Eng qadimgi davrlardan milodiy VII-VIII asrlargacha) 5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo‘nalishi bakalavr iibosqich talabalari uchun



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə4/12
tarix15.03.2018
ölçüsü0,82 Mb.
#31906
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12

Tayanch tushunchalar: Temir asri, ilk davlat uyushmasi, “Katta Xorazm”, qadimgi Baqtriya, Aranem Vayjo, Oks, Vavilon(Bobil), “daxyusasti”.

Savol va topshiriqlar:

  1. «Katta Xorazm» davlati to‘g‘risida qadimgi mualliflar qanday fikrlar yozibqoldirganlar?

  2. Qadimgi Baqtriya va «Katta Xorazm» yerlari hozirgi paytda qaysi hududlarga to‘g‘ri keladi?

  3. Nima sababdan antik olimlar Ktesiyning Baqtriya haqidagi fikrlariga qo‘shilmaganlar?

  4. Qadimgi Baqtriya hududidan qanday yodgorliklar topilgan?




2.2. Zardushtiylik : “Avesto”

O’quv maqsadi: Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning dinda aks etishi, yakka hudolikka ishonishning paydo bo’lishi, ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini yoritib berish va “Avesto” Zardushtiylikning muqad­das kitobi, eramizdan oldingi bir minginchi yillikning birinchi yarmidagi ijtimoiy jarayonlarning “Avesto”da aks etishi., zardushtiylikning asosiy qoidalari, ya’ni fikrlar sofligi, so’zning sobitligi, amallarning insoniyligi haqida talabalarga ma’lumot berish, tushunchalar hosil qilish.

Urug‘chilik jamoasi o‘z taraqqiyotida asosan ikki bosqichni bosib o‘tdi. Birinchi bosqich urug‘ ijtimoiy ishlab chiqarishga asoslangan. Bu davrda mulk tub ma’noda jamoaniki edi. Ishlab chiqarish jamoalarini boshqarish mo’tabar zotlar - oqsoqollar (nmanishilar) qo‘lida bo‘lib, ular jamoa hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ishlarni oqsoqollar kengashi (anjumani) orqali hal kilganlar. Oksoqollar kengashi qo‘lida diniy va dunyoviy hokimyat birlashgan, ya’ni ular jamoaning kundalik faoliyatidagi xo‘jalik masalalarini hal etganlar. Katta oila jamoasining oqsoqoli bir vaqtning o‘zida oila jamoasi uchun diniy va dunyoviy boshlik, piru ustoz va murabbiy bo‘lgan. Qabila-qishloq oqsoqoli esa oliy kengashning boshlig‘i sifatida butun qishloq ahlining ana shunday boshlig‘i hisoblangan. Mo’tabar shaxslarning topshiriq va buyruqlari jamoa a’zolari uchun qonun edi.

"Avesto"da bayon etilishicha, eramizdan oldingi II mingyillik o‘rtalarida yashagan turkiylar, forsiylar, hindular, saklar, debriklar, oslar, toxarlar, daxlar, massagetlar, baqtriyaliklar, parkanaliklar, chochliklar va boshqa qavmlarning aksariyat ko‘pchiligi chorvador ko‘chmanchilikdan o‘troq hayotgao‘tib, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullana boshlashgan.

«Avesto» Markaziy Osiyoning tarixan ajralmas qismi bo‘lgan Turon zamin hududlarida shakllangan eng qadimiy din - zardushtiylikning muqad­das kitobidir. Unda o‘zbek, tojik, turkman, ozarbayjon, fors, afg‘on va boshqa xalqlarning ibtidoiy va qadimiy iloxiy tasavvurlari, koinot va Yerdagi dun­yoning yaratilishi bilan bog‘liq tushunchalar, afsona va rivoyatlar, falsafiy-axloqiy qarashlar o‘z aksini topgan. Davlatni qavm yani muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarni o‘zida mujassamlashtirgan shoh boshqargan. "Kavi"ning davlatni boshqarish huquqining belgilanishida "farr" ("Avesto" tilida "xvarno") prinsipiga qonuniy asos sifatida amal qilingan. "Avesto"da "Xvarno" shoh hokimiyati ramzini bildirib, shohlik ulug‘vorligi bilan bog‘lanib ketadi. U "Kavi"ga iloxiy farog‘atni va xukmronlik uchun qonuniy huquqni ta’minlaydi.«Avesto»la aks etgan asosiy qonun qoidalar, diniy e’tiqodning yetakchi tushunchalari tarixiy shaxs Zaratushtra nomi bilan bog‘liq. U bundan taxminan 2700 yillar avval yashagan. O‘sha kadar ibtidoiy ajdodlarimiz turli-tuman qabilaviy diniy tasavvurlarga amal qilib yashaganlar. Zaratushtra ham ana shunday mahalliy qabilaviy dinlarning rohiblaridan biri bo‘lgan. Lekin Zardusht yashagan zamon ibtidoiy munosabatlar o‘rnini sinfiy jamiyat, qadimiy davlatchilik asoslari egallayotgan davr edi. Bu davrning shakllanishi uchun kuchli g‘oyaviy mafkura zarur bo‘lib, mahalliy qabilaviy dinlar jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichiga to‘sqinlik qiluvchi kuchga aylan­gan edi. Bu murakkab zamonda o‘lkaning turli qabilalarining birlash­tirish, bu orqali ularni ilk davlatchilik g‘oyasi atrofiga uyushtirish zaruriyati tug‘ildi. Ana shunday zaruriyati tushungan ilg‘or kishilardan biri sifatida Zar­dusht chiqdi. U ko‘p xudolik tasavvuriga, tabiat hodisalariga sig‘iniishga qarshi chiqib, yakka xudolikni targ‘ib qildi. U ezgulik xudosi Axuramazda bilan odamlar o‘rtasidagi vakil sifatida maydoniga chiqdi. Zaratushtra eron­cha so‘z bo‘lib “ushtra” – tuya, “zarat” - sariq, ya’ni keksa tuyachi – tuya­chilar avlodi degan ma’nolarni bildiradi. Zardushtning boshqalan farqi shun­daki, u o‘ta iste’dodli shoir, ilohiyot bilimdoni, faylasuf olim edi. Yagona xudoga ishonishga jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tara oladi, deb hisoblar edi u. Shu yo‘lda Zardusht Navro‘z kunlaridan birida kohinlar boshchiligida muqaddasi ichimlik bo‘lgan jamoa tayyorlashga kirishadi.

Axuramazdaning rasmiy tus olishiga qadar uning Zardusht orqali vahiy qilgan ilohiy xabarlari Eron va Turon zamin xalqi orasida asrlar davomida namoz, turli diniy marosimlar, duo-yu takbirlar, madhu alqovlar va surayu oyatlar sifatida yig‘ila boshlagan edi. Ko‘p miqdordadagi duo-yu takbirlar, sura-yu oyatlar, madhu alkovlar tartibga solinib, Zardushtning o‘limidan keyingi muayyan muqaddas kitobga to‘plangan. Natijada Axuramazda dini yanada qadr va ravnaq topib, Zardushtga nozil bo‘lgan barcha matnlar yig‘ilgan. Paydo bo‘lgan kitobga «Avesto» deb nom berilgan. Bu so‘zining ma’nosi «o‘rnatgan, kat’iy qilib belgilangan qonun-qoidalar» demakdir.

«Avesto» kitobi. Zardusht orqali vaxiy qilingan Axuramazda dini haqi­dagi xabarlar qadimgi davrdan boshlab to o‘rta asrlargacha sezilgan ko‘plab tarixiy, ilmiy, adabiy manbalarda uchrab keladi.Masalan, qator qadimgi yunon mualliflari Zoroastr, Zaratushtra ko‘rinishlarida Zardusht nomini qayd etish­gan.Uning diniy ta’limoti haqida ayrim xabarlarni qoldirishgan. «Avesto» haqidagi eng muhim manba IX asrga oid o‘rta fors tilida yartilgan «Denkard - din amallari» nomli qomusiy asardir. Unda «Avesto»ning 21 kitobi mukammal holida ta’riflab berilgan. Savobli ishlar yo‘riqnomasi, diniy marosimlar, rasm-rusmlar qoidasi, mazda dini (zardushtiylik) ta’limoti asos­lari; dunyoning Axuramazda tomonidan yaratilishi va buning haq ekanligi, oxirat kuni, oxirat­dagi hisob-kitob haqida, falakkiyot, ilmi nujum haqida ma’lumotlar; ijtimoiy-xuquqiy qonun–qoidalar, Gushtasining Axuramazda dini qabul qilish tarixi; Gopat shox, Avliyo cho‘pon; Zardushning tug‘ilishi va bolaligi; haq yo‘lini tutmoq va taraqqiyotning haq yo‘li haqida, jamiyat a’zolarining haq-huquklari; harbiy ishlarning Axuramazda dini haqligiga xizmat qilish haqida; devlar, jinlar kabi yovuz kuchlarga qarshi o‘qiladigan duoyu-takbirlar, qaytariqlar va amallar tafsilotlari va boshqalar shular jumlasidandir.

Yevropa olimlaridan dastlab 1755 yili yosh fransuz sharqshunosi A.Dyuperron Parij kutubxonasiga borib qolgan «Avesto» matni parchalari bilan tanishadi. Unda bu sirli kitobning o‘zini topish va uni mukammal o‘rganish ishtiyoqi tug‘iladi. A.Dyuperron Hindistonning istilo qilgan qo‘shinlar bilan birgalikda zardushtiy forslar sohasiga yetib oladi. O‘z dini va muqaddasi kitobini begonalardan qattiq asragan forslar A.Dyuperronni dastlab noxush va ishonchsizlik bilan qabul qiladilar. Yosh olim forslar ichida olti yil yashaydi.

Ularning urf-odatlarini, gujarotiy tilini, diniy rasm-rusmlarni o‘rganib, kohinlar orasida ishonch qozonadi. «Avesto»ning yozuvini o‘rganadi. Matnlarning mazmuniga tushuna boshlaydi. A. Dyuperron «Avesto»ning bir necha qo‘lyozma nusxalarini sotib olishga erishadi. 1761 yili u mashaqqatli sayohatidan qaytib Angliyaga keladi. Keltirgan «Avesto» kitobining qismlarini Angliya kutubxonasidagi qo‘lyozma parchalar bilan qiyoslab, dastlabki ilmiy xulosalarni chiqaradi. 1762 yili A.Dyuperron o‘z vataniga qaytib, Fransiya milliy kutubxonasiga «Avesto»ning asl matn­larini fors tilidagi tafsir (sharh)lar bo‘lmish«3and» parchalarini, «Avesto»­ning gujarotiy, hindi va fors tillariga qilingan tarjimalaridan iborat parchalarini topshiradi. Uni esa «Avesto»ni fransuz tiliga tarjima qilishga kirishadi. A.Dyuperronning ulkan matonati, ilmiy jasorati natijasi bo‘lmish uch jildlik tarjima 1771 nashr etiladi.

Zardusht ta’limotida olov, yer, tuproq, suv va havo muqaddas hisoblanadi. Ularni iflos qilish katta gunoh deb qaralgan.

O‘sha davrlarda tabiiy va ijtimoiy hayotning alohida sohalarini bosh­qarib turuvchi tangrilar mavjud deb hisoblangan. Masalan: Parendi – sokinlik, ijtimoiy barqarorlik. farovonlik ma’budi; Vayu – shamol va bo‘ronlar, to‘fon­lar, o‘lim tangrisi; Mozon devlari – qadimgi yashtlarda uzoq shimoldagi tog‘lar ortida, abadiy muzliklarda turib har biri tabiat va ijtimoiy hayotning alohida sohalarini boshqarib turuvchi qudratli, kahri qattiq va bahaybat mahluq, Vatan – Zardushtgacha bo‘lgan davrlarda yomg‘irli bulutlarni haydab olib keluvchi shamol tangrisi; Bushyasta – kishilarda dangasalik, yalqovlikni kuchaytiruvchi va ularni o‘z homiyligiga olgan dev qiyofasidagi iblis. U o‘zining uzun qo‘llari bilan odamlarni to‘shakda tutib turuvchi va to‘shakdan turishga xalaqit beruvchi qudrat sifatida tasavvur qilinadi; Marshavan dev kishilarning xotirasini yo‘qqilishgaesdan chiqarishga undaydigan iblis qiyofalik dev va hokazo. «Avesto»da tabiat va halollik hukmdori, hamma narsani biladigan va ham­ma narsaga qodir Axuramazda nozillarining to‘g‘riligiga imon keltirishga doir duolar bor. Unda imonli bo‘lish, buning uchun doimo toza, pok yurish, yovuzlikni qoralayotgan paytda tananing toza bo‘lishi, shayton-iblislarga qarshi harakatlar qilish, gunoh qilmaslik, Axuramazdadan kechirim so‘rashga doir duolar keltirilgan.

«Avesto»da olam qarama-karshiliklardan iborat. Yorug‘lik va zulmat, hayot va o‘lim, ezgulik va yovuzlik, adolatli qonunlar va qonunsizliklar o‘rtasidagi kurash unda o‘z ifodasini topgan. Zardushtning diniy ta’li­motida ezgulikni qaror toptirish ruhi (Axuramazda) bilan yovuzlik ruhi (Axriman) o‘rtasidagi kurash ta’riflanadi. Axuramazda ezgulikni vujudga keltirishda odamlarni imonli bo‘lishiga undayveradi, Axriman esa unga qarshi odamlarni yomon ishga boshlaydi.

Zardushtiylik dinida imon uch tayanchga asoslanadi: 1) fikrlar sofligi, 2) so‘zning sobitligi, 3) amallarning insoniyligi.

Ahuramazda tarafdori bo‘lgan, yaxshilik, ezgulik urug‘ini sochuvchi tangri (xudo)lardan biri,shubhasiz, Roman nomi bilan ataluvchi tangri bo‘lgan. Roman - ko‘pxudolik davrida tinchlik va osoyishtalikning, ijtimoiy barqarorlikning, chorva mollarining homiysi bo‘lgan tangri deb hisoblangan. Shunday qilib, «Avesto» dunyodagi eng qadimgi din bo‘lgan zardushtiylik ta’limotini asoslab bergan kitobdir. Lekin bu kitob faqat diniy emas, balki keng ma’noda tarixiy, falsafiy, adabiy manba sifatida ham g‘oyat va tafakkur taraqqiyotining qomusiy yig‘indisidir. "Avesto"ning eng qadimiy qismi bo‘lgan "Yasht"larda bu tangrilar, ma’bud va ma’budalar ham mohiyatiga ko‘ra ikki guruhga ajrala boshlangan. Kishilarga dahshat urug‘ini sochib yuraklariga g‘ulg‘ula soladigan qaxri qattiq Axriman boshliq yovuz kuchlarga va odamlarga ezgulik tarqatuvchi, yaxshilik tilovchi, yordam beruvchi Axuramazda boshchiligidagi tangrilar guruhiga ajrata boshlangan. Keyinchalik Zardusht ta’limotida Ahuramazda Oliy tangri sifatida e’tirof etilib, qolganlari farishtalarga aylantirilgan. "Mangu yashashga molik bu muqaddas ruhlar" Axuramazda bilan birgalikda barcha mavjudlikning turli sohalarini o‘zida mujassam etadilar va insonlar hayoti uchun eng zarur bo‘lgan narsalar – olov, yer, osmon, suv, chorva va nabodot (o‘simliklar) dunyosiga homiylik qiladilar. Bu ruhlar ("Avesto" bitiklarida ularni "Amesha Spenta" deb aytiladi) jami oltita bo‘lib: 1) Voxu Manu - ezgu fikr; 2) Asha Vaxishta – eng oliy haqiqat; 3) Spenta Armantiya – muqaddds e’tiqod, diyonatga sodiqlik; 4) Xishatra-Varya – hukmronlik xohishi; 5) Harvatag - yaxlitlik; 6) Amereta' mangulik, ular muqaddas ruh Spenta Manyu yordamida vujudga keltiriladi.

Tayanch tushunchalar:Zand, Denkart, Mitra, Yasht, Zaroastr, Axriman, Vata

Savol va topshiriqlar:


  1. Ilk temir asrida diniy tasavvurlar va tushunchalar to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

  2. Zardushtiylik dinining kelib chiqishi va asoslarini gapirib bering?

  3. Avesto”to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

  4. Zardushtiylik dinining vatani to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

  5. Zardo‘sht kim bo‘lgan?


2.3. Qadimgi Eron Ahamoniylar davlatining tashkil topishi va uning jahonga hukmronlik g‘oyasi

O’quv maqsadi:Qadimgi Elam davlati, eramizdan avvalgi I ming yilliklarning boshida Eron davlati, aholisi, hududi,mashg’ulotlari, davlat tuzumi, Ahamoniylar davlati va saltanatini tashkil topishi, Ahamoniylar­ning jahonga hukmronlik siyosati, Kir II ning G’arb va Sharq mamlakat­lariga bosqinchilik yurishlari, Ahamoniylar saltanati dunyoning turli min­taqasida yashayotgan elat va xalqlarning birlashtirgan birinchi jahon im­periyasi ekanligi haqida talabalarga atroflicha ma’lumot berish, mavzuda ko’rsatilgan tarixiy davr haqida umumiy tushunchalar hosil qilish.

Miloddan avvalgi VI asrda tashkil topgan Ahamoniylar davlati deyarli 2 asr yashadi. Bu mamlakat jahon tarixida o‘nlab fors podsholiklari va Misrni to shimoliy-g‘arbiy Hindistonga qadar bo‘lgan davlat va xalqlarni birlashtirgan yirik davlat edi. U dunyoning yirik bir mintaqasida tarqoq holda yashayotgan xalq va elatlarni siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan birlashtirgan 1-yirik jahon imperiyasi hamdir. Ahamoniylar davlati tarixi amalda Yaqin va O‘rta Sharq hamda Markaziy Osiyo xalqlari tarixi edi.

Uning poytaxti Peropol shahri bo‘lib, forslarga qadar bu o‘lkada elamitlar istiqomat qiladilar. Forslarning bu joyda bo‘lishi avval juda tinch, elamit hukmdorlari roziligi bilan osoyishta o‘tdi. Keyinroq esa bu o‘lka forslar tomonidan elamitlardan zo‘rlik bilan tortib olindi. Bu voqealar yozma manbalarning xabar berishicha, miloddan avvalgi 1 ming yillikning boshlarida sodir bo‘lgan.

Forslar kelib chiqishi jihatidan elamitlar bilan hech qanday etnik aloqaga ega emas. Forslar, avvalo, Janubiy Eronda joylashgan. So‘ngra butun Eronni egallashgan. «Avesto»da ular «azad» nomi bilan yuritilgan. Tarixiy an’analarga ko‘ra, azadlar ariylarni tashkil etgan. Ariylar egallagan yurt keyinroq Eron nomini olgan. Juda qadim zamonlarda Eronning forslar egallagan janubiy hududi shumerlar tomonidan Nim (baland) deb yuritilgan, akkadlar esa uni «Elamtu» deb ataganlar. Elamtu xalqlari orasida «Tog‘li mamlakat» nomini anglatgan. Elamitlar esa o‘z yurtlarini «Xotamtu» deb ataganlar. Umuman olganda forslarniig qadimgi tarixiy manbalarida juda kam berilgan bo‘lib, 1- martta ular miloddan avvalgi IX asrga oid ossur yozuvlarida tilga olinadi. Bu davrda fors ko‘chmanchilarining shimoldan janub tomon ko‘chishi ko‘zatilgan. Ular Suza shahridan shimoliy - sharqdagi Anshan viloyatidan o‘zoq bo‘lmagan Parsumash shahriga kelib joylashadi. ( Bu nom shaharga forslar bostirib kirib, uni o‘zlariniki qilganlaridan keyin berilgan.) Rivoyatlarga ko‘ra shu yurtga kachonlardir ko‘chib kelib hukmronlikni qo‘lga kiritgan forslarning nufuzli oila a’zolaridan biri Ahamon miloddan avvalgi VIII asrning oxiri va VII asrning boshlarida o‘z sulolasiga asos solgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, forslar allaqachon fors qabilalararo ittifoq tuzishgan. Tarixchi olim Fray o‘zining «Nasledie Irana» kitobida fors qabilalari ittifoqini VII asrda aynan Ahamonning o‘g‘li Chishpish tuzganini ta’kidlaydi. Fransuz arxeologining ta’kidlashicha, ularning boshqaruv mar­kazi Shishtradan 40 km o‘zoqlikda bo‘lgan Baxtiyor tog‘lari territoriyasida bo‘lgan. Chishpish, uning o‘g‘li Kir nabirasi Kambiz va evarasi Kir II lar o‘z vaqtida Anshanning hukmdorlari bo‘lgan. Bobil shohi Ashshurbanipalning miloddan avvalgi 639 yilga oid xujjatlarida ham Kirning nomi uchraydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Bobil va Parsumash o‘rtasida ko‘plab qizg‘in savdo aloqalari olib borilgan. Ashshurbanipal o‘z xujjatlarida Kirni Parsu­mash qiroli sifatida e’tirof etgan. Anshan shahrining xuddi shu davrga oid hujjatlarida esa aynan KirI Anshanning qiroli sifatida e’tirof etilgan. Demak Kir I o‘sha vaqtning o‘zida 2 ta shaharning hukmdori bo‘lgan. Bunda o‘z-o‘zidan bu ikki shahar Kir I ning hukmdorlik davrida birlashtirilgan degan xulosa kelib chiqadi. Lekin ossur manbaalarida asosan bu fikr noto‘g‘ri, chunki bu manbada Elam shohi Ummanmenanu va uning ittifoqdoshlari haqida yozib qoldirilgan. Bu ittifoqdoshlar 6 ta bo‘lib, ular birma-bir sanab o‘tiladi va shunda Parsumash va Anshan alohida-alohidatilgaolinib o‘tilgan.

Olimlarning tadqiqotlari natijasida, Bobil shohi Ashshurbanipal va Par­suaga (Parsumash) qiroli Kir o‘rtasida yozilgan qo‘lyozma topib o‘rganildi. Bu ko‘lyozmaga asosan Kir II va uning ota-bobolari forslar bo‘lib, ular Anshan va Persiya hukmdorlari bo‘lishgan. Lekin buyuk tarixchi olim Gerodotning yuqoridagi to‘rt qirol haqidagi bergan ma’lumotlarida ularni qirollar emas, balki ko‘zga ko‘ringan xonadon a’zolari, aslzodalari deya ta’kidlaydi. Bunga dalil qilib, Gerodotning Midiya haqidagi yozma man­balarini ko‘rsatish mumkin. Unda Gerodot Kir II ning otasi Kambizni tilga olib, uni qirol emas, balki yuqorida aytib o‘tilganidek nasl-nasabli aslzoda, ko‘zga ko‘ringan shaxs sifatida tilga oladi.

Ahamoniylar birinchi bo‘lib Midiyani (550) so‘ng Lidiyani (546) bosib olganlar. Lidiyadan keyin ular Kichik Osiyodagi yunonlarga qarashli bo‘lgan davlatlarni ham o‘z tasarruflari ostiga olishadi. Miloddan avvalgi 545 va 539 yillar orasida Kir boshchiligida forslar Marg‘iyona, Xorazm, Sug‘diyona, Baqtriya, shuningdek Ariya va uning atrofidagi davlatlarni birin-ketin bosib oldi. Gerodotning xabar berishicha, Kichik Osiyoga Kirning o‘zi yurish qilmagan, balki uning ishonchli qo‘mondanlaridan biri Garpog yurish qilgan.

Kirning o‘zi esa Osiyoning yuqori qismida joylashgan xalqlarni bo‘ysindirgan. Ahamoniylarning bu barcha davlatlarini bo‘ysindirishini olib qaraydigan bo‘lsak, ular bu davlatlarni juda chiroyli, oqilona va aniq o‘ylangan taktika orqali bosib olishgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Misol uchun shuncha bosib olingan davlatlardan fakat bittasini olib ko‘ramiz. Bu davlat forslar tomonidan 550 yilda zabt etilgan Midiyadir.

Kir Midiyani bosib olganidan keyin uning davlat boshqaruvini, madaniyati iqtisodini, siyosati va davlat boshqaruvini o‘zgartirmaydi. Midiyani bosib olgunga qadar qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldiradiva shunday deydi: «Vazirning farzandi vazir, qozining bolasi qozi, dehqonning bolasi dehqon bo‘ladi », deydi.

Qarang, Kirning birgina shu gapidan qancha narsani anglash mumkin. Kir bosib olgan davlatini to‘liq tasarrufiga olish uchun uning milliy bay­ramlarini xalq bilan birga nishonlaydi. Dinini qabul qiladi, hattoki davlat ramzlarini ham qanday bo‘lsa shunday qabul qiladi. Eng muhimi, ya’ni Kir zabt etgan davlatni Ahamoniylar davlati deb emas, balki o‘zini «shohlar shohi» va «Midiya Qiroli» deb ataydi. Shuning uchun ham Ahamoniylar bosib olgan yerlarda deyarli xalqqo‘zg‘olonlari bo‘lmagan. Zardushtiylik dini ham ilk bor Midiyada shoh Astiag davriga kelib rivojlana boshladi. Kir II davrida davlat dini darajasiga ko‘tariladi - Kir II Zardushtiylik dinini davlat dini darajasiga ko‘tarishining bir necha sabablari bor edi:

Birinchidan, Zardushtiylik dini din sifatida ommani, ya’ni turli joyda yashovchi va turlicha hayot tarziga ega xalqlarni bir din atrofida birlashtirishi kerak edi.

Ikkinchidan, turli tabaqa vakillarini va turli kasb egalarini bir joyda jamlash edi.

Uchinchidan, bu shunday bir siyosat ediki, Kir II va undan oldingi fors hukmdorlari bu siyosatni qo‘llashgan, ya’ni ular yuqorida aytilganidek, bosib olgan mamlakatlaripipg hamma narsalarini qanday bo‘lsa shundayligicha kabul qilgan, shu jumladan dinini ham. Ular bosib olgan xalqlarga nisbatan huddi hurmat ko‘rsatgandek bo‘lib. hatto ularning dinini rivojlantirish uchun homiylik ham qilishgan. Va bu narsa ko‘p hollarda o‘z samarasini ko‘rsatgan. Ahamoniylar va shaxsan Kir II jahonga hukmronlik g‘oyasini shunday ta’riflaydi: "Bu dunyodagi eng to‘g‘ri din Zardushtiylik dinidir. Budunyo­dagi yaratuvchi oliy hukmdor Ahuramazdadir. U, ya’ni Ahuramazda menga yerdagi hukmronlikni berdi deydi”. Shundan so‘ng, Ahamoniylar imperiya­sining dunyoga hukmronlik g‘oyasini ilgari suradi va ishlarda uning o‘zi boshchilik qiladi. Bu narsani biz Ahamoniylar davriga oid tanga pullar va ramzlaridan bilib olishimiz mumkin. Ahamoniylar davriga oid ilk tanga va belgilarda" qanotli, osmonga parvoz kilayotgan Ahuramazdani ko‘rishimiz mum­kin". Kir II davrida zarb etilgan tangalar va davlat ramzlarida o‘zgarishlar kuzatiladi. Unda Ahuramazda timsolida Kir II paydo bo‘ladi, ya’ni tanasi, kanoti Ahuramazdaniki bo‘lsa, uning yuzi Kirniki bo‘lgan.

Shunday qilib, Ahamoniylar jahonga hukmronlik g‘oyasi asosida o‘z yurishlarini so‘nggi nuqtasi bo‘lmish janub tomon qaratishadi. Va kisqa fursat ichida ular Vavilon, ya’ni Bobilni va Misrni qo‘lga kiritishadi. Natijada sharqda – Hindiston,g‘arbda Egey dengizi, shimolda - hozirgi Armaniston va janubda - Efiopiya yerlarigacha bo‘lgan hududda insoniyat tarixida birinchi imperiya « Ahamoniylar imperiyasi » ga asos solganlar.

Tayanch tushunchalar: Ahamon, Kir, Kambiz, Kir II, Parsumash, Anshan, Suza, Midiya, Lidiya, Marg‘iyona, Xorazm, So‘g‘diyona, Ariya, Bobil, Garpog, Ashshurbanipal.

Savol va topshiriqlar:


  1. Ahamoniylar qanday g‘oya asosida dunyoga hukmronlik qilish rejasini tuzganlar?

  2. Nima uchun Kichik Osiyoga Kirning o‘zi emas balki ishonchli qo‘mon­doni Garpog yurish qilgan?

  3. Nega o‘zga xalqlar Ahamoniylar tarixini o‘rganishda ularni aynan Ahamoniylar deb emas, balki Midiyaliklar deb o‘rganishgan?




2.4. Ahamoniylar hukmronligi davrida Markaziy Osiyo

O’quv maqsadi: Ahmoniylarning Markaziy Osiyoga dastlabki bos­qinchilik yurishlari, ularga qarshi xalq ozodlik kurashlari, Ahmoniylar saltanati davrida Markzaiy Osiyoda davlatchilik, boshqaruv, iqtisodiyot, savdo yozuv, din va madaniyat haqida talabalarga ma’lumot berish, tushun­chalar hosil qilish va tasavvur berish.

Miloddan avvalgi VI asrning o‘rtalarida Midiya davlati o‘rnida Ahamoniylar davlati tuzildi. Ilk davrlarda Midiya davlatiga vassal qaramlikda bo‘lgan Ahamoniylar davlatiga fors qabilasidan bo‘lgan Kir II asos soladi. Kir II ko‘plab urushlar olib boradi. Gerodotning yozishicha, Kir II Midiyani bosib olgandan so‘ng, uning yo‘lida Vavilon, Baqtriyaga qarshi esa lashkarboshilaridan birini yuboradi. Shunga qaraganda, Kir II Markaziy Osiyo xalqlarining kuch-qudrati va harbiy tayyorgarligi to‘g‘ri­sidagi ma’lumotga ega bo‘lgan. Kir II ning Markaziy Osiyoga yurishi haqidagi ayrim ma’lumotlar grek tarixchisi Ktesiyda berilgan. Uning yozishicha, Kir «baqtriyaliklar bilan urushgan va urushda hech qanday tomon ustunlikka erishmagan». Faqatgina baqtriyaliklar Ahamoniylar davlatining ichki siyosiy ahvoli mustahkamlanganligini (Midiya hukmdori Astiagning Kir oldida taslim bo‘lishi) bilganlaridan so‘nggina, Kirga «ixtiyoriy» bo‘ysunganlar.

Doro I (er.av. 530-522 yy.) tomonidan o‘yib yozilgan «Bexustun» yozuvlari Ahamoniylar davri tarixini o‘rganishdagi muhim manba hisob­lanadi. Unda Doro I hukmronligi arafasida Ahamoniylar tarkibida bo‘lgan o‘lkalar hakida ma’lumotga ega bo‘lamiz. «Bexustun» yozuvlarining birinchi katorida Doro I gacha, ya’ni Kir II tomonidan bosib olingan o‘lkalar – Parfiya, Baqtriya, Xorazm, Sug‘diyona va saklar o‘lkasini qandaydir qismini bosib olganligi yoziladi. Baqtriya Ahamoniylar davlati yo‘q bo‘lib ketgunigacha uning tarkibida bo‘lgan. U Ahamoniylarning Sharqdagi muhim markazlaridai biri hisoblangan.

Miloddan avvalgi 530 yili Kir II ikkinchi marotaba Markaziy Osiyo ustiga yurish qiladi. Bu yurishdan asosiy ko‘zlangan maqsad, Kir II Misrga yurish qilishidan oldin Markaziy Osiyodagi ko‘chmanchi qabilalarni tor-mor qilish edi. Chunki agarto‘g‘ri Misrga yurish qilganida, ko‘chmanchi qabilalar bu qulay vaziyatdan foydalanib, uning saltanatini talab ketishlari mumkin edi. Bu yurish haqidagi ma’lumotlar bir qator antik davr tarixchilarida saqlanib qolgan bo‘lsada, lekin ulardagi voqealar turlicha bayon qilinadi. Ularning ayrimlarida Kir II Araks daryosidan o‘tib, To‘maris boshchiligidagi mas­sagetlar bilan urushgan deb yoziladi. Uchinchi bir manbalarda esa Kir derbiklar bilan va nihoyat, ayrimlarida dayolar bilan jang qilgan deyiladi. Bu yurish va uning natijalari hakidagi hikoyalar Gerodotda, Trog, Yustinda va boshka mualliflarda berilgan. Lekin Kir P yurishining aniq yunalishi masalasi hozircha o‘z yechimini topgani yo‘q.

Ba’zi olimlar Araks daryosini Sirdaryo, Amudaryo yoki O‘zboy dar­yolari bilan bog‘lashadi. Miloddan avvalgi 530 yil iyun oyi oxiri - avgust oyi boshlarida Kirning Markaziy Osiyo ko‘chmanchilari tomonidan tor-mor etilishi Markaziy Osiyo xalqlari tarixidan eng qadimgi, aniq belgilangan sana hisoblanadi. Bu aniq vaqt Vavilon hujjatlaridan kelib chiqadi.

Ma’lumki, ular ichida Kir II nomidan chiqarilgan oxirgi hujjat miloddan avvalgi 530 yil 12 avgust bilan belgilangan bo‘lsa, Kir II vafotidan so‘ng o‘sish o‘rniga kelgan Kambiz nomidan berilgan hujjat miloddan avvalgi 522 yil 31 avgust bilan belgilanadi. Demak, Kir II ko‘chmanchilar tomonidan avgust oyining boshlarida o‘ldirilgan. Ahamoniylar bosqichni mahalliy davlatchilik shakllanish jarayonini to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsada, Markaziy Osiyoning bu yirik imperiya tarkibiga qo‘shilishi bu yerdagi xalqlar ijtimoiy rivojlanishini tezlashtiradi. Bu hol Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati, urf-odatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Mahalliy boylar (aslzodalar) Ahamoniylar davlati hukmdorlari bilan tezda til topishib, ularning yordamida jamiyatdagi o‘z mavqeini kuchaytiradilar. Mehnatkash xalq esa bu davrda ikki tomonlama – ham mahalliy boylar, ham Ahamoniylar bosqichilari zulmi ostida qoladi.

Natijada miloddan avvalgi VI asrning 20 - yillarida Marg‘iyona va Parfiya qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa, Marg‘iyona qo‘zg‘oloni keng tarqaladi. Bu haqida Bexustun yozuvlarida Doro I tomonidan shunday yoziladi: «...Marg‘iyona mamlakati ko‘zg‘olon ko‘tardi. Frada ismli bir kishini ular boshliq etdilar. Shundan keyin men Baqtriya satrapi, mening qulim Dadarshish ismli forsni yuborib, unga shunday dedim: «Bor, meni tan olmayotgan qo‘shinni tormor qil». Shundan keyin Dadarshish jo‘nab ketdi va marg‘yonaliklar bilan jangqildi. Axura-Mazda inoyati ila mening ko‘shinim ko‘zg‘olon ko‘targan qo‘shinni yengdi. Mamlakat meniki bo‘ldi». Bexustun yozuvidagi bu hakidagi sana miloddan avvalgi 522 yilning 10 dekabriga to‘g‘ri keladi va Kir II ning ko‘chmanchilar tomonidan tor-mor etilgan vaqti bilan birga Markaziy Osiyo tarixidagi eng qadimgi, aniq belgilangan sanalar hisoblanadi. Ahamoniylar davlati satrapliklarga bo‘lingan. Ularni satraplar boshqargan. Doro I davrila 20 ta satraplik bo‘lgan. Markaziy Osiyo to‘rtta satraplikka bo‘lingan. Gerodotning yozishicha, Kaspiy dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab hayot kechirgan ko‘chmanchi qabilalar XI satraplik tarkibiga kirganlar va Ahamoniylarga yiliga 200 vavilon kumush talanti (talant — 30 kg ga yaqin kumush) mikdorida xiroj to‘laganlar. Xorazm, Sug‘diyona va Parfiya XVI satraplik tarkibiga kirib, 300 talant to‘laganlar.

Baqtriya XII satraplikni tashkil etib, 360 talant to‘lagan, saklar XV satraplikning tarkibiga kirib, 250 talant to‘laganlar.

Ahamoniylar davlati harbiy aristokratik davlat bo‘lib, hukmron forslar va midiyaliklardan chiqqan boylarga tegishli bo‘lgan.

Markaziy Osiyo mahalliy ma’muriyatining hokimiyati ham katta bo‘lgan. Asta-sekinlik bilan ular orasida separatizm kuchayib borgan. Qar­shilik ko‘rsatishning markazi Baqtriya bo‘lgan. Bu satraplikning Ahamo­niylar podsholigi tarkibidagi ahamiyagi shunchalik ediki, Baqtriya noib­ligiga albatta Ahamoniylar xonadoniga mansub shahzodalardan tayin­la­nardi. Aynan shu satraplik tez-tez markazga qarshilik harakati olib borgan. Miloddan avvalgi IV asrdagi Ahamoniylar davlati kuchsizlanish jarayoni bu harakatni yanada kuchaytirdi. Miloddan avvalgi IV asrning 2-yarmidan Xorazm mustakilligini tiklaydi. Kuchsizlanib qolgan Ahamoniylar davlati miloddan avvalgi IV asrda Makedoniyalik Aleksandr qo‘shinlari tomo­nidan bosib olingan.

Ahamoniylar davlati 200 yil hukm surdi va Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim o‘rin tutadi. Bu davrda yirik ijtimoiy o‘zgarishlar ro‘y beradi, yagona pul tizimi, soliq tizimi, ma’muriy bo‘linish tizimi, yagona umum­davlat yozuvi – oromiy yozuvi paydo bo‘ladi. Shuningdek, davlat pochtasi tashkil topadi. Qadimgi karvon yullari qayta tiklanib, yangilari ko‘riladi. Amal­dagi turli xalqlarning qonunlari bilan birga yagona yangi davlat qonunlari ishlab chiqiladi. Ahamoniylar davrida xalqaro savdoga qulay imko­niyatlar yaratiladi. Yagona davlat tarkibidagi turli xalqlar ilmiy bilimlari, san’ati va diniy tushunchalari bir-birlarini to‘ldirib, boyitib, barcha xalqlar­ning boyligiga aylanadi. Ahamoniylar davrida Markaziy Osiyoliklar ilk bor zarb qilingan tanga pul bilan, oromiy yozuvi bilan tanishishdi, bunga Mar­kaziy Osiyo hududlarida Ahamoniylar davrida amalda bo‘lgan tilla va boshqa tangalarning topilganligini dalil sifatida ko‘rsatish mumkin. Markaziy Osiyo xalqlari yagona davlat tarkibidagi qadimgi Elam, Vavilon, Misr sivilizatsiyasi bilan tanishadi. Ahamoniylar davlati madaniy hayotida Markaziy Osiyo xalqlari: baqtriyaliklar, xorazmiylar, sug‘diylar, parfiyaliklar, marg‘iyona­lik­lar va saklar ham muhim o‘rin egallaganlar.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ahamoniylar sulolasi xukmronligi davridagi Markaziy Osiyo sharqiy eroniy xalqlarning ijtimoiy - iqtisodiy turmush tarzi g‘arbiy eronliklardan tubdan farq qilgan.

Markaziy Osiyoda ham kuldorlik tuzumlari rivojlangan bo‘lsada. bu yerda u xo‘jalikning asosiy omili bo‘lib qolmadi. Bu yerda qabilaviy urug‘ jamoalarn yetakchi rol o‘ynagan. Ahamoniylar sulolasi hukmronligining o‘rnatilishi Markaziy Osiyoning ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotiga ikki xil ta’sir ko‘rsatdi. Bir tomondan bu yerda quldorlik tizimi rivojlanishini tezlashtirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan iqtisodiyotning xonavayron bo‘li­shiga olib keldi. Mamlakatdan juda ko‘p boyliklar o‘lpon tarzida olib chiqib ketilar, usta hunarmandlar esa Ahamoniy podsholar saroylarini qurish uchun poytaxtga jo‘natilar edi.

Afrosiyob shahar qoldiqlarini o‘rganish davomida arxeologik mate­rial­lar, hamda antik davr tarixchilari qaydnomalaridan So‘g‘dning o‘sha davrdagi hayotini umumiy tarzda tasvirlash imkonini beradi. So‘g‘dning bu davrdagi ijtimoiy - iqtisodiy hayotida dehqonchilik asosiy rol o‘ynagan. Bu vaqtga kelib So‘g‘dda dehqonchilik sun’iy sug‘orish usuliga o‘tib bo‘lgan edi. Ahamoniylar hukmronligining so‘nggi davrida So‘g‘dda deh­qon­chilikning rivojlanganligi haqida tarixiy qo‘lyozmachalarda ko‘plab ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Jumladan, yunon tarixchisi Strabon, Politi­med, ya’ni Zarafshon daryosi haqida quyidagilarni yozib qoldirgan: "Mahal­liy yerlarni sug‘orgach, daryo sahro tomon oqib, o‘sha yerda qum­larga singib ketadi ". Demak, Zarafshon daryosi so‘g‘diylar qazigan ko‘plab kanallarga qo‘shilib, so‘ngra cho‘l tomonga oqib ketgan ekan.

Aholisi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan qishloq manzilgohlari bilan bir qatorda shaharlar ham bo‘lgan. Ulardan eng yirigi esa Marokand shahri bo‘lgan. Shahar ichidan Siyob daryosi oqib o‘tgan. Arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qadimgi Samarqand shahri (yoki uning markazi) Afrosiyob shahar - kal’asi o‘rnida bo‘lgan.

Xorazm ekspedisiyasi tadqiqotlari mil. avv. VI-V asrlarda Xorazmda yirik aholisi manzilgohlari mavjud bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Ulardan biri Ko‘zaliqir shahri hisoblanib, u uchburchak shaklida bo‘lib, 1 km masofagacha cho‘zilgan. Shahar - kal’aning tashqi perimetrlari yo‘lak­simon bo‘lib, eni 2,5 metrdan 4 metrgacha bo‘lgan. O‘rganilayotgan davr Xorazm yodgorliklariga, shuningdek, Dingilja va Qal’aliqir aholi manzil­gohlarini kiritish mumkin.

Marg‘iyona o‘zining serhosil dalalari bilan mashhur bo‘lgan. Strabon­ning qayd etishicha, Marg‘iyonada juda ajoyib uzum navi yetishtirilgan. Vu yerda Ahamoniylar sulolasi hukmronligidan avvalroq yirik aholi turar - joylari qadimiy ko‘targan. Ularning eng yirigi Gayurqal’a o‘rnidagi qadimgi Marv shahar kal’asi bo‘lgan.

Shimoliy Parfiya (Marv) da Yelkantepa shahar - qal’asi asosiy turar – joylaridan biri bo‘lgan. Arxeologik tadqiqotlar shu davrda Marv vohasida yirik sug‘orish kanallari mavjud bo‘lganligini ko‘rsatmoqsa. Arxeologlar tomonidan bu yerdan ko‘plab buyumlar topib o‘rganilgan.

Baqtriyada ham aholining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lgan. Kvint Kursiy Ruf Baqtriya uzumzorlari va boshqa jihatlari haqida to‘xtalsa, yunonlik yana bir tarixchi Pliniy esa Baqtriya g‘allasini tilga oladi.

Baqtriyada dehqonchilik lalmikor va sun’iy sug‘orish asosida tashkil etilgan bo‘lgan. Mil. avv. I ming yillik o‘rtalariga taalluqli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Arxeolog M.M.Dyakonovning Qal’ai Mir shahar - kal’asida olib bor­gan tadqiqot ishlari natijasida Shimoliy Baqtriya madaniyatiga doir noyob materiallar topildi. Shahar qal’aning tashqi devori boshqalariga qaraganda qalinroq edi. Bu yerdan ham huddi Samarqand va Marvdagi kabi turli idishlar topildi. Jumladan, ular sirasiga bronzadan yasalgan o‘q - yoy uchlari (mil. avv. VII - VI asrlarga taalluqli) va temir buyumlar (pichok, igna)ni kiritish mumkin. Bu yerning aholisi kulolchilik , tikuvchilik, temirchilik, bronzaga ishlov berish, hamda qishloq xo‘jaligi - sug‘orma dehqonchilik va chorva­chilik bilan shug‘ullanishgan. Mil. avv. V - IV asrlarga tegishli yana bir yodgorlik Qo‘rg‘ontepa yaqinidagi Bo‘ldoytepa yodgorligi bo‘lib, u T.I.Zeymal tomonidan Vaxsh vodiysida topib o‘rganilgan.

Baqtriyada badiiy hunarmandchilik juda rivojlangan edi. Buni "Amu­daryo hazinasi" nomi ostiga kirgan yirik san’at namunalari to‘plamidan ham bilish mumkin. "Amudaryo hazinasi" jami 180 ta oltin va kumushdan ishlan­gan buyum va ko‘plab tilla va kumush tangalardan iborat bo‘lgan. Bu buyum­larning barchasini 1877 yilda Qabodiyonda Buxoro savdogari mahalliy aholidan sotib olishgan. So‘ngra ular bu narsalarni Hindistonga olib ketish­gan. Keyinchalik "Amudaryo hazinasi" nomi ostidagi bu qimmatbaho buyumlar olimlar qo‘liga kelibtushgan. Ingliz tarixchisi A. Kenningem: "...bu boy Baqtriyalik xonadoniga tegishli xususiy xazina" degan.

Markaziy Osiyo xalqlarining Ahamoniylar armiyasidagi o‘rni ham katta edi. Yunon - Eron urushi Marafon jangida ham fors piyodalaridan sak chavandozlari ajralib turgan va afinaliklar qo‘shinining markaziy chizig‘ini chekinishga majbur qilgan.

Shunday qilib, Ahamoniylar davrida ko‘pchilik Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotidagi o‘rni juda katta bo‘lgan. Ajdodlarimiz shu davrlardanoq chet el bosqin­chilariga qarshi mardona kurash olib borishgan. Shu bilan birgalikda o‘z­lari­ning madaniy xususiyatlariini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi.


Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə