Amir temurning markazlashgan davlatni yaratishi



Yüklə 31,8 Kb.
səhifə2/4
tarix11.12.2023
ölçüsü31,8 Kb.
#147268
1   2   3   4
AMIR TEMURNING MARKAZLASHGAN DAVLATNI YARATISHI

Temuriylar davlati. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan saltanat, garchi, Amir Temurning mahorati va kuch-qudrati ila mustahkam turgan bo‘lsa-da, lekin u ichki jihatdan ancha zaif, umumiqtisodiy asosga ega bo‘lmagan edi. O‘g‘illar, nabiralarga mamlakatni qismlarga bo‘lib berilganligi va suyurg‘ol tartibi ham Temur davlatining parchalanib ketishiga sabab bo‘ldi. Amir Temur jasadi Samarqandda dafn etilishi va motam marosimi tugamasdanoq, toju-taxt uchun shahzodalar o‘rtasida kurash kuchayib ketdi. Garchi Amir Temurning o‘rtancha o‘g‘li Mironshoh hamda Xuroson noibi – oqil va tadbirkor Shohruh mirzolar barhayot bo‘lsalar-da, Sohibqiron hayotlik chog‘idayoq o‘ziga valiahd qilib oqil va botir – o‘sha vaqtlarda Qobul va Hindiston viloyatlarining hukmdori Pirmuhammadni tayinlagan edi. Amir Temurning vasiyatiga binoan Pirmuhammadni taxtga o‘tqazish tarafdorlari kuchli bo‘lsa-da, biroq Mironshohning o‘g‘li Xalil Sulton 1405 yilning 18 mart kuni Samarqandni egallab, o‘zini Movarounnahrning oliy hukmdori deb e’lon qiladi. Hatto u Pirmuhammadga tegishli Amudaryoning o‘ng betidagi yerlarni ham hokimiyatiga qo‘shib oladi. Avval boshda uni qo‘llagan Movarounnahr amirlari, harbiy sarkardalarning kuchli noroziligi va isyoniga duch keladi. Birinchi bo‘lib Turkiston va Farg‘onaning hokimi amir Xudaydod bilan Shayx Nuriddin Xalil Sultonga qarshi isyon ko‘taradilar. Hatto, uning o‘z ukasi Mirzo Sulton Husayn Amudaryoning chap sohili viloyatlarida o‘z hokimiyatini o‘rnatmoq maqsadida akasiga qarshi bosh ko‘taradi. Movarounnahrda boshlangan o‘zaro sulolaviy kurash shu tariqa avj olib ketadi. Garchi Shohruh 1405-1408 yillarda Xalil Sultondan Samarqandni tortib olib, otasi Amir Temurning toju-taxtini egallashga harakat qilgan bo‘lsa-da, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Bunga Balx, Seiston, Xuroson va Ozarbayjonda temuriy shahzodalar va ayrim amirlarning birin ketin ko‘tarib turgan g‘alayonlari jiddiy to‘sqinlik qildi. Bu davrda Temurning valiahdi Pirmuhammad va o‘rtancha o‘g‘li Mironshoh g‘alayon va fitnalarning qurboni bo‘ladilar. Pirmuhammad 1407 yil 22 fevralda vazir Pir Ali Toz boshliq fitnachilar qo‘lida halok bo‘ladi. 1408 yil 22 aprel kuni Qoraquyunli turkmanlar bilan bo‘lgan jangda Mironshoh halok bo‘ladi. Ozarbayjon va Iroq temuriylar qo‘lidan ketadi. 1409 yil boshida esa siyosiy vaziyat yanada keskinlashadi. Amir Xudaydod O‘ratepa va Shohruhiya shaharlarini osongina qo‘lga kiritib, Samarqandga yuradi. Sheroz yaqinida, Zarafshon bo‘yida sodir bo‘lgan jangda Xalil Sulton qo‘shini mag‘lubiyatga uchrab, uning o‘zi esa asirga olinadi. Xuroson hokimi Shohruh esa o‘ziga qarashli bo‘lgan Mozandaron va Kirmonda o‘z hokimiyatini mustahkamlaydi. So‘ngra butun e’tiborini Movarounnahrga qaratadi.1409 yil 25 aprelda u Amudaryodan o‘tib, Samarqand sari yuradi va shaharni jangsiz egallashga muyassar bo‘ladi. Shohruhning uzoq humronligi davrida Amir Temur davlatining asosiy qismi uning qo‘l ostida saqlanib qolsa-da, ammo bu ulkan mamlakat ikki davlatga bo‘lingan edi. Ulardan biri Amudaryodan janubda joylashgan Shohruh davlati bo‘lib, uning markazi Hirot shahri edi. Ikkinchisi esa, Amudaryodan shimolda – Movarounnahr va Turkistonda vujudga kelgan Ulug‘bek davlati bo‘lib, poytaxti Samarqand shahri edi.
Shohruh Samarqanddan Hirotga qaytish oldidin Mirzo Ulug‘bekni Movarounnahr va Turkistonga hokim qilib tayinlaydi. Ulug‘bek, Samarqand taxtiga o‘tirgan vaqtida o‘n besh yoshdagi o‘spirin edi. Shahzoda balog‘atga yetguncha davlatni boshqarishni Shohruh taniqli amirlardan biri Shohmalikning ixtiyoriga topshiradi. Ulug‘bekning asli ismi Muhammad Tarag‘ay bo‘lib, u Temurning Yaqin Sharqda besh yillik yurishlari vaqtida – 1394 yilda Sultoniya shahrida tavallud topadi. Sohibqironning boshqa nabiralari qatorida u Temurning harbiy yurishlari va saroy an’analarida ishtirok etadi. To‘rt yoshidan boshlab Ulug‘bek Shayx Ozoriy tarbiyasida bo‘ladi. Keyinchalik Ulug‘bekka otaliq etib amir Shohmalik tayinlanadi. Shohruh va uning o‘g‘li Ulug‘bek o‘z siyosatlarining ustuvor yo‘nalishlari etib, avvalo, mamlakat hududlarini kengaytirish hamda markaziy hokimiyatni mustahkamlash, deb bildilar. Shohruh 1413 yili Eronni o‘z qo‘l ostiga oladi. O‘sha yili Shoxruh qo‘shini yordamida Ulug‘bek Oltin O‘rda xonlari ixtiyoridan Xorazmni tortib oladi. 1414-1415 yillarda Ulug‘bek amakivachchasi Amirak Ahmad hukmron bo‘lib turgan Farg‘onani uning qo‘lidan tortib oladi. Qoshg‘ar ham Ulug‘bekning ixtiyoriga o‘tadi.
Xorazm Oltin O‘rda xonlari tasarrufidan qaytarib olingach (1413y), Ulug‘bek davlatining g‘arbiy va janubiy chegaralarining xavfsizligi muqimlashgan bo‘lsa-da, ammo uning shimoli-sharqiy tomonlari hali xavotirli edi. Shuning uchun ham, Ulug‘bek bu davrda Dashti Qipchoq va Mo‘g‘ulistonda avj olgan ichki kurashlarga jiddiy e’tibor berishga va aralashishga majbur bo‘ladi. Uning ko‘magi bilan Dashti Qipchoqda ko‘chmanchi o‘zbeklar ulusida Baroq o‘g‘lon, Mo‘g‘ulistonda Shermuhammad o‘g‘lon hokimiyatni qo‘lga oladilir. Ushbu shahzodalar orqali Ulug‘bek bu ikki qo‘shni o‘lkada o‘z siyosatini o‘tkazishni mo‘ljallagan edi. Biroq bu shahzodalar uning ishonchini oqlamadilar. Shundan so‘ng Ulug‘bek otasining roziligi bilan 1425 yilning erta bahorida Mo‘g‘uliston ustiga yurish qildi. Issiqko‘l yaqinidagi jangda Ulug‘bek mo‘g‘ullar ustidan g‘alaba qozonadi. Mo‘g‘uliston yurishi Ulug‘bek olib borgan jiddiy urushlarning birinchisi va oxirgisi edi. 1427 yil Ulug‘bek Dashti Qipchoqda o‘z mavqeini mustahkamlab olgan Baroq o‘g‘longa qarshi yurishga majbur bo‘ladi. Ulug‘bek muruvvatini esdan chiqargan Baroqxon, Sirdaryo bo‘yidagi yerlarni talab O‘tror, Sabron va Sig‘noq shaharlariga da’vogar bo‘lib chiqadi. Unga qarshi harbiy yurishda Ulug‘bekning omadi kelmaydi, uning qo‘shini mag‘lubiyatga uchrab, Toshkentga chekinadi. Baroq o‘g‘lonning lashkarlari uni Samarqand ostonalarigacha ta’qib qilib boradi. Ushbu mag‘lubiyat Ulug‘bekka shunchalik qattiq ta’sir ko‘rsatadiki, u otasining o‘limigacha shaxsan harbiy qo‘shinga bosh bo‘lib yurishlarni boshqa amalga oshirmaydi. Ulug‘bekning 1428 yilda o‘tkazgan pul islohoti ham mamlakatda savdo-sotiq va pul muomalasini, moliya siyosatini yo‘lga qo‘yishda muhim voqea bo‘ldi. Uning davrida ham yuqori tabaqa vakillariga, harbiy sarkardalarga, oliy ruhoniylarga avvalgidek alohida imtiyozlar berish tartibi hukm surdi. Movarounnahrni idora etishda, ayniqsa, uning tashqi siyosatida Ulug‘bek, ayrim hollardagina mustaqil harakat qilgan bo‘lsa-da, ammo aslida u Shohruhning intizomli va itoatkor noibi bo‘lib qoladi.
Shohruh nevarasi Sulton Muhammad isyonini bostirish vaqtida 1447 yil 12 martda Ray viloyatida olamdan o‘tadi. Shohruh vafot etishi bilanoq Xuroson va Movarounnahrda temuriy shahzodalar o‘rtasida toju taxt uchun kurash avj oladi. Odatga ko‘ra taxtga Shohruhning to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek o‘tirishi lozim edi. Lekin Boysunqur mirzoning o‘g‘illari Alouddavla bilan Abulqosim Bobir Ulug‘bekka qarshi harakat boshlaydilar. Xuroson va Hirotni Alouddavla, Mozandaron va Jurjonni Abulqosim Bobir, G‘arbiy Eron bilan Forsni Sulton Muhammad egallab oladilar. Mamlakatni talon-taroj bo‘lishini oldini olish maqsadida Ulug‘bek muammolarni tinch yo‘l bilan yechmoqchi bo‘ladi. Chunki, 1447 yilning bahorida Alouddavla Abdullatif qo‘shinini tor-mor etib, uni asirga olib Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo‘ygan edi. O‘g‘lini qurbon bo‘lishini istamagan Ulug‘bek Alouddavla bilan sulh tuzadi. Abdullatif ozod qilinadi. Ulug‘bek esa Xuroson va Hirotga bo‘lgan da’vosidan voz kechadi. Biroq ko‘p vaqt o‘tmay Abdullatif bilan Alouddavla munosabatlari yana keskinlashadi. 1448 yil bahorida Ulug‘bek bilan Abdullatifning birlashgan qo‘shini Alouddavlani tor-mor keltirib, Hirotni egallaydi. Bu g‘alabadan so‘ng Abdullatif, garchi bobosi Shoxruhning Hirotdagi taxtiga o‘tirishga muyassar bo‘lsa-da, ammo unda otasiga nisbatan adovat paydo bo‘ladi. Chunki g‘alaba to‘g‘risida tevarak-atrofga yuborilgan g‘alaba yorliqlarida Abdullatifning nomi ukasi Abdulazizdan keyin tilga olinadi. Abdullatif garchi Hirot taxtiga o‘tirsa-da, Shoxruh xazinasi undan olib qo‘yiladi. O‘ta shuhratparast Abdullatif uchun shuning o‘zi otasiga qarshi bosh ko‘tarishiga yetarli bahona bo‘ladi. Abdullatif Hirotda 15 kuncha hukmronlik qilib, so‘ng Amudaryodan o‘tib, Movarounnahrga keladi. Ulug‘bek farmoni bilan yana Balxga noib qilib tayinlangan Abdullatif, otasidan norozi bo‘lgan amirlarni atrofiga to‘playdi va otasiga qarshi ochiqdan-ochiq dushmanlik yo‘liga o‘tadi. Bu paytda Ulug‘bek davlatining siyosiy ahvoli ancha murakkab holda edi. Ulug‘bek Abulxayrxon boshchiligidagi dasht qo‘shinlariga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keladi. Samarqand noibi etib qoldirilgan o‘g‘li Abdulazizdan amirlarning noroziligi kuchayadi. Otasining qiyin ahvolda qolganini kuzatib turgan Abullatif , Amudaryodan o‘tib Samarqandga yuradi. 1449 yilning oktyabrida Samarqand yaqinidagi Damashq qishlog‘ida Ulug‘bek va Abdullatif o‘rtasidagi jang, Ulug‘bek mag‘lubiyati bilan tugaydi. Abdullatifga taslim bo‘lishga majbur bo‘lgan Ulug‘bek Makkaga haj safariga ketishga izn so‘raydi. Lekin, oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan ulamolarning yashirin fatvosi bilan u otasining o‘limini uyushtiradi. Zamonasining mashhur olimi va hukmdor Mirzo Ulug‘bek 1449 yil 27 oktyabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida fojiali ravishda shahid bo‘ladi. Ulug‘bek shahid etilib, oradan olti yarim oy o‘tgach, Abdullatifga qarshi saroyda fitna uyushtirilib, u 1450 yil 9 may kuni o‘ldiriladi. Uning kesilgan kallasini Registondagi Ulug‘bek o‘zi qurdirgan madrasasi peshtoqiga namoyishkorona tarzda ilib qo‘yadilar.
Bunday mudhish voqealardan so‘ng Samarqand taxtiga Temuriylardan biri Mirzo Ulug‘bekning jiyani hamda kuyovi Mirzo Abdulla o‘tiradi. Buxoroda esa hokimiyat Mironshohning nevarasi Sulton Abu Said qo‘liga o‘tadi. Mirzo Abdullo markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilib, taxt uchun da’vogarlar Alouddavla va Abu Saidlar bilan kurash olib borib, Samarqandga yurish qilgan Abu Said qo‘shinini tor-mor keltiradi. Alamzoda Abu Said Sirdaryoning quyi oqimida Mirzo Abdullaga qarshi kuch to‘playdi, Dashti Qipchoq o‘zbeklar xoni Abulxayrxondan yordam so‘rab murojaat qiladi. 1451 yilda Abulxayrxon katta qo‘shin bilan Abu Said ishtirokida Toshkent va Jizzax orqali Samarqandga yurish qiladi. Samarqand yaqinida Sheroz qishlog‘idagi qattiq jangda Mirzo Abdulla o‘ldirilib, taxt Sulton Abu Said Mirzo (1451-1469) qo‘liga o‘tadi.
Temuriylar davlatining Xuroson qismi bu davrda Shohruhning nabirasi Abulqosim Bobur qo‘lida edi. U vafotiga qadar (1457y.) Xurosonni o‘z qo‘lida tutib turdi. Bu vaqtga kelib siyosiy tarqoqlik yanada avj oldi. Bu davrda Xuroson o‘n bir bo‘lakka bo‘linib ketgan edi. Mamlakatning bir-biriga qarshi bo‘lgan mayda bo‘laklarga bo‘linib ketishi, ular o‘rtasidagi urush-talashlarning to‘xtovsiz davom etishi aholining moddiy va ma’naviy hayotiga qattiq putur yetkazib, iqtisodiy jihatdan davlatni nihoyatda tang ahvolga solib qo‘ygan edi. Abulqosim Bobur Xurosonni o‘z qo‘li ostida birlashtirishga, Shohruh davlatidagi madaniy hayotni tiklashga harakat qildi. Biroq 1457 yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, vaziyat yanada mushkullashadi, Hirot taxti, Xuroson yerlari uchun kurash yanada avj oladi. Bunday vaziyatdan ustalik bilan foydalangan Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said Mirzo 1457 yili Xurosonga yurish qilib Hirotni egallaydi va shu tariqa temuriylar davlatining ikkala qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Sulton Abu Said Mirzoning (1451-1469) hukmronlik davrida davlat hududlari kengayib, uning chegaralari Sharqiy Turkistondan to Iroqqacha kengayib, Sirdaryodan to Hindiston chegaralarigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga oldi. U bir muncha iqtisodiy va madaniy tadbirlar o‘tkazishga harakat qildi. Lekin, uning bu sohadagi ishlari o‘zining yahshi natijalarini bera olmadi. U mamlakatdagi siyosiy tarqoqlikni ham tugata olmadi.
Hirot taxtiga da’vogarlardan biri Umarshayxning evarasi , yosh temuriy shayhzoda Sulton Husayn (1438-1506) Abulqosim Bobur vafotidan keyin Xuroson mulki uchun o‘z harakatlarini boshlab yuborgan edi. U XV asr boshlarida katta kuch bilan Xurosonda paydo bo‘ladi va 1461-1464 yillarda Xuroson va Xorazmda hokimiyat uchun goh muvaffaqiyatli, goh muvaffaqiyatsiz kurash olib boradi.
1469 yilning bahorida temuriylarga avvaldan tegishli bo‘lgan G‘arbiy Eron yerlarini qaytarib olish uchun Sulton Abu Said oqqo‘yunlo‘ turkmanlar bilan Ozarbayjonning Mug‘on dashtida bo‘lgan jangda o‘ldirildi. Otasining o‘limidan keyin uning o‘g‘illari Sulton Husayn bilan toju-taxt uchun kurasha olmay Movarounnahrga qaytib ketadilar. 1469 yil 24 martda Sulton Husayn Xurosonning hokimi sifatida Hirotga kirib keladi. Natijada temuriylar saltanati yana ikkiga: Xuroson va Movarounnahrga bo‘linib ketadi.
Movarounnahrda esa Abu Saidning o‘g‘illari – avval Sulton Ahmad (1469-1494), Sulton Mahmud (1494-1495) va Mahmudning o‘g‘li Sulton Ali (1498-1501)lar mustaqil hukmronlik qildilar. Biroq Movarounnahr hukmdori, hususan, Sulton Ahmadning uquvsizligi, sustkashligi tufayli mamlakatda boshboshdoqlik avjiga minib, Movarounnahr ko‘plab viloyatlarga bo‘linib ketgan edi.
Sulton Husayn (Bayqaro) (1469-1506) davlati Amudaryoning janubiy tomonida joylashgan bo‘lib, u o‘z tasarrufida Xuroson, Xorazm hamda Sharqiy va Shimoliy Eron viloyatlarini birlashtirgan edi. U temuriylarning qariyb 40 yil hukm surgan so‘nggi yirik davlati bo‘lib, unda ham siyosiy vaziyat osoyishta emas edi. Sulton Husayn (Bayqaro) ning hukmronlik davri ham o‘zaro kurashlardan holi bo‘lmasa-da, lekin mamlakatda iqtisodiy va madaniy hayot yuksak darajada saqlanib koldi. Mamlakatning obod etib turilishida zamonasining tadbirkor va dono hukmdori Sulton Husayn Bayqaro hukmronligi bilan bir qatorda buyuk adib va davlat arbobi Alisher Navoiyning hizmati katta bo‘ldi.

Yüklə 31,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə