21-mavzu: XIX asrning 2-yarmi – XX asrning 1-choragida Turkiston o‘lkasida tarbiya, maktab va pedagogik fikrlar rivoji. Reja


-masala. Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar Qori Abdurashidxon o’g’li (1887-1931), Abdulla Avloniy (1878-1943) va boshqalarning pedagogik faoliyati va qarashlari



Yüklə 116,24 Kb.
səhifə4/15
tarix27.05.2023
ölçüsü116,24 Kb.
#113404
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
21-mavzu

2-masala. Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar Qori Abdurashidxon o’g’li (1887-1931), Abdulla Avloniy (1878-1943) va boshqalarning pedagogik faoliyati va qarashlari
Turkistonda jadidlar harakati asoschilaridan biri jahonga mashhur bo’lgan o’zbekning yagona jug’rofiyashunosi, atoqli jamoat arbobi, buyuk islomshunos, ulug’ pedagog va axloqshunos, yuksak didli jurnalist Mahmudxo’ja Behbudiy 1874 yil 10 martda Samarqandning Baxshitepa qishlog’ida ruhoniy oilasida tavallud topdi.
Mahmudxo’ja Behbudiy 6-7 yoshlarida xat-savod chiqargach, otasi uni qori qilish maqsadida Qur’onni yodlata boshlaydi. Mahmudxo’ja Behbudiy Qur’onni yod olgach, qorilik bilan qanoatlanmay 15 yoshlarida tog’asi mufti mulla Odil huzurida dars olishga kirishishdi. Bu erda u «Kofiya», «Shahri mullo», mantiqdan «Shamsiya», «Muhtasar al-vakoya», «Hoshiya» va hisob ilmini ham o’rganadi. Mahmudxo’ja Behbudiy o’quvchilar orasida ibratli hisoblangan, o’tkir zehni va o’qishga havasi balandlardan edi.
Mahmudxo’ja Behbudiy otasi vafot etganidan so’ng, o’qishni tark etib, kasbkorlik qilishga majbur bo’ladi. Samarqand muzofati «CHashmi ob» da endigina qozi bo’lgan tog’asi Muhammad Siddiq huzurida mirzolik xizmatida ishladi. Bu erda 2 yil xizmat chog’ida, qozixona ishlari bilan keng tanishdi. Ish yuritish, huquqqa xos hamda muftilikka tegishli barcha yumushlardan xabardor bo’ldi. U 2 yildan so’ng «Kobud» bo’limiga o’tib mirzolik qiladi va tez orada mutfilikka ko’tariladi. 1916 yilgacha shu erda ishlaydi.
Sharq xalqlarining ma’naviy hayotida, maktab maorifida chinakam to’ntarish yasagan, turkiy qavmlarning chinakam iftixori bo’lgan Ismoilbek G’aspirali tomonidan ishlab chiqarilgan «Usuli jadid»ida nomi tarixda katta o’rin tutgan singari, Mahmudxo’ja Behbudiyning nomi ham Turkiston maktab-maorifida keng o’rin egallaydi. U birinchi bo’lib o’lkada yangicha usuldagi maktablarni tashkil etish targ’ibotchilaridan hamda amaliyotchilaridan hisoblanadi. Bu sohada Mahmudxo’ja Behbudiy Ismoilbek G’aspiraldan ko’p yangi tomonlarni o’rgandi. «Tarjimon» gazetasi Mahmudxo’ja Behbudiy uchun vaziyatni anglashda zaruriy vosita bo’ldi. Gazetaning dastlabki sonlarida: «Bir bechora faqirni ko’rsak, yuragimiz iztirobdan og’riydi. Hatto biror hayvonning qiynalishi rahmimizni keltiradi. Lekin bir emas, minglab kishilarning butun bir xalqning jaholatdan mislsiz qiynalayotganini ko’rmaymiz ...», deb yozilgan satrlar bor. Keyin «Tarjima» sahifalarida yangi maktablar tashkil etish, ilg’or va yangi fikrlarni berish keng o’rin egalladi. Bu esa Ismoilbek G’aspiralining birinchi tomondan millatlar qardoshligini himoya etsa, ikkinchi tomondan umumdemokratik xarakterga ega ekanligini ko’rsatadi. Shuning uchun ham Mahmudxo’ja Behbudiy o’ziga G’aspiralining tutgan yo’lini tanlaydi va undan maslahatlar oladi, hamda maslakdosh bo’ldilar.
Mahmudxo’ja Behbudiy «Usuli jadid» maktabining zarurligi, uning qonun-qoidalari, maktabda o’tiladigan darslar, qanday imtihonlar olinishi, maktabning qay tarzda tuzilish, unga qanday asbob-uskunalar kerakligi, muallimning vazifalari, ularning ta’minot masalalari va boshqa ko’p jihatlarini G’aspiralidan va uning asarlari hamda maqolalaridan o’rgandi. Shular asosida Turkistonda «Usuli jadid» maktablarini tashkil etish uchun bor kuchini sarfladi. Nafaqat tashkil etish, u shu maktablarni kitoblar bilan ta’minlashda ham jonbozlik ko’rsatdi. U Samarqandning eski shahar qismida bepul kutubxona, qiroatxona, o’z hovlisida maktablar ochdi. Mashhur pedagog Abdul Qodir Shakuriyning yangi usuldagi maktabini o’z hovlisiga ko’chirib keldi.
Mahmudxo’ja Behbudiy «Usuli jadid» maktablari uchun bir qancha darsliklar yozadi. «Muntahbai jo’g’rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy jug’rofiya»), «Kitobatul-atfol» («Bolalar maktubi»), «Muhtarasi tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Matxali jo’g’rofi umroniy» («Aholi jug’rofiyasiga kirish»), «Muhtarasi jo’g’rofiyai rusiy» («Rossiyaning qisqacha jug’rofiyasi»), «Amaliyoti islom» va hokazo kitoblari darslik sifatida o’qitilgandi.
«Usuli jadid» maktablarida hamma o’qish huquqiga ega bo’lgan. Chor amaldorlari bu paytda Turkistondagi yangi usuldagi maktablarni biron joyda ochilganini sezib qolsa, uni darhol taftish qilardi, biron ayb topib berkittirib qo’yar edi. Chunki, podsho hukumati «begona xalq» ning qisman bo’lsa ham ilm-ma’rifatli bo’lishini, dunyoviy bilimlarni o’rganishini istamasdi. Yangi usul maktablarini faqat podsho hukumati emas, balki mahalliy ruhoniylar, eski maktabning domlalari ham yoqtirmas edilar. Ular yangi usul maktablari «Islom diniga rahna soladi», «Bu maktablarning muallimlari «kofir»», deb tashviqot yuritar edilar. Bunday qarash va to’siqlarga qaramasdan Mahmudxo’ja Behbudiy va uning maslakdoshlari «Usuli jadid» maktablari Turkiston farzandlarini o’qitish ishlarini quyidagi tartibda olib borilar edi: «Maktab ikki bosqichdan iborat bo’lib, birinchi bosqich-ibtidoiy qism, deb nomlangan. Buning tahsil muddati to’rt yil». Birinchi yilida: forcha va arabcha yozuv hamda o’qish o’rganilgan. Suralar yod olingan. Hisob darsi o’rgatilgan. Umuman bir yil davomida yozmoq va o’qimoqni to’liq o’rganganlar. Ikkinchi yilida: xaftiyak, imon va e’tiqoddan dars, fors, turkiy va arab tilida she’rlar, qasidalar o’qitilgan. Uchinchi yilida: Qur’oni Karim, islom ibodati, tajvid, Sa’diydan nasihatlar, fors va turkiy til puxta o’rgatilib, undan insholar yozdirilar edi. Hisobdan turli taqsimot va ish yuritish kabi zaruriy jihatlar o’qitilgan. To’rtinchi yilida: esa Kalomu sharif, mufassal tajvid, forsiy va turkiy nazm va nasr, axloq darsi, turkiy va forsiy til, hisob, tarix, jo’g’rofiya o’qitilgan. Bu to’rt sinfni tamomlagan bolalarni muallimning o’zi taqsimlagan. Xohlasa ikkinchi bosqichda qoldirar ularning o’zlashtirishlariga qarab madrasaga yuborar yoki tirikchilik uchun ishlashga yo’llanma berardi.
Maktabning ikkinchi bosqichi-rushadiya bo’lib, bunga to’rt sinf-ibtidoiy qismni tamomlaganlar o’tkazilar edi. Bu bosqichda o’qitiladigan dars va ilmlarning mundarijasi quyidagicha: birinchi yili arab tili, jo’g’rofiya, shafaqiya, fors tili, tarjima jumla muxtasar, tarixi anbiyo va islom tarixi. Sa’diyning «Guliston», turkiy tili o’qitilgan; ikkinchi yil-arab tili, shifoxiya, tarix, axloq, turk tili, hisob, fors yozuvi va hokazolar; uchinchi yil-arab tili, hisob xat yozuvi, tarix tili, rus tili ham o’qitilgan; to’rtinchi yil-arab tili, rus qozihona xatlari, bo’listnoyxona xatlari, turk tili va adabiyoti, salomatlik, maktab va hayot, ishq va muhabbatsiz axloq va boshqa ko’pgina hayotiy darslar o’qitilgan.
Mahmudxo’ja Behbudiy maktabida har yilning oxirida tantanali imtihonlar o’tkazilib turilardi. Imtihonlarga, albatta, ota-onalar va boshqa mehmonlar ham taklif qilinardi. Bu birinchidan: «usuli jadid» maktablarini ko’proq targ’ib qilish va uning tartiblarini ko’rsatish bo’lsa; ikkinchidan: maktabni hayotiyroq qilish, ya’ni oila va maktab birligini amalga oshirish edi.
Sakkiz sinf, ya’ni ikki bosqichni tamomlagan shogird arabcha, forscha va turkchada bemalol so’zlab yozardi. Ruschani ham o’qib, bemalol gaplasha olardi. Turkistonning boshqarma mahkamalarining barchasida ishlashga qurbi etardi. Bu shogird maktabda muallimlik ham qila olar, tijorat bilan ham shug’ullanar, hatto muharrirlik ham qo’lidan kelardi.
Har yilgi imtihonlarga barcha joydagi vakillarga xat yuborilib taklif etilardi. Lekin ko’pchilik maktabning yutuqlarini ko’ra olmaganidan kelmasdi. Mahmudxo’ja Behbudiy aytar ediki, «Kelib ko’rsunlar, durust bo’lsa, rivoj bersunlar, nodurust bo’lsa, dalil ila isbot qilsunlar ... maqsadimizda xizmatdan va millatdan boshqa narsa yo’qdur».
«Usuli jadid» maktabini yo’lga qo’yish oson kechmadi. Mahmudxo’ja Behbudiy va Shakuriy buning uchun barcha musulmon taraqqiy etgan shaharlaridagi maktablarini o’rgandi. Bunday mustamlakachilik davrida Turkistonning istiqboli uchun o’z hovlisida ilm ma’rifat o’chog’ini ochgani uchun Behbudiyning boshida necha-necha tayoqlar sindi. Shunga qaramasdan jafokash muallim «Usuli jadid» maktabini qattiq turib himoya qildi. Uning maktabiga chor rus inspektorlari kelib taftish o’tkazishganida jug’rofiya, tarix va hisob kitoblarini otxonaning oxuri tagiga yashirib qo’ygan.
Mahmudxo’ja Behbudiy butun vujudi bilan muallim edi. Uning o’zi ham yuqori sinf talabalariga jug’rofiya va tarixdan saboq berar. Misr, Turkiya, Qozon va boshqa joylardan olib kelgan turli yangi-yangi kitoblarini yuqori sinf o’quvchilariga hamda eng yaxshi o’qiganlarga hamda muallimlarga tortiq qilardi. U ne qilsa ulug’ Turkiston uchun va uning kelajagi bo’lgan yoshlar uchun qilardi.
Mahmudxo’ja Behbudiy axloq va tarbiyaning asosi-maktab, barcha ilmning boshi va ibtidosi maktab. Saodatning fozil insonning ma’naviy chashmasi-maktab degan aqidaga amal qilardi. Bu borada «Turkiston viloyatining gazetasi», «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Osiyo», «Turon», «Hurriyat», «Oina», «Samarqand», «Mehnatkashlar tovushi», «Ulug’ Turkiston», «Najot», «Tirik so’zi», «Tarjimon», «Vaqt», «Sho’ro» kabi matbuot sahifalarida yuzlab maqolalar bilan chiqishlar qildi. Ushbu maqolalar asosan tahsil va ta’limning taraqqiyotiga bag’ishlanardi. Masalan, «Tahsil oyi», «Ehtiyoji millat», «Samarqand usuli jadid maktabi xususida», «Majlis imtihon», «Tarix va jug’rofiya», «Samarqand kitobxon islomiya», «Samarqand kitobxona va maktabxona», «Samarqand isloh rusum majlisi», «Buxoroda usuli jadida» kabi chiqishlarida yangi usul maktablari, uning ahamiyati o’qitish tizimlari, yangi maorif va madaniyatni rivojlantirish, dunyoviy fanlarning nafi, ma’rifatga rag’bat, komil insonning tarbiyasi haqidagi muhim ma’rifiy fikrlarni o’qish mumkin edi.
Mahmudxo’ja Behbudiy ta’lim va tarbiya hamda uning muammolari to’g’risida boy publitsistik meros qoldirdi. Jumladan, «Imon va islom», «Ixtiyoji millat», «Buxorda usuli jadida», «Hurriyat-ozodlik-erkinlik», «Tahsil oyi», «Ikki emas, to’rt til lozim», «Turkiston», «Millatni kim isloh etar», «Yoshlarga murojaat», «Vatanparvarlik kerak», «Bizni kechiruvchi odatlar», «Buxoro xonligiga sayohat», «Ibtidoiy maktablarimizning tarbiyasizligi yoxud tarqqiyning yo’li», «Bizga isloh kerak», «Haq olinur, berilmas», «Samarqandda milliy ishlar haqinda» va boshqalar.
Mahmudxo’ja Behbudiyning yangi maktablar uchun yozgan asarlari maktablarning islohida katta hodisa bo’ldi. Ayni davrda bu darsliklar nazariy, ilmiy va amaliy jihatdan keng qo’llanildi. Bu kitoblarning bugungi kunda ham qadri yo’qolganicha yo’q.
Maxmudxo‘ja Behbudiy Turkistonning kelajagini uning yangi kadrlarida, mutaxasislarida va o’qimishli yoshlarida deb bilardi. Shuning uchun ham u har bir yozgan maqolasida yangi taraqqiyotga javob beradigan kadr tarbiyalab etishtirish masalasini qo’yardi. Savdo-sotiq ishlarini keng rivojlantirish, kassa ochib milliy daromadni ko’paytirish zarurligi haqida tushuntirishlar olib borardi: «Imorat qilmoqchi bo’lsak reja loyihasi lozimki, muhandislarga muhtoj lurmiz. Ammo, biz hanuz muhandis ilmini bilmaymiz. Kontur va rasmiy daftar tutib, kassa tuzib tijorat etmoq lozim?» degandi.
Mahmudxo’ja Behbudiy Turkistonda etishtirilayotgan mahsulotlar arzon baholarda Ovrupo bozorlariga olib ketilayotganidan achinadi. Bizda ham Ovrupo bozorlarida savdo-sotiq qiladigan mutaxasislarning etishib chiqishlarini istaydi: «Turkiston mevasi, dovasi, toshi, tufrog’i va nimarsalari Ovrupa bozoriga ketar. Muni Ovrupa dollari kelib yuz bahoga olib ketar. Mehnatni biz qilarmiz, foydani ular ko’rar». Shuning uchun –deydi Behbudiy: «Ovrupo ila savdo qilaturg’on kishi avvalo zamona ilmi o’qimog’i lozim. U millat taraqqiyotining ma’naviyat ham tarbiyasi, ham iqtisodi, ham ma’rifati»-deb qaradi.
Mahmudxo’ja Behbudiy Turkistonning kelajagini o’ylar ekan, millatimizning taraqqiyoti borasida turli yo’llarni qidirdi. Boylarga ham murojaat etdi: «Boshqa millatlarning boylari faqir va etimlarning o’qimog’i uchun voqf (stipendiyalar) tayin qilur. Butun Turkiston o’n boy elinda ming so’mdan bersa, 25 bola uchun Toshkentda (diniy va zamonaviy) bir pansiunli va nahorli mukammal maktab bino bo’lub, har yil hukumat maktabinda 50 bola tayyorlaydur». Agar shunday bo’lsaki, o’n yillar orasida bizda yaxshi-yaxshi o’qimishli muhandis, shifokor, huquqshunos, iqtisodchi kabi mutaxasilar etishib chiqardi, deb umid qiladi.
Abdurashidxon Sotiboldixon olim o’g’li Munavvar qori 1878 yilda Toshkent shahrining markaziy dahasi-Shayx Xolvand Tahurning Darxon mahallasida mudarris Abdurashidxon va Hosiyat otin oilasida dunyoga keladi. U etti yoshidan otasidan ajraydi. Dastlabki ta’limni onasi Hosiyat otindan oladi, xat-savodi chiqgach, o’sha davrdagi yirik maktabdorlardan biri- Usmon domlada o’qiydi, so’ng Toshkentdagi Yunusxon madrasasida tahsil ko’radi. Biroq, o’sha davrda O’rta Osiyoda ilm markazi Buxoro edi. Shuning uchun u 1898 yilda Buxoroga borib, madrasalardan birida tahsil ola boshlaydi. Ammo ko’p o’tmay, moddiy qiyinchiliklar tufayli Toshkentga qaytib keladi va Darxon masjidida imomlik qiladi. Shu davrda Toshkentda ham jadidchilik harakatikuchayib boradi. Munavvar Qori ham taraqqiyparvarlar safiga qo’shilib, tezda uning yo’lboshchisiga aylanadi. U ayniqsa, Ismoilbek G’aspiralining «Usuli savtiya» maktabiga, chor hukumati mustamlaka o’lkalardagi aholini qanday ma’naviy-madaniy uzlatda saqlagani va undan qutulish choralari haqidagi fikrlariga havas va ixlos bilan qaraydi. Chunki, bu davrda birinchidan, eski arab va fors maktabi uslubida faoliyat ko’rsatuvchi ibtidoiy maktablaru madrasalarning o’quv pedagogika ishlari ancha eskirib qolgan edi. Ikkinchidan, chor hukumati Turkiston o’lkasida maorifni rivojlantirmaslik uchun astoydil harakat boshlab yuborgan edi. O’lka aholisini ruslashtirish siyosati birinchi o’rinda turar edi. Masalan, rus missioneri M.A. Mironiev shunday deydi: «... Shunday qilib qo’l ostimizdagi bizning musulmonlarning ta’limi asosida ularni ruslashtirish bosh va asosiy aqida bo’lishi lozim ... va shunday qilib musulmonlarning ta’limi asosidagi bizning ikkinchi asosiy aqida, islomni pisand qilmaslik va uni qabul qilishdan bosh tortish: qisqasi, umuman bizning ajnabiy-musulmonlarni diniy jihatdan mensimaslikdan iboratdir». Pirovard maqsad millatni yo’q qilishdan iborat bu ma’naviy tajovuzni ayniqsa o’zbek ziyolilari ham har qadamda sezib yurishgan va his qilishgan. Bundan tashqari, mustamlakachilar Turkistonga och nazar bilan qarab, uning boyliklarini shafqatsiz tashiyotganliklari, milliy ozodlik harakatlarini qonga botirayotganliklari faqat oddiy mehnatkashlarning emas, balki boylar va ziyolilarning ham ko’zini ochib borayotgan edi. Xalqni bu balolardan faqat maktab ta’lim-tarbiyasidagi keskin islohotlar qutqara olar edi. Shu bois, Munavvar qori rus tuzem maktablariga qarshi o’z yangi maktablarini ochishga ahd qildi.
Shunday qilib, Munavvar qori 1901-1904 yillarda qrimlik do’sti Rasm Keshod yordamida Toshkentda «Usuli savtiya» maktabini ochadi. U maktabni avval o’z hovlisida, keyin boshqa joylarda ochishga harakat qiladi. U maktabni isloh qilmay turib, odamlarning ongida o’zgarish yasab bo’lmasligini yaxshi tushunib etgan edi.
Munavvar qori ziyoli yoshlarni chet elga yuborishni, u erda ilm-fanni o’rganishni targ’ib qiladi. Masalan, u 1916 yili Toshkentda yig’ilishda nutq so’zlab shunday deydi: «O’zbek ziyoli bolalarining Germaniyaga yuborib o’qitishga juda muhtojmiz, bolalar o’qub, ilm tahsil olib kelsalar, millatga katta xizmat qila oladilar».

Yüklə 116,24 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə