8-ma’ruza. Qishloq xo`jaligida raqamli texnologiyalar reja Raqamli texnologiya haqida tushuncha


Raqamli mahsulotlar eksporti va importining o`ziga xos xususiyatlari



Yüklə 81,5 Kb.
səhifə2/2
tarix11.12.2023
ölçüsü81,5 Kb.
#143940
1   2
8-MA\'RUZA

Raqamli mahsulotlar eksporti va importining o`ziga xos xususiyatlari
moddiy tashuvchilarda:
O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan moddiy tashuvchi orqali olib o`tiladigan raqamli mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) turli variantlarda amalga oshirilishi mumkin:
– ma`lumotlarni qayta ishlash uskunalari uchun raqamli mahsulotlarni o`z ichiga olgan moddiy tashuvchining bojxona qiymatini aniqlashda, baholanayotgan tovar uchun amalda to`langan yoki to`lanishi lozim bo‘lgan narxdan dasturiy ta’minotning qiymati va (yoki) axborot moddiy tashuvchining qiymatini ajratish sharti bilan faqat axborot tashuvchining qiymati hisobga olinadi;
– agar raqamli mahsulot axborot tashuvchi bo`lmagan tovar tarkibiga kirsa hamda bunday dasturiy ta’minotsiz o`ziga xos bo`lgan vazifalarni bajara olmaydigan ushbu tovarning ishlashini ta’minlashga qaratilgan bo`lsa, raqamli mahsulot qiymati tovar qiymatidan ajratilmaydi.
raqamli distributsiya usullari orqali:
Bunday raqamli mahsulotlar bojxonada rasmiylashtirilmaydi.
Butunjahon Internet tarmog`idagi xorijiy elektron savdo maydonchalari orqali eksport qilganda:

  • xorijiy valyutadagi tushumlar raqamli mahsulot sotilganidan keyin xorijiy onlayn-savdo maydonchasi xizmatlari haqi eksportchining hisobraqamiga chegirib qolingan holda o`tkaziladi;

  • tushumlarning tushish muddatlari xorijiy onlayn-savdo maydonchasi qoidalariga muvofiq belgilanadi.

Yangi iqtisodiyot nima?

  • Bugun jadallik bilan kechayotgan raqamlashuv jarayoni “yangi iqtisodiyot”ni vujudga keltirdi. Kam o‘rganilgan va kun sayin chuqur tomir otib borayotgan bu bozor segmenti ishlab chiqaruvchilarga biznesda samarali marketing kompaniyalari uyushtirish, minimal xarajat qilib, maksimal foyda olish, tovar va xizmatlarni muvaffaqiyatli sotishning optimal usullarini taqdim etadi. Iste’molchi, xaridor va mijozlarga sifatli xizmat, qulaylik yaratiladi. Bu vaqtingiz tig‘iz paytida internet orqali tushlikka buyurtma berish, mobil ilova orqali taksi chaqirish, uzoqdagi yaqiningizga pul jo‘natishdan ko‘ra kengroq imkoniyatlar bo‘lib, transchegaraviy biznes hamkorlik, elektron tijoriy maydon, masofaviy ofis kabilarni ham qamrab oladi.

  • Raqamli iqtisodiyot raqamli texnologiyalarga asoslangan, elektron biznes, elektron tijorat bilan bog‘langan, raqamli tovar va xizmatlar ishlab chiqarayotgan va taqdim etayotgan iqtisodiy faoliyatdir. Bunda iqtisodiy xizmat va tovarlar uchun hisob-kitoblar elektron pul orqali amalga oshiriladi. Raqamli iqtisodiyot konsepsiyasi atomdan bitga, ya’ni kimyoviy eng kichik zarradan elektron birlikka o`tishga asoslanadi.

  • O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o`rinbosari Olimjon Umarov ta’kidlashicha, raqamli iqtisodiyot alohida faoliyat turini emas, balki ishbilarmonlik, sanoat obyektlari, xizmatlarda axborot texnologiyalaridan faol foydalanishni anglatadi. Agar oddiy iqtisodiyotda moddiy buyumlar asosiy resurs hisoblansa, raqamli iqtisodiyotda bu qayta ishlanadigan hamda uzatiladigan axborot, ma’lumotlar bo`ladi.

  • Raqamli iqtisodiyot yirik sanoat obyektlari ish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishda o`sish, faoliyat shaffofligini ta’minlash, mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini beradi.

  • YAIM 30 foizga oshadi

  • — Nufuzli xalqaro tashkilotlar olib borgan tahlillar natijalariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oshiradi, shuning barobarida, xufyona iqtisodiyotga barham beradi,—deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor TULYAKOV.— Xalqaro amaliyotga yuzlanadigan bo‘lsak, hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot elektron tijorat va xizmatlar sohasi bilan cheklanib qolmay, balki hayotning har bir jabhasiga, xususan, sog‘liqni saqlash, fan-ta’lim, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, arxiv, internet-banking va boshqa sohalarga jadal kirib bormoqda va ularning har birida o‘zining yuqori samaralarini bermoqda. Davlat o‘z fuqarolari uchun elektron xizmatlar ko‘rsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi — bu raqamli iqtisodiyotning asosiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu sohani keng rivojlantirish korrupsiya illatiga barham beradi.

  • O‘zbekistonda “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturini ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi, eng avvalo, puxta va mukammal tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni shakllantirish, qolaversa, innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining uzviy hamkorligini ta’minlash, barcha soha va tarmoqlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni raqamli texnologiyalar bilan qamrab olish, bu borada zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, intellektual salohiyatli kadrlarni yetishtirish, shu orqali, mamlakatda “axborotlashgan jamiyat” muhitini yaratishga xizmat qiladi.


To`rtinchi sanoat inqilobi dvigateli

  • — Hozirgi davrda mamlakatning rivojlanishi faqat mavjud tabiiy boyliklar yoki aholi soniga bog`liq bo`lmay qoldi, — deydi O`zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, iqtisod fanlari doktori Qalandar ABDURAHMONOV. — Jahon bankining ma’lumotlariga ko`ra, kurrai zaminimiz umumiy boyligining 66 foizi — 365 trillion AQSH dollari inson kapitaliga, ya’ni asosan shaxsning ilm darajasiga to`g`ri kelmoqda. AQShda ushbu ko`rsatkich milliy boylikning 77 foizi — 95 trillion dollarga yetgan. Shuning uchun davlatimiz rahbari joriy yil Murojaatnomada “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!” degan fikrni alohida keltirib o`tdi.

  • Aql-zakovat va ilm — taraqqiyot qanotidir. Zamonaviy ilm-fanning cho`qqisi yuqori texnologiyalarda, raqamli olamda ko`zga tashlanadi. To`rtinchi sanoat inqilobi taraqqiyotning yangi ko`rinishi — “raqamli iqtisodiyot” boshlangani anglatadi. Bugungi kunga kelib jahonda raqamli iqtisodiyot taraqqiy etgan 20 mamlakatda 2 trillion AQSH dollarini tashkil etayotgani hisoblab chiqilgan. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda dunyoda peshqadam Buyuk Britaniyada esa u hozirning o`zida milliy yalpi ichki mahsulotning 12 foiziga yetdi. Raqamli iqtisodiyot texnologik va biznes jarayonlari, ishlab chiqarish, logistika va tayyor mahsulotlarning savdosini raqamlashtirishni nazarda tutadi. Mamlakatimizda 2020 yilning o`zida transport, geologiya, ta’lim, arxiv kabi sohalarni to`liq raqamlashtirish belgilangan va bu boradagi ishlar jadal olib borilmoqda. Zamonaviy infratuzilmaga ega bo`lgan “IT-park” lar ham fikrimiz dalilidir.

  • Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi versiyasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish virtual qabulxonasi “business.gov.uz” portali ishga tushirilgani raqamli iqtisodiyot rivoji yo`ldagi muhim qadamlardir.

  • Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko`rib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish (viza qo`yish) uchun, shu jumladan bir vaqtning o`zida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini o‘tkazish va tezkor jo‘natish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “project.gov.uz” joriy etilgani ham quvonarli.

2020 yilgacha AKTni iqtisodiyot sohalariga keng joriy etishga nima to`sqinlik qilgan?

  • “ERGO Research & Advisory” konsalting xizmati tahlilchilarining izlanishlariga ko`ra, bundagi asosiy muammo telekommunikatsiya infrastrukturasi va aloqaning yaxshi emasligidir. AKT sohasiga investitsiya kam kiritilishi natijasida tayanch aloqa stansiyalari zichligi past holatda bo`lgan. Bu internet, mobil xizmatlarning yaxshi ishlamasligini keltirib chiqaradi, natijada raqamli iqtisodiy o`sishni kamaytiradi, raqamli uzilishlarni keltirib chiqaradi. Quvonarlisi, joriy yilda bu boradagi ko`rsatkich sezilarli darajada oshdi.

  • O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati bergan ma’lumotlarga ko`ra, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo`nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Internet tarmog`iga ulanishning umumiy o`tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni tashkil etib, kommutatsiya markazi orqali 750 Gbit/s tezlikda Internet tarmog`iga chiqish imkoniyati yaratildi va tarmoqning yuklanish darajasi 76,6 foizni tashkil etmoqda. 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif o`tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 56,0 ming so`mni tashkil etdi. Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22 mln.dan ortdi, shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 19 mln.ni tashkil etdi. Respublika bo`yicha 237 ta obyektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilinib, magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o`tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 200 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 40 Gbit/s.ga yetkazildi. Ijobiy natijalar bor, biroq bu yetarli degani emas.

  • Zero, raqamli iqtisodiyot aql bovar qilmas katta hajmda raqamli ma’lumotlarni to`plashda davom etmoqda. 2022 yilda global IP trafik hajmi 150 700 Gbit/s (solishtirish uchun 2017 yil 45 000 Gbit/s) chiqishi kutilayotgani davrdan ortda qolmaslikka chaqiradi.

  • Aholining barcha qismida ham raqamli malakaning yetarli emasligi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo`ldagi yana bir to`siq bo`lib kelgan. Shuningdek, raqamli tovar aylanmasi ham past hisoblandi. Bu borada texnologiya olamida ko`pchilikka ma’lum bo`lgan «Microsoft» korporatsiyasi asoschisi Bill Geytsning bir fikrini eslash o‘rinli: “Tez orada Yer sharida faqat ikki tur kompaniyalar mavjud bo‘ladi. Birinchisi, internet orqali biznes qiluvchi va ikkinchisi, biznesdan chiqqan kompaniyalar”. Tadbirkorlar mana shu jihatni inobatga olgan holda, dunyoga mashhur biznes iste’molchi uchun, biznes biznes uchun, iste’molchi iste’molchi uchun tamoyillari asosida o`z faoliyatini tashkil etishi maqsadga muvofiq.

  • Click, Payme, M-bank, Upay, Oson va boshqa onlayn to`lovlarga imkon beruvchi to`lov tizimlari mavjud bo`lishiga qaramay mobil to`lovlar, internet, kommunal to‘lovlar uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish ko‘rsatkichi yuqori emas. 2017 yilda 34 foiz hisob egalari raqamli to`lovni amalga oshirgan. Solishtirish uchun bu ko`rsatkich Buyuk Britaniyada 96 foizga teng. E’tiborlisi, terminal orqali to`lovlar son oshib bormoqda. Masalan, 2018 yilda terminal orqali to`lovlar 53 trillion so`mni tashkil etgan.

  • Shuningdek, uzoq vaqt davomida budjet tashkilotlarida texnik xodim hisoblangan axborot texnologiyalari mutaxassislariga yuqori maosh berilmagani ham raqamli iqtisodiyotni joriy etishdagi muammo bo`lgan. Sababi malakali dasturchilar bu lavozimda uzoq qolmagan. Ular xalqaro tashkilotlar, qo`shma korxonalar, chet ellik buyurtmachilar uchun ishlashni ma’qul ko`rgan. Endilikda ularga ustama berish mexanizmi joriy etilgan.

  • Yutuqlar bilan birga muammolar mavjud, qilinadigan ishlar ko‘p, Prezident Sh.Mirziyov ta’kidlaganidek, “Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi”.

Kiberxavfsizlik — raqamli iqtisodiyotning muhim sharti



  • O`zbekistonda barcha tizimlar raqamlashmoqda. Ayniqsa, koronavirus tufayli joriy etilgan karantin rejimida onlayn tovar va xizmatlarga bo`lgan talab yanada ortdi, barcha sohalarda raqamli funksiyalarning safi kengaydi. Bugun uydan chiqmasdan to`lovlarni amalga oshirish, hech bir muammosiz masofaviy ta’lim olish, dunyoning yirik kutubxonalaridan foydalanish va hatto ishlash mumkin. Raqamli xizmatlar an’anaviy turga qaraganda qog`ozbozlik, rasmiyatchilikning yo`qligi, vaqtni tejash kabi bir qator afzalliklarga ega. Masalan, davlat xizmatlarini raqamli ko`rinishda olsangiz, sizga belgilangan to`lovning 10 foizi miqdorida chegirma taqdim etiladi.

  • Bularning barchasi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotga faol o`tilayotganining belgisi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning yana bir omili — kiberxavfsizlikni ta’minlashdir. Karantin sharoitida global tarmoqda koronavirusdan saqlanish bo`yicha ko`rsatmalar yorlig`i ostida dasturiy tizimlarni ishdan chiqaruvchi viruslar tarqatish holatlari uchradi. Xorijda dori-darmonni onlayn sotish va yetkazib berishni va’da qilib, oldindan pullarni hisob raqamiga o`tkazishni so`rab, sodda odamlarni aldab ketayotgan moliyaviy firibgarlar soxta onlayn-do`konlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar va elektron pochta manzillaridan foydalanishdi. Bu ham axborot xavfsizligini ta’minlash zaruratini yana bir bor tasdiqlaydi.

  • Raqamlashuv va kiberxavfsizlik tushunchalari doimo yonma-yon keladi. Chunki barcha tizim va jarayonlarni raqamlashtirish bilan birga, ularning texnik jihatdan mukammal va bexato ishlashini, xavfsizligini ta’minlash muhim hisoblanadi. Yurtimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qanchalik e’tibor qaratilayotgan bo`lsa, kiberxavfsizlikni ta’minlash ham shuncha dolzarblik kasb etmoqda. O`zbekiston kiberxavfsizlik global indeksida o`zi pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda. 2017 yilda mamlakatimiz bu reytingda 93-o`rinni egallagan bo`lsa, 2018 yilda 52-o`ringa ko`tarildi.

  • Kiberxavfsizlik axborot xavfsizligining bir ko`rinishi bo`lish bilan axborotlarni saralab olishga xizmat qiluvchi yuksak ma’naviyatdan o`zgacharoq tushuncha. U ko`proq texnik jarayonlarga oid bo`lib oddiy foydalanuvchi uchun pochta, ijtimoiy tarmoqlar, to`lov tizimlarida ishonchli va mustahkam parollarni o`rnatish, o`z shaxsiy kompyuteri va smarfonini viruslardan himoyalashni anglatadi. Kengroq ma’noda esa kiberxavfsizlik tarmoqlar, mobil ilovalar va qurilmalarning himoyasiga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Bu ma’lumotlar konfidensialligini saqlash, ularning butunligini himoyalash, u yoki bu sayt, ilova, dasturning to`laqonli ishlashini anglatadi.

  • “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tahlillariga ko`ra, 2019 yilda internetning milliy segmenti veb-saytlarida 268 ta kiberxavfsizlik insidenti aniqlangan. Bu raqamli olamdagi huquqbuzarliklar soni oldingi yilga qaraganda 44 foizga kamaygan deganidir. Shulardan 222 tasi kontentni ruxsatsiz yuklash, 45 tasi defeys (veb-sayt sahifasi boshqa, masalan, reklama joylashtirilgan sahifaga almashtirilishini anglatuvchi xakerlik hujumi) va bittasi yashirin mayning (kriptovalyuta platformasidagi yashirin faoliyat) ulushiga to`g`ri keladi.

  • Insidentlarning 69 foizi O`zbekistondagi xosting-provayderlarida joylashgan veb-saytlarda aniqlangan, qolgan 31 foizi xorijiy davlatlardagi xosting-provayderlaridagi saytlarga tegishli. 80 ta holatga nisbatan tekshirish ishlari olib borilib, aniqlangan zaifliklarni bartaraf etish bo`yicha amaliy tavsiyalar berilgan, qolgan 188 ta holat veb-sayt egalari tomonidan mustaqil ravishda bartaraf etilgan. Kibermakonda xavfsizlik bilan bog`liq muammolarning yuzaga kelishiga kodda xavfsizlik xatolari mavjud bo‘lgan kontentni boshqarish, eskirgan versiyalar bilan ishlash, kirish parollarining osonligi, xavfsiz bo‘lmagan manbalardan yuklab olingan shablonlar, viruslar bilan zararlangan kompyuterlarda veb-saytlarni boshqarish kabilar sabab bo`ladi.

  • Internetning milliy segmentini monitoring qilish natijasida 130 mingdan ziyod kiberxavfsizlikka tahdidlar aniqlangan. Shundan 106 508 ta holat botnet tarmoqlari ishtirokchilariga aylangan xostlarga tegishli. 13 882 ta holat spam-elektron pochta yoki parolni buzishi sababli turli xizmatlar tomonidan qora ro`yxatga olingan IP-manzillarni blokirovka qilish bilan bog`liq. 8 457 ta holat TFTP (Trivial File Transfer Protocol – fayl uzatishning oddiy shakli) protokoli va tegishli portlardan foydalanish bilan bog`liq bo‘lib, ular utentifikatsiya mexanizmlari yo‘qligi sababli begona kontentni yuklab olishga olib kelishi mumkin. 2 114 ta holat RDP (Remote Desktop Protocol-masofaviy ish stoli protokoli) zaif protokoli ishlatilishi bilan bog`liq. 1 042 ta holat dasturiy ta’minot va ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimlarida autentifikatsiya mexanizmiga ega bo`lmagani, shuningdek muddati tugagan yoki yaroqsiz imzoga ega SSL-sertifikatlar bilan bog`liq.

  • Bu tahlillar kiberxavfsizlik masalasining dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi, boisi dasturiy zaifliklar buzg`unchiga axborot tizimi yoki veb-sayt, shuningdek, fayl va ma’lumotlarga masofadan kirish, fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari chiqib ketishiga sabab bo`lishi mumkin. Kiberxavfsizlik choralari bu kabi holatlarning oldini oladi.

  • 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga ko‘ra, 2020–2023 yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlikka doir milliy strategiya va “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

  • Kiberxavfsizlikka doir meyorlarning huquqiy jihatdan mustahkamlanishi nihoyatda zarur va o`z o`rnidagi tadbirdir. Raqamli olam hali-hamon huquqiy jihatdan o`z maqomini aniq belgilay olgani yo`q. Bu borada yangi kun sayin tahdidlarning yangi tur va shakllari paydo bo`lmoqda, ularni qonunchilikda aks ettirish zarur. Kiberxavfsizlikka doir milliy strategiyani ishlab chiqish milliy kibermakonda jinoyatchilikka qarshi qurashish sohasidagi faoliyatni tartibga soladi. Zero, virtual olamdagi jinoyatchilikning zarar va xavfi real olamdagidan kam emas.

  • Shuningdek, 2020–2023 yillarga mo`ljallangan kiberxavfsizlikka doir milliy strategiya ko`ra kiberxavfsizlikning yagona tizimi va muhim hisoblangan infratuzilmani kiberhujumlardan himoya qilish sohasidagi huquqiy baza shakllantiriladi.

  • “Kiberxavfsizlik to`g`risida”gi qonunda esa axborot kommunikatsiya va texnologiyalari tizimini zamonaviy kibertahdidlardan himoya qilish, turli darajadagi tizimlar uchun kiberxavfsizlik bo`yicha zamonaviy mexanizmlarni joriy etish, mazkur sohada davlat organlari, korxonalar va tashkilotlarning huquqlari va majburiyatlarini belgilash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish kabilar aks etishi kutilmoqda. Chindan ham bu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiyalash zarurat sezilayotgan edi.

  • Yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida xalqimizga qulayliklar yaratish maqsadi yotibdi. Kiberxavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi raqamli imkoniyatlardan ishonchli va xavfsiz tarzda foydalanishga zamin bo`lib kelmoqda.

“Bir million dasturchi”



  • Mamlakatimizda zamonaviy dasturlash texnologiyalarini o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, shu maqsadda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

  • Mazkur loyihaning ahamiyati raqamlashtirish iqtisodiy taraqqiyotning mezoni, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, barcha sohalarni kompleks rivojlantirishning asosiy sharti ekani bilan izohlanadi. Bugun dunyoda raqamlashuv, mobillashuv, sun’iy intellektni joriy eta oladigan kadrlar — dasturchilarga talab yuqori. Boisi raqamli iqtisodiyotni ta’minlovchi infrastruktura, AKT sohasiga kiritilgan katta miqdordagi investitsiya ham elektron imkoniyatlardan samarali foydalana oluvchi dasturchilarsiz o`zini oqlamaydi.

  • Raqamli iqtisodiyotni yo`lga qo`yish va uning samarali faoliyatini ta’minlovchi bir million dasturchini tayyorlashga qaratilgan loyiha doirasidagi mashg`ulotlar ayni kunda uzbekcoders.uz o`quv portali orqali olib borilmoqda. Videodarslar o`zbek tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi. Istagan inson ro`yxatdan o`tib, onlayn saboqlarda qatnashishi mumkin. Mashg`ulotlar masofaviy tarzda bepul olib boriladi.

  • Loyihani ishga tushirishning birinchi bosqichida aholiga loyihani tanitish va raqamli ko`nikmalarni egallashga yordam beruvchi darslarni targ`ib qilish maqsadida reklama kampaniyasi ish olib bordi. “Bir million dasturchi” loyihasining dastlabki bosqichida 62 mingdan ziyod o`quvchi qamrab olinib, ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi. Loyiha ZIYONET ta’lim portali, UZMOBILE mobil aloqa operatori va UZONLINE internet-provayderlarining bepul xizmatlariga kiritildi. Raqamli texnologiyalar o`quv markazlarida ushbu loyiha doirasida dasturlash ko`nikmalariga o`qitish joriy etilmoqda.

— Loyiha doirasida to`rtta yo`nalishda dasturchilar tayyorlanadi, —deydi “Bir million dasturchi” loyihasining jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha menejeri Dilshoda Magrupova. — Bular Android (Google bilan hamkorlikda), Frontend va Full-stack dasturlash hamda ma’lumotlarni tahlil qilishdir. Ularning har biri boshlang`ich 120 soatlik, ya’ni 12 haftalik kursdan iborat. Darslarni boshlash uchun maxsus bilim talab etilmaydi. Mashg`ulotlarda Udacity axborot texnologiyalari ixtisosliklariga yo`naltirilgan yetakchi onlayn platforma o`quv materiallaridan foydalaniladi. Mazkur platforma o`quv dasturlari va kurslar mazmuni Google, Facebook, Amazon, Autodesk va boshqa shu kabi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Barcha kurslar haqqoniy ma’lumotlar to`plami asosidagi loyihalar bilan ishlash orqali amaliy ko`nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

  • Yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashga qiziqishi ham yuqori. Ularga bir vaqtning o`zida bir nechta kursda ishtirok etish imkoni berilgan. Mashg`ulotlar jadvali moslashuvchan. Birinchi bosqichni o`zlashtirishga atigi ikki hafta kerak. Ammo darslarni tayyorlash uchun vaqt oz bo`lsada, uni 3 oy ichida tamomlash mumkin. Ikkinchi bosqich birinchi bosqich tugagandan so`ng, ya’ni amaliy bilimlarni baholovchi testlar topshirilganidan keyin boshlanadi. Agar ishtirokchi uni ham 10-12 hafta ichida tugatolmasa, 3 oy ichida o`zlashtirishi mumkin. Shunday qilib, kursning to`liq kontentini tamomlash uchun saytda ro`yxatdan o`tgan birinchi kundan boshlab umumiy 6 oy muddat beriladi. Ishtirokchilarga ikki turdagi ishtirokchi va bitiruvchi sertifikati beriladi.

— Android dasturlash yo`nalishidan ro`yxatdan o`tib, bepul onlayn videodarslar orqali bilimimni oshirdim, — deydi 21 yoshli dasturchi Asadjon Husanjonov. — O`quv materiallari sodda va aniq qilib tuzilgan, topshiriqlari qiziqarli. Dars yuzasidan paydo bo`lgan savollarimizga “Telegram” mobil ilovasidagi guruh orqali javoblar oldik. Men kurslarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bitiruvchi sertifik sertifikatini qo`lga kiritdim. Galdagi maqsadim Frontend dasturlashni o`rganishdir.

Nazorat savollar:



  1. Tizimni rivojlantirish uchun ko`rsatmalarni bering

  2. Raqamli distributsiya nima?

  3. Raqamli mahsulotlar nimalardan iborat?

Yüklə 81,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə