Lison ut tayr



Yüklə 29,26 Kb.
tarix27.03.2023
ölçüsü29,26 Kb.
#103309
Lison ut tayr


LISON UT TAYR” dostonida vodiylar tasnifi

Reja:
1.Lisonu-t-tayr” dostoni
2.Dostonning asosiy qismlari
3.Dostonda vodiy mohiyatini ochib berish

Lisonu-t-tayr” dostoni shoir umrining so‘nggi yillarida, 1499 yilda yozib tugallangan. Filologiya fanlari nomzodi Sh.Eshonxo‘jayev dostonning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, izohlar bilan nashrga tayyorlagan (MAT, 12-jild). Mazkur nashrda doston hajman 193 bob, 3666 baytdan iborat.


“Lisonu-t-tayr” dostoni falsafiy-tasavvufiy mavzuda yaratilgan bo‘lib, ulug‘ fors-tojik adibi Farididdin Attorning “Mantiqu-t-tayr” dostoniga javoban yozilgan. Alisher Navoiyning o‘zi shu dostonida bolalik davridayoq “Mantiqu-t-tayr”ni ishtiyoq bilan o‘qiganligi va yod olganligini aytadi:
Yodima mundoq kelur bu mojaro,
Kim tufuliyat chog‘i maktab aro.
Kim chekar atfol marhumi zabun,
Har tarafdin bir sabaq zabtig‘a un…
Manga ul holatda tab’i bulhavas,
“Mantiqu-t-tayr” aylab erdi multamas.
Topti sokin-sokin ul takrordin,
Soda ko‘nglum bahra ul guftordin.
Tab’ ul so‘zlarga bo‘lg‘och oshno,
Qilmadi mayl o‘zga so‘zlarga yano.
“Lisonu-t-tayr” dostoni an’naviy tarzda Muqaddima, asosiy qism va Xotimani o‘z ichiga oladi. Muqaddima 13 bobdan iborat.
Dostonning birinchi bobi Alloh Hamdiga bag‘ishlangan. Navoiy Alloh bu olamni aniq bir reja asosida bunyod qilganligi haqida yozar ekan, unda hech bir narsa tasodifiy yaratilmaganligini aytadi. Allohning mo‘’jizasi sifatida bir-biriga zid bo‘lgan to‘rt unsur (suv, olov, tuproq va havo)ni inson vujudida bir butun holda birlashtirganini ta’kidlab, butun olamni yaratishdan maqsad ham inson ekanligini aytadi:
Uylakim dushman yarotib o‘tqa suv,
Yelni ham tufroqqa aylab aduv.
Sun’idin ko‘rgilki mundoq to‘rt zid,
Bo‘lub inson xilqatida muttahid.
Ofarinishdin qilib inson g‘araz,
Oni aylab xalq ichinda beevaz.
Bobda, shuningdek, Alisher Navoiy Alloh insonni o‘z siridan xabardor qilib, xalifalik toji bilan yuksaltirdi, shaytonni esa unga sajda qilishdan bosh tortgani uchun mardudu la’in (rad etilgan va la’natlangan) qildi, deydi:
Ham qilib o‘z sirri birla ganji roz,
Ham xilofat birla aylab sarfaroz.
Bo‘ldi sarkashlikdin oning ofati,
Ajzu tufrog‘liq bu birning rofati.
Birga ul masjudlug‘ bergan o‘zi,
Birga bu mardudlug‘ bergan o‘zi.
Dostonning 2-bobi munojotni o‘z ichiga oladi. Bobda Alisher Navoiy o‘tgan umrini sarhisob qilar ekan, Yaratgan qoshida o‘zini behad gunohkor deb hisoblaydi:
Alloh, Alloh, o‘lturur sharmandaliq,
Yodima kelsa bu yanglig‘ bandaliq.
Yuz qarolig‘ oncha bo‘lmish jahl aro,
Kim ko‘zimga qildi olamni qaro.
Qilmadim umrumda bir rak’at namoz,
Sar-basir mahzi niyoz, ey beniyoz.
Hargiz andoq qo‘ymadim tufroqqa bosh,
Kim keraklik bo‘lmag‘ay boshimg‘a tosh.
Bermadim hargiz gadog‘a bir diram,
To o‘zumni ko‘rmadim sohib karam.
Tutmadim oting qilib farzonaliq,
Sabha eldin osmayin yuz donaliq.
Bir amal hargiz riyosiz qilmadim,
Zarqsiz hargiz o‘zumni bilmadim.
O‘ylakim mendurmen inson bo‘lmasun,
Yo‘qki inson – devu shayton bo‘lmasun.
3-bob payg‘ambar Rasuli akram madhi – na’tni o‘z ichiga oladi. Bobda Navoiy “Nuri Muhammadiya” haqida fikr yuritar ekan, bu nur olam yaratilishidan ham ilgari mavjud bo‘lganligini, Odam Atodan Shis payg‘ambarga va shu orqali ko‘plab nasllarga o‘tib, rasuli akramning otalari Abdullohga yetib kelganligi va nihoyat uning farzandi chehrasida payg‘ambarlik nuri sifatida zohir bo‘lganligini yozadi.
Bobda shuningdek, Rasuli akramning payg‘ambarlik davrlaridagi faoliyatlari: kofirlarga qarshi kurashganlari, Lot butining holini xarob qilganlari, xalqqa Allohdan boshqa iloh yo‘qligi haqidagi haqiqatni yetkazganliklariga to‘xtalib o‘tiladi. Bob so‘ngida Rasuli akram va ular orqali barcha yaqinlari: sahoba va tobeinlar ham pok ekanliklari aytilib, ularga salom yo‘llanadi:
O‘zi pok, azvoj ila avlodi pok,
Zoti pok, as’hob ila ahfodi pok.
Anga har dam yuz durudu ming salom.
Olam ahlidin ila yovmul qiyom.
4-bob me’roj tuni ta’rifiga bag‘ishlangan. Unda payg‘ambarimizning huzurlariga “Ruhu-l-amin” (Jabroil farishta) kelib, Yaratganning xabarini yetkazgani va rasuli akramning Buroq otini minib, Alloh huzuriga ko‘tarilganliklari, oradagi yetmish qavat parda ko‘tarilib, bor-yo‘q to‘siqlar bartaraf bo‘lganligi, payg‘ambarimiz Allohdan ummatlarining gunohini so‘raganliklari va Alloh o‘z habibining barcha istaklarini qabul qilgani haqida fikr yuritiladi.
Dostonning 5-bobi to‘rt xalifaning birinchisi Hazrat Abu Bakr Siddiq madhiga bag‘ishlangan. Alisher Navoiy bu zotni “sodiqu siddiq” deb atab, tashbeh san’ati vositasida payg‘ambarimizni g‘or ichidagi xazinaga, Abu Bakr (r.a)ni esa shu xazinani qo‘riqlab yotgan ajdahoga o‘xshatadi:
Sodiqu siddiqu hamrozi oning,
Har yomon-yaxshida damsozi oning…
Ganjkim g‘or ichra pinhonlik qilib,
Ajdahodek ul nigahbonlik qilib.
Abu Bakr Siddiqning payg‘ambarimizdan keyin xalifa imom bo‘lib qolganliklarini go‘yo quyosh ketib, oy qolganligiga nisbat beradi:
O‘rnig‘a oni rasul aylab imom,
Oy bo‘lib xurshidg‘a doim maqom.
6-bob Hazrat Abu Bakr Siddiq haqidagi hikoyatni o‘z ichiga oladi. Hikoyatda aytilishicha, Abu Bakr Siddiq xalifalik taxtiga o‘tirganlarida dindan qaytgan bir guruh kishilar islom farzlaridan biri bo‘lgan zakotni bekor qilishni talab qiladilar. Shunda xalifa g‘azab bilan: “Payg‘ambar qonunida biror ip miqdoricha narsani ham o‘zgartirish mumkin emas. Kimki bunga qarshi bosh ko‘tarsa, ularga javob qilich va o‘qdir” deb aytadilar.
Dostonning 7-bobi Hazrat Umar Foruq madhiga bag‘ishlangan. Alisher Navoiy islom olamida haqni xatodan farq qilishda bu kishiga teng keluvchi boshqa inson yo‘q edi, deydi:
Haqni botildin birovkim qildi farq,
Adli birla ravshan yetti g‘arbu sharq.
Ondin o‘zga yo‘q edi ofoq aro,
Balki ushbu qasri oliy toq aro.
8-bob Hazrat Umar Foruqqa bag‘ishlangan hikoyatdan iborat. Hikoyatga ko‘ra, Hazrati Umar Madoyinni egallaganlarida, juda katta xazina yig‘iladi. Hazrati Umar bu xazina va mol-mulkka qo‘z qirlarini ham tashlamaydilar: barcha xazinani g‘azotga chiquvchilar uchun bo‘lib berishni buyuradilar.
9-bob – Hazrat Usmon (r.a.) madhidadir. Hazrat Usmon payg‘ambarimizning ikki qizlariga uylanganliklari uchun “zunnurayn” laqabini olganlar. Alisher Navoiy bu zotni Qur’oni Karimni to‘plaganlari sabablari xalq Usmon ibn Affon deb atadi deydi:
Tengri aylab jome’i “Qur’on” oni,
Xalq deb Usmon bin Affon oni.
10-bob Hazrat Usmon haqidagi hikoyatni o‘z ichiga oladi. Hikoyatga ko‘ra, payg‘ambarimiz bir kuni eldan farog‘at istab, xilvatga kirib, bir oyoqlarini uzatib o‘tiradilar. Ularning huzurlariga ba’zi zodagon sahobalar, ayrim aziz va sharif kishilar kirganlarida ham ularning holatlarida o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin xonaga hazrat Usmon kirgach, rasuli akram uzatgan oyoqlarini yig‘ib oladilar. Bu payg‘ambarimizning hazrat Usmonga bo‘lgan cheksiz hurmatlari ifodasi edi.
11-bob mo‘minlar amiri Hazrat Ali (r.a) madhiga bag‘ishlangan. Navoiy bu zotning payg‘ambarimizga farzand darajasida bo‘lganliklarini aytib, ular orasida “men senikiman, sen menikisan” degan ahd mavjudligiga ishora qiladi:
Anbiyo sarxayliga farzand ul,
Xayli odam ichra bemonand ul…
Ittihodida nubuvvat sham’ining
So‘zi bukim sen meningsen, men sening.
12-bob Hazrat Aliga bag‘ishlangan hikoyatni o‘z ichiga oladi. Hikoyatga ko‘ra, g‘azot janglaridan birida Hazrat Aliga o‘q tegadi. O‘qning uchi ularning suyaklarigacha botib, tortib olishning iloji bo‘lmaydi. Shunda sahobalar payg‘ambarimizdan bu ishning chorasini so‘raganlarida, rasuli akram “U namoz o‘qiyotgan paytda o‘qni tortib olish payida bo‘lingiz. U namozga shunday berilgan bo‘ladiki, o‘qni tortib olganlaringni bilmay qoladi”, — deydilar. Sahobalar aytilgandek qiladilar va Alloh kushoyish berib, bir lahzada jarohatdan na dardu na o‘q uchi qoladi.
13-bob buyuk forsigo‘y adib Farididdin Attor madhiga bag‘ishlangan. Alisher Navoiy so‘z o‘yini vositasida shoir taxallusiga majoziy nisbat berib, bu do‘konda olamdagi barcha boyliklar: duru gavharlar, gulobu mushki anbarlar, shirinliklar jam’ ekanligini aytadi:
Har ne gardun bahr ila konida bor,
Oncha yuz Attor do‘konida bor.
Alisher Navoiy Attorning yozgan asarlari xalq uchun gulqand kabi foydalidir deydi va shu munosabat bilan uning asarlari ro‘yxatini keltiradi: “Musibatnoma”, “Ilohiynoma”, “Ushturnoma”, “Lujjai hilol”, “Tazkiratu-l-avliyo”, “Mantiqu-t-tayr” va boshqalar. Bob so‘ngida Navoiy agar Haq madad bersa, mendek gado Shayx ruhidan yordam olib, qushlar nutqini izhor qilsam, ya’ni “Mantiqu-t-tayr”ga javob yozsam deydi:
Lek haq tavfiq bersa, men — gado,
Shayxning ruhig‘a aylab iqtido.
O‘yla qushlar nutqini izhor etay,
Bulbulu to‘ti kibi g‘uftor etay.
Kim xaloyiq chun tarannum aylagay,
Qush tili birla takallum aylagay.
Lek surmak nuktani to‘ti misol,
Budur insof o‘lsa, ey farxunda fol.
Kim bu to‘ti to‘’masi bo‘lg‘oy shakar,
Ul shakar fikr aylasang bo‘lg‘ay magar.
Tengrining lutfu inoyat xonidin,
Ya’ni, ul Attorning do‘konidin.
Dostonning asosiy qismi 14-bobdan boshlanadi. Bir kuni barcha qushlar majlis qurmoq uchun yig‘ilibdilar. Lekin majlisda o‘rin talashib, janjallashib qolibdilar. Shunda ular agar bir adolatli podsho bo‘lganda, bahsga hojat qolmagan bo‘lardi, deb o‘ylabdilar. Shu vaqt Hudhud degan qush shunday podshoh borligini, uning nomi Simurg‘ ekanligi va Simurg‘ning huzuriga bormoqchi bo‘lganlar uzoq hamda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishlari zarurligini aytadi:
Borcha olam qushlariga shoh ul,
Holingizdin mo‘-bamo‘ ogoh ul.
Ul yoqin sizga-yu siz ondin yiroq,
Vasl – anga oyin, vale sizga – firoq.
Yo‘lida yetsa talabdin ming taab,
Ham anga yetmas kishi qilmay talab.
Lekin ul vodiy nihoyatdin uzun,
Qat’ida ofat nihoyatdin fuzun.
Umrlar urmoq kerak tinmay qanot,
Necha karkas umricha bo‘lsa hayot.
Qushlar Hudhud boshchiligida yo‘lga tushadilar. Bir necha kun yo‘l yurgach, mashaqqatli safar ularni toliqtiradi. Ular ortga qaytmoqchi bo‘ladilar va birin-ketin Hudhudga o‘z uzrlarini ayta boshlaydilar. Dastlab To‘ti uzr aytadi. Hudhud unga javoban “Hiylagarlikni kasb qilgan yashil chakmonli kishi” bilan bog‘liq hikoyatni keltiradi. To‘tidan so‘ng Tovus uzr aytib, “Tangri meni atrofdagilar ko‘rib, husnimga tahsin aytishlari uchun yaratgan, shunday ekan, menga bu safardan ne hojat”, — deydi. Hudhud unga javoban masxaraboz bir hinduning o‘zini turli naqshu nigorlar bilan bezab, maydonda tomosha ko‘rsatgani, uning atrofi bir gala beboshlar to‘dasi bilan to‘lgach, nazoratchilar tomonidan tutib olinib, darra bilan savalangani haqidagi hikoyatni keltiradi. Undan so‘ng Bulbul uzr aytadi. U o‘z chamanidagi bir gulga oshiqligini, guldan ayriliqqa chiday olmasligi va bu safar unga cheksiz hajr azobini olib kelayotganligini bayon qiladi. Hudhud unga bir podshohga oshiq bo‘lib qolgani haqida lof urgan gado hikoyatini keltiradi. Shu tariqa Qumri, Kabutar, Kabki dariy (Tog‘ kakligi), Tazarv, Qarchig‘ay, Shunqor, Burgut, Kuf (Boyo‘g‘li), Humoy, O‘rdak, Tovuq (Xo‘roz) kabi qushlar o‘z uzrlarini aytadilar. Hudhud ularning har biriga mos holatda turli hikoyatlar bilan javob qaytaradi. Qushlar yo‘llarida davom etadilar. Ular Hudhuddan Simurg‘ga yetishish yo‘li haqida so‘raydilar. Hudhud ularga dostondagi eng katta va alohida mavqega ega bo‘lgan “Shayx San’on” haqidagi hikoyatni so‘zlab beradi.
Hikoyatda keltirilishicha, Shayx San’on ismli avliyo Ka’badagi barcha shayxlarga murshid – ustoz darjasida edi. Uning 400 ga yaqin muridi bo‘lib, ularning har biri Junayd va Boyazid larga teng edi. Shayx San’on tushida biror narsani ko‘rsa, bu voqea o‘ngida ham yuz berardi. Bir kuni u tushida Rum mamlakatida butxona ichida mast holda sayr qilib yurganligini ko‘radi. Uyg‘onib, bu holiga tavba qiladi. Lekin bu tush bir necha bor takror bo‘lgach, uning ta’biri taqdiri bilan aloqador ekanligini his qilib, o‘z muridlari bilan Rum sari yo‘lga tushadi. Nihoyat Rum o‘lkasiga yetib kelishadi. U yerda g‘aroyib bir butxonani ko‘radilar. Shayx butxonaga kirgach, holatida o‘zgarish sodir bo‘ladi, ko‘ngli iztirobdan betoqat bo‘la boshlaydi. Shunda beixtiyor uning qarshisida yuziga parda tortgan tarso (xristian diniga mansub) qiz paydo bo‘ladi. Shamol ko‘tarilib, go‘zalning yuzidagi parda ochilgach, Shayx o‘zidan ketib, tuproqqa yiqiladi. Shu tariqa Shayx ishq dardiga mubtalo bo‘ladi. Navoiy uning iztirobli holatini shayx tilidan shunday tasvirlaydi:
Kim:— «Bo‘lur har lahza ranj afzun manga,
Ne edikim qilding, ey gardun, manga!
Ofiyatdin ishq sori boshlading,
Yuz yonar o‘t ichra olib toshlading…
Olloh! Olloh! Ne kechadur bu kecha!
Sa’b mundog‘, yo rab, o‘lg‘aymu kecha!
O‘tkaribmen ko‘p suubat kechalar,
Ko‘rmadim mundog‘ uqubat kechalar!..
Do‘stlar, netti madad yetkursangiz,
Jam’ o‘lub men zorni o‘ltursangiz.
To qutulsa dahr orimdin mening,
Dahr eli afg‘onu zorimdin mening.
Jonima, as’hob, tig‘i qatl urung.
Kuydurub, haryon kulumni sovurung.
To jahonda bo‘yla rasvo bo‘lmayin,
Bir o‘lay, yuz qatla hardam o‘lmayin!»
Shayxning bu musibatli holatini ko‘rib, muridlari nasihatlar bera boshlaydilar. Ular shayxga aql mezoni bilan xitob etadilar, shayx esa ishq yo‘sinida javob qaytaradi. Muridlar unga tahorat olib, ibodat qilmoqni maslahat berganlarida shayx ularga shunday javob qaytaradi:
Shayx deb:— «Yo‘q ko‘z yoshimdin o‘zga suv,
Qon kelur hardam bog‘irdin ko‘zga suv».
Muridlardan birining Ka’bani ziyorat qilmoq darkor degan da’vatiga Shayx tomonidan shunday javob bo‘ladi:
Shayx debkim: “Onda qilg‘onni talab,
Munda topdim, ne chekay ul yon taab”.
Shu tariqa Shayx har muridning kuyinib aytgan o‘gitlariga ishq so‘zi bilan javob qaytaradi.
Butxonadagi kishilar esa din ahlining bu holatini mazax qilib, o‘z dinlarining ustunligini gumrohlarcha ta’kidlay boshlaydilar. Bu hol tong yorishgunga qadar davom etadi. Muridlar nomusga chiday olmay, shayxni yolg‘iz tashlab ketadilar. Shayx butxonadagi bolalarga ham masxara bo‘ladi. Shu tariqa oradan bir oy o‘tadi. Nihoyat, tarso qizi yana butxonada paydo bo‘ladi va islomdek buyuk din peshvosi Shayxning kofirlar butxonasida bu tarzda yashashidan maqsadi ne ekanini so‘raydi. Shayx tarso qiziga o‘z holini bayon qilib, bularning barchasiga sababchi sening orazing, deb javob beradi. Tarso qizi shayx ishqining dalili sifatida unga to‘rt shartni bajarishi va ikki jurmona (jarima) to‘lashi kerakligini aytadi. Aytilgan to‘rt shart quyidagilar edi:
1) may ichmoq;
2) zunnor bog‘lamoq;
3) Qur’onni o‘tda kuydirmoq;
4) butparastlar diniga kirmoq.
Jurmona sifatida esa bir yil davomida cho‘chqaboqarlik qilish va otashgohda o‘t yoqishni buyuradi. Shayx bu shartlar va jurmonalarni ortig‘i bilan ado etadi. Shu tariqa oradan bir yil o‘tadi.
Shayxning Ka’bada bir foniy muridi bo‘lib, Shayx Rumga otlanganida u boshqa bir mamlakatda safarda edi. Safardan qaytgach, Shayxni topolmay, bo‘lib o‘tgan voqealar haqida surishtiradi. Muridlar unga ahvolni bayon qiladilar. Foniy murid ularga ta’na qilib shunday deydi:
Shayxkim, pir erdiyu, sizlar murid,
Borchag‘a irshodidin behbud umid…
Shayxingizga bevafoliq boshlabon,
Qiblangingizni dayr ichinda tashlabon….
Odami bo‘lsa, vafo andin yiroq,
It vafo bobida andin yaxshiroq…
Shu tariqa shogird bu yerda o‘tirish bilan ish bitmaydi, deb barcha muridlarni Rum sari yo‘lga boshlaydi. Yetib borib, ko‘radilarki, Shayxda na islom, na iymon maslagidan asar qolmagan edi. Sodiq shogird bu holni ko‘rib, oh uradi va kecha-kunduz Yaratganga munojot qilib, Shayxning haqiga duo o‘qiydi va, nihoyat, Alloh uning duosini qabul etadi. Shayxga g‘oyibdan ogohlik yetib, ko‘zlaridan xijolat yoshlarini to‘kib, sadoqatda bemisl bo‘lgan shogirdiga uzrxohlik qiladi. Shayx yana egniga poklik xirqasini kiyib, o‘z muridlari bilan Ka’ba sari yo‘l oladi.
Rumda qolgan tarso qizi tush ko‘radi. Tushida Iso (a.s.)dan: “Shayx San’ondek buyuk murshid sening huzuringga mehmon bo‘lib kelsayu, sen mezbonlik odatini bilmasdan uning boshiga ne kunlarni solding?! Endi vaqtni g‘animat bilib, uning ortidan bor, diniga musharraf bo‘l”, – degan xabar keladi. Tarso qizi oh urgancha, ko‘zlaridan nadomat yoshlarini to‘kib, Ka’ba tomon yo‘lga tushadi. Yo‘lda unga xastalik va ojizlik yuzlanib, tuproq ustida hushidan ketadi. Shayxga bu hol ayon bo‘lib, muridlari bilan ortga qaytadi va tarso qizining so‘nggi lahzalarda iymon sohibasi bo‘lib jon berishiga shohid bo‘ladi. Alisher Navoiy hikoyat so‘nggida ishqqa shunday ta’rif beradi:
Ishq bahredurki, yo‘q poyon anga,
Har hubobi gunbadi gardon anga…
Olamedur ishq, lekin bas vase’,
Toramedur ishq, lek asru rafe’…
Shu o‘rinda Navoiy agar unga Alloh umr bersa, o‘z ishqi sharhini nazmga solib, bir doston yozish niyati borligini aytadi:
Bir necha kun umrdin topsam amon,
Sharhi ishqim nazm etay bir doston.
Anda bilgay kimgakim insofdur,
Kim so‘zum chinmudurur yo lofdur.
Ma’lumki, tasavvufda Haqni tanishning ikki yo‘li mavjud. Birinchisi hayajonli, ruhiy kechinmalarni oshkora izhor etib borish mayli bo‘lsa, ikkinchisi osoyishta, ichki dardni yashirish maylidir. Birinchi mayl “sukra” (mastlik) yo‘li deb atalib, uning yirik namoyandalari sifatida Boyazid Bistomiy, Mansur Halloj, Abu Sa’id Abulxayr, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Boborahim Mashrab nomlarini keltirish mumkin.
Ikkinchi mayl sahv (hushyorlik) yo‘li deb nomlanib, uning tarafdorlari qatorida Junayd Bag‘dodiy, Sa’diy Sheroziy, Baxouddin Naqshband kabi ijodkorlarlarni sanab o‘tish mumkin.
Adabiyotshunos olim N.Komilovning fikricha, Shayx San’onning barcha diniy ilmlari va Qur’onni unutishi bu Haqqa yetish uchun dunyoviylikdan, jumladan, aql va aqliy narsalardan qutulish, o‘zligini unutishga ishoradir. Uning xotirasi qaytishi esa, sukradan sahvga qaytish hisoblanadi. Haqiqiy baqo esa sahv, ya’ni hushyorlikka qaytishdan keyin boshlanadi. Sukradagi solik bamisoli dengizga sho‘ng‘ib, g‘arq bo‘lgan kishi bo‘lsa, sahvga qaytgan dengizga sho‘ng‘ib, gavhar donalarini olib qaytib chiqqan g‘avvos kabidir.
Hudhud hikoyatdan so‘ng asl manzilga yetish uchun 7 vodiyni bosib o‘tish kerakligini aytadi. Qushlar vodiylardan o‘ta boshlaydilar:
1. Talab vodiysi – qushlarning Simurg‘ vasliga talabgorligi bilan bog‘liq bo‘lib, Navoiy bu vodiyga shunday ta’rif beradi:
Chun talab vodiysig‘a qo‘ysang qadam,
Ollinga har dam kelur yuz ming alam…
Istamak ranji ko‘ngulni zor etar,
Topmomog‘lig‘ ruhni afgor etar…
Lam’a ko‘rguzgan soyi mehri visol,
Aylagay shoming saharg‘a intiqol…
Ajdahodin yetmagay ko‘nglungda ranj,
O‘yla bo‘lmish bo‘lg‘ay ul mash’uf ganj.
Alisher Navoiy har bir vodiy ta’rifidan so‘ng shu vodiy mohiyatini ochib beruvchi hikoyat ham keltiradi. Jumladan, asarda talab vodiysi bilan bog‘liq quyidagi hikoyat beriladi:
Qadimda bir qudratli podshohning Yusufdek go‘zal o‘g‘li bo‘lgan ekan. Butun olam ahli unga oshiqu shaydo bo‘lib, agar u qatl etmoqchi bo‘lsa ham, kishilar bundan g‘am chekishmas ekan. Bir kuni u sahroda aylanib yurib, minglab oshiqi zorlarning uning ishqida iztirob chekayotganligini ko‘radi . Ular orasida ikki devona shahzodaning diqqatini tortadi. Mulozimlar ularni ushlab qasr tomon olib keladilar. Shoh ulardan birini zindonga tashlab, ikkinchisini o‘ziga itboqar qilib tayinlaydi. Shunda ulardan biri ikkinchisidan bu azob-uqubat ichida holi qanday ekanligini so‘raganida u bu holat mashaqqat emas, balki oshiq uchun rohat ekanligini aytadi. Ikkinchisi ham bu so‘zlarni tasdiq etib, oshiq o‘z ma’shuqi vasliga talabgor ekan, bu azoblar unga faqat mamnunlik baxsh etishini bayon qiladi. Bu so‘zlarni pana joydan eshitib turgan shahzoda benihoya xursand bo‘lib, ularni o‘zining yaqin mahramlariga aylantiradi.
Hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa shuki, talab vodiysiga qadam qo‘ygan solik oshiqlikdan keladigan jami sinovlarga, mashaqqat va uqubatlarga tayyor turishi, ma’shuq vasli yo‘lidagi qiyinchiliklarni baxtu saodat deb qabul qilishi kerak. Zero, bu vodiydan maqsad Yaratganning vaslidir.
2. Ishq vodiysi – bu vodiyda qushlarning qalbini Simurg‘ning ishqi band etadi, ular o‘zlarini va dunyoni unutadilar. Alisher Navoiy bu vodiyni shunday ta’riflaydi:
Ishq keldi masha’li getifuro‘z,
Dema mash’al shu’layi ofoqso‘z.
Ishq aro har kimsa darxur bo‘lmag‘ay,
O‘tqa loyiq juz samandar bo‘lmag‘ay…
Kuymagan ishq ichra ermas ishqboz,
Oshiq ermas, ulki ermas jongudoz.
Mazkur vodiy tavsifi uchun hazrat Alisher Navoiy Asma’iy bilan bog‘liq hikoyatni keltiradi. Hikoyatga ko‘ra, Asma’iy haj tomon ketayotib, bir chashma boshida yozuv bitilgan toshni ko‘radi. Toshda shunday deb yozilgan edi: “Ey Hijoz ahli! Bir sirning chorasini topsangiz: agar kishi ishqqa mubtalo bo‘lib, ishq uni sabru qaroridan judo etgan bo‘lsa, nima qilsin?”
Asma’iy qo‘liga qalam olib, yozuv tagiga shunday so‘zlarni bitadi: “Kimki bu halokatli yo‘lga kirgan bo‘lsa, undan qo‘rqmasin”. Bu so‘zlarni yozib bo‘lib, Asma’iy yana yo‘lida davom etadi. Ertasiga yana shu joyga kelib qarasa, toshda yangi yozuv paydo bo‘lgan ekan: “Agar oshiq pok bo‘lsayu, ishqini yashirin saqlasa, lekin muhabbat shiddatidan toqati toq bo‘lib, vaslga ehtiyoj sezsa, buning ilojini topmasa, nima qilsin?” Asma’iy bu so‘zlarni o‘qib, qalami bilan shunday deb yozib qo‘yadi: “Agar o‘sha dardli inson nasihatlarimdan o‘z maqsadiga erishmagan bo‘lsa, o‘lsin va ishq o‘tidan o‘zini xalos qilsin!”
Oradan bir kun o‘tib, oshiqning javobini bilish uchun o‘sha joyga kelgan Asma’iy chashma yonida boshini toshga urib, halok bo‘lgan bir kishini ko‘radi. Asma’iy bu holdan azoblanib, halok bo‘lgan oshiq uchun motam tutadi va marhumni qabrga qo‘yadi.
Ushbu hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa shuki, oshiqning asosiy maslagi – ishq yo‘lida jismdan voz kechish va yor uchun o‘lmoqlikni arzimas ish deb bilish.

Adabiyotlar:


1. Navoiy Alisher. Lisonut tayr. Mukammal asarlar to‘plami. 20 jildlik. – T.: Fan, 1994. 12-jild.
2. Navoiy Alisher. Lison ut-tayr (nasriy bayoni bilan). – T.: G’.G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2005.
3. Lisonut tayr (nasriy bayoni bilan). Tahrir hay’ati: A.Qayumov va boshq. – T.: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1991.
4. N.Komilov. Tasavvuf. –T.: Movarounnahr – O‘zbekiston, 2009.
5. Bertels Ye.E. Navoi i Attar / Sufizm i sufiyskaya literatura. – M.: 1965. – S.377-421.
6. Imomnazarov M. Haqiqat va majoz (2-3-maqolalar) // Sharq yulduzi. – T., 1989. — № 4; 1991. — № 4.
7. Olimov S. Ishq, oshiq va ma’shuq. – T.: Adabiyot va san’at, 1992.
8. Sharipov Sh. Alisher Navoiy “Lisonut tayr” dostonining genezisi va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. – T.: Fan, 1982. – 96 b
9. Sharipov Sh. “Lisonut tayr” haqiqati. – T.: Ma’naviyat, 1998.
10. Mamadaliyeva Z. Lison ut-tayr” dostonidagi ramziy obrazlar tizimi. Filol.fan.nomz.diss. – T., 2011.
Yüklə 29,26 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə