Mavzu: Bolalar ovozi va uning rivojlantirish bosqichlari haqida ma’lumot bering



Yüklə 46,4 Kb.
səhifə4/7
tarix11.10.2023
ölçüsü46,4 Kb.
#127074
1   2   3   4   5   6   7
Bolalar ovozini va uning rivojlantirish bosqichlari

Qo‘shiq aytishdagi holat. Darsda qo‘shiq kuylashda tik turib yoki o‘tirib kuylash holati qo‘llaniladi. Qo‘shiqni tikka turgan holda ijro etish eng qulay, ma’qul usul hisoblanadi. Bunda gavdani erkin, yelkani kerib, uni biroz orqaga tashlab ko‘krak qafasini to‘g‘ri tutib turish lozim. Boshni biroz o‘ziga qulay bo‘lgan tabiiy holatda, bolalar tik turib qo‘shiq kuylayotganlarida gavdani bukmasdan, qo‘llarini erkin holda tushirgan holda, oyoqlarini yelka kengligida kichikroq holatda tutib turishlariga e’tibor berish kerak. O‘qituvchi bu holatlarni kuzatishi, o‘quvchilarga eslatib turishi zarur, ya’ni bu bilan qo‘shiq kuylashdagi holat ko‘nikmaga aylanishiga erishiladi. Musiqa darslarida o‘tirib kuylash holati ko‘p qo‘llaniladi. Bunda ham gavda va boshningholati tik turib kuylash holatiga o‘xshaydi. Stulning chekkarog‘iga o‘tirish, qo‘llari esa tizzaga erkin qo‘yishiga e’tibor qaratiladi. O‘rganish davrida qo‘shiqni o‘tirib kuylash holati, o‘rganib bo‘lingan qo‘shiq ijrosida tik turib kuylash qo‘llaniladi.
Qo‘shiqchilik nafasi. Qo‘shiq aytishda nafasni to‘g‘ri olish asosiy malakadir. «Qo‘shiqchilik san’ati – nafas olish san’ati», deb aytishgan allomalar. Kuylash nafasini rivojlantirishning ahamiyati katta. Bolalarda nafas malakalarini rivojlantirishda fiziologik taraflariga urg‘u berish shart emas. Nafas qo‘shiqlar, mashqlarni o‘rgatish sharoitida rivojlantirib boriladi. O‘pkaga me’yorida havo olib, so‘ng bir zum to‘xtatib, keyin uni musi-qaviy jumlaning oxirigacha ravon va osoyishta sarflash – chiroyli tovushda kuylashga olib kelishini o‘qituvchining o‘zi ko‘rsatib beradi. Dirijyorlik ishorasida ham bu o‘z ifodasini topadi. Qo‘shiqlarni kuylash jarayonida o‘quvchilar to‘g‘ri nafasning chiroyli tovush shakllanishida va ifodali kuylashdagi ahamiyatini tushunib yetadilar. To‘g‘ri nafas olganda bolalar bel kenglayotganligini sezishlari kerak. Keyinchalik o‘quvchilar havo o‘pkadan ketmasdan «turib» qolayotganidek bo‘layotganligini his etadilar. Bu tovush tayanchi hosil bo‘lishiga asos bo‘ladi. Tovush tayanchi – nafas va hiqildoqning o‘zaro harakati, to‘la erkinligi. Asar qanday sur’atda ijro etilishidan qat’iy nazar, nafasni har vaqt shovqinsiz, osoyishta, yelkalarni ko‘tarmagan holda olish kerak.
Tovush hosil qilish – ovoz pardalarining birikishi va ochilishi tufayli hosil bo‘luvchi qo‘shiqchilik tovushi qo‘shiqchilik nafasi bilan uzviy bog‘liq. Badiiy vokal ijroning asosiy talabi – to‘g‘ri va chiroyli kuylash ovozidir. Bunday tovush yumshoq tanglayning yetarli harakatchanligi, ovoz pardalarining bir tekis tebranishi, sokin va ravon nafas natijasida hosil bo‘ladi. Qo‘shiqchilik ovozi diapazonning hamma qismlarida bir tekis jaranglashi lozim. Pastki tovushlarni aytganda ovoz pardalarining tarangligi kamroq bo‘ladi. Bu tovushlar ko‘krak qafasi sohasidagi rezonatorlar yordamida jaranglaydi. Yuqori tovushlarda ovoz pardalari tarangligi oshadi. Ovoz bosh rezonatorlar sohasida hosil bo‘ladi. Ovoz tarbiyasini primar tovushlardan, ya’ni diapazonning eng tabiiy, erkin va qulay bo‘lgan tovushlar boshlash lozim fa1 - lya 2.
Bolalar tembrining rivojlanishi jarayonida tovush «hujumi» – atakasi katta ahamiyatga ega. Tovush atakasi – tovushning eng birinchi paydo bo‘lish payti. Amaliyotda uch turi – qattiq, yumshoq, nafasdan oldingi uchraydi. Qattiq ataka – olingan nafas bir oz ushlanib turiladi, ovoz pardalari tovushdan oldin tez va zich birlashadi. Yumshoq ataka – ovoz pardalari tovush hosil bo‘lishi bilan bir paytida birlashadi. Bu ataka mayin, tinch, tekis tovush boshlanishini hosil qiladi. Qo‘shiqchilik tovushi hosil qilishda asosan yumshoq ataka qo‘llaniladi. Ammo, bolalarda ovoz apparatining sustligini nazarda tutgan ba’zi hollar faol tovushni hosil qilish uchun qattiq atakani qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Talaffuz. Diksiyani, ya’ni to‘g‘ri aniq talaffuzni rivojlantirish usullari adabiy matn va qo‘shiqning badiiy mazmun xususiyatlari bilan aniqlananadi va so‘zlarni ma’noviy ahamiyatini tushuntirishni talab etadi. Bunda matnni qo‘shiq ritmida aytish hamda ifodali o‘qish metodlaridan foydalanish mumkin. Ma’lum bir jumlalarni alohida ta’kidlash yoki qiyofaning mazmuni xususiyatlarini ifodalashdan ham foydalanish mumkin. Qo‘shiq kuylash jarayonida artikulyatsion apparat – pastki jag‘, lablar, tishlar, til maksimal darajada faol ishlashi kerak. Yosh ijrochilarda ko‘pincha artikulyatsiya bo‘sh yoki siqilgan bo‘ladi. Bunday nuqsonlarni yuz muskullarining osoyishtaligini saqlagan holda pastki jag‘ni erkin holda pastga tushirish orqali bartaraf etiladi. Bunga bir tovushda kuylanuvchi «da-de-di-do-du» mashqi yaxshi yordam beradi. Matnni shivirlab aytish metodidan ham foydalanish mumkin. Bunday metod artikulyatsion apparatining harakati aktivligini hosil qiladi va shu holati kuylashga ko‘chirish mumkin. Kuylashning asosi – unlilar talaffuzidir. Ularda tovushning vokal sifatlari tarbiyalanadi. Unlilarni to‘g‘ri talaffuz etish bir tomondan, kuylayotganda tovushning chiroyli chiqishini ta’minlasa, ikkinchi tomondan, qo‘shiqdagi so‘zlarning ohangdor bo‘lishiga yordam beradi. A, O, U, E, I unlilarini to‘g‘ri yoki cho‘ziq shakllantirish mayin, kuychan tovushga yordam beradi. Unlilarning bir tekisda jaranglashi uchun bolalar kuylash diapazonining hamma tovushlarida yuqori pozitsiyani saqlab turishlari lozim. Buning uchun «u, yu, a» unlilariga turli mashqlar hamda kuyi pastga qarab harakat qiladigan qo‘shiqlar qo‘llaniladi. Unli tovush qo‘shiqning asosi bo‘lib, cho‘zib kuylansa, undoshlarning qisqa, tez, aniq, harakatchan talaffuzi qo‘shiq matnini tinglovchiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. So‘z talaffuzi quvnoq, chaqqon, marshona hamda raqsona qo‘shiqlarni kuylash jarayonida shakllanadi. Masalan D.Omonullaevaning «Buvijonim», «Nisholda», A.Berlinning «Yomg‘ir yog‘aqol» kabilar. Vokal talaffuz nutq talaffuzidan farq qilishiga e’tibor berish lozim. Masalan, nutqda «os-mon-ning yul-du-zi-miz» jumlasi kuylashda «osmo-nning yu-ldu-zi-miz» deb talaffuz qilinadi. Ya’ni, yopiq bo‘g‘inlardagi oxirgi undosh tovush keyingi bo‘g‘inga o‘tkazib kuylanadi: «mak-tab» emas «ma-ktab»; «lay-lak qor» esa «la-yla-k qor» shaklida aytiladi. Unga o‘qituvchi doimo e’tibor berib borishi zarur.

Yüklə 46,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə