Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə20/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

Erkin Vohidov
Rohat buvi kattakon qora pechkaning eshigini ochib
oyog‘ini tovlayotgan edi, deraza ostida ko‘zoynak taqib
nevarasining yirtilgan kitobini yelimlayotgan choli urishib
berdi:
– Seni pechkaga o‘rgatib bo‘lmadi-bo‘lmadi... Nima,
polni o‘yib, sandal qilib beraymi? Pechka deganning eshigini
ochdingmi, ko‘mir osmonni isitadi deyaver!..
Rohat buvi pechkaning eshigini yopdi, borib divanga
cho‘zildi. Uy sovuq bo‘lmasa ham, bir necha kundan beri
uning eti uchar, oyog‘i sovqotar, og‘rir edi.
Kampir shu yotganicha ertasiga ham turgisi kelmadi,
indiniga turolmadi, uchinchi kuni yuragi birpas qattiq urib
turdi-yu, birdan bo‘shashib, o‘ldi qoldi.
Hikmat buva nima bo‘lganini bilolmay, ko‘zi bilan ko‘rib
turganini aqliga sig‘dirolmay, garang bir ahvolda turib qoldi;
o‘g‘li, kelini, uch nevarasi kirib yig‘i boshlagandagina o‘ziga
kelib, titroqli nafas bilan shivirladi: «E, xudo, nima qilib
qo‘yding, bisotingda menga atagan yana qanaqa kulfatlaring
bor, to‘k, boshimga hammasini birdan to‘ka qol!»
Ellik uch yil! Ellik uch yildan beri bir dasturxondan tuz
tatigan, bir ko‘rpani bosgan, birga kulgan, birga yig‘lagan;
ellik uch yildan beri mushukchaday bir-biriga suykanib, bir-
birini yalab, og‘ritmay tishlab, yiqitib, yiqilib berib,
piypalashib o‘ynagan; ellik uch yildan beri mehr atalmish
ulkan tuyg‘u rishtasini pilla qurtiday bir maromda asta-sekin
chuvib, bir-birining qalbini o‘rab-chulg‘ab kelgan...
Hamma rasm-rusm joyiga yetkazilgandan keyin odamlar
tobutni ko‘targanda shu rishta birdan tortildi-yu, go‘yo Hikmat
buvaning yurak-bag‘rini sug‘urib oldi. Chol o‘kirib yubordi.


131
Kampirni birpasda yerga topshirib qaytishdi. Ko‘ngil
so‘ragani yana butun mahalla kirdi. Hikmat buva kasal musi-
chaday bir chekkada qo‘nishib o‘tirar, aftidan, endi uning
uchun olamda hech kim, hech narsa qolmagan edi.
Shundoq Hikmat buva hafta o‘tar-o‘tmas bir hovuch suyak
bo‘ldi qoldi. Chol cho‘zilib yotganda uning o‘likmi-tirikmi
ekanini bilish qiyin, lekin kampiri oyog‘ini pechkaning o‘tiga
tovlayotganda urishib bergani esiga tushsa arslonday o‘kirar,
o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar edi.
Uyda uni yolg‘iz qo‘ymaslikka harakat qilishar edi. Kich-
kina nevarasi hamma o‘yinchoqlarini uning uyiga kirgizib
qo‘ydi, bog‘chadan kelganidan keyin shu yerga kirib o‘ynay-
digan bo‘ldi. Katta nevarasi har kuni uni necha marta xilma-
xil qilib suratga ola berdi. O‘g‘li uni avtomobilga solib bir
necha marta shaharni aylantirdi. Chol xursand bo‘lish o‘rniga:
«Onang borida shu ishni qilmading», deb do‘ng‘illadi. Kelini
unga magnitofon keltirib berdi. Chol magnitofon bilan birpas
ovundi-yu, keyin ko‘ziga yosh olib: «Qizim, shu narsani
ilgariroq topib kelganingda kampirni gapirtirib yozib olar
ekanman», dedi...
Bir kuni qattiq yomg‘ir yog‘ib, qishdan qolgan qorni eritib
yubordi. Ayvonda ustunga suyanib yomg‘ir suvining vaqirla-
shini tomosha qilib turgan cholning ko‘zi tandirdan narida
yotgan bir poy eski kalishga tushib qoldi. Kampir bir oyog‘i
og‘rib shishganda shu kalishning jag‘ini kesib kiygan edi. Chol
borib kalishni oldi, avaylab artdi, uyga olib kirdi. Chol uchun
kampir go‘yo qaytadan o‘ldi. U kechgacha yig‘ladi, kechqurun
o‘g‘li bilan kelini ishdan kelganda «kampir bechorani shifo-
korga durustroq ko‘rsatmadilaring», deb xarxasha qildi.
Hikmat buva kechalari uxlamas, dori ichib uxlasa ham
yarim kechasi uyg‘onib, tong otguncha o‘tirib chiqar, uydagi
hamma narsa unga kampirini, yolg‘iz qolganini eslatar, har
bir tovush o‘lim bo‘lib uning miya qopqog‘ini chertar edi.
Chol tugab borayotganini ko‘rib o‘g‘li bilan kelini tash-
vishga tushib qolishdi.
Bir kuni ertalab chol yo‘qolib qoldi. Qidirilmagan joy
qolmadi: yor-do‘st, tanish-bilish, qarindosh-urug‘, hatto «Tez
yordam» kasalxonasidan ham xabar olindi, militsiyaga murojaat
qilindi. Hammayoq qidirtirilipti-yu, qabristondan xabar olin-


132
mapti, chol qabristonda ekan. Hikmat buva qabristonga tez-
tez borib, kampirning boshida bir soat-yarim soat o‘tirib
kelar, lekin bunaqa qolib ketadigan odati yo‘q edi. Chol bu
safar borganida kampirning qabrini ziyorat qilish u yoqda
qolib, uning yonidan o‘ziga go‘r qazitipti, mudir va go‘rkovlar
harchand unashmasa ham qo‘ymapti, janjallashipti.
Chol kun oqqanda adoyi tamom bo‘lib qaytdi. Kimdir
uni avtobusdan tushirib yo‘lkaga chiqarib qo‘ydi. Cholning
zo‘rg‘a qadam bosib kelayotganini ko‘rgan muyulishdagi
cho‘tkachi yugurib borib, uni olib keldi va qo‘liga bir piyola
choy berdi.
– Xafa bo‘lmay yuribsizmi, otaxon... Kampir onam alomat
ayol edilar... Siz o‘sha kuni o‘zingiz bilan o‘zingiz ovora bo‘lib
ta’ziyaga kelgan odamlarni payqamadingiz... Ana odam-u...
mahallaga sig‘may ketdi! Mahallamizning ko‘chasi bir metr
cho‘kdi... Kampir onam dunyoga kelib odam ekkan ekanlar.
Dunyoga kelgan odam avval boshi odam ekishi kerak ekan.
Men ibrat oldim...
Issiq choymi yo cho‘tkachining gaplarimi cholga ancha
mador bo‘ldi.
– Ha, – dedi chol biroz g‘urur bilan,– haligacha odam
keladi... Ishxonasi ham shuncha yildan beri esidan chiqarmagan
ekan.
Cholning paydo bo‘lganidan xabar topgan uy ichi, qo‘ni-
qo‘shni chuvillashib kelib uni o‘rtaga olishdi. Birov dashnom
bergan, birov bo‘g‘ilgan, birov suyungan...
Bular cholni o‘rtaga olib chuvillashib ketayotganda yo‘l
bo‘yida turgan shu mahallalik shifokor voqeani eshitib chol-
dan o‘pkalagan bo‘ldi, keyin unga razm soldi-yu, kampirdan
gap ochdi:
– Onaxonimiz ta’rifga sig‘maydigan ayol edilar, shuncha
odam bekorga kelgani yo‘q! Lekin, otaxon, mahallamizga
biron sakkiz chelakli bitta samovar kerak ekan, o‘sha kuni
juda-juda bilindi. Mahalladan pul yig‘sak, xonadonga necha
puldan tushadi?
Cholning hamiyati qo‘zg‘ab ketdi.
– O‘g‘lim bilan kelinimning bitta samovarga kuchi yetib
qolar, – dedi.
Shifokor undan shu gapni kutgan ekanmi, jilmayib qo‘ydi.


133
Chol go‘rini qazitib qo‘yib endi bu yerga samovar olgani
emas, yotib o‘lgani kelgan bo‘lsa ham, o‘g‘li bilan kelini
nomidan mahallaga kattalik qilib qo‘yganidan keyin bu to‘g‘-
rida o‘ylashga majbur bo‘ldi – o‘g‘lidan pul oldi, samovar
qidirishga kirishdi. Biroq o‘shanaqa samovarni topishdan ko‘ra
kondan mis qazib, samovar yasash osonroq ekan: cholning
bormagan magazini, yalinmagan magazin mudiri qolmadi.
O‘g‘li bilan kelini uning yelib-yugurishiga, unda shuncha kuch
qayoqdan paydo bo‘lganiga hayron edi.
Nihoyat, mahalladagi mansabdorlar yordami bilan samo-
var topildi, mahalla faollari akt bilan qabul qilib oldi, umumiy
majlisda rais Hikmat buvaga rahmatlar aytdi, hamma chapak
chaldi.
Shu majlisda yana bir masala ko‘tarildi: mahallada har
kuni bo‘lmasa ham, haftada ikki-uch marta to‘y-ma’raka,
tug‘ilgan kun va boshqa marosimlar bo‘lib turadi, kim maro-
sim o‘tkazadigan bo‘lsa uyma-uy yurib idish-tovoq, dasturxon
va boshqa narsalar tilaydi, faollar mahalladan pul yig‘ib biron
yuz ellik kishilik mahalla ro‘zg‘ori tashkil qilsa bo‘lmaydimi?
Bu taklifni hamma olqishladi, buning mutasaddisi kim
bo‘ladi, degan savolga anovi shifokor yana Hikmat buvani
taklif qildi. Bu taklifni ma’qullab hamma qiy-chuv ko‘tardi.
Hikmat buva unamasdan qarshi so‘z aytgani o‘rnidan turgan
edi, shuncha odam chapak chalib, ko‘ziga qarab turganini
ko‘rib indayolmadi.
Mahalla necha xonadon? Bularning hammasi cholni ovora
qilmay pulni keltirib bera qolsa ekan! Bu xonadonlardan ko‘pi-
ga kirish kerak, koshki bir kirganda pulni bera qolsa ekan:
biri ertaga keling deydi, biron falonchi muncha berganda
men nega shuncha berar ekanman, deb xarxasha qiladi, biri
majlisda angrayib o‘tirib gapga yaxshi tushunmagan, unga
tushuntirish kerak bo‘ladi...
Chol har kuni ertalabdan xonadondan xonadonga, bor
pulga bir nima olib qolish uchun magazindan magazinga,
arz-dod qilgani idoradan idoraga yugurar, shu orada fursat
topib ba’zan kampirining mozoriga ham borib kelar edi.
Chol, nihoyat, mahalla ro‘zg‘orini to‘la-to‘kis qilib maktab
omboriga qamab oldi. Biroq ro‘zg‘orni but qilishdan ham


134
ko‘ra uni asrash qiyinroq bo‘ldi: ba’zi odamlar narsani olib
vaqtida qaytarishmaydi; ba’zilar, masalan, jo‘mragi uchgan
choynak, papirosdan kuygan dasturxon, lattasiga allanima
balo to‘kilgan kursi, sanchig‘i qayrilgan vilka va hokazo
qaytarishadi, yana «o‘zi shunaqa edi», deb janjal qilishadi.
Yo‘q, xayriyat, sal kunda odamlar insofga kelishdi, cholning
ishi yengil bo‘lib qoldi.
Bahor keldi. Shaharda daraxt o‘tqazish mavsumi boshlanib
ketdi. Shu munosabat bilan gazeta maqola berib, o‘tgan yil
bahorda qaysi mahallalar planni to‘ldirmay qolganini, qaysi
mahallalar bu ishda namuna ko‘rsatganini aytib, ilg‘or mahal-
lalar qatoriga «Yangi mahalla»ni ham qo‘shibdi. Buni cholga
nevarasi ko‘rsatib kuldi, chunki o‘tqazilgan daraxtlarning
ko‘pgina qismi tutmagan edi. Chol chiqib mahallani aylandi,
daraxtlarni ko‘zdan kechirdi. O‘tgan yil bahorda jami bir
ming yetti yuz oltmish besh tup ko‘chat o‘tqazilgan bo‘lib,
bundan faqat sakkiz yuz oltitasi tutgan, tutgan daraxtlardan
yigirma ikki tupi singan, sakkiz tupi sassiq, mo‘rt va umri
qisqa daraxtlar ekan. Chol bu ma’lumotni olib to‘g‘ri gazeta
tahririyatiga bordi, avval tortinibroq gapirdi, gapi o‘tganini
payqagach, shovqin soldi. Gazeta rahbari «Yangi mahalla»
haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan muxbirga jazo berganini
aytdi va muxbirni aldagan mahalla faollarining kotibiga dash-
nom berdi va shu bilan birga gazetaning xatosini ko‘rsatgan
Hikmat buva Normatovga tashakkur bildirdi.
Hikmat buva shu kuni burchakdagi cho‘tkachiga mahsisini
yog‘latib, «mahallamiz sharmanda bo‘lgani» haqida uning
intihosiz javrashiga quloq solib o‘tirgan edi, shu asnoda o‘sha
yolg‘onchi kotib o‘tib qoldi va cholni ko‘rib o‘shqirdi:
– Hu o‘sha... O‘zimiz to‘g‘rilar edik-ku, senga nima, bir
oyog‘ing go‘rda-yu...
Chol sekin burilib qaradi.
– Mening bir oyog‘im go‘rda, sening ikkala oyog‘ing
to‘rdami? Unaqa demagin, bolam, kim oldin o‘lishini bilib
bo‘lmaydi...
Chol yana bir nima demoqchi edi, o‘ziga go‘r qazitib
qo‘yganini eslab dami ichiga tushib ketdi. Kotib jahl bilan
qo‘l siltab jo‘nadi. Chol qo‘llarini orqasiga qilib boshini
quyi solib uyiga tomon bitta-bitta qadam tashlab borar ekan,


135
o‘ylar edi: «Bu bola go‘r qazdirib qo‘yganimni eshitgan-
mikan? Yo‘q, eshitgan emas, lekin eshitishi mumkin...» Chol
jadallab uyga keldi va o‘tirib xat yozdi: «Qabriston mudiri
va go‘rkovlariga yozib ma’lum qilamanki, qari baqaterak
ostidagi mening nomimga qazilgan go‘rni qabriston idorasiga
topshiraman, azbaroyi foydalanish uchun». Hikmat buva
xatni nevarasidan berib yubordi.

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə