Bitiruv malakaviy ishi


Iskandar Jomiy va Navoiy talqinida



Yüklə 172,5 Kb.
səhifə6/8
tarix29.04.2023
ölçüsü172,5 Kb.
#107670
1   2   3   4   5   6   7   8
Sharq adabiyotida Iskandar timsoli

Iskandar Jomiy va Navoiy talqinida

XV asrning 80-yillarida Hirotda ustoz va shogird Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ham Aleksandr Makedonskiy mavzusida asar yozdilar – “Xiradnomai Iskandariy” va “Saddi Iskandariy”. Har ikkala doston deyarli bir davrda, bir ijtimoiy muhitda bir-biriga ruhan yaqin bo‘lgan ikki buyuk zot tomonidan yaratilgan. Har ikkala doston biri ikkinchisini to‘ldirgan holda yuzaga kelgan deyish mumkin.


Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) “Haft avrang”ining yettinchi dostoni bo‘lmish “Xiradnomai Iskandariy” avvalgi “Iskandarnoma”lardan farqli o‘laroq, asosan pand-nasihatdan iborat. Jomiyning Aleksandr Makedonskiy haqidagi asari falsafiy –didaktik doston, Iskandar timsoli esa mavhumlashtirilgan, Iskandar shaxsi, faoliyati shoir fikrlarini izhor qiluvchi vosita, xolos. Aleksandr timsoli Makedoniya, Gretsiya va u zabt etgan Sharq mamlakatlari tarixidan uzib olingan holda talqin etilgan.
Jomiy ham Nizomiy kabi dostonda zamonasi oldida turgan falsafiy masalalarga, ayniqsa, bu o‘tkinchi dunyoda insonlar qanday hayot kechirishlari, qanday qo‘llanmaga amal qilishlari kerak, degan masalalarga e’tiborini jalb etadi. Shaxs imkoni boricha insoniyatga foydali ish qilishi kerakligi uqtiriladi. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy”ning sakkizinchi bobida Jomiy haqida gapirib:
Eshittim, qilib zeb daftar so‘zin,
Qilur nazm go‘yo Skandar so‘zin.
Vale qilmayin mayl holotig‘a,
Shuru’ aylamishdur maqolotig‘a.
Qo‘yubtur tavorixu afsonasin,
Bitipdur degan durri yakdonasin,
deydi. Demak, Jomiy Iskandar tarixi hammaga keng ma’lum bo‘lgani uchun “qo‘yubtur tavorixu afsonasin” va asosiy diqqatini “durri yakdona”, pand –nasihat, chuqur ma’noli baytlarni bitishga qaratadi.
Jomiy ham Nizomiy kabi Iskandarning dunyoga kelishi haqidagi afsonalarga ishonmaydi, Iskandar Makedoniya shohi Faylaqusning o‘g‘li. Faylaqus shahzoda tarbiyasini faylasuf olim Aristotelga topshiradi. O‘limi oldidan u donishmandlarni chaqirib, o‘g‘lini imtihon qiladi. Shohning topshirig‘iga binoan donishmandlar Aristotel, Platon, Sokrat, Gippokrat, Pifagor, Isklinos (bu olim nomining grekcha asli hali aniqlanmagan). Germes Trismegistlar, yetti olim (Sharqda yetti sonining allegorik ma’nosi bo‘lib, yetti iqlim, yetti qavat osmon, yetti sayyora, Jomiyda yetti doston) Iskandar uchun xiradnoma yaratib, o‘rta asr fani, falsafasi, ayniqsa, tasavvufning naqshbandiya tariqati ta’limoti asoslarini bayon qilganlar. Nazariy fikrlar mahorat bilan yozilgan hikoyatlar bilan illyustratsiya etilgan. Bulardan tashqari Iskandarning o‘zi ham xiradnoma yozgan. Aristotel, Olimpiadalarning Iskandarga yozgan xatlari, donishmandlarning Iskandar qabri ustida aytgan nutqlarini ham o‘ziga xos xiradnoma deb qarashimiz mumkin.
Jomiy asarida ham Navoiydagidek Iskandarni xalq podshoh etib saylaydi. Salaflardagi kabi Jomiyda ham shohlikdan Iskandar emas, balki xalq manfaatdor bo‘ladi, yurishlari esa ilohiy kuchlar topshirig‘ini bajarish uchun amalga oshiriladi.
Dostonda voqea izchilligi Nizomiydan o‘zgacha va nihoyat qisqa: zanjilar bilan jang, keyin Eronga yurish, Doroning o‘limi, avval shimol, keyin sharq, janub va yana g‘arbga, keyin Chin, Xorazm va Hind ellariga yurishlar, hamma yerlarda zardushtiylik ibodatxonalarini vayron qilish, abadiy zulmat eliga borish, YA’juj –Ma’jujlardan saqlanish uchun sadd qurish va nihoyat Xizr, Ilyos va Apolloniy Tianskiy (Bulinas) ishtirokida dengiz sayohati, Jomiy dostonida ham Nizomiydagi kabi Iskandar hokimlar va xususiy mulk bo‘lmagan shaharga keladi:
Na eshon tavongar kase, na faqir,
Bar eshon na sulton kase, na amir.
Barobar ba ham qismati molashon,
Muvofiq ba ham so‘rati holashon.
(Bular orasida na boylar, na kambag‘allar bor
Ular ustida turuvchi na eshon, na sulton, na amir bor)
Hammaning mol-mulki barobar,
Bir-biriga nisbatan mavqei ham barobar).
Bu shahar tasvirida Jomiy Nizomiy izidan boradi. Dengiz sayohatidan dasht –biyobon orqali qaytayotgan Iskandar issiqdan xastalanadi va vafot etadi.
«Xiradnomai Iskandariy”da voqea, hikoyatlar faqat asosiy nazariy fikrlar, pand –nasihatlarni bayon etish va Xusrav Dehlaviyda bo‘lgan qahramonlik elementi umuman yo‘q. Natijada Jomiy Iskandarida tarixiy Aleksandr Makedonskiy nomidan boshqa deyarli hech narsa qolmagan. Jomiy Iskandari naqshbandiy ta’limotiga mansub bo‘lgan, kishilar orzu qilgan podshoh, xolos. YE.E.Bertelsning aytishicha, Iskandarni qurshagan yunon olimlari ham so‘filardek fikr yuritadilar, “aslida bu faylasuflarning har biri darvesh hirqasini kiyib, Hirotdagi Jomiy xonaqohida nasihatomuz suhbatlar olib borishi mumkin”1. Jomiy dostoni davomida qahramonda hech qanday o‘zgarish yuz bermaydi. Shohlik faoliyati boshlanishidayoq Iskandar adolatli hokim, u faqat xalq farovonligi, tinch –totuv yashashi uchun qayg‘uradi, xayrli ishlar qiladi, illatlarga qarshi kurashadi, u haqiqatgo‘y va donishmand. Lekin Jomiyning ideal hokim haqidagi fikrlari abstrakt holda berilgan. Agar Nizomiy ijtimoiy-falsafiy fikrlarini Iskandarning amaliy faoliyatini tasvirlash bilan isbotlasa, Jomiy fikrlari dogmaligicha qolgan. Shoirning o‘zi ham buni sezgan bo‘lsa kerak, shuning uchun u asarga o‘z fikrlarini yorituvchi ko‘plab hikoyatlar kiritgan. Jomiy yaratgan Iskandar timsolida o‘sish-o‘zgarish sezilmaydi.
Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning Makedonskiy tarixiga bag‘ishlangan “Saddi Iskandariy” dostoni “Xamsa”ning yakunlovchi beshinchi dostoni sifatida yaratilgan. U ham o‘z salaflari Nizomiy, Dehlaviy va ustozi Jomiy kabi oldiga tarixiy doston yaratishni vazifa qilib qo‘ymagan.
Shoir uchun Iskandar tarixiy lashkarboshi emas, balki ideal hokim, sarkarda, haqiqiy izlovchi olim, tabiat, jahondagi bahru bar (ho‘llik va quruqlik) tadqiqotchisi. Dostonni kitobxon qo‘llanma sifatida qabul qilishi lozim bo‘lgan o‘gitlar to‘plami ham deyish mumkin. Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy va Navoiylar o‘z “Iskandarnoma”larini yozar ekanlar, davr talabi va o‘z dunyoqarashidan kelib chiqqan holda u yoki bu masalani hal qiladilar. Shuning uchun Makedoniya lashkarboshisining nomi Navoiy asarlarida Iskandar, Skandar shaklida yuzlab marotaba tilga olinadi.
“Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” ning (1483) qirq sakkizinchi bobi sarlavhasi “Aflok” hay’ati shikoyatidakim”... so‘zlari bilan boshlanib, taqdir qanchalik o‘zgaruvchi, bu dunyo, saltanat, hokimiyat o‘tkinchi, Faridun, Jamshid, Doro, Iskandar, Chingizxon, Temur kabilar qanchalik qudratli bo‘lishlariga qaramay, olamdan o‘tdilar, bu dunyoda insonning faqat yaxshi ishlarigina qoladi, degan pand-nasihat so‘zlari bilan tugallanadi. 25 baytdan iborat bo‘lgan qirq to‘qqizinchi bobda Iskandar tarixi qisqa bayon etilib, shohning qo‘lini tobutdan chiqarib qo‘yishlari, jahonni zabt etgan shahanshoh ham bu dunyodan hech nima olib ketmayotgani hammaga ibrat bo‘lsin, degan maqsadda keltiriladi:
To kishikim qilsa nazar ul sari,
Ibrat ila boqqay o‘shal qo‘l sari.
Bob oxirida Navoiy odatdagidek xulosa yasab, o‘ziga:
Tort, Navoiy bu jahondin ilik,
Qaysi jahon, javhari jondin ilik -,
so‘zlari bilan murojaat qiladi.
Alisher Navoiy “Tarixi muluki ajam” (1488) asarini yozar ekan, Iskandar yurishlari mavzuiga to‘xtamay o‘tishi mumkin emas edi. “Ikkinchi tabaqa kayoniylardur” bobida Doro ibn Dorob ta’biridan so‘ng Iskandarga maxsus joy ajratilib, uni Banokatiy Hamduloh al-Mustafiyning (vafoti 1329-30) asari “Devon un-nasab”, Amir Xusrav Dehlaviyning “Oyinai Iskandariy” va Xazrat shayx Nizomiyning “Iskandarnoma” asarlariga suyanib yozgani haqida ma’lumot beradi.
“Doro ibn Dorob” qismida eronshohi “zolim tab’ kishi erdi” deb xarakterlab, Makedoniya Eronga boj to‘lashi, Iskandar esa uni to‘lashdan voz kechgani, g‘azablangan Doro lashkar to‘plab Makedoniya shohiga qarshi chiqqani va shu vaqtda shohdan zulm ko‘rgan ikki kishi uni o‘ldirgani, Iskandar uning boshini tizzasiga olib, uning uch shartini (qizi Ravshanakka uylanish, qotillardan o‘ch olish va shoh avlodlari hayotini saqlab qolish) bajarishga va’da bergani haqida yozadi. Shundan so‘ng Navoiy Iskandar bayoniga o‘tib, Iskandarning dunyoga kelishi haqidagi quyidagi afsonalarini keltiradi: “Devon un-nasab” asariga suyangan holda “Iskandar Xirmisi Rumiy o‘g‘lidirkim...Zulqarnaynki, aning laqabidur, vajhi...ul zamonda ming yilni bir qari der emishlar (demak – ikki ming yashagani uchun Zulqarnayn deb ataganlar) Yana ham Binokatiykimdadurkim, aning otasi Bozur binni Albon erdi”. Turli sarguzashtlardan so‘ng Iskandar yo‘lda, dashtu biyobonda tug‘ilgani, ollohning buyrug‘i bilan uni bir kampirning echkisi boqib yurgani, so‘ng kampir bolani topib olib, voyaga yetkazgani, bola yaxshi tarbiya va ta’lim olgani va nihoyat onasini topib, bobosining yurtiga podshohlik qilgani haqida hikoya qiladi. Navoiy bu hikoyadan so‘ng “aksar tavorixda aning umrini o‘ttuz olti yil va salotinin o‘n uch yil bitibturlar. Ammo maholdurkim, o‘n uch yilda ul qilg‘an ishcha qilsa bo‘lgay”, deydi va Amir Xusrav Dehlaviy va Nizomiylarning Iskandar haqidagi fikrlarini keltiradi: “faqir ham “Saddi Iskandariy”da ul ikki buzurgvor qavlini soyir muarrixlar ahvolig‘a tarjih qilib, nazm adosig‘a qaror beribmen. Har taqdir bila Iskandar podshohe erdikim, andin burung‘i va so‘nggi salotin bu kungacha ul qilg‘an ishni qilmadilar. Ham hakim erdi, ham vali. Ba’zi anga nubuvvat ustodi ham qilibturlar. To‘rt yuz hakim aning xidmatida erdilar. Aflotun ilohiy boshlig‘ va Arastudek vaziri bor erdi. Sakkiz ming shoh va shahzoda xidmatini qilur erdilar. Olamning barru bahrin olib, hayvon suyi tamannosi bila zulmatqa kirdi”1.
Navoiy Makedoniya shohining hayratomuz ishlariga baho berar ekan, o‘zigacha bo‘lgan mualliflarning g‘ayritabiiy ma’lumotlarini shubha ostiga oladi. Navoiy Iskandar obi hayotni izlab zulmatlik yurtiga borgani haqida yozib, unga nasib bo‘lmagani va ba’zi xabarlarga ko‘ra Shahrizurda va ba’zilarda Bobilda vafot etdi va Aleksandriyaga dafn etildi, deydi. Bu o‘rinda yana “Hayrat ul-abror”da berilgan Iskandar vasiyatini keltirib, “olam ahlig‘a mujiba tanbih, balki ibrat bo‘lg‘aykim, olamdin ilik torta tutqaylar”, deydi. Navoiy Iskandar YA’juj –Ma’jujlarga qarshi to‘siq qurgani va Marv, Hirot, Samarqand va Isfahon shaharlarini barpo qilganini ta’kidlaydi. Iskandardan so‘ng Batlimus (Ptolemey) Rumda hokim bo‘lganini yozadi.
Navoiy Iskandar faoliyati, donishmandligi haqida yozar ekan, shoir jahongirni kuylamaydi, shanu shavkatini ulug‘lamaydi, balki shunday odam ham bu dunyodan qo‘l silkib ketgani, “bahru bar”ni zabt etgan odam ham o‘limdan qochib qutula olmagani va kitobxonga uning taqdiri ibrat bo‘lishi kerakligiga o‘quvchining e’tiborini jalb etadi. Bobga yakun yasab, sakkiz bayt masnaviy beradi, unda Makedoniya shohining qisqacha tarixini berib, oxirida shunday hashamatga ega bo‘lganni insonni taqdir qanday ezdi, gadolar kabi qo‘lini uzatib bormoqda, shuncha el-yurt egasi bo‘lib quruq qo‘lini cho‘zib ketmoqda, deydi.
Yanalarg‘a ko‘r, charx netkusidur,
Sanga yo manga xud ne yetkusidur?
Shoir o‘z usuli, dunyoqarashiga sodiq qolib Iskandar haqidagi bobni pand-nasihat bilan tugallaydi. Keyingi boblarda Iskandar imperiyasining taqdiri, “muluki tavoyif” – diadoxlar va epigonlar haqida ham ma’lumot beradi.
Alisher Navoiy Makedoniya shohi Aleksandrga bag‘ishlangan va barhayot “Xamsa”ning yakunlovchi – beshinchi dostonini 1485 yili yozib tugallagan.
Alisher Navoiy ham o‘z salaflari Nizomiy va Xusrav Dehlaviy kabi oldiga tarixiy doston yaratishni vazifa qilib qo‘ymaydi. Navoiy uchun Iskandar tarixiy shaxs emas, balki ideal hokim, lashkarboshi, ayni vaqtda, haqiqiy olim, tabiat, jahondagi bahru bar tadqiqotchisi. “Alisher Navoiy” “Saddi Iskandariy” dostoniga bosh qahramon qilib rumlik fotihning timsolini olgan bo‘lsa ham, uning kurash va g‘alabalarini tavsiflash maqsadini ko‘zda tutgan emas. Asar yirik falsafiy –didaktik umumlashmalardan iborat. Shoir ifodalamoqchi bo‘lgan barcha fikrlar ana shu markaziy qahramon orqali bayon etiladi. Fikrimizcha, faqat Iskandar orqaligina emas, balki uni qurshagan olimlar, ayniqsa, Arastu fikrlari orqali ham bayon etiladi. Doston kitobxon qo‘llanma sifatida qabul qilishi lozim bo‘lgan o‘gitlar to‘plami va shohlarga ibrat bo‘lishi kerak bo‘lgan faoliyat tasviridan iborat. Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy va Navoiy o‘z “Iskandarnoma”larini yozar ekanlar, davr talabi va o‘z dunyoqarashlaridan kelib chiqqan holda u yoki bu masalani hal qiladilar.
“Saddi Iskandariy” Navoiy dostonlari orasida eng yirigi o‘n to‘rt ming to‘rt yuz misradan ortiqroq. Dostonda an’anaviy boblardan so‘ng Eron tarixi – “Ajam mulki”ning to‘rt tabaqa hokimlari (peshdodiylar, kayoniylar, akshoniylar va sosoniylar) tarixi beriladi. Shoirning fikricha, Iskandar kayoniylar bilan ashkoniylar o‘rtasida yashagan. Dostonda Iskandar mavzui o‘n beshinchi bobdan boshlanadi.
Navoiy Iskandarning tug‘ilishi haqida mavjud afsonalardan noma’lum ayol vayrona ichida o‘g‘il tug‘ib, o‘zi o‘lgani, Faylaqus uni topib olib o‘z o‘g‘lidek o‘stirgani, Iskandar haqida Eronda tarqalgan afsona- u Doroning o‘g‘li ekani, tarixda ikki Iskandar o‘tgani, biri Doroni yenggani, sadd qurgani haqidagi afsonani keltirib, o‘zi hayratda qolgani va haqiqat izlab Jomiydan savol qilganini aytadi. Jomiyning javobi:
Aningdekki aslin Nizomiy dedi,
Hamul nav’ farzona Jomiy dedi.
Demak, Iskandar Faylaqusning o‘g‘li. Ammo yana uch baytdan so‘ng:
Skandarni topti malik Faylaqus
Yasab mulkin andoqki zebo arus1
deydi. Demak, Navoiy vayronadan topilgan bola haqidagi afsona tarafdori bo‘lib chiqadi.
Navoiyning masalaga bunday yondoshishining, ya’ni Iskandarni vayronadan topilgan bechora ayolning farzandi sifatida tasvirlashining chuqur ma’nosi bor, albatta. Feodalizm aqidalariga binoan faqat shoh, oliy tabaqadan chiqqan shaxslargina yuksak insoniy xususiyatlarga ega bo‘ladilar, degan tushuncha hukmron bo‘lgan. Navoiy esa ongli ravishda, ataylab ana shu aqidaga zid o‘laroq, eng olijanob inson, odil, insonparvar, xalqparvar shoh, buyuk tadbirkor lashkarboshi, olim-faylasuf, hakim va nabilik darajasiga ko‘tarilgan Iskandar nasl-nasabi noma’lum shaxs – topib olingan bola deydi. Iskandarning kelib chiqishiga bunday munosabatda bo‘lish feodalizm an’anasini rad etish, insonni himoya etish, uning imkoniyati cheksiz ekanini ta’kidlash va shoirning insonga katta ishonchining ifodasi edi. Navoiy shundan so‘ng Iskandar tarbiyasining tasvirini berib, Nakumaxis (Arastuning otasi) ustoz sifatida taklif etilganini qisqacha bayon qiladi. Faylaqus vafot etishi oldidan o‘g‘lini valiahd etib qoldiradi:
Anga toj ila taxt tushmay qabul,
Bu andeshadin behad erdi malul.
U xalqni yig‘ib o‘z qarorini izhor qiladi, “Rum ahli boshlarini oyog‘iga qo‘yub, aning maqdamidin taxt g‘oyasin baland qilib, toj qadrini arjumand qilg‘anlari” va Iskandar noiloj rozi bo‘lgani, buyuk olimlar Arastu va Balinos (Galen) uni ikki qo‘lidan ushlab taxtga o‘tqazganlari, xalqqa ko‘p in’omlar berilgani va tantanalardan so‘ng yosh shoh olimlar davrasida suhbat olib borgani, shohlikni qabul qilgach, Iskandarning dastlabki qilgan ishi xalq arzini tinglash va zolimlarni jazolash, xalqni ikki yillik soliqdan ozod etish, umuman adolat o‘rnatish bo‘lgani xususida hikoya qilinadi. Anu shu boshlang‘ich bobdayoq Navoiy Iskandar timsolini qanday talqin etgani ochiq –oydin ko‘rinib turibdi. Shoirni jahongir tarjimai holi emas, balki adolat o‘rnatish yo‘lida olib borgan faoliyati va o‘gitlari qiziqtiradi.
O‘z yurtida tartib joriy etgan Iskandar xalqlarni ozod etish va adolatli tuzum o‘rnatish maqsadida fotihlik yurishlarini boshlab yuboradi – avval Mag‘ribga borib Zanzibar shohini o‘ziga bo‘ysundiradi, oltin tuxumlardan iborat bojni talab qilgan eronshoh Doro bilan jang qilib, g‘olib chiqadi.
Doro bilan to‘qnashuvga bag‘ishlangan qismlardayoq ikki shoh tabiati, idora etish usuli, odamlarga munosabatida katta farq borligi ayon bo‘ladi: Doro qiziqqon, mulohazasiz fikr yuritadi, qo‘pol, odamlarni, Makedoniya shohini mensimaydi, o‘ta mag‘rur. Iskandar esa olim –faylasuf, donishmand sifatida tadbir ko‘radi. Iskandar istamasa-da, urushishga majbur. Lekin Doroni makedoniyalik halok qilmaydi, eronshohning o‘z qilmishlari boshiga yetadi, uning zulmidan bezigan ikki noibi shohni og‘ir jarohatlantiradilar. Avvalgi manmanlikdan tushgan shoh Iskandarni chaqirtiradi va unga o‘z iltimoslarini bayon qiladi: qotillarni jazolash, qavmu qarindoshlarini ta’qib qilmaslik va qizi Ravshanakni o‘z nikohiga olish. Iskandar hammasini bajarishga va’da beradi va keyincha o‘z va’dasida turadi.
Iskandar Eron aholisini o‘zidan rozi qilgach, boshqa mamlakatlarni fath etishga kirishadi. Ammo shoh to‘g‘ridan-to‘g‘ri yurish qilmay, avval turli yurtlar hokimlariga elchilar yuborib, ixtiyoriy bo‘ysunishni taklif qiladi. Lekin hamma podshohlar ham bu taklifni to‘g‘ri tushunib, qabul qilmaydilar, o‘shandagina Iskandar harbiy kuch qo‘llashga majbur bo‘ladi. Iskandar Farang, Qrim, Andalus, Misr, Iroq, Xalab, Yamanni egallaydi va Makkani ziyorat qiladi. So‘ng shimolga yuz o‘girib, Xorazm, Dashti Qipchoq, Saqasin (saklar yurti, keyincha Siyiston), Saqlab, Os, Rus, Charkas, Gurj ellarini zabt etadi. Bundan keyin Markaziy Osiyo, Chin –Xito, hind yurishlari, janub tomonlarda Sind, Mukron, Kirmon, Xuroson, Isfaxon kabi joylarni o‘ziga qaram qiladi, Markaziy Osiyoda Samarqand, Xurosonda Hirot (Oriya Aleksandriyasi) va Roy shaharlarini barpo etadi. Kashmirni zabt etish ancha tashvish tug‘diradi, shoh Mallu turli fusunkorlar yordamida sehrli hamma to‘siqlarni barbod etib, g‘olib chiqadi. Mallu ham qancha yomonlik qilsa-da, Iskandar uni avf etadi va qizi Mehrnozni o‘z nikohiga olishga uning roziligini oladi.
Iskandarning Kashmirdagi faoliyati va Malluga bo‘lgan munosabatidan xabar topgan Hindiston royi (rojasi) o‘z ixtiyori bilan jahongirga tobe bo‘ladi va Dehlida qishlashni taklif qiladi. Navoiy Iskandarni shunchalik insonparvarlik, xalqparvarlik xislatlari bilan boyitganki, xalqqa ozor bermaslik uchun roy taklifini rad etib, Sind daryosi sohilidagi daraxtzorga joylashadi. Bahorga chiqib Iskandar o‘z ixtiyori bilan bo‘ysunishdan bosh tortgan hoqonga qarshi “Xito birla Chin azmini qildi jazm”.
Hoqon harbiy to‘qnashuvga hozirlik ko‘rib, lashkar to‘playdi, lekin ular orasida g‘ulu borligi, Iskandar qo‘shini yengilmasligidan askarlari xabardor ekanini bilgach, Makedoniya shohi bilan ittifoq tuzdi. Shoh navbatdagi qishni Chinda o‘tkazadi, bahorga yaqin katta to‘y-tomosha qilib Iskandar Ravshanak va Mehrnozga uylanadi.
Bahor faslida shoh Chinu Xitoni hoqonga topshirib, yana Hindistonga yuradi, Gujarot orqali dengiz yo‘liga chiqib, Mag‘ribga yo‘l oladi. Yo‘lda odamxo‘r bahaybat chumolilar, mudhish ko‘rinishli yovvoyi odamlarga yo‘liqadilar, oltin kumush tog‘lar borligidan xabar topadilar, yovvoyilar podshohi Ra’d bilan jangda bir qancha pahlavonlar yengiladi. Ra’dni xitoy kanizagi yengib, Iskandarni xushnud qiladi. Iskandarni oltin va kumush tog‘lariga borish orzusidan vahshiy odamlar qaytaradilar, yo‘l azoblari haqida hikoya qilib, mudhish ilonlar borligi, unga ko‘zi tushgan odam o‘lishini ham aytadilar. Navoiydagi bu hikoyat yuqorida keltirganimiz Beruniy asaridagi dahshatli ilonlar haqidagi afsonaning aks sadosi deb qaraymiz.
Iskandar vataniga yo‘l oladi, “Rusu diyori Farang”dan o‘tib, “G‘arbu Shimol”dan ketayotganida Kirvon o‘lkasining aholisi shohga arzihol qilib, YA’juj falokatidan qutqarishni iltimos qiladi. Shoh turli o‘lkalardan mutaxassislar jalb etib, ikki tog‘ o‘rtasiga metallar eritmasi va toshlardan to‘siq (sadd) qurdiradi va shu yo‘sinda mudhish maxluqlar yo‘lini to‘sadi. Iskandar Rumga qaytib yig‘ilib qolgan ishlarni bajaradi va shuncha mashaqqatli yurishlardan keyin dam oladi.
Osoyishta hayotga o‘rganmagan shohni endi dengiz sirlarini o‘rganish chorlaydi. Olimlarni jalb etib, uch ming kema qurib, sakkiz yillik oziq-ovqat jamg‘aradi. Shoh sayohatga jo‘nash oldidan xaloyiqqa qarata nutq so‘zlaydi, xalqning shohga bo‘lgan mehri shunchalik kuchli ediki, ular shohni ko‘z yoshlar bilan jo‘natadilar. Iskandar qo‘shin, ot-ulov bilan dengiz safariga chiqadi. Suqrot hamroh bo‘lib, dengiz, okean, ulardagi jonivorlar, orollar, dengiz yo‘llari haqida muhim ma’lumotlarni aytib beradi. Yetti dengizni o‘lchab, tadqiq etadilar va shoh endi jahon okeani markazini ko‘rmoqchi bo‘ladi. Lashkarlar va kemalarning asosiy qismini vatanga qaytarib, bir qismini orolda qoldirib, yo‘lga chiqadilar. Uning maqsadi suvni tadqiq etish edi. Okean markaziga yetib kelgach, langar tashlab to‘xtaydilar. Iskandar shishadan ishlangan sandiqda okean ostiga tushadi, turli ajoyibotlarni ko‘radi. Yuz kundan so‘ng shisha sandiqni arqon bilan tortib oladilar. Navoiyning fikricha, dengiz va okean sayohatlari Iskandarning ruhini soflantiradi, forig‘ etadi va endi u avliyo va nabi darajasiga ko‘tariladi. Lekin bu tezisni Navoiy talqin etmaydi, bu fikrni Nizomiy an’anasiga ko‘ra kiritadi, xolos. Iskandar vataniga qaytadi, lekin uning salomatligi ancha yomonlashadi. U sadoqatli do‘stlarini atrofiga to‘plab, mamlakatni taqsimlab beradi. Iskandar xastalikdan otga minib doim chopar edi. Bir kun g‘oyat issiq bo‘ldi, ot choptirib ketayotgan shohning ahvoli issiqdan yomonlashadi, otdan tushib issiq qumga yotdi, oltin qalqonini boshiga soya qildilar, natijada oldindan aytilgan holat –temir yer va oltin osmon ro‘y beradi. Iskandar hayotining oxirgi damlari kelganini angladi. U onasiga xat yozadi, o‘zini Aleksandriyaga dafn etishlarini, qabristonga olib ketayotganlarida qo‘lini tobutdan chiqarib qo‘yishlarini vasiyat qiladi.
Navoiy ijodining bilimdoni A.P.Qayumovning fikricha, shoir “Saddi Iskandariy” dostoniga bosh qahramon qilib rumlik fotih timsolini olgan... Asar yirik falsafiy-didaktik umumlashmalardan iborat. Shoir bayon qilmoqchi bo‘lgan barcha fikrlar ana shu markaziy obraz orqali bayon etiladi. Shoir ana shu asosiy maqsaddan kelib chiqqan holda doston kompozitsiyasini tuzadi: falsafiy –didaktik qism, uni illyustratsiya etuvchi hikoya, so‘ng Iskandarning savoli va Arastuning javobi va nihoyat shohning shularga suyangan holda qilgan ishi. O‘z salaflaridan farqli o‘laroq, Navoiy Iskandarning shohlik va donishmandlik faoliyatini tutashtirgan holda tasvirlaydi. Navoiy har bobning xotima qismida soqiy, mug‘anniy va o‘ziga murojaat qilib, axloqiy xulosalar chiqaradi. Shuning uchun “Saddi Iskandariy”ni “Iskandarnoma”lar orasidagi eng xarakterli nasihatnoma deyishga haqlimiz.
Nizomiy Iskandar timsolining izchil ravishda avval lashkarboshilik, keyin donishmand-faylasuflik va payg‘ambarlik faoliyatini tasvirlasa, Navoiyda lashkarboshilik va olim-donishmandlik faoliyati birgalikda beriladi. Navoiy o‘z qahramoni xarakterini tarbiya va ijtimoiy sharoit shakllantirganini ko‘rsatadi. Bu o‘rinda, ayniqsa, ustoz Nakumaxis va ayrilmas maktabdosh do‘sti, qadim dunyoning buyuk olimi Arastuning roli katta. U jahongirning asosiy maslahatchisi. Faylasuf bilan bo‘lgan suhbat va savol-javoblarning ahamiyati benihoya ulkan. Akad. A.Qayumov aytgan quyidagi fikrga biz ham qo‘shilamiz: “Iskandar o‘z muhiti va sharoitining ta’siri ostida donishmand olim, elparvar inson, odil podshoh, qo‘rqmas jangchi bo‘lib yetishdi”1.
Navoiy dostonida qahramon asar boshidanoq o‘zini Nizomiy va Xusrav Dehlaviy qahramonlaridan o‘zgacha tutadi. Agar avvalgi Iskandarlar Filipp vafotidan so‘ng ikkilanmay ota taxtini egallasalar, Navoiy qahramoni katta majlis to‘plab, xaloyiqqa o‘ziga hokim saylashni taklif qilib, bu hokim qanday bo‘lishi kerakligi haqida programma nutq so‘zlaydi. Mamlakat idorasi, shohning qanday bo‘lishi haqidagi Iskandarning fikrlari xalqning orzusiga yaqin edi, shuning uchun uni podshohlikka ko‘taradilar. Yosh shoh hayotning ikir-chikirlarigacha o‘z nazoratidan o‘tkazadi, adolat o‘rnatadi, zulm o‘tkazgan amaldorlarni jazolaydi. Xalqqa “mendan qo‘rqmay, o‘z tenglaringga bo‘lgandek munosabatda bo‘linglar”, deydi. Ratsionalist Navoiy asarida Iskandar hamma vazifalarni belgilab, keyin bajaradi. Kunning birinchi yarmida mamlakatni idora etsa, ikkinchi yarmida dam oladi va ko‘ngil ochadi, lekin ko‘ngil ochish o‘yin-kulgi emas, balki faylasuf-olim bilan suhbat, ilm-fan, adabiyot bilan shug‘ullanishdan iborat... Iskandar olimlar bilan bo‘lgan mashg‘ulotlardan amaliy xulosalar chiqarib, mustaqil, adolatparvar, insonparvar bo‘lishlik, manfaatparastlikdan mutlaq uzoqda bo‘lishni oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Arastuning:
O‘zin chunki maqsud aro qildi yo‘q,
O‘zi qolmayin, qoldi maqsudi-o‘q,
degan so‘zlariga amal qilishga intiladi. Bu fikrning illyustratsiyasi sifatida Navoiy Doro xazinasiga ega bo‘lgan Iskandar boyliklarining ko‘pini xalq va lashkarlarga ulashish epizodini keltiradi. Qahramon timsolining bunday talqini Navoiy oldiga qo‘ygan maqsad bilan bog‘liq edi. Navoiyning asosiy vazifasi mamlakat, xalqni idora etuvchi, uning mas’uliyatini ustiga olgan odam qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatish edi. Shoirning mamlakat idorasi haqidagi nazariy fikrlariga qahramon hayoti illyustratsiya sifatida beriladi. Shoir Iskandar timsoli orqali bosqinchilik siyosati, jahongirlikning be’mani ish ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Navoiy asarining o‘ziga xosligi va qimmati ham ana shunda. Navoiy urushni yovuzlik deb hisoblab, rad etadi, ammo Arastu tilidan zolimlikni, xalqni ezuvchilarga qarshi urushni oqlaydi. Shoir o‘z qahramonini faqat mazlumlarni ozod etuvchi, ezilganlarning himoyachisi sifatida tasvirlaydi, behuda qon to‘kishlarni, o‘lim jazosini qoralaydi:
Nekim o‘z qoshingda erur noravo,
Ulusqa ani ko‘rma aslo ravo1.
Alisher Navoiy Aleksandr Makedonskiy qilich kuchi bilan zabt etgan mamlakatlar – Xuroson, Baqtriya, So‘g‘diyona haqida yozadi. Albatta, hali XV asrda xalq o‘rtasida bosqinchi haqida zardushtiylik rasmiy doiralardan saqlanib qolgan turli-tuman hikoyalar, ularda jahongirning qirg‘inlari, vayronagarchiliklari haqida ma’lumotlar saqlangan bo‘lsa kerak (masalan, Bobur “Badaxshon shohlari o‘zlarining kelib chiqishlarini Faylaqusning o‘g‘li Iskandarga bog‘laydilar”,2 deydi). Navoiy albatta, bulardan xabardor bo‘lishi mumkin, lekin bu haqda hech qanday ma’lumot bermaydi. Navoiy o‘z qahramonining, aksincha, boshqa podshohlarga o‘xshamasligini, adolatparvar ekanligini alohida ta’kidlaydi. Ayniqsa, hind yurishini tasvirlar ekan, Navoiy o‘z qahramonini hind xalqiga nisbatan rahmdil, mehribon, hatto Dehli aholisiga malol kelmasin deb, roy taklifini rad etuvchi etib tasvirlaydi. Agar buyuk ozar shoiri qahramoni dostonning ikkinchi qismida payg‘ambarlik vazifasini ado etish, islomning hanafiylik mazhabini tarqatish uchun yer yuzi va suv ostini kezsa, Navoiy Iskandari yer yuzi va suv osti sirlarini o‘rganib, olim-faylasuflar ta’limotini olgach, avval avliyo, keyin nabiylikka erishadi, lekin bu sohada u hech qanday faoliyat ko‘rsatmaydi. Doston oxirida Navoiy Iskandar haqida:
Bilib xalq shohi muzaffar ani,
Hakimu valiyu payambar ani, -
deydi. Navoiyning asosiy maqsadi payg‘ambarlarning tenglashtirib bo‘lmas timsolini yaratish emas, balki real hokim o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qanday xayrli ishlar qilishi, ijtimoiy foydali vazifalarni bajarishi mumkinligini ko‘rsatish edi. Shuning uchun Navoiyda ilohiy, g‘ayritabiiy kuchlar emas, yunon olimlari shohga maslahat beradilar. Shuning uchun Navoiyda Iskandar – nabiy timsoli konkretlashmagan, makedoniyalik shohning kamolot cho‘qqisiga chiqqan sinfsiz jamiyat tuzumi joriy etilgan joyga borishi ham tasvirlanmagan. YE.Bertelsning aytishicha, agar Navoiy Iskandarning payg‘ambarligini bo‘rttirsa, asar nasihatnoma qimmatini yo‘qotar edi.
Iskandar timsolini Navoiy valiy va nabiy sifatida ochmasdan, uning insoniy xususiyatlarini yoritishga harakat qiladi. Bu o‘rinda uning eng yaqinlari bo‘lmish onasi va ikki xotini Ravshanak va Mehrnozga bo‘lgan munosabati xarakterli: onasi oldida o‘g‘illik burchini bajarolmaganiga o‘kinib, vafoti tufayli onasining ko‘p aziyat chekmasligiga harakat qilsa, har ikkala xotinlariga, ularning jamiyatda tutgan o‘rniga qarab o‘ziga xos muomala qiladi. Ayniqsa, xonimlarga nisbatan Iskandar o‘rta asrning nazokatli ritsari sifatida gavdalanadi.
A. Qayumov “Saddi Iskandariy” kitobchasida Iskandar obrazini ziddiyatsiz ideal qahramon emasligi hafida gapirib, “Navoiydek buyuk ijodkor sun’iylikka yo‘l qo‘yishi mumkin emas edi. U har bir voqea, xarakter zamirida yotgan qarama –qarshilikni yaxshi tushunar edi. Shuning uchun u ideal qahramon obrazi yaratish vazifasini hatto o‘z oldiga qo‘yishi ham mumkin emas edi”1 -, deydi.
Haqiqatan, Navoiydek buyuk adib o‘z qahramonini faqat ijobiy xususiyatlar, ideallar yig‘indisi etib tasvirlashi mumkin emas edi. Agar shunday bo‘lsa besh asrdan buyon o‘z mohiyatini yo‘qotmay kelmagan bo‘lar edi. Navoiy yaratgan Iskandar eradan avvalgi IV asr Makedoniya podshosi emas, balki XV asrda yashashi mumkin bo‘lgan, shoir orzu qilgan, ijobiy faoliyatlar ko‘rsatgan va salbiy xususiyatlardan xoli bo‘lmagan feodal podshosi. Navoiy, ayniqsa, Iskandarning jahonni, suv usti va ostini egallashga qaratilgan faoliyatini oqlamaydi.
Bu andesha chun ko‘nglin etti zabun,
Dimog‘iga yuzlandi biymi junun.
Iskandarning “biymi jununi” shoh hayotining so‘nggi damlari, o‘ziga orom topolmay, xasta holda tinmay ot ustida kezishi va ayniqsa, o‘limi kartinasida, o‘tdek qizigan qum ustida, yolg‘izlikda vafot etishi epizodida nihoyasini topadi.
Sharqda yaratilgan “Iskandarnoma”larda qahramon onasiga xat yozib, unda ziyofat uyushtirish, taomlardan hech kimini yo‘qotmagan odamlargina tamaddi qilishi mumkinligini aytadi. Aslida bu epizod Kallisfenga nisbat berilgan “Iskandar haqidagi roman”da keltirilgan va undan Sharq adabiyotiga o‘tgan. Bu o‘rinda xatda keltirilgan iltimosning asli negizi haqida o‘z farazimizni keltirmoqchimiz.
Rim imperatori Yulianning (331-363y.) “Xatlar”ida qadimgi yunon faylasufi Demokrit (e.av. V-IV asr) hayotidan bir qiziq voqea keltiradi: Eron sayohati vaqtida shahanshoh Doro faylasufni chaqirib, sevimli rafiqasi vafot etganini aytib, uni tiriltirib berishni iltimos qiladi. Olim Doroga va’da berib, zarur bo‘lgan hamma narsani o‘z vaqtida yetkazib berishni so‘raydi.
Shoh odamlarga buyruq berib, Demokritning aytganlarini bajo keltirishni topshiradi. Ma’lum vaqt o‘tgach, Doroga “hamma tayyorgarlik bitdi, faqat Osiyoning shahanshohi bajarishi mumkin bo‘lgan birgina zarurat qoldi, xolos. Shoh yaqinlaridan ayrilib g‘am tortmagan uch kishi nomini marhumaning qabr toshi ustiga yozdirsa bas, malika o‘sha ondayoq tiriladi”, deydi. Ammo shahanshoh olim talab qilgan uch kishining birortasini ham topolmaydi va o‘ziga tasalli berishga majbur bo‘ladi. Demokrit Doroga “Ha, qalay, tentak odam, o‘zing o‘lim qayg‘usi boshiga tushmagan bitta ham odamni topa olmading-ku, yana baxtsizlik faqat sendagina ro‘y bergandek ko‘z yoshingni to‘xtatolmaysan” mazmunida aytgan so‘zlarini Iskandar onasiga yozadi:
Va gar kimsa qo‘l sunmasa har taraf,
Yemak shug‘ulini qilsalar bartaraf.
Bu ma’lum o‘lurkim, yo‘q ermish birav
Ki, tufroq aro yo‘q kishisi garov.
Bilingachki bu nav’ emish ro‘zg‘or,
Ul ishdin o‘zungga bo‘l omuzgor.
Sharq adabiyotidagi Demokritning “inson zoti orasida yaqin kishisidan judo bo‘lmagan odam yo‘q” motivi davtavval Firdavsiyning “Shohnoma”sida uchraydi. Iskandar vafoti oldidan onasiga yozgan xatida: “Mendan so‘ng anduh tortmagin, izlab ko‘rgin, dunyoda ajal tufayli yaqinlaridan ayrilmagan kishi bormi”- deydi.
Nizomiy «Iskandarnoma”sining oxirida o‘lim to‘shagida yotgan shoh onasiga xat yozadi: “Agar menga aza tutib, motam qilmoqchi bo‘lsang, shohona dasturxon tuzab, xaloyiqni mehmonga chaqir, kimki yaqinlaridan judo bo‘lmagan bo‘lsa, ziyofatdan tamaddi qilsin”, - deydi. Onaga shu mazmundagi xat Jomiyning “Xiradnomai Iskandariy”sida ham bor, lekin Xusrav Dehlaviyning “Oinai Iskandariy” dostonida uchramaydi. “Iskandarnoma”larda onaga tasalli berish usuli qadimiy Yunonistonda keng tarqalgan Demokrit haqidagi afsonaning ask-sadosi “Aleksandr haqidagi roman” orqali Sharq adabiyotiga o‘tgan bo‘lsa kerak, deb faraz qilamiz.
Yuqorida aytganimizdek, “Talmud”da Aleksandr vafotidan oldin vasiyat qilib, jasadini mozorga olib ketayotganlarida qo‘lini tobutdan chiqarib qo‘yishlarini aytgan edi. Iudaizmning islomga ta’siri katta bo‘lganidek, “Talmud”dagi bu epizod Sharq adiblari asarlariga o‘tgan. Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy va Navoiy “Iskandarnoma”larida (Navoiyda “Hayrat ul abror”da ham) bu epizod mavjud. Tobutdan qo‘l chiqarish epizodi islom, ayniqsa sufizm falsafasiga xos bo‘lgan bu dunyoga mehr qo‘ymaslik ta’limotining illyustratsiyasi vazifasini ado etadi. Navoiy Iskandar tilidan quyidagi so‘zlarni aytadi:
Chiqoring bir ilgimni tobutdin,
Hamul nav’kim rishta yoqutdin.

Ki el solib ul sari hayrat ko‘zi,


Ne hayrat ko‘zi, balki ibrat ko‘zi:

“Bu panjaki barmog‘lari chekti saf,


Jahonni jahon kafidin urdi kaf.

Kafi ichra oldi jahon kishvari,


Barru bahrning la’l ila gavharin.

Chu urdi ajal ilgi tabli rahil,


Baqo bo‘yniga soldi habli rahil.

Jahondin shol ilgi misoli borur,


Nechukkim chinor ilgi xoli borur”1.
Navoiy ta’biricha, Iskandarning qo‘lini tobutdan chiqarib qo‘yilishi boshqalarga ibrat bo‘lishi kerak, bu haqda “Hayrat ul abror” da ochiqdan –ochiq aytiladi:
Jismida jon yo‘q bu makondin borur
Xomit ilik birla jahondin borur.

Kimki jahon mulki havasdur anga,


Ushbu ilik tajriba basdur anga1.
Iskandardek jahonni egallagan, hatto dengizlardagi “la’l ila gavharlar”gacha o‘ziniki qilgan jahongir ham narigi dunyoga hech nima olib ketmayotir, kaftida bir siqim tufroq, xolos. Demak, dunyoga hirs qo‘ymaslik, undan ko‘ra xayrli ishlar qilib yaxshi nom qoldirish kerak:
Bu gulshan ichraki yo‘qtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot2.
1972 yili YE.A. Kostyuxinning «Aleksandr Makedonskiy adabiyot va folklor an’anasida” monografiyasi chop etildi. Asarda qadimiy Yunoniston, Yevropa va Sharq mamlakatlari adabiyoti va folklor asarlarida Iskandar mavzui xususida fikr yuritiladi. Fikrimizcha, bu mavzularning har biriga maxsus monografiya bag‘ishlash lozim. Muallif esa bu ko‘p narsa kutsa bo‘ladigan sarlavha ostida tasodifiy yoki faqat rus tilida ma’lum bo‘lgan asarlar haqida fikr yuritadi, xolos. YE.A. Kostyuxin Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni ustida to‘xtalib: “Nizomiy hayoti oxirida o‘zi erishgan axloq normalariga boshqalarni undaydi. Navoiy ham undaydi, lekin faqat kitobxonnigina emas, o‘zi o‘zini ham, vaqti-vaqti bilan shoir o‘zi haqiqat izlaydi”. Biz bu fikrga qo‘shilmaymiz. To‘g‘ri, Navoiy o‘gitlari Nizomiyning qat’iy talablaridan farq qiladi, ammo hech qanday dalilsiz shoirning o‘zi haqiqat izlaydi deb bo‘lmaydi. Navoiy Iskandarga bag‘ishlangan dostonini yozishga kirishar ekan, oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirish yo‘llarini aniq tasavvur etgan va Iskandar timsolini ana shu maqsadga xizmat qildirish nuqtai nazaridan yaratgan.
Alisher Navoiy yaratgan Iskandar timsoli zolim bosqinchi, vayrona keltiruvchi zobit ham emas, dunyo lazzatlaridan qo‘l silkigan darvesh, zohid ham emas. Zo‘ravonlik, zolimlikning ashaddiy dushmani, imkoni boricha qon to‘kishdan qochib, mazlumlarni himoya etuvchi adolatli, lekin shaxsiyati ziddiyatlardan xoli bo‘lmagan, borgan sari hukmronlik lazzatini anglab yeta boshlagan shoh. U dunyo lazzatlaridan meyorida foydalanuvchi, mehribon, rahmdil odam, olim-donishmand.
Akademik I.A. Orbeli: «Aleksandr Makedonskiyni yangi mamlakatlarni zabt etishga beto‘xtov intilgan lashkarboshi etib talqin etgan G‘arb xalqlaridan farqli o‘laroq, Sharq xalqlari uni qadimgi zamon faylasuflarining eng buyugi bo‘lmish Aristotelning haqiqiy shogirdi, o‘zi ham falsafaga berilgan, atrofini faylasuf olimlar qurshagan... odam sifatida tasavvur etganlar. Aleksandrni shu yo‘sinda qabul qilish uchun tarixiy sharoit bor edi”1-deydi. Biz ham shu fikrga mutloq qo‘shilamiz. Haqiqatan o‘rta asrda diniy jaholat, inkvizitsiya hukmron bo‘lgan Yevropa mamlakatlari bilan jahon madaniyatiga buyuk olimlarni bergan Sharq xalqlari madaniyati o‘rtasida katta farq bor edi.



Yüklə 172,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə