3.3.5-§. Yig‘uv texnologik jarayonlarini ishlab chiqish ketma-ketligi
Donali va mayda seriyali ishlab-chiqarish sharoitida detallarini bir-biriga alohida
moslab birikma hosil qilinadi. Bu holda talab etilgan birikmani hosil qiluvchi ikkita
detalning biri ikkinchisiga qo‘lda ishlov berish usullari yordamida (egovlash,
shaberlash, pritirlash, jilvirlash, razvertkalash va h.k.) moslanadi. Chizmalarda bunday
birikmalar uchun «o‘rni bo‘yicha moslansin» degan yozuv ko‘rsatiladi.
Ko‘p seriyali va yalpi ishlab chiqarish sharoitida ham standart birikmalarni
(podshipniklarni) hosil qilish to‘la o‘rin almashish tamoyili asosida olib boriladi. Bu
holda mexanik ishlov berish sexlarida detallar qo‘yim maydoni chegarasida
tayyorlanadi va o‘z navbatida birikma juftligini tashkil etuvchi ixtiyoriy detalning
ikkinchisiga moslash yoki tanlab olishsiz, biriktirish imkoniyatini beradi, ya‘ni to‘la
o‘rin almashtirish imkoniyatini beradi. To‘la o‘rin almashtirish tamoyili qulay
bo‘lishiga qaramay, detallarni qo‘yim maydonida tayyorlanish borasidagi talab
qo‘shimcha sarf-xarajatlarni yuzaga keltiradi.
To‘la bo‘lmagan o‘rin almashtirish tamoyilini qo‘llagan holda detallarni
mexanik ishlov berish natijasida hosil bo‘lgan dopusklar maydoni bir oz kattalashadi.
Bu o‘z navbatida mexanik ishlov berish uchun sarf-xarajatlarni kamaytirishga olib
keladi. Ma‘lumki, detallarni tayyorlashdagi ishlab chiqarish xatoliklari normal
tarqalish qonuniga bo‘ysunadi. Shunga ko‘ra, detallarni qo‘yim maydoni chegarasini
orttirish, chegaraviy o‘lchamlarni mos kelmasligi natijasida bir-biri bilan
yig‘ilmaydigan detallar soniga proporsional bo‘lmaydi. Aksincha bir-biri bilan
yig‘ilmaydigan detallar soni ko‘p bo‘ladi. Ishlab chiqarishda yig‘ma birikma hosil
qilmagan detallar yashiklarga solib qo‘yiladi va bir-biriga alohida moslash yo‘li bilan
yig‘iladi. To‘la bo‘lmagan o‘rin almashtirish usuli seriyali ishlab chiqarish sharoitida
qo‘llaniladi.
To‘la bo‘lmagan o‘rin almashtirish tamoyili asosida yig‘ish jarayonini amalga
oshirishda moslagichlar (kompensatorlar) keng qo‘llaniladi. Ular qo‘zg‘almas va
qo‘zg‘aluvchan bo‘lishi mumkin. Bu holda yig‘ma birikmaning biror bir chetida oraliq
qoldiriladi. Oraliqning (zazor) kattaligi yig‘ish jarayonida hosil bo‘lgan xatoliklarning
qiymatidan katta bo‘ladi. Yig‘ish jarayonining nihoyasida hosil bo‘lgan oraliqning
kattaligi aniqlanib, bu oraliq xalqa – moslagichlar yoki qo‘zg‘aluvchan qopqoq
yordamida to‘ldiriladi. Guruhlarga ajratish tamoyili ko‘p miqdorda birikmalar hosil
qilishda dopusklar chegarasiga juda aniq talablar qo‘yilgan holda qo‘llaniladi.
Masalan, dizelli dvigatellarning yonilg‘i nasosining plunjer juftligida oraliq
(zazor) 1, 5-2 mkm chegarasida bo‘lishi kerak. To‘la o‘rin almashtirish tamoyilini
qo‘llash uchun detallarni mexanik ishlov berishda bunday yuqori aniqlikka erishishi
murakkab. Shuning uchun detallarni mexanik ishlov berishdagi dopusklar
maydonining chegarasi bir muncha kattalashtiriladi. Ishlov berilgan detallarning
o‘lchamlari nazorat qilinib guruhlarga ajratiladi va guruhlardan mos o‘lchamlar tanlab
olinib birikma juftliklari hosil qilinadi. Natijada, birikmaning talab etilgan dopusklar
chegarasi ta‘minlanadi. Bu tartibda yig‘ish selektiv yig‘ish deb ham yuritiladi.
Yig‘ish ishlarini tashkil qilish shakllari asosan ikki ko‘rinishda bo‘ladi:
statsionar (qo‘zg‘almas) va qo‘zg‘aluvchan yig‘ish. Statsionar yig‘ishda mahsulot bir
ish o‘rniga bir yoki bir necha ishchi tomonidan amalga oshiriladi. Mahsulot tarkibiga
kiruvchi barcha detallar shu ish o‘rniga keltiriladi. Qo‘zg‘aluvchan yig‘ishda mahsulot
bir ish o‘rnidan ikkinchi va keyingilariga harakatlantirilgan holda yig‘iladi. Har bir ish
o‘rnidagi jarayon bir yoki bir necha ishchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Har
bir ish o‘rniga biriktirilgan operatsiyani bajarish uchun kerakli bo‘lgan komplektlar
(birikmalar, detallar) doimiy ravishda keltiriladi. Statsionar yig‘ish donali va mayda
seriyali ishlab chiqarish sharoitida keng qo‘llaniladi. Yalpi ishlab chiqarish sharoitida
ayrim yig‘ma birikmalarni tayyorlashda ham statsionar usul qo‘llaniladi.
Qo‘zg‘aluvchan yig‘ish seriyali va yalpi ishlab chiqarish sharoitida qo‘llaniladi.
Mahsulotni qo‘zg‘almas umumiy yig‘ishni uch usul yordamida amalga oshirish
mumkin: operatsiyalarni konsentratsiyalash, operatsiyalarni qisman va to‘la
differensiallash.
Operatsiyalarni konsentratsiyalash usuli bu yig‘ish jarayonida ishtirok etayotgan
bir guruh ishchilarni yoki alohida bir ishchini ixtisoslashtirmagan holda mahsulotni
yig‘ishdan iborat. Bu usul donali ishlab chiqarishda qo‘llaniladi, chunki ishlab
chiqarish ishchilarning malakasini yuqoriligi, moslash-sozlash ishlarining ko‘pligi,
yig‘ish jarayonining uzoq davom etishi va past mehnat unumdorligi va yuqori tannarxi
bilan ajralib turadi. Operatsiyalarni qisman differensiatsiya qilishda guruh ishchilari
o‘z ixtisosliklariga ega bo‘ladi (chilangarlar, elektriklar, sozlovchilar).
Bundan tashqari, mahsulotning ayrim birikmalari umumiy yig‘ish joyidan
tashqarida boshqa ishchilar tomonidan yig‘iladi va keyinchalik umumiy yig‘ish
jarayoniga uzatiladi. Bu yig‘ish uchun sarflangan vaqtni kamaytiradi. Bu usul seriyalab
ishlab chiqarish sharoitida keng qo‘llaniladi. Operatsiyalarni to‘la differensiatsiya
qilish usuli bu yig‘ish jarayoni ayrim operatsiyalarga bo‘linishi, har bir operatsiyani bir
yoki bir necha ishchi tomonidan bajarilishi va ularni bir yig‘ish stendlaridan
ikkinchisiga ketma-ket o‘tishi bilan xarakterlanadi. Agarda operatsiyalar uchun
sarflangan vaqtni moslashtirilsa va ishlab chiqarish taktiga muvofiqlantirmasa u holda
oqimli yig‘ish jarayonini tashkil etish mumkin. Masalan, samolyotlarni yig‘ishda.
Mahsulotlarni qo‘zg‘almas yig‘ish jarayonini ularning o‘lchamlari tuzilishiga
qarab quyidagi tartiblarda amalga oshiriladi:
a) bevosita sex yoki bo‘linma maydoninng bir qismida (maydonchada yig‘ish);
b) maxsus yig‘ish stendlarida;
v) fundamentda;
g) yig‘ish dastgohlarida;
d) chilangarlik stollarida. Ishchilarning ish o‘rni tevaragida shtiftlarni qoqish
uchun, teshiklar ochish, rezba qirqish kabi ishlarni bajarish maqsadida vertikal radial
parmalash dastgohlari va qo‘zg‘almas birikmalar hosil qilish uchun presslar bo‘lishi
kerak.
Qo‘zg‘aluvchan yig‘ish shaklida transport vositalarining harakatlanishi ikki xil
bo‘ladi: uzluksiz va davriy; konveyer uzluksiz holda harakatlanganda ishchi tomonidan
bajariladigan operatsiya mahsulot ish o‘rnining maydoniga kelganda boshlanadi.
Bunday hollarda transport vositasining to‘xtash vaqti operatsiya uchun sarflangan
vaqtga teng bo‘ladi.
Konveyerni uzluksiz yoki davriy ravishda harakatlantirishni aniqlashda ishlab
chiqarish dasturi, takti, yig‘ilayotgan mahsulot turi, yig‘ish ishlarining murakkabligi,
ular uchun sarflanadigan vaqt va shu kabi texnologik omillar hisobga olinadi.
Qo‘zg‘aluvchan yig‘ish to‘g‘ri oqimli va oqimli bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri
oqimli yig‘ishda mahsulotni u operatsiyadan bu operatsiyaga uzatish transport
vositalari yordamida olib boriladi va har bir operatsiyada alohida ish bajarilib ular
uchun sarflangan vaqt ishlab chiqarish vaqtiga moslashtirilmagan bo‘ladi. Texnologik
jarayonning eng katta vaqt sarflanadigan operatsiyasini vaqtidan kam bo‘lgan
operatsiyalar, boshqa birikmalarni hosil qilish, yig‘ish komplektlarini shakllantirish
kabi ishlar bilan qo‘shimcha ravishda yuklanadi.
Ushbu ko‘rinishda yig‘ish ishlarini tashkil qilish seriyalab ishlab chiqarish
sharoitida qo‘llaniladi. Oqimli yig‘ish jarayonida har bir operatsiyani bajarish uchun
sarflangan vaqt ishlab chiqarish taktiga moslashtirilgan bo‘lib unga teng bo‘lishi yoki
qoldiqsiz bo‘linishi mumkin bo‘ladi.
Davriy ravishda harakatlanuvchi konveyerda yig‘ish uchun sarflangan vaqt
operatsiyalar uchun sarflangan vaqt bilan mahsulotni konveyerda harakatlanishi uchun
sarflangan vaqtlar yig‘indisiga teng bo‘ladi:
Dostları ilə paylaş: |