Lingvistik tahlil metodlari



Yüklə 125,96 Kb.
səhifə3/61
tarix20.06.2022
ölçüsü125,96 Kb.
#89792
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   61
Lingvistik tahlil metodlari (Saparova)

Voqelikni sub’ektiv bilish jarayoni tajriba nazoratidadir va ushbu jarayon natijasida biz voqelik haqidagi ob’ektiv bilimga, aniq ma’lumotga ega bo‘lamiz, ob’ektiv xaqiqatni bilib olamiz. Ob’ektiv haqiqat dunyo haqidagi bilim mazmunidir va bu bilim sub’ekt bilan bog‘liq emas. Lekin ushbu bilimni to‘plash jarayoni bevosita sub’ekt faoliyati, uning dunyoqarashi va qanday vositalardan foydalanilayotganligiga bogliq. Ushbu faktorlarning barchasi ilmiy tadqiqot natijalarida o‘z aksini topadi va bizning voqelik haqidagi bilimimiz qay yo‘sinda shakllanishini belgilaydi. Shu sababli bilish faoliyatining har bir bosqichi ob’ektiv haqiqatga ma’lum darajada yaqinlashish va unga intilishning kuchayishiga imkon beradi.
Voqelikning tadqiqotchi tomonidan qanday tasavvur va idrok qilinishi ilmiy tadqiqot natijalari uchun muhimdir. Ma’lumki, voqelik real mavjudlikdan iborat, undagi hodisa va predmetlar o‘zaro bog‘liq va bir-birini taqozo etadi. Bu bogliqlik ularning miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlarida, alohida qismlar o‘rtasidagi yaxlitlik va xususiylik munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Dunyodagi barcha hodisalar doimiy o‘zgarishda, taraqqiyotdadir va bu taraqqiyot bosqichma-bosqich amalga oshadi hamda sifat o‘zgarishlariga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, voqelik hodisalari sinergetika qonuniyatlariga amal qilgan, o‘z-o‘zini tashkil etish tamoyillariga tayangan holda rivojlanadi.
Xullas, zamonaviy falsafa fani voqelikni ilmiy bilishning asosiy yo‘nalishlarini aniq belgilab berish qudratiga ega. Ilmiy bilish jarayonining samarasi voqelik hodisalarining dialektik munosabatlari va ularning sinergetik taraqqiyot omillarining e’tiborga olinishi bilan bog‘liq. Aynan shu falsafiy qarashlar asosida ilmiy tadqiqot jarayonida qo‘llaniladigan vositalar ham haqiqiy bahosini topadi.

  1. Bilishning asosiy vositalari.



Bilishning eng oddiy vositasi – kuzatishdir. Tabiiy shart-sharoitda o‘rganilayotgan ob’ektning alohida holat va xususiyatlarini his-tuyg‘u vositasida idrok etish yo‘li bilan bajariladigan kuzatish harakatining fandagi o‘rni alohidadir. Kuzatish tadqiq etilayotgan ob’ekt haqidagi dastlabki ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Ammo kuzatish yo‘li bilan biz hodisalarning faqatgina tashqi ko‘rinishi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lamiz va bu natijaning tasodifiy bo‘lishiga, xulosaning ishonchsiz chiqishiga sabab bo‘ladi. Fan esa voqelikni yuzaki va tasodifiy faktlar asosida emas, balki botiniy, qonuniy va zaruriy bog‘liqliklar asosida bilishni talab qiladi.
Bunday intilishga bilish faoliyatining asosiy vositalaridan biri bo‘lgan tajriba-sinov harakati javob beradi. Bu vosita kuzatish jarayonida yig‘ilgan ma’lumotni rejali asosda qayta nazorat qilishni ta’minlaydi. Tajriba-sinovining oddiy kuzatishdan ustunligi uning kuzatish natijalarini qayta tekshirish, sinash vositasiga, ya’ni tajriba amallariga ega bo‘lishidadir. Shunday bo‘lsa-da, tajriba jarayonida tadqiq etiladigan natija va xulosalar ham birlamchi, dastlabki ma’lumotlardan
iborat bo‘lib, ular batafsil ilmiy tahlilga muhtojdirlar.


Barcha fan sohalarida tadbiq etiladigan bilishning intellektual vositalari qatoriga induktsiya va deduktsiya amallari kiradi.
Induktsiya alohida kuzatuvlar natijalarini umumlashtirishdir. Ushbu bilish faoliyati aniqlikdan (reallikdan) mavhumlikka yo‘naltiriladi. Induktiv taxdil tajribadan tizimlashtirishga, tizimlashtirilgan dalillardan empirik qonunlar kashfiga, ilmiy xulosalarga intiladi.
Deduktsiya induktsiyadan farqli o‘laroq, umumiylikdan xususiylikka, qarab yo‘naltirilgan bilish usulidir. «Deduktsiya vositasida tadqiqotchi bir sinf, bir jins, bir guruh narsa yoki hodisa to‘grisidagi umumiy bilimlardan ularning har biri haqida alohida bilimlarni hosil qiladi».
Zamonaviy falsafada induktiv va deduktiv vositalar o‘zaro bog‘liq, evristik faoliyatni ta’minlovchi aqliy tahlil usullari sifatida talqin qilinadi. Ushbu usullardan qaysi birini o‘rinli qo‘llash masalasi bevosita ilmiy tadqiqotning ikki bosqichi, ya’ni empirik (dalillar, faktlar to‘plash) va nazariy (ilmiy xulosalar chiqarish) bosqichlari farqi bilan bog‘likdir.

Yüklə 125,96 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   61




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə