Mavzu: Tadbirkor uchun zarur bo’lgan qobiliyatlar – Mavzu: O’z o’zini band qilish



Yüklə 41,88 Mb.
səhifə18/22
tarix14.06.2023
ölçüsü41,88 Mb.
#117215
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   22
tikuvchi biznes ma\'ruza

5. Jamg‘armaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi;
qisqartirilgan nomi — Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi;
b) ingliz tilida: to‘liq nomi — State fund for support of entrepreneurship activities under the Agency for the development of entrepreneurship; qisqartirilgan nomi — State fund for support of entrepreneurship activities;
v) rus tilida: to‘liq nomi — Gosudarstvenniy fond podderjki predprinimatelskoy deyatelnosti pri Agentstve po razvitiyu predprinimatelstva;
qisqartirilgan nomi — Gosudarstvenniy fond podderjki predprinimatelskoy deyatelnosti.
6. Jamg‘arma barcha huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
7. Jamg‘arma joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Qoratosh ko‘chasi, 1-uy (7-qavat), pochta indeksi 100027.
8. Ushbu Nizomga ilovada nazarda tutilgan talablar oldin qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan kafillik va kompensatsiyalarning Jamg‘arma tomonidan taqdim etilishi shartlariga tatbiq etilmaydi.
9. Jamg‘arma ushbu Nizom va Nizomga ilovada ko‘rsatilgan talablardan kelib chiqib, tijorat banklari yoki lizing tashkilotlari tomonidan yuborilgan elektron buyurtmalar (kafillik, kompensatsiya va boshqa xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha) bilan Nizom hamda Nizomga ilovadagi shartlarga mos kelmagan holatlarda, tijorat banklariga yoki lizing tashkilotlariga buyurtmanomani rad etish huquqiga ega.
10. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tijorat banki — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tegishli litsenziyasiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan tijorat banki;
qarz oluvchi — O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik tashabbusini amalga oshiruvchi kichik biznes subyekti, klaster yoki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga taalluqli yuridik shaxs;
kredit — qarz oluvchining loyihalarini moliyalashtirish uchun foydalaniladigan tijorat banki krediti;
lizing (moliyaviy ijara) — bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (qarz oluvchining) topshirig‘iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib sotib olishni va uni shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga o‘n ikki oydan ortiq muddatga berishni nazarda tutadigan ijara munosabatlarining alohida turi;
resurs — nodavlat notijorat tashkilotlariga qarz mablag‘larini ajratish (keyingi o‘rinlarda — qarz mablag‘lari);
kompensatsiya — tijorat banklari kreditlari va lizing tashkilotlarining lizingi bo‘yicha foizli xarajatlarning bir qismini qoplash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-sonli qaroriga asosan nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1,0 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorini kompensatsiya qilish;
kafillik — qarz oluvchi tijorat banki oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun javob berish mas’uliyatini Jamg‘armaga yuklaydigan kafillik shartnomasi;
loyihalar — oldindan belgilangan vaqt mobaynida tadbirkorlik faoliyatidan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa manfaat ko‘rish maqsadida amalga oshiriladigan o‘zaro bog‘liq tadbirlar va ishlar majmui, quyidagilarni nazarda tutuvchi maqsadlar bundan mustasno:
ilgari olingan kreditlarni yoki istalgan boshqa qarzdorlikni qaytarish;
alkogolli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
bankdan tashqari kredit tashkilotlari resurs bazasini shakllantirish;
tavakkalchilikka asoslangan qimor va boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda shu maqsadlar uchun uskunalarni xarid qilish;
sug‘urtalash — kredit garovi va qaytarilmasligini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta kompaniyalarining majburiyati;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari — aholining kam ta’minlangan qatlamlaridan bo‘lgan va ushbu Nizomning 30-bandida belgilangan tartibda aniqlanadigan shaxslar toifasi.
2-bob. Jamg‘armaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari
11. Quyidagilar Jamg‘arma faoliyati asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
tadbirkorlikni rivojlantirishni, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ish o‘rinlari yaratish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
tadbirkorlik subyektlarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyatiga samarali yangi texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;
ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda respublikada tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish muammolarini o‘rganishga qaratilgan kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar amalga oshirilishini tashkil etish.
12. Jamg‘armadan moliyaviy yordam olish uchun berilgan arizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha elektron hujjatlar aylanishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 13-avgustdagi PQ-4417-son qarorida ma’qullangan elektron hujjatlar aylanishi sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Jamg‘armadan moliyaviy yordam olgan shaxs Jamg‘armaning buyurtmasida qarz oluvchi sifatida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami bo‘yicha aniqlanadi.
14. Oldin Jamg‘armaning moliyaviy yordamini olgan shaxs quyidagi holatlarda Jamg‘armaga kafillik va/yoki kompensatsiya olish uchun takroran murojaat qilishga haqli bo‘ladi:
amaldagi kafillik shartnomasi bo‘yicha shartnoma amal qilgan kredit bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qaytarilganda;
amaldagi kompensatsiya shartnomasi bo‘yicha shartnoma amal qilgan kredit bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qaytarilganda;
kafillik va kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma tomonlarning roziligi bilan bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda.
3-bob. Jamg‘armani boshqarish
15. Tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan Kengash Jamg‘armani boshqaruvining oliy organi hisoblanadi.
16. Agentlik:
Jamg‘arma vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy aktivlariga joylashtirish bo‘yicha cheklangan parametrlarni belgilaydi;
Jamg‘armaning faoliyati, shu jumladan mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishi, tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy yordam ko‘rsatishga doir qarorlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamg‘arma tomonidan ushbu Nizomda ko‘rsatilmagan moliyaviy yordamning boshqa turlarini ko‘rsatish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari bo‘yicha har yilgi prognozlarni tasdiqlaydi;
Kengash:
Jamg‘arma moliyaviy yordam ko‘rsatishi uchun ishlab chiqarishning ustuvor sohalari va kichik tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Jamg‘arma ijro etuvchi organining Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi, shuningdek, manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar vakillarining amalga oshirilayotgan operatsiyalar samaradorligi, taqdim etilgan resurslar, Jamg‘arma kafilligi hamda kompensatsiyalari natijalari haqidagi hisobotlarini muntazam eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamg‘armaning ustav kapitalini oshirish to‘g‘risida takliflar kiritadi.
17. Tuzilmasi o‘rnatilgan tartibda Vazirlik buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Ijro etuvchi direksiya) uning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
18. Ijro etuvchi direksiyasi:
Jamg‘arma joriy faoliyatini operativ boshqaradi;
tijorat banklaridan tushgan buyurtmalarni ko‘rib chiqadi, o‘z vakolatlari doirasida Jamg‘armaning kafilligi va kompensatsiyalarini taqdim etish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga resurslar ajratadi;
O‘zbekiston Respublikasining navbatdagi yil uchun Davlat budjeti asosiy parametrlari bilan bog‘liq holda, Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining har yilgi prognozlarini shakllantiradi hamda Agentlik bilan kelishilgan holda Kengashga kiritadi;
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalarini kengaytirishga doir takliflarni ishlab chiqadi va ko‘rib chiqish uchun Agentlik bilan kelishilgan holda Kengashga kiritadi;
Jamg‘arma oldiga qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi uchun zarur qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarini hisobga olish hamda ularning ijrosi to‘g‘risida hisob yuritilishini, hisobot berilishini ta’minlaydi hamda tasdiqlash uchun Agentlik bilan kelishilgan holda Kengashga taqdim etadi;
Jamg‘armaning yillik auditdan o‘tkazish uchun, shu jumladan uning mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha Agentlik bilan kelishilgan holda auditorlik tashkilotini belgilangan tartibda jalb etadi;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishning tizimli monitoringini olib boradi hamda bu to‘g‘risida Agentlikka har oyda hisobot berib turadi;
Jamg‘armaning vaqtinchalik bo‘sh mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy aktivlarga joylashtirish yuzasidan Agentlik bilan kelishilgan holda Kengashga takliflar kiritadi.
19. Vazirlik buyrug‘i bilan belgilangan tartibda lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Ijrochi direktor Ijro etuvchi direksiyaning rahbari hisoblanadi.
Agentlik direktorining o‘rinbosarlaridan biri bir vaqtning o‘zida Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori hisoblanadi.
Ijrochi direktor Agentlik direktori bilan kelishgan holda malakali, shu jumladan xorijlik mutaxassislarni ularning xizmat haqini Jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobiga to‘lagan holda jalb qilishga haqli.
Ijrochi direktor:
Jamg‘armaga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq Ijro etuvchi direksiya faoliyatini tashkil etadi va uning uchun shaxsan javob beradi;
Agentlik bilan kelishilgan holda, Ijro etuvchi direksiyani xodimlarning belgilangan soni doirasida aktivlarni boshqarish, biznesni, shu jumladan tadbirkorlikning turli yo‘nalishlariga oid investitsiya loyihalarini tahlil qilish, ekspertizadan o‘tkazish va moliyalashtirish sohasida yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishni tashkil etadi;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarda Jamg‘arma manfaatlarini ifoda etadi;
Jamg‘arma nomidan mehnat, xo‘jalik, kredit shartnomalari va boshqa shartnomalarni, shu jumladan kafillik, kompensatsiyalar va resurslar taqdim etish hamda vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarida depozitga joylashtirish to‘g‘risidagi shartnomalarni imzolaydi;
bajarilgan ishlar hamda kelgusi chorak uchun ish rejalari to‘g‘risida har chorakda Agentlik va Kengash oldida hisob beradi.
Jamg‘arma Ijrochi direktorining o‘rinbosari Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Ijro etuvchi direksiyaning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari Agentlik direktori bilan kelishilgan holda, Ijrochi direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
20. Ijro etuvchi direksiyaning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
Jamg‘arma mablag‘laridan to‘g‘ri va samarali foydalanish yuzasidan javobgarlik jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasiga yuklanadi.
Jamg‘arma o‘zining buxgalteriya hisobini Buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo‘yicha yuritadi.
21. Agentlik, uning hududiy vakolatli ofislari va jamg‘arma xodimlarini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Jamg‘arma budjetdan tashqari mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha nizom ishlab chiqadi hamda Agentlik bilan kelishadi, ushbu nizom Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
22. Ijro etuvchi direksiyaning xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun Vazirlikning markaziy apparati xodimlariga belgilangan mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish shartlari joriy etiladi.
23. Jamg‘arma xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haq va ustamalar, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish mablag‘laridan iborat bo‘ladi.
24. Xizmat vazifalarini bajarishda foydalanish uchun Jamg‘armaga 1 dona shaxsan biriktirilgan hamda 1 dona navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratiladi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish
25. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradi va uning hisobi belgilangan tartibda Davlat budjetining g‘azna ijrosi orqali amalga oshiriladi.
26. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi PQ-3225-son qaroriga 1-ilovada ko‘rsatilgan tashkilotlarning badallari hisobiga shakllantiriladigan boshlang‘ich badal;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ushbu maqsadlar uchun har yilgi tasdiqlanadigan ajratmalar doirasidagi mablag‘lari;
v) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining har yilgi sof foydasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga yo‘naltiriladigan bir qismi;
g) xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning Jamg‘armaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan kreditlari (qarzlari) va grantlari;
d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qaroriga muvofiq:
Agentlik tomonidan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi yuqoridagi qarorning 3-bandi ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun beg‘araz asosida ajratgan 9,0 mln AQSh dollari ekvivalentidagi Jamg‘armaga yo‘naltiradigan mablag‘lar;
tajriba tariqasida keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka o‘qitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2,0 mln AQSh dollari ekvivalentidagi Jamg‘armaga ajratiladigan mablag‘lar;
e) Jamg‘armaning, shu jumladan vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklariga depozitlarga joylashtirish, kafilliklar berishdan tushadigan daromadlari, shuningdek, qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar.
27. Jamg‘arma mablag‘lari Jamg‘arma faoliyati bo‘yicha yo‘nalishlarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida belgilangan tartibda ochiladigan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
28. Jamg‘arma mablag‘laridan:
qarz oluvchilarning kreditlari bo‘yicha taqdim etilgan kafilliklar bilan bog‘liq to‘lovlarni tijorat banklariga to‘lash;
tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizli xarajatlarning bir qismini qoplash;
belgilangan tartibda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga resurs ajratish;
kredit qaytarilmasligini sug‘urtalashning barcha shartnomalari, jumladan, moliyaviy yil davomida “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJni o‘z kapitalining 10 foizi miqdorida garov ta’minoti, kafillik va kafolat bilan (kreditlar va lizing operatsiyalari bo‘yicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sug‘urtalash) qoplanmagan sug‘urta qoplamasi umumiy hajmi oshib ketganda, “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” AJning yo‘qotishlarini qoplab berish;
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilgan resurslarni tajriba tariqasida mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlar va xotin-qizlarni kichik tadbirkorlikka jalb qilish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi;
Jamg‘arma faoliyatini moddiy-texnik ta’minlash, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni xarid qilish, ushbu nizomning 21-bandida ko‘rsatilgan xarajatlarni, shu jumladan mehnatga haq to‘lash va mehnatga haq to‘lashga tenglashtirilgan to‘lovlarni hamda rag‘batlantiruvchi tusdagi to‘lovlarni to‘lash xarajatlarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.
Ushbu bandda qayd etilgan maqsadlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan Jamg‘arma mablag‘laridan qat’iy belgilangan yo‘nalishlarda foydalaniladi.
29. Jamg‘arma kafilligi va kompensatsiyalari faqat yangi ajratiladigan kreditlar va lizinglar uchun beriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarida ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasno.
Avval ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiyalar berish to‘g‘risida qarz oluvchilarning murojaatlari tijorat banklari tomonidan keyinchalik Jamg‘armaga yuborish uchun qabul qilinadi.
5-bob. Aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlarini ajratishda Jamg‘arma kafilligi berilishini ko‘rib chiqishning shartlari va tartiboti
30. Qarz oluvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Agentlik va Jamg‘arma tomonidan belgilangan mezonlarga mosligi, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganligi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari ajratadigan kreditlar bo‘yicha Jamg‘arma kafilligini berish sharti hisoblanadi.
31. Tijorat banklari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kreditlar ajratishda Jamg‘arma kafilligini kredit summasining 50 foizigacha (shu jumladan 50 foizi), biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda qabul qiladi.
32. Qarz oluvchi kreditni qaytarganda va kredit bo‘yicha o‘z majburiyatlarini imkon qadar kamaytirganda, birinchi navbatda, kredit bo‘yicha qaytarilgan summaga mutanosib ravishda Jamg‘arma kafilligi ta’minlanishidan ozod etiladi. Bunda qarz oluvchi tomonidan ajratilgan kredit bo‘yicha ta’minlash sifatida taqdim etilgan mulk faqat Jamg‘arma kafilligi to‘liq qoplanganidan so‘ng garovdan ozod etiladi.
33. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari ajratadigan kreditlar bo‘yicha Jamg‘arma kafilligini berish xizmatlari bepul hisoblanadi.
34. Qarz oluvchi loyihani moliyalashtirishga kredit olish uchun tijorat bankining filialiga ariza bilan murojaat qiladi, unda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Jamg‘arma kafilligini olish istagini bildiradi:
qarz oluvchining bank hisobvarag‘iga pul mablag‘lari tushish prognozi (amalga oshiriladigan loyiha bo‘yicha pul oqimi) ko‘rsatilgan biznes-reja;
kredit bo‘yicha ta’minlash sifatida taqdim etiladigan garov to‘g‘risidagi ma’lumot.
35. Tijorat bankining filiali ariza va hujjatlarning to‘liq turkumini olgandan so‘ng ikki kun ichida:
qarz oluvchining belgilangan mezonlarga muvofiqligini, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganligini aniqlaydi;
taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqligini tekshiradi. Hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan turkumi taqdim etilganda, bank filiali bir kun muddatda tegishli axborot (hujjat)ni so‘rab oladi;
taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi, qonunchilik va ichki kredit siyosatida belgilangan tartibotga muvofiq loyihaning moliyaviy-iqtisodiy samaradorligini baholaydi.
36. Quyidagi hollarda:
kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda — bank filiali Jamg‘arma kafilligini olish uchun buyurtmani ilova qilgan holda o‘z xulosasini tijorat bankiga yuboradi va bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi;
kredit ajratish rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinganda — bank filiali rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatgan holda qarz oluvchiga yozma javob yuboradi.
37. Tijorat banki filialdan hujjatlarni olgandan so‘ng bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi;
Jamg‘arma tomonidan belgilangan tartibda buyurtmani tayyorlaydi;
ajratiladigan kreditlar bo‘yicha qarz oluvchiga kafillik berish to‘g‘risida Jamg‘armaga buyurtmani yuboradi.
Buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining imzo qo‘ygan mansabdor shaxsi javob beradi.
38. Buyurtma qabul qilingandan so‘ng Jamg‘arma ikki kun mobaynida:
buyurtmani ko‘rib chiqadi va uni ushbu Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan tekshiradi;
qabul qilingan qaror to‘g‘risida tijorat bankini xabardor qiladi.
39. Kafillik olish uchun talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, Jamg‘arma xabarnomada rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatadi.
40. Buyurtma ma’qullanganligi to‘g‘risida xabarnoma olingandan so‘ng tijorat banki bir kun mobaynida bank filiali tomonidan:
qarz oluvchi bilan kredit shartnomasi;
Jamg‘arma va qarz oluvchi bilan kafillik shartnomasi tuzilishini ta’minlaydi.
Kafillik shartnomasi elektron raqamli imzo bilan imzolangan bo‘lishi mumkin.
41. Jamg‘armaning berilgan kafillik bo‘yicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari kafillik shartnomasi barcha tomonlari tomonidan imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
42. Jamg‘armaning berilgan kafilliklar bo‘yicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari quyidagi holatlarda to‘xtatiladi:
kredit bo‘yicha asosiy qarz kafillik summasi miqdorida to‘liq qaytarilganda;
Jamg‘arma tomonidan kafillik bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilganda;
Jamg‘armaning yozma ravishdagi ruxsatisiz kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlardagi shaxslar o‘zgarganda.
Jamg‘armaning kafilliklar bo‘yicha majburiyatlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham to‘xtatilishi mumkin.
6-bob. Kompensatsiyani berish, to‘xtatib turish, to‘xtatish va qayta tiklash tartibi
43. Jamg‘arma ushbu Nizomga ilovada nazarda tutilgan tartibda kompensatsiyalar beradi.
44. Tijorat banklari va lizing tashkilotlari kompensatsiyalarni oluvchi hisoblanadi.
45. Kredit va lizing stavkalari, muddatlari va boshqa parametrlari o‘zgargan taqdirda, kompensatsiyalarning stavkasi va summasi o‘zgarmasdan, kompensatsiya berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanada qayd etilgan darajada qoladi.
46. Jamg‘arma joriy kreditlar, lizinglar yoki budjetga to‘lovlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan qarz oluvchilarning loyihalari bo‘yicha kompensatsiya bermaydi.
47. Kredit yoki lizing berilishi uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlari va tijorat bankining yoki lizing tashkilotining kredit siyosatida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda, qarz oluvchining tijorat banki filiali yoki lizing tashkilotiga murojaat qilishi kompensatsiya tashabbusiga asos hisoblanadi.
48. Kredit yoki lizing berishning imkoniyati to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqqandan so‘ng tijorat bankining filiali qaror qabul qilingan sanadan boshlab ikki kun mobaynida:
kredit yoki lizing ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilsa — kompensatsiya berish to‘g‘risidagi buyurtmani tijorat bankiga taqdim etadi va bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi;
kredit yoki lizing ajratishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilsa — rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatgan holda qarz oluvchiga yozma javob yuboradi;
tijorat banklari yoki lizing tashkilotlari kredit yoxud lizing ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilsa — kompensatsiya berish to‘g‘risidagi buyurtmani Jamg‘armaning “Tadbirkor” axborot tizimiga kiritadi va buyurtmani elektron raqamli imzo (ERI) bilan imzolaydi;
kredit yoki lizing ajratishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilsa — rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatgan holda qarz oluvchiga yozma javob yuboradi.
Buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun lizing tashkilotining uni imzolagan mansabdor shaxsi javob beradi.
49. Tijorat banki o‘z filialidan hujjatlar olingandan so‘ng bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi;
Jamg‘arma tomonidan belgilangan shaklga ko‘ra buyurtmani tayyorlaydi;
qarz oluvchiga kompensatsiya berilishi uchun Jamg‘armaning “Tadbirkor” axborot tizimiga kiritadi va buyurtmani ERI bilan imzolaydi.
Buyurtma elektron raqamli imzo bilan imzolanishi mumkin.
Buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining uni imzolagan mansabdor shaxsi javob beradi.
50. Ijro etuvchi direksiya buyurtma Jamg‘armaga tushgan sanadan boshlab uch kun mobaynida uni ko‘rib chiqadi va kompensatsiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
51. Jamg‘arma bir kun mobaynida tijorat bankini qabul qilingan qaror to‘g‘risida (rad etilgan taqdirda — asosli sabablar ko‘rsatilgan holda) keyinchalik bank filiali va qarz oluvchiga ma’lumot berish uchun xabardor qiladi.
52. Kompensatsiya berilgani to‘g‘risida bildirishnomani olgandan so‘ng ikki kun mobaynida:
tijorat banki filiali yoki lizing tashkiloti kompensatsiya berilgani to‘g‘risida qarz oluvchini xabardor qiladi;
tijorat banki filiali yoki lizing tashkiloti, qarz oluvchi va Jamg‘arma kompensatsiya berilishi to‘g‘risida shartnomani ERI bilan imzolaydilar.
53. Tijorat bankining filiali kompensatsiya berilishi to‘g‘risidagi bildirishnomani olgandan so‘ng uch kun mobaynida qarz oluvchi bilan kredit shartnomasini imzolaydi.
54. Lizing tashkiloti kompensatsiya berilishi to‘g‘risidagi bildirishnomani olgandan so‘ng uch kun mobaynida qarz oluvchi bilan lizing shartnomasini imzolaydi.
55. Kompensatsiya berilishi rad etilgani to‘g‘risidagi bildirishnomani olgan tijorat banki bir kun mobaynida bu haqda bank filiali va qarz oluvchini xabardor qiladi.
Kompensatsiya berilishi rad etilgani to‘g‘risidagi bildirishnomani olgan lizing tashkiloti bir kun mobaynida bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi.
56. Har bir oy uchun kompensatsiya Jamg‘arma tomonidan oy yakunlangandan so‘ng 20 kun mobaynida, tijorat banki tomonidan Jamg‘armaga oy yakunlangandan so‘ng 15 kun mobaynida taqdim etiladigan kompensatsiya reyestri asosida to‘lanadi.
Har bir oy uchun kompensatsiya Jamg‘arma tomonidan oy yakunlangandan so‘ng 20 kun mobaynida, lizing tashkiloti tomonidan Jamg‘armaga oy yakunlangandan so‘ng 15 kun mobaynida taqdim etiladigan kompensatsiya reyestri asosida to‘lanadi.
57. Tijorat banki va lizing tashkiloti kompensatsiya berilishi to‘g‘risidagi shartnoma amal qiladigan har bir kreditning qoldiqlari bo‘yicha hisoblangan foizlardan kelib chiqqan holda kompensatsiya reyestrini tuzadi.
Bunda:
reyestrni Jamg‘arma talablari doirasida elektron tarzda shakllantiradi;
loyiha tashabbuskorlarining kredit va lizing ma’lumotlarining Jamg‘armaning “Tadbirkor” axborot tizimiga integratsiyasini ta’minlaydi;
ERI bilan imzolangan reyestrni “Tadbirkor” axborot tizimi orqali yetkazadi.
Tijorat banki va lizing tashkiloti shakllantiriladigan reyestrning barcha hisob-kitoblarini istalgan muddatga onlayn rejimda Jamg‘armaga taqdim etish imkoniyatini yaratishni nazarda tutuvchi dasturiy ta’minotga ega bo‘lishi lozim.
58. Tijorat banklari va lizing tashkilotlari kompensatsiya reyestrining haqqoniyligi va to‘liqligi, shuningdek, Jamg‘armaga o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun javob beradi.
59. Tijorat banklari va lizing tashkilotlari belgilangan tartibda:
mazkur Nizom doirasida ajratilgan kreditlar va lizinglarning hisobini muddati va qarz oluvchining turi bo‘yicha alohida balans hisobvaraqlarda;
kompensatsiya shartnomalariga asosan hisoblangan va Jamg‘arma tomonidan kompensatsiya qilinadigan foizlarning hisobini alohida balans hisobvaraqlarda yuritadi.
60. Xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha kompensatsiyalar milliy valyutada, kompensatsiya to‘lovi amalga oshiriladigan oydan keyingi oyning birinchi kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha to‘lanadi.
61. Jamg‘arma kompensatsiyasi tijorat banki yoki lizing tashkilotining taqdim etgan reyestri asosida bir paytning o‘zida bir qancha kredit yoki lizing shartnomalari bo‘yicha:
asosiy bankning 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” tranzit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
lizing tashkilotining talab qilib olguncha hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” tranzit hisobvarag‘iga tushgan mablag‘lar bankning 16325 — “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kompensatsiyasi” hisobvarag‘iga avtomatik ravishda o‘tkaziladi.
62. Lizing tashkilotining talab qilib olguncha hisobvarag‘iga tushgan mablag‘lar qarz oluvchilarning hisobvarag‘iga avtomatik ravishda o‘tkaziladi.
63. Qarz oluvchilar kreditni muddati o‘tganidan so‘ng qaytargan holatlarda, ajratiladigan kompensatsiya summasi tasdiqlangan qaytarish jadvalida qayd etilgan summadan oshmasligi lozim.
64. Jamg‘arma kompensatsiya berishni:
kompensatsiya berish to‘g‘risidagi shartnoma amal qiladigan kreditdan yoki lizingdan boshqa maqsadda foydalanilganda;
qarz oluvchi tomonidan kredit yoki lizing bo‘yicha asosiy qarzning tegishli qismi kredit yoki lizing shartnomasi bo‘yicha to‘lovlar jadvaliga muvofiq majburiyatlar yuzaga keladigan sanadan boshlab 90 kun mobaynida qaytarilmaganda;
qarz oluvchi, lizing tashkiloti va/yoki tijorat bankining buyurtmasida ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlanganda to‘xtatib turadi.
Tijorat banki va lizing tashkiloti ushbu bandda nazarda tutilgan holatlarni aniqlash maqsadida qarz oluvchining faoliyati yuzasidan, shu jumladan joyiga chiqib monitoring olib boradi va ular aniqlanganda, bu to‘g‘rida Jamg‘armani uch kun mobaynida xabardor qiladi.
65. Jamg‘arma kompensatsiya berishni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladigan holat aniqlangani to‘g‘risida tijorat bankining yoki lizing tashkilotining xabarini olgandan so‘ng uch kun mobaynida kompensatsiya berishni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu to‘g‘risida tijorat bankini yoki lizing tashkilotini xabardor qiladi.
66. Kompensatsiya berishni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladigan sabablar bartaraf etilgach, kompensatsiya berish qayta tiklanishi mumkin.
67. Jamg‘arma:
qarz oluvchi kredit yoki lizing shartnomasi bo‘yicha kreditni yoki lizingni to‘liq qaytarsa;
kredit yoki lizing shartnomasining amal qilishi to‘xtatilsa;
kompensatsiya berish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishi to‘xtatilsa, kompensatsiya berishni to‘xtatadi.
Jamg‘arma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham kompensatsiya berishni to‘xtatishi mumkin.
68. Kompensatsiya berish to‘xtatilgan yoki kompensatsiya berish to‘g‘risidagi shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan holatlarda, qarz oluvchi kredit yoki lizing bo‘yicha foizlarni to‘liq to‘laydi.
7-bob. Tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga Jamg‘armaning kafilligi berilishini ko‘rib chiqish shartlari va tartibi
69. Jamg‘arma ushbu Nizomga ilovada nazarda tutilgan kafilliklarni beradi.
70. Jamg‘arma faqat:
O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan;
tugatilish bosqichida bo‘lmagan;
joriy kredit va budjetga to‘lovlar bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorligi bo‘lmagan;
ularga nisbatan bankrotlik tartibi qo‘zg‘atilmagan;
ushbu Nizomda belgilangan boshqa talablarga rioya qiladigan qarz oluvchiga kafillik beradi.
71. Qarz oluvchining qonun hujjatlarida va tijorat bankining kredit siyosatida nazarda tutilgan kredit berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni ilova qilgan holda tijorat banki filialiga murojaat qilishi kafillik tashabbusi bilan chiqish uchun asos hisoblanadi.
72. Kredit berish imkoniyati to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilgandan keyin tijorat bankining filiali qaror qabul qilingan sanadan boshlab ikki kun mobaynida:
kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa — kafillik olish uchun buyurtmani “Tadbirkor” axborot tizimiga kiritadi;
kredit ajratish rad etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinsa — rad etishning asosli sabablarini ko‘rsatgan holda qarz oluvchiga yozma javob yuboradi.
73. Tijorat banki filialdan hujjatlar olinganidan keyin bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi;
“Tadbirkor” axborot tizimidagi buyurtmani to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiradi va uni ERI bilan tasdiqlaydi;
buyurtmada xatoliklar aniqlansa, tijorat banki filialiga qaytaradi.
Buyurtmada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining uni imzolagan mansabdor shaxsi javob beradi.
74. Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi buyurtma Jamg‘armaga tushgan sanadan boshlab uch kun mobaynida uni ko‘rib chiqadi va kafillik berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
75. Jamg‘arma bir ish kuni mobaynida tijorat bankini qabul qilingan qaror to‘g‘risida (rad etilganda taqdirda — asosli sabablar ko‘rsatilgan holda) keyinchalik bank filiali va qarz oluvchini xabardor qiladi.
76. Kafillik berish to‘g‘risida Jamg‘armaning ijobiy qarori olinganda, tijorat banki filiali ikki kun mobaynida qarz oluvchi bilan birgalikda kafillik berilishi to‘g‘risida shartnomani ERI bilan imzolaydi.
77. Kafillik berilganligi uchun milliy valyutada kafillik summasining bir foizi miqdorida bir martalik vositachilik haqi belgilanadi. Vositachilik haqi qarz oluvchining istalgan hisobraqami, jumladan, tranzit hisobraqamlar orqali ham to‘lab berilishi mumkin.
Jamg‘armaning kafillik bo‘yicha majburiyatlari vositachilik haqi to‘liq to‘langan sanadan boshlab kuchga kiradi. Uch tomonlama imzolangan kafillik shartnomasi tomonlarning roziligi bilan bekor qilingan taqdirda, shartnoma bo‘yicha tushgan vositachilik haqi qarz oluvchiga qaytarilmaydi.
78. Kafillik bo‘yicha majburiyatlar quyidagi holatlarda to‘xtatiladi:
qarz oluvchi tomonidan kafillik bo‘yicha to‘lovning kredit ajratilgunga qadar amalga oshirilmasligi;
kredit bo‘yicha asosiy qarzning kafillik bilan ta’minlangan qismining to‘lanishi;
Jamg‘arma tomonidan kafillik bo‘yicha to‘lovning amalga oshirilishi;
Jamg‘armaning yozma ruxsatisiz kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarda shaxslarning almashtirilishi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
79. Jamg‘arma kafillik portfelining qisman yoki to‘liq hajmi uchun sug‘urta qoplamasini jalb etish huquqiga ega. Bunda sug‘urta qoplamasi bo‘yicha sarf-xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
80. Kredit qaytarilmasligini sug‘urta qilishning barcha shartnomalari bo‘yicha sug‘urta qoplamasining umumiy hajmi (kreditlar va lizing operatsiyalari bo‘yicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sug‘urta qilish) moliyaviy yilda “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi AJ kapitalining 10 foizidan ortiq bo‘lgan taqdirda, kompaniyaning o‘z kapitali 10 foizidan ortiq summadagi yo‘qotishlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
8-bob. Berilgan kafillik bo‘yicha majburiyatlarning Jamg‘arma tomonidan bajarilish tartibi
81. Qarz oluvchi kreditni qaytarganda va kredit bo‘yicha o‘z majburiyatlarini kamaytirganda, birinchi navbatda, kredit bo‘yicha qaytarilgan summaga mutanosib ravishda Jamg‘arma kafilligi ta’minlanishidan ozod etiladi. Bunda qarz oluvchi tomonidan ajratilgan kredit bo‘yicha ta’minlash sifatida taqdim etilgan mol-mulk faqat Jamg‘arma kafilligi to‘liq qoplangandan so‘ng garovdan ozod etiladi.
82. Tijorat banki berilgan kredit bo‘yicha to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi bo‘yicha majburiyatlar bajarilishi yuzasidan qarz oluvchi faoliyatining monitoringini, shu jumladan joyiga chiqib olib boradi.
83. Qarz oluvchi berilgan kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmasa yoki tegishli ravishda bajarmasa, bank qonun hujjatlarida belgilangan tartibda unga yozma talablar qo‘yadi.
84. Qarz oluvchi kredit shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan sanadan (tegishli ravishda bajarmaganda) boshlab bank 90 kalendar kuni mobaynida qarz oluvchidan kredit bo‘yicha asosiy qarzning qaytarilmagan summasini olish, undan foizlarni undirish va kredit shartnomasida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishi uchun, jumladan:
qarz oluvchining hisobraqamidagi mablag‘larni uning ruxsatisiz olib qo‘yish;
undiruvni garov predmetiga qaratish va ta’minlashga talablar qo‘yish (Jamg‘arma kafilligi bundan mustasno) yo‘li bilan barcha oqilona va yuzaga kelgan vaziyatda mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishga majbur;
kredit ta’minoti sifatida sug‘urta polisi olingan hollarda ham undiruv avval sug‘urta polisiga qaratiladi.
Jamg‘arma kafilligi bo‘yicha javobgarlik subsidiar hisoblanadi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan barcha zarur tartibotlar bajarilgandan so‘ng, agar kredit shartnomasida belgilangan tartibda bank oldidagi qarz summasi qaytarilmasa, bank Jamg‘armaga quyidagilar qayd etilgan talablarni qo‘yadi:
kafillik shartnomasi rekvizitlari (shartnoma tuzilgan sana, raqami, bank va Jamg‘arma kafil bo‘lgan qarz oluvchining nomi);
kafillik shartnomasi bilan ta’minlanadigan kredit shartnomasi rekvizitlari (shartnoma tuzilgan sana, raqami va boshqalar);
kredit bo‘yicha asosiy qarz va asosiy qarzga hisoblangan foizlar summasiga bo‘lingan talablar hajmi;
qarz oluvchining shartnoma bo‘yicha bajarilmagan majburiyatlari hajmi bo‘yicha javobgarlikning haqiqiy hajmidan kelib chiqqan holda, Jamg‘armaning kafillik shartnomasi bo‘yicha moliyaviy javobgarlik hajmining hisob-kitobi;
Jamg‘arma tomonidan to‘lanadigan mablag‘lar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan va to‘lov rekvizitlari ko‘rsatilgan bank hisobvarag‘i;
bank talablarini qanoatlantirish muddatlari.
85. Talab (e’tiroz) tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan imzolanishi va bank muhrining bosma izi bilan tasdiqlanishi kerak.
86. Ushbu talabga quyidagilar ilova qilinadi:
talabni (e’tirozni) imzolaydigan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan hujjat nusxasi;
qarz oluvchining qarzdorligi hisob-kitobi va Jamg‘arma javobgarligining hisob-kitobi;
qarz oluvchining bank oldidagi qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
bankning qarz oluvchiga yo‘llagan talabining (e’tirozining) nusxasi;
tijorat banki ushbu Nizomda qayd etilgan qarz oluvchiga nisbatan choralar ko‘rgani va tegishli ishlarni amalga oshirganligini tasdiqlaydigan hujjatlar nusxalari bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotnoma.
Bankning Jamg‘armaga nisbatan talabi (e’tirozi) qayd etilgan barcha hujjatlar tijorat bankining vakolatli vakili tomonidan tasdiqlanib, bank muhrining bosma izi bilan mustahkamlanishi lozim.
87. Taqdim etilgan talab Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan berilgan kafillikka va ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish kafillik shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
88. Jamg‘arma tijorat bankiga kafillik summasini to‘lash haqidagi talabni bajarishni taqdim etilgan hujjatlar kafillik shartnomasi shartlariga muvofiq bo‘lmaganda rad etishga haqli.
E’tirozlar bildirilgan taqdirda, Jamg‘arma bankdan talab tushgan sanadan boshlab uch kun mobaynida tijorat bankiga mavjud barcha e’tirozlar ko‘rsatilgan xatni yuboradi.
89. Jamg‘arma e’tirozlar bildirilmaganda, tijorat banki tomonidan ko‘rsatilgan hisobvarag‘iga pul mablag‘larini o‘tkazishi shart. Jamg‘arma tijorat bankining talablari asosida va kafillik shartnomasiga muvofiq tijorat bankiga kreditning to‘lanmagan qismi bo‘yicha kafillik shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlar summasidan oshmaydigan miqdorda kreditning asosiy qarzi va asosiy qarziga hisoblangan foizlar to‘lovini amalga oshiradi.
90. Jamg‘arma majburiyatlari Jamg‘arma tomonidan tijorat bankiga pul mablag‘lari o‘tkazilgan paytdan bajarilgan hisoblanadi.
91. Kafillik bo‘yicha to‘lovlar to‘lagandan so‘ng tijorat banki qarz oluvchining boshqa likvid mulki hisobidan, shu jumladan sudga murojaat qilish orqali qoplanishini regress tartibida talab qilishga haqli.
9-bob. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilgan resurslarni taqdim etish tartibi
92. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilgan resurslar tajriba tariqasida yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini Jamg‘arma tomonidan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
93. Nodavlat notijorat tashkilotlarining yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun Jamg‘arma hisobidan tanlov asosida 5 yil muddatga, jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi.
94. Agentlik nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida mazkur mablag‘lar hisobidan qarz ajratish bo‘yicha tanlovlarni e’lon qiladi.
95. Tanlov g‘oliblari va Jamg‘arma o‘rtasida qarz mablag‘larini ajratish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida shartnomalar (keyinchalik — sheriklik shartnomasi) imzolanadi.
96. Nodavlat notijorat tashkilotlari o‘zlariga ajratilgan qarzning bir qismini mikrokredit tashkilotlariga shartnoma asosida resurs sifatida joylashtirilishi mumkin.
97. Sheriklik shartnomasiga asosan Jamg‘arma mablag‘larni nodavlat notijorat tashkilotlarining hisobraqamiga o‘tkazadi.
98. Sheriklik shartnomasida nodavlat notijorat tashkilotlarining majburiyatlari belgilab beriladi. Jumladan, resurslarning samarali va maqsadli ishlatilishi, har oyning 5-sanasiga qadar hisoblangan foizlarni Jamg‘arma hisobraqamiga o‘tkazib berilishi va ular bilan bog‘liq tegishli soliqlar o‘z vaqtida to‘lanishi va qonunchilikda belgilangan boshqa shartlar kelishuvda ko‘rsatib o‘tiladi.
99. Nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan olingan qarz mablag‘lari va ularga hisoblangan foizlar Jamg‘armaga sheriklik shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda qaytariladi.
100. Agentlik ajratiladigan mablag‘larning samarali va maqsadli foydalanilishi bo‘yicha monitoring o‘rnatadi.
Agentlik tomonidan ajratilgan resurs mablag‘laridan samarasiz va maqsadsiz foydalanilgan holatlari aniqlaganda, Jamg‘arma nodavlat notijorat tashkilotidan resurslarning tegishli qismini va unga hisoblangan foizlarni muddatidan avval qaytarishni talab qilishga haqli. Bunda Jamg‘arma nodavlat notijorat tashkilotiga akseptsiz talabnoma qo‘yadi. Ushbu talablar sheriklik shartnomasida ko‘rsatiladi.
101. Jamg‘arma tomonidan sheriklik shartnomasiga asosan resurslar ushbu maqsadga ajratilgan mablag‘lar qoldig‘i doirasida ajratiladi.
102. Jamg‘arma har chorak yakunidan keyingi oyning 5-sanasidan kechikmasdan, ajratilgan resurslar to‘g‘risida Agentlikka hisobot beradi.
103. Yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va unga jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan NNTni qo‘llab-quvvatlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
10-bob. Maxsus o‘quv kurslarida o‘qigan tinglovchilarning o‘qish xarajatlarini qoplab berish tartibi
104. Nodavlat ta’lim tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda — NTT) tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1,0 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori kompensatsiya qilib beriladi.
105. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga maxsus sertifikat beriladi.
O‘quv kurslarini tamomlagan va maxsus sertifikatga ega bo‘lgan bitiruvchilarga kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha sarflagan xarajatlarini qoplab berish uchun NTTlar tomonidan Jamg‘armaga murojaat kiritiladi (tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda) hamda ular o‘rtasida o‘zaro shartnoma tuziladi.
106. Shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida Jamg‘arma tomonidan NTTga belgilangan kompensatsiya mablag‘lari o‘tkazib beriladi hamda mazkur mablag‘lar NTT tomonidan sertifikat olgan bitiruvchilarga qaytarib beriladi.
107. Jamg‘arma tomonidan NTTga kompensatsiya qilingan mablag‘lar o‘quv kurslari bitiruvchilariga ikki ish kuni muddatida qaytarib beriladi.
108. NTT tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha sarflangan xarajatlarni kompensatsiya qilib berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
11-bob. Jamg‘arma tomonidan moliyaviy ko‘mak berilishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish
109. Jamg‘arma zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tadbirkor” axborot tizimidan foydalanish huquqiga ega:
elektron raqamli imzodan foydalangan holda, kafillik va kompensatsiyalar berish to‘g‘risida buyurtmalarni qabul qilish va ular bo‘yicha qabul qilingan Jamg‘arma qarorlarini elektron tarzda yetkazish;
elektron raqamli imzodan foydalangan holda, kafillik va kompensatsiyalar berish to‘g‘risida elektron shartnomalar tuzish;
elektron raqamli imzodan foydalangan holda, kafillik va kompensatsiyalar bo‘yicha hisobotlar tuzish va o‘zaro ma’lumotlar almashish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, tijorat banklari va boshqa davlat tashkilotlari bilan “Tadbirkor” axborot tizimining integratsiyasini amalga oshirish;
tijorat banklari va ularning mijozlariga Jamg‘armaning rasmiy veb-sayti orqali real vaqt rejimida buyurtmalarning ko‘rib chiqilishi hamda bajarilishi holatini kuzatib borish imkonini berish.
12-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishini hisobga olish, hisobot berish va nazorat qilish
110. Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Jamg‘armaga mablag‘lar tushishi va ularning sarflanishini hisobga oladi hamda ular bo‘yicha hisobot tuzadi.
111. Tijorat banklari har oy yakuni bilan hisobot oyining keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay, Jamg‘armaga uning mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida hisobotlar taqdim etadi.
112. Ijro etuvchi direksiya Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilgani to‘g‘risida yilida bir marotaba tasdiqlash uchun Kengashga hisobot taqdim etadi.
113. Ijro etuvchi direksiya 1-fevralgacha bo‘lgan muddatda Vazirlik va Agentlikka moliyaviy hisobot yili uchun qarz oluvchilar bo‘yicha kafilliklar yuzasidan amalda to‘langan kompensatsiyalar va to‘lovlar to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
114. Ijro etuvchi direksiya, tijorat banklari va davlat moliyaviy nazorati organlari qarz oluvchilar tomonidan kafilliklar bo‘yicha kompensatsiyalar berilishi va to‘lovlar to‘lanishining ushbu Nizomda belgilangan shartlari, maqsadlari hamda tartibiga rioya etilishini tekshiradi.
115. Qarz oluvchi to‘g‘risidagi axborotni olish va tekshirish uchun Jamg‘arma qarz oluvchining kredit tarixi haqidagi axborotni so‘rab olishga yoki kredit byurosi, tijorat banklari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining axborot tizimlariga ulanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasidan budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik haqida axborot so‘rash huquqiga ega. Ushbu axborotlar Jamg‘armaga bepul taqdim etiladi.
116. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti yilda kamida bir marta Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini belgilangan tartibda tekshiradi.
117. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki har chorakda kamida bir marta berilgan kafilliklar yuzasidan amalga oshirilgan to‘lovlar va kompensatsiyalar bo‘yicha to‘lovlar miqdorini aniqlashda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligini joyida o‘rganadi.
13-bob. Yakunlovchi qoidalar
118. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
119. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan sud tartibida hal etiladi.
120. Jamg‘arma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risida nizomga
ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam shakllari
1. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi), biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik berish.
2. Tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi) miqdorda kafillik berish, biroq 8,0 mlrd so‘mdan ortiq emas.
Aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun beriladigan kreditlar bo‘yicha loyihalar sonidan qat’iy nazar, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga beriladigan kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 10,0 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmdagi kafillik berish.
2021-yildan boshlab Xorazm viloyati hududida tashkil etilgan sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalarga istisno tariqasida 25,0 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlarga kafillik va kompensatsiya ajratish.
3. Tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foizli xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya berish, shu jumladan:
a) summasi 10,0 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli stavka bilan qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lgan, biroq 5 foizli punktdan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha milliy valyutada;
b) savdo faoliyati uchun summasi 200,0 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan 10 foiz punktgacha oshgan qismi bo‘yicha milliy valyutada;
v) summasi 10,0 mlrd so‘mga teng miqdordan oshmaydigan xorijiy valyutada — tijorat banklari tomonidan belgilangan foizli stavkaning 30 foizgacha miqdorda, biroq 3 foizli punktdan ortiq emas;
g) xorijiy valyutada — issiqxonalar qurish, intensiv bog‘lar yaratish va sovutgichlar qurish uchun 2017-yil 5-sentabrgacha xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari hisobidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ajratilgan valyuta kreditlari bo‘yicha — belgilangan foizli stavkaning 50 foizi miqdorida;
d) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tavsiyasiga asosan yaratilgan ish o‘rnining kamida 50 foizi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ishga olgan kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan qiymati 10,0 mlrd so‘mdan, biroq, asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli va asosiy stavka bilan ortiq bo‘lgan qismi bo‘yicha milliy valyutada.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 6-noyabrdagi PQ-4005-son qarori 5-bandida belgilangan kompensatsiya berish tartibini lizing tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qarorida qayd etilgan maqsadlar uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga 2,0 mln AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar hisobidan resurslar ajratish.
Shuningdek, ushbu qarorga asosan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma’qullangan dasturlar va belgilangan talablar asosida nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan hamda maxsus sertifikatga ega bo‘lgan bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1,0 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorida kompensatsiya qilish.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining keng aholi qatlamlarini tadbirkorlikka o‘qitish va ularga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarini amalga oshirish uchun tanlov asosida 5 yil muddatga, jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan yillik 4 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratish.
Izoh. Tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan bosh bitimlar asosida vakolatli tijorat banklari va lizing tashkilotlari orqali milliy valyutada amalga oshiriladi.




Yüklə 41,88 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   22




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə