Ekologik tizimlar haqida tushuncha Reja: Ekologik tizim tushunchasi



Yüklə 22.28 Kb.
tarix17.01.2018
ölçüsü22.28 Kb.

Aim.uz

Ekologik tizimlar haqida tushuncha
Reja:

  1. Ekologik tizim tushunchasi.

  2. Ekotizimda modda va energiya oqimi.

  3. Ekotizimlarning mahsuldorligi, ekologik piramida va uning qoidalari.

  4. Ekologiyaning matematik modeli.

  5. Ekotizimlarning dinamikasi va suktsessiyasi.


Darsning maqsadi: Ekologik tizim, unda modda va energiya oqimi, uning mahsuldorligi to`g`risida tushuncha berish, ekologik piramida tushunchasini sodda va yetarli misollar yordamida tushunib yetish, ekologiyaning matematik modeli tug`risida birlamchi malaka hosil qilish, ekotizimlarning dinamikasi va suktsessiyasi hodisalarini o`rganish.

Ekologik tizim tushunchasi

Tirik organizmlar jamoasi abiotik muhit bilan moddiy-energetik aloqada yashaydi. O`simliklar ozuqlanish jarayonida o`lik tabiatdan karbonot angidrid, suv, kislorod va mineral tuzlarni oladi ya'ni ular hali iste'mol qilishga tayyor bo`lmagan anorganik moddalarni olib, ulardan organik birikmalarni sintezlaydi. Shuning uchun ham ularga avtotroflar, ya'ni o`zlari uchun o`zlari ovqat tayyorlaydiganlar deb nom berilgan. Tayyor ozuqa moddalari bilan oziqlanuvchi organizmlarga esa geterotroflar deyiladi. Bularga barcha o`txo`r va etxo`r organizmlar misol bo`ladi. Demak, geterotrof organizmlar avtotrof organizmlar hisobida yashaydi. Ular tashqi muhitdan qo`shimcha kislorod va suv ham oladi.

Avtortrof va geterotrof organizmlarning olgan ozuqasi tarkibidagi barcha moddalarning o`rni biogen modda aylanishi davomida tabiatda tiklanib turadi. Demak, barcha organizmlar modda aylanish jarayonida ham o`zaro va ham tashqi muhit bilan bog`langan yaxlit tizimni hosil qiladi.

Tirik organizmlarning har qanday uyushmasi bilan ular yashayotgan muhitning birgalikdagi majmuasi ekotizimlar deb ataladi. Bu terminni fanga 1935 y., ingliz olimi A. Tensli kiritgan. Ekotizimlar hajmi jihatidan turlicha kattalikda bo`ladilar. Masalan, daraxtning chiriyotgan poyasini kichik bir ekotizim, ya'ni mikroekotizim deyish mumkin. O`rmon, ko`l, o`tloq va hokazolarni o`rtacha kattalikdagi ekotizim, ya'ni mezotizim deyish mumkin. Okean, qit'a va shu kabilarni yirik ekotizim, ya'ni makrotizim deyish mumkin. Eng yirik ekotizim ya'ni megaekotizim – bu biosfera hisoblanadi.

Ekotizimning sinonimi sifatida fanda ko`pincha biogeotsenoz atamasi ham qo`llaniladi. Bu ikkala tushuncha bir-biriga yaqin, biogeotsenoz ekotizimning muayyan maydondagi bir bo`lagi hisoblanadi.



Ekotizimda modda va energiya oqimi


Yerda hayotning davom etishida quyoshdan kelayotgan energiya oqimi muhim rol o`ynaydi. Avtotrof organizmlar bu energiyadan foydalanib, fotosintez jarayonida organiq birikmalarni sintezlaydi, geterotrof organizmlar esa ularni iste'mol qiladi. Iste'mol qilingan organik moddalar bilan birga ularning tarkibida saqlangan energiya geterotrof organizmlarga o`tadi. Kishi ovqatlanishida ajralib chiqadigan issiqlik, yog`och, toshko`mir yoki torfning yonishida chiqadigan issiqlik va yorug`lik o`sha quyoshdan olinib, to`planib qolgan energiyadir.

Organizmlarning ozuqalanishiga ko`ra aloqalari trofik aloqalar deyiladi. Organizmlar o`rtasidagi trofik aloqalar ozuqalar zanjirini hosil qiladi. Bu zanjir yopiq bo`lib, 3 ta zvenodan tashkil topadi:

1-zveno – produtsentlar bo`lib, bularga avtotrof organizmlar ya'ni yashil o`simliklar kiradi. Ular ozuqani yaratuvchilar hisoblanadi.

2–zveno – konsumentlar ya'ni iste'mol qiluvchilar. Bularga barcha hayvonlar va insonlar kiradi.

3-zveno – redutsentlar ya'ni o`zgartiruvchilar. Bularga mikroorganizmlar va zamburug`lar kiradi. Ular tuproqqa qaytgan organik moddalarni parchalab, oddiy anorganik elementlarga aylantiradi.

Shunday qilib, ekotizimda moddalar va energiya bir organizmdan boshqasiga o`tib oqib yuradi. Moddalar yopiq zanjir bo`yicha oqsa, energiya ochiq zanjirda oqadi, ya'ni u ertami-kechmi tashqi muhitga chiqib ketadi.

Nega tirik organizmning massasi u o`zlashtirgan moddalar massasiga teng emas? – degan savol tug`iladi. Axir odam o`zining 70 yillik hayotida o`rtacha 45 t. ovqat iste'mol qilsa, uning vazni shunchalik o`smaydi-ku! Gap shundaki organizmga kirgan ozuqaning faqatgina kichik bir qismi uning o`sishiga ya'ni vazn to`plashiga sarf bo`ladi. Uning ko`pchiligi nafas olish, harakatlanish, ko`payish va boshqa jarayonlar uchun sarflanadi, yana bir qismi esa hazm bo`lmay, chiqindi sifatida muhitga chiqarib tashlanadi. Organizm to`playdigan massaning u shu massani to`plash uchun oladigan ozuqa massasidan kam bo`lishini ekologik piramida qoidalari bilan tushuntirish mumkin.

Ekotizimlarning mahsuldorligi va ekologik piramida qoidalari


Ekotizimlarning biologik mahsuldorligi deganda ma'lum maydondagi tirik organizmlarning muayyan vaqt birligida vazn to`plash tezligiga tushuniladi. Bu tezlik tabiatda vaqt va joyga ko`ra turlicha kechadi.

Produtsentlarning muayyan vaqt birligida to`plangan vazni birlamchi mahsulot hisoblanadi. U shu mahsulotni to`plash uchun tuproqdan undan ko`ra ancha ko`p modda oladi. Bu moddalarning 40-70 % ni o`z hayotiy jarayonlariga (nafas olish, oziqlanish, suv bug`latish) sarflaydi, qolganini vazn sifatida to`playdi.

Birlamchi mahsulot konsument va redutsentlar uchun ozuqa bo`lib hisoblanadi. Ular ham ozuqa sifatida olingan birlamchi mahsulotning ko`p qismini o`z hayotiy ehtiyojlariga sarflab, faqat ozginasini vazn sifatida to`playdilar. Ularning to`plagan bu vazni ikkilamchi mahsulot deyiladi.

Shunday qilib, geterotrof organizmlar birlamchi mahsulot hisobida yashaydi va uning faqatgina bir qismini ikkilamchi mahsulot sifatida to`playdi. Masalan, qoramol o`z vaznini 1 kg. ga oshirish uchun u o`rtacha 70-80 kg. o`t yetadi. Ko`rinib turibdiki, u birlamchi mahsulot bilan olgan energiyasining ko`p qismini o`zining hayot jarayonlariga sarflaydi va oz qismini ikkilamchi mahsulot sifatida to`playdi. Ozuqa zanjirining keyingi zvenolarida ham shunday holat davom etadi va har bir zvenoga o`tishda energiya hamda to`planadigan massa kamaya boradi. Bu holat ekologik piramida deb nom olgan bo`lib, piramidaning ostida produtsentlar (o`simliklar), o`rtasida o`simlikxo`r konsumentlar (hayvonlar) va ustida etxo`r hayvonlar (yirtqichlar) turadi. Ekologik piramidani ingliz olimi CH. Elton o`rgangan va fanga kiritgan. Ekologik piramidada quyidagi qoidalar amal qiladi:



Birinchi qoida ( ikkilamchi biologik mahsulotlar birlamchi biologik mahsulotlardan kam bo`ladi.

Uning ikkinchi qoida ( yeyiluvchi organizmlarning umumiy vazni yeyuvchi organizmlar vaznidan ko`p bo`ladi.

Uning uchinchi qoida ( biologik mahsuldorlik, ikkilamchi mahsulot to`plovchilarning qisqa umr ko`radiganlarida uzoq yashovchilarga nisbatan yuqori bo`ladi.

Uning to`rtinchi qoida – sonlar qoidasi bo`lib, piramidaning yuqorisiga chiqqan sari organizmlar soni kamaya boradi.



Ekologiyaning matematik modeli


Ekologiyaning matematik modeli 1931 y. V. Volterru tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, uning eng sodda ko`rinishi u yirtqich-o`lja va parazit-xo`jayin munosabatlariga asoslangan.

O`ljaning ko`payishi u bilan oziqlanuvchi yirtqichning ko`payishiga olib keladi, yirtqichning ko`payib ketishi bilan o`lja kamayib qoladi, o`ljaning kamayishi esa yirtqichlar sonining ham kamayishiga olib keladi.

Parazit-xo`jayin munosabatlari ham shunday printsipda boradi. Bunga qishloq xo`jalik zararkunandalari va ularning ichiga yoki tuxumi ichiga tuxum qo`yib ko`payadigan foydali hasharotlarni misol qilish mumkin.

Ekotizimlar dinamikasi va suktsessiyasi


Biotsenozlarning barchasi ham o`zgarib turuvchan bo`lib, bu o`zgarishlar 2 xil bo`ladi:

1)davriy o`zgarishlar

2)ilgarilama o`zgarishlar

Davriy o`zgarishlarga tashqi muhitdagi sutkalik, mavsumiy va yillik o`zgarishlar kiradi. Sutkalik o`zgarishlar organizmlarning aktivligiga ta'sir qiladi. Masalan, O`rta Osiyo cho`llarida yozning jazirama kunlarida tush payti aktivlik keskin pasayadi, kechqurun va ertalab u keskin oshadi.

Mavsumiy o`zgarishlar organizmlarning nafaqat aktivligiga, balki ularning soniga ham ta'sir qiladi. Bunga hayvonlarning bahorda ko`payishi, ko`zda ko`pchilik qushlarning issiq mamlakatlarga ketib qolishi kabilar misol bo`ladi.

Biotsenozlardagi ilgarilama o`zgarishlar undagi organizmlar soni va tarkibini qisman yoki to`liq o`zgatirishga olib keladi. Ular organizmlar jamoasiga muhit omillarining uzoq davom etadigan bir tomonlama ta'siridan kelib chiqadi. Bunga misol qilib atrof muhiti o`ta ifloslangan joydan aholining ko`chib ketishini keltirish mumkin.

Ilgarilama o`zgarishlar ba'zi hollarda ancha chuqur bo`lib, biotsenoz butunlay o`zgarib ketadi. Masalan, havoning davomiyli kuchli ifloslanishi u joyning suvi va tuprog`ini ham ifloslanishga olib kelishi mumkin. Bunday hodisaga digressiya ya'ni biotik jamoalar holatining yomonlashuvi deyiladi. Buning natijasida u joydan nafaqat odamlar ketib qoladi. Balkim suv va tuproqdagi organizmlar ham qirilib ketib, biotsenoz kambag`allashib qoladi. Bunday chuqur o`zgarishlarga ekzogen o`zgarishlar ham deyiladi.

Bundan tashqari tabiatda endogen o`zgarishlar ham bor-ki, ularning natijasida biotsenozning tarkibi birin-ketin o`zgara boradi. Masalan, tog`dagi yalong`och toshlar tabiiy omillar ta'sirida sekin-asta yemrilaboshlaydi. Bunga sabab, ularning sirtida paydo bo`lgan lishayniklar quyosh radiatsiyasi, harorat va namlik ta'sirida toshni yemiradi. Yemirilgan tosh ustida dastavval petrobiont (toshsevar) o`simliklar o`sadi. Keyinchalik toshlar to`liq yemirilib adirlar paydo bo`lgach, bu yerlarning tuprog`iga mos keladigan boshqa o`simliklar o`sadi. Bu joylarning hayvonot dunyosi ham o`simliklarga mos ravishda o`zgarib boradi. Biotsenozlarning ma'lum tartibda almashinishi ekotizimlar suktsessiyasi deyiladi. Ekotizimlar suktsessiyasi geobotanikada ekogenetik suktsessiya deyiladi, chunki bunda o`sha joyning ekologik sharoitlari birin-ketin o`zgaraborib, natijada bu joyda oldingisidan butunlay farq qiladigan ekotizimlar vujudga keladi.

Barcha holatlarda ham suktsession o`zgarishlar tezligi keyinchalik sekinlashadi va nihoyat to`xtaydi. Bu vaqtda u joydagi biotsenoz to`liq shakllangan bo`ladi. Suktsession o`zgarishlarning to`xtab qolishga suktsessiyaning klimaksi deyiladi. Bunday biotsenozlarda organizmlar o`rtasidagi raqobat pasayib, moddalar aylanish tartibga tushadi.



Ekotizimlar dinamikasini, undagi suktsession holatlarni o`rganish ekotizimlarni boshqarish imkonini beradi.


Mavzuni mustahkamlashga doir savollar

  1. Avtorof va gererotrof organizmlar deganda qanaqa organizmlarni tushunasiz?

  2. Ekotizimning ta'rifi qanday?

  3. Hajm jihatdan qanday ekotizimlarni bilasiz?

  4. Ekotizimda modda va energiya oqimi tushunchasini izohlab bering.

  5. Ozuqa zanjiri qanday zvenolardan tarkib topgan?

  6. Biologik mahsuldorlik nima?

  7. Ekotizimning birlamchi va ikkilamchi mahsuloti deganda nimani tushunasiz?

  8. Ekologik piramida nima va uni fanga kim kiritgan?

  9. Ekologik piramidaning qoidalari nimalardan iborat?

  10. Ekologiyaning eng sodda matematik modeli nima?

  11. Ekotizimlarning dinamikasini qanday tushunasiz?



Mavzuga doir tayanch iboralar

o`txo`r, etxo`r. A.Tensli-1935 y., mikro-, mezo-, makro-, megaekotizim, produtsent, konsument, redutsent, ozuqa zanjiri, vazn to`plash, piramidaning pogonalari, V. Volterru – 1931 y., yirtqich-o`lja, parazit-xo`jayin, davriy, ilgarilama, ekzogen, endogen suktsessiya, klimaks.


Aim.uz




Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə