Mundarija



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə2/36
tarix14.06.2018
ölçüsü0,53 Mb.
#48925
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36

KIRISH


Tarixiy xotirasiz kelajak yo 'q. LA.Karimov

Vatan, jonajon yurt va qadrdon zamin inson uchun eng muqaddas, bebaho boylikdir. Bu dunyoda Vatanga bo`lgan muhabbatdan ko`ra qudratliroq va Vatan sog`inchidan ko`ra ma'yusroq tuyg`u yo`qdir. Inson qanchalik or-nomusli bo`lsa, undagi vatanparvarlik hissi va milliy g`urur shunchalik kuchli bo`ladi.

Ona-yurt — yaratganning bizga muqaddas in'omi, kindik qonimiz tomgan tuproq, xalqimiz urf-odatlari, an'analari, ertak va afsonalaridir. Vatan biz uchun hamisha aziz va ardoqli bo`lib, u millatning ma'naviy-madaniy asosini yaratib beradi va har bir avlod bobolari qonidagi Vatanga bo`lgan azaliy muhabbatni meros qilib oladi.

Vatan ozodligi va buyuk kelajagi uchun fidoyilarcha kurashish — ona-yurtga muhabbat va sadoqatning oliy namunasidir. Yuksak va teran anglangan vatanparvarlik tuyg`usi tafakkur tarziga aylanib, millat ma'naviy kuch-qudrati va uning tarixiy taraqqiyoti manbai bo`lib xizmat qiladi.

Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`ularini kuylagan sevimli shoirimiz Hamid Olimjon qalamiga mansub "o`zbekiston" she'rida shunday satrlarni o`qiymiz:

Vodiylarni yayov kezganda, Bir ajib his bor edi manda. Chappar urib gullagan bog`in, o`par edim Vatan tuprog`in.

Vatan tarixida murakkab va mushkul damlar, yuksaklarda parvoz etilgan yoki tubanlik jariga toyib ketilgan davrlar ham bo`lgan. Vatan mustaqilligini, milliy ozodligini davr va zamon sinovlaridan omon saqlab qolgan xalq baxtlidir.

Ushbu "o`zbekiston tarixi" darsligi XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida ro`y bergan voqealarga bag`ishlanadi. Aynan shu davrda istibdodga qarshi milliy g`oya va milliy davlatchilik g`oyasi rivojlandi, istiqlol targ`ibotchilari qatlami shakllandi, ozodlik va mustaqillik uchun kurash kuchayib bordi.

Zotan, o`sha davrda ham jonajon yurtimiz adolatsizlik va zulmga bosh egmagan erksevar, mehnatsevar xalqi uchun sevimli va yagona edi.


1. XIX ASR IKKINCHI YARMIDA o`RTA OSIYO DAVLATLARINING IJTIMOIY-IQTISODIY AHVOLI VA MADANIY HAYOTI


BOBNI O`RGANISH NATIJASIDA:

— XIX asrning ikkinchi yarmida o`rta Osiyo davlatlari hududi va aholisi;

— hunarmandchilik va qishloq xo`jaligi rivojlanishi;

yerga egalik shakllari, savdo-sotiqning rivojlanishi va xalqaro aloqalar;

— aholining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvoli;

— iqtisodiyot va madaniyatdagi turg`unlik sabablari;



— o`rta Osiyo davlatlari aholisining madaniy rivojlanishi haqida bilib olasiz.

1—2-§. XIX ASRNING o`RTALARIDA o`RTA OSIYO DAVLATLARI HUDUDI, AHOLISI VA MA'MURIY BOSHQARUVI


XIX asr o`rtalarida o`rta Osiyoda uch davlat — Buxoro amirligi, Qo`qon va Xiva xonliklari joylashgan edi. Jahonning boshqa hududlaridagi kabi bu davlatlarda ham hayot o`z oqimi bilan borardi. o`zaro urushlar ushbu davlatlar aholisining iqtisodiy va ma'naviy taraqqiyotiga to`sqinlik qilgan bo`lsa-da, to`xtatib qololmadi. Bu davrda o`rta Osiyo davlatlarining Yevropa va Osiyodagi ko’plab chet davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari rivojlanib hamda kengayib bordi. o`rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy rivojlanishi o`zining tarixan tarkib topgan madaniy an’analari hamda millatlararo aloqalarni tiklash, mustahkamlash, fan va ma'rifatni yanada rivojlantirish zarurligini anglashga olib keldi.

BUXORO AMIRLIGI HUDUDI, AHOLISI VA MA'MURIY BOSHQARUVI


Buxoro xonligi 1756-yildan boshlab amirlik deb atala boshlandi. XIX asrning o`rtalarida Buxoro amirligining chegarasi Eron, Xiva xonligi va qozoq juzlari hududi bo`ylab o`tardi.Buxoro amirligining umumiy maydoni 200 ming kv. km dan ziyod edi.Amirlik markazi Samarqand, Buxoro, Panjikent, O`ratepa, Qarshi, Turkiston o`lkasi singari va yana boshqa yirik shaharlariga ega bo`lgan Zarafshon vodiysi edi. 1826-yildan 1860yilgacha Buxoro amirligini amir Nasrullo, 1860-yildan 1885-yilgacha amir Muzaffar boshqardi. Amir cheksiz hokimiyatga ega bo`lib, uning qarorgohi Arkda joylashgan edi. Buxoro amirligi viloyat va tumanlardan tarkib topgan bo`lib, ularga amir tomonidan tayinlanadigan beklar boshchilik qilar edi. Poytaxt va poytaxt viloyatni bosh qushbegi boshqarardi. Davlatni amir boshqarardi, u o`z faoliyatida ma'muriy, moliyaviy va sud muassasalariga tayanardi. Markaziy hokimiyatni devonbegi boshqarardi, u davlatdagi xazina xarajatlari va soliq yig`imi, shuningdek, moliyaviy ishlar hamda iqtisodiy rivojlanish uchun mas'ul edi. Devonbegiga tashqi iqtisodiy aloqalar va amirlik tarixini yozish uchun mas'ul bo`lgan mirzaboshi bo`ysunardi.

Qushbegi oliy davlat amaldori, bosh vazir edi. Soliqni o`z vaqtida yig`ish va hisobga olish uchun mushrif javobgar bo`lgan. Xalq arz-dod bilan dodhoga murojaat etgan. Parvonachi amirning farmonlarini e'lon qilgan. Qonunlarga rioya etilishi hamda odil sudlov amalga oshirilishi uchun shayxulislom javobgar bo`lgan. Unga muftiy va muhtasiblar bo`ysunishgan. Muftiy fatvo tarzida diniy- huquqiy masalalarni izohlab bergan, muhtasiblar esa musulmonlar tomonidan shariat me'yorlari va qonunlariga rioya etilishini kuzatishgan. Davlatda qozikalon bosh sudya, raiskalon esa shahar sudyasi bo`lgan. Vaqf mulkini sadr boshqargan. Voyaga yetmagan valiahdlarni tarbiyalash otaliqqa ishonib topshirilgan. Mirshabboshi shaharda tartib saqlash uchun mas'ul amir soqchilari boshlig`i hisoblangan. Uni, shuningdek, tungi soqchilar boshlig`i deb ham atashgan. Amirning do`stlari va dushmanlari to`g`risida ma'lumot olish uchun javobgar bo`lgan ko`kaldosh davlat boshqaruvida katta mavqega ega edi. Oliy martabali ruhoniylar (ulamolar, sadrlar, sayidlar va xo`jalar) aholi orasida yuksak obro'-e'tiborga sazovor bo`lganlar. Ayniqsa, Muhammad payg`ambar qarindoshlarining avlodi — sayidlar, uning dastlabki to`rt xalifasi avlodi hisoblangan xojalarning nufuzi yuqori bo`lgan. Sadrlarning asosiy vazifasi vaqf mulkini boshqarishdan iborat bo`lgan.

BUXORO AMIRlLIGIDA YER EGALIGI TIZIMI VA SOLIQLAR


XIX asr o`rtalarida Buxoro amirligida yer egaligining uch shakli: davlat yerlari - amlok, xususiy yerlar - mulk, masjid va madrasalar yerlari — vaqf yerlar mavjud bo`lgan. Barcha yerlarning oliy mulkdori amir hisoblangan. Amir yerning bir qismini dehqonlarga ijaraga bergan, buning uchun ular qishloq xo`jalik mahsulotlaridan iborat bo`lgan soliq turi — xiroj to`lashgan. Boshqa bir qism yer yirik amaldorlar, sarkardalar va amirning oila a'zolariga suyurg`ol qilib berilgan. Buning evaziga ular, zarur bo`lganda, amirning jangovar yurishlarida qatnashganlar. Vaqf yerlar masjid, madrasalarga berilgan xayr-sadaqa va h.k. dan hosil bo`lgan. Vaqfdan kelgan daromad mutavalli tomonidan taqsimlangan. Mulk yerlar, ya'ni xususiy yerlar erkin sotilishi yoki meros qilib o`tkazilishi mumkin bo`lgan.

Buxoro amirligi aholisi qishloq xo`jalik mahsuloti va pul bilan soliq to`lagan. Bu soliqlar shahar aholisidan yig`ib olingan, shuningdek, aholi tomonidan suv solig`i, tegirmoridan foydalanganlik uchun, soliq yig`uvchilar foydasi uchun va h.k. soliqlar to`langan.


Qoqon xonligi hududi, aholisi, boshqaruvi


XVIII asrning birinchi yarmida Farg`ona mulki Buxoro xonligi tarkibidan ajralib chiqdi. Bu mulk hududida mustaqil Qo`qon xonligi tuzildi. XIX asrning o`rtalarida Qo`qon xonligiga hozirgi Farg`ona vodiysi, Yettisuvning katta qismi, Qirg`izistonning tog`li hududlari, Toshkent viloyati hamda Qozog`istonning janubi kirgan edi. Bu davrda Qo`qon xonligi maydoni bo`yicha eng katta va aholisi tarkibi bo`yicha eng ko`p millatli xonlik hisoblanar edi. Qo`qon, Toshkent, Andijon, Namangan, Marg`ilon, Xo`jand, O`sh, Chimkent va boshqa shaharlar iqtisodiy hamda siyosiy markazlar bo`lib, Qo`qon poytaxt shahar edi. Davlatning oliy hukmdori xon edi. U mamlakatni vazir yordamida boshqarardi. Sarbozlar qo`shini ustida amiri lashkar turardi. Mingboshilar alohida otryadlarga boshchilik qilishardi. Xon xazinasidan qilinadigan xarajatlar mehtar tomonidan nazorat qilinar edi.

Sud hokimiyati qozikalon, muftiy va raislar tomonidan amalga oshirilar, ular musulmonlar tomonidan shariat ahkomlari va axloq qoidalariga rioya etilishini kuzatib borganlar. Davlatga qarshi og`ir jinoyatlar uchun mahkumga hukmni xonning o`zi chiqargan. Qozikalon huzurida a`lam va 12 muftiydan iborat tarkibda devon ta'sis etilgan. Ular asosan jinoiy ishlar bo`yicha hukm chiqarishgan. Joylarda huquq-tartibot uchun mirshablar javobgar bo`lishgan. Tarozi va o`lchovlar to`g`riligini hamda diniy majburiyatlarning bajarilishini muhtasib kuzatib borgan. Xonlikda zindonga tashlash, kanaxonaga umrbod qamash singari jazolar mavjud bo`lgan. Ayrim ayblar uchun jismoniy jazolar, jarimalar qo`llanilgan, o`ta jiddiy qonun buzishlar uchun o`lim jazosi tayinlangan. Xotinlar eriga xiyonati uchun juda qattiq jazolanganlar — ular olomon tomonidan toshbo`ron qilinganlar.


Qoqon xonligida yer egaligi tizimi va soliqlar


XIX asr o`rtalarida Qo`qon xonligida Buxoro amirligidagi singari, yer egaligining uch shakli mavjud bo`lgan. Bular: amlok (davlat yer egaligi), mulk (xususiy yer) va vaqf(masjid hamda madrasa yerlari). Yer egalari uchun asosiy soliq qishloq xo`jalik mahsuloti tarzidagi xiroj bo`lgan. Chorvadorlardan olinadigan soliq zakot deb atalib, ular yaylov va suvdan foydalanganlik uchun xonga ma'lum miqdorda mol berishar edi. Dehqonlar, hunarmandlar va savdo ahli tuz solig`i, mulk solig`i, to`y solig`i, suv solig`i, bog`, tomorqa solig`i, shuningdek, mol boqqani uchun, yerni ijaraga olgani uchun ham soliqlar to`lashgan.

Savdo ahli va hunarmandlardan olinadigan yig`imlar xonga katta daromad keltirardi. Savdo bitimlarini tuzishda yig`im qilinardi, hunarmandlardan esa har bir ustaxona (sex) uchun o`lpon olinardi. Xarajatlar ko`paysa, xonlar yangl-yangi majburiyatlar joriy etishardi. Masalan, Xudoyorxon hatto zuluk yig`ganlik uchun yoki bozorda qo`lga o`rgatilgan hayvon o`ynatganlik uchun ham soliq joriy etgan. Bunda soliq bozordagi barcha sotuvchilardan yig`ilgan. Soliqlardan tashqari ko`plab begor majburiyati, ya'ni sug`orish kanallarini ta'mirlash va qurish, qal'alarni ta'mirlash, ko`prik qurish, jangovar harakatlarda qatnashish va h.k. majburiyatlar mavjud bo`lgan. Ushbu majburiyatlarni bajarishga qodir bo`lmaganlar begorning har biri uchun muayyan miqdorda mablag` to`lashi yoki o`zining o`rniga boshqa birovni yollashi shart bo`lgan. Eng og`iri harbiy majburiyat hisoblanib, unda barcha erkak aholi o`zini oziq-ovqat va anjom-aslaha bilan ta'minlagan holda jangovar harakatlarda ishtirok etishga majbur bo`lgan.


Xiva xonligi hududi, aholisi va boshqaruvi


XIX asr o`rtalarida Xiva xonligi hududi qozoq yerlari, Buxoro amirligi hududi va turkman qabilalari yerlari chegarasi bo`ylab o`tgandi. Xonlikning asosiy hududi Amudaryoning quyi oqimida joylashgan bo`lib, u 70 tumanga bo`lingandi. Qizilqum Xiva xonligini ikki qismga: suv bo`yi va Kopetdog` tog` bo`yiga ajratgandi. Xonlikning poytaxti Xiva shahri bo`lib, u Ichanqal`a va shaharni qo`shimcha mudofaa qilish uchun bunyod etilgan yangi qal'a devori — Dishanqal`adan iborat edi. Urganch, Qiyot (Kot), Hazorasp, Qo`ng`irot va boshqa shaharlar hunarmandchilik ishlab chiqarish va savdo markazi edi. Xon oliy hokimiyatni beklar va biylar yordamida boshqarardi. Davlatda oliy amaldor devonbegi edi. Uning huzurida qushbegi (beklar boshlig`i), mehtar (xon xazinasi uchun mas'ul) va otaliq (valiahdning tarbiyachisi)dan iborat tarkibdagi kengash (devon) ish olib borar edi. Xonlikda jamoat tartibi uchun mirshabboshi, mamlakat va poytaxtda tartibot uchun xon qo`shinlarining bosh qo`mondoni to`pchiboshi mas'ul edi. Suv ta'minoti uchun mirobboshi, shariat ahkomlari va qoaunlariga rioya etilishi uchun shayxulislom javobgar edi.

Xiva xonligida yer egaligi tizimi va soliqlar

Xiva xonligida ham Buxoro amirligi va Qo`qon xonligidagi kabi yer egaligi shakllari — amlok, mulk va vaqf yerlar bo`lgan. Xonlik yerining yarmi xonga va uning qarindosh-urug`lariga tegishli bo`lgan, qolgan yerlar esa, vaqf yerlardan tashqari, ijarachi dehqonlarga berilgan. Ular yarimchi deb atalardi, chunki ijara haqi sifatida hosilning yarmini xo`jayinga berishardi. Xususiy yerlar — bu meros tariqasida olingan, sayidlar, xojalarga, otaliqqa va boshqa oliy davlat amaldorlariga tegishli yerlardir.

Xo`jalikda asosiy soliq solg`ut yer solig`i va zakot bo`lgan. Hunarmandlar do`kon solig`i, bozorda joydan foydalanganlik solig`i, hunarmandchilik ustaxonasi solig`ini to`lashgan. Aholi asosiy soliqlardan tashqari xonga yana yigirma turdan ziyod soliq to`lagan. Bular: yer solig`i, tarozi solig`i, suv solig`i, qo`shin hamda amaldorlarni ta'minlash solig`i va h.k. Bundan tashqari, sug`orish kanallari hamda ariqlarni tozalashda, mudofaa devori va to`g`on qurilishida, xon saroyi qurilishida ishlab berish shart edi. 12 kunlik davlat mehnat majburiyati — begor ayniqsa mashaqqatli edi. Yo`l qurilishi va uni ta'mirlashda, kanal qazishda va boshqa ishlarda o`z asbob-uskunasi bilan ishlab berish zarur edi. Ba'zan begor 50 kungacha davom etardi. Soliq to`lash imkoniyati bo`lmagan hollarda qarzdorlar jismoniy jazoga tortilar va ularning badavlat qo`shnilari ushbu qarzni to`lashga majbur etilardi. Yoki qarzdor bu qarz evaziga ishlab berishi shart edi. Oliy martabali ruhoniylar hamda xondan namunali xizmati uchun mukofot tariqasida yer olganlar davlat soliqlarini to`lashdan ozod etilardi.

Suv hojaligining rivojlanishi

Dehqonlar tirikchiligi yerdan, suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishiga bog`liq ekanligini yaxshi tushunishar hamda sug`orish tizimi ishlarini amalga oshirishda hamisha faol ishtirok etishardi va bu narsa o`rta Osiyoda hayotning asosi bo`lgan — sug`orma dehqonchilikni saqlab qolishga imkon berdi. O`rta Osiyo davlatlaridan birontasi sug`orish tizimi inshootlariga yetarli darajada mablag` ham, qurilish ashyolari ham ajratmas, suv xo`jaligi tadbirlarining barchasi katta mehnat sarflangan holda mehnatkash xalq hisobidan amalga oshirilar edi. XIX asr o`rtalarida dehqonlarning ulkan ommasi yirik sug`orish inshootlarini eng avvalo ishlaydigan holatda saqlab va ta'minlab turishardi.

Mahalliy sharoitga qarab suv chiqarish tizimining turli namunalari qo`llangan. Nishabligi katta va tezoqar tog` daryolari va soylarda sepoya suvko`targichlari, oqimi mo`tadil daryolarda esa suvayirishga mo`ljallangan shoxshabbali to`g`onlar, Amudaryodek chuqur va tezoqar daryolarda esa ko`p tarmoqli suvayirg`ichlar ishlatilar edi.

Bundan tashqari, yirik to`g`onlar ham barpo etilgan. Masalan, Cho`ponota to`g`oni qariyb 3 km, poydevorining kengligi 4 m, balandligi esa 1,5 m bo`lgan.

XIX asr o`rtalarida ham daryo va katta ariqlarda o`rnatilgan chig`ir eng ko`p tarqalgan suv chiqarish moslamasi bo`lib qolaverdi. Odatda chig`irlar suvni 4 m va undan balandga ko`tarib berardi. Chuqur ariqlardan suv chiqarish uchun tuyalar va eshaklar yordamidan foydalanishgan. Bu davrda Amudaryoning quyi oqimida qariyb 60 mingta chig`ir bo`lgan, XX asrning 30-yillariga qadar, ayrimlari hozirga qadar saqlanib qolgan.

Dehqon va mohir miroblarning ulkan va mashaqqatli mehnatlari natijasida murakkab suv xo`jaligi tizimi bunyod etilgan edi. U yirik suv manbalaridan suv chiqarish, turli xil suv chiqarish inshootlarini qurish, anhorlar va ariqlarni tozalash, suvlarni taqsimlashdan iborat bo`lgan. Sug`orish tarmog`i ulkan tizimni o`zida mujassam etgan bo`lib, uning tarmoqlari katta-katta maydonlarga suv yetkazib berar edi. Ariqlarning umumiy uzunligi bir necha o`n ming kilometrdan oshardi. Masalan, Chirchiq daryosi qariyb 45 ta ariqqa suv berar, ularning eng yiriklaridan hisoblangan Zaxariq 70 km uzunlikka, Bo`zsuv qariyb 60 km uzunlikka ega bo`lib, deyarli chinakamiga daryo ko`rinishiga ega edi. Farg`ona vodiysida birgina magistral ariqlarning uzunligi 2 ming km dan oshib ketardi. Samarqand viloyatida ariqlar uzunligi 4 ming km dan ko`proqni, Sirdaryo viloyatida esa 21 ming km ni tashkil etar edi.

Sug`orish ishlari, ayniqsa, Farg`ona vodiysida yaxshi rivojlangan edi. Bu vodiyda bunyod etilgan yirik kanallar — Shahrixonsoy (uzunligi 100 km), Andijonsoy (uzunligi 100 km) va Yangiariq (uzunligi 100 km) bir-biriga qo`shilganda Sirdaryoga aylanguvchi Norin va Qoradaryo suvlarini dalalarga burishga imkon berardiki, bu narsa vodiy qishloq xo`jaligi samaradorligini sezilarli darajada oshirish asosi bo`lib xizmat qildi. 1868—1871-yillarda katta yer maydonlarini sug`orishga imkon bergan Xonariq (Ulug`nor) kanali qazildi. Buxoro amirligida sug`orish tizimi qayta tiklandi va Zarafshon daryosidan shimol tomonga yangi ariqlar chiqarildi.

Bunyod etilgan sug`orish inshootlari tizimi yevropalik zamondoshlarini lol qoldirgan edi. Rus geografi knyaz V.Masalskiy: "Ba'zi ariqlar shu qadar ulkanki, bir necha o`nlab chaqirimga obihayot eltayotgan bu qudratli oqimlarga ko`zing tushganda, beixtiyor qashshoq texnika vositalari bilan Turkistonning jazirama oftobi tig`ida butun mamlakatni sug`orish shohtomirlari bilan chirmab tashlagan xalqqa hurmating o`z-o`zidan ortib ketadi", — deb yozgan edi.

Dehqonlarning mehnatsevarligi, chiniqqanligi va sabr-bardoshi, yerga bo'lgan beqiyos mehri o`rta Osiyoda dehqonchilik madaniyatini saqlab qolishga imkon berdi. Ziroatkorlar erta tongdan kech shomgacha mehnat qilishar, qum ko`chkilari vohani domiga tortishiga, jazirama oftob ekinlarni qovjiratib tashlashiga, yer osti suvlari ko`tarilib dalalarni sho`rlatishiga yo'l qo`ymasdan moddiy ne'matlar yaratishar edi.

Amalda sug`orish tizimi ishlariga davlat hukmdorlari butun aholini jalb etganlar. Qishloqlar har yili yangi kanal qazish va ariqlarni tozalashga ma'lum miqdorda odamlar ajratishi shart edi. Asosiy katta ariqlarni tozalash va ta'mirlash uchun har bir dehqon xonadoni har yili 60 kundan 100 kungacha ishlab berishi lozim bo`lgan. Bundan tashqari, natural majburiyatlar ham bo`lib, minglab aravalar qishloqlardan sug`orish tizimi ishlari bo`ladigan joylarga to`g`onlar va ko`tarma to`g`onlar uchun qurilish materiallarini tashib berardi.

Sug`orish kanallari qurilishida ish kuchi sifatida dehqonlarni ishlatish ommaviy tus olgan edi. Masalan, yangi katta ariq qurish uchun 40 mingga yaqin odam "yemishi va ketmoni bilan" jalb etilardi. Suvayirg`ichlarni ta'mirlash uchun atrofdagi qishloqlar har yili 1,5 ming mehnatchi ajratishi kerak edi. Bundan tashqari, suvdan foydalanuvchilar miroblarning xizmatlari uchun va boshqa majburiyatlardan haq to`lab xalos bo`lish kabi chiqimlarga ham chidab berishlari zarur edi.

Yakunlarni chiqaramiz

Qo`qon (1709), Xiva (1511) xonliklari hamda Buxoro (1756) amirligi tuzildi;

yerga egalik shakllari: amlok, mulk, vaqf;

sug`orish tizimi inshootlari takomillashdi;

qishloq xo`jaligida sodda mehnat qurollari saqlanib qolgan edi;

moddiy boyliklarning asosiy yaratuvchisi — dehqonlar edi.



Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə