Samarqand davlat universiteti


-mavzu: Ta’lim metodlari va nutq o`stirishda ulardan foydalanish



Yüklə 480,47 Kb.
səhifə46/80
tarix17.03.2023
ölçüsü480,47 Kb.
#102775
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   80
8b661b467baad283577aa48d96001b02 BOLALAR NUTQINI O`STIRISH NAZARIYASI VA METODIKASI

10-mavzu: Ta’lim metodlari va nutq o`stirishda ulardan foydalanish


Reja:

  1. Ta’lim metodlari va ularning yetakchi xususiyatlari.

  2. MTMlar adabiy ta’limiga xos bo‘lgan ta’lim metodlari.

  3. Badiiy asarlar bilan tanishish mashg‘ulotlarida ta’lim metodlaridan foydalani yo‘llari.

  4. Badiiy matnning didaktik tahlili namunasi.



Tayanch so‘zlar: suhbat metodi, evristik metod, taqqoslash metodi, induktiv va deduktiv metodlar, fikriy hujum, “6x6” metodi.
Ta’lim metodlari va ularning har biriga xos bo‘lgan etakchi xususiyatlar bilan “Umumiy pedagogika” kursida batafsil tanishiladi. SHu bois mazkur o‘quv qo‘llanmada, talabalarni takrorlardan qo‘rg‘ash maqsadida faqat maktabgacha ta’lim tizimi adabiy ta’limi samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladigan mantiqiy metodlar va ulardan foydalanish yo‘llari haqida fikr yuritiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari nutq o‘stirish va badiiy adabiyot bilan tanishish mashg‘ulotlarida tarbiyalanuvchilar ma’naviyati sog‘lomlashuviga xizmat qiladigan mantiqiy – suhbat, evristik, tadqiqot, taqqoslash, induktiv, deduktiv metodlar bilan birga “fikriy hujum”, “6x6” nomli interfaol metodlardan ham samarali foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Maktabgacha adabiy ta’limni to‘g‘ri tashkil etish bu jarayonning bolalar ishtirokida tarbiyachi tomonidan emas, balki tarbiyalanuvchilarning o‘zlari tomonidan tarbiyachi ishtirokida amalga oshirilishini nazarda tutadi. SHu asosga qurilgan zamonaviy suhbat metodi tarbiyalanuvchi ma’naviyatini sog‘lomlashtirish, dunyoqarashini kengaytirish, bilimlarni o‘zlashtirish, mantiqiy va mustaqil tafakkurini ta’minlashda qo‘l keladigan metodlardan biridir. A. Tojievning “Adabiyot darslarida suhbat” kitobida bu metodning o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil so‘z yuritilgan15.
Nutq o‘stirish va badiiy adabiyot bilan tanishish mashg‘ulotlaridagi suhbatlarda ishtirok etgan tarbiyalanuvchi o‘z fikrlarini muhokama qiladi, qarashlarini so‘z bilan ifodalashga tayyorlanadi. U fikrning aniq va muayyan maqsadga yo‘naltirilishini ta’minlaydi. Suhbat jarayonida bolada o‘z fikrini aytish, uning to‘g‘riligiga hamsuhbatlarini ishontirish ehtiyoji tug‘iladi. Bolani o‘z fikrini isbotlash uchun asar matnidan dalillar topa bilish, misollar keltirish ko‘nikmasini egallashga yo‘naltirish, uni e’tiroz bildirishga, qarshi fikrlar ayta olishga odatlantira borish suhbat metodining talablaridan biridir. Bu metod kichik tarbiyalanuvchilarni hamsuhbatni eshitish, munozarada ishtirok etishga o‘rgatadi, o‘z bilimini chuqurlashtirishga ehtiyoj paydo qiladi, qiziqishlari doirasini kengaytiradi.
“Ilk qadam” dasturidan o‘rin olgan adabiy asarlar tahliliga yo‘naltirilgan suhbatlar bolaga nafaqat bilim beradi yoki tarbiyalaydi, balki uni aqliy faoliyatga ham yo‘naltiradi. To‘g‘ri tashkil etilgan suhbatlar xotirani, kuzatuvchanlikni, tasavvur va hissiyotni faollashtirishga sharoit yaratadi. Oqilona tashkil etilgan suhbatlar davomida har bir bolaning individual jihati namoyon bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda tashkil etilgan bunday suhbatlarda bitta masala bo‘yicha bir nechta bola, ba’zan butun guruh fikr aytishi mumkin. Bu jarayonda tarbiyachi barcha tarbiyalanuvchilarning faoliyatini kuzatib boradi, suhbatni maqsad sari yo‘naltiradi, bu bilan bolalarning o‘zlari mustaqil ishlashlari uchun sharoit yaratadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari adabiy ta’limini maqsadga muvofiq tarzda tashkil etishda qo‘llaniladigan suhbat metodining asosiy talablaridan biri – savollarning shakl tomonidan ham, mazmun jihatidan ham har xil bo‘lishi. Kichik tarbiyalanuvchiga bir xil narsa bilan uzoq shug‘ullanish o‘ta salbiy ta’sir qiladi. Suhbat uchun savollar tayyorlayotganda tarbiyachi tarbiyalanuvchini o‘ylantiradigan, mustaqil ravishda mulohaza yuritishga undaydigan jihatlar etakchilik qilishini, guruhdagi barcha bolalarning rivojlanganlik darajasini nazardan qochirmasligi lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, suhbat uchun tuzilgan savollar bola ruhiy faoliyatining xilma-xilligini ham ta’minlashi kerak. Bolaning savollarga javob berish uchun o‘ylanishi, eslashi, tasavvur qilishi, izlanishi unda shaxslik sifatlari shakllanishida juda foydalidir. Suhbat uchun tuzilgan savollar orasida o‘zaro kuchli mantiqiy aloqa bo‘lishi kerak. Savol ko‘magida asardan bola tomonidan kashf qilingan mantiq bilan asar muallifi fikrlari murakkab yaxlitlikni tashkil etishiga e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiqdir.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida badiiy asarlar ustida ishlaganda tashkil etilgan suhbatlar davomida kichik tarbiyalanuvchi asar haqidagi dalillarni aniq bilgandagina o‘z qarashlarini aytishi mumkin. Lekin ko‘pincha, bunday vaziyatlarda bilimning, dalilning o‘zi kamlik qiladi. Bola asarni tarbiyachisi ko‘magida tahlil qila bilishi, o‘ziga xos jo‘ngina xulosalar chiqara olishi kerak bo‘ladi. Asar matni yuzasidan izlanishga undaydigan savol-topshiriqlar ham shunga qaratilishi lozim. YAxshi savol ahamiyatli, keng qamrovli, o‘ylashga, his qilishga, izlanishga majbur etadigan, kashfiyotlar qiladigan, tasavvur uyg‘otadigan bo‘ladi. Jaloliddin Rumiy hazratlari: “YAxshi savol yarim bilimdir”,- deb bejiz aytmagan.
MTT mashg‘uloltlarida tashkil etiladigan suhbatlarda bilim berish ustuvorlik qilmaydi. Balki kichik tarbiyalanuvchilarda olingan bilimlar, o‘zlashtirilgan fazilatlarni mustahkamlash, munosabat bildirish, tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash, uni asoslash, o‘z fikrida tura bilish xususiyatlari tarbiyalanadi. “Bog‘cha opa”dan birinchi savoldan keyin tarbiyalanuvchilar kayfiyatini ilg‘ab olish, savol tushunarli bo‘lganini his qilgan holda suhbatni yangi-yangi yo‘nalishlarga burish talab qilinadi. Suhbat metodi asosida tashkil qilingan mashg‘ulotlarning ichki tartibi shu tariqa yaratiladi.
Maktabgacha adabiy ta’lim jarayonida badiiy bitiklar tahliliga qaratilgan suhbatni muvaffaqiyatli tashkil etishning shartlaridan yana biri – bolalarning javoblariga e’tibor va hurmat bilan yondashishdir. Javob berayotgan bolaning fikrlari ba’zan chalkashib ketishi yoki noaniq bo‘lishi tabiiy. Tarbiyachining vazifasi uni butun guruhga tushunarli qilib aytib berish emas. Bu adabiy ta’lim metodikasida mutlaqo noto‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Bola aytmoqchi bo‘lgan fikrini qiynalib, izlanib, munosib so‘zlarni topib, o‘zi ifodalashi kerak. Uni boshidan shunga o‘rgatish lozim. Bolaning o‘z fikrini aytishiga o‘rinsiz ko‘maklashish uni o‘ylamaslikka o‘rgatib qo‘yadi. Agar yordam berish kerak bo‘lsa, qo‘shimcha savollar bilan uning o‘z fikrini aniqroq ifodalashiga ko‘maklashish mumkin.
Badiiy asarlar bilan tanishish mashg‘ulotlarida tashkil etilgan suhbat jarayonida tarbiyachi va tarbiyalanuvchi munosabatlari samaradorligi nafaqat savolning to‘g‘ri qo‘yilishi, balki tarbiyachining har xil xarakterdagi javoblar orasida o‘zini yo‘qotmay suhbatni boshqara bilishiga ham bog‘liq. YAxshi tashkil qilingan suhbatlarda bog‘cha opa va bolalar bir-birining fikr va qarashlari bilan hisoblashadigan teng huquqli suhbatdoshlarga aylanadilar. Tarbiyachi bola javoblaridagi silliqlikni birinchi o‘ringa ko‘tarmasligi kerak. Uning bola javoblarini muntazam ravishda tuzatib, to‘ldirib borishi ham noto‘g‘ri. Albatta, bolaning xulosasi kattalarning fikridek to‘kis bo‘lmaydi. U to‘mtoq, jo‘n, jaydari, tarqoq bo‘lsa ham adabiy ta’lim amaliyoti uchun olimnikidan qadrliroq, tarbiyachinikidan qimmatliroqdir. CHunki bola hech kimni – muallifni ham, bog‘cha opasini ham takrorlayotgani yo‘q. Bu uning o‘z mustaqil fikri, o‘z xulosasi. Tarbiyachining vazifasi bolaning fikr ifodalashida mantiq, madaniyat va bilimni ta’minlash, boshqalarning fikriga munosabatda aytganlari uchun javob bera olish hissini tarbiyalashdan iboratdir.
Maktabgacha ta’lim tizimida badiiy asarlar ustida ishlash jarayoniga olib kirilayotgan zamonaviy suhbatlar – bu ovoz chiqarib mulohaza yuritish, bir savol atorfida birgalikda o‘ylash, ovoz chiqarib his etishdir. Bolalar hamisha ham tuyg‘ularini so‘z vositasida ochiq ifodalay olmaydilar. Asl tuyg‘ularning tabiati shunaqa, ularni hamisha ham so‘zga ko‘chirib bo‘lmaydi. Buni, ba’zan, kattalar ham eplolmaydilar. Tortishuvlar uchun vaziyat yaratish suhbat jarayonida bolalarni faollashtirishning muhim shartlaridan biridir.
Badiiy matnlar mazmuni yuzasidan tashkil etiladigan suhbat jarayonida tarbiyachining diqqati faqat bir nechta bolaga qaratilib qolsa, jamoa suhbati buziladi. Qolgan bolalar tezgina “tinglovchi”lik mavqeiga o‘tib oladilar. Guruhda “suhbatda faqat “zo‘r” bolalar qatnashadi” degan qarash shakllanib qoladi. CHinakam suhbat tarbiyachi savol berib, birinchi bo‘lib javob bergan bolaning fikri bilan chegaralanib qolmay, boshqa bolalarning mulohazalari bilan ham qiziqish, barcha bolalarning fikrlarini eshitib bo‘lgachgina javoblar sifatini baholash bo‘lgan joyda amalga oshadi. Suhbatlarda bolalar o‘zlarini teng huquqli suhbatdoshlar darajasida his qilgandagina maktabgacha adabiy ta’limning maqsadiga erishish mumkin bo‘ladi. Suhbatdagi tenglik, shu bilan birga undagi tabiiylik, samimiylik, erkinlikni tarbiyachi tashkil etadi. Matndagi muhimlarni anglashga yo‘naltirilgan umumiy savol ba’zan ayrim yo‘naltiruvchi qo‘shimcha savollarni ham taqozo etadi. Buni tarbiyachi vaziyatga qarab ilg‘ab olishi va yo‘naltiruvchi qo‘shimcha savollarni tashkil eta bilishi lozim bo‘ladi.
Asarlar tahliliga bag‘ishlangan suhbat yakuni savolning kun tartibidan tushib qolishi degani emas. Aksincha, tarbiyachi tomonidan yaxshi tashkil qilingan suhbatning yakunlanishi guruhda muhokama qilinadigan yangi-yangi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Suhbat o‘zining tabiiy kuchi, samimiy insoniy muloqotga asoslanganligi bilan ahamiyatlidir.
Maktabgacha ta’lim muassasalari nutq o‘stirish va badiiy adabiyot bilan tanishish mashg‘ulotlarini adabiy ta’limning maqsadiga muvofiq tashkil etishda suhbat metodini qo‘llash bola tafakkuri va bilim olishdagi mustaqilligining nisbatan baland darajasini ta’minlashi lozim. Mazkur metodda tarbiyachining vazifasi o‘zlashtirilgan axborotlarni yodga soladigan, ma’lum maqsadga xizmat qiladigan, ayni zamonda, qiziqarli, bilimlarni yangi vaziyatga muvofiqlashtirish va qayta ishlashga yo‘llaydigan, xulosa chiqarishga undaydigan, chiqarilgan xulosalarni asoslashni talab qiladigan tarzdagi savol va topshiriqlarni tuzishdan iboratdir. Tarbiyalanuvchining faoliyati esa vaziyatni tahlil etish, o‘zlashtirilgan axborotlarni yodga soladigan savollarni qayd etish, ularga javob izlash, javob berish, yarim mustaqil va mustaqil xulosalar chiqarish, fikrlarini asoslashdan iborat bo‘ladi.
“Ilk qadam” dasturida tavsiya etilgan badiiy matnlarni o‘rganishda qo‘llanadigan suhbat metodi nafaqat tarbiyachining tarbiyalanuvchilar jamoasi bilan, balki bolalarning o‘zaro dialogik hamkorligini ham nazarda tutadi. Bu metodning mohiyati bog‘cha opa tomonidan o‘quv materialidagi etakchi, bola ko‘nglidan o‘tsa u erda o‘zidan ijobiy iz qoldirishi mumkin bo‘lgan qarashlarni qiziqarli tarzda savol yoki topshiriqqa aylantira bilish, tarbiyalanuvchilarni javob topish yo‘llarini izlashga, bilim va ma’naviy sifatlar, xulosa, qonuniyat va qoidalarning ular tomonidan qayta kashf etilishiga, tarbiyalanuvchilarni yaratish lazzatini tuyishga jalb qilishdan iboratdir.
Maktabgacha ta’lim tizimi adabiy ta’limida bola ma’naviyatini tozartirishga xizmat qiladigan metodlardan yana biri evristik metoddir. Bu metodning nomi yunoncha izlayman, topaman degan ma’nolarni anglatadigan “heurisko” so‘zidan olingan bo‘lib, mahsuldor ijodiy fikrlash jarayonini, hayotiy va badiiy haqiqatlarni bolalar mustaqil kashf etishlarini tashkil qila bilishni nazarda tutadi. Kichik tarbiyalanuvchilar ma’naviy kamolotini ta’minlashda qo‘l keladigan evristik metod bolalarning oldiga yo‘naltiruvchi masalalar qo‘yish, tekshirish, hal etish, aks savollar vositasida o‘qitish usuli hisoblanadi. Nutq o‘stirish va badiiy adabiyot bilan tanishish mashg‘ulotlarida evristik metoddan foydalanganda tarbiyachi o‘quv materialining suhbat metodida foydalangan tizimini to‘liq qo‘llashi mumkin. Faqat uning tarkibi qo‘shimcha bilim olishga, kashfiyotlar qilishga yo‘naltiradigan savollar bilan to‘ldiriladi.
Evristik metod suhbat metodida bo‘lgan barcha usullarning birgalikda qo‘llanilishini taqozo etadi. Bu metodda etakchilik qiladigan savol va topshiriqlar qo‘zg‘otuvchi ahamiyat kasb etadi. Bunday asosdagi suhbat tizimi jarayonni kuzatish, savollarga javob berish, ma’lumot olish, topshiriqni bajarish, xulosa chiqarish va xulosalarni taqqoslash yo‘lga qo‘yilganda bolalarning fikrlash hamda bilimlarni mustaqil egallash ko‘nikmasi rivojlanib boradi. Tarbiyalanuvchilar taqqoslash, tahlil qilish, dalillar keltirish bilan birga o‘zlariga xos ravishda ma’lum umumlashmalar qiladilar, farazlarni ilgari suradilar, zarur ashyolar, materiallar to‘playdilar, xulosalar chiqaradilar, o‘z faoliyatini rejalashtiradilar. Bu bolalarning bilimlarni o‘zlashtrishdagi faolligini oshiradi. Bu jarayonda bolalarning vazifasi faqat bog‘cha opasi topshiriqlarini bajarish va savollariga javob berishdan iborat bo‘ladi. Evristik metodning yuqoridagi shartlarini tarbiyachi kuzatib boradi.
MTT adabiy ta’limida evristik metoddan foydalanib belgilangan maqsadga erishish uchun tarbiyachi:

  • tarbiyalanuvchilardan xabardorlikni talab qiluvchi savol va topshiriqlar qo‘yishi;

  • taqqoslab o‘zlashtirish uchun materiallar taqdim etishi;

  • belgilangan maqsadga yo‘naltiruvchi farazlarni ilgari surishi;

  • ularni tasdiqlovchi tajribalar qilishi;

  • kuzatishga yo‘naltirilgan savol va topshiriqlar berishi;

  • badiiy asrning didaktik tahliliga yo‘naltirishi;

  • muammoli savol yoki topshiriqlar qo‘yishi;

  • savol va topshiriqlar ko‘magida muammoli vaziyatlar hosil qilishi kerak bo‘ladi.

Bu metodda tashkil qilingan mashg‘ulotlarda tarbiyalanuvchilarning faoliyati bilimlarni vaziyatga muvofiq qo‘llash, taqqoslash, farazlarni ilgari surish va asoslash, kuzatish, farazning to‘g‘riligini tekshirish, tajriba tahlili, bilimlarni o‘zgargan vaziyatlarda qo‘llash, dalillar keltirish, umumlashtirish, mustaqil amaliy ishlar tahlilini amalga oshirish, muammoli masalani hal etish kabilarni o‘z ichiga oladi. Bu talablar tarbiyachi tomonidan tashkil etiladi va bolalar faoliyatida kuzatiladi.
Evristik metodda tashkil etilgan mashg‘ulotlarda bolalarga taqdim etilgan savol, topshiriq va ko‘rsatmalar ogohlantiruvchi xususiyat kasb etishi ham maqsadga muvofiqdir. YA’ni bunday savol va topshiriqlarning bajarilishi oldindan mazkur bosqichga moslab qo‘yiladi yoki uning echimi davomida o‘rtaga tashlanadi. Maktabgacha adabiy ta’lim jarayonida qo‘llanilgan evristik metod tarbiyalanuvchida mustaqil mulohaza yuritish, muhokama qilish, xulosa chiqarish singari ko‘nikmalarning dastlabki belgilarini shakllantiradi.
Maktabgacha adabiy ta’lim samaradorligini ta’minlaydigan tadqiqot metodi ham o‘quv jarayonida bir muncha qiyin bo‘lgan badiiy va hayotiy masalalarni hal qilishni nazarda tutadi. Bu metoddan bolalar bog‘chalarining yuqori bosqichi – maktabga tayyorlov guruhlarida ta’limning samarali izlanish yo‘llarini mustaqil ravishda tashkil etish maqsadida foydalaniladi. Bunda tarbiyalanuvchilar dalil to‘plash va ularni tahlil qilish, tizimga solish, umumlashtirish va qat’iy xulosalar chiqarish kabi amaliy ishlarning dastlabki shaklini bajaradilar. Tadqiqot metodining evristik metoddan farqi shundaki, unda “kashfiyot” avvaldan ajratilgan materiallar tahlil qilinib, faktik materiallar umumlashtirilganidan so‘ng, amaliy ish jarayonida bolalarning o‘zlari tomonidan sodir etiladi. Bunda o‘quv-biluv faoliyatining to‘liq turkumini tarbiyalanuvchilar tarbiyachi rahbarligida o‘zlari bajaradilar. YA’ni ma’lumot to‘plashdan tortib, uni tahlil qilish va yangi bilimlarni amaliyotda qo‘llashgacha bo‘lgan ishlarning barchasini tarbiyalanuvchilar tarbiyachi rahbarligida o‘zlari, mustaqil ravishda amalga oshiradilar.
Maktabga tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari tomonidan badiiy yoki hayotiy faktik materiallarni to‘plash tadqiqot metodining zaruriy qismidir. Mustaqil ravishda tajribalar o‘tkazish bolaning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchilar ixtiyoriga dalillarni topish, ularni taqqoslash, tizimga solish, umumlashtirishni topshirgani bilan uning muammolilik darajasi kamaymaydi. Tadqiqot metodini qo‘llashda topshiriqlarning bolalar tomonidan bajarilishi muhim hisoblanadi. Topshiriqlarni bajarishda ularning biror bosqichi tushib qolsa, topshiriq o‘z tadqiqiyligini yo‘qotadi.
Kichik tadqiqotchilarning rivojlanganlik darajasi mustaqil ravishda tadqiqot ishlarini olib boradigan darajaga etganda, ya’ni maktabga tayyorlov bosqichiga o‘tilganda tadqiqot metodidan foydalanish mumkin. Bunda o‘quv materiali evristik metoddagiday tuzilishi kerak bo‘ladi. Savollar, ko‘rsatmalar, topshiriqlar tartibi ham shunday bo‘ladi. Tadqiqot metodini qo‘llaganda savol-topshiriqlar bosqichning so‘ngida, tarbiyalanuvchilarning ko‘pchiligi muammoni hal qilib bo‘lgandan keyin qo‘yiladi. Bu kuchli tarbiyalanuvchilar uchun mo‘ljallangan metod bo‘lib, muammolarni hal etishda o‘z-o‘zini nazorat qilish va tekshirish usuli sanaladi. Rivojlanishi nisbatan sustroq bo‘lgan bolalarga ularning o‘zlari darajasidagi topshiriqlar beriladi. Topshiriqlar har bir bolaning individual imkoniyatlariga qarab taqsimlanadi. Tadqiqot metodidan nafaqat yangi asarni o‘rganish, balki uni mustahkamlash va didaktik tahlil bosqichida ham foydalanish mumkin.
Maktabgacha ta’lim bosqichi tarbiyalanuvchilarining ijodiy imkoniyatlarini aniqlash uchun o‘quv ishlarining asosiy usullarini didaktik tahlilga tortilgan matnni o‘zlashtirish imkoniyatlari darajasiga qarab aniq belgilash zarur. Nutq o‘stirish va badiiy adabiyot bilan tanishtirish mashg‘ulotlarida tadqiqot metodidan foydalanilganda ham tarbiyalanuvchi bilimlarni o‘zlashtirish jarayonida qo‘llaniladigan tahlil, sabab-oqibat orasidagi aloqadorlikni belgilash, taqqoslash, birlashtirish, o‘z farazlarini keltirish, isbotlash, rejalashtirish singari usullarni istifoda etish mumkin. Tahlil va sabab-oqibat orasidagi aloqadorlikni belgilash usuli adabiy ta’limning dastlabki bosqichida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ijodiy jarayonda, bilmaslikdan bilishga o‘tish yo‘lidagi qiyinchiliklarga yo‘liqqan bolalarning analiz-sintez faoliyatida ularning ruhiy holati nazarda tutilmog‘i zarur.
Adabiy ta’limning dastlabki bosqichida tarbiyalanuvchilarning ma’naviy sog‘lomligini ta’minlash, ularga olam va odamga xos bo‘lgan fazilatlarning mohiyatiga kirish sirlarini o‘rgatishda ta’limning taqqoslash metodi ham juda qo‘l keladi. Bu metoddan yangi bilim va tushunchalarni o‘zlashtirishda keng foydalaniladi. Maktabgacha adabiy ta’limda yangi o‘zlashtiriladigan bilimlar va axloqiy sifatlarni avval o‘zlashtirilganlari bilan taqqoslash usuli, o‘z navbatida, yangi tushunchalarni mustaqil ravishda tadqiq qilishning bir ko‘rinishidir. Taqqoslash metodi asosida bolalarda, o‘zlari anglamagan holda, o‘rtoqlarining isbot va dalillariga o‘zlarining mantiqiy qarashlarini qarshi qo‘yishga intilishlari yotadi.
Mavzularni taqqoslash asosida isbotlashning tarbiyachi tomonidan o‘quv materialini tanlash ham, uning bolalar tomonidan egallanishi ham nisbatan qiyin kechadi. Bu metoddan hamisha, har xil vaziyatlarda, holatlarda foydalanish mumkin emas. Qiyin mavzularni taqqoslab o‘zlashtirish bilim egallashda unchalar qiynalmaydigan boladan ham anchagina fikriy zo‘riqishni talab qiladi. Maktabgacha adabiy ta’limda bu metoddan foydalanilganda tarbiyachi tarbiyalanuvchilardan matnda mavjud bo‘lgan qarama-qarshiliklarni taqqoslash bilan isbotlab ko‘rsatishni talab qiladigan savol va topshiriqlar tuzishi kerak bo‘ladi. Tarbiyachi tomonidan shunday savol yoki masalaning qo‘yilishi, farazlarning ilgari surilishi, ulardan birining to‘g‘riligini isbotlash fikrlar to‘qnashuvi asnosida amalga oshiriladi.
Adabiy ta’limning ilk bosqichi – maktabgacha ta’lim tizimida kutilgan samaraga erishishda qo‘l keladigan metodlar sirasiga induktiv va deduktiv metodlarni ham kiritish mumkin. Badiiy matn ustida ishlash mashg‘ulotlarini maqsadga muvofiq tashkil etishda induktiv, deduktiv metodlarning ham o‘ziga xos o‘rni bor. So‘nggi yillarda deduktiv ta’limga e’tibor kuchaydi. Lekin tafakkurning induktiv usullarini shakllantirmay turib ta’limda muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Induktiv yoki deduktiv metodlarni qo‘llash o‘rganilayotgan o‘quv materialining mantig‘ini ajratishda, ya’ni xususiydan umumiyga yoki umumiydan xususiyga o‘tishda ahamiyat kasb etadi.
YU. Babanskiy induktiv metodni qo‘llaganda o‘qituvchi va o‘quvchi, bizning holatimizda tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchi faoliyatining quyidagi ikki varianti mavjudligini ko‘rsatadi: birinchi variantda tarbiyachi avval faktlarni keltiradi, tajribani, ko‘rgazma materialini namoyish etadi, topshiriqlarni bajarishni tashkil etadi, tarbiyalanuvchilarni asta-sekinlik bilan tushunchalarni aniqlashga, qonuniyatlarni o‘zlashtirish va fikrlarni umumlashtirishga olib boradi. Bolalar xususiy faktlarni o‘zlashtiradilar, so‘ngra o‘quv xarakteridagi umumlashma xulosalarni chiqaradilar. Ikkinchi variantda tarbiyachi tarbiyalanuvchilarning oldiga xususiy jihatlardan umumiy holatlarga etaklovchi, umumiy xulosalarga olib keluvchi muammoli masalalar qo‘yadi16.
Bugungi adabiy ta’limda, u o‘qitishning qaysi bosqichida bo‘lishidan qat’i nazar shaxs ma’naviy kamolotini ta’minlash maqsadida erkin faoliyatga undash etakchilik qilayotgan ekan, induktiv metodning birinchi varianti istalgan samarani bermaydi. Ikkinchi variant, ya’ni bog‘cha opaning xususiy jihatlardan umumiy holatlarga etaklovchi, umumiy xulosalarga olib keluvchi muammoli masalalarni qo‘yishi va tarbiyalanuvchilarning haqiqatlar ustida mustaqil ravishda mulohaza yuritib, xulosalar chiqarib, umumlashmalar qilishi – ko‘proq foydalidir.
Induktiv metodning zaif tomonlari shundan iboratki, unda yangi mavzuni o‘zlashtirishda ko‘proq vaqt talab qilinadi. Bu metod bolaning mavhum tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladi. Dastlabki bosqich adabiy ta’limida bola ma’naviyatini sog‘lomlashtirish yo‘lida induktiv metodidan foydalanib, guruhlar yuqorilab borgani sari asta-sekinlik bilan deduktivga o‘tish o‘rinliroq bo‘ladi. CHunki kichik guruhlarda narsa, hodisa va bilimlarning ko‘proq xususiy tomonlari o‘rganiladi.
Maktabgacha ta’lim tizimining “Ilk qadam” dasturida tavsiya etilgan uy hayvonlari, qushlar, baliqlar bilan bog‘liq mavzularni induktiv metoddan foydalangan holda o‘tish mumkin. Masalan, uy hayvonlari bilan tarbiyalanuvchilarni tanishtirish uchun ularga tayyor ma’lumotlar berilmay, mavzu va manbalar uy vazifasi sifatida topshiriladi. Mashg‘ulotda esa ko‘plab uy hayvonlarining rasmi darstaxtaga qo‘yiladi. So‘ng tarbiyalanuvchilardan ular to‘plagan bilimlar asosida hayvonlarning har biriga xos bo‘lgan individual xususiyatlar so‘raladi: “Otning o‘zigagina xos xususiyatlari nimalardan iborat?” savoli bolalardan ot haqida bilganlarini aytishni talab qiladi. Ma’lumki, biya sutidan qimiz olinadi, tuyog‘iga taqa qoqiladi, uning go‘shtidan qazi qilinadi, ot kishnaydi, otdan sportda, uloqda, urushlarda foydalaniladi va hk. bolalar shulardan bilganlarini sanab beradilar. “Eshakning faqat o‘ziga xos xususiyatlaridan nimalarni bilasiz?” savoli bolani qo‘lidagi eshak suratini kuzatishga, u haqida eshitganlari-bilganlarini eslash va aytishga yo‘naltiradi. Boshqa barcha uy hayvonlarining shunday individual xususiyatlari bolalar tomonidan to‘liq ochib bo‘lingach, ularning barchasi uchun umumiy bo‘lgan jihatlar haqida so‘raladi.
Kichik topag‘onlar uy hayvonlarining hammasi odam uchun xizmat qilishini, hammasi tirik tug‘ishi, hammasi odamlar tomonidan boqilishi, hammasi o‘t-em bilan ozuqlanishi, hammasining oyog‘i to‘rttaligi, hammasining tuyog‘i borligi va hk.larni bilganlaricha sanaydilar. Bu jarayonda bilim bilan xotira birgalikda faoliyat ko‘rsatadi. Bolalar bilimlarni tarbiyachidan tayyor holda olmaydilar, o‘zlari bilganlarini namoyish etadilar. Bilmaganlarini esa o‘rtoqlari va bog‘cha opalari ma’lumotlaridan o‘zlashtirib boradilar.
Maktabgacha ta’lim muassasalari mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish maqsadida ta’limning deduktiv metodini qo‘llaganda tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning faoliyati quyidagi tarzda bo‘ladi: tarbiyachi avval qoida, qonun yoki narsa-hodisaning umumiy jihatini so‘raydi, asta-sekinlik bilan uning xususiy tomonlariga o‘tadi, so‘ng birgalikda ma’lum masalani echishga kirishiladi. Bolalar bog‘cha opalari rahbarligida avval umumiy holatni o‘zlashtiradilar, so‘ng ulardan kelib chiqadigan xususiy jihatlarni o‘zlari kashf etib o‘rganadilar.
Tarbiyachi maktabgacha adabiy ta’limda deduktiv metodni qo‘llaganda bolalarga yo‘nalish berishi, yo‘l-yo‘riqlarni taqdim etishi maqsadga ko‘proq muvofiq keladi. Ko‘rsatilgan yo‘ldan bolalarning o‘zlari umumiylikdan xususiy jihatlarni ajratishi, ularni farqlashi, asoslashi va xulosalar chiqarishi lozim bo‘ladi.
Deduktiv metod o‘quv materialini nisbatan tez o‘tish imkonini beradi. Tarbiyalanuvchini tez fikrlashga o‘rgatadi. Maktabgacha adabiy ta’lim jarayonida sharoitdan kelib chiqib, induktiv va deduktiv metodlarni birgalikda qo‘llash ham katta samara beradi. Bir mashg‘ulotning o‘zida bir masala yuzasidan avval xususiyni aniqlab, undan umumiyga o‘tish va ikkinchi bir muammo bo‘yicha avval umumiyni ajratib, so‘ng xususiyga, mayda tafsillarga o‘tish jarayoni ham bolalar tasavvuri tiniqlashuvi, xulosalari qat’iylashuviga ko‘mak beradi.
Bugun milliy pedagogikada keng qo‘llanilayotgan metodlar bola va tarbiyachidan ortiqcha ruhiy va jismoniy kuch sarflamay, qisqa vaqt ichida yuksak natijalarga erishish maqsadini nazarda tutadi. Qisqa vaqt mobaynida zarur bilimlarni bolaga etkazish, unda ma’lum faoliyat yuzasidan ko‘nikma, malaka hosil qilish, shu bilan birga bilim, ko‘nikma va malakalarni nazorat qilish hamda baholash tarbiyachidan yuksak pedagogik mahoratni talab qiladi. Bugun qator rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilayotgan “Fikriy hujum”, “6x6x6”, “Klaster”, “Qarorlar shajarasi” singari metodlarning ayrimlaridan maktabgacha adabiy ta’lim jarayonidagi badiiy matnning didaktik tahlilida ham foydalanish mumkin. Aslini olganda, bu metodlarning ta’limdagi mantiqiy metodlardan farqi uncha katta emas. Ularning barchasi zamirida muammoli metodning unsurlari mavjud.
Masalan, “Fikriy hujum” metodining maqsadi mashg‘ulotlar jarayonida tarbiyalanuvchilarning faolligini oshirish, ularni erkin, mustaqil mulohaza yuritishga undash, hammani bir xil qolipda fikrlashdan qutqarish, ma’lum mavzu yuzasidan har xil fikrlarni to‘plash va masalaga ijodiy yondashuvni ta’minlashdan iborat. Bu metoddan maktabgacha adabiy ta’limda foydalanilganda favqulodda, kutilmagan savol yoki topshiriqlar bilan bolalar loqaydlikdan, muvozanatdan chiqariladi va ular bezovta ruhiyat bilan badiiy muammoga, o‘quv topshirig‘iga “hujum” qiladilar. YA’ni har bir bola o‘z bilimi, qobiliyati, iqtidori, dunyoqarashi va imkoniyatlari darajasida uni hal etishga kirishadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘z imkoniyatlari doirasida oldilariga qo‘yilgan muayyan masala bo‘yicha mulohaza yuritadilar. Bu metoddan foydalanilganda tarbiyachidan masala atrofida ishlayotgan, mulohaza yuritayotgan har bir bola tomonidan aytilgan fikrni qayd etib borish, har bir ishtirokchining erkinligini ta’minlash, aytilgan fikrlarning asoslanishini talab qilish, toki fikrlar tugamaguncha bahsni davom ettirish talab qilinadi. Bolalar tomonidan aytilayotgan fikrlarni alohida baholash, ularni tanqid qilish yoki fikrlardan kulish ta’qiqlanadi.
“Fikriy hujum” – o‘quv muammolarini hal qilishda keng qo‘llaniladigan metod. U qatnashchilarning tasavvurlari, bor bilimi va imkoniyatlaridan unumli foydalanishga yo‘naltirilgan. Mazkur metod bolaning oldiga qo‘yilgan har qanday muammoli masalaga ko‘p sonli echimlar topishga imkon yaratadi. Maktabgacha adabiy ta’limni samarli tashkil etish maqsadida “Fikriy hujum”dan foydalanilganda quyidagi qoidalarga amal qilinadi:

        1. Har bir bola bitta masala yuzasidan o‘ta xilma-xil mulohazalar aytishiga yo‘l qo‘yiladi. Bolalarda kutilmagan fikr, favqulodda g‘oyalar tug‘ilmasa, qatnashchilar bir-birlarini takrorlashga majbur bo‘ladilar.

        2. G‘oya va fikrlarning soni rag‘batlantiriladi. Ma’lumki, miqdor odatda o‘sib sifatni keltirib chiqaradi. Qatnashchilarga tasavvurga erk berish imkoniyati yaratilishi kerak. Bu erkinlik natijasida betakror va kuchli g‘oyalar tug‘ilishi mumkin.

        3. Har bir bola o‘zgalar g‘oyasiga asoslanishi va ularni o‘zgartirishi mumkin. CHunki fikrdan fikr tug‘iladi. Oldin taklif etilgan g‘oyalarni o‘zgartirish, ko‘pincha, birlamchi fikrdan kuchliroq, yaxshiroq qarashlarni keltirib chiqaradi.

        4. Bu metodni qo‘llash jarayonida baholashlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar jarayonning o‘zida g‘oyalar baholanadigan bo‘lsa, qatnashchilar o‘z fikrlarini himoya qilishga berilib ketib, yangi fir aytishdan chalg‘iydilar17.

Maktabgacha adabiy ta’limda “Fikriy hujum” metodidan foydalanish jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • tarbiyalanuvchilar erkin tartibda joylashtiriladi;

  • ularning fikrlarni yozib borish uchun darstaxta yoki varaqlar tayyorlab qo‘yiladi;

  • hal etilishi lozim bo‘lgan muammo aniqlanadi;

  • ish jarayoni belgilab olinadi: a) g‘oyalar baholanmaydi; b) fikrlashga to‘liq erk beriladi; v) fikrlar ko‘p bo‘lishiga (miqdorga) intilinadi; g) bolalar faoliyati “ilg‘ab oling”, “bilib oling”, “g‘oyalarga asoslaning”, “qo‘shing”, “kengaytiring”, “o‘zgartiring” singari chaqiriqlarga asosan uyushtiriladi;

  • qo‘yilgan muammo yuzasidan fikrlar so‘raladi va yozib boriladi;

  • o‘zgalarning fikrlaridan kulish, kinoyali sharhlar va mayna qilishlarga aslo yo‘l qo‘yilmaydi;

  • varaqlar g‘oya va fikrlar bilan to‘lganda ular ko‘rinarli erga osib qo‘yiladi;

  • g‘oyalar tugamaguncha ish davom ettirilaveriladi;

  • shundan so‘ng yangi, kuchli, asosli va original g‘oyalar tarbiyachi tomonidan rag‘batlantiriladi, baholanadi18.

Bu kabi ish jarayoni tarbiyalanuvchilarni ruhiy loqaydlikdan chiqaradi, ularning har birini o‘zicha o‘ylashga, o‘z munosabatini bildirishga majbur qiladi. YAna shu narsa haqiqatki, bu metoddan foydalanilganda qo‘llaniladigan savol-topshiriqlarning hammasiga guruhdagi barcha bola javob berishi shart emas. Aqli etgan, fikri bor bolalar javob beraveradilar, qolganlar ular haqida mulohaza yuritadilar, javob berolmagan taqdirda ham, fikriy loqaydlikdan chiqadilarki, bu maktabgacha adabiy ta’lim uchun katta hodisadir.
Maktabgacha adabiy ta’lim jarayonida foydalanish mumkin bo‘lgan metodlarning yana biri “6x6” metodidir. Maktabga tayyorlov guruhlarining rejasidan o‘rin olgan adabiy asarlar tahlili jarayonida mazkur metoddan foydalanishda tarbiyachidan pedagogik mahorat va ziyraklik, guruhlarni oqilona shakllantira bilish talab qilinadi. Bu metoddan foydalanilganda guruhdagi bolalar teng kichik guruhlarga taqsimlanadi. Bog‘cha opa istasa guruhlarga muayyan nomlar berishi ham mumkin. Mavzu e’lon qilinib, ma’lum vaqt belgilanadi. Bolalar mavzu atrofida fikr aytadilar, o‘z munosabatlarini bildiradilar. Mavzu bo‘yicha belgilangan vaqt yakunlangach, tarbiyachi guruhlarning a’zolarini almashtiradi. YAngi guruhda avvalgi guruhdan bitta vakil qoladi va u o‘z guruhining mavzu yuzasidan chiqargan xulosalarini yangi guruhga bayon etadi. YAngi guruh a’zolari avvalgi guruhning fikr va xulosalarini o‘rganadilar, unga o‘z munosabatlarini bildiradilar. SHu tariqa qisqa vaqt oralig‘ida bolalar tomonidan ham mavzu yuzasidan fikr bildiriladi, ham bu fikrlar ularning o‘zlari tomonidan tahlil qilinadi. Maktabgacha adabiy ta’limda mazkur metodning qoidalariga to‘liq amal qilish ancha murakkab kechadi. SHuning uchun vaziyatga qarab undan ma’lum darajada jo‘nlashtirilgan holda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Maktabgacha ta’lim tizimi tarbiyalanuvchilaridan kichik guruhlar tashkil etishda quyidagilarga amal qilinadi: 1. Guruhlar tarbiyachi tomonidan belgilanadi. 2. Guruhga rahbarlik qila oladigan bola va guruh a’zolari oldindan aniq belgilab olinadi. 3. Har bir guruhga zehnli va qobiliyatli hamda bo‘shroq o‘zlashtiradigan bolalar, imkon qadar, teng taqsimlashga harkat qilinadi. Guruhlar bir-biriga munosib a’zolar bilan to‘ldiriladi va vazifalari belgilanadi. 4. Guruh rahbari va a’zolariga vazifalari tushuntiriladi. 5. Har bir guruh doira shaklida o‘tirishi, guruhning har bir a’zosi bir-birini ko‘rib turishi shart. 6. Ish jarayonida har bir guruhning faoliyatiga, g‘oyalariga e’tibor berib boriladi. YAxshi g‘oya egalari rag‘batlantiriladi19.
Bunday guruhlarni tashkil etishdan avval bolalarning shu ishni bajarishga bilim va malakalari etarliligiga ishonch hosil qilish; guruhlar a’zolariga aniq yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish; vazifaning bajarilishi uchun etarli vaqt ajratish; o‘z vazifasini vaqtdan ilgari bajargan guruhning bandligini ta’minlashga tayyor bo‘lish; qo‘yiladigan masala murakkab bo‘lganda guruh a’zolari sonini kengaytirish; baholash va mukofotlash jarayonining guruh a’zolariga ta’siriga tayyorlanish; kuchli guruhlarni mukofotlash; bajarilgan ish natijasini qanday topshirish yo‘llarini ma’lum qilish; jamoaning erkinligiga imkoniyat yaratish kerak bo‘ladi.
Bu metoddan maktabgacha adabiy ta’limni tashkil etishda foydalanilganda bolalar guruhini bunday aralash tarzda tashkil etishning salbiy tomonlari ham mavjud. Ma’lumki, aralash guruhlarda ko‘proq kuchli bolalar ishlaydi. O‘rtacha va sekin fikrlaydigan bolalar ularning oldida “yumilib” qoladilar. CHunki vaqt tig‘iz bo‘ladi. Demak, hamma bolalar masalaning echimi jarayonida faol qatnasha olmaydilar.
SHuning uchun guruhdagi tez fikrlab, tez ishlaydigan, mazkur ish turini yaxshi ko‘radigan bolalarni alohida, yaxshilarni alohida, o‘rtachalarni alohida va sekin fikrlaydiganlarni alohida guruhlashtirib, har bir guruhga o‘zining imkoniyati doirasidagi vazifani berish ham mumkin. Ma’lumki, bolalar o‘zlariga o‘xshagan, bilim darajasi bir xil bo‘lganlar bilan yaqinlashishadi va o‘z davralarida “ochiladi”lar. Bu ochilish ularda shaxslik sifatlarining shakllanishiga ko‘maklashadi. Guruhlarning bilimi baholanayotganda urg‘u berilgan topshiriqning qiyinlik darajasiga qaratiladi. Hamma uchun ajratilgan vaqt bir xil, lekin topshiriqlarning darajasi har xil. Gap shundaki, hamma bolalar belgilangan vaqt oralig‘ida o‘z imkoniyatlari doirasidagi vazifani muvaffaqiyatli uddalaydilar va g‘alaba nashidasini suradilar. Bu nashida insonning ruhiy kamolotini ta’minlaydi.
Maktabgacha adabiy ta’limda badiiy asarlarni har xil metodlar ko‘magida didaktik tahlilga tortishda, ular bilan ishlashda bolalarning tasavvurlarini uyg‘otadigan, mantiqiy mulohaza yuritishga undaydigan, faqat o‘z fikri va xulosasini aytishda qo‘l keladigan savol-topshiriqlar etakchilik qiladi. Ular shaklan muammo ko‘rinishida bo‘ladimi, birgalikda ishlashga undovchi vazifalar bo‘ladimi, yakka ishlash tartibiga qaratilganmi ekanidan qat’i nazar, barchasi zamirida bolaning ma’nan sog‘lomlashuvi, ruhiy erkinligi, fikr mustaqilligini ta’minlash yotishi maqsadga muvofiqdir.
Bolada tuyg‘ularning junbushga kelishi aqlning jim turishi degani emas. Tarbiyachi tariyalanuvchining tafakkuri faoliyatsizligiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Tahlil qilmay, mohiyatiga kirmay, o‘ylamay badiiy asarni o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Aynan shunday vaziyatda, aql va tuyg‘ular hamkorligida bola tafakkurining mustaqilligi, dunyoqarashining kengligi, bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish jarayoni kechadi. Mustaqil ishlash asnosida mantiqiy va obrazli tafakkur ham rivojlanadi. Ta’limning mantiqiy metodlari ham, interfaol metodlari ham tarbiyalanuvchilar erkin fikrini o‘stirish, mustaqil faoliyatga yo‘naltirish va shu asnoda ma’naviy komillik yo‘lini tutish maqsadiga xizmat qiladi.

Yüklə 480,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə