Mavzu: Muhammad Rahimxon va Ollohqulixonlar davrida mamlakatni markazlashtirish uchun kurash



Yüklə 105 Kb.
tarix19.01.2023
ölçüsü105 Kb.
#98785
ful


Mavzu: Muhammad Rahimxon va Ollohqulixonlar davrida mamlakatni markazlashtirish uchun kurash
Reja :
I Kirish. Mavzuning davriy chegarasi, o’rganilish darajasi, maqsadi va vazifalari.
II Asosiy qism:
Xiva xonligida qo’ng’irotlar sulolasining hokimiyat tepasiga kelishi va buning natijalari.
Muhammad Rahimxon islohotlari, Xivadagi madaniy hayot rivoji.
Ollohqulixon davrida Xivadagi ijtimoiy-siyosiy hayot.
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.

KIRISH
Muhammad Rahimxon va Ollohqulixonlar davrida mamlakatni markazlashtirish uchun kurash mavzusini yoritar ekanman, avvalo, ushbu mavzuning davriy chegarasi, o’rganilish darajasi, maqsadi va vazifalari xususida so’z yuritishni joiz deb bildim.


Ushbu o’rganilayotgan mavzuning davriy chegarasi XIXasrni o’z ichiga oladi. Mavzuyim Xiva xonligining bu asrda mavjud bo’lgan tartiblari, siyosati bilan batafsil tanishib chiqish imkonini beradi. Mazkur mavzu juda ko’plab olimlar tomonidan tadqiq etilgan. O’tmishda O’rta Osiyoga kelgan sayyohlarning va boshqa davlatlar vakillarining o’z taassurotlari asosida yozgan asarlari, mamlakatning o’sha davr tarixini o’rganishda asosiy manba bo’lib xizmat qilgan. Jumladan, N.Muravyov, M.Ivanin, L.Sobolev, L.Kostenko, A.Kun, N. Veselovskiy, G. Daniyelskiy, T.Baziner, X.Vamberi, J.Abbot va boshqa olim va sayyohlarning estalik va asarlarini tilga olish mumkin. XIXasr Xiva xonligi tarixini, ayniqsa, ma’muriy va harbiy tuzilishi va mamlakat idorasidagi eng obro’li shaxslar to’g’risisda ma’lumot beruvchi L.Sobolevning “Обзор доступов к Хивинскому ханству и краткие сведение о нём ” ocherki, rus armiya generali M.Ivanin “Xiva xonligi to’g’risidagi ma’lumotlar”dan ba’zilarini razvedka asosida bayon qiladi. Garchi Ivanin Xiva xonligida ma’muriy tuzilish borligini inkor etmasa-da, lekin uning keltirilgan ma’lumotlari tartibga tushirilmagan. O’zbek olimlaridan Y.G’ulomov, Q.Munirov, A.Boltayev asarlari ham Xiva xonligi tarixini o’rganishda katta ahamiyat kasb etadi.
Mavzuni yoritishda tarixiylik, tarixiy-qiyosiy tahlil, umuminsoniy va milliy manfaatlar, qadriyatlar uyg’unligi kabi tamoyillarga amal qilindi. Insoniyat tarixini o’rganish va tatqiq qilishda muhim sanalgan tarixiy-falsafiy qarashlar va uslublarga ham jiddiy e’tibor berildi.
Mavzuning maqsadi shundan iboratki, mavzuni o’rganish orqali e’tibordan chetda qolgan masalalar yuzasidan tadqiqotlar olib borish, izlanishlar qilish, mavzu bo’yicha kerakli bilim, malaka va ko’nikmaga ega bo’lish, manbalarni o’qib o’rganish orqali muhim ilmiy xulosalarga ega bo’lish va ushbu xulosalarni dalillay olish, Muhammad Rahimxon va Ollohqulixon davrlarining o’ziga xoslikjihatlarini o’rganish, bu ikki hukmdor islohotlari va siyosatini taqqoslash, yutuq va kamchiliklarini o’rganish hamda bugungi kunda muhim bo’lgan tomonlarni ochib berish.
Mavzuning vazifasi o’rganilish jarayonida ilmiy tadqiqotlar bilan tanishish, davrga xos tarixiy manbalarni ko’rib chiqish, mutolaa etish orqali mavzuni to’liq o’zlashtirilishiga erishish, mustaqil tadqiqot olib borishni yo’lga qo’yish, maqola, qo’lyozma, dessertatsiya, bitiruv malakaviy ishlarini yozishga tayyorgarlikni yo’lga qo’yishni nazarda tutadi.
1. Xiva xonligida qo’ng’irotlar sulolasining hokimiyat tepasiga kelishi va buning natijalari. Xiva xonligida shakllangan obyektiv shart-sharoitlar siyosiy-ma’muriy boshqaruvda o’zbeklarning qo’ng’irot sulolasi arboblarining mustahkam o’rin egallashlari uchun real imkoniyatlarni yaratdi. 1763-yilda siyosiy minbarga o’zbeklarning qo’ng’irot urug’i inoqi Muhammad Amin (1729 – 1790) ko’tarildi va keying 150 yil davomida uning uning avlodlari Xiva xonligida hukmronlik qildilar. 1770-yilda o’zbeklarning qo’ng’irot urug’i inoqi Muhammad Amin Buxoro xoni Doniyolbiy oldiga yordam so’rab bordi.
Buxorodan madad kuchlari bilan qaytgan Muhammad Amin inoq Jahongirxonni taxtdan tushirdi va uning o’rniga Bulakayni o’tqazdi. Qisqa muddatda yovmutlar zo’ravonligi cheklandi, ocharchilik asoratlari tugatildi va arzonchilik boshlandi. Yirik yer egalari va dehqonchilik kentlaridagi oqsoqollar va savdogarlardan madad olgan Muhammad Amin qo’g’irchoq xonlarni taxtga qo’ysa-da, butun davlat hokimiyatini boshqarishni o’z qo’liga oldi.
Muhammad Amin inoq vafotidan so’ng, o’g’li Avaz Muhammad inoq (1790 – 1804) ham bir qator xonlarni (Oqimxon,Abdulazizxon, Abdullaxon, Ortiq G’oziyxon, Yodgorxon, po’lat g’oziyxon, Abulg’ozi IV va V ) taxtga ko’targan bo’lsa-da, asosan xonlikda davlat hokimiyatini o’z qo’lida ushlab turdi1.
1804-yilda taxtga o’tirgan Avaz inoqning o'g'li Eltuzar (1804 – 1806) o’zbeklarning qo’ng’irot urug’idan birinchi bo’lib, rasmiy ravishda xon deb e’lon qilindi. Xivadagi madrasalardan birida ta’lim olgan va harbiy ishlarga ko’proq e’tibor bergan xon Buxoro bilan munosabatlarni keskinlashtirdi. Natijada 1806-yil amir Haydarning qo’shinlari Xorazmga yurish boshlab, Shabboz yaqinidagi jangda Xiva qo’shinlariga shikast yetkazdilar. Amudaryoning so’l qirg’og’iga o’tishga uringan Eltuzarxon kema ag’darilishi natijasida cho’kib ketdi. U bu vaqtda 37 yoshda edi.
Buxoro amirligi bilan urushdagi mag’lubiyat Xiva xonligining harbiy-siyosiy mavqeyini pasaytirib yubordi. Ayrim amaldorlar markaziy hokimiyatni tan olmay qo’ydilar. 1806-yilda soliqlarning ko’ligidan norozi bo’lgan Beshqal’a hududidagi ( Chimboy, Qipchoq, Mang’it, Xo’jayli va qo’ng’irot) aholi qo’zg’olon ko’tardi. O’zini xonlikdan mustaqil deb e’lon qilgan qozoq-qoraqalpoqlarning Xivaga qarab yo’lga chiqqan qo’shinlari qurolsizlantirildi. Xiroj deb nomlangan mahsulot bilan solinadigan soliq o’rniga salg’ut deb atalgan pul solig’ining joriy qilinishi aholi noroziligini biroz bo’lsa-da, pasaytirish imkonini berdi. Ushbu vaziyatdan foydalangan Muhammad Rahimxon hokimiyatni o’z qo’liga oldi.
Muhammad Rahimxon islohotlari, Xivadagi madaniy hayot rivoji. Muhammad Rahimxonning salkam 20yillik hukmronligi davrida mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Rus elchisi N.Muravyov o’z hisobotida “Muhammad Rahimxon butunlay yangi davlat barpo qildi, deyish mumkin. Endilikda bu davlat O’rta Osiyodagi eng kuchli xonliklar jumlasiga kiradi”2, - deb yozgan edi.
Muhammad Rahimxon kuchli qo’shin tuzishga va uning yordamida xonlik hududlarini kengytirishga harakat qildi. Muhammad Yusuf Bayoniyning guvohlik berishicha, muntazam otliq qo’shinlar 13mingdan ziyod bo’lib, unda o’zbek, turkman va qoraqalpoqlar asosiy o’rinni egallagan. Navkarlar harbiy xizmatlari uchun yerlar ajratib berilgan. Va ular soliqlardan ozod bo’lgan. Xiva navkarlari 1810-yil bahoridan kech kuzgacha Janadaryo( Yangidaryo) bo’ylaridagi qozoq va qoraqalpoq ovullariga tajovuz qilib turdilar. Natijada Aydo’stbiy, Kechenekbiy, O’rinbiy yordamida Yangidaryo atrofida yashayotgan qoraqalpoqlar xonlikka bo’ysundirildi3. 1811-yil fevralidan boshlab xon buyrug’i bilan Orololdi o’zbeklari ustiga qo’shinlar yuborila boshlandi. Shu bilan bir qatorda 18yildan buyon mustaqil hudud sifatida xonlik tarkibida mavjud bo’lib turgan Qo’ng’irot bekligiga qarshi harakatlar boshlandi. Natijada qo’ng’irotliklar yetakchisi To’ramurod so’fi o’ldirildi.
Keyinchalik 1818 – 1819-yillarda Xiva xonligi qo’shinlari Janubiy Turkmaniston va Xuroson yerlariga harbiy yurishlar uyushtirdilar. Chorjo’y yaqinidagi janglardan birida Xiva qo’shinlari Buxoro amirligi lashkarlaridan zarba yedi va yengildi. 1820 – 1824-yillarda Muhammad Rahimxon yangi kuchlarni to’plab, Buxoroga qarshi bir necha bor yurishlar qildi. Natijada Buxoro amirligiga qarashli Mari va Tajan vohasi turkmanlarning chavdur, go’klan, taka, sariq va yovmut urug’lari Xiva xonligi qaramog’iga o’tdi. Xonning farmoni bilan Axal-Taka turkmanlarining bir qismi Ko’hna Urganch va Ilonli qal’alari atrofiga ko’chirildi. Xiva qo’shinlarida navkarlik xizmatlarini o’tash sharti bilan turkmanlarga yer ajratib berildi va soliqlar miqdori kamroq qilib belgilandi.
Soliq tizimini tartibga solishga jiddiy e’tibor bergan xon davlat xazinasini to’ldirish yo’llarini izladi. Endilikda soliqlarning miqdori mulkdorlarga qarshli ekin maydoni hamda olingan hosilining hajmiga qarab belgilanadigan bo’ldi. Soliq to’plash ishi mahalliy hokimlar qo’lidan markaziy hukumat tasarrufiga o’tkazildi. Davlat soliqlarini yig’ish vazifasi qushbegi va mehtarga, zakot to’plash esa devonbegiga topshirildi. Fuqarolardan salg’ut usuli bilan xazinaga olinadigan daromad va xarajatlar maxsus daftarlarda qayd etilib, xonning nazorati ostiga olindi.
1810 – 1811-yillarda Orolbo’yi qozoq-qoraqalpoqlari xonlikka bo’ysundirilgach, ular bilan O’lpon va soliqlar masalasida bitim tuzildi. “Muhammad Rahimxon nizolarni yo’qotish maqsadida , - deb yozgan edi A.L.Kun, - qoraqalpoq oqsoqollari bilan shunday qarorga keldi: 1.Qoraqalpoqlar qancha yer ishlatishiga qaramasdan, har yili xonga 20ming kichik tillo to’lab turadilar; 2. Ular xonga 2ming askar yuboradilar; 3. Umumiy ishlarga har yili 6ming odam beradilar. Qo’ng’irotliklar va nukusliklar 2ming tillodan, xo’jayliliklar 500 kichik tilla salg’ut to’laydilar4.
Xonlikning chegara shaharlarida karvon va kemalar qatnaydigan yo’llarda maxsus bojxona xizmati joriy etildi. Xonlikda ziroat, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning jonlanishi davlat xazinasi daromadining o’sishiga imkon berdi. Xivaga kelgan rus elchisi N.Muravyov xon xazinasining bir yillik daromadi 4million so’mdan oshib ketganligi haqida ma’lumot bergandi. Xon dastavval feodal tarqoqlikka chek qo’yish, davlat hokimiyati ni markazlashtirish va mustahkamlash o’zining asosiy vazifalaridan biri deb hisobladi. Odamlarning qobiliyatiga qarab ish topshiradigan xon davlat ahamiyatiga molik tadbirlarini amalga oshirish uchun o’zatrofiga ishonchli, nufuzli, ishbilarmon amaldorlar, ruhoniylar va harbiylarni to’pladi. Xiva xonligi tobeligiga o’tgan turkman, qozoq , qoraqalpoqlarning badavlat va nufuzli arboblarini o’ziga yaqinlashtirib, ularga yer-mulk va yuqori lavozimlar in’om etdi. Musulmon dindorlarining el-yurt orasidagi obro’-e’tiborini hisobga olib, o’zini ularga yaqin tutish maqsadida payg’ambar avlodlaridan hisoblangan sayyidlar qiziga uylandi. Saroyda yirik din arboblariga joy va lavozim berdi, mol-mulk in’om etdi, ko’plarini soliq va to’lovlardan ozod etdi.
Davlatni boshqarish ishlari bilan jiddiy shug’illangan Muhammad Rahimxon Abulg’ozi Bahodirxon davrida joriy etilgan boshqaruv tartibini o’zgartirdi. Xiva xonligining ma’muriy markazlari sifatida Xiva, XAzorasp, Xonqa, Gurlan, Anbar, Manoq, Shabboz, mang’it, qipchoq, Qilich Niyozbiy, Xo’jayli, Xitoy, Toshovuz, Yangi Urganch, Ilonli, G’azovot belgilandi. Keyinchalik ular qatoriga Qo’ng’irot va Chimboy ham qo’shildi. Endi kent oqsoqollari va inoqlari o’rniga hokimlar va masjid qavmlari oqsoqollari boshqaruvi joriy etildi. Shu bilan bir qatorda ayrim joylarda urug’lar vakillaridan tayinlangan noyiblar o’z qavmlarini boshqarishni davom ettirdilar. Holbuki, Xiva xonligida urug’chilik munosabatlari o’lkadagi boshqa feodal davlatlarga qaraganda ancha kuchli bo’lgan. Bu davrda Xiva xonligida mehtar, qushbegi va devonbegi lavozimlari eng yuqori hisoblanadigan bo’lgan. Ularning nazorati ostida mamlakat iqtisodiyoti, ijtimoiy-siyosiy, harbiy-mudofaa, diniy ishlar bilan shug’ullanuvchi markaziy boshqaruv idoralari tashkil etildi. “Muhammad Rahimxon o’z hokimiyatini adolat niqobi ostiga yashirib, uni mustahkamlash uchun Oliy kengash ta’sis etdi. Bu kengashga turli da’vo va jinoyat ishlari ko’rish va qaror chiqarish huquqini berdi, to’g’rirog’I amr qildi”,-deb yozgandi N. Muravyov. Xonning o’zi raislik qilgan Oliy kengash davlatning qonun chiqaruvchi, ma’muriy va sud organi vazifasini bajarar hamda unda eng nufuzli amaldorlar qatnashardilar. Ular orasida devonbegi, qo’shbegi; mehtardan tashqari naqib, shayxulislom, mutavall, mirob, qozi, farmonchi, darg’a, shig’ovul, dasturxonchi, arbob, miroxo’r, to’shakchi, oqo-og’o va boshqa amaldorlar mavjud edi. Kengash qatnashchilari haftaning juma kunlari ko’rinish xonada to’planardilar. Ularga osh tortilgandan keyin maslahat kengashi quyuq ziyofat tarzida, ba’zan kech tundan erta tonggacha davom etardi. Muhammad Rahimxon Ko’hna Arkda Zarbxona uchun bino qurdirdi va o’z nomidan oltin va kumush tangalar chiqara boshladi. Yangi pullar xonlikda tovar-pul munosabatlarini yaxshiladi va soliq to’lovlarini tartibga solishda muhim rol o’ynadi. Davlat xizmatida bo’lgan saroy a’yonlari va viloyat amaldorlari uchun lavozimiga qarab ish haqi – maosh belgilangan. Shu bilan hukmdorlarning daromad taqsimotidagi mavjud o’zboshimchaliklariga chek qo’yildi.
Davlat arboblari orasida o’zbeklarning qo’ng’irot urug’i vakillari mavqeyi yanada oshirilib, ularning soni ortib bordi. Yusuf Mehtar og’a ularning vakili sifatida xon saroyida bosh vazir lavozimiga tayinlandi.
Muhammmad Rahimxon davrida Xiva xonligining tashqi iqtisodiy aloqalari kengaydi. Chet davlatlar bilan karvon yo’llari orqali amalga oshirilgan savdo-sotiq ishlarida xivalik og’a-ini Xudoyberganovlar 270ming , Polvonqori – 90ming, Madrimboy – 54 ming so’m hajmida daromad qilganlar. Yangi Urganchlik savdogarlardan Polvon sig’irchining savdo aylanmasi – 400 ming so’m, Vais boboning – 200 ming so’m, Boboqul Omonning – 100 ming so’m, Muhammad Sharifning – 70 ming, Bobojon cho’loqning – 70 ming, Eshonqoraning – 50 ming so’mni tashkil qilgan. 1819-yil 6-oktyabrda Kavkazdan elchi sifatida kelgan kapitan Muravyovni xon qabul qilmasdan, josus bo’lsa kerak degan shubha bilan Qo’shko’pirdagi Ilgaldi qishlog’ida 47 kun kutishga majbur qiladi.1819-yil 20-noyabrda xon N. Muravyovni Xivaga taklif qildi va muzokaralar vaqtida savdo karvonlari xavfsizligini ta’minlash, chegaralar haqida kelishib olishga intildi.
XIXasr boshlarida Xiva xonligi tarixidagi buyuk insonlardan biri – Shermuhammad ibn Avazbiy mirob o’g’li munis edi. 1778-yilda Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida tavallud topgan. U shunday yozadi : “Men, Munis, Xivada yashovchi yuz toifasidan bo’lgan Amir Eshimbiyning avlodlaridanman”,-deb yozgan edi. Xivadagi madrasalardan birida o’qidi va Sayyid Eshonxo’jadan saboq oldi. 1800-yildan boshlab Shermuhammadbek vafot qilgan otasi o’rniga o’z qishlog’ida miroblik qila boshladi. Sheriyatda Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliyga ergashgan Munis tez orada el- yurt hamda xiva hukmdori Avazbiy inoq nazariga tushadi. 1804-yilda shoir alifbo sifatida foydalanish uchun “Savodi ta’lim “ kitobini yozib tugatadi. Yana shu yili ijodio namunalarini “Munis ul-ushshoq” (“Oshiqlar do’sti”, 1804) degan nom bilan to’plab, uni 1813-yilda 16892 misradan ibort katta devonga aylantirdi. Munis tarjimonlik ishiga ham jiddiy qarardi. 1819-yilda u mashhur tarixchi Mirxondning “Ravzat us-safo” ( Safo bog’i”) asarining birinchi jildi va 2-jildining 1-qismini tarjima qildi. 1826-yil Xiva xoni Ollohqulixon buyrug’I bilan “Firdavs ul- iqbol” nomli asar yoza boshladi. Munis 1828-yilning yozida o’lat kasalligidan olamdan o’tdi. Munisning tarixshunoslik sohasidagi savobli ishlarini jiyani – Muhammadrizo Ogahiy davom ettirdi. “Munis va Ogahiylarning mufassal xronikalari Xorazmning uch asr tarixiga oid ma’lumotlarimizning asosi sifatida ko’p zamonlargacha saqlanib qolsa kerak”5, - deb yozgandi akademik E.Bertels. Ogahiyning asl ismi Muahammadrizo Ernazarbiy o’g’li bo’lib, 1809 – 1874-yillarda yashagan. 16ta tarixiy, ma’rifiy, tarjima asarlar muallifi. U arab, fors, turk tillarini puxta bilgan va Xorazmning 1812 – 1872-yillardagi tarixiga bag’ishlangan asar yozgan. Xiva xonligi tarixiga oid “Riyoz ud- davla “ , “Zubdat ut -tavorix “, “Gulshani davlat “ , “Shohidi iqbol” nomli asarlar yozgan . ogahiy she’riyati, tarjimonlik va tarixnavislik faoliyati O’rta Osiyo hududidagina emas, balki XIXasr Sharq dunyosi madaniy hayotida chuqur iz qoldirdi.
3.Olloqulixon davrida Xivadagi ijtimoiy-siyosiy hayot. 1825-yil 7-mayda 50 yoshda bo’lgan Muhammad Rahimxon I vafot qildi. Uning o’rniga taxtga ko’tarilgan o’g’li Olloqulixon (1795-1842) xonlikning hududlarini kengaytirish va chegaralarini mustahkamlash ishlarini davom ettirdi. Yangi xon otasiga o’xshab, Mari vohasiga 3marta (1826,1829,1841), Buxoro amirligiga qarshi 7 marta katta harbiy yurishlar qildi. Natijada Xurosondagi Jamshid qabilalarining 1200 oilasini Qilich Niyozboy Arnabo’yiga ko’chirib keltirildi. 1826-yilda Xiva qo’shnilari xonning inisi Rahimquli boshchiligida Shimoliy Xurosonga yuborilgan Xiva qo’shinlari 123 kun safarda bo’ldi. Xivaliklar Oqdarband qal’asini qamal qilib u yerdan 100 dan ortiq oilani Qo’shko’pirdagi Ziyoyopi yaqiniga ko’chirib keltirildi.Natijada buyerda eroniylarning Oqdarband qishlog’iga asos soldi.
Siyosiy-iqtisodiy muammolar bilan shug’ullanish bilan bir qatorda Olloqulixon otasi Muhammad Rahimxon davrida boshlangan qurilish va obodonchilik ishlarini davom ettirdi. Xon buyrug’i bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi va Ko’hna Ark koshinlar bilan bezatildi. Ilgaridan Xivada bo’lgan Sayyid Alovuddin maqbarasi tamirlanib, Arabxon va Muhammad Amin Inoq madrasasi qaytadan tiklandi. 1832-1838 yillarda Ollaqulixon tog’asi Qutlig’ Murod inoqning jasadini o’zi bunyod qildirgan madrasa hovlisiga dafn qilis hniyatida buzulgan qal’a devoir o’rnida kata hovli, madrasa va karvonsaroy qurishni boshladi. Ushbu ulkan inshootlar qurilishiga bosh qilib Muhammad Yoqub Mehtar tayinlandi va unga Muhammad Rizo Qushbegi yordam berib turdi. Marmar, pishiq g’isht, yog’ochdan qurilgan binolarni tiklashda eng qobilyatli xalq ustalari – Nurmuhammad usta Toji, Qalandar Xivakiy, Abdulla Jin boshchiligidagi usatalar va mingdan ortiq qullar mehnat qildilar darvozalari koshinlangan, ganch, yog’och, tosh o’ymakorligi, bo’yama naqshlari bilan bezatilgan Tosh hovlining 80x80 m. bo’lib, undagi 163 xonada Xonning oilasi va davlat mahkamalari joylashgan.
1832 – 1834- yillarda yangi qurilayotgan Tosh hovli saroyning Xaram qismiga qo’shib Ishrat hovli barpo etildi. Tantanali marosimlar va bazimlar o’tkazish uchun mo’ljallangan ushbu hovli o’rtasida qishda o’tov tikiladigan dumaloq shakldagi supa qo’yildi. Arangxon davridan qolgan bunday supa Ko’hna Arkda ham mavjud.Xiva taxtiga chiqqan xonlar asli ko’chmanchilar avlodidan bo’lganligi sababli tosh va g’ishtdan qurilgan imoratlar ancha siqilgan va sovuqqotgan holda yashashgan. Kigiz va gilamlar bilan bezalgan o’tovning o’rtasida o’choq bo’lib, unga yoqilgan saksovul qishoylari issiqlikni kerakli darajada saqlab turish imkonini beradi. Toshhovlining ro’pasidagi Karvonsaroy 1832 – 1833- yillarda tiklangan. Sathi 46,3x42,4 m. bo’lgan to’rtburchak shaklidagi 2 qavatli hovli atrofida 104 ta hujra qurilgan. Pastdagi xonalardan yuk saqlangan yuqorilaridagida esa Buxoro, Eron va ayniqsa Rossiya savdogarlari yashashi uchun imkoniyat yaratilgan xonalar mavjud edi. Xovlining tepasi gumbaz bilan yopilgan.
Ichki va tashqi savdo sotiq aloqalarining kengayib borishi Xivada yangi bozorlar tashkil etilishiga turtki bo’ldi. 1832-yilda Olloqulixonning buyrug’i bilan safarbar etilgan mingdan ortiq aholining mehnati evaziga 45 kunda shaharning sharqiy qismida mavjud va sathi 5-6 tanob bo’lgan qulbozor tashkil qilish niyatida ko’mildi6. Natijada yangi bozorda rastalar o’rnatildi va savdo sotiq ishlari boshlab yuborildi. Bozorda o’z mollarini sotgan Rossiya, Dashti Qipchoq, Turkiya, Eron savdogarlaridan “Ganja” nomi o’rin solig’i olindi.
1836 – 1838- yillarda Olloqulixon saroyiga yaqin joyda gazmol va tikuvchilik buyumlari sotish uchun ixtisoslashtirilgan rasta sifatida xon tomonidan maydoni 74x26,5 m. gumbazlarining deametri 10,7x9,5 m. bo’lgan Tim qurdirildi. Timdan tushadigan tijorat daromati Olloqulixon maqbarasiga sarflangan.
Olloqulixon buyrug’i bilan 1837 – 1838- yillarda Tosh hovli saroyida Arsxona barpo etilgan. Qurilishni ikki yilik qisqa muddatda tugallash mumkin emasligini aytishga jurat etgan naqqosh Nurmuhammad usta Tojixon qoziqqa o’tkazildi. Ustaning fojiali o’limidan keyin qurilishni Qalandar Xivakiy davom ettirgan.
1838 – 1840- yilarda Muhammad Rizo qushbegi va Imom qushbegi nazorati ostida Qutliq Murod inoq madrasasi oldidagi Oq masjid va hammom binolari qayta ta’mirlangan. 1657 yilda Abulg’ozi Bahodirxon o’g’li Anushaxon sharafiga qurilgan ushbu imoratlar yillar o’tishi bilan ta’mir talab qolgan va atrofida tiklanayotgan yangi imoratlar esa ularning ko’rkini pasaytirmasligi lozim edi.
1839- yilda Olloqulixonning amaldorlaridan biri - Xo’jasho mahram Pahlavon Mahmud maqbarasining shimoliy-g’arbida bir qavatli madrasa binosini qurdiradi. Maydoni 20,9x19,4metrdan iborat bo’lgan bu o’quv binosida talabalarga tahsil berish ishlari kelgusi yili bahoridan boshlangan.1841-yilda Xonning nevarasi Muso to’ra mablag’iga Xivada masjid va darsxona qurila boshlandi.
Olloqulixon xonlikning boshqa hududlarida ham qurilish ishlariga e’tibor qaratdi.Xivadan 87 km. uzoqlikda bo’lgan Pitnak qal’asi atrofidagi devorlar qaytadan ta’mirlandi.Qal’ada 130ta xonadon bo’lib, har chorshanba kunlari bozor tashkil etilardi.Bozordagi 10 dan ortiq do’konlar Hazorasp va boshqa yaqin atrofdagi joylardan kelgan savdogarlar o’z mollarini sotardilar. Shahar aholisining bir qismi tuzkonidan qazib olingan tuzni, ipak qurti mahsulotlari va jo’xori sotishni asosiy vazifa deb qarardi. Ayrim kemasi bor pitnaklik shaharliklar 3 chaqirim uzoqlikda oqadigan Amudaryodan odamlarni o’tkazish bilan daromat topishga harakat qilardi.
XIX asr boshlarida qo’ng’irotlar sulolasi saroyida yuqori mavqega ega bo’lgan va bunyodkor sifatida tarixda iz qoldirgan arboblardan - Muhammad Yusuf Mehtar (1766-1839) edi .U 1803-1839 yillar oralig’ida mehtar lavozimini egallab, Eltuzarxon, Muhammad Rahimxon I va Olloqulixonga sadoqat bilan xizmat qildi. Profissor N. I. Veselovskiy u haqda shunday yozadi: “ Yusuf Mehtar tabiatan qattiq qo’l, hammaga shubha bilan qaraydigan, faqat xonga bo’ysunuvchan, yoshi ellikdan oshgan kishi. Xon xazinasi uning qo’lida bo’lib, kirim chiqimni ham o’zi qiladi. Chet elliklarni qabul qilish va holidan xabar olib turish ham uning zimmasida . Xon saroyida yo’q bo’lsa, uni o’z o’rniga qo’yib ketadi. Ba’zan xonning o’zi bo’lsa-da, saroyni Yusuf Mehtar xon o’rniga boshqaradi. Olloqulixon davrida buyuk davlatlarning nazariga tushgan Xiva xonligini bo’ysundirish uchun diplomatik harakatlar avj oldi. 1834-yili Rossiya hukumati topshirig’i bilan asosan qazoqlar yashaydigan Mang’ishloq yarim orolida Novo-Aleksandrovsk harbiy istehkomi qurildi. Rus qo’shinlarining O’rta Osiyoga harbiy yurishlarida tayanch vazifasini bajaradigan ushbu qal’aning qurilishi Xiva xonining keskin noroziligiga sabab bo’ldi.
1839-yilda Xivaga kelgan 6 nafar inglizlar josuslikda gumon qilinib, Olloqulixon buyrug’i bilan qatl qilindi. Oradan sal vaqt o’tib, olloqulixon Hindistondan kelgan Buyuk Britaniya elchisi Jeyms Abbotni qabul qildi. Elchiga xonni Angliya tomoniga og’dirish va Rossiyaga qarshi ittifoq tuzish vazifasi yuklatilgan edi. Muhammad Yusuf Bayoniyning yozishicha, elchi xonga quyidagi mazmundagi maktubni topshirdi: “Uzoq zamonlardan Rossiya sizga hujum qilib, yerlaringizni egallab olish niyatida. Ularning pirovard maqsadi butun Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, o’zlari uchun Hindiston tarafga yo’l ochish. Rus podshosi juda kuchli, uning qo’shini va qurol-aslahasini tasvirlash juda qiyin. Sizda hattoki ruslarning kichik bir otryadiga qarshi turishga kuch yo’q. yana 50 yildan keyin ular sizlarning yerlaringizni bosib oladilar”7. Olloqulixon maktub mazmunidan og’ir iztirobga tushdi. Ammo ko’pni ko’rgan xon o’z yaqin amaldorlari bilan maslahatlashgach, elchiga shunday javob qaytardi: “Ruslar hali bizga qarshi yurish boshlamadilar. Siz ko’rsatgan 50 yilda kim bor-u, kim oxiratga ketadi – buni hech kim bilmaydi. Ellik yildan keyin aniq nima bo’lishini bilmasdan turib, biz o’z mamlakatimizni hech kimga bermaymiz. Bizlar o’tgach, avlodlarimiz, nima qilsalar o’zlari biladilar”.
Olloqulixonning dadil va shu bilan birga mantiqli javob bergani shubhasiz. Ammo ingliz J.Abbotning ham bejiz bo’lmaganligini tarixiy voqealar to’la tasdiqladi. Ruslarning xonlik hududiga hujum qilishlarini yana yarim asr kutib turishning hojati yo’q edi. Ular xon bilan inglizlar elchisi o’rtasida muzokara ketayotgan bir vaqtda o’z qora niyatlarini amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko’rayotgan edilar.
Ro’y berayotgan qaltis siyosiy vaziyatni e’tiborga olgan Olloqulixon Xurosonga yurish qilib, 20ming eronliklarni bandi qilib qaytdi va ularning mehnati bilan Xiva shahrining mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga harakat qildi. Natijada, 1842-yilda Olloqulixon buyrug’i bilan Muhammad Yoqub mehtar va Otamurod Matrizo qushbegi boshchiligida Ichan qal’aning tashqi qismida uzunligi 6614 va balandligi 4metrli yangi mudofaa devori tiklandi. Qurilishi 30 kun davom etgan devorni Muhammad Rizo Ogahiy “Xisori xush bino “8 deb baholadi. Endilikda xonning Rafanik va Nurullaboy degan joydagi bog’lari ham shahar tarkibiga kirdi. Shu davrlardan boshlab Xiva shahri hududi Dishan va Ichan qal’a degan nom bilan ajratiladigan bo’ldi. Perovskiy ekspedetsiyasi 1842- yil 1-avgustda yo’lga chiqib, 19-oktyabr kuni Xivaga yetib keldilar. Olloqulixon bu vaqtda Buxoroga safar qilgan bo’lib, Xivaga 29-oktyabr kuni qaytib keldi. Ertasi kuni biroz betob bo’lgan xon rus elchilarini qabul qildi. Keyingi muzokaralar esa faqat 10-noyabrda bo’lib o’tdi. Oradan ikki hafta o’tgach, Olloqulixon dunyodan o’tdi.

XULOSA
O’zbek davlatchiligining bir necha asrlik taraqqiyotining o’ziga xos xususiyatlarini tadqiq etish bugungi kunda tarix fani oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Mamlakatimizning ko’plab qo’lyozma xazinalarida boy yozma madaniyat yodgorliklari mavjud. Ularda O’rta Osiyo hududida davlatchilik va uning muhim qirralari, davlat tuzilishi, aholining turli ijtimoiy qatlamlari va ularning o’ziga xos xususiyatlari haqida boy ma’lumotlar bor. Xususan, Xiva xoni jamg’armasi va O’zRFA Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanayotgan XIX asr Xiva xonligiga oid hujjatlar katta ahamiyatga ega. Bu manbalar juda qimmatli bo’lib, o’tmishimizga tegishli turli tarixiy voqealar haqida boy ma’lumotlar olish imkoniyatini beradi. Albatta, kurs ishi yoki tadqiqot mavzusini yoritishda o’sha davr saroy tarixchilari asarlarining ham alohida o’rni mavjud. Jumladan, Munis, Ogahiy, Bayoniy asarlari va boshqa mualliflar tomonidan yozilgan qo’lyozmalarda mavzuga oid juda ko’p qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Xiva davlatchiligi tarixiga oid yer-suv, toj-u taxt va hokimiyat uchun kurashlar, Xiva xonlarining qo’shni turkman va qoraqalpoq xalqlariga nisbatan tutgan siyosati va qo’shni davlatlarga qilgan harbiy yurishlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan savdo va diplomatik aloqalar bu mualliflar tomonidan keng yoritilgan.


XIX asrning birinchi choragi Xiva xonligi tarixida muhim o’zgarishlar davri bo’ldi. Muhammad Rahimxon I islohotlari tufayli davlat hokimiyati markazlashdi, ma’muriy boshqaruvning ancha takomillashgan tizimi qaror topdi, xonlikning iqtisodiy va harbiy qudrati mustahkamlandi. Lekin bu uzoqqa bormadi, sababi chor Rossiyasining Xivani 1873-yilda bosib olishidir. XIX asrda Xiva xonligida Muhammad Rahimxo va Olloqulixonlar sa’y- harakati bilan nafaqat mamlakat markazlashuvi sodir bo’ldi, balki, qishloq xo’jaligini rivojlantirish hamda sug’orish inshootlarini qurish borasida juda ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu davrda o’n ming gektarlab yer maydonlariga suv chiqarilib, yangi yerlar o’zlashtirildi. Bu yerda obod qishloqlar, shaharlar, mevazor bog’lar barpo etilib, kam yerli va yersiz o’zbek, turkman, qoraqalpoq qavmlari joylashtirildi. Bularning bachasi xonlik iqtisodining yuksalishiga ijobiy ta’sir ko’rsatgan. Bu davr xonlik iqtisodiy hayotining asosiy xususiyatlaridan biri tova-pul munosabatlarining taraqqiy etishidir. Tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi xonlik soliq tizimining o’zgarishida o’z ifodasini topdi. XIX asrning birinchi yarmida soliqni natural holda emas, pul bilan yig’a boshladilar. Pul solig’ining roli nisbatan kuchaydi. Bundan anglashiladiki, Muhammad Rahimxon va Olloqulixonlar davrida mamlakatni markazlashtirish uchun kurash va bunga qay bir ma’noda erishish natijasida mamlakat ijtimoiy hayotida sezilarli ijobiy o’zgarishlar, siljishlar bo’lgan, aholi hayoti totuvlikka yuz bura boshlagan. Xiva xonligida mamlakatni markazlashtirish uchun bir qancha o’zboshimcha beklarni, hokimlarni hattoki qoraqalpoqlar, turkmanlarni ham bo’ysundirish siyosati olib borildi, bu qonli siyosat natijasi o’laroq, markaziy hokimiyat obro’si yuksaldi, mamlakat birligi, totuvligi nisbatan saqlandi. Xiva xonlarining bosqinchilik siyosati mamlakat hududi va aholisi tarkibining o’zgarishiga ham ta’sir etdi, natijada, boshqaruv uchun yagona kuchli markaziy hokimiyat barpo etildi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Muhammad Rahimxon va Olloqulixonning mamlakatni markazlashtirish uchun kurashlari o’z samarasini ma’lum ma’noda bera oldi hamda mamlakat markazlashuvi va ma’murlashuviga erishildi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:


1.Matniyozov M. Xiva xonligida yashagan xalqlar va ularning xonlik ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o’rni va roli(XIX asr – XX asr boshlari). 2-nashri. – Urganch, 2004. 23-b.
2.Муравьев Н.Н. Путешествие в Туркмению и в Хиву. – М., 1822.Ч.2. – С.44.
3.Камалов С. Қарақалпақлардын халық болып қалипласуйи ҳам онын мамлекетлигинин тарихийхынан. Нукус. 2001. 27-б
4.Кун А.Л. Заметки о податях в Хивинском ханстве// Туркестанские ведомости, 1873. - 83.
5.Munirov Q. Munis Xorazmiy//Markaziy Osiyo mutafakkir, donishmandlar va adiblar. – T:Meros,1997. 71-74-b.
6.Ahmedov B.A. Новые сведения о Хиве// «ОНУ” – Ташкент,1982. – 9. – С.34- 35.
7.Xudoyberganov K. Роль мемориала Пахлавана Махмудав изучении истории хивинских ханов.Автореф.дис. …к.и.н. – С. 17.
8.Muhammadrizo Ogahiy. Riyoz ud-davla// Asarlar, V jild. – Toshkent: Fan,1978. – 153-bet.


1 Matniyozov M. Xiva xonligida yashagan xalqlar va ularning xonlik ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o’rni va roli(XIX asr – XX asr boshlari). 2-nashri. – Urganch, 2004. 23-b.



2 Муравьев Н.Н. Путешествие в Туркмению и в Хиву. – М., 1822.Ч.2. – С.44.

3 Камалов С. Қарақалпақлардын халық болып қалипласуйи ҳам онын мамлекетлигинин тарихийхынан. Нукус. 2001. 27-б

4 Кун А.Л. Заметки о податях в Хивинском ханстве// Туркестанские ведомости, 1873. - 83.

5 Munirov Q. Munis Xorazmiy//Markaziy Osiyo mutafakkir, donishmandlar va adiblar. – T:Meros,1997. 71-74-b.

6 Ahmedov B.A. Новые сведения о Хиве// «ОНУ” – Ташкент,1982. – 9. – С.34- 35.

7 Xudoyberganov K. Роль мемориала Пахлавана Махмудав изучении истории хивинских ханов.Автореф.дис. …к.и.н. – С. 17.

8 Muhammadrizo Ogahiy. Riyoz ud-davla// Asarlar, V jild. – Toshkent: Fan,1978. – 153-bet.

Yüklə 105 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə