Masal haqida o`z fikr-mulohazalaringizni bildiring.
Biz Gulxaniyning “Zarbulmasal” asaridagi syujet (voqea) ipiga san`atkorona bog`lanib kelgan va har birini mustaqil asar deyish mumkin bo`lgan “Maymun bilan Najjor”, “Tuya bilan Bo`taloq”, “Toshbaqa bilan Chayon” masallarida “qissadan hissa” tariqasida axloqiy-ta`limiy fikr va ma`nolar ifodalanganini ko`rib o`tdik.
Masal tuzilishi jihatidan xilma-xildir: ba`zi masallar she`r bilan yozilsa, ayrimlari nasriy yo`l bilan yoziladi. Chunonchi “Maymun bilan Najjor” she`riy formada, “Toshbaqa bilan Chayon” nasriy usulda yozilgan.
Obraz badiiy asarning o`ziga xos xususiyatidir. Masalda ko`rib o`tganimizdek, maymun, tuya, bo`taloq singari hayvonlar, toshbaqa, Chayon kabi jonivorlarning majoziy-kinoyaviy obrazlari ma`lum bir ijtimoiy ma`noni bildiradi. Masalan, toshbaqa bilan Chayon obrazida fe`l-atvori bir-biriga zid kishilar ustida bahs yuritgan yozuvchi, toshbaqaning harakati orqali bir-biriga yordam, do`stlik, hamkorlik, mehr-shafqat singari insoniy tuyg`u va fazilatlarni ma`qullasa, Chayonning nojo`ya qilmishida insoniy qiyofasini yo`qotgan, kishilik jamiyati uchun tamomila zararli bo`lgan yaramas fe`l-atvorni fosh etgan. Gulxaniy bunday kishilardan nafratlanib, do`st bilan dushmanni ajrata bilish, dushmanga o`z vaqtida qaqshatqich zarba berishga chaqiradi. Insonparvar kishi sifatida tasvirlangan toshbaqa tomonidan cho`ktirib yuborilgan Chayonning halokati misolida masalning g`oyaviy mazmuni ochiladi. Gulxaniy yovuz xoinlar mahv etilishi muqarrar degan xulosa chiqaradi.
Masaldagi bunday ibratli fikr va xulosalar qissadan hissa deyiladi. Qissadan hissa, ko`rib o`tganimizdek, ko`pincha, masalning oxirida, ba`zan esa boshida keladi.
Dostları ilə paylaş: |