Reja: Kirish. Adabiyotshunoslik metodologiyasi xususida so’z


Adabiyotshunoslik metodlari va metodologiya muammolari



Yüklə 45,55 Kb.
səhifə5/8
tarix20.02.2023
ölçüsü45,55 Kb.
#101151
1   2   3   4   5   6   7   8
Jumaxon adabiyotshunoslik

Adabiyotshunoslik metodlari va metodologiya muammolari
Adabiyotshunoslik metodlari va metodologiya muammolari saksoninchi yillarning oxiri va to’qsoninchi yillarning boshlarida yangicha yo’nalish kasb eta boshladi. Bu davr adabiyotshunosligida metodologik tamoyillarning spetsifik xususiyatlari, tahlil printsiplarining o’ziga xosligidan kelib chiqqan holda xilma-xil ekanligi e’tirof etila boshlandi. Shuningdek, bu markscha-lenincha ta’limotga asoslangan metodologiya shubha ostiga olinishi bilan birga, yangicha metodologik tamoyillar dastlabki mulohazalar paydo bo’ldi. Bu jihatdan A.Rasulovning «Tanqidchilik ufqlari» kitobi xarakterli. Unda sho’ro ta’limotining so’nggi davrlariga oid murakkabliklarni ham, yangidan tug’ilib kelayotgan tafakkur tarzini o’ziga xos tarzda mujassamlashtira olishning namunasini ham ko’rish mumkin. Chunki adabiyotshunos olim adabiy tanqid metodologiyasi haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, albatta markscha-lenincha ta’limotga suyanishga harakat qiladi, biroq tahlil jarayonida bu printsipdan chekinib, tanqid metodlari xilma-xil bo’lishi zarurligi xususidagi asosli ilmiy xulosani ilgari suradi. Biroq bu davrda markscha-lenincha ta’limot asosida ish yuritilganligi sababli ko’plab to’g’ri ilmiy xulosalarni tashlashlariga qaramay, asosiy masalalarda sinfiylik, partiyaviylikka asoslangan kommunistik mafkura g’oyalariga mos bir kontseptsiyani ilgari surishga harakat qilishdi. Bu ish mustaqillikkacha davom etdi.
XX asrning birinchi choragi oxirlaridan e’tiboran o’zbek folklorshunosligi chinakam fan tusini oldi: xalq ijodini ilmiy asosda to’plash, nashr etish va o’rganish yo’lga qo’yildi. O’tmishda o’zbek folklorshunosligi, asosan, to’plovchilik va nashr etish qobig’ida amal qilgan bo’lsa, endi bu jarayonlar tadqiqotlar hisobiga to’lisha bordi. Xususan, 30-yillardan e’tiboran to’plovchilik, nashr etish va tadqiqotchilikning uyg’unlashuvi sezilarli rol o’ynay boshladi. Bunda Turkiston Respublikasi Maorif Komissariati Davlat ilmiy kengashining O’zbek bilim komissiyasi (1921-24), O’zbekiston Maorif Komissariati ilmiy marazining o’zbeklarni o’rganish komiteti (1924-29), O’zbekiston Davlat ilmiy tekshirish instituti (1929-30), Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish instituti (1931-33) va nihoyat, Til va adabiyot instituti Folklor bo’limi (1934-2005) ayricha rol o’ynadi. Ular tomonidan tashkil etilgan folklor ekspeditsiyalari va to’plovchilik ishlariga E.D.Polivanov, A.K.Borovkov, G’.O.Yunusov, M.Yu.Elbek, H.T.Zarifov, L.P.Potapov, V.A.Uspenskiy, N.N.Mironov, E.E.Romanovskaya, Yunus Rajabiy, M.I.Afzalov, T.M.Mirzaev kabi atoqli olim va musiqashunoslar boshchiligida hamda o’zbek folklorshunoslarining barcha avlodiga mansub G’.Zafariy, Sh.Rajabiy, A.Alaviy, Sh.Rizo, B.Karimov, M.Alaviya, Z.Husainova, M.Zarifov, Sh.Abdullaeva, Yu.Sultonov, T.G’oziboev, F.Karomatov, H.Razzoqov, J.Qobulniyozov, O.Sobirov, M.Saidov, M.Qodirov, M.Murodov, Yo.Jo’raev, T.Ochilov, G’.Jahongirov, R.Muhammadiev, T.Ashurov, S.Asqarov, G’.Jalolov, B.Sarimsoqov, K.Imomov, O.Safarov, S.Ro’zimboev, K.Ochilov, A.Qahhorov, G’. Musina, U.Jumanazarov, M.Jo’raev, A. Musaqulov, X.Egamov, M.Qo’shmoqov, Sh.Turdimov, J.Eshonqulov, S.Mirzaeva, D.O’raeva singari talay zahmatkashlarning faoliyatlari tufayli ikki yuzdan ortiq xalq dostonchilari, juda ko’p ertakchilar, qo’shiqchilar, qiziqchi va masxarabozlar aniqlandi, o’zbek folklorining xilma-xil janrlariga mansub durdonalar yozib olinib, nashr va tadqiq qilindi. Ular orasida Ergash Jumanbulbul o’g’li, Fozil Yo’ldosh o’g’li, Po’lkan Jonmurod o’g’li, Islom Nazar o’g’li, Abdulla shoir kabi faqat epik an’analarni davom ettiruvchilargina emas, balki uni yangi sharoitda yanada rivojlantiruvchi ulkan san’atkorlar ham borki, bular o’zbek folklori va adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo’shdilar. Juda ko’p ertaklar, latifalar, og’zaki drama, maqollar, topishmoqlar qatorida yuzga yaqin syujetga ega uch yuzdan ortiq xalq dostonlari yozib olindiki, bular hozir O’zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi H.T.Zarifov nomi bilan atalayotgan o’zbek folklori arxivida 2000 ga yaqin saqlov birligini tashkil etadi. Mabodo bu materiallarning hammasi nashr etilgudek bo’lsa, bir yarim ming jilddan ziyodroq bo’lishi taxmin etilmoqda. Ular orasida “Alpomish”, “Yodgor”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Yakka Ahmad”, “Kuntug’mish”, “Orzigul”, “Murodxon”, “Rustam”, “Shirin bilan Shakar”, “Go’ro’g’li” turkumi dostonlari, “Jizzax qo’zg’oloni” kabi jahon folklorining nodir namunalari bilan bemalol bellasha oladigan hayratomuz epik asarlar mavjud.
Shunisi e’tiborliki, o’zbek folklorshunoslari o’zbek xalq ijodiyotining bu qadar boy namunalarini bevosita ijro jarayonida yozib olinishiga alohida ahamiyat berdilar.
30-yillarning birinchi yarmida, asosan, sho’ro davri folkloriga e’tibor berildi, uning an’anaviy folklordan farqli va o’xshash jihatlari aniqlandi. Xususan, o’sha davrdagi vaqtli matbuotning e’tibori, yozuvchilarning birinchi s’ezdida M.Gorkiyning ma’ruzasi, uning da’vati, folklorga bergan yuksak bahosi va s’ezd chaqirig’i tufayli folklorshunoslikda yangicha ko’tarilish yuz berib, qator yutuqlar qo’lga kiritildi. Ularga javoban H.Zarifning “Og’zaki adabiyot haqida ba’zi mulohazalar”, shoir Hasan Po’latning “Fol’klorni kabinetdan topa olmaysan”, adabiyotshunos Otajon Hoshimning “O’zbek folklori to’g’risida” kabi maqolalari bosilib chiqdi.
30-yillarning ikkinchi yarmida o’zbek folklorshunosligiga Mansur Afzalov, Sharifa Abdullaeva, Yusuf Sultonovlar kirib kelishdi. Atoqli shoirlar G’afur G’ulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Shokir Sulaymon, Sharif Rizolar folklor muammolari bilan shug’ullana boshladilar.
50-yillarning oxirlarida folklorning ayrim janrlarni, uning namoyandalari ijodining ba’zi davrlarni monografik usulda tadqiq qiluvchi ayrim tadqiqotlar yuzaga keldi. Jumladan, 1926 yildan boshlab xalq qo’shiq va ertaklarini to’plashga kirishgan Muzayyana Alaviya (1909-1988) 1959 yilda “O’zbek xalq qo’shiqlari” monografiyasini nashr qildirdi. Unda xalq qo’shiqlari g’oyaviy-badiiy jihatdan ilk bor yaxlit tadqiq etilgan. Shu yili yana J.Qobulniyozovning (1919-1974) 20-yillardagi o’zbek folklori taraqqiyotini yoritib beruvchi “Sovet davrida o’zbek xalq poetik ijodi” kitobi ham bosmadan chiqqan. Shuningdek, L.P.Perepelitsinaning “O’zbek xalq qo’g’irchoq teatri” asari ham shu yilning mahsulidir. Unda o’zbek qo’g’irchoq teatrining turlari, texnikasi, qo’g’irchoqbozlar mahorati xususida to’xtanilgan.
60-80-yillarda xalq og’zaki ijodining poetikasi masalalarini ilmiy-nazariy tadqiq etishga e’tibor kuchaydi. Bu borada M.Saidovning “Malika ayyor” dostoni” (1964), “O’zbek xalq dostonlarida badiiy mahorat” (1969), T.Mirzaevning “Alpomish” dostonining o’zbek variantlari” (1968), M.Murodovning “Go’ro’g’li” turkumi hamda H.Zarifovning “O’zbek xalq dostonlarining tarixiy asoslari” (1976), “Xalq ijodini nashrga tayyorlash printsiplari” (1978) kabi monografiya va ilmiy maqolalari fan taraqqiyotida muhim o’rin tutadi. Hodi Zarif bilan moskvalik olima N.V.Kidaysh-Pokrovskaya hamkorlikda o’zbek eposining ilk akademik nashrini 1972 yilda amalga oshirdilar. Bu “Rustamxon” dostonining 1972 yilda Moskvada nashr etilgan namunasidir.
Doston ijrochilari va ijodkorlari haqidagi materiallarni o’rganish ishlarini H.Zarif, M.Afzalov, M.Alaviyalardan so’ng T.G’oziboev “Fozil Yo’ldosh o’g’li” (1968), O.Sobirov “Islom Nazar o’g’li” (1967), “Umir shoir Safarov” (1982), T.Mirzaev “Xalq baxshilarining epik repertuari” (1979), M.Murodov “Sarchashmadan tomchilar” (1986), M.Qo’shmoqov “Chechanlikda so’zda suvdayin oqib” (1978), “Baxshilar xazinasi” (1981) kabi monografiyalari bilan davom ettirdilar. Ularda baxshichilik san’atining o’ziga xos xususiyatlari, ustoz-shogird munosabatlari, ayrim etakchi baxshilarning ijodi atroflicha yoritilgan. O’zbek xalq eposida xotin-qizlar obrazlarining estetik mohiyatini ochish va umumlashtirish yo’nalishida G’.Musinaning “O’zbek xalq dostonlarida xotin - qizlar obrazlari” (1983) va “Turonning alp qizlari” (1997), romanik dostonlar tabiatiga oid S.Mirzaevaning “O’zbek xalq romanik dostonlari poetikasi” (2004) singari tadqiqotlari yuzaga keldi.
Ertaklar haqidagi dastlabki yirik tadqiqot M.Afzalovning “O’zbek xalq ertaklari haqida” kitobidir (1964). Bu sohadagi yana bir yirik tadqiqot K.Imomovning “O’zbek satirik ertaklari” (1974) monografiyasi hisoblanadi. Unda satirik ertaklarning badiiy xususiyatlari, ertak va doston munosabatlari kabi muhim masalalar yoritilgan. G’.Jalolovning “O’zbek xalq ertaklari poetikasi” (1976) monografiyasida esa sehrli-fantastik ertaklarning genezisi va morfologiyasi masalalari tahlil etilgan. X.Egamovning “Sayyor syujetlar” (1979), “Sovet sharqi turkiy xalqlari ertakchilik aloqalari tarixidan ocherklar” (1982) tadqiqotlarida o’zbek ertaklari boshqa turkiy xalqlar ertaklari bilan qiyosiy o’rganilib, tarixiy tipologik xususiyatlarini aniqlashga urinilgan. Bu davrda ertaklarni nashr etishda M.Afzalov, Z.Husainova, X.Rasulovlarning xizmatlarini alohida e’tirof etish o’rinlidir.
1981-yilda K.Imomov og’zaki prozaning ertak va boshqa namunalarini o’rganishga bag’ishlangan “O’zbek xalq og’zaki prozasi” monografiyasini e’lon qildi. Unda og’zaki prozaning afsona, rivoyat, naql kabi janrlariga xos xususiyatlar yoritib berilgan. Bu jihatdan F.Yo’ldoshevaning “O’zbek xalq latifalarida Nasriddin Afandi obrazi” (1979) asari ham diqqatga sazovordir. Chunki unda xalq nasriga xos latifa janrining ayrim belgilari, obrazlar olami xususida fikr yuritiladi.
Xalq og’zaki nasrining asotir (mif), afsona, rivoyat va ertak janrlari badiiyatini o’rganishda, ayniqsa, M.Jo’raevning xizmatlari salmoqlidir. U “Raqamlarda yashiringan olam” (1986), “Etti iqlimdagi ettilar” (1989, hamkorlikda), “Sehrli” raqamlar siri” (1991), “O’zbek xalq ertaklarida “sehrli” raqamlar” (1991), “O’zbek xalq taqvimi va mifologik afsonalar” (1994), “O’zbek xalq samoviy afsonalari” (1995), “O’zbek mifologiyasi va arab folklori” (2001, hamkorlikda) kabi asarlarida og’zaki nasr namunalarida raqamlar magiyasi va kosmogonik e’tiqod asoslari, afsona va rivoyatlarning janriy tabiati, tasnifi va g’oyaviy-badiiy xususiyatlari keng miqyosda tahlil qilingan. Shuningdek, u xalq afsonalari, rivoyatlari, naqllari hamda marosim qo’shiqlarini to’plash va nashr etish sohasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirdi. “Ipak yo’li afsonalari” (1993), “Bobolardan qolgan naqllar” (1998), “Buxoro afsonalari” (2002) va “Qizil gulning g’unchasi” (1999), “Oy oldida bir yulduz” (2000), “Ulug’ oy umidlari”(2001) kabi xalq og’zaki nasri namunalari va qo’shiqlaridan tartib berilgan to’plamlari shu asosda yuzaga keldi.
Xalq qo’shiqlarini o’rganishda M.Alaviyaning “O’zbek xalq marosim qo’shiqlari” (1974) monografiyasi, K.Ochilovning mehnat qo’shiqlari, Sh.Turdimovning lirik qo’shiqlar, U.Jumanazarovning tarixiy qo’shiqlar, A.Musaqulovning terma janri va xalq qo’shiqlarining tarixiy asoslari, J.Qobulniyozov va S.Ro’zimboevning Xorazm xalq qo’shiqlari, D.O’raevaning o’zbek xalq qo’shiqlarida parallelizm va motam marosimi folklori tarkibi va uning poetikasi “O’zbek motam marosimi folklori” (2004), F.Qozoqovning satirik qo’shiqlar haqidagi tadqiqotlari muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, B.Sarimsoqovning “O’zbek marosim folklori” (1986) tadqiqoti yaratilganiga qadar, o’zbek marosim folklori, asosan, qo’shiq doirasida o’rganib kelingan. Mazkur tadqiqotning qimmati shundaki, u xuddi shu chalkashlikka barham berdi. B.Sarimsoqov o’z monografiyasida mavsumiy marosim va so’z magiyasi bilan bog’liq folklor asarlarini atroflicha yoritib bergan.
60-80-yillarda o’zbek folklorini ijtimoiy-tarixiy va falsafiy-pedagogik nuqtai nazardan tekshiruvchi ayrim asarlar ham yaratilgan. Jumladan, A.Ahmedovning “O’zbek xalq og’zaki ijodida materialistik mushohada va dialektika elementlari”, A.Shoyusupovning “O’zbek xalq og’zaki ijodida ijtimoiy-siyosiy g’oyalar” (1965), Z.Mirtursunovning “O’zbek xalq og’zaki ijodida xalq pedagogikasi” (1974), S.Alimovning “O’zbek folklori estetikasi”, T.Turdievning “Yosh avlodni tarbiyalashda xalq og’zaki ijodining roli” kabi asarlari buning yorqin dalilidir.
60-80-yillarda topishmoq, maqol kabi kam o’rganilgan janrlarni tadqiq etish va nashr etishda Z.Husainova va M.Afzalovlarning xizmatlari katta bo’ldi. 1961 yilda Z.Husainova o’zbek topishmoqlari to’plamini so’zboshi bilan nashr ettirdi. 1966 yilda esa topishmoq janri bo’yicha olib borgan kuzatishlarining natijalarini maxsus kitob shaklida e’lon qildi va unda topishmoq janrining tabiatiga xos xususiyatlari, turlari, kelib chiqish ildizlari, aniq ma’nolari, badiiyati, axloqiy, ma’rifiy, estetik ahamiyati xususida to’xtaldi. “O’zbek xalq maqollari” to’plamini dastlab 1978 yilda M.Afzalov o’z so’zboshisi bilan nashr ettirgan bo’lsa, keyinchalik uning 2 tomligi 1987-1988 va yana alohida kitobi 2003 yilda T.Mirzaev rahbarligida nashr ettirildi.
60-80-yillarda o’zbek xalq og’zaki dramasini o’rganishga bag’ishlangan bir necha yirik monografiyalar yaratildi. Ular orasida L.P.Perepelitsinaning “O’zbek xalq qo’g’irchoq teatri” (1959), R.Muhammadievning “Askiya” (1902), M.Qodirovning “O’zbek xalq og’zaki dramasi” (1963), “Masxaraboz va qiziqchilar san’ati” (1971), “O’zbek teatri an’analari” (1976), “O’zbek an’anaviy qo’g’irchoq teatri” (1979), “O’zbek xalq tomosha san’ati” (1981), “O’zbek teatri tarixi” (2003) monografiyalari alohida diqqatga sazovordir.
Folklor asarlarida hajviy yo’nalish muhim o’rin tutishini inobatga olib, 1965 yilda Hoshimjon Razzoqov “O’zbek xalq og’zaki ijodida satira va yumor” monografiyasini yaratdi. Unda satira va yumorning folklor asarlarida o’ziga xos tarzda namoyon bo’lishi, komik vaziyat va holat, komik qahramon yaratish vositalari Farg’ona vodiysi folklori materiallari asosida ko’rsatib berilgan.
50-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab o’zbek musiqa folklorini o’rganishga ham jiddiy kirishildi. Bu borada, ayniqsa, Yunus Rajabiy, F.Karomatov, I.Akbarov, M.Yusupov, K.Alimboeva, M.Ahmedov kabi olimlarning faoliyatini alohida e’tirof etish o’rinlidir. Ularning bevosita tashabbusi bilan juda ko’p xalq cholg’u kuylari to’plandi va notalashtirildi. Jumladan, Yu.Rajabiy Buxoro shashmaqomini to’la yozib olib, “O’zbek maqomlari” nomi ostida 5 kitob shaklida nashrdan chiqargan bo’lsa, M.Yusupov “Xorazm maqomlari”ning shunday nashrini amalga oshirdi. F.Karomatov esa “O’zbek xalq muzika merosi”ning ikki jildini chopdan chiqardi. O.Safarov esa bastakor O.Atoev va F.To’raevlar bilan hamkorlikda Buxoro vohasida keng tarqalgan tarixan qadimiy “Buxorcha” va “Mavrigi” taronalarini ilk bor to’plab, 2005 yilda alohida nashrini amalga oshirdi.
Xalq raqsini o’rganishda L.A.Avdeeva va R.Karimovalar ham e’tirofga arzigulik ishlarni amalga oshirdilar. Ular g’ayrati tufayli “Farg’ona raqsi” (1973), “Xorazmcha raqs”, “Buxoro raqsi” (1977), “Isohor Oqilov sahnalashtirgan o’zbek raqslari” (1987), “Bahor” ansambli raqslari” va boshqa qator raqs kitoblar yaratildi.
60-yillardan boshlab adabiyot va folklorning o’zaro munosabati muammosini o’rganish-dolzarb ahamiyat kasb etdi. Bunda u yoki bu ijodkorning folklorga munosabati, undan ijodiy foydalanishdagi mahorati, folklorning adabiy jarayonga, yangi oraliq shakllarning yuzaga keltirishdagi ta’siri, folklorizm hodisasi va uning adabiy jarayondagi tiplari, badiiy asarda syujetning folkloriy asoslari singari qator ilmiy muammolar tekshirildi. Chunonchi, N.Mallaev “Navoiy ijodiyotining xalqchil negizi” (1973), “Alisher Navoiy va xalq ijodiyoti” (1974) hamda M.Hakimov “Alisher Navoiy lirikasi va xalq og’zaki ijodi” (1979) monografiyalarida ulug’ shoir ijodidagi folkloriy asoslar tadqiq qilindi. O.Sobirov Komil Yashin va Oybek ijodida, G’.Jalolov Hamza ijodida, K.Qodirov M.Shayxzoda ijodida folklor an’analari mohiyatini o’rgangan bo’lsalar, G’.Mo’minov 60-70-yillardagi o’zbek she’riyatida folklor an’analari, T.Abduqulov “70-yillar bolalar poemalari va folklor” (1977), S.Alimov “O’zbek adabiy ertaklarining shakllanishi va taraqqiyoti” (1984), I.Yormatov “60-80-yillar o’zbek adabiyotida folklorizmlar tipologiyasi” (1985), D.Quvvatova “O’zbek ilmiy-badiiy fantastikasida folklor motivlari” (1997) va Sh.Sulaymonov o’zbek detektiv nasrida folklor an’analari roli (2002) muammolari bo’yicha muhim ilmiy xulosalarga keldilar.
Bu davrda o’zbek folklorining boshqa tillarga tarjimalari va xorijda o’rganilish muammolarini o’rganish ham keng miqyos kasb eta bordi. Y.Nurmurodovning “O’zbek folklorining olmon tiliga tarjima qilinishi tarixi muammolari” (1983), “O’zbek folklori nemis tilida” (1987), “O’zbek-nemis folklor aloqalari” (1999), A.Saparovning “O’zbek xalq dostonlarida ritm va rus tiliga o’girish jarayonida uni ifodalash muammolari” (1989), X.Ro’zimboevning “Xorazm folklorining xorijda o’rganilishi (XIX asr-XX asr boshi)” (1996), B.Shamsievaning “Chet el adabiyotshunosligida o’zbek folklori masalalari” (1994), D.Rahimboevaning “O’zbek xalq maqollarining qiyosiy tipologiyasi” (2002) ana shu yo’nalishdagi izlanishlar natijalaridir.
O’zbek bolalar folklorini to’plash, nashr etish va tadqiq qilishda ham ma’lum natijalarga erishildi. G’.Jahongirov 1975 yilda “O’zbek bolalar folklori” risolasi bilan bu yo’nalishdagi izlanishlarni boshlab bergan bo’lsa, O.Safarov o’zbek bolalar folklorining allalar, aytim-olqishlar, ovutmachoqlar, erkalamalar, qiziqmachoqlar, qaytarmachoqlar, yalinchoqlar, hukmlagichlar, arazlamalar, yarashtirgichlar, tegishmachoqlar, masxaralamalar, tez aytishlar, guldur-guplar, chandishlar, chorlamalar, cheklashmachoqlar, sanamalar, tarqalmachoqlar kabi yigirmaga yaqin poetik janrlardan tarkib topgan yaxlit bir tizim ekanligini, u ham kattalar, ham bolalar ijrochiligi va ijodkorligi hosilasi sifatida tarkib topganligini jiddiy tadqiq etib, “Bolalarni erkalovchi o’zbek xalq qo’shiqlari” (1983) va “O’zbek bolalar poetik folklori” (1985) monografiyalarini yaratdi. U o’zbek folklorshunosligi tarixida ilk bor o’zbek bolalar poetik folklorining barcha janriy ko’rinishlari namunalaridan tarkib topgan yirik nashrni “Boychechak” (1984) nomi ostida amalga oshirdi. O’zbek onalarining muqaddas qo’shig’i-allalardan tuzilgan “Alla-yo alla” (1999) yirik to’plamini ommaga etkazdi. Shuningdek, u o’zbek bolalarining harakatli va ma’naviy o’yinlarini to’plab, mingta shunday o’yinni o’z ichiga olgan “Chittigul” (2004) to’plamini ham yaratdi. qolaversa, bu silsilada M.Yoqubbekovaning “O’zbek xalq beshik qo’shig’i-“Alla”larning janriy tabiati va badiiy xususiyatlari” (1990), N.Qurbonovaning “O’zbek bolalar marosim folklori” (1994), Sh.Galievning “O’zbek bolalar o’yin folklorining tasnifi va poetikasi” (1998) va S.Avezovning “Sanama janri tabiati va badiiyati” (2004) kabi tadqiqotlari ham muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.
Istiqlol o’zbek folklorshunosligining jahoniy miqyosga intilishida keng yo’l ochib berdi. Milliy hurlik baxsh etgan ijod erkinligi tufayli xalq og’zaki ijodi namunalarini uzoq ajdodlarimizning tarixi, turmush tarzi, ibtidoiy, diniy va e’tiqodiy qarashlari bilan bog’liq holda o’rganish imkoniyatlari tug’ildi.



Yüklə 45,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə