Ma’ruza matni 1-mavzu: XIX asr o‘rtalarida o‘zbek xonliklardagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayot



Yüklə 349,54 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix29.11.2023
ölçüsü349,54 Kb.
#140711
1 1 MARUZA MATNI MAVZU XIX ASR O‘RTALARIDA O‘ZBEK XONLIKLARDAGI



O‘ZBEKISTON TARIXI FANI 
 
MA’RUZA MATNI 
 
1-MAVZU: XIX ASR O‘RTALARIDA O‘ZBEK XONLIKLARDAGI SIYOSIY VA 
IJTIMOIY-IQTISODIY HAYOT 
 
Reja: 
1.
XIX asr o‘rtalarida Qo‘qon xonligining siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy axvoli 
2.
XIX asr o‘rtalarida Buxoro amirligida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayot 
3.
XIX asr o‘rtalarida Xiva xonligida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar 
XIX asr o‘rtalarida Qo‘qon xonligining siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy axvoli 
 
Qo‘qon xonligidagi siyosiy jarayonlar.
XIX asr boshida Norbutabiydan so‘ng uning 
o‘g‘li Olimxon (1801-1810) taxtga o‘tirib, Qo‘qon xonligining siyosiy qudratini mustahkamlash, 
mamlakat hududlarini kengaytirishga alohida e’tibor berdi. Natijada Qo‘qon xonligining siyosiy 
mavqei oshib bordi. Olimxon davriga kelib Qo‘qon xonligidagi davlat boshqaruvi oldingi 
davlatlar boshqaruv tizimidan deyarli farq qilmas edi. Uning davrida Qo‘qon xonligi kuchayib 
borishi bilan davlatning siyosiy maqomi ham o‘zgaradi. Agar Qo‘qonning dastlabki hukmdorlari 
“biy” va “bek” unvoni bilan mamlakatni idora qilgan bo‘lsalar, Olimxon davridan boshlab (1805 
yil) hukmdorlar rasman “xon” deb yuritila boshlandi. 
O‘z davrida Olimxon harbiy yurishlar qilib o‘ziga yangi viloyatlarni , jumladan 
Ohangaron vohasi, Toshkent, Chimkent, Turkistonni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Qisqa 
muddat O‘ratepani ham egalladi, Jizzax va Zominga yurishlar qildi. Harbiy islohatlar o‘tkazib, 
markazlashgan va kuchli davlat tuzish uchun harakat qilayotgan Olimxonning siyosatidan norozi 
bo‘lgan ayrim zodagonlar guruhi unga qarshi fitna tayyorlay boshladilar. Olimxon o‘z 
hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ukasi Rustambekni, bir nechta sarkardalarni, din 
peshvolarini o‘ldirtirib yuboradi. Manbalarning ma’lumot berishicha, bu voqealardan so‘ng 
kuchayib ketgan fitnachilarga Olimxonning ukasi Umarbek boshchilik qilgan. Natijada, 1810 
yilda Olimxon Toshkentdan Qo‘qonga qaytayotganda, Oltiqush mavzesida o‘g‘li Shohruhbek 
bilan birga Qambar Mirza tomonidan otib o‘ldiriladi. 
Manbalarga ko‘ra, Umarxon (1810-1822) hukmdorligi davrida yirik yer egalari, harbiy 
sarkardalar va ruhoniylarning mavqei yanada oshadi. U davlat boshqaruvi ishlarida izchil tartib, 
qonun – qoidalar o‘rnatdi va diniy ishlarni tartibga soldi. Natijada, 1818 yilda Umarxon 
ruhoniylarnng roziligi bilan “amir al-muslimin” unvonini olib ham diniy, ham dunyoviy 
hokimiyatga ega bo‘ladi. 
Muhammad Hakimxon ma’lumotlariga ko‘ra, Umarxon davrida Amir Temur va Sulton 
Husayn Boyqaro zamoniga taqlidan unvon va lavozimlar joriy etilib, ularga hokimiyatga yaqin 
shaxslar tayinlanadi. Shuningdek, Olimxon zulmidan qochib ketgan ayrim amaldorlar Umarxon 
xizmatiga qaytib kelib, lavozimlarni egallaydilar. 
Manbalarning guvohlik berishiga qaraganda, Qo‘qon xonligining O‘rta Osiyo 
mintaqasidagi siyosiy jarayonlar va o‘zaro munosabatlarga faol aralashuvi ham Umarxon 
davridan boshlanadi. O‘z davrida Umarxonning elchilari Xiva, Xitoy va Turkiya davlatlariga 
jo‘natilganligi ma’lum. 


N.Petrovskiy Umarxon hukmronligi davri haqida quyidagi ma’lumotlarni beradi: 
“Umarning xonligi ham oldingi xonlarnikidek davom etdi, ya’ni, u o‘z yerlarini kengaytirdi. Bu 
xon davrida Turkiston viloyati musulmonlarning Hazrat (Sulton al-orifin Ahmad Yassaviy dafn 
etilgan Turkiston) shahri bilan birga zabt etildi. Umarxon xalq sevib ardoqlagan xonlardan biri 
bo‘ldi. Qo‘qonda ikki qator she’r tarqalgan bo‘lib, unda Umarxon haqida juda iliq va yaxshi 
so‘zlar aytilar edi”. 
1822 yilda Umarxon kasallanib vafot etganidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li 
Muhammadalixon (Madalixon, 1822-1842) o‘tiradi. Uning hukmronligi davrida Qo‘qon 
honligining hududi yanada kengayib, qirg‘izlarning ba’zi tumanlari xonlikka qo‘shib olinadi 
hamda Ko‘lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz, Maschoh kabi viloyatlar Muhammadalixon 
hukmronligini tan oladilar. 
Manbalarga ko‘ra, Muhammadalixon hukmronligining dastlabki yillari yaxshi va odilona 
kechgan. U 1826-1831 yillar davomida Qashg‘arga yurishlar qilib, bu yerdagi musulmonlarni 
xitoyliklar zulmidan ozod qildi hamda 70 ming uyg‘ur musulmonlarini Andijon viloyatiga 
ko‘chirib keltirdi. Natijada din peshvolari Muhammadalixonga “G‘oziy” (“din homiysi”, “din 
yo‘lida kurashuvchi”) unvonini berdilar. 
1840 yilda Muhammadalixonning bosh maslahatchisi, davlatni boshqaruv ishlarida katta 
tajribaga ega bo‘lgan Haqquli mingboshining tuhmatga uchrab xon tomonidan qatl etilishi shusiz 
ham qaltis bo‘lib turgan vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi. Undan tashqari xon davlat 
ishlariga loqayd bo‘lib, asosiy vaqtini haramida o‘tkaza boshladi. Natijada davlatni boshqaruv 
ishlarida suiste’molliklardan umumiy noroziliklar boshlanib, xonni ag‘darish uchun fitna 
tayyorlana boshlandi. 
Lekin o‘z kuchlari bilan fitnani amalga oshirishga ko‘zi yetmagan bir guruh Qo‘qon 
amaldorlari boshqa xon saylash maqsadida Buxoro amiri Nasrulloga noma yozib, undan yordam 
so‘rashdi. Qo‘qon yurishi uchun bahona topolmay turgan Amir Nasrullo bu taklifni tezda qabul 
qilib, 1842 yil aprelda Qo‘qonni bosib oldi. Qo‘qondan oilasi bilan Namangan tomonga qochgan
Muhammadalixon tutib keltirilib, oilasining bir qismi bilan qatl ettirildi. 
Amir Nasrullo Qo‘qon xonligining Buxoroga qo‘shib olinganligini e’lon qilib, Qo‘qonda 
o‘z noibi Ibrohim dodhoh Mang‘itni qoldiradi. Ammo, Ibroxim dodhohning Qo‘qon xalqiga 
o‘tkazgan jabr-zulmi, soliqlarning haddan tashqari oshib ketishi natijasida aholi qo‘zg‘olon 
ko‘tarib, Buxoro hukmronligidan ozod qilish uchun qipchoqlarni yordamga taklif etadilar. 
Qipchoqlar Muhammadalixonning qarindoshi SHerali boshchiligida Qo‘qonga kelib, 
buxoroliklarni tor-mor etdilar hamda SHeralixon (1842-1845) taxtni egalladi. Qipchoqlar esa shu 
vaqtdan boshlab uzoq vaqt xonlikda yetakchi mavqega ega bo‘ldilar. 
Qo‘qonda bo‘lgan voqealardan xabar topgan amir Nasrullo 1842 yilning kuzida yana 
Qo‘qonga yurish qildi, ammo bu safar unga omad kulib boqmadi. Muhammadalixon davrida 
yuzboshi bo‘lgan Musulmonquli qipchoq Nasrulloning ishonchiga kirib Qo‘qonga keladi va 
qo‘qonliklarni taslim bo‘lishga ko‘ndirish o‘rniga bir tan - bir jon bo‘lib amir Nasrulloga qarshi 
kurashga chorlaydi. Uning maslahatiga ko‘ra Qo‘qonda himoya vositalari kuchaytirildi. Bir 
oydan ziyodroq Qo‘qonni qamal qilgan amir Nasrullo o‘ziga qarshi suiqasd uyushtirilayotligi 
hamda xivaliklar chegaraga joylashgan Buxoro qishloqlariga hujum qilayotganligi haqidagi 
xabarni olib Buxoroga qaytishga majbur bo‘ldi. 
Buxoroliklarning ketishi bilan Qo‘qon xonligida bir muddat tinchlik va osoyishtalik 
hukm surdi. SHeralixon keksa odam bo‘lib oqko‘ngil va muloyim inson edi. Uning davrida 
barcha davlat lavozimlarini qipchoqlar egallab, davlat boshqaruvini o‘z qo‘llariga oldilar. 
Ammo, 1845 yilda Buxoroda bo‘lgan Olimxonning o‘g‘li Murodxon (Qo‘qonda 11 kun xon 


bo‘lgan) amir Nasrulloning yordami bilan Qo‘qonga kelib SHeralixonni qatl etadi va taxtni 
egallaydi. Bu paytda Namanganda bo‘lgan mingboshi Musulmonquli bu voqeadan xabardor 
bo‘lgach SHeralixonning besh o‘g‘lidan biri Xudoyorxonni olib Qo‘qonga keladi hamda uni 
xonlik taxtiga o‘tqazadi (1845-1853, 1863, 1865-1875). 16 yoshga kirgan Xudoyorxonning 
yoshligidan foydalangan Musulmonquli mamlakatni deyarli o‘zi boshqardi. Xudoyorxonning 
birinchi xonligi davrida ikkita kuch – o‘troq aholi va ko‘chmanchi turkiy qabilalar o‘rtasidagi 
hokimiyat uchun kurash xonlikning asosiy muammosiga aylandi.
Umuman olganda, XIX asrning o‘rtalariga kelib Qo‘qon xonligidagi siyosiy jarayonlar 
hamda ichki ahvol yanada og‘irlashgan edi. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, buning sababi 
birinchidan, o‘troq aholi ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi bo‘lgan qipchoqlar hokimiyatini 
tan olmaganlar. Xonlik hududlaridagi ba’zi viloyat hukmdorlari Musulmonqulga qarshi 
chiqdilar. Ikkinchidan, hokimiyatda yuqori mavqeni egallash hamda xonga ta’sir o‘tkazish 
uchun qipchoqlar orasida ham o‘zaro kurashlar borardi. Bu kurashlarda qipchoqlarning qulon 
urug‘idan bo‘lgan Musulmonquli ham faol ishtirok etgan. Uchinchi sabab esa, qipchoqlarning 
o‘troq aholiga nisbatan yuritgan siyosati edi. Qipchoqlar o‘troq aholiga nisbatan bepisandlik 
nazari bilan qarab, boshqa elat va etnik guruhlarni kamsitganlar. To‘rtinchidan esa, tashqi omil – 
Rossiya imperiyasining asta-sekinlik bilan xonlik hududlariga bostirib kirishi siyosiy 
jarayonlarning yanada keskinlashuviga sabab bo‘lgan edi.
1852 yilga kelib, Musulmonquli va qipchoqlarga qarshi kurash uchun o‘troq mulkdorlar 
va toshkentlik zodagonlar Xudoyorxon atrofida birlashdilar. Bu kuchlar yordamida Xudoyorxon 
Musulmonqulini 1853 yilda qatl etib, uning tarafdorlarini yo‘q qilgani bilan taxt uchun 
kurashlarga barham bera olmadi. Bunday vaziyatda xonlikning ichki ahvoli og‘irlashib, u faol 
tashqi siyosatdan ham ancha orqada qoldi. 1858 yilda SHeralixonning ikkinchi xotinidan bo‘lgan 
o‘g‘li Mallaxon Xudoyorxonni taxtdan ag‘darib, o‘zini xon deb e’lon qildi. Mallaxon va Aliquli 
qirg‘iz boshchiligida yangidan tiklangan ko‘chmanchilar guruhi uzoq hukm surmadi. Aynan shu 
guruh a’zolari Mallaxonga qarshi til biriktirib, 1863 yil 25 fevralda uni o‘ldirdilar. Taxtga esa 
Xudoyorxonning akasi Sarimsoqbekning o‘g‘li Shohmurod o‘tqazildi. Lekin, qo‘shin boshliqlari 
va saroydagi ko‘pchilik amaldorlar unga qarshi fitna uyushtirib, Xudoyorxonga yana taxtga 
o‘tirishni taklif etib, odam yuboradilar. 
Bu payda Mallaxon o‘limini eshitgan Xudoyorxon Amir Muzaffarning ruxsati bilan 
Buxorodan Jizzaxga kelgan edi. Turkiston hokimi Qanoatshoh yordamida qo‘shin yig‘ib, 1863 
yilning mart oyida Jizzaxdan Toshkentga kelgan Xudoyorxon Qo‘qonga qarshi yurish uchun 
Toshkent qo‘shini bilan Xo‘jandga keladi. Bu orada amir Muzaffar ham Buxoro lashkari bilan 
Xo‘jandga keladi. Xudoyorxon Qo‘qonga hujum qilishni rejalashtirayotgan paytda, ya’ni, 1863 
yilning 5 mayida shahar aholisi unga shimoliy darvozalarni ochib berdilar. Natijada Qo‘qonda 
qirg‘in boshlanib, Shohmurodxon o‘z tarafdorlari bilan Marg‘ilonga qochdi. Xudoyorxon 
ikkinchi marta (1863 y.) taxtni qo‘lga kiritdi. 
Ammo, xonlikdagi qirg‘iz-qipchoqlar Koson va Chust atroflarida qo‘zg‘olon ko‘tardilar 
va To‘raqo‘rg‘onga hujum qildilar. Ular, hatto Toshkent atroflaridagi qabila boshliqlariga noma 
yuborib madad berishni so‘radilar. Oqibatda Toshkent atrofida qozoqlar qo‘zg‘olon ko‘tarib, 
Toshkentni qamal qildilar. Xudoyorxon tomonidan yuborilgan qo‘shinlar bu isyonlarni 
bostirishga muvaffaq bo‘ldilar. Ammo, mag‘lubiyatga uchragan qirg‘iz-qipchoq boshliqlari taxt 
uchun kurashni davom ettirdilar. Xususan, Shodmonxo‘ja, Said Mahmudxonto‘ra, Aliqulilar 
Sulton Saidxon boshchiligida Marg‘ilon tomondan kelib Andijonni bosib oldilar va uning 
atroflaridagi Baliqchi, Quva, Asaka, Shahrixon, O‘sh, Poytug‘ mavzelarini talon-taroj qildilar. 
1863 yil 26 aprelda Sulton Saidxonning qo‘shini Mingtutga kelib, Qo‘qonni qamal qildi. Amir 


Muzaffarning Xudoyorxonga yordami tufayli qirg‘iz-qipchoq lashkari Asaka tomonga ketib, 
Qo‘rag‘ulcha darasida himoyaga o‘tdi. Qattiq kurashlardan so‘ng 1863 yilning 24 iyulida Sulton 
Saidxon Qo‘qon taxtini (1863-1865) egalladi. Xudoyorxon esa yana Buxoroga qochdi. 
Xonlikdagi ichki nizolar tashqi dushmanlarga nihoyatda qo‘l kelgan edi. Bunday 
vaziyatdan unumli foydalangan chor Rossiyasi qo‘shinlari 1864 yilda Turkiston va Chimkentni 
bosib oldi. 1865 yil bahorida ular Toshkentga yaqinlashib, Niyozbek qal’asini egalladilar. Uzoq 
qamaldan so‘ng 17 iyunda Toshkent egallandi.
Qo‘qondagi sarosimaliklardan foydalangan Xudoyorxon 1865 yilning yozida amir 
qo‘shinlari yordamida so‘nggi marta Qo‘qon taxtini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u amirning 
talablariga boshqa itoat etmay qo‘ydi. Xudoyorxon 1867 yil yanvar oyida Rossiya bilan savdo 
bitimini, 1868 yil 13 fevralda Qo‘qon va Rossiya shartnomasini imzoladi. Xudoyorxon 1868-
1873 yillar oralig‘ida Rossiya bilan munosabatlarini yaxshilash maqsadida Toshkentga ko‘plab 
sovg‘a-salomlar yubordi. Shuningdek, Rossiya savdogarlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib 
berdi. Natijada Qo‘qon xonligi amalda Rossiyaning vassaliga aylanib qoldi. 
Davlat boshqaruv tartibi. XIX asr manbalarida Qo‘qon xonligi beklik, ba’zan viloyat va 
sarkorlik sifatida tilga olingan ma’muriy – hududiy qismlarga bo‘lingan hamda ularni xon 
tomonidan tayinlanadigan beklar, hokimlar va sarkorlar boshqargan. Ayrim manbalar (A. Kun) 
Qo‘qon xonligidagi 15 ta beklikning nomini keltiradi. Bular: Qo‘qon va uning atrofi, Marg‘ilon, 
Shahrixon, Andijon, Namangan, So‘x, Mahram, Buloqboshi, Aravon, Baliqchi, Chortoq, Navkat, 
Koson, Chust va Bobo darhon. “Turkestanskiye vedomosti” (1876, №13) to‘plamida esa Asaka, 
Marg‘ilon, Baliqchi O‘sh, So‘x, Koson va O‘zgan sarkorlik sifatida ham tilga olinadi. 
Hokimlar va hududiy bo‘linma boshliqlari xon oilasi a’zolari, unga yaqin guruhlar, 
yuqori tabaqa vakillari hamda yetakchi qabilalar sardorlari orasidan tayinlangan. Misol uchun, 
Xudoyorxon davrida yettita beklik xonning o‘g‘illari va yaqin qarishdoshlari tomonidan 
boshqarilgan. O‘z navbatida hokimlar viloyat hududlarini o‘zlarining farzandlari va 
qarindoshlariga bo‘lib berganlar. Qo‘qon xonligining ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimida bek 
(hokim, voliy) va uning o‘rdasi alohida o‘rin egallagan. Xon tomonidan tayinlangan hokim va 
qozi ko‘plab vakolatlarga ega bo‘lgan. 
Bek o‘rdasida ham xon saroyidagidek yuzlab amal va unvonlar joriy etilgan bo‘lib, ular 
mahalliy aholidan yig‘iladigan soliq hamda to‘lovlar hisobidan kun kechirishgan. Beklar 
xonning itoatkor vassallari bo‘lib, mamlakatni idora etishida uni qo‘llab-quvvatlashlari, zarur 
bo‘lganda unga yordam berishlari, uning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishlari, kerakli vaqtda o‘z 
qo‘shinlari bilan harbiy yurishlarda ishtiroq etishlari va sovg‘a-salomlar yuborib turishlari lozim 
bo‘lgan. 
Qo‘qon honligida Qo‘qon, Toshkent, Andijon, Namangan, Marg‘ilon, Chimkent, Jizzax, 
O‘sh, Xo‘jand, O‘ratepa kabi aholisining soni jihatidan katta, hunarmandchilik va savdo 
rivojlangan, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega 
bo‘lgan o‘nlab shaharlar mavjud bo‘lgan. Xonlikning poytaxti Qo‘qon shahri bo‘lib, u 
mamlakatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markazi edi.
XIX asrda xonlikning chegara hududlarini bir necha qal’a va istehkomlar muhofaza 
qilgan. Ular jumlasiga Oqmasjid, Avliyoota, Pishpak, To‘qmoq, Qurtka, Niyozbek, Mahram 
kabilarni kiritish mumkin. Chu vodiysi bo‘ylab bunyod etilgan istehkomlar esa nafaqat chegara 
muhofazasi uchun, balki ularning atrofidagi shahar va qishloqlarni itoatda ushlab turish uchun 
ham hizmat qilgan. Ushbu shahar va qal’alarda harbiy qism hamda ularga boshliq bo‘lgan 
botirboshilar bo‘lgan. Mudofaa maqsadlari uchun qurol va aslahalar saqlangan. 


Xonlik tarkibiga kiruvchi hududlar aholisining joylashuvi va turmush tarzi bir – biridan 
farq qilgan. Toshkent vohasi va Farg‘ona vodiysining sug‘orilib dehqonchilik qilinadigan qismi 
aholi joylashuvi jihatidan zich bo‘lib, ular o‘troq hayot kechirganlar. Sahro, tog‘ va tog‘ oldi 
tekisliklaridan iborat hududlarda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi yashagan. 
Xonlikdagi aholi soni haqida manbalar turli ma’lumotlar beradilar. Bu ma’lumotlarga 
ko‘ra, XIX asrning boshlarida xonlikda (Toshkent va Turkistonni ham qo‘shib hisoblaganda) 
aholi soni 1 million, XIX asrning o‘rtalarida 1,5-2 million, XIX asrning ikkinchi yarmida 3 
million kishi bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya imperiyasi tomonidan ko‘plab hududlarning bosib olinishi 
hamda ularning bosqinchilar ma’muriyati tarkibiga kirishi natijasida xonlik tasarrufidagi 
Farg‘ona vodiysida 2 millionga yaqin aholi qolgani taxmin qilinadi. 
Aholi tarkibida o‘troq aholi ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholiga nisbatan 
ko‘pchilikni tashkil etgan. XIX asr boshlarida aholining 40 foizdan ortig‘i ko‘chmanchi va yarim 
ko‘chmanchi bo‘lsa, shu asrning oxiriga kelib ular 15 foizni tashkil etgan. Xo‘jalik 
mashg‘ulotlariga ko‘ra, o‘troq aholining asosiy qismi dehqonchilik, hunarmandchilik, kosiblik 
hamda savdo-sotiq bilan band bo‘lsa, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi chorvachilik 
bilan shug‘ullangan.
Qo‘qon xonligi aholisining ko‘pchiligi o‘zbeklar bo‘lib, mamlakat shahar va 
qishloqlarida tojiklar ham yashagan. Xonlikda yana qirg‘izlar va qipchoqlar ham istiqomat 
qilganlar. Ular Sirdaryoning boshlanish joylaridan Balxash ko‘ligacha bo‘lgan tog‘li rayonlardan 
to Qashg‘ar chegarasigacha bo‘lgan yerlarda, Yettisuv, Talas vodiysi, Oloy tog‘lari, Badaxshon, 
Farg‘ona vodiysi hududlarida ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi hayot kechirishgan. Bundan 
tashqari, Farg‘ona vodiysida qoraqalpoqlar, Andijon atroflarida uyg‘urlar, Toshkent atroflarida 
qozoqlar, xonlikning sharqiy qismida, Qo‘qon xonligini Buxoro va Rossiyadan ajratib turadigan 
cho‘llarda ko‘chmanchi qozoqlar yashaganlar.
Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning boshlarida qirg‘izlar, qalmoqlar, 
uyg‘urlar, qoraqalpoq, qozoq va qipchoqlar Xitoy hukumati tazyiqi ostida Sharqiy Turkistondan 
Farg‘ona vodiysigacha ko‘chib kelishga majbur bo‘lganlar. Shuningdek, xonlikning ayrim 
shaharlarida lo‘lilar, hindlar, afg‘onlar, arablar va boshqa Osiyo xalqlari istiqomat qilganlar. 
Turkiston general-gubernatorligi tashkil topganidan so‘ng ruslar, yahudiylar, armanlar va boshqa 
millat vakillari ham yashaganlar. 
O‘zbeklarning ming qabilasi (urug‘i) boshliqlaridan biri Shohruhbiy asos solgan Qo‘qon 
xonligidagi davlat boshqaruv tizimi o‘rta asrlarda Movarounnahrda hukm surgan musulmon 
davlatlari boshqaruv tizimidan farq qilmas edi. Xonlikda Buxoro amirligida bo‘lgani kabi Amir 
Temur davrida shakllangan hamda Shayboniylar davrida qisman islohot qilingan davlat 
boshqaruvi va tizimi mavjud bo‘lgan. Xonlikda eng oliy va markaziy unvon xon unvoni bo‘lib, 
uning hukumati cheklanmagan. Farmon berish va uning bajarilishini nazorat etish salohiyatlari 
xonning qo‘lida bo‘lgan. 
Xon avlodlari xonzoda, amirzoda, mirzoda, shahzoda, to‘ra deb atalganlar. Xonlikdagi 
davlat nizomi mutlaq yakka hokimlik bo‘lib, xonning o‘zi cheklanmagan hokimiyatga ega 
bo‘lsa-da, ma’lum tarixiy davrlarda uning salohiyati va hokimiyati cheklanib, saroy amaldorlari 
hamda qo‘shin boshliqlarining xonga ta’siri kuchli bo‘lgan. Bunga Musulmonqulining 
mingboshi va otaliq bo‘lgan davrini (Xudoyorxon davrida, 1844-1852) yoki Aliqulining 
amirlashkarlik va vazirlik davrini (Sulton Sayidxon, 1863-1865) misol qilib keltirish mumkin. 
Bu holat xonning siyosiy kuch qudrati ma’lum iqtisodiy asoslarga hamda ma’lum ijtimoiy 
guruhlar faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan deyishga asos bo‘ladi. 


Mamlakatda xon eng katta va yirik mulkdor bo‘lib, xonlik hududidagi barcha boyliklarga, 
yer, suv, qo‘riq yerlar, ko‘lu anhorlarga egalik qilgan. Ulardan keladigan zakot, xiroj, tanobona 
va boshqa soliqlar shaklidagi daromadlar xon xazinasini muntazam ravishda to‘ldirib turgan. 
Xon va uning qarindoshlari, saroy ahli va ma’muriyat, qo‘shinlar va qo‘shin boshliqlari asosan 
soliqlar hisobidan rag‘batlantirilgan.
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, xon saroyida mingboshi boshchilik qiladigan Kengash 
tuzilgan bo‘lib, bu kengash saroydagi davlat ahamiyatiga molik muhim ishlarni ko‘rib chiqqan. 
Dasturxonchi, risolachi va boshqa muhim amaldorlar a’zo bo‘lgan ushbu kengash davlat 
boshqaruvida muhim ahamiyatga ega edi. 
Qo‘qon xonligida asosan Olimxon, Umarxon va Muhammad Alixonlar davrida (1798-
1842 ) davlat boshqaruvi va davlatchilik ichki va tashqi siyosat ancha barqaror hamda nisbatan 
tinch rivojlangan. Ammo XIX asrning o‘rtalariga kelib Qo‘qon xonligi inqirozga uchray 
boshlaydi. Tadqiqotchilar ushbu inqirozning asosiy sabablari sifatida o‘troq xalq va ko‘chmanchi 
aholi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni, o‘zaro nizo va urushlarni, xon taxti uchun olib borilgan 
kurashlarni, Buxoro amiri bilan bo‘lgan nizolar va dushmanliklar, saroy amaldorlarining 
xoinliklari kabilarni ko‘rsatadilar. Bularning natijasida iqtisodiy hayotda taraqqiyot pasayib, 
ijtimoiy tarqoqlik kuchayib bordi va davlat inqirozga yuz tutdi.
Qo‘qon xonligida unvonlar va mansablar ular ijrochilarining vazifalari hamda
martabalariga qarab harbiy, harbiy-ma’muriy, saroy unvon va mansablari hamda ma’muriy 
vazifalari, diniy mansab va unvonlar hamda diniy qozixona amallariga bo‘linar edi. Xon 
saroyida quyidagi harbiy mansab va unvonlar joriy etilgan: 
Amir ul-umaro – amirlar amiri. Xon tomonidan keng vakolatlar berilgan (davlatdagi 
muhim ishlar, amaldorlarni amalga qo‘yish va olish, davlatdagi ichki tartibni saqlash, saroydagi 
tartib – intizom kabilar) shaxs bo‘lib, xondan keyingi eng yuqori mansab hisoblangan; 
Amirlashkar – amir ul-umarodan keyingi mansab. Qo‘qon xonligida mingboshi harbiy 
unvonining vazifalari, darajasi amirlashkarlikka teng bo‘lgan;
Mingboshi – ma’mur sifatida ming nafar otliq askar beradigan mulkning hokimi. Bu 
unvondagi shaxs harbiy yurishlar vaqtida qo‘shinni boshqarib, lashkarboshi unvonini olgan. Bu 
unvonning egasi vazirlikka ham da’vogar bo‘lgan. Bu unvon SHeralixon davrida (1842-1844) 
yuqori darajadagi vazifaga aylanib ketgan;
Botirboshi – botir, bahodirlar boshlig‘i. Besh yuz kishidan ko‘p lashkarga boshchilik 
qilgan. Viloyatlarda botirboshi harbiy va qo‘shin ishlariga mas’ul edi. Botirboshi ba’zan qurilish 
hamda sug‘orish ishlariga ham boshchilik qilgan. (Ulug‘ nahr arig‘i, Otabek botirboshi). 
Qo‘shbegi – harbiy qo‘shinning boshlig‘i. Bu mansab yurish va jang vaqtlarida berilib
uning egasi mingboshi unvonini olishga da’vogarlik qilgan hamda alohida viloyatga ham hokim 
bo‘lishi mumkin edi. 
Voli yoki voliy (noib, muovin) – tobe etilgan viloyat va tumanlarda xonning o‘rinbosari. 
Viloyatlarda lashkar unga itoat etgan hamda u viloyatning harbiy ma’muriy ishlariga boshchilik 
qilgan. 
Qal’abon yoki qutvol – Qo‘qon xonligining chegaralarida joylashgan qal’a va 
istehkomlarining hokimi bo‘lib, shu hududlarning harbiy-ma’muriy, xiroj va boj olish ishlariga 
javobgar bo‘lgan. Harbiy maqsadga ko‘ra, qal’abon vazifasiga dodxohdan qo‘shbegigacha 
bo‘lgan shaxslar tayinlangan. 
Qo‘rboshi – qo‘rxona ya’ni aslahaxona boshlig‘i. Bu mansab egasi xon va mingboshiga 
itoat etgan. Qo‘rboshi qo‘rxona, miltiqxona, to‘pxonalarga boshchilik qilib, xom ashyo topib 


kelishdan tortib to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatib berish 
jarayoniga javobgar bo‘lgan. 
Yofar – soqchilar boshlig‘i. Bu mansab egasining guruhi yuz nafar askardan iborat 
bo‘lgan. Yofar o‘z guruhining hisob-kitobi, yillik xarajatini askarlari uchun xazinadan olib 
bergan. Manbalarda yofarlar g‘allagir (g‘alla oluvchi), javgir (bug‘doy oluvchi) va sarpo oluvchi 
sifatida ham qayd etilgan. 
To‘pchiboshi – to‘pchilar, zambarakchilar guruhi boshlig‘i. 
To‘qsabo – o‘zlarining tug‘iga ega bo‘lgan harbiy guruhning boshlig‘i. 
Ponsadboshi – besh yuz nafar askardan iborat guruh rahbari.
Yuzboshi – yuz kishilik harbiy dasta boshlig‘i. 
Panjohboshi – ellikboshi, ellik nafarli harbiy guruh boshlig‘i. 
Dahboshi – o‘n kishilik harbiy guruh boshlig‘i. 
Qorovulbegi – soqchilar va qorovullar boshlig‘i. 
Harbiylar qatoriga askar, sarboz, nukar, sipohi, mergan, mahram, botur, to‘pchi, 
zanbarchi, qo‘rchi, qorovul kabilar ham kirib, qo‘shin safida, nog‘orachi, surnaychi, to‘g‘chi 
(bayroqdor) kabilar ham xizmat qilganlar. Bu harbiy unvonlar orasida mingboshidan 
ponsadboshigacha bo‘lganlari oliy unvonlar, qo‘rboshidan qorovulboshigacha bo‘lganlar o‘rta 
unvonli mansablar, qolganlari esa past unvonlar hisoblangan. Elikboshidan mingboshigacha 
bo‘lgan harbiy lavozimdagi amaldorlar o‘z xizmatlariga mulozimlar olganlar. Ponsadboshidan 
yuqori mansabdagi harbiylarga yana mirzolar va munshiylar ham hizmat qilgan. 
Yer egaligi shakllari va xo‘jaligi. Xonlikda yer va suv hukmron tabaqalarniki hisoblanib, 
yerga egalik qilishning to‘rtta turi mavjud bo‘lib ular quyidagilar edi: 1. Xiroj yerlar – yer 
egalarining xususiy yerlari. 2. Davlat yoki amloq yerlari – xonga qarashli yerlar – o‘rmonlar, 
to‘qaylar, yo‘lu-ko‘priklar. 3. Xususiy yerlar – xonning maxsus farmoyishi bilan yirik 
amaldorlarga berilgan yerlar (suyurg‘ol). 4. Vaqf yerlari – diniy muassalar, ya’ni, masjid, 
madrasa va mozorlarga qarashli yerlar.
Qo‘qon xonligi xo‘jalik hayotining asosini tashkil qiladigan soha dehqonchilik edi. 
Chunki xonlikning asosini tashkil etgan Farg‘ona vodiysida suv manbalarining yetarli darajada 
bo‘lganligi dehqonchilik xo‘jaligida mo‘l hosil bo‘lishni ta’minlagan. Xonlikda XVIII asrga 
qadar yerlarni sug‘orish uchun soylar va jilg‘alarning suvlaridan ham unumli foydalanilgan. 
Shuning uchun ham XIX asr Qo‘qon xonligida, xususan, Farg‘ona vodiysining 
sug‘orilishi tarixida yangi davrni boshlab berdiki, aynan shu davrdan boshlab, vodiyda yirik 
sug‘orish inshootlari, ariqlar, kanallar, to‘g‘onlar qurila boshlangan. Masalan, Sirdaryoning 
asosiy irmoqlaridan bo‘lgan Norin va Qoradaryolardan suv oladigan Shahrixonsoy kanali, 
Namangan Yangi arig‘i, Chinobod arig‘i, Ulug‘nahr, Andijonsoy kanali, Oltiariq, Mutagan arig‘i 
va boshqa sug‘orish tarmoqlarining ko‘payishi, sug‘oriladigan dalalarning sezilarli darajada 
kengayishi hamda dehqonchilik va bog‘dorchilikning rivojlanishiga olib kelgan. 
Qo‘qon xonligida sug‘orish inshootlarini barpo etishning ma’lum tartib – qoidalari 
mavjud bo‘lgan. Chunonchi, sug‘orish tarmoqlari va ularni barpo etish ishlari ikki guruhga 
ajratilgan. Birinchi guruhga hajm jihatdan kichik sug‘orish inshootlaridan foydalanuvchi qishloq 
aholisi ishtirok etgan. Ularga mahalliy mutasaddi kishilar, mirobboshilar boshchilik qilgan. 
Ikkinchi guruh sug‘orish inshootlariga hajm jihatdan katta va yirik kanallar kiritilib, ularni 
bunyod qilish ishlariga xonlikning turli viloyatlaridan qazuvchi – hasharchilar jalb etilgan. 
Bunday inshootlar qurilishiga bevosita xon yoki joylardan uning vakili boshchilik qilgan.
Xonlikda dehqonchilik ekinlarining aksariyati O‘rta Osiyo xonliklariga xos bo‘lib, 
g‘allachilik, bog‘dorchilik, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish hamda ipakchilik yaxshi 


rivojlangan. Donli ekinlardan makkajo‘xori yetishtirish keng tarqalgan bo‘lib, u shahar va 
qishloqlarda kambag‘allarning asosiy iste’mol mahsuloti hisoblangan. Shuningdek, XIX asrga 
kelib xonlikda paxtachilik sohasiga katta e’tibor berila boshlangan. 
Xonlik g‘arbiy qismining tabiiy sharoiti bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish 
uchun juda qulay bo‘lgan. Janubi-g‘arbiy Xo‘jand, Konibodom, Isfara, So‘x, Chimyon, Rishton 
hududlari asosan o‘rik yetishtirishga to‘la ixtisoslashgan. Bu davrda butun Farg‘ona vodiysida 
tut daraxti keng tarqalib, tog‘ oldi va qadimgi dehqonchilik vohalaridan hisoblangan So‘x, Isfara, 
Namangan, Ashtda ipakchilik uchun tut qadimdan o‘stirib kelingan. 
Qo‘qon xonligida mamlakat poytaxti va boshqa ko‘plab shaharlar aholisining asosiy 
qismi hunarmandchilik va kosibchilik bilan shug‘ullanganlar. Hunarmandchilik shaharlarda 
ixtisoslashgan ko‘rinishga ega bo‘lib, buyumlarning bir turi va biror qismini ishlab chiqarishga 
yo‘naltirilgan sohalar mavjud bo‘lgan. Hunarmandlar o‘z kasblarining sir-asrorlarini mukammal 
o‘zlashtirgan mohir ustalari bo‘lib, ishlab chiqargan mahsulotlarini yuksak san’at darajasiga 
ko‘targanlar. 
Xonlikning deyarli barcha shahar va qishloqlarida hunarmandchilikning taraqqiyoti bir 
xil bo‘lgan bo‘lsa-da, ishlab chiqarish o‘zining ayrim xususiyatlari, ya’ni, mahsulotning turi, 
sifati bilan ajralib turgan. Hunarmandchilikning temirchilik, zargarlik, to‘quvchilik, degrezlik, 
kulolchilik, misgarlik va boshqa tarmoqlari keng rivojlangan bo‘lib, xonlikning har bir shahri 
muayyan sohada ishlab chiqargan mahsuloti bilan dong taratgan. Misol uchun, Qo‘qon shahri 
zargarlik va qog‘oz ishlab chiqarish, Shahrixon va Chust tikuvchilik hamda temirga ishlov 
berish, xususan, pichoqchilik, Marg‘ilon, Namangan va Andijon esa ipak gazlamalari, Toshkent 
o‘zining tikuvchilik, to‘quvchilik, cho‘yan, temir-mis mahsulotlari bilan mashhur bo‘lgan. 
Butun xonlik hududida ishlab chiqarish qo‘l mehnatiga asoslangan bo‘lib, asosiy hunar 
turlari – ip va ipak matolar to‘qish, oyoq kiyim tayyorlash, teriga ishlov berish, kulolchilik 
mahsulotlari tayyorlash, temirchilik, egar-jabdug‘ yasash, bo‘yoqchilik, misgarlik, zargarlik, 
duradgorlik, aravasozlik, harbiy qurol ishlab chiqarish, o‘ymakorlik, mum ishlash, pista ko‘mir 
tayyorlash, kashtachilik, do‘ppichilik, pichoqchilik kabilar edi. Undan tashqari, xonga tegishli 
porox ishlovchi va qog‘oz tayyorlovli ustaxonalar ham bo‘lgan. 
Xonlikda qurolsozlikka alohida e’tibor qaratilgan. Bu tarmoq shahar hunarmandchilik 
ishlab chiqarishining obro‘li sohalaridan bo‘lib hisoblangan. Qo‘qon shahrida zambaraklar, 
miltiqlar, qilichlar, pichoqlar, xanjarlar, qalqonlar, nayzalar va boshqa harbiy anjomlar 
tayyorlangan. 
Xonlikning hunarmand-kosibchiligi serqirra va mazmunan boy bo‘lib, ijtimoiy holatiga 
ko‘ra hunarmandlar ikkita – yuqori va quyi tabaqalarga bo‘lingan. Yuqori tabaqa vakillariga o‘z 
ustaxonasi, mehnat qurollari va xom ashyosiga ega bo‘lgan ustalar kirgan. Mulkdor tabaqalar 
qo‘lidagi ustaxonalar va mehnat qurollaridan foydalanuvchilar, yuqori tabaqaga kiruvchi 
ustalarning qo‘llarida kunbay yollanib ishlovchilar quyi tabaqa hisoblangan. 
Qo‘qon xonligi hayotida ichki va tashqi savdo munosabatlari alohida ahamiyatga ega edi. 
Ichki savdo – o‘troq dehqonlar, ko‘chmanchi chorvadorlar va shahar-qishloq hunarmandlari 
o‘rtasidagi an’anaviy mahsulot ayirboshlashga asoslangan. Aholining kundalik ehtiyojlari ishlab 
chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar bilan ta’minlab turilgan. Barcha ichki savdo 
chakana bo‘lib, ulgurji savdo deyarli bo‘lmagan. 
Hunarmandlar va kosiblar savdo orqali yaqin aloqada bo‘lganlar. Hunarmandlar aksariyat 
hollarda o‘z mahsulotlarini o‘zlari sotganlar. Dehqon va chorvadorlar esa, haftaning muayyan 
kunlari o‘z mollarini bozorga olib chiqqanlar. Bozorlardagi narx-navo bir xilda turmagan. Narx-


navo xonlikdagi tinchlik-osoyishtalik, urushlar, ob-havoning yomon kelishi oqibatida 
hosildorlikning pasayishi kabi omillarga qarab o‘zgarib turgan.
Qo‘qon xonligining eng asosiy savdo va tijorat markazi Qo‘qon, Toshkent, Marg‘ilon, 
Andijon, Xo‘jand, Namangan, O‘sh, O‘ratepa kabi shaharlar bo‘lib, ular orasida Qo‘qon nafaqat 
xonlik, balki butun O‘rta Osiyoning savdo markazlaridan biri hisoblangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 
Qo‘qon bozorlari o‘zining mahsulotlarga boyligi va narx – navoning boshqa shaharlarga nisbatan 
ancha arzonligi bilan ajralib turgan. Shaharning devorlar bilan o‘ralgan katta bozorlari mahalliy 
aholi va chetdan kelgan savdogarlar bilan doimo gavjum bo‘lgan. Rus manbalarida 
keltirilishicha, XIX asrning 20-yillarida Qo‘qonda oltita bozor bo‘lib, ular yakshanba, 
chorshanba va payshanba kunlari ishlagan. Bu bozorlarda qattiq nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, 
xaridor haqqiga xiyonat qattiq jazoga tortilgan. 
Qo‘qon honligining iqtisodiy hayotida tashqi savdo ham muhim ahamiyat kasb etgan. 
Mamlakat g‘arb va janubda Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, sharqda Xitoy 
(Qashg‘ar orqali), shimolda Dashti Qipchoq ko‘chmanchilari va ayniqsa Rossiya bilan keng 
savdo aloqalari o‘rnatgan. Ayrim manbalarda xonlikda yaponiyalik va angliyalik savdogarlar 
ham kelganligi eslatib o‘tiladi. 
Xonlikdan chet elga asosan ipak va ipak matolar, paxta, charm, qimmatbaho toshlar, 
zargarlik buyumlari va boshqa mahsulotlar chiqarilgan. Chet eldan asosan choy, metall, chinni, 
uy-ro‘zg‘or buyumlari, tayyor gazlama, kiyim-kechak, poyafzal, oltin, kumush va boshqalar 
keltirilgan. 
Xonlikning savdogarlari Buxoro va amirlik chegaralaridagi shaharlar bilan muntazam 
savdo aloqalari olib borganlar. Har ikkala davlatning savdogarlari savdo ishlarida faol ishtirok 
etib, qo‘qonlik savdogarlar Buxoro amirligiga xo‘jalik hayotda zarur bo‘lgan rus temiri, po‘lat va 
cho‘yandan yasalgan buyumlar, tamaki, ro‘mol, guruch va ba’zi xitoy yoki mahalliy ipak 
gazlamalari, choy, chinni idishlar olib borishgan bo‘lsa, buxorolik savdogarlar esa Qo‘qonga 
hind choyi, surp mato, harir, buyoq, afyun (taryok), zardo‘zlik mahsulotlari, ip va gazlama olib 
kelilgan. 
Rus chiti Buxoroning Qo‘qon xonligi bilan savdosida alohida o‘rin egallagan. Bu mato 
Orenburg yoki Petropavlovskdan Kazalinskka, undan Buxoro, Samarqand va Xo‘jand orqali 
Qo‘qonga olib kelingan. Shuningdek xonlikda Mashhaddan olib kelinadigan ingliz gazlamalari, 
oz miqdorda bo‘lsa ham Qobulning to‘n va sallalari, hind attorlik mollari ham keltirishgan. 
Qo‘qon xonligining Qashg‘ar bilan savdo munosabatlari xuddi Buxoro amirligi kabi 
bo‘lib, Qashg‘ardan Qo‘qonga afyun, chinni idishlar, kumush, xitoy ipak matolari, tola va 
gilamlar olib kelingan. Qozoq juzlarining Rossiyaga tobe etilishi hukmdor tabaqalar o‘rtasidagi 
o‘zaro urushlarning to‘xtashiga sabab bo‘ldi va bu holat O‘rta Osiyoning, jumladan, Qo‘qon 
xonligining Sibir, Ural, Volgabo‘yi bilan savdo aloqlariga keng yo‘l ochdi. 
Xonlik Hindiston bilan ham muntazam savdo aloqalarini olib borgan. Manbalar 
ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistondan yiliga Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va Qashg‘arga Qobul 
orqali 10.000 dan 15.000 tuyagacha mahsulot yuborilgan. Ular orasida ip gazlamalar, ipak, echki 
juni, otlar va boshqalar chiqarilgan. Otlar savdoning katta foyda keltiradigan manbalaridan biri
bo‘lgan. Hind savdogarlari xonlikdagi shaharlarda yashab tijorat va hatto, sudxo‘rlik bilan 
shug‘ullanganliklari haqida ham ma’lumotlar bor. 
Qo‘qonning tashqi aloqalarida Qo‘qon-Rossiya savdo munosabatlari ham alohida o‘rin 
tutgan. Manbalarga ko‘ra, 1861 yildan keyin rus sanoatining jadal rivojlana boshlaganligi xom 
ashyo bazasi va tashqi bozorga bo‘lgan ehtiyojning yanada kuchayganligi Rossiyaning Qo‘qon 
bozorini faol egallab, undan cheksiz foydalanishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan. 


Rossiyadan Qo‘qonga temir, mis, po‘lat, cho‘yan va temir buyumlar, chit va sifatsiz gazlamalar, 
oz miqdorda baxmal, shakar, oynalar, charm, Rossiyaga tobe bo‘lgan qozoq cho‘llaridan qo‘ylar
va uning terisi, charm va charm mahsulotlari, kigiz olib kelingan. Xonlikdan esa Rossiyaga 
asosan paxta olib chiqilgan. 
Buxoro amirligi. 
Buxoro amirligida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahvol. XIX asr ikkinchi yarmiga kelib 
Buxoro amirligi o‘z mavqei jihatidan boshqa xonliklardan ajralib turar edi. Shu davrga kelib 
uning hududi deyarli 200.000 kv. km.ni tashkil etdi. Zarafshon vodiysi Samarqand shahri bilan 
birga, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalari, Vaxsh, Kofirnihon, Panj daryolari vodiysidagi shahar 
va qishloqlar, Mypg‘ob vohasigacha bo‘lgan yerlar Buxoro amirligiga qarashli edi. Buxoro 
amirligi Xiva xonligi, Eron, Afg‘oniston, Qo‘qon xonligi, qozoq juzlari bilan chegaradosh 
bo‘lib, XIX asr davomida o‘zining qator yerlaridan mahrum bo‘lgan edi. Qator janglarga 
qaramay Jizzax, O‘ratepa, Xo‘jand asosan Qo‘qon xonligi, Murg‘ob vohasi esa Xiva xonligiga 
oxir-oqibatda qaram bo‘lib qoldi.
XIX asr o‘rtalariga kelib amirlikning aholisi tahminan 2-2,5 mln. kishi atrofida bo‘lgan 
deb hisoblanadi. Poytaxt Buxoroda esa aholi - 60.000 atrofida, amirlikning ikkinchi yirik shahri 
Samarqandda esa 50.000 yaqin kishi istiqomat qilgan deyiladi. Agar XVIII asr I yarmidagi 
Ashtarxoniylar hukmronligi davrida 23 ta shahar bo‘lganligi qayd etilgan bo‘lsa, XIX asr 2-
yarmiga kelib yirik shaharlarning soni 10tadan ziyod hisoblanib, ular quyidagilar edi: 
Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, G‘uzor, Termiz, SHerobod, Hisor, Dushanbe, Ko‘lob va 
boshqalar. Buxoro amirligida turli xalqlar, elatlar istiqomat qilib, ular ichida o‘zbeklar aholining 
katta qismini (57%) tashkil etar edi. O‘zbeklar bir necha urug‘lardan tashkil topib, ular ichida 
saroy, qo‘ng‘irot, mang‘it, jabg‘u, qarluq, qalliq, nayman, xitoy, qipchoq, qirq, ming, kenegas, 
kerayit va boshqalar ahamiyatli hisoblanar edi.
XVIII asr so‘nggida Mirzo Badi devonning ma’lumotiga ko‘ra amirlikda 50 taga yaqin 
o‘zbek urug‘lari yashaganlar. Har bir urug‘ning o‘zi ham qismlarga bo‘lingan (taqsim). Masalan, 
mang‘itlar to‘q, och, oq, qora, ko‘k qismlarga bo‘linganlar. O‘z vaqtida har bir qism boshqa 
guruhlarga ham bo‘lingan. Masalan, qora mang‘itlar - jo‘ki, g‘alabahodir, ko‘sa va boshqalarga 
ajratilgan. Ular aksariyat Zarafshon, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, Buxoro shahri va 
uning atroflarida yashar edilar. Buxoro amirligining alohida olingan shahar va qishloqlarida, 
amirlikning tog‘li sharqiy qismida tojiklar, amirlikning janubiy va g‘arbiy rayonlarida 
ko‘chmanchi turkman qabilalari yashar edilar. Qashqadaryoning ba’zi bir joylarida xalifalik 
(VII-IX asrlar) davrida kelgan arablarning avlodlari yashab, ularning alohida guruhlari sayidlar 
(ya’ni payg‘ambar avlodlari) deb nom olgan. Shuningdek, amirlikdagi qoraqalpoqlar asosan 
Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimi atroflarida hamda Zarafshon vohasida yashaganlar. 
Ko‘chmanchi qozoq qabilalari esa (ular asosan kichik va o‘rta juz ahlidan edilar) Buxoro 
amirligining shimoliy sharqida, ko‘proq Konimexda kun kechirganlar. Yana amirlikda ma’lum 
miqdorda eroniy forslar, hindlar, yahudiylar, afg‘onlar, bir necha yuz qalmiqlar, uch mingga 
yaqin rus fuqarolari, tatarlar, lo‘lilar va boshqa xalqlar vakillari ham istiqomat qilganlar.
Aholining katta qismi o‘troq holatda kun kechirgan. O‘zbeklar ichida yarim 
ko‘chmanchilik bilan kun kechiruvchi urug‘ qabilalar Qashqadaryo va Zarafshon vohasidagina 
mavjud bo‘lib ular sirasiga xitoy, qipchoq, mang‘itlar kirganlar. Aholining ba’zi guruhlari, 
masalan buxorolik yahudiylar huquqlari ancha cheklangan edi. Boshqa dindagilarga odmi 
kiyinib, belga maxsus bildirgich arqon-zunnor taqib yurish buyurilgan. Aholining aksariyat 


qismi sug‘oriladigan yerlar, vodiy va vohalarda istiqomat qilganlar. Amirlik hududining katta 
qismini esa dasht, cho‘l va tog‘lar tashkil etgan bo‘lib, u yerlarda ko‘chmanchi va yarim 
ko‘chmanchi qabilalar mol boqish uchun foydalanganlar.
XIX asrning boshlariga kelib ko‘chmanchi aholining soni qisqara bordi. Ko‘chmanchi 
aholining ko‘pchiligi o‘troq hayotga o‘ta boshladilar. Mamlakat poytaxti sharqqa dong‘i ketgan 
va “Buxoroyi-sharif” (Muqaddas Buxoro) nomini olgan mashhur Buxoro shahri edi. XVIII asr 
boshida amirlikda bo‘lgan Pyotr I vakili Florio Beneveni poytaxtda 12 ta darvoza va 15000 ta 
xo‘jalik bo‘lgan deb hisoblaydi. Shaharni esa paxsa va qisman pishiq g‘ishtdan barpo etilgan 
devor bilan o‘ralgan deydi. Oradan bir asr vaqt o‘tgach Buxoroda “Mirza Ja’far” degan mulla 
nomi ostida bo‘lgan rus vakili P.I.Demezon 1833-1834 yillarga oid yozishmalarida Buxoroga oid 
qiziq ma’lumotlarni keltiradi.
Poruchik I.V.Vitkevich ma’lumotlariga ko‘ra bir paytlar mavjud bo‘lgan 12-darvoza 
devor bosib, umuman berkitib tashlanganligini qayd etadi. 
P.I.Demezonning ma’lumotlariga ko‘ra shaharda 366 ta kvartal (mahalla) mavjud bo‘lib, 
ularning har biri qoshida kichik masjid bo‘lganligi qayd etildi. Jumladan, u mahalla oqsoqollari 
shaxslarini alohida hurmat bilan tilga olib o‘tadi. Buxoroning bosh maydoni o‘sha davrda - 
Registon maydoni hisoblangan. Ma’lumotlarga ko‘ra Buxoro shahrida o‘sha vaqtda 300 taga 
yaqin masjid, 79 tacha madrasa, "atigi 2 ta qamoqxona", 7 ta usti yopiq bozor (Chorsui-Kalon, 
Chorsui-Zargaron, Chorsui-Sarrofon, Chorsui-Birinch, To‘qumdo‘zi, Timi-Adras (asosan, 
buxorolik shoyi g‘azlamalar sotilgan), Timi- Safid (asosan, rus, ingliz matolari sotilgan), 25 ta 
karvonsaroy, 50tacha hammom va boshqalar mavjud bo‘lgan. 1841 yili Buxoro amirligida 
K.Butenev missiyasi tarkibida bo‘lgan N.Xanikov esa jami Buxoroda 38 ta karvonsaroy (24 ta 
toshdan va 14 tasi yog‘ochdan) mavjud bo‘lganini ta’kidlaydi. Har bir mahsulotning o‘z bozori 
bo‘lib, haftaning turli kunlarida Buxoro shahri yon-atrofida 22 ta bozor bo‘lganligi xususida 
alohida to‘xtab o‘tadi. Uning boshqa bir ma’lumotida XIX asr 40-yillarida, jami Buxoroda 100 ta 
madrasa bo‘lib, undan “60tasi amir ro‘yxatida” qayd etilgan deyiladi. Shaharda, shuningdek 
yahudiy, shia-musulmonlarining ham ibodat uylari mavjud bo‘lgan. Buxoroliklar va umuman 
barcha O‘rta Osiyo musulmonlari uchun ayniqsa Bahovuddin Naqshband, Sayfiddin Boharziy, 
Chor-Bakr maqbaralari aziz qadamjolar bo‘lib sanalgan.
Davlat boshqaruv tartibi. Rossiya imperiyasi bosqini arafasida Buxoro amirligidagi 
ijtimoiy-siyosiy hayot borasida yana ikki muhim masala bevosita katta o‘rin tutadi. Bu 
amirlikdagi davlat boshqaruvi, uning siyosiy tizimi hamda harbiy qo‘shin masalasidir. XVIII asr 
so‘nggida, 1798 yilda yozilgan Mirzo Badi devonning “Majma al-arqam” asarida berilgan 
ilovani hisobga olmaganda, shu vaqtga oid maxsus manbalar hali topilgani yo‘q. Bu xol o‘z 
vaqtida ushbu masala yuzasidan tegishli xulosa chiqarishni mushkul ahvolga solib qo‘yadi. 
Qolgan manbalarning aksariyatida davlat boshqaruvi, amalu-unvonlar, lavozimlar xususida 
umumiy jihatdan so‘z yuritiladi. Undan tashqari “Majma al-arqam” asarida qayd etilgan holatlar, 
asosan XVIII asr oxiridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda qayd etilgan bo‘lib, 
XIX asr davomida ko‘p holda o‘zgarmagan ham deyish mumkin. 
O‘rta asr musulmon sharqi boshqaruv tizimiga xos bo‘lgan dargoh (qonun chiqaruvchi) 
va devonlar (ijroiya etuvchi) tizimi Ashtarxoniylar davridayoq yemirilib bo‘lgan edi. 
Markaziy boshqaruv tizimi XIX asrga kelib asosan to‘liq dargohda o‘z aksini topdi. 
Ijroiya vazifalari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri saroydagi u yoki bu lavozimda yoki biron-bir yirik arbob 
faoliyatida mujassamlasha borgan. Buxoro davlatidagi butkul hokimiyat mutlaqo amir qo‘lida 
mujassam edi. Amirning huquqi hech bir narsa bilan cheklanmagan, “Ollohning hohishi 
bilangina u davlatni boshqarar edi”, deb hisoblanar edi. 


XIX asrda Buxoro amirligidagi markaziy ma’muriy boshqaruv devonida qo‘shbegi 
amirdan so‘ng birinchi o‘rinda turgan. Lekin, XVI-XVII asrlarda avvalo otaliq so‘ngra naqib 
lavozimlari boshqaruvda asosiy o‘rinni egallagan edi. Otaliq (turkiycha - ota o‘rnini bosuvchi) 
hukmdorning eng yaqin kishisi bo‘lib, asosan unga shahzodalarni ta’lim-tarbiya bilan voyaga 
yetkazish, ularni himoya qilish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va boshqa vazifalar topshirilgan. Otaliqqa 
shuningdek Samarqanddan Qoraqulgacha bo‘lgan yerlardagi suv taqsimoti hukmi, poytaxt 
Buxoroning kechki ichki muxofazasi ma’suliyati yuklatilgan edi. 
Naqib (arabcha — yo‘lboshchi, jamoa boshlig‘i) lavozimini faqat kelib chiqishi 
payg‘ambar avlodi - sayidlardan bo‘lgan shaxsgina egallashi mumkin bo‘lgan. Lavozim merosiy 
bo‘lib, uning hurmat-e’tibori yuksak darajada bo‘lgan. Naqib orqali amir sayidlar jamoasi bilan 
aloqa bog‘la turgan. Naqib garchi diniy darajadagi shaxs hisoblansa-da, XVIII asr so‘nggi - XIX 
asr boshida unga harbiy yurish vaqtidagi qo‘shinning tuzilishi, qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishi, 
uning harakatlanishi doirasi, harbiy harakat vaqtidagi mas’ul harbiy lavozimlarga shaxslarni 
to‘g‘ri taqsimlash vazifalari topshirilgan. 
Qushbegi (turkiycha- ov qushlari, ov-shikor vazifalari, xon ov marosimi boshlig‘i). Uni 
qushchi-boshi, miri-shikor va boshqa nomlar bilan ham atashgan. Undan tashqari alohida olingan 
qushbegi unvonidagi lavozimlar - qushbegiyi kulli mamaliki mahrusa (butun mamlakat 
qushbegisi), qushbegiyi bahri az mamaliki mahrusa (ma’lum qism qushbegisi), qushbegiyi xosi 
(xon qushbegisi) lavozimlari ham mavjud bo‘lgan. XVII asrda va XVIII asr ilk boshida ham 
qushbegi lavozimi otaliq va naqibdan past darajada bo‘lganligi shubhasizdir. “Majma al-arqam” 
asarida esa qushbegi ko‘kaldosh lavozimidan so‘ng qayd etiladi.
Qo‘shbegi (qo‘sh - turkiycha, ya’ni qarorgoh (harbiy qarorgoh ma’nosida) xon qarorgohi 
va undagi qo‘shin boshlig‘i bo‘lib, Ashtarxoniylardan Ubaydullaxon (1702-1711) va ayniqsa zaif 
hukmdor Abdulfayzxonlar (1711-1747) davrida davlatdagi "ikkinchi shaxs" darajasiga erisha 
boshlagan. 1709 yili 18 aprelda Ashtarxoniylardan bo‘lmish Ubaydullaxon o‘zining shahardan 
tashqaridagi Xonobod bog‘ida yangi oliy qo‘shbegi- qushbegiyi- qulli lavozimini joriy etib, 
ushbu lavozimni inoq To‘raqulbiyga (sobiq qullardan bo‘lgan shaxs) taqdim etadi. Abulfayzxon 
davridagi Javshan qalmiq (unga ham qushbegiyi-qulli lavozimi berilgan edi) o‘z qo‘lida juda 
ko‘plab vakolatlarni jam etib, undan tashqari Buxoro, Samarqand, Kesh, Hisor, Termiz va 
Toshkent viloyatlarining hokimi ham hisoblanar edi.
Keyinchalik qo‘shbegilar o‘z faoliyatlari davomida hukmdorlar huquqlarini ham cheklay 
boshlab, turli fitna va “qopa” ishlarda faol ishtirok eta boshladilar. Masalan, mag‘itlarning 
ikkinchi hukmdori Doniyolbiy otaliq (1758-1785) davrida asli eroniy qullardan chiqqan Davlat 
qo‘shbegi butkul hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlab olib, hatto moliyaviy ishlarni ham o‘z 
nazoratiga oldi.
Qo‘shbegi va qushbegi lavozimlari keyinchalik ham alohida-alohida tarzda mavjud 
bo‘lganligi tarixdan ma’lumdir. Qo‘shbegi va qushbegi lavozimlari XVII asrda ham mavjud 
bo‘lgan. Amir Shohmurod (1785-1800) va amir Nasrullo (1826-1860)lar davrida qo‘shbegining 
huquqlari cheklanib, amir hokimiyatining ta’siri va roli oshib bordi. Amir Haydar (1800-1826) 
hukmronligi davrida esa qushbegi lavozimida bo‘lgan O‘tkirbiyning hokimiyati yana kuchaya 
bordi. Bu vaqtga kelib yana butkul hokimiyat qo‘shbegining qo‘lida jam bo‘la boshladi. 
Amir Nasrullo davridagi qo‘shbegi Abdulazizbiy hukmdorga sadoqatli, layoqatli shaxs 
bo‘lgan degan fikr tarixiy manbalarda ta’kidlangan. Qo‘shbegi amir yo‘q vaqtida poytaxtda 
uning o‘rinbosari hisoblanar, barcha ypysh va sulh, moliyaviy ahvol, xazina harajatlari va 
daromadlari, dunyoviy amaldorlarni tayin etish va bo‘shatish, tanho va unvonlar berish, saroy 
xavfsizligi va boshqa masalalar ham unga bog‘liq edi. Unga kechki payt Buxoroning 11 ta 


darvozasi kaliti kelib topshirilar, uning o‘zi Buxoro viloyati (9 ta tuman) hokimi hisoblanar edi. 
Shuningdek barcha viloyatlar, bekliklar ham unga bo‘ysungan. Uning devonxonasidan barcha 
farmon va qarorlar chiqar, u har kuni amirga og‘zaki yoki yozma tarzda hisobot berar edi. Davlat 
muhri ham unda saqlanib, xazina muxofazasi ham unga topshirilgan edi.
XIX asr 2-yarmidan boshlab qo‘shbegi lavozimida shaxslar hech ham amirning ruxsatisiz 
biron bir ishga qo‘l urmas, eng kichik masalalarda ham unga bevosita murojaat etishar, haqiqatda 
amirning sadoqatli xizmatkori sifatida tura boshlashgan. Faqatgina davlat turli mahkama va 
vazirliklarga bo‘linmaganligidan qushbegiga ko‘plab davlat funksiyalari topshirilib qo‘yilgan 
edi. Imperiya bosqiniga qadar qo‘shbegining faoliyati ko‘proq harbiy ishlarga bosh bo‘lish 
hisoblanar edi. Lashkarboshi va to‘pchiboshilar qo‘shbegining eng yaqin yordamchilari 
hisoblangan. Agarda amir ham, qo‘shbegi ham poytaxtda bo‘lmay qolsa to‘pchiboshi o‘rinbosar 
sifatida arkda qolgan. 
Keyingi lavozim- devonbegi bo‘lgan. Devonbegi (forscha- hukumat devonxonasi 
boshlig‘i) o‘rta asrlarda avval soliq yig‘uvchi mahkama boshlig‘i hisoblangan. Uning vakolati 
to‘liq soliq hisoboti hamda uning Qorako‘ldagi suv taqsimoti nazorati ham topshirilgan. Mirzo 
Badi-devon unga “buyuk devonbegi” deb ta’rif beradi. Gohida oliy (buyuk) devonbegini vazir 
(moliya vaziri) deb ham atashgan.
XIX asr 2-yarmidan uning idorasida 100 tacha amaldor mashg‘ul bo‘lganligi ma’lum. U 
asosan moliya ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, amirlikdagi barcha zakot yig‘uvchilarning ham 
boshlig‘i hisoblanar edi. Shuningdek, u barcha viloyatlardagi devonbegilarning ham boshlig‘i 
edi. Oliy qushbegi yo‘qligi vaqtida, quyi-qo‘shbegi, ya’ni devonbegi uning vakolatlarini o‘z 
zimmasiga olar, hukmdor yo‘qligi vaqtida ko‘p xolda qo‘shbegiyi bilan birgalikda hokimiyatni 
boshqarar edi. 
Parvonachi (forscha — xon buyrug‘ini yetkazuvchi (prikazchik) lavozimi odatda 
devonbegidan so‘ng turgan bo‘lsa-da (XVIII asr so‘nggi - XIX asr boshlari), keyinchalik u faxriy 
mansablardan biriga aylanib qoladi. Parvonachining asosiy vazifasi amir chikargan farmon va 
yorliklarini, mansabdor, zodagon va boshqalarga ya’ni, egalariga topshirishi edi. U yoki bu 
mansabga erishganlar, parvonachidan yorliq va sarpolar olgach, o‘z sallalarida ushbu yorliqni 
namoyishkorona 3 kunga qadar tiqib yurganlar.
Dodhoh (forscha - talab etuvchi, adolat qidiruvchi, da’vogar) amali XVII-XVIII 
asrlardagi muhim lavozimlardan biri bo‘lib, amir huzuriga shikoyat, arzlar bilan keluvchilarni 
qabul etar, ularni og‘zaki yoki yozma tarzda hukmdorga taqdim etar, shikoyatchilarga gohida 
amir nomidan javob berar edi. Dodhoh amali keyinchalik o‘z ahamiyatini ancha yo‘qotib, 
mingboshilarga beriladigan unvon darajasiga tushib qolgan. Dodhoh harbiy shaxs sifatida 
saroyda o‘z o‘rnini saqlab qolgan. 
Ko‘kaldosh (turkiycha- emikdoshi) mamlakat miqyosidagi xavfsizlik hizmatining 
boshlig‘i bo‘lib, bu lavozimga o‘ta ishonchli kishi tayin etilgan. 
Inoq (turkiycha-ishonchli vakil, sadoqatli, do‘stona odam) mansabi ikkiga katta va kichik 
inoqlarga bo‘lingan. Katta inoq (inoqi kalon) hukmdor ishi, amru-farmonlarini va buyruqlarini 
tegishli kishi va mahkamalarga yetkazuvchi, amir qabuliga muyassar bo‘lganlarni uning 
huzuriga kirituvchi mansabdor shaxs bo‘lsa, kichik inoq (inoqi hurd) amir qutisiga mas’ul, uning 
nomiga kelgan xat va nomalarni olib, uni hukmdor ruxsati bilan ovoz chiqarib o‘qish uchun 
munshiyga topshiruvchi shaxs bo‘lgan. 
Diniy ulamolar ichida eng katta va obro‘li shaxs-shayxulislom hisoblanar edi. 
Shayxulislom (arabcha — musulmon, islom jamoasining boshlig‘i) marosim, tantana va 
qabullarda amirning o‘ng tarafida birinchi bo‘lib o‘tirar, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida katta 


rol o‘ynar edi. Shayxulislom lavozimiga kelib chiqishi sayidlardan bo‘lgan, tafsir, fiqh, hadis va 
boshqa diniy ilmlarni mukammal biladigan kishi tayin etilgan. Amirlikda Xoja Ahror valiy 
avlodidan bo‘lgan shaxslar asosan shayxulislom lavozimiga o‘tirar va XVIII asr oxirlariga qadar 
bu holat davom etgan. Shayxulislomdan keyingi daraja - qozikalon lavozimi hisoblangan. 
Qozikalon (arabcha-forscha-qozi ul-qurot, oliy qozi) - amirlikning oliy sudyasi (hakami) - 
umumiy sud, ijtimoiy adolat bilan bog‘liq masalalar, musulmonlar, birinchi navbatda 
miskinlarning haq-huquqlarini himoya qilish, madrasalardagi vaqf ishlari, karvonsaroylardagi 
tartib va boshqalar uning vakolatiga kirgan. Unga harbiy ishlar qozisi- qozi askar ham 
bo‘ysungan. XIX asr 2-yarmidan qozikalon lavozimi amalda eng katta diniy lavozimga aylanib 
borib, shayxulislom darajasi esa rasmiy unvonga aylanib qoldi. 
Muftiy (diniy unvonlardan biri, asosan rivoyat va fatvolar bilan ta’minlovchi)lar ichida 
a’lam (arabcha - eng o‘qimishli, eng ko‘p biluvchi) lavozimi alohida ahamiyatga ega bo‘lib 
muftiylarning boshlig‘i, u yoki bu masala yuzasidan chiqarilgan fatvo a’lam muhridan so‘nggina 
kuchga kirar edi. A’lamlik lavozimiga diniy va dunyoviy bilimlarni puxta bilgan mudarrislar 
asosan tayin etilar edilar. A’lami-muftiy qozikalonning maslaxatchisi hisoblanar edi. Buxoroda 
odatda qozikalon huzurida 14 ta muftiy faoliyat ko‘rsatgan. 
Rais (muhtasib, arabcha- boshliq) -lavozimiga ham asosan sayidlardan bo‘lgan shaxslar 
tayin etilar edi. Raislar har bir viloyat, shahar, qishloqlarda ham mavjud edilar. Ularning 
vakolatlariga: shariat, ahloq-odob qoidalariga aholining, lavozimdagi shaxslarning qat’iy amal 
qilishini, bozor, savdo-sotiq ishlarida halollik, to‘g‘rilikka e’tibor qilish, tosh-tarozining 
to‘g‘riligini nzorat qilish, toat-ibodatlarni vaqtida ado etish, tashqi kiyimni nazorat etish, 
maktablar ishini olib borish vazifalari kirar edi. Bosh rais-eshon rais yoki rais- um-shariat deb 
nomlangan. Rais poytaxt Buxoroda ertalab va kechki payt odatda nazorat bilan yurgan. Uning 
joyda jazolashi 39 darradan oshmasligi qoida ham qilib qo‘yilgan edi. 
Vaqf ishlariga mas’ul esa sadr lavozimidagi shaxs bo‘lgan. Har bir lavozimdagi kishining 
o‘rinbosari (noib) va o‘z mahkamasi bo‘lgan. Diniy darajadagi shaxslar, ruhoniylarning ta’siri 
amirlikda katta bo‘lgan. 
Yer egaligi shakllari va xo‘jaligi. Ta’kidlash joizki, yer va yerga egalik hususidagi aniq 
masalalarni yechishda nafaqat musulmon huquqiy adabiyotiga, balki aksariyat holatlarda 
o‘rnatilgan qoida (taomili qadim), haq-huquq (odat)ga murojaat etishgan. Xanafiya mazhabidagi 
sunniylar amirligida taomil, odatlarga murojaat etmoq qabul qilingan qoida tusini olgan edi. 
Odatda Buxoro amirligidagi yer egaligi va uning toifalarga bo‘linishida yuqorida qayd etilgan 
xolatlar deyarli hisobga olinmagan edi. Yerlarni odatda asosan 3 yoki 4 qismga: davlat (amlok), 
hiroj yerlari (zamini xirojiy), mulk (xususiy yerlar), vakf (mulki vaqf)ga bo‘lib ko‘rilar edi. 
Buxoro amirligidagi yerlarni M.A.Abduraimov asarida chuqur ilmiy-tadqiqot ishlari va 
manbalarga tayanib quyidagi tarzda guruhlarga ajratiladi. 
1. Davlat yerlari (amlok, mamlaka, araziy podshohiy, mulki devon va hokazo). 
2. Xususiy yerlar (mulk, mulki huri-xolis, yorliq mulklari). 
3. Imtiyozli soliq (10/1 miqdorda) olinadigan - mulki ushr va dahyak yerlari. 
4. Vaqf yerlari. 
5. Ko‘chmanchi qabilalar yerlari - yurtlar. 
6. Shartli topshiriladigan yerlar - darbost (darubost). 
Buxoro amirligi aholisining katta qismi dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. XVIII-XIX 
asr I yarmida Buxoro amirligida boshqa xonliklar singari xo‘jalikning asosini sug‘orma va 
haydama dehqonchilik tashkil etgan. Ekinlar ichida don ekinlari oldingi o‘rinda turgan. 
Sug‘orma yerlarga bug‘doy, sholi, arpa va suli ekilgan. Mol uchun poyasi ozuqa hisoblangan va 


doni kambag‘al aholi uchun asosiy ovqatlardan biri bo‘lgan jo‘xori, yog‘ olishga mo‘ljallangan 
kunjut ham ko‘p yerlarga ekilgan. Sanoat ekinlaridan paxta o‘z ehtiyoji uchun deyarli har bir 
xo‘jalikda yetishtirilgan. Asosiy paxtachilik rayonlari esa - Buxoro, Shahrisabz va Kattaqo‘rg‘on 
bo‘lgan. Shuningdek, tamaki va boshqa turli ekinlar ham yetishtirilgan.
Amirlik aholisi ichida bog‘dorchilik, uzum-meva, poliz ekinlarini yetishtirish ham keng 
tarqalgan. Buxoro mevalari, uzumlari, quruq mevalari har vaqt ma’lum va mashhur bo‘lgan. 
O‘troq va ko‘chmanchi aholi o‘rtasida o‘ziga xos mehnat taqsimoti bo‘lgan. O‘troq aholi ular 
uchun kerakli mahsulotlar (non, meva - sabzavot mahsulotlari, ip-gazlama mollari va boshqalar) 
berib, o‘rniga chorvador aholidan mol, qo‘y-qo‘zi, teri, jun, go‘sht va sut mahsulotlari olganlar.
Dehqonchilik O‘rta Osiyoning boshqa yerlari singari sun’iy sug‘orishga asoslangan 
bo‘lgan. XIX asr boshiga kelib ko‘pgina sug‘orish inshootlari qurildi va qayta tiklandi. 
Zarafshon vohasida amir Shohmurod davridayoq (1785-1800). Jo‘yi-sarazm kanallari qurildi. 
Darg‘om kanali to‘g‘oni, Panjikent yaqinidagi, Urgut, Oqdaryo bo‘ylaridagi kanallar qayta 
tiklandi. Davlat kanallar kim tomonidan qurilsa, yoki qayta tiklansa undan sug‘oriladigan atrof 
yerlarni o‘sha shaxslar ixtiyoriga topshira boshladi.
Sug‘orish inshootlarining kengayishi dehqonchilik sohasining rivojlanishiga, XVIII asr 
oxiridan boshlab ko‘chmanchilarning katta qismini o‘troqlashuviga sabab bo‘ldi. Mang‘itlar 
sulolasi shubhasiz bu holatdan manfaatdor edilar va bu sohaga ko‘proq e’tibor bera boshlagan 
edilar. Yerlarning bo‘linishi ham albatta, sug‘orish inshootlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Masalan, 
bitta katta suv tarmog‘i kanal (ariq) orqali sug‘oriladigan 100 000 tanob yer tuman deyilgan (1 
tanob yer 600 kv. sajin yoki 2730 kvm teng) 50 000 tanobli yer-hazora, uning yarmi-nim hazora 
deyilgan. 10 000-15 000 tanobli yer- "falon daryo abxori" deb yuritilgan. 400 tanobli yerning 
hammasi aholi bilan band bo‘lsa u holda u yer - qorya deyilgan. 300 tanobli yer esa odam 
yashashi, yashamasligidan qat’iy nazar - mazrao deb ajratilgan. Aholi yashaydigan punkt esa 
balad deyilgan. 
XIX-XX asr boshlarida Buxoro amirligida shariatda belgilangan xiroj va ushr kabi yer 
soliqlari hamda hunarmandchilik, chorvachilik va savdo-sotiqdan olinadigan zakot asosiy 
soliqlar hisoblanar, amalda esa ko‘p sonli qo‘shimcha soliqlar, to‘lov va majburiyatlar mavjud 
edi. Amirlikning soliq siyosati mohiyatini aniqlashda mavjud soliqlar va ularning miqdori 
muhim o‘rin tutgani bois, dastavval asosiy soliq turlariga to‘xtalib o‘tish kerak bo‘ladi. Bu 
masalani avvalo, iqtisodiyotning asosini tashkil qiluvchi qishloq xo‘jaligidan olinadigan soliqlar 
misolida ko‘rib chiqamiz. 
Amirlikda qo‘yidagi soliqlar joriy qilingan: xiroj bug‘doydan hosilning 1/3 ulushidan 
1/10 qismigacha, chorvadan olinadigan zakot 1/40 hissa, tanobona (u beda ekilgan 
maydonlardan, uzum va mevali bog‘lardan olingan), bozorlarda sotilgan tovarlardan olinadigan 
zakot va boshqalar. 
Amirlikda “xiroji muqassama”ning miqdori mahsulot bilan o‘lchanganda hosilning 1/3, 
1/4, yoki 1/5 qismiga teng hisoblangan. Bunda xirojning aniq miqdori soliq yig‘uvchi 
amaldorning yerlardan qancha miqdorda soliq olishni belgilashiga bog‘liq bo‘lgan.
Mulki xiroj va amlok yerlari xiroj solig‘ining asosiy manbai sanalgan. Xirojning miqdori 
turlicha bo‘lib, amlok yerlaridan hosilning 1/6, 1/5, 2/5, va hatto, 1/3, 1/2 qismigacha xiroj 
solig‘i yig‘ilgan. Lalmi yerlarda yetishtirilgan hosildan 1/5 miqdorda, mulki xiroj yerlarining har 
tanobidan esa yiliga 2-3 tangadan xiroj solig‘i yig‘ilgan.
Xiroj solig‘i natura shaklida olinib, sug‘oriladigan yerlarda oq ekinlarning 1/4 qismi, ko‘k 
ekinlarning 1/3 qismi miqdorida, lalmi yerlardan esa 1/4 hissa yoki har tanob yerdan 6 tangadan 


yig‘ilgan. Uzumzorlardan soliqning qaysi turi bo‘lishidan qat’i nazar, naqd pul shaklida har 
tanob yerdan 0,5 tangadan olingan.
Xirojni yig‘ish uchun amlokdor o‘zining ma’murlari bilan yetishtirilgan hosilning 
taxminiy miqdorini ma’lum vaqtlarda aniqlab, maxsus daftarga qayd etib borgan. Hosil yig‘ib 
olingach, amirlikning ba’zi bekliklarida xirojning bu turi mahsulot bilan emas, balki 
mahsulotning bozordagi narxiga qarab naqd pul shaklida olingan.
Yuqoridagi ma’lumotlar xiroj solig‘i bekliklarda turlicha bo‘lganligini, soliq miqdorini 
belgilashda yerning hosildorligi, suv bilan ta’minlanganligi va boshqalar hisobga olinganligini 
ko‘rsatadi. Xullas, xiroj solig‘i amirlikning barcha hududlarida hosilning o‘rtacha 1/3 yoki 1/5 
qismi atrofida bo‘lgan.
Vaqf yerlaridan keladigan barcha daromadlar machit-madrasalar qurilishi va ta’mir 
ishlariga, mullalar, imomlar, mudarrislar va boshqalarning maoshiga sarflangan. Ba’zan istisno 
tariqasida turli xayriya maqsadlarida vaqf yerlaridan ham hosilning 1/3 miqdorida yer solig‘i 
yig‘ilgan.
Buxoro amirligida yer solig‘ining “ushr” deb ataluvchi turi ham mavjud bo‘lib, u “mulki 
ushr” yerlaridan hosilning 1/10 miqdorida olingan . Undan keladigan daromaddan shariatda 
belgilangan tartibda, asosan, xayriya maqsadlarida foydalanilgan . 
Amirlikda bahorgi ekish oldidan maxsus “qo‘sh puli” solig‘i ham yig‘ib olingan. Ushbu 
soliq “xiroji muazzaf”ning o‘zgargan shakli bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu soliq hamal 
oyida Devoni sarkor boshchiligida ekin ekiladigan yer maydoni o‘lchamiga qarab yig‘ilgan. 
Buxoro amirligidagi asosiy soliqlardan biri zakot ekanligi yuqorida aytib o‘tilgan edi. Bu 
davrda chorvadan 1/40 yoki har 100 bosh qo‘ydan 14 Buxoro tangasi miqdorida zakot solig‘i 
yig‘ilgan. Savdodan esa umumiy mahsulotning 2,5 foizi miqdorida olingan. Samarqand 
viloyatidan olib kelingan don mahsulotlaridan quyidagi miqdorda soliq olingan: bir vagon (610 
pud) guruchdan 60 tanga; bir vagon (610 pud) bug‘doydan 45 tanga; bir vagon (610 pud) 
arpadan 35 tanga. 
XIX asr boshlariga oid ma’lumotlarga ko‘ra Qarshi viloyatidan yig‘ilgan zakot solig‘i 
miqdori 2 lak, ya’ni 200 ming tangadan ortiq hisoblangan. 
Yuqoridagi to‘lovlar va soliqlardan tashqari amirlik aholisi quyidagi mehnat 
majburiyatlariga jalb etilgan: 
O‘z mehnat qurollari bilan yiliga ikki uch marta ariq tozalash va qazish ishlariga; 
Mahalliy hokimiyat ko‘rsatmasiga binoan yo‘llar, ko‘priklarni tuzatish ishlariga. 
Shuningdek, bekliklarda qo‘rg‘on mardikor deb ataluvchi mehnat majburiyati ham amal 
qilgan. Bunda qadimiy an’anaga ko‘ra bekliklardagi qishloqlardan aholining soniga qarab 5 
tadan 20 tagacha kishi yiliga ikki marta bahor hamda kuz oylarida ark va uning ichidagi ishlarga 
jalb qilingan. Qo‘rg‘on mardikorga jalb qilinganlarga hech qanday haq to‘lanmaganidan 
tashqari, ularning ovqatlanishi ham o‘z hisobidan bo‘lgan, bunday ishchilar har kuni yangisiga 
almashtirib turilgan. Qaysidir qishloqdan belgilangan miqdordagi ishchilar kelmagan taqdirda, 
bek tomonidan har bir ishga kelmagan ishchi uchun 2 tangadan dakki puli deb ataluvchi jarima 
solingan. Bundan tashqari yo‘lga yaqin qishloqlar aholisiga yo‘llarni tuzatish uchun yo‘l 
majburiyati ham joriy qilingan. 
Amirlik hududida oltin, kumush va mis pullar muomalada bo‘lgan. Bundan tashqari, 
katta miqdorda qo‘shni davlat pullari: forslarning kumush kroni, afg‘on kumush rupiyalari ham 
ishlatilgan .
Buxoro amirligida jami 50 ga yaqin soliq va to‘lovlar joriy etilgan bo‘lib, aholi bularni 
to‘lashga majbur edi. To‘lanishi shart hisoblangan umumiy soliqlardan tashqari har bir beklikda 


qo‘shimcha to‘lovlar ham joriy qilingan bo‘lib, ularni beklar o‘z bilganlaricha belgilagan. Soliq 
yig‘uvchilar esa Buxoro hukumati tomonidan joriy etilmagan to‘lov va majburiyatlarni ham 
aholidan talab qilishgan.
XIX asr I-yarmida amirlikda urush paytida sun’iy tarzda barpo etilgan, dushman kirib 
kelishiga qarshi okoplar, suv to‘ldirilgan xandaqlar ham barpo etila boshlagan. Masalan, 
Shahrisabz begi Xo‘jaqul 1845 yili amirning Shahrisabzga yurishida Shahrisabz, O‘rtaqo‘rg‘on, 
Shamaton, Kitob atroflari bo‘ylab shunday xandaklarni barpo etgan. Shu vaqtda shaharlarda 
mustahkam mudofaa istehkomlarini barpo etishga ham alohida e’tibor berilgan. Ayniqsa 
O‘ratepa mudofaa istehkomlari ancha mashhur bo‘lgan. 
Amir Muzaffar (1860-1885) hukmronligining boshlanishi qo‘shin tarkibi, uning sifat 
darajasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Nasrullo davrida barpo etilgan ozmi-ko‘pmi qo‘shin yanada 
ko‘proq zaiflashib, o‘tkinchi lashkarboshilar (Shoxruh, Usmonbek) qo‘liga tushib qoladi. Garchi 
o‘ziga xos rivojlanish tarzi davom etayotgan bo‘lsa-da, o‘zaro ichki nizolar, siyosiy 
parokandalik, bid’at-hurofot hukmining o‘sishi, zamonaviy taraqqiyotning inkor etilishi, jahon 
sivilizatsiyasidan uzoqlashish, hukmdorlarning esa shu yo‘l siyosati tomon yuz tutishlari, 
mamlakat, xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ya bilmasliklari tufayli ham Buxoro amirligi 
boshqa o‘zbek xonliklari singari Rossiya imperiyasi mustamlakasi domiga tushib qoldi.
Xiva xonligi. 
Xiva xonligidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahvol. 1763 yildan boshlab Xivada amalda 
qo‘ng‘irot urug‘i inoqlari hokimiyat tepasiga kelgan bo‘lsa-da, 1804 yilgacha Xiva xonlari 
hukmdor sifatida boshqa shahsni xon qilib e’lon qilganlar. Qo‘ng‘irotlar sulolasi hukmdorlaridan 
Muhammad Amin inoq (1763-1790 ) Xivada hokimiyatni qo‘lga olgach saroydagi bir qancha 
lavozim va amallarga o‘ziga sodiq va ishonchli odamlarni tayinladi. Yangi xon shu yo‘l bilan 
xonlikdagi muhim siyosiy-ma’muriy, moliyaviy va harbiy hokimiyatni o‘z qo‘liga olib, ayrim 
mustaqil beklarni o‘ziga itoat ettirdi. 
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, shaharlik savdogarlar, hunarmandlar va din peshvolari 
yordamida o‘z hokimiyatini ancha mustahkamlagan Muhammad Amin inoq 1770 yilda 
turkmanlar hujumini, 1782 yilda Buxoroliklar tajovuzini muvaffaqiyatli qaytardi. Uning 
hukumronligi davrida Xiva xonligida dehqonchilik, savdo – sotiq va hunarmandchilikni 
rivojlantirish maqsadida ma’lum chora–tadbirlar amalga oshirildi. Mahalliy hukumdorlarning 
o‘zaro nizolari va kurashlariga chek qo‘yilishi natijasida xonlikdagi iqtisodiy hayot yaxshilanib 
bordi.
Muhammad Aminning o‘g‘li Avaz inoq (1790-1804 ) otasining ishlarini davom ettirgan 
bo‘lsa, Avazning o‘g‘li Elto‘zar inoq 1804 yilda Xiva taxtiga o‘tirib, sohta xon Abdulg‘ozi V ni 
haydab yubordi va o‘zini rasmiy xon (1804-1806 ) deb e’lon qildi. Shu tariqa Xivada 
qo‘ng‘irotlar sulolasi hukumronligi rasmiy qaror topdi. Eltuzarxon xonlikdagi mustaqil 
hokimlarni birlashtirish siyosatini davom ettirdi. Ammo, uning hukmronligi uzoq davom etmadi. 
1806 yilda Eltuzarxon buxoroliklar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Taxtga uning ukasi 
Muhammad Rahimxon I o‘tirdi.
Muhammad Rahimxon I (1806-1825 ) markazlashtirish siyosatiga katta e’tibor berib, 
Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga yetkazdi. Xiva tarixchilarining ma’lumotlariga ko‘ra,
Muhammad Rahimxon I xonlikdagi vaziyatni to‘g‘ri tushunib, shunga yarasha davlat siyosati 
ishlab chiqdi va ushbu siyosatni qat’iyatlik bilan amalga oshirdi. Xususan, uning bevosita 
tashabbusi bilan xonlikda ma’muriy – siyosiy, iqtisodiy va harbiy islohotlar o‘tkazildi. 


Dushmanlariga, markazdan qochuvchi kuchlarga nihoyatda beshafqat bo‘lgan 
Muhammad Rahimxon I o‘z atrofiga o‘zbek, turkman, qozoq va qoraqalpoqlarning nufuzli 
vakillarini to‘plab, ularga amallar va unvonlar berdi. Xon saroyi qoshida doimiy faoliyat 
ko‘rsatuvchi Kengash (Devon) ta’sis etildi. Ruhoniylarga ham alohida e’tibor berilib, 
Shayxulislom Kengashning a’zosi va xonning eng yaqin masahatchisiga aylandi. Muhammad 
Rahimxon I ning musulmon ruhoniylarining xalq orasidagi mavqeini hisobga olib sayidlardan 
bo‘lgan Sayid Pirmuhammad Xo‘janing qiziga uylangani ham ma’lum. 
Bu xon davrida mamlakatning iqtisodiy hayoti jonlanganligi haqida ham ma’lumotlar 
talaygina. Uning davrida mahsus islohotlar o‘tkazilib, soliqlar tartibga solindi. Bojxona tashkil 
etilib, ichki va tashqi savdodan keladigan daromadlar ko‘payib bordi. 
Janubiy Turkmaniston va Xuroson viloyatlariga harbiy yurishlar Muhammad 
Rahimxondan keyin taxtga o‘tirgan o‘g‘li Olloqulixon (1825-1842 ) va nabirasi Rahimqulixon 
(1842-1845 ) davrida ham davom etdi. Olloqulixon 1842 yilda vafot etgach taxtga uning o‘g‘li 
Rahimqulixon o‘tirdi. Taxtni egallagan yangi xon ham Janubiy Turkmaniston yerlariga hujum 
boshladi. U shuningdek, Xazoraspni qamal qildi. Ammo, mag‘lubiyatga uchrab orqaga 
chekinishga majbur bo‘ldi. Bu orada Rahmonqulixon Chorjo‘yni qamal qilib, uning atrofidagi 
qishloqlarni taladi. Rahimqulixon Xuroson uchun bo‘lgan janglarning birida halok bo‘lgach 
taxtga uning ukasi Muhammad Aminxon (1845-1855 ) o‘tirdi.
Muhammad Aminxon hukmronligi davrida ham Janubiy Turkmaniston va Xurosonda 
tinchlik hukm surmay, xonga qarshi isyonlar davom etdi. Ayniqsa, Marv va Seraxs shaharlarida 
ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar hokimiyatni larzaga keltirdi. Qo‘zg‘olonchilar Xiva xoniga 
bo‘ysunishdan bosh tortib, xon amaldorlari va soliq yig‘uvchilarni tutib qatl qildilar. Ogahiy 
ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad Aminxon Marv va Seraxs uchun o‘n marotaba yurish qilgan, 
faqatgina 1854 yilda Marv qo‘zg‘oloni qiyinchilik bilan bostiriladi. 1855 yil Seraxs ostonasida 
turkmanlar bilan Xiva lashkarlari o‘rtasida bo‘lgan jangda Xiva qo‘shinlari mag‘lubiyatga 
uchrab, Muhammad Aminxon, uning o‘n to‘rt nafar shahzodalari va saroy amaldorlari fojeali 
halok bo‘ldilar. 
1855 yil Said Abdullaxon (besh yarim oy – 1855 yil 20 mart – 27 avgust) Xiva taxtiga 
o‘tirdi. Ammo, bir guruh saroy amaldorlari Said Abdullaxonni tan olmasdan unga qarshi fitna 
uyushtirib, yovmut turkmanlari bilan aloqa o‘rnatdilar hamda ularni isyonga chorladilar. 
Yovmutlar isyon ko‘tarib G‘ozovot va Ilonli atroflarida qishloqlarni talay boshladilar. Said 
Abdullaxon Xivadagi fitnachilarni fosh qilib, uning ishtiroqchilarini qatl ettirgach, isyonchilarga 
qarshi kurash boshladi. Dastavval, Xiva qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda yovmutlar 
mag‘lubiyatga uchrab dasht ichkarisiga chekingan bo‘lsalar-da, avgustning oxirida yovmutlar 
Xiva navkarlari qarorgohiga (Ilonli yaqinida) to‘satdan tunda hujum qildilar. Bu hujumda Xiva 
navkarlari mag‘lubiyatga uchrab, Said Abdullaxon o‘ldirildi. 
Bu voqeadan keyin saroydagi vazir Muhammad Yoqub mehtar boshchiligidagi bir guruh 
amaldorlar Sayid Abdullaxonning o‘n yetti yashar ukasi Qutlug‘ Murodni xon qilib ko‘tardilar, 
Yoqub mehtar va Ibrohim qo‘shbegi davlat boshqaruvida xonning eng yaqin kishilari edilar. Bu 
orada xonlikdagi siyosiy vaziyat yana keskinlashib ketdi. Qutlug‘ Murodxonga bo‘ysunmagan 
turkman yovmutlari Ota Murodni, qozoq va qoraqalpoqlar Jorliq To‘rani o‘zlariga xon deb e’lon 
qildilar. Qutlug‘ Murodxon ularning isyonlarini qiyinchilik bilan bostirdi. Ammo, uning 
hukmronligi ham uzoq cho‘zilmadi (to‘rt yarim oy). Qutlug‘ Murodxon o‘z ukasi Niyozbek 
Muhammad tomonidan hiyla ishlatilib uyushtirilgan fitna (yovmut turkmanlari yordamida) 
natijasida o‘ldirildi.


Qutlug‘ Murodxon o‘limidan so‘ng Xiva taxtiga Sayid Muhammadxon (1856-1864 ) xon 
qilib ko‘tarildi. U hokimiyatga kelgan paytda xonlikda siyosiy vaziyat keskinlashgan, iqtisodiy 
ahvol nihoyatda og‘ir bo‘lib, ko‘pchilik viloyatlarda ocharchilik hukm surgan, yuqumli 
kasalliklar tarqalgan edi. Vaziyatni to‘g‘ri baholay olgan Sayid Muhammadxon yuz berayotgan 
isyonlarni tinch yo‘l bilan hal qilish, tinchlikni qaror toptirish, iqtisodiyotni tiklash choralarini 
ko‘rdi. U avvalambor Buxoro va Rossiya bilan savdo aloqalarini yaxshiladi. Dehqonchilik, 
obodonlashtirish va qurilish ishlarida qator tadbirlar o‘tkazildi. Ammo, xonlikdagi ichki 
notinchlik to‘xtamadi. Xonlikda faqat o‘zbek urug‘larigina emas balki, yarim ko‘chmanchi va 
chorvador aholi bo‘lgan turkman, qozoq, qoraqalpoq va boshqa xalqlar og‘ir soliqlar va turli 
to‘lov hamda majburiyatlarga tortilganligi bois xonlikning turli shahar va viloyatlarida 
noroziliklar, isyonlar bo‘lib turdi.
Sayid Muhammadxon 1864 yil 10 sentabrda kasallanib vafot etgach taxtga uning o‘g‘li 
Sayid Muhammadxon Rahimxon II (1864-1910 ) o‘tirdi. Soniy va Feruz nomlari bilan ham 
ma’lum bo‘lgan bu hukmdor Xiva xonlari orasida eng adolatparvar va ma’rifatparvar hukmdor 
bo‘lganligi bois ham 47 yil davomida mamlakatni idora qilgan.
Uning zamondoshlari bo‘lgan Ogahiy va Bayoniylar asarlarida Sayid Muhammadxon 
Rahimxon II (Feruz) faoliyatida adolatparvarlik va haqgo‘ylik, qattiqqo‘llik va talabchanlik 
bilan, ma’rifatparvarlik esa tashabbuskorlik bilan uyg‘unlashib ketganligi haqida ma’lumotlar 
beradilar. Bu xon o‘zining butun hukmronligi davrida el-yurt farovonligi, tinchlik-osiyishtaligi 
uchun kurashdi. Xonlikda dehqonchilik, sug‘orish ishlari, savdo-sotiq va hunarmandchilik 
taraqqiy etdi. Bu davrda Xorazmda ayniqsa ilm-fan, adabiyot va san’at, me’morchilik yuksaldi. 
Xonning o‘zi “Feruz” taxallusi bilan ijod qilib o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojiga katta hissa 
qo‘shdi. 
Zamonaviy Xorazm tarixchilari Sayid Muhammadxon Rahimxon II hukmronligini ikki 
bosqichga ajratadilar. Birinchi bosqich – 1864 – 1873 yillar, xon hukmronligining dastlabki o‘n 
yilligi bo‘lib, bu davrda Muhammadxon Rahimxon II davlatni mustaqil boshqarib, mamlakatda 
tinchlik va farovonlikni qaror toptirish, qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq va hunarmandchilik, fan va 
madaniyatni yuksaltirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Ikkinchi bosqich – 1873 yil 
avgustdan 1910 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. 1873 yilda Xiva general Kaufman 
boshchiligidagi rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, tuzilgan sulhga binoan Xiva xonligi 
Rossiyaga qaram davlatga aylandi. Bu davrda Muhammadxon Rahimxon II ning faoliyati 
Rossiya hukumati tomonidan qat’iy cheklandi va nazorat ostiga olindi. Shunga qaramasdan xon 
o‘zining adolatparvarlik va bunyodkorlik faoliyatini davom ettirdi.
Xiva xonligi ma’muriy jihatdan
XVI-XVIII asrlarda viloyatlarga bo‘lingan bo‘lsa, 
XVIII asr oxiri – XIX asr boshlaridan boshlab davlatdagi asosiy ma’muriy hududlar beklik deb 
atalgan. Manbalarga ko‘ra, bu davrda xonlikda 16ta beklik va 2ta noiblik mavjud edi. Ular 
Xazorasp, Gurlan, Xonqa, Kuhna Urganch, Qo‘shko‘prik, Pitnak, Qiyot, Shobboz (Shohabboz), 
Shovot, Toshhovuz, Ambarmanak, Urganch, Xo‘jayli, Shumanay va Qo‘ng‘irot bekliklari hamda 
Beshariq va Qiyot-Qo‘ng‘irot noibliklaridir. Ularni xon tomonidan tayinlangan beklar va noiblar 
boshqarganlar. Xiva shahri boshqaruvi xon va bosh vazir ixtiyorida bo‘lgan. Xonlikning poytaxti 
turli davrlarda Vazir, Kat, Ko‘hna Urganch, Xiva shaharlari bo‘lgan. 
Shunday qilib, Xiva xonligi ma’muriy jihatdan hozirgi Xorazm viloyati, 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalarining bir qismini o‘z 
ichiga olgan davlat edi. 
Xiva xonligining o‘troq dehqonchilik vohalarida asosan o‘zbeklar yashab, ular davlatdagi 
aholining katta ko‘pchiligini tashkil etganlar. Xonlikda shuningdek, turkmanlar, qozoqlar, 


qoraqalpoqlar, kam miqdorda tojiklar, yahudiylar, hindlar, eroniylar, ruslar, armanlar, nemislar 
ham yashaganlar. Xiva xonligidagi aholining umumiy soni haqida ma’lumotlar deyarli yo‘q. 
Arxiv hujjatlari va rus sayyohlarining ma’lumotlari bu masalaga qisman aniqlik kiritadi. 
Xususan, XIX asrning birinchi choragiga oid ma’lumotlarda xonlik aholisi 300 ming, shu 
asrning 40-yillariga oid ma’lumotlarda 300 mingga yaqin, so‘nggi choragiga oid manbalarda 700 
mingga yaqin deb berilsa, arxiv manbalarini chuqur o‘rgangan olim M.Yo‘ldoshev XIX asr 
o‘rtalarida xonlikda 800 mingga yaqin odam istiqomat qilganligi haqida ma’lumot beradi. 
XIX asrning o‘rtalariga kelib xonlikda shahar hayotining rivojlanishi natijasida shahar 
aholisining soni ko‘payib bordi. Xiva, Xazorasp, Xonqa, Urganch, Qo‘ng‘irot, Ko‘hna Urganch 
kabi shaharlarda rus sayyohlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2 mingdan 5 minggacha xonadon 
yashagan. Xonlik poytaxti Xiva shahrida 21 mingdan ortiq aholi yashagan. 
Davlat boshqaruv tartibi. XVII asrda Xivada muayyan bir sulola hukmdor emas edi. 
Chingiziylar sulolasiga mansub ba’zi shaxslar Xivaga chaqirilib xonlik taxtiga ko‘tarilgan 
bo‘lsa-da, amalda hokimiyat qo‘ng‘irot sulolasidan bo‘lgan inoq qo‘lida bo‘lgan. 1804 yildan 
boshlab faqat Qo‘ng‘irotlar sulolasi vakillari Xivada xon bo‘lganlar.
Xiva xonligida unvon va mansablarni saroy, harbiy va diniy unvon hamda va amallarga 
bo‘lish mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha (SH. Vohidov) bu tasnif sof nazariy bo‘lib, aslida 
xonlik davrida muayyan unvon va mansablar sohalar bo‘yicha berilmagan. O‘sha vaqtda 
amaldor va unvon egasi ko‘pincha xonga nisbatan shaxsiy sadoqati, qavmi yaqinligidan bir 
mansabdan boshqa mansabga o‘tib, unvonlar sohibiga aylangan. Xonlikda eng oliy unvon xon 
bo‘lib, u ma’muriy, siyosiy va harbiy vakolatlarga ega bo‘lgan.
Xiva xonligi davlat tizimida Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligidan farqli o‘laroq, xon 
huzurida Oliy Kengash amal qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Oliy Kengashni Muhammad 
Rahimxon I “o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun ilgari inoq va otaliqlar boshliq bo‘lgan 
urug‘ oqsoqollari kengashi o‘rniga ta’sis etgan edi. Bu Oliy Kengashga turli da’vo va jinoiy 
ishlarni ko‘rish va qaror chiqarish huquqini berdi”. Bu Kengashning vakolati chegaralangan 
bo‘lib, maslahat beruvchi organga o‘xshar, uning a’zolari eng yuqori mansab va unvondagi 
amaldorlar bo‘lgan. Kengash majlisida boshqa amaldorlarga qaraganda qo‘proq inoq, shayx ul-
islom, devonbegi va yasovulboshi hal etuvchi ovozga ega bo‘lganlar. Kengash majlislari 
masalaning muhimligiga qarab, xon tomonidan chaqirilar edi. Oliy Kengash oqsoqollardan, 
ya’ni, ma’lum mansab va unvon egalaridan, chunonchi, naqib, shayx ul-islom, mutavvalli, 
mirob, qozi, farmonchi, darg‘a, shig‘ovul, dasturxonchi, arbob, miroxo‘r kabilardan iborat edi. 
Shuningdek, xonning qarindosh urug‘laridan bo‘lgan beklar, otaliq, inoq va biylar ham bu 
kengashga kirganlar.
Bu tor doiradagi Kengash garchi davlat tashkiloti sifatida rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, 
uning qarori xonning qaroridek ko‘rsatilsa-da, amalda yuqori qonun chiqaruvchi ma’muriy va 
sud hokimiyati edi. Kengash xonlikning ichki ishlariga doir hamma masalalar bo‘yicha qaror 
qabul qilar va xonlikning boshqa davlatlar bilan bo‘lgan tashqi munosabatlariga doir 
muammolarni hal etar edi. Garchi Kengash davlatning turli-tuman ichki va tashqi ishlarini 
muhokama qila olsa-da, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha qaror chiqarish avvalo xonning 
xohish – irodasiga bog‘liq bo‘lgan. 
Unvonlar orasida eng kattasi inoq edi. Odatda inoqlar eng qudratli o‘zbek urug‘laridan 
tayinlangan hamda ular xonning eng yaqin maslahatchilari bo‘lgan. Inoqlar yirik amaldor, ya’ni 
urug‘ boshlig‘i hisoblangan. Abulg‘ozixon tantanali marosimlarda o‘tirish uchun inoqlarga o‘z 
yonidan to‘rtta joy ajratgan. Inoqlar biy, sulton, mingboshi kabi unvonlarni ham olganlar. XX asr 


boshlariga kelib inoqlar bek martabasiga tushib, oliy saroy amaldorlaridan ma’muriy mansab 
egalariga aylanadilar. 
Otaliq – urug‘ oqsoqoli. Inoq boshliq to‘pa (guruh) ga birlashgan urug‘ boshlig‘i. 
Xonning eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan. Otaliq qilich va pichoq taqib yurgan.
Biy – saroy unvoni. Inoq va otaliqdan keyingi martaba. Biy qabila va urug‘ning boshlig‘i 
hisoblanib, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turkiy xalqlarning, jumladan o‘zbeklarning 
urug‘ oqsoqollariga beriladigan unvon edi. XVII-XIX asrlarda biylar yirik o‘zbek qabila va 
urug‘lariga boshchilik qilib, faqat markaziy hokimiyatga itoat etganlar. Biy unvoni avloddan 
avlodga meros qilib qoldirilgan. 
Amir ul-umaro – Amirlarning amiri, Xiva xonligida XIX asrning o‘rtalarida ta’sis etilgan. 
Sayid Muhammadxon bu unvonni birinchi marta o‘zining akasi Sayid Mahmud to‘raga bergan 
edi. Muhammad Amin inoq hukmronligi davrida amir ul-umaro uning akasi Fozilbiy edi. 
O‘shandan keyin amir ul-umaro unvoni hech kimga berilmagan. 
Qo‘shbegi – Xiva xonligida saroyning oliy mansablaridan biri bo‘lib, moliya va soliq 
yig‘ish ishlarini bajargan. Qo‘shbegining maxsus devoni hamda unga tobe etuvchi amaldorlari 
bo‘lgan.
Mehtar – katta, ulug‘ degan ma’noni beradi. Mehtar saroy xizmatkorlarining boshlig‘i 
vazifasini bajarib, xonga yaqin kishilardan va xon urug‘iga mansub ayonlardan tayinlangan. 
Mehtarning ham o‘z devoni bo‘lib, yer solig‘i “solg‘ut” to‘plash ham uning xizmatiga kirgan. 
Beklarbegi – Qoraqalpoq va ko‘chmanchi xalqlarning oqsoqollariga beriladigan faxriy 
unvon. Beklarbegining vazifasi ularning o‘z urug‘laridan yig‘iladigan xarajatlarning to‘g‘riligini 
tekshirib turish va ularni to‘la ravishda xazinaga topshirish ustidan nazorat qilishdan iborat 
bo‘lgan. Bu lavozimga amaldorlar odatda xonning qarindosh-urug‘laridan tayinlangan.
Bek - XIX asrda Xiva xonligining ijtimoiy-siyosiy hayotida beklar ancha katta rol 
o‘ynaganlar. Bek – xon va davlat arboblarining qarindoshlariga, farzandlariga beriladigan faxriy 
unvondir.
Parvonachi – xon saroyidagi oliy vazirlardan biri. Parvonachi saroyning ichki va tashqi 
ishlarida ham faol qatnashishi mumkin bo‘lgan. U arzu-shikoyatlarni xonning huzuriga olib 
kirib, javobini qaytargan. Shuningdek, parvonachi xonning farmonlarini saroy ayonlariga 
yetkazib turgan. 
Eshikog‘asi – saroy darvozalarini qo‘riqlash ishlarini boshqargan. Oybolta uning mansab 
alomati bo‘lgan. Hukmdor saroyda bo‘lgan vaqtda eshikoqosi uni qo‘riqlash bilan 
shug‘ullangan. Eshikoqosi arzgo‘ylarning nima xususda kelganlarini surishtirib, ularni saroydagi 
tegishli amaldorlar tomoniga jo‘natar edi. Faqat juda muhim xabarlar bilan kelgan kishilargina 
xon huzuriga kiritilgan.
Saroyda darvoza ortida turadigan qorovullar va maxsus darvoza qo‘riqchilaridan tashqari 
xonni qo‘riqlaydigan tunqator yoki tunotarlar, ya’ni, kechasi bilan xonni qo‘riqlab chiqadigan 
xizmatchilar ham bo‘lgan.
Mahram – ishonchli xizmatkor, sidqidildan xizmat qiluvchi saroy ichkarisidagi xodim 
ma’nolarini anglatadi. Mahramlar xonga yaqin kishilar hisoblangan. Davlat boshqaruvida ular 
bevosita xonning maslahatchilari bo‘lishgan. Mahramlar xonning oromxonasiga kirish huquqiga 
ega bo‘lganlar.
Davlatdagi eng oliy harbiy amaldor xonning o‘zi edi. Ko‘p hollarda shaxsan xon 
boshchiligida, ayrim hollarda taniqli sarkardalar boshchiligida boshqa hududlarga yurishlar 
uyushtirilgan. Eng yuqori harbiy-ma’muriy lavozim amir ul-umaro edi. Undan keyingi rasmiy 
ravishda yuqori sarkarda yasovulboshilik mansabi edi. Xonlikda ular ikki kishi bo‘lib, biri 


yovmud turkmanlariga, ikkinchisi esa chovdirlarga qo‘mondonlik qilar edi. Xon huzuridagi 
rasmiy qabul marosimlarida yasovulboshilarning doimiy o‘rinlari bo‘lmas edi. Lekin ular xon 
huzurida bo‘ladigan tor kengashda mehtar, qo‘shbegi va devonbegi bilan bir qatorda qatnashar 
edilar. Yasovulboshiga yasovullar, mirshablar, shotirlar, eshikoqolari itoat etganlar. 
Yasovulboshidan keyingi harbiy unvon mingboshi edi. Harbiy yurishlar paytida 
mingboshilarga katta ma’suliyat yuklangan. YA’ni, ular qo‘shinni aytilgan yerga to‘plashi, 
ularning tayyorgarlik darajasini nazorat qilishi, jang paytida qo‘shinning ma’lum guruhiga 
yo‘lboshchilik qilishi lozim bo‘lgan. Shuning uchun ham arxiv hujjatlariga ko‘ra, mingboshilar 
yaxshi in’omlar olganlar.
Xiva xonligida harbiy istehkomlar-qal’alar alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ular 
ma’muriy-mudofaviy vazifani bajargan. Bunday qal’alar kutvol (qal’abon) qo‘lida edi. 
Xiva qo‘shinlarida sarkardalar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Sarkardalar bir necha 
yuzdan bir necha minggacha bo‘lgan navkarga boshchilik qilganlar. Yurishlar paytida sarkarda 
boshchiligida tug‘ (bayroq) qo‘tarib borilgan. Bayroq ko‘tarib boruvchilarga tug‘begi boshchilik 
qilgan. Qo‘shinda yuzboshi, panjshohboshi (ellikboshi), dahboshi (o‘nboshi), qorovul, mahram, 
navkar kabi vazifalar bo‘lgan.
Navkarlar soliqlar va turli majburiyatlardan ozod qilinganliklari bois katta yer egalarini 
qattiq himoya qilganlar. Xiva qo‘shinida dehqonlardan olinadigan navkarlardan tashqari, 
turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar va boshqa ko‘chmanchi xalqlar askarlari ham bo‘lib, ular 
xonga majburiy ravishda ma’lum miqdorda askarlar berganlar. 
Xivada davlatni boshqarish bo‘yicha islom dini mafkuraviy asosni tashkil etgan. 
Qonunlar shariat tartib va yo‘riqlari asosida amal qilgan. Shayx ul-islom – xonlikdagi eng yuqori 
martabali kishi edi. U diniy marosimlarning aniq bajarilishi ustidan nazorat qilgan. Marosimlar 
paytida shayx ul-islom xonning o‘ng tomonida o‘tirish huquqiga ega bo‘lgan. 
Qozi ul-quzot (qozi kalon) – musulmon huquqi va qonunlar bajarilishini shariat asosida 
nazorat qilgan. Qozi kalon poytaxtda o‘z devoni va mahkamasiga ega bo‘lgan. Viloyat 
markazlarida ham viloyat qozisi bo‘lgan. Ular mahkamalarining nomi Dor ul-qazo deb atalgan. 
Lashkarlardagi qonun-qoidalar ketidan qozii askar (askar qozisi) nazorat qilib, sha’riy 
masalalarni hal etib turgan.
Mufti – qozilarning huquqshunoslari hisoblangan. Ular biror ish ko‘rilayotgan paytda 
ishtirok etishlari, hukmona tuzishlari va hukmlarning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun hujjatlarga 
muhrlarini bosishlari lozim edi. Xivada bosh mufti yettita bo‘lib, barcha muftilarning xon yonida 
o‘rni bor edi. Lashkarda o‘zining mufti lashkari xizmat qilgan.
A’lam – muftilarning boshlig‘i hisoblangan. Uning vazifasi fatvolarda keltiriladigan 
shariat rivoyatlarini tekshirishdan iborat bo‘lib, ayrim rivoyatlarning asl nusxasiga mosligini 
aniqlagach, a’lam unga o‘z muhrini bosgan. 
Raislar – shariat tartib-qoidalari, diniy marosimlar – ro‘za, besh vaqt namoz, tahorat, 
xayri-ehson ishlarining aniq bajarilishi ustidan nazorat qilgan. Ota-onalar bolalarini o‘z vaqtida 
maktabga yuborishi, bozorlarda sotuvchilar xaridorlarni aldamasligi, tarozilarni tekshirib turish 
ham raisning vazifasi bo‘lgan. Har bir shahar va katta qishloqning o‘z raisi bo‘lib, qozi kalon 
taqdimiga muvofiq xon tomonidan tayinlangan.
Mutavalli – diniy muassasalarda xayr-ehson mablag‘lari va xo‘jalik ishlari bilan 
shug‘ullanuvchi xo‘jalik noziri.
Xiva xonligining davlat tuzilishi o‘zining mukammalligi jihatidan o‘z davrining ba’zi bir 
G‘arbiy Yevropa davlatlari tuzilishi darajasida bo‘lmasa-da, biroq ma’lum idora qilish tizimi 
mavjud bo‘lib, yetarli darajada tartibli edi. Shunga binoan, yuqorida eslatganimizdek, davlat 


mansablari saroy-ma’muriy, diniy va harbiy lavozimlarga bo‘linar edi. Bu vazifalarni 
bajaruvchilarga davlat xazinasidan tegishli maosh va mukofotlar berilgan. Sanab o‘tilgan turli-
tuman amaldorlar va xizmatkorlarning mavjudligi Xiva xonligida juda katta boshqaruv apparati 
bo‘lganligi, mukammal boshqaruv siyosati yuritilganligini tasdiqlaydi. 
Yer egaligi shakllari va xo‘jaligi. Butun O‘rta Osiyo hududida bo‘lgani kabi Xiva 
xonligida ham yer egaligining quyidagi shakllari hukmronlik qilgan: davlatga qarashli yerlar 
yoki podsholik yerlari; xususiy shaxslarga qarashli yerlar; diniy muassasalarga qarashli yerlar, 
yoki vaqf yerlari.
Podsholik yerlari bevosita davlatga, xonga tegishli bo‘lib, avloddan avlodga meros bo‘lib 
o‘tgan. Davlat yerlariga doimiy sug‘oriladigan ekinbop yerlardan tashqari tashlandiq yerlar
qumlik, adirlar va yaylovlar, ko‘l va to‘qayzorlar ham kirgan. Davlat yerlari bosib olingan 
hududlar, xonga qarshi mulkdorlarning musodara qilingan yerlari, yangi yerlarning 
o‘zlashtirilishi hisobiga ham kengayib borgan. Davlat yerlari xon tomonidan mulkdorlarga va 
ijarachi dehqonlarga, bevatan (yersizlar)larga foydalanish uchun bo‘lib berilgan.
Bunday yerlardan davlatga olingan hosilning 40-50 foizigacha mahsulot yoki pul 
ko‘rinishida soliq undirilgan. Davlat yerlari xonlik xazinasining asosiy manbai hisoblangan. Xon 
o‘ziga xolis xizmat qilgan amaldorlarga, yaqin qarindoshlariga, sodiq xizmat qilgan navkarlarga 
va dindorlarga davlat yerlaridan in’om qilib bergan. Bunday yerlar soliqlardan ozod etilgan.
Xususiy (mulk) yerlar xonning shaxsan o‘ziga, uning yaqin qarindoshlariga, yirik 
boylarga, saroy amaldorlariga, harbiylarga va boshqa zodagonlarga tegishli yerlar bo‘lgan. 
Xonlikning suvga yaqin bo‘lgan o‘troq markaziy tumanlaridagi unumdor va serhosil yerlarning 
asosiy qismi mulkdorlar qo‘lida edi. XIX asrning birinchi yarmiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, 
mulk egalariga tegishli yerlar xonlikdagi barcha sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘prog‘ini 
tashkil etgan. Manbalarning ma’lumot berishicha, ayrim mulkdorlar ixtiyorida ikki-uch ming 
tanobdan o‘nlab ming tanobgacha yer bo‘lgan. Misol uchun, Pitnak, Xazorasi va SHo‘roxon 
shaharlari hamda ularga tutash bo‘lgan qishloqlar amir ul-umaroga tegishli bo‘lgan. 
Muhammadaminxon o‘g‘li Abdulla to‘raga 20 ming tanobdan ortiq yerni in’om qilgan va 
hokazo. 
Vaqf yerlariga diniy muassasalarga, masjid, madrasa, qabriston, xonaqolarga qarashli 
yer-mulklar kirgan. Bu mulklar diniy muassasalarga xon, amaldorlar va ayrim shaxslar 
tomonidan vaqf qilib berilgan. Bunday yerlardan kelgan daromad diniy muassasalar ehtiyoji 
uchun sarf etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asr o‘rtalarida xonlikdagi vaqf mulkining umumiy 
hajmi 170-175 ming tanobni tashkil etgan.
Xiva xonligidagi kam yerli va umuman yersiz, ot-ulovsiz dehqonlar ko‘pchilikni tashkil 
etgan bo‘lib, ular davlat, mulk hamda vaqf yerlarida ijaraga ishlaganlar. Ijaradorlar ijaraga olgan 
yer miqdoriga qarab davlatga soliq to‘laganlar. Ular kimning yerida xizmat qilishlariga qarab 
bevatan, koranda va vaqfkor degan qatlamlarga bo‘lingan. Davlat yerlarini ijaraga olgan yersiz 
va kamquvvat dehqonlar bevatanlar, mulk yerlaridagi ijarakorlar koranda, vaqf yerlari 
ijarakorlari esa vaqfkor deb atalgan. 
Dehqonchilik va chorvachilik Xiva xonligi iqtisodiy hayotining asoslaridan hisoblangan. 
Dehqonchilikda Amudaryo quyi oqimidan olingan ko‘plab kanallar va ariqlar muhim o‘rin 
egallagan. Ta’kidlash lozimki, Xiva xonligida suv manbalarining yetarli bo‘lishiga qaramasdan, 
dehqonchilik taraqqiyoti qo‘shni Buxoro xonligidagidek yuksak darajada rivoj topmagan edi.
Xonlikda donli ekinlardan bug‘doy yetishtirish nisbatan keng rivojlangan bo‘lib, bug‘doy 
Pitnakdan Shohabbozgacha bo‘lgan hududlarda ayniqsa ko‘p eqilgan. Sug‘oriladigan yerlarga 


bug‘doyning saranchi navi ko‘p yetishtirilgan. Bug‘doy yig‘ib olingan dalalarga qovun, tarvuz, 
mosh, jo‘xori kabi ekinlar ekilgan. Xonlikda ko‘plab sholi ekinzorlari mavjud bo‘lgan. 
Paxta yetishtirish asosan Gurlan, Yangi Urganch, Xiva, Xonqa, Shohabbozda 
rivojlangan. Paxta chigitidan yog‘ olinib, tolasi mahalliy hunarmandlar ehtiyoji va tashqi 
bozorga chiqarilgan. Suv ko‘p talab qilmaydigan (Hazorasp, Qo‘ng‘irot, Toshhovuz, Ilonli, 
G‘azovat, Mang‘it va Gurlan) kunjut, no‘xat, mosh, arpa va boshqa ekinlar ekilgan. Sabzavot – 
poliz ekinlari ko‘plab yetishtirilgan. Xorazm qovunlari qo‘shni hududlarda ham mashhur 
bo‘lgan. Bog‘dorchilik ham ancha taraqqiy etgan. Ammo, ipakchilik kam miqdorda rivojlangan.
Xonlikning o‘troq dehqonchilik tumanlarida chorvachilik yaxshi rivoj topmagan. 
Vohalarida yirik hayvonlar dehqonchilikda (yer haydash, hosilni yanchish, suv chiqarish va 
boshq.) foydalanish, go‘sht va sut mahsuloti uchungina boqilgan. Xonlik aholisining go‘shtga 
bo‘lgan talabini ko‘chmanchi turkman va qozoq qabilalari qondirganlar. Ko‘chmanchilar qo‘y, 
yilqi, tuya yetishtirib aholining go‘sht, sut, teri, jun bilan to‘la ta’minlab turgan.
Xiva xonligida qo‘shni davlatlarda bo‘lgani kabi xiroj, zakot, boj, jiz’ya kabi soliqlar 
mavjud bo‘lgan. Muhammad Rahimxon I amalga oshirgan iqtisodiy islohot tufayli xonlikdagi 
soliq siyosatiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Xususan, ilgari mahsulot ko‘rinishida yig‘ib olinadigan 
xiroj o‘rniga pul solig‘i solg‘it (solg‘ut) joriy etildi. Bunga ko‘ra, 10 tanobdan ortiq yeri 
bo‘lganlar yiliga 3 tillo (54 tanga), 5-10 tanob yeri bo‘lganlar 2 tillo (36 tanga), 5 tanobgacha 
yeri bo‘lgan dehqonlar 1 tillo (18 tanga) miqdorda soliq to‘laganlar. 15 tanobgacha yerni ijaraga 
olgan ijarakorlar yiliga davlat xazinasiga 34 tanga, 10 tanobgacha yerni ijaraga olganlar 22.6 
tanga, 5 tanobgacha yerni ijaraga olganlar 11.3 tanga miqdorda soliq to‘laganlar. Ijarakor 
dehqonlar davlat xazinasiga soliq to‘lashdan tashqari, ijaraga yer bergan xo‘jayinga pul yoki 
mahsulot bilan haq to‘lashi yoxud ishlab berishi lozim bo‘lgan.
Xonlikdagi yarim o‘troq va chorvador aholi ham davlat xazinasiga belgilangan miqdorda 
xiroj va zakot to‘laganlar. XIX asr boshlaridan boshlab ulardagi xiroj solig‘i soliq kesma deb 
atala boshlagan. Bunga ko‘ra, qoraqalpoqlar va qo‘ng‘irotlar ekin maydoni va hosil miqdoridan 
qat’iy nazar davlat xazinasiga har yili 24.5 ming kichik tillo miqdorida soliq to‘lab turganlar. 
Qoraqalpoqlar va qozoqlardagi yersiz va ot-ulovsiz dehqonlar, xon, uning qarindoshlari va saroy 
amaldorlarining shaxsiy yerlarida ijarakor bo‘lsalar hosilning har 4 yoki 5 botmoni hisobidan 
ikki botmon miqdorida davlat xazinasiga soliq to‘laganlar. 
Chorvador aholi xon xazinasiga zakot solig‘i to‘lagan. XIX asr boshlariga qadar bu soliq 
natura ko‘rinishida, 40 bosh chorva hisobidan bir bosh undirilgan bo‘lsa, keyingi davrlarda 
zakotni undirishga o‘tilgan. Endilikda chorvadorlar yirik chorva uchun 40 bosh chorvadan 5 
tillo, mayda chorvaning har 40 boshiga 10 abbos (10 abbos – 25 kumush tanga) miqdorida soliq 
to‘laganlar. 
Yuqoridagilardan tashqari xonlikning barcha o‘troq, yarim o‘troq va ko‘chmanchi aholisi 
qazuv, begor, qochuv, otlanuv, boj puli, miltiq solig‘i, ulov tutuv, qo‘nalg‘a, chopar puli, tarozi 
haqi, mirobona, darvozabon, mir tuman haqi, afanak puli kabi qo‘shimcha to‘lov hamda 
majburiyatlarni ham bajarganlar. Ular orasida eng og‘iri qazuv, qochuv va begor bo‘lib, bu 
davlat qurilishi, ariqlarni va daryodagi dambalarni ta’mirlash, qal’a, saroy, shahar devorlari, yo‘l 
va ko‘priklar qurilishi hamda ta’mirlanishi uchun har yili 12 kun bepul ishlab berish majburiyati 
bo‘lgan. 
Xorazm hunarmandchiligi ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, yarim ko‘chmanchi 
xo‘jaliklarda uy hunarmandchiligi ustunlik qilgan. Hunarmandchilikning asosiy sohalaridan biri 
to‘qimachilik edi. Ko‘chmanchi aholining turli matolarga bo‘lgan talabi va qisman tashqi bozor 


uchun mahsulot yetkazib beruvchi to‘qimachilik sanoati rivojini taqozo etgan. Xonlikda ipak, 
yarim ipak va paxta matolar ishlab chiqarilgan. Matolar asosan qo‘lda tayyorlangan.
Xiva xonligi savdogarlari qo‘shni Buxoro va Qo‘qon xonliklari bilan, shuningdek, Xitoy, 
Eron, Afg‘oniston, Hindiston bilan ham savdo aloqalari olib borganlar. Bu davlatlarga 
Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar bilan birga mahalliy mahsulotlar (zargarlik buyumlari, 
gilamlar, otlar) ham olib borilgan. Chet davlatlardan asosan turli matolar, metall, ziravorlar, 
bo‘yoqlar, fil suyagi, shakar (qand) kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligining Yangi Urganch, Kichik Vazir, Qiyot, Xonqa, Tirsak, Gurlan, Xazorasp, 
Qo‘ng‘irot, Shohabboz kabi shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari edi. 
Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning birinchi yarmida Yangi Urganch himoya 
devorlari bilan o‘rab olingan savdo markazi bo‘lib, unda bir yarim mingta xonadon bo‘lgan. 
Urganchilik savdogarlarni nafaqat Buxoro, Qo‘qon va Turkiston bozorlarida, balki Astraxan, 
Orenburg, Nijniy Novgorod, Moskva, Qashg‘ar, Mashhad, Qobul bozorlarida ham ko‘plab 
uchratish mumkin bo‘lgan. Urganch bozorlari asosan ichki savdo mahsulotlariga mo‘ljallangan 
bo‘lsa-da, tashqi savdo uchun mahsulotlar yirik savdogarlarning uylaridagi ustaxonalarda 
tayyorlangan. Shaharda 300 ga yaqin savdo do‘konlari bo‘lgan. 
Xonlikdagi yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan biri Gurlan edi. Manbalarga 
ko‘ra, XIX asrning o‘rtalarida shaharda, atrof hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda uch 
mingtagacha xonadon istiqomat qilgan. Shaharda ko‘plab machit va madrasalar, bog‘lar tutzorlar 
bo‘lib, dalalardagi sholi, paxta va bug‘doydan yaxshi hosil olingan. 
Ma’lumki, XVII asrning boshlariga kelib Xiva butun xonlikning poytaxtiga aylangan edi. 
Arabmuhammadxon davrida Xivada yirik madrasa bunyod etilgan bo‘lsa, Abulg‘ozixon 
davridan boshlab shaharning siyosiy – ma’muriy va iqtisodiy mavqei yanada ko‘tarildi. Poytaxt 
shahar sifatida shaharning mavqeini mustahkamlash maqsadida XIX asrning oxirlariga qadar 
Xivada ko‘plab machit va madrasalar, bozorlar va karvonsaroylar, saroy va minoralar, 
hammomlar bunyod etildi. Manbalarga ko‘ra, Xiva bozorlari haftaning deyarli barcha kunlari 
ishlab, raislar tomonidan boshqarilgan. Rus sayyohlari Xiva bozorlarini gavjumligi va 
mahsulotlarga boyligi, ajnabiy savdogarlarning ko‘pligi bilan Buxoro va Qo‘qon bozorlaridan 
qolishmasligi haqida ma’lumotlar qoldirganlar. 
 

Yüklə 349,54 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə