Abdurahmon jomiyning bahoriston tarixi reja: Abdurahmon Jomiy (1414-1492)



Yüklə 17,82 Kb.
tarix23.12.2023
ölçüsü17,82 Kb.
#155268
Abdurahmon Jomiyning


Abdurahmon Jomiyning "Bahoriston"

ABDURAHMON JOMIYNING BAHORISTON TARIXI
REJA:


  1. Abdurahmon Jomiy (1414-1492)


  2. Abdurahmon Jomiyning "Bahoriston" asari haqida.

Amir Temur asos solgan Temuriylar saltanati davrida Movarounnahr va Xurosanda badiiy adabiyot ham yangi bosqichga koʻtarildi. Shu davrda fors-tojik adabiyoti oʻzining yangi rivojlanish pogʻonasiga erishgan boʻlsa, oʻzbek adabiyoti ham Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Durbek, Hofiz Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Sayyid Qosimiy, Yaqiniy ijodlari misolida oʻz taraqqiyotining eng yuksak bosqichiga koʻtarildi. Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoni” asarlari shu davr adabiyotining shoh asarlari edi. Jomiy yetti dostondan iborat toʻplamiga “Haft avrang” (“Yetti taxt”) deb nom qoʻyar ekan, Temuriylar sulolasidan yetti shoh (Amir Temur, Xalil Sulton, Shohrux, Ulugʻbek, Abulqosim Bobur, Abu Said, Mirzo Husayn Boyqaro)ni koʻzda tutgan boʻlsa, Navoiy oʻz “Xamsa”sini yaxlit holda Husayn Boyqaroga bagʻishlagan va bu bilan har ikki muallif ham shu davr hukmdorlariga oʻzlarining maʼlum maʼnoda minnatdorchiliklarini namoyon etgan edilar.

Temuriylar davridagi adabiy hayotning oʻziga xos xususiyatlaridan biri adabiy jarayonning yagonaligi, unda turkiy tilda ijod qiluvchilarning ham, forsiy qalam tebratuvchilarning ham barobar va faol qatnasha olgani edi. Buni biz Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida yaqqol koʻramiz. Unda ijodkorlar til xususiyatlariga karab bir-biridan ajratilmagan. Husayn Boyqaro hukmdorligi davridagi adabiy hayotga toʻxtalar ekan, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da: “Shuarodin bu jamʼning saromad va sardaftari Mavlono Abdurahmon Jomiy edi”, deb yozadi1. Binobarin, faqat forsiy adabiyotning emas, shu davrdagi oʻzbek adabiyotining gullab-yashnashida ham Abdurahmon Jomiyning roli juda katta boʻlgan.


Abdurahmon Jomiy Shohrux hukmdorligi davrida – 1414 yil 7 noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida, ruhoniy oilasida dunyoga keldi. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib Jomda turib qolishgan. Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad singari Abdurahmon ham qoʻliga qalam olib, sheʼr yoza boshlagan vaqtdan boshlab oʻz tavallud topgan shahri nomini oʻziga adabiy taxallus qilib olgan (Baʼzi olimlarning fikricha, “Jom” soʻzi “idish” maʼnosida tasavvufiy tushunchani ham bildiradi. Sharqdagi adabiy anʼanaga koʻra adabiy taxallus koʻp maʼnoli boʻlishi maʼqul koʻrilgan). U asosiy umrini Hirotda oʻtkazdi va shu yerda mashhur shoir va mutafakkir boʻlib yetishdi. Bolalik chogʻidayoq Jomiy zehnining oʻtkirligi bilan ajralib turgan. Boshlangʻich maʼlumotni u otasidan olgan. Oilaning Hirotga koʻchishi, otasining bu yerda shayx ul-islom mansabiga tayinlanishi Jomiy hayotida muhim ahamityaga zga boʻldi. Hirotda uning oʻqishiga Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi mashhur mualliflar oʻz hissalarini qoʻshdilar. Natijada u arab tili, ilohiyot, tasazvuf, sheʼr qoidalari, adabiyot tarixi va boshqa fanlarning asoslarini juda erta oʻzlashtira boshladi.
Jomiy turli fanlar boʻyicha oʻz tahsilini Samarqandda nihoyasiga yetkazishni ixtiyor kilar ekan, u Ulugʻbek madrasasida Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi allomalarning maʼruzalarini eshitish sharafiga muyassar boʻldi. U fiqhshunos olim, arab tili, “Qurʼon”, hadislar boʻyicha mutaxassis Fazlulloh Abullaysdan ham koʻp dars oldi. Hirotda Jomiy tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi.
Yosh Jomiy Shayx Saʼdiddin Koshgʻariy bilan yaqinlashib, unga qoʻl beradi va tez orada uning hurmatini qozonadi. Jomiy pirining qiziga uylanadi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi.
1469 yili Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxtiga oʻltiradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 1476/77 yillar orasida u oʻz doʻsti va vaziri Alisher Navoiy bilan Jomiyni oʻziga pir va ustoz deb taniydi. Bu Jomiy hayoti va faoliyatida katta voqea boʻldi.
Jomiy kundalik hayotda oddiy, darvishona yashasa ham, biroq shoh va unga aloqador kishilarning, hatto uni asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi. Shuning uchun u oʻziga tushgan daromadlar hisobiga bir qancha binoyi xayriyalar, shu jumladan Hirotda ikki madrasa va xonaqoh, tugʻilgan shahari – Jomda bir masjid qurish imkoniga ega boʻlgan. Uning Shamsiddin Muhammad ismli ukasi boʻlib, u katta tabib, olim va sozanda boʻlib yetishgani maʼlum.
XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli hodisalardan biri Navoiy – Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar. Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Lujjat ul-asror”, Ashiat ul-lamaot”, “Risolai musiqiy”, “Risolai muammo” kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan. Jomiy oʻz lirik sheʼrlarini yigʻib, devon tuzmoqchi boʻlganda, Navoiy maslahati bilan uchta devon tuzadi va devonlarning birinchisiga “Fotihat ush-shabob”, ikkinchisiga “Vositat ul-iqd”, uchinchisiga “Xotimat ul-hayot” deb nom qoʻyadi.
1480 yildan 1485 yilning oxiriga qadar Jomiy oʻzining buyuk “Haft avrang”i tarkibiga kirgan dostonlarini yaratish ustida ish olib bordi. Sharq adabiyotidagi xamsachilik ananalari asosida yozilgan bu dostonlardan “Silsilatuz-zahab”, “Tuhfat ul-ahror”, “Suhbat ul-abror” gʻoyaviy tematik jihatdan falsafiy-axloqiy yoʻnalishda, janr eʼtibori bilan pandnoma tipida boʻlib, oʻz davrining eng dolzarb masalalariga bagʻishlangan edi. “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun”, “Salamon va Absol”, “Xiradnomai Iskandariy” dostonlarida esa shoir anʼanaviy syujetlarning yangicha talqinlarini berdi.
Jomiy bir necha marotaba haj qilgan, haj safari davomida Nishopur, Bastom, Domgʻon, Kdzvin, Hamadon, Karbalo, Bagʻdod, Damashq, Halab, Tabriz kabi shaharlarni koʻrgan, bu shaharlarda yuksak izzat-hurmatga sazovor boʻlgan. Uning shaxsiy maktublaridan maʼlum boʻlishicha, u yaqin doʻsti Xoja Ahror taklifi bilan Toshkentda ham boʻlgan va ulugʻ mazoratlarni ziyorat qilgan.
Abdurahmon Jomiy 1492 yili shamollash natijasida xastalanib, 78 yoshida hayot bilan vidolashgan. Uning dafn marosimini Navoiy boshqarib, podshoh Husayn Boyqaro esa mamlakatda bir yil motam eʼlon qildi. Unga atab koʻpgina shoirlar, shu jumladan Navoiy ham, qaygʻuli marsiyalar bitishdi. Navoiy marsiyasida Jomiy vafotining tarixi “Kashfi asrori iloh” (“Ilohiy sirlar kashfi”) degan soʻzlardan (hijriy 898, milodiy 1492 yil) chikarilgan edi.
Abdurahmon Jomiy gʻoyat sermahsul ijodkor boʻlib, undan bizga adabiyotning turli janrlariga, fan va sanʼatning rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Jomiy asarlari oʻz davridayoq Xuroson va Movarounnahr doirasidagina emas, boshqa mamlakatlarga ham keng tarqalgan edi. Baʼzan qoʻshni mamlakat podshohlari, masalan, Sulton Yaʼqub uning asarlarini soʻrab maxsus elchilar yuborgan. Uning asarlari oʻz davrida va undan keyin ham koʻp qoʻlyozma nusxalarda koʻchirilgan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qoʻlyozmalar instituti fondlarida Jomiy asarlarining XV – XVI asrlarda koʻchirilgan oʻnlab qoʻlyozmalarini uchratish mumkin. Bunday qoʻlyozmalar Rusiya, Afgʻoniston, Eron va Ovroʻpo mamlakatlaridagi boshqa qoʻlyozma fondlarida ham uchraydi. Taniqli sharqshunos Ye. E. Bertels “Jomiy” monografiyasida shoir asarlarining Toshkent kulliyoti (OʻzR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qoʻlyozma inv. №2122) asosida 52 asarining nomini keltiradi.
Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega boʻlib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin qiladi, tasavvufning XV asrdagi eng yirik arbobi sifatida oʻz fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning “Naqshi fusus” (“Maʼnolar naqshi”), “Shavo-hidi nubuvva” (“Paygʻambarlikka dalillar”), “Sharhi qasidayi “Toiya” (Radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi”), “Naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “Sharhi qasidayi “Xam-riya” (“Xamriya” qasidasi sharhi”), “Naqshbandiy taʼlimoti haqida risola”, “Vohid” atamasi haqidarisola”, “Zikr” shartlari haqida risola”, “Haj qilish yoʻllari haqida risola”, “Ashiot ul-lamaot” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.
Jomiy oʻzining mutasavvuflik faoliyatida Bahovuddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi – Xoja Ahror Valiy bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi.
Abdurahmon Jomiyning insonparvarlikka oid qarashlari mutafakkirning qator asarlarida o‘z ifodasini topgan. Allomaning “Bahoriston” asari uning boshqa asarlaridan farqli ravishda umuminsoniy aqidalar va insonparvarlik g‘oyalarining ko‘pligi bilan ajralib turadi. “Bahoriston”ni Abdurahmon Jomiy Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asariga o‘xshatib juda go‘zal tarzda tartibga keltirgan. Jomiy o‘zining insonparvarlik g‘oyalarini obrazlar orqali ham, (zarur bo‘lganda) asosiy syujet chizig‘idan tashqarida qoladigan chetga chiqishlar va muayyan boblarda ham ifodalab bergan. Aniqrog‘i, shoir o‘z fikrlarini ham she’riy, ham mavhum shaklda ifodalab berishga erishgan.
Yosh avlodni komil inson ruhida tarbiyalashda ma’naviy merosimizdagi bunyodkor g‘oyalarning o‘rni kattadir. Ayniqsa Sharq adabiyotining zabardast vakillari mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Alisher Navoiyning ma’naviy merosi, undagi komil inson g‘oyasi bugungi kun tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ma’naviy manbalardan biridir.
Abdurahmon Jomiyning qimmatli ma’naviy xazina bo‘lgan hikmatli fikrlari to‘plangan “Bahoriston” asaridagi g‘oyalarining ham sog‘lom avlodni tarbiyalashda o‘rni katta bo‘lib, mutafakkir tomonidan o‘z o‘g‘lining ta’lim-tarbiyasi maqsadida yozilgan bu asar butun insoniyat uchun juda keraklidir.
“Bahoriston” asarini ezgu g‘oyalar to‘plangan, hikoyat, naql, go‘zal baytlar jamlangan sakkiz jannat ravzasi bilan qiyoslash mumkin. Bu asaridagi bunyodkor g‘oyalardan biri do‘stlik, kechirimlilik, murosa va adolatdir. “Bahoriston” asarida Iskandar obrazi orqali adolatli shoh tasvirlangan. Jomiy asarda yozadiki, Iskandardan so‘rabdilar: “Nima sababdan bu davlatu saltanatni egallading va undan nima topding?” U javob berdi: “Dushmanlikni yo‘qotish, dushmanlarni do‘stga aylantirish va do‘stlikni mustahkamlash”.
Boyadat mulki Sikandar, chun vay az husni siyar,
Dushmanonro do‘st gardon, do‘stonro do‘sttar.
Mazmuni:
Iskandarning mulkida shunday go‘zal raftor bo‘lishi kerakki,
Unda dushmanlar bir-biriga do‘st bo‘lsinlar va do‘stlarning do‘stligi yanada mustahkamroq bo‘lsin.
Mutafakkir o‘z rashhalarining birida “Aytib edilarkim, javonmardlik ul tururkim, kishi doimo mahzun va anduhlig‘ bo‘lsa, korxonayi ilohiyda forig‘ o‘lturmoq yaxshi ermasdur. Kishikim, onda huzn va anduh bo‘lsa, ondin huzuri jam’iyatning isi kelur. Xojagon q.s.ning nisbatlari huznu andug‘ suvratida zohir bo‘lur” [3]. Bu rashhada Abduxoliq G‘ijduvoniy tomonidan asoslangan Xojagon yo‘lining namoyondalari uchun javonmardlik, ya’ni futuvvat ahlining xususiyatlari xos bo‘lib, ular mudom xalqning og‘irini yengil qilish g‘amida, qayg‘usida bo‘lganlar. Jomiy “korxonayi ilohiy” tushunchasi bilan borliq olamini tushunib inson bu olamda yashar ekan “forig‘ o‘lturmoq” – g‘aflatda bo‘lmoq “yaxshi ermasdur” deb, “Dil ba yorlik”ni “Dast ba korlik” bilan birga uyg‘un, mutanosib, mustahkam aloqada bo‘lishi lozimligi va bu yo‘ldagi insonlar birovni og‘irini yengil qilish g‘amida yurishi kerakligini ta’kidlagan. Bu rashha orqali ham Abdurahmon Jomiy insonlarni butun olamni keng va chuqur tafakkur etib, o‘z hayotlarining mazmun mohiyatini anglashga chaqiradi. U har bir insonni g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, hushyor va ogoh bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topib butun insoniyatning baxt saodati va farovon yashashi uchun o‘z vazifasini halol bajarish bilan mashg‘ul bo‘lishiga chaqiradi.
“Bir kishi ulardan so‘radikim: “Nisbat ne tururkim, siz Hazrat tasavvufni kam aytursiz?”Aytdilar: “Bu ishkim bir – birovga bir zamon bozi erduk”. “Boz” forscha so‘z bo‘lib, tasavvufda o‘z borlig‘ini mahv etuvchi, hamma narsadan kechuvchi ma’nosini anglatadi. Bu rashha orqali Abdurahmon Jomiy to o‘zini to‘la mahv etib, hamma narsadan kechish darajasiga yetguncha holati boshqa bo‘lgan va tasavvuf haqida ko‘p gapira olgan. Tasavvufiy holatga kirgan Jomiy endi o‘z holatini so‘z bilan oshkora etolmas edi. Bu ko‘rsatadiki On chiz, ki ayon ast hojati bayon nes –“Ul narsakim ayondir, uni bayon etishga hojat yo‘qdur.
“Bahoriston” asaridagi bunyodkor g‘oyalardan yana biri saxiylik, ochiqko‘ngilli bo‘lish va o‘zaro yordamdir. Asarning to‘rtinchi ravzasida himmat va saxovat egasi bo‘lgan Hotam haqida hikoyat keltiriladi. Hotamdan so‘raydilar: “O‘zingdan ham karamliroq, ya’ni kerakli paytda yordamga tayyor bo‘lgan biron kishini uchratdingmi?” U javob berdi: “Ha ko‘rdim bu yetim g‘ulom edi. Uning beshta qo‘yi bor edi. Men uning mehmoni bo‘lganimda men uchun barcha qo‘ylarini ham so‘yib mehmon qildi”. Hotamdan bu voqeaga guvoh bo‘lganidan keyin nima qilganligini so‘radilar. U uch yuz qizil tuya va besh yuz qo‘y berganini aytdi. Unda sen undan ko‘ra karamliroq ekansan deganlariga javoban, Hotam shunday dedi: “Hayhot, u nimasi bo‘lsa hammasini berdi, men bo‘lsam mendagi bor narsalardan ozgina qismini berdim xolos”. Hikoyat oxirida Abdurahmon Jomiy quyidagi qit’ani yozadi:
Chun gadoe, ki nimi non dorad,
Va tamomi dihad zi xonai xesh.
Behtar z-on buvad, ki shohi jahon,
Bidihad nime az xazonai xesh.
Mazmuni:
Gadoykim, uyida yarimta noni bo‘lsa,
Uyidagi bor narsani gar bersa u.
Xazinasidagi yarmini bergan bo‘lsa-da,
Jahon shohidan ko‘ra afzalroqdir u.
Abdurahmon Jomiy bu hikoyat orqali yoshlarni, va butun insoniyatni saxovatpesha, muruvvatli bo‘lishga undaydi va o‘zida bo‘lgan bor narsalarni o‘zgalarning baxt-saodati uchun ehson qilish karamlilik fazilati ekanligini aytadi. U ehson va saxovatning qay miqdorda ekanligi emas, balki iqtisodi og‘ir bo‘lsa ham, o‘zidagi bor narsasini berishga tayyor bo‘lish ezgu fazilat ekanligini uqtirmoqda.
Abdurahmon Jomiy asarlarining g‘oyaviy mazmunini tashkil etgan Naqshbandiya ta’limotining asoschisi Bahouddin Naqshband hayotiga oid manbalarning guvohlik berishicha, bu ulug‘ zot hayotida nimagaki erishgan bo‘lsalar kuchli himmat asosida erishganliklarini ta’kidlagan va bu mazmunda shunday baytni keltirgan:
Mardoni rahash rasidaan az himmat,
Z-on dar rahi o‘ nishoni bepaydo nest
Mazmuni:
Himmat bilan yetdilar bu yo‘lga mardlar,
Himmat bilan topursan uning nishoni.
Ma’lum bo‘ladiki, kuchli himmat va mukammal harakat Bahouddin Naqshbanddek tabarruk insonni kamolotga erishish mezoni bo‘lgan ekan yoshlarimizni bu tabarruk zotlar kabi mehnatsevar, doimo harakatda bo‘lish ruhida tarbiyalash Jomiy hikoyatining asl g‘oyasidir [11-13]. “Bahoriston” asarini barhayot bahorga qiyoslab, A’loxon Afsahzod uni yoshlar tarbiyasi uchun katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan
http://hozir.org
Yüklə 17,82 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə