Mavzu: Byudjet-soliq siyosati



Yüklə 96,8 Kb.
səhifə2/20
tarix21.10.2023
ölçüsü96,8 Kb.
#129480
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
byudjet soliq siyosati

KIRISH


Siyosat – juda nozik va murakkab masala. Uning oddiy ko‘z ilg‘amaydigan yoki aql bovar qilmaydigan tomonlari juda ko‘p. Siyosatda “kosa tagida – nimkosa”, “qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” kabi holatlar ko‘plab uchraydi. Shuning uchun uni to‘g‘ri tushunishga hamma ham har doim yetarli darajada tayyor bo‘lavermaydi. Buning aynan shunday ekanligi ham tabiiy. Shunday ekan, unga nisbatan munosabat bildirayotganda juda ehtiyot bo‘lmoq lozim. Aslida, siyosatni tushunishga tayyor bo‘lmagan (tushunmagan)lar unga nisbatan munosabat bildirmaganlari ma’qul. Chunki bu jarayonda “qosh qo‘yaman” deb, “ko‘z chiqarish” hech gap emas. Hatto siyosatga nisbatan fikr bildirishim kerak, degan qaror qabul qilinganda ham yetti o‘lchab, ayrim joylarda esa, yetmish o‘lchab, bir kesish lozim. Aksincha, tarzda ish tutganlar hayotning achchiq tajribasi va haqiqatining ko‘rsatishicha, qolgan umrlarining oxirigacha muzdek qatiqni ham puflab ichishni xush ko‘radilar yoki afzal biladilar. Siyosatning juda ko‘p yoki xilma-xil tur (ko‘rinish)lari mavjud. Ulardan biri byudjet-soliq siyosatidir. Bu siyosat ayrim hollardagidek, quruq gap bilan emas, balki pul mablag‘larining harakati bilan bevosita bog‘liq. Undan doimo pul mablag‘larining o‘ziga xos bo‘lgan o‘tkir “hid”i ufurib turadi. “Pul bo‘lsa, changalzorda – sho‘rva”, “Vaqt – bu pul” degan maqollar bekordan-bekorga kundalik hayotimizga shiddat bilan kirib borib, tobora dolzarbroq ahamiyat kasb etayotgani yo‘q. Ijobiy ma’noda “Hammasini pul hal qiladi”, deb ham bejizga aytilmayapti. Byudjet-soliq siyosatini pul mablag‘larining harakatidan ajralgan holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bordi-yu, shunday qilinsa, u o‘z kuchini va ta’sirchanligini yo‘qotib, siyosatga emas, balki oddiy safsataga aylanadi-qoladi. Shuning uchun ham u nihoyatda murakkab, nozik, mas’uliyatli va qaltis siyosat hisoblanadi. Shu bois bu siyosat bilan ham odatda, “o‘ynashib” bo‘lmaydi. Aks holda, u haqiqatdan ham “kuydirish”i va “qimmat”ga tushishi mumkin. Eng umumiy va sodda tarzda byudjet-soliq siyosati bir tomondan, byudjet daromadlarini (oqilona) shakllantirish va ikkinchi tomondan, byudjet xarajatlarini (samarali) sarflash bilan bog‘liq. Aslida byudjet siyosati tom ma’noda o‘z ichiga soliq siyosatini ham qamrab oladi. Biroq amaliyotda ko‘pchilik hollarda, byudjet daromadlarini shakllantirishga qaratilgan siyosatni, odatda, soliq siyosati2 va byudjet xarajatlarini sarflashga qaratilgan siyosatni esa byudjet siyosati3, deb yuritiladi. Shu ma’noda byudjet-soliq siyosatini shartli ravishda bir-biridan va nisbiy jihatdan mustaqil bo‘lgan byudjet va soliq siyosatlarining majmuyi sifatida ham e’tirof etish mumkin4. Biroq bu siyosat bekordan-bekorga yagona nom bilan atalib, byudjet-soliq siyosati, deb yuritilmaydi. Buning o‘ziga xos sababi bor. Bu sababning negizida ularni bir-biridan mutlaqo ajratib bo‘lmasligi yotadi. Byudjet siyosatidan absolyut mustaqil bo‘lgan hamda unga bevosita bog‘liq bo‘lmagan holda ishlab chiqilgan soliq siyosati mavjud emas va aksincha. Navbatdagi moliya yilida soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari va unda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ba’zi bir o‘zgarishlar, boshqa ba’zi bir sabablar bilan bir qatorda, oxir oqibatda, o‘sha yilga daxldor bo‘lgan byudjet xarajatlari ko‘lamining qanday ekanligiga borib taqaladi. O‘z navbatida, shu yildagi byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini va unda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim o‘zgarishlarni asosan, shak-shubhasiz, byudjet daromadlari hajmi (miqdori) ning qanday ekanligi belgilab beradi. Shu ma’noda byudjet siyosatisiz soliq siyosatini va aksincha, soliq siyosatisiz byudjet siyosatini to‘g‘ri tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular ikkalasining o‘zaro mushtarakligi, bir-birini taqozo etishi va vobastaligi byudjet-soliq siyosatining yagonaligidan dalolatdir. Ifodali qilib aytilganda, byudjet siyosati oqqush singari ko‘kka tomon parvoz qilayotganda, soliq siyosati cho‘rtanbaliq kabi dengiz tomon yoki qisqichbaqaga o‘xshab quruqlik sari yo‘l olmog‘i kerak emas. Aks holda, arava o‘rnidan qo‘zg‘almaganidek, byudjet-soliq siyosatining samarador (natijali)ligi ham pastligicha yoki “0”ga tengligicha qolaveradi. Byudjet-soliq siyosati to‘g‘ri va oqilona yurgizilsa, bir so‘mlik mablag‘ni sarflab, ba’zi hollarda o‘n so‘mlik samarani kutsa bo‘ladi. Aksincha bo‘lganda esa, milliard-milliard so‘mlik mablag‘lar samarasiz, “qumga suv singib ketgandek” g‘oyib bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri va oqilona yurgizilayotgan byudjet-soliq siyosati (albatta, boshqa sharoitlar teng bo‘lgan taqdirda) ishlab chiqarishning rivojlanishiga, aholi turmush darajasining yaxshilanishiga, soliqqa tortish bazasining kengayishiga, mablag‘larning samarali sarflanishiga va h.k.larga olib kelsa, aksincha bo‘lganda esa, bu siyosat iqtisodiy taraqqiyotga to‘siq, xufyona iqtisodiyot ko‘lamini kengaytirish, mablag‘larni talon-taroj qilish va shu kabi salbiy holatlar vujudga kelishining omiliga aylanishi turgan gap. Bunday vaziyatda “Byudjet-soliq siyosatining o‘zi nima, uning asosini nima tashkil etadi, tarkibiy qismlari nimalardan iborat, bu siyosat ishlab chiqilayotgan paytda nimalarga e’tibor berish kerak, uning zamonaviy dolzarb muammolari nimalar va ularni qanday qilib hal qilish maqsadga muvofiq?” kabi ko‘plab savollarga aniqlik kiritib olish alohida ahamiyat kasb etadi.

Yüklə 96,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə