Falsafaning jamiyatdagi o‘rni reja



Yüklə 28,4 Kb.
tarix05.12.2017
ölçüsü28,4 Kb.
#14096

FALSAFANING JAMIYATDAGI O‘RNI
Reja:

1. Falsafa madaniyat tizimida

2. Falsafa va jamiyat.

3. Falsafaning jamiyat rivojlanishida tutgan o‘rni



1. Falsafa madaniyat tizimida
Falsafa va fan

Falsafa va aniq fanlar o‘zining dastlabki qadamlaridanoq bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Qadimgi jamiyatlarda diniy-mifologik (afsonaviy) tasavvurlar, falsafiy g‘oyalar va empirik ilmiy bilimlar bir biridan ajratilmagan, sinkret (qorishgan holda) yagona, birini boshqasidan ajratib bo‘lmaydigan darajada edi. Keyinchalik rivojlanish mobaynida falsafa va fan hali talaygina umumiylikni saqlagan holda o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘la boshlaydi.

Fan o‘zining yetuk shakliga sanoat revolyusiyasi davridan erisha boshlaydi, ba'zi ilmiy fanlar esa faqat XIX-XX asrlardangina shakllana boshladi. Shu sababli ko‘pgina zamonaviy ilmiy g‘oyalar o‘zining dastlabki shaklida falsafiy qarashlar ta'sirida ishlab chiqilgan. Bu, masalan, atom, Quyosh tizimining tabiiy kelib chiqishi, sinergetika va boshqalar to‘g‘risidagi g‘oyalarga tegishli.

Falsafa doirasida ilmiy bilishda qo‘llaniladigan mantiqiy-metodologik vosita ishlab chiqildi. Arastu, Forobiy, Ibn Sino, Bekon, Dekart, Leybnits, Xegel kabilar mantiq qonunlari, induktiv, deduktiv, dialektik va boshqa metodlarni bevosita ishlab chiqqan faylasuflardir. Xususan, dialektik metod eng ilg‘or zamonaviy ilmiy fanlardan biri - sinergetikaning ko‘pgina qoidalarida o‘z aksini topdi.

Falsafa fanga nisbatan munosabatda faqat metodologik funksiyani bajarib qolmaydi. U dunyoqarash bo‘lgani holda u yoki bu ilmiy g‘oyaning shakllanishi (yoki to‘xtatish)ga ta'sir ko‘rsatgan. Masalan, yevropa o‘rta asr davrida falsafa ilohiyotga bo‘ysungani holda, har qanday fikrga arastu-xristian talqini nuqtai nazaridan qarab, ilmiy fikrning erkin rivojlanishini to‘sib qo‘ygan.

O‘z navbatida falsafa ham aniq fanlarning kuchli ta'siriga uchragan va uchramoqda. Agar ilgari atrof muhit to‘g‘risidagi ko‘pgina g‘oyalar, odatda, mushohada-spekulyativ (quruq mulohazaga asoslangan) shaklda naturfalsafa asosida vujudga kelgan bo‘lsa, fanning rivojlanishi davomida empirik ma'lumotlar va tabiiy ilmiy nazariy xulosalarning to‘planishi tufayli fan mushohidaviy mulohazalar va quruq mulohazalardan qutulibgina qolmay, balki o‘zi ham falsafaga ta'sir o‘tkaza boshladi. Falsafa fan doirasida olingan dalillarni inobatga olmasligi mumkin emas. Bundan tashqari falsafaning o‘zi u yoki bu davrda tabiatshunoslikning u yoki bu ideallarini ko‘zda tutadi. Masalan, XVII-XVIII asrlarda mexanikaning yetakchi ilmiy fan sifatida shakllanishi mazkur davrda yevropa falsafasining mexanistik shakliga sabab bo‘ldi. Deyarli barcha, hattoki inson va jamiyatda yuz berayotgan jarayonlar ham mexanika qonunlari asosida sharhlandi. Bugungi kunda falsafa o‘z g‘oyalarini tabiat va jamiyat to‘g‘risidagi fanlarda kechayotgan jarayonlarsiz rivojlantira olmaydi.

Falsafa va fanning o‘zaro munosabatlaridagi yana bir jihati falsafa ilmiy bilishdagi turli soha yutuqlarini muvofiqlashtiradi, umumlashtiradi va ularni imkon qadar umumlashtirgan falsafiy kategoriyalarda aks ettiradi.

Falsafa va san'at

Dunyoni bilish nafaqat qonunlarni aks ettiruvchi kategoriya va tushunchalar, balki san'atda yaratiladigan obrazlar, oliy shakllar, ya'ni badiiy obrazlar orqali ham amalga oshiriladi. Har qanday bilish insonning ikkita bilish qobiliyati: ratsional (aqliy), mavhum-mantiqiy (abstrakt-mantiqiy) va his etish, obrazli-ta'sirchanlik (obrazli-emotsional)dan iborat. Mantiq va psixologiyaning ilmiy ijod sohasidagi keyingi tadqiqotlari ko‘pgina asosiy ilmiy kashfiyotlar dastlab hissiy-obrazli shaklda mavjud bo‘lishini ko‘rsatdi. Faqat keyingina unga tafakkur ila ishlov berilganidan so‘ng qat'iy mantiqiy shaklni egallaydi. A.Eynshteyn, N.Bor va boshqa buyuk olimlar san'atning o‘z shaxsiy ilmiy ijodidagi ahamiyatini ta'kidlaganlar.

San'at falsafadan oldin ibtidoiy, diniy-afsonaviy dunyoqarash negizida paydo bo‘lgan va ibtidoiy amaliyotning bevosita ehtiyojlari bilan belgilangan. Qoyaga o‘yib yozilgan tasvirlar syujeti, diniy marosim qo‘shiqlari va raqslari amaliy yo‘nalishga ega bo‘lgan. Ular ibtidoiy inson uchun hayotiy ahamiyatga ega vaziyatlarni shunchaki obrazli shaklda aks ettirmasdan, balki mana shu vaziyatlarga o‘z ta'sirini ko‘rsatish maqsadiga intilganlar.

Falsafa vujudga kelishi bilan u san'atning rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatuvchi kuchli omilga aylandi. Masalan, Yaponiyaning rassomlik san'ati («sumie» janri)ni dzen-buddizm falsafiy prinsiplarini bilmasdan turib tushunish mumkin emas. Hattoki badiiy materiallar (yupqa qog‘oz va juda ko‘p miqdorda siyohni sig‘diradigan mo‘yqalam) va chizish texnikasi (chiziqlar imkoni boricha tez va kam miqdorda chizilishi kerak) ham mana shu prinsiplarga bo‘ysungan. Qog‘oz va mo‘yqalam, chizish texnikasini tanlanishi ilhomning nihoyatda qisqa vaqtda aks etishi bilan aniqlanadi. Hyech qanday sustkashlik va qayta ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Manzara o‘ylangan, oqilona mulohazali rejani asta-sekin me'yoriga yetkazish bilan emas, balki deyarli bir lahzada yaratilishi kerak. Mana shuning o‘zi bilan dzen-buddizmning eng muhim prinsipi-satori (fikrning oydinlashuvi) amalga oshadi, unga esa irratsionalizm, intuitivizm, bir lahzalilik xosdir. Shuningdek dzen-buddizm prinsiplari yapon poeziyasida («xayku» janri)1

ham mujassamlashgan.

Falsafaning yevropa san'atiga ta'siri to‘g‘risida ham gapirish mumkin. Masalan, Yunoniston va Rim san'ati o‘zida koinotni tushunishga yo‘naltirilgan antik dunyoqarash xususiyatlarini aks ettirgan. Shuningdek antik haykaltaroshlik insonning tashqi, jismoniy, tana ko‘rinishini astoydil ifodalashga uringan, insonning ichki dunyosi (mikrokosm) esa ikkinchi darajali hisoblangan. O‘rta asr yevropa san'atida diniy dunyoqarashning izlari yorqin ifodalangan. Ikonalar chizish, psaltirdagi diniy qo‘shiqlar, cherkov xor qo‘shiqlari san'atdagi yetakchi yo‘nalishlarga aylanadi. Metafizik (dialektik bo‘lmagan) tafakkur xos bo‘lgan Yangi davrda, shuningdek ushbu falsafiy paradigmaga xos xususiyatlar san'atga ta'sir ko‘rsatgan.

Bugungi kunda rassomchilik, adabiyot, teatr, musiqa, kinematografiya, xoreografiya, arxitekturadagi barcha bir muncha ahamiyatli yo‘nalishlarda u yoki bu falsafiy dunyoqarashning izlari mavjud. Masalan, realizm va syurrealizmning farqi faqat ijro texnikasida emas. Mazkur yo‘nalishlarni shakllangan falsafiy-metodologik yo‘l-yo‘riqlarni bilmasdan turib, ularni tushunish mumkin emas. O‘z navbatida san'at dunyoni badiiy tasavvur qilish sifatida falsafaga katta ta'sir ko‘rsatadi.

Falsafa va din

Din ham falsafa kabi dunyoqarashlardan biridir. Shu tufayli ularning taqdiri avval boshdan chatishib ketgan. Falsafa ham, din ham dunyoning dunyoqarash ta'rifini yaratadi, tafakkurning ma'lum usullari va qadriyatlar tizimini shakllantiradi. Diniy ongni tashvishga solgan voqyea-hodisalar ko‘pincha falsafiy tafakkur sohasiga ham dahldor. Bularning hammasi falsafa va dinni birlashtiradi. Biroq ular o‘rtasida prinsipial farqlar ham mavjud.

Mantiqiy ratsional asoslarga suyanadigan falsafadan farqli o‘laroq din e'tiqodga asoslanadi. Dinning mana shu prinsipial xususiyatini xristian cherkovi otalaridan biri Avgustin quyidagi postulatni ifodalaganda qayd etgan: «Tushunish uchun ishonaman». E'tiqod prinsipining haddan ziyod ifodasini Tertullan bergan: «Ishonaman, chunki – bema'ni (absurd)dir».

Har qanday din aqida (dogma)larga asoslangan. Ularning asosida Xudo tomonidan yuborilgan vahiy – o‘gitlar, tamoyillar va muqaddas ilohiy matnlar yotadi. O‘zining «ilohiy» tusdaligi tufayli muqaddas matnlar o‘zgarmasdir, ularga shubhali qarash esa - Xudoga shak keltirishdir. Falsafiy tafakkur hyech qachon u yoki bu darajada aqidaparast bo‘lmagan desak, xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Biroq u ko‘pincha hur fikrli bo‘lgan.

Din bilan falsafa o‘rtasidagi munosabat turli davr va har xil mintaqalarda turlicha tushunilgan hamda ifodalangan. Bir xil ta'limotlarda falsafa - bu «dinning yo‘ldoshi va emishgan opa-singlisidir»: ikkalasi ham bitta, yagona bilish mavzusiga ega, biroq mulohaza usuli bilan farqlanadi (Ibn-Rushd); boshqasida u – o‘z bekasi ilohiyotning yuvosh xizmatkori (P.Damiani), uchinchi ta'limotlarda esa haqiqiy falsafa - dinning muxolifi va batamom qarama-qarshisidir deyiladi (K.Marks, F.Nitsshe, B.Rassel). O‘rta asr yevropasida falsafiy hur fikrlikka qarshi katolik cherkovi tomonidan inkvizitsiya qo‘llanilgan, XX asrda esa SSSRda falsafiy ateizm diniy dunyoqarashga qarshi urush e'lon qildi.

Har qanday rivojlangan diniy tizim hamisha o‘z aqidalarini tasdiqlash uchun falsafaning mantiqiy-metodologik vositasidan foydalangan va foydalanmoqda. Shu bois katolitsizm, islom, buddaviy va boshqalarning falsafiy doktrina, ta'limotlari to‘g‘risida gapirish mumkin. Diniy g‘oyalarga asoslangan tomizm va netomizm, tasavvuf, teyyardizm kabi falsafiy yo‘nalishlar ham mavjud.


2. Falsafa va jamiyat.
Jamiyatning falsafaga ta'siri

Falsafani o‘zining vujudga kelishi qadimgi zamon urug‘doshlik tuzumining inqirozi natijasida shakllangan jamiyatning ehtiyojlari bilan bog‘liq. Aqliy va jismoniy mehnatning bo‘linishi, davlatchilikning paydo bo‘lishi, ijtimoiy tabaqalanish, ishlab chiqarishning murakkab turlarining vujudga kelishi, fanlarning yuzaga kelishi, bilish va ijtimoiy amaliyotda sifat jihatidan yangi ehtiyojning tug‘ilishi - bularning hammasi ob'ektiv borliqda yangi yondoshuv – falsafani shakllanishiga olib keldi.

Keyinchalik ijtimoiy-tarixiy transformatsiya falsafiy mulohazalar rivojiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Masalan, G‘arbiy yevropada cherkov va din ahamiyatining o‘rta asrda kuchayishi bu davrda falsafaning ilohiyotni xizmatkoriga aylanishiga olib keldi. Yangi davrda esa tabiiy fanlar va sanoatning rivojlanishiga talab falsafadagi mantiqiy-metodologik hamda gnoseologik muammolarning keskin kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Bu borada sobiq SSSRdagi ijtimoiy tizimning falsafa taqdiriga ta'sirini ko‘rsatish mumkin. KPSSning monopoliyasi va totalitarligi falsafaning siyosiy mafkuraga bo‘ysundirilishi, sxolastik va sofistika elementlarining rivojlanishiga olib keldi. Sotsializm mamlakatlaridagi falsafiy qoidalarning ma'lum to‘plami (stalinizm, maoizm, chuchxe va boshqalar) rasmiy tasdiqlangan davlat mafkurasi maqomini oldi va ma'muriy vositaga aylandi; bularning funksiyasiga mavjud tuzumni madh etish, boshqacha fikrlash bilan kurashish, ijtimoiy va xususiy ong rivojini senzor-politsiya nazoratiga olish, rahbar shaxslarga sodiqlikni tekshirish va hokazolar kiradi.

Har qanday falsafa, u xoh Arastuniki, xoh Foma Akvinskiyniki, Marks yoki Nitssheniki bo‘lsin, agar u aqidalar to‘plamining mutloqlashtirilgan va qonunlashtirilgan darajasiga ko‘tarilsa, ijtimoiy va xususiy ongga ommaviy singdirilsa, mutaassib hamda dogmatik tafakkurning shakllanishiga olib keladi.
3. Falsafaning jamiyat rivojlanishida tutgan o‘rni
Falsafa o‘z funksiyalari (dunyoqarash, tanqidiy, metodologik, aksiologik, bashoratlash, sintetik)ni amalga oshirishda jamiyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ijtimoiy-tarixiy jarayonlarning rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatadi.

Falsafa jamlama-umumlashgan shaklda bilish jarayoni va ijtimoiy amaliyot rivoji yo‘nalishiga ta'sir etadigan paradigmalarni shakllantiradi. Yaqin va O‘rta Sharqda falsafaning rivojlanishi ilk o‘rta asr musulmon sivilizatsiyasining taraqqiyotiga rag‘batlantiruvchi omil bo‘ldi. Uyg‘onish va Yangi davrlar falsafasidagi insonparvarlik va ma'rifat g‘oyalari cherkov hukmronligi va mutlaqlashtirishni cheklashga, tabaqalarning maqomini o‘zgarishiga, fuqarolik jamiyatining shakllanishiga imkon yaratdi, nemis klassik falsafasining g‘oyalari esa qator fanlar: geologiya, biologiya, jamiyatshunoslikdagi tasavvurlarning tubdan o‘zgarishiga olib keldi. «Amaliy fanlar» falsafasining g‘oyalari Uzoq Sharq mamlakatlarida jamiyat siyosiy va ijtimoiy tizimi, iqtisodiyot, ta'lim sohasida muhim islohotlarga sabab bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda falsafa totalitar jamiyatlarda mafkura, apologetika va senzuraning quroliga aylanib, taraqqiyot rivojini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Stalinizm falsafasining genetika va kibernetikani burjuaziyaning soxta fanlari deb e'lon qilganligini misol keltirishning o‘zi yetarlidir.

Falsafiy paradigmalar ijtimoiy hayotning barcha tomonlari: iqtisodiyot, siyosat, fan, madaniyat va hokazolarga ta'sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda bashariyat nafaqat yangi ming yillikka, balki yangi chegara, yangi tarixiy davrga ham qadam qo‘ydi. Mavjud zamonaviy sivilizatsiya turlarini belgilagan o‘tgan asrlar, jumladan XX asr paradigmalari kelajagimiz uchun qadriy yo‘nalish, mo‘ljal bo‘la olmaydi. Bashariyat oldida turgan bugungi masalalar ijtimoiy hayotning barcha tomonlariga va uning mavjudligi asoslarining o‘ziga ham daxldor. Bashariyat bir butun sifatida o‘zining yashab qolishi va keyingi rivoji uchun yangi paradigmalar: yangi tafakkur, yangi xulq modellari, yangi qadriy yo‘nalishlarga ehtiyoj sezadi. Va yangi paradigmalarning shakllanishida falsafaning tutgan o‘rni muhimdir.




1Қаранг: Судзуки Д. Дзэн-Буддизм. Бишкек. 1993. 402-409-б.

Yüklə 28,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə