilar uni – beshafqat, makkor, qatiyatli deb ta’riflashgan. Birinchi guruhdagilar portretdagi ko‘zlarni dono, muloyim deyishgan bo‘lsa, boshqalar ularni yovuz, beshafqat deb aytishgan.
Shunday qilib, ijtimoiy persepsiya yoki odamlarning bir-birlarini to‘g‘ri idrok etish va tushunish jarayoni muloqotning muhim muammolaridan biridir. Bu jarayon psixologik jihatdan murakkab bo‘lib, unda muloqotga kirishayotgan tomonlarning har biri alohida ana shu idrokning ham obyekti, ham subyekti bo‘lib faoliyat ko‘rsatadilar. Idrokning obyekti sifatida shaxs qaralganda, unda hosil bo‘ladigan “boshqa odam obrazi" ning barcha sifatlari va qirralari nazarda tutiladi. Bunday obraz paydo bo‘lishiga xizmat qiladigan belgilarga: o‘sha odamning tashqi qiyofasi, uning qiyinishi, o‘zini tutishi, hissiy holati, ovozi, nutqi, qiliqlari, yurishi va hokazolar kiradi. Lekin shularning ichida odamning yuzi muloqot mobaynida suhbatdoshga eng ko‘p ma’lumot beradigan obyektdir. Shuning uchun ham telefonda suhbatlashgandan ko‘ra yuzma-yo‘z suhbatlashish ancha oson va axborotlarga boydir.
Odamlarning bir-birlarini to‘g‘ri idrok etishlari ularning perseptiv, ya’ni hissiy bilish (idrok sezish) sohasiga aloqador bo‘lsa, bir-birlarini tushunishi ularning tafakkur sohalariga bevosita bog‘liq murakkab jarayondir. Boshqa odamni to‘g‘ri tushungan shaxs uning hissiy holatiga kira olgan hisoblanadi, boshqacha qilib aytganda, unda empatiya — birovlarning his kechinmalarini tushuna olish qobiliyati rivojlangan bo‘ladi. Yuksak ongli, madaniyatli, “ko‘pni ko‘rgan" shaxsgina boshqalarni to‘g‘ri tushunishi, ularning mavqeida tura olishi mumkin.
Odamlar bir - birlari bilan muomalaga kirishar ekan, ularning asosiy ko‘zlagan maqsadlaridan biri - o‘zaro bir - birlariga ta’sir ko‘rsatish, ya’ni fikr - g‘oyalariga ko‘ndirish, harakatga chorlash, ustanovkalarni o‘zgartirish va yaxshi taassurot qoldirishdir. Psixologik ta’sir - bu turli vositalar yordamida insonlarning fikrlari, hissiyotlari va hatti - harakatlariga ta’sir ko‘rsata olishdir.
Ijtimoiy psixologiyada psixologik ta’sirning asosan uch vositasi farqlanadi.
  1. Verbal ta’sir - bu so‘z va nutqimiz orqali ko‘rsatadigan ta’sirimizdir. Bundagi asosiy vositalar so‘zlardir. Ma’lumki, nutq - bu so‘zlashuv, o‘zaro muomala jarayoni bo‘lib, uning vositasi - so‘zlar hisoblanadi. Monologik nutqda ham, dialogik nutqda ham odam o‘zidagi barcha so‘zlar zahirasidan foydalanib, eng ta’sirchan so‘zlarni topib, sherigiga ta’sir ko‘rsatishni xohlaydi.


  2. Noverbal ta’sirning ma’nosi «nutqsiz»dir. Bunga suhbatdoshlarning fazoda bir - birlariga nisbatan tutgan o‘rinlari, holatlari (yaqin, o‘zoq, intim), qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir - birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi.


  3. Paralingvistik ta’sir - bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyatsiya, tovushlar, to‘xtashlar, duduqlanish, yo‘tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi. Ularning barchasi muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, suhbatdoshlarning bir - birlarini yaxshiroq bilib olishlariga yordam beradi. Masalan, agar uchrashuvning dastlabki daqiqalarida o‘rtog‘ingiz sizga qaramay, atrofga alanglab, «Ko‘rganimdan biram xursandman», desa, ishonasizmi?


Muloqot jarayonidagi xarakterli narsa shundaki, suhbatdoshlar bir - birlariga ta’sir ko‘rsatmoqchi bo‘lishganda, dastavval nima deyish, qanday so‘zlar vositasida ta’sir etishni o‘ylar ekan. Aslida esa, o‘sha so‘zlar va ular atrofidagi harakatlar muhim rol o‘ynarkan. Masalan, mashhur amerikalik olim Megrabyan formulasiga ko‘ra, birinchi marta ko‘rishib to‘rgan suhbatdoshlardagi taassurotlarning ijobiy bo‘lishiga gapirgan gaplari 7%, paralingvistik omillar 38%, va noverbal harakatlar 58% gacha ta’sir qilarkan. Keyinchalik bu munosabat o‘zgarishi mumkin albatta, lekin xalq ichida yo‘rgan bir maqol to‘g‘ri : «Ust - boshga qarab kutib olishadi, aqlga qarab kuzatishadi».


Muloqotning qanday kechishi va kimning ko‘proq ta’sirga ega bo‘lishi sheriklarning rollariga ham bog‘liq. Ta’sirning tashabbuskori - bu shunday sherikki, unda ataylab ta’sir ko‘rsatish maqsadi bo‘ladi va u bu maqsadni amalga oshirish uchun barcha yuqorida ta’kidlangan vositalardan foydaladi. Agar boshliq ishi tushib, biror hodimni xonasiga taqlif etsa, u o‘rnidan turib kutib oladi, iltifot ko‘rsatadi, xol - ahvolni ham quyuqroq so‘raydi va so‘ngra gapning asosiy qismiga o‘tadi.
Ta’sirning adresati - ta’sir yo‘naltirilgan shaxs. Lekin tashabbuskorning suhbatga tayyorgarligi yaxshi bo‘lmasa, yoki adresat tajribaliroq sherik bo‘lsa, u tashabbusni o‘z qo‘liga olishi va ta’sir kuchini qayta egasiga qaytarishi mumkin bo‘ladi.
Shu o‘rinda odamlarni samarali muloqotga o‘rgatish muammosi haqida keltirmoqchimiz. Chunki bugungi kunda bu muammo ijtimoiy psixologiyaning muhim masalalaridandir.



Yüklə 260,78 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə