Alisher Navoiy va Gulxaniy ijodi ta’lim tarbiya masalalari



Yüklə 96,5 Kb.
səhifə3/10
tarix07.03.2022
ölçüsü96,5 Kb.
#84374
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
4 Alisher Navoiy va Gulxaniy ijodi ta’lim tarbiya masalalari

Ilm, Navoiy, senga maqsud bil,

Endiki ilm o`ldi amal aylagil.

Navoiyning yaramas odat va xulq-atvorlarni shafqatsiz qoralashi, olijanob insoniy fazilatlarni qadrlashi, bolalarni o`qish, o`rganish va yuksak odobli, a’lo xulqli bo`lishga chaqirishi katta ahamiyatga ega bo`lib, bolalar adabiyotining shakllanishida juda muhimdir. Uning bir qator axloqiy-ta’limiy qarashlari hozirgi kunda ham o`z qadr-qimmatini saqlab kelmoqda.

“Farhod va Shirin” dostonida shoir chin sevgi va vafo, do`stlik va sadoqat, mehnat va ijodkorlik, vatanparvarlik hamda qahramonlik g`oyalarini tarannum etadi. Doston yoshlar va bolalarga atab yozilmagan, lekin asarning ko`pgina boblari bolalar va yoshlar hayotiga, ularning tarbiyasiga bag`ishlangandir. Shoir dostonda Farhodning bolalik chog`laridanoq ilm-hunarga, mehnatga bo`lgan muhabbatini zo`r mahorat va chuqur samimiyat bilan tasvirlagan. Bu Navoiyning bola tarbiyasiga va uning bilim olishiga katta e’tibor bilan qaraganligini ko`rsatadi.

Farhod yoshlik chog`idanoq juda aqlli, zehnli bola bo`lib o`sadi. U maktabda zo`r havas va qunt bilan o`qiydi. Tabiiyot, matematika, mantiq kabi fanlarni tez orada o`rganib oladi. Yosh Farhodning ilmga bo`lgan havas va muhabbatini sezgan ota-onasi unga bilim berishni munosib ko`radi. Jahonning mashhur olimlari Farhodga turli fanlardan saboq beradilar. Natijada eng murakkab va pinhoniy ilmlar unga o`z sir-asrorini to`liq namoyon etadi. U qunt va chidam bilan o`qib, bilimdon va zukko inson bo`lib yetishadi. Shoir Farhod hayotini bunday jonli lavhalarda tasvirlash orqali bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor berishga chaqiradi, ularni yoshligidan boshlab o`qitish zarurligini, bunda ota-onaning roli nihoyatda katta ekanligini, bolalarga dunyoviy ilmlarni berish muhimligini ta’kidlaydi.

Farhod qaysi fanni o`qimasin, uni darrov tushunib oluvchi qobiliyat egasi sifatida tasvirlanadi:

Agar bir qatla ko`rdi bir saboqni,

Yana ochmoq yo`q erdi ul varaqni.

Ne so`znikim, o`qib ko`ngliga yozib,

Dema ko`ngliki, jahon lavhiga kozib.

U davrda bolalar quruq, yodaki o`qitilar edi. Bolalar o`zlari yodlagan narsalarining ma’nosiga tushunmas ham edilar. Shunday bir vaqtda Navoiy bolalarni ilm-fanga qunt qilish, o`qilgan narsaning ma’no-mazmunini tushunib olishga undar edi.



O`qib o`tmak, o’qib o`tmak shiori,

Qolib yodida, safhasafha bori...

Farhodning qunt qilib, ma’nosini tushunib o`qishi natijasida ko`p ilmlarni egallaganligi ta’kidlanadi:



Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,

Bilib tahqikini kasb yetmagan ilm.

Shu tariqa Navoiy bolalarni ilmni puxta egallashga chaqirib, buyuk pedagog hamda murabbiy sifatida ularni tarbiyalash va o`stirish yo`llarini ko`rsatadi.

Bundan tashqari, dostonda Farhod jismoniy tomondan ham chiniqqan yigit sifatida tasvirlanadi. U suvda suzish, chavandozlik va qilichbozlik sirlarini mehr bilan o`rganadi. Alisher Navoiy yoshligidan boshlab ilmga berilgan, jismoniy jihatdan chiniqqan Farhodni tasvirlarkan:

Demon ham ko`ngli poku, ham ko`zi pok,

Tili poku, so`zi poku, o`zi pok, -- deb har tomonlama mukammal, ma’naviy, jismoniy go`zal, yetuk yigit timsolini beradi. Shuningdek, Navoiy Farhodni mehnat va hunarga zo`r havasli, sangtaroshlik, rassomlik va naqqoshlik hunarlarini ham mukammal egallab olgan yigit sifatida ulug`laydi.

Ilm va hunarni egallagan, jismoniy jihatdan chiniqqan, Farhod mazlumlarga Qamxo`r, sofdil, mard va olijanob, jasur inson bo`lib yetishadi.

Farhod boshchiligida va uning bevosita fidokorna mehnati natijasida katta kanal (“Hayot daryosi”) va hovuz (“Najot dengizi”) qaziladi. Navoiy Farhodni suvsiz erlarga suv chiqargan qahramon, mehnat sohasida mo`’jizalar ko`rsatgan bahodir yigit sifatida ta’riflaydi. U ilm va hunarni omma manfaati uchun xizmat ettirish lozim deb hisoblaydi. Farhod Shirinni qidirib Armanistonga borganda, arman yurtida tog’da kanal qazish uchun qiynalib ishlayotgan kishilarni ko`radi va:

Hunarni asrabon netkumdir oxir,

Olib tufroqqa ketkumdir oxir! –

deya o`z bilimi, hunar va g’ayratini ishga soladi, kanal qazuvchilar mashaqqatini yengillashtiradi va xalq o`rtasida katta shuhrat qozonadi.

Bu qahramonning muhim xislatlari undagi qahramonlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik va do`stlik tuyg`ularidir. Farhod el-yurtning obodonligi uchun kurashadi hamda insonlarga ofat keltiruvchi dushmanlarga qarshi jang qilib, ularni mardona yengadi.

Bundan tashqari, Navoiy Farhod, Shirin va Shopur obrazlari orqali xalqlar do`stligi g’oyasini ilgari suradi. Farhodning arman qizi Shirinni sevishi va eronlik Shopur bilan do`stlashuvi xalqlar do`stligi g’oyasining yorqin namunasidir.

Navoiy Farhodning jasoratini badiiy jihatdan tasvirlar ekan, uning mamlakat obodonligi va tinchligi, xalqlar farovonligi va ilm bobida qilgan xizmatlarini chuqur mazmunli misralarda uyg’unlashtiradi:

Ki to olam, binosi bo`ldi bunyod,

Bu yanglig' qilmadi ish odamizod.

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida ilgari surilgan yuksak insoniy xislatlar, insonparvarlik g`oyalari yosh kitobxonlar ma’naviyatiga ham chuqur ta’sir etadi, ularni xalq, vatan uchun kerakli inson bo`lib etishishlariga xizmat qiladi.

Buyuk shoir bolalarning o`qishi va tarbiyasiga doir fikrlarini “Layli va Majnun” dostonida ham ilgari surgan. Yangi maktablar bino qilish g`oyalarini targ`ib etgan Navoiy maktablarda o`g`il bolalar bilan bir qatorda qizlarni ham o`qishini orzu qiladi.

Alisher Navoiy o`zining Farhod, Qays, Iskandar va boshqa ijobiy obrazlar orqali bolaning voyaga etishida tarbiyaning katta kuch-qudratga ega ekanligini alohida uqtiradi.

Shoirning 1500-yilda yaratgan “Mahbubul-qulub” (“Ko`ngillarning sevgani”) asarida ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy qarashlari bayon etilganligi bilan xarakterlidir. Navoiy unda ijobiy fazilatlarning namoyon bo`lishida avvalo ulardagi halollik va soddalik, samimiylik asosiy omil ekanligini ta’kidlaydi va bu mehnatga muhabbatning natijasi sifatida talqin etiladi.

“Mahbubul-qulub” 3 qismdan iborat. Kitobning 1-qismi “Xaloyiq ahvoli va af’oli va atvorining kayfiyatida”, ya’ni kishilarning ahvoli, fe’l-atvori va gap–so`zlarining ahamiyati haqida bo`lib, bunda Navoiy donishmand va murabbiy, ulkan madaniyat arbobi sifatida ilm-fan, san’at va adabiyotning ahamiyatini targ`ib qiladi, malakali, iqtidorli o`qituvchilarni, olimlarni, shoirlarni, san’atkorlarni maqtaydi, ularni hurmat qilishga va qadrlashga chaqiradi. O`qish ham, o`qitish ham og`ir va mas’uliyatli ish, u qunt, havas va mehnat talab qiladi, deb uqtiradi Navoiy. Bu o`rinda u murabbiylarning halol xizmatlarini alohida ta’kidlaydi.

Haq yo`linda kim sanga bir harf o`qitmish ranj ila,

Aylamak bo`lmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Kitobning 2-qismi axloqiy masalalarga bag`ishlangan. Bu bobda asosan yaxshi fazilat va yomon illatlar tahlil qilinadi. To`g`rirog`i, insonda bo`lishi kerak bo`lgan odob-axloq haqida gap boradi. Masalan, qanoatni olaylik. Navoiy qanoatli odamlarni sevadi, ularga havasi keladi. Kimki qanoatli bo`lsa, unday odamni el sevishini, e’zozlashini ta’kidlaydi. Mutafakkir qanoatni bir buloqqa – chashmaga o`xshatadi. Negaki, buloq suvini qancha olgan bilan u qurimaydi, u bir xazinadirki, undagi boylik sochilgan bilan kamaymaydi. U bir ekinzorki, urug`i izzat va shafqat hosilini beradi. U bir daraxtdirki, unda hurmat mevasi bordir. Bu boboda sabr, tavoze’ haqida ham ko`p ibratli gaplar aytiladi.

Asarning “Turli foydali maslahatlar va maqollar”, deb nomlangan 3-qismida turli tashbehlar berilgan. Bu qismda ko`proq o`qish, ilm olish, kasb-kor egasi bo`lish va boshqa masalalar o`rtaga tashlanadi.

Alisher Navoiy o`z asarlarida xalq og`zaki ijodidan, ayniqsa, maqollardan samarali foydalanish bilan birga, o`zi ham ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan maqollarga yaqin bo`lgan bir qancha hikmatlar yaratadi. Masalan,



Vafosizda hayo yo`q, hayosizda vafo yo`q.

Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz.

Oz-oz o`rganib dono bo`lur,

Qatra-qatra yig’ilib daryo bo`lur.

Bilmaganni so`rab o`rgangan olim,

Orlanib so`ramagan o`ziga zolim.

Shunday qilib, otashnafas shoir qariyb olti asr davomida o`z poeziyasining bepayon maydonida yangi-yangi avlodlarni kutib olarkan, mehru shafqatdan, adolatdan, do`stlikdan saboq berib keldi. Har qaysi asrda ma’rifat va adolat uchun kurashning oldingi saflarida turib, ikki-yuzlamalik va jaholatni, loqaydlik va takabburlikni, ig’vogarlik va yolg`onchilikni fosh qildi, olijanob inson shaklini jo`shqin misralarda tasvirladi.

Navoiy zamondoshlariga juda kerak, hech kim aytolmagan, ammo xalqqa g’oyat zarur katta fikrlarni aytgan qudratli san’atkor edi. U keyingi asrlar, avlodlar uchun ham aziz va mo`’tabar bo`lib qoldi. Navoiyning buyukligi shunda ediki, u o`z davrini keng ko`lamda, to`la ifodalab berdi. Qahramonlari obrazida ahamiyatini aslo yo`qotmaydigan chinakam insoniy, umumbashariy xislatlarni aks ettirdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, hech qaysi davr bizning mustaqillik davrimiz kabi ulug` shoirning qadriga yetmagan va xalq ommasiga shunchalik yaqinlashtirmagan edi.

Ha, bugun Hazrat Navoiy har bir uyga kirib keldi. Uning nuroniy siymosi bilan birga bizning zehnimizga va qalbimizga bitmas-tuganmas ruhiy boylik va hayajon abadiy xamroh bo`lib qoldi. Odatda badiiy adabiyot orqali xalq o`zini taniydi, tarixiy ahvolini, jamiyatda tutgan o`rnini tushunib oladi. O`zbek xalqi ham Navoiy asarlarida o`zini tanidi va qadimdan beri, o`z kuchi, talantiga komil ishonch bilan qarab kelganini anglatadi.


Yüklə 96,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə