Ilk o’rta asrlar o’zbek davlatchiligi. Yer egaligi munosabatlarining shakllanishi


Turk xoqonligida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot



Yüklə 35,11 Kb.
səhifə7/7
tarix03.06.2023
ölçüsü35,11 Kb.
#115339
1   2   3   4   5   6   7
ILK O\'rta asrlar davlatlari

Turk xoqonligida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot. Butun saltanat ustidan oliy hukmronlikni xoqon olib borgan. Undan keyingi shaxs-Yabg’u (bahodir) davlatdagi birinchi amaldor (vazir) vazifasida bo’lgan. (Masalan: Istami yabg’u, Tun yabg’u). Ammo yabg’u taxtga merosxo’rlik qila olmas edi. Taxt merosxo’ri tegin (turkiycha-qul) deb yuritilgan. Tegin taxtga da’vogar shaxs bo’lgan. Ayni chog’da davlat boshlig’i farzandlari – shahzodalar (xonzodalar) ismiga qo’shib aytiladigan sharafli unvon (masalan, Kultegin). Tudun-unvoni hukmdorning joylaridagi noibi (nazoratchisi)ga berilgan. Ular mahalliy hokimlar siyosatini, boj - soliq ishlarini nazorat qilganlar. Urug’-qabilaning nomdor vakillari «beklar» deb yuritilgan. Jamoani xoqon va zodaganlar kengashi - «Qurultoy» boshqargan.
Xoqonlik boshqaruvida ikki xil tizim mavjud edi: 1) bo’ysundirilgan ba’zi o’lka va viloyatlarda mavjud mahalliy sulolalar saqlanib qolgan va ular xoqonlikka o’lpon to’lab turganlar; 2) tobe o’lka va viloyatlarning ayrimlari boshqaruviga tayinlangan hukmdor xonadonga mansub vakillar hokimiyati.
Xoqonlikda aholining quyi tabaqasi budun yoki qora budunlar deb atalgan. Budun o’z navbatida qabilalar ittifoqi birlashmasini tashkil etgan. U «o’n o’q budun» yoki «o’n o’q el» deb yuritilgan. O’n o’q budun yoki yelning hokimi ham «yabg’u» yoki «jabg’u» nomi bilan atalgan. O’n o’q yel sardori bir tuman (ya’ni o’n ming) suvoriyni safga tortar edi. Bunday harbiy bo’linmaning tumanboshisi «shod» deb yuritilgan. Shod unvonidagi kishi hukmdorning o’ng tomonidan joy olgan.
Turk xoqonligidagi har bir hokimlikda bir necha yuzdan tortib, bir necha ming sonli o’z qo’shinlari bo’lgan. Qo’shin to’plashda ham sinfiy tabaqalanish asosiy rol o’ynagan. Jumladan, otliq askarlar urug’ zodagonlari vakillaridan tanlanib, o’q-yoy, dubulg’a, qilich va shamshir bilan qurollangan. Piyoda askarlar esa yollangan fuqorolar va qullardan iborat bo’lgan.
G’arbiy xoqonlik ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy jihatdan Sharqiy xoqonlikdan mutlaqo ajralib turar edi. Sharqiy xoqonlikdagi aholi asosan ko’chmanchi Chorvadorlardan iborat bo’lsa, g’arbiy xoqonlik aholisining katta qismi esa o’troq dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashg’ul bo’lgan.
Bu davrda O’rta Osiyo yerlarida dehqonchilik, bog’dorchilik va uzumchilik sohalari yuksak darajada rivojlangan. Farg’ona, Xorazm va Zarafshon vohalarida ko’plab suv ayirg’ichlar, kanallar, suv havzalari bunyod etilgan. Farg’ona va Sug’dda esa aholi kon ishlari bilan shug’ullanib, oltin, mis va temir; Iloqda qo’rg’oshin, kumush; SHahrisabzda tosh, qizil tuz qazib olingan.
VI-VII asrlarda harbiy to’qnashuvlar tez-tez bo’lib turganligidan shaharlar unchalik rivojlanmagan. Bu davrda qo’rg’on - qa’la qurish avj olgandi. Boy yer egalari ana Shunday qo’rg’on - qal’alarda yashaganlar. Xorazm vohasidagi bunday qal’alar ancha keng o’rganilgan. Birgina Berqutqal’a mavzeyida boy va zodagonlar yashaydigan 96 ta Shunday qo’rg’onchalar bo’lganligi aniqlandi. Tarixchi arxeologlar Sug’dda ham bunday qal’achalar bo’lganligini isbotlamoqdalar. Qo’rg’onchalar atrofi devor bilan o’ralgan. Uning o’rtasida minorasi bo’lgan. Bu minoralar mudofaa inshootlari vazifasini o’tagan.
Turk xoqonligi davrida madaniyat o’z davriga nisbatan yuksak taraqqiyot darajasida bo’lgan. Turkiy xalqlar dunyodagi qadimiy yozma madaniyatga ega bo’lgan xalqlardan hisoblanadi. Turk hukmronligi davrida sug’d yozuvi, oromiy yozuvi, xorazm yozuvi bilan bir qatorda qadimiy turkiy xalqlarning yozuvi-«Turk-Run yozuvi», «Urxun-Enasoy yozuvi», «Ko’k Turk yozuvi» keng ishlatilgan. 1970 yilda Almati yaqinidagi «Issiq» degan joydan topilgan va fanga «Issiq yozuvi» nomi bilan kirgan turkiy yozuv ham bizning yozuv tariximizga oid qarashlarimizni yanada boyitadi. Endilikda topilgan noyob ashyolar asosida turkiy yozuvning tarixi mil. avv. II-I asrlarga borib tutashishi ma’lum bo’ldi.
Turk xoqonligi to’g’risida bitiktoshlarda qimmatli ma’lumotlar berilgan. Bunga Kultegin bitiktoshi, Bilga xoqon bitiktoshi, To’n-Yuquq bitiktoshini misol qilish mumkin. Turkiylar tarixi uchun bitik yozuvlar avvalo asosiy manba bo’lsa, undan keyin yozma adabiyotning ilk namunasi hamdir. Olim Nasimxon Rahmonning fikricha turkiylar qanchalik katta hududni egallagan bo’lsalar, ular yaratgan yodnoma bitiklar ham shunchalik katta hududga yoyilgan. Ular quyidagilardan iborat:
1. Shimoliy Mo’g’uliston yodnomalari.
2. Lena - Boyko’lbo’yi yodnomalari.
3. Oltoy yodnomalari.
4. Sharqiy Turkiston yodnomalari.
5. O’rta Osiyo guruhi yodnomalari.
6. Sharqiy Yevropa yodnomalaridir.
Turk xoqonligidagi xalqlarning bir qismi eftaliylar singari «J» lovchi shevalarda so’zlashganlar. VI asrga kelganda u «Y» lovchi lahjaga aylanib, davlat tili bo’lib qolgan. Turk yozuvi bilan bir qatorda sug’d va xorazm yozuvi ham keng qo’llanilganligini yuqorida ta’kidlagan edik. Sug’d yozuvi 25 ta belgidan iborat bo’lib, chapdan o’ngga qarab yozilgan. Ularning taqvimi bo’lgan. Bunday taqvimlar Tojikiston tog’laridan topilgan. Shaharlarda sug’d - turk ikki tilliligi rasmiy holat bo’lganligi Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asarida ham qayd etilgan. Xullas, o’tmish avlodlarimiz yuksak darajada qadimiy yozma madaniyatga ega bo’lgan deb qat’iy xulosa chiqarish uchun hamma asoslarga egamiz. Bu yozuv madaniyat durdonalari keyinchalik arablar va mo’g’ullar bosqini davrida yo’q qilib yuborilgan.
Daliliy ashyolar VII asrda mamlakatimiz hududida savodxonlik kuchli bo’lganligidan guvohlik beradi. 5 yoshga to’lgan bolalar yozish va hisob-kitobga o’rgatilgan. 20 yoshga to’lganda esa savdo-sotiq bilan shug’ullanish uchun savdo karvonlariga qo’shib chet davlatlarga yuborilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar bor. Shahar aholisi asosan hunarmandchilik va savdo - sotiq bilan mashg’ul edi. Dehqonchilik va konchilikdagi taraqqiyot ko’lami va sifati o’zidan keyingi uch tarmoq - hunarmanchilik, qurilish, savdo - sotiq ravnaqi uchun katta turtki bo’ladi. O’rta Osiyoning shu davrdagi Marv, Poykant Buxoro, Samarqand, Choch, Isfijob, Suyob kabi shaharlari savdo-sotiqning markazlari edi. Xitoy bilan savdo munosabatlari ayniqsa rivojlanib, 627 - 647 yillar mobaynida Xitoyga 9 marotaba savdo elchilari yuborildi. O’rta Osiyoda shu paytda 15 taga yaqin mayda davlatlar bo’lib, Buxoroda buxorxudotlar, Xorazmda xorazmshohlar, Choch va Iloqda bo’dun va dehqonlar, Farg’onada ixshidlar hukmronlik qilishgan. Ularning hammasi Turkiy xoqonlikka qaram bo’lsa-da, amalda yarim mustaqil edilar.
VI-VII asrlarda Turk xoqonligi hududida yashagan xalqlar diniy nuqtayi nazardan turli-tuman g’oyalar ta’sirida bo’lganlar. Deyarli har bir urug’ qabila va xalqning o’z diniy e’tiqodi bo’lgan. Shu boisdan turk qabilalarida ko’p xudolilik keng tarqalgan.
Turk xoqonligi davrida ham O’rta Osiyoda animizm va shamanizm mavjud edi. Shuningdek, ota-bobolar ruhiga sig’inish ham turkiy xalqlar o’rtasida X asrga qadar keng tarqalgan diniy e’tiqodlardan bo’lgan. Bu hol ruh o’lmaydi, u narigi dunyoda ham yashaydi, degan tasavvurlardan paydo bo’ladi. Xususan, 576 yilda Istami xoqonni dafn qilish marosimida uning o’g’li otasining minib yurgan otlarini, shu bilan birga to’rt harbiy asirni otasining arvohiga qurbon qilgan. Muqan xoqon vafot etganida esa unga oxiratda xizmat qilish uchun 20.000 kishi o’ldirilib, birga ko’milgan. Qiyomat kunini turkiylar «Qoldirilgan kun» deb ataganlar. Turkiylar qabr toshlari, ya’ni bitiktoshlar yoniga odamlarning tosh haykalchalarini qo’yishgan. Ular «balballar» deyilgan. Bu balballar o’lgan odamning ruhiga bag’ishlangan yodgorlikdir.
VI-VII asrlarda yuqoridagi diniy e’tiqodlardan tashqari turkiy xalqlar orasida zardushtiylik, buddizm, xristianlik va boshqa dinlar ham tarqalgan.
Turk xoqonlari davriga oid manbalar, tarixiy obidalar nisbatan kam saqlangan. Ammo Xitoy manbalarida ta’kidlanishicha, VI-VII asrlarda Turk xoqonligida tasviriy san’at, haykaltaroshlik ancha keng taraqqiy etgan. Ustrashona, Xolchayon, Dalvarzintepa, Fayoztepa, Panjikent harobalaridan topilgan naqshlar va suratlar bu fikrimizni yorqin ifoda etadi. Bu davrda kulolchilik san’ati ham rivoj topgan. Turk xoqonligi davrida yaratilgan moddiy madaniyat yodgorliklaridan biri loydan yasalgan har xil tasvirdagi haykalchalardir. Bu haykalchalar qo’lida kosa yoki qurol-yarog’ ushlab turgan kishi shaklida bo’lib, odatda, ular qo’rg’oncha yoki marhumlar qabrlariga qo’yilgan.
Shunday qilib, IV asrning oxiri va V asrning boshlaridan e’tiboran mamlakatimiz hududida feodal tuzumning ilk kurtaklari namoyon bo’la boshladi. Asta-sekinlik bilan feodal taraqqiyoti tomon rivojlanib borgan sari, mamlakatimiz xalqlari jahon taraqqiyotida o’ziga xos o’ringa ega bo’ldilar, jahon davlatchiligi, tsivilizatsiyasi va madaniyatiga o’z hissalarini qo’shdilar.



1 History of civilizations of Central Asia. Volume III. / The crossroads of civilizations: A.D. 250 to 750. / UNESCO. 1996. P. 212-233.

2 History of civilizations of Central Asia. Volume III. / The crossroads of civilizations: A.D. 250 to 750. / UNESCO. 1996. P. 123-136.

3 History of civilizations of Central Asia. Volume III. / The crossroads of civilizations: A.D. 250 to 750. / UNESCO. 1996. P. 138-154.

4 History of civilizations of Central Asia. Volume III. / The crossroads of civilizations: A.D. 250 to 750. / UNESCO. 1996. P. 322-342

Yüklə 35,11 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə