Mavzu: Xavf guruhidagi bolalarni davlat ta’lim tarbiya, sog’lomlashtirish, muassasalariga joylashtirish masalalari


Deinstitutsionalizatsiya – ustuvor vazifalar



Yüklə 209,23 Kb.
səhifə3/15
tarix23.12.2023
ölçüsü209,23 Kb.
#155031
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Xavf guruhidagi bolalarni davlat ta’lim

Deinstitutsionalizatsiya – ustuvor vazifalar

To‘liq davlat ta’minotidagi muassasalar, ya’ni institutsional muassasa deganda quyidagi muassasalar tushuniladi:



  • Bolalar uyi;

  • Mehribonlik uyi;

  • Maktab-internatlar;

  • Muruvvat uyi.

Quyidagi muassasalar ham to‘liq davlat ta’minotidagi muassasalar qatoriga kirsada, biroq bu muassasalarda bolalar hayoti tarzining oilaviy hayotga yaqinlashtirilgan tarzda tashkil etilishi sababli bolalarda ijtimoiylashuvning birmuncha samarali kechishi kuzatiladi. Bular:

  • Oilaviy bolalar uyi;

  • “SOS” Bolalar mahallasi;

  • Bolalar shaharchasi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoyalash tizimida “Deinstitutsionalizatsiya” ijtimoiy siyosati ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Deinstitutsionalizatsiya deganda bolani oilada yashashga bo‘lgan huquqini ta’minlash orqali ijtimoiy etimlikni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui tushuniladi.
Deinstitutsionalizatsiya zaruriyati “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya” talablariga asoslangan holda bolaning ota-ona g‘amxo‘rligiga bo‘lgan ehtiyoji nuqtai nazaridan tushuntiriladi. Deinstitutsionalizatsiya bolalarni ijtimoiy himoyalash tizimining ijtimoiy va tuzilmaviy holati bilan bog‘liq quyidagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi:

  • oilaning mustahkamlanishi va ota-onalarda ota-onalik mas’uliyatining oshirilishi hisobiga ijtimoiy etimlikni oldini olish;

  • etim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari (vasiylik/homiylik, oilaga tarbiyaga berish, farzandlikka berish)ga berilishini faollashtirish;

  • davlat ta’minoti ostidagi muassasalarga berilayotgan bolalar sonining kamaytirilishi hisobiga institutsional muassasalarning qisqartirilishi, institutsional muassasada tarbiyalanayotgan bolani o‘z oilasiga qaytarish, bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga berish;

  • ijtimoiy xizmatlarning yaratilishi, aholining va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga, shu jumladan, etim va ota-ona hamda ular o‘rnini bosuvchi shaxslar qaramog‘isiz qolgan bolalarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi ijtimoiy ish xodimlarini tayyorlash;

  • bolaning o‘z oilasida tarbiyalanishi uning samarali ijtimoiylashuvi garovi ekanligini tashviq qilish va h.k.

Vasiylik va homiylik organi deinstitutsionalizatsiya siyosati doirasida etim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola masalasini hal qilayotganda o‘z yaqinlari, qarindoshlari davrasi – OILAda saqlab qolish kabi ustuvor masalani hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaganda uni to‘liq davlat ta’minotidagi ta’lim va tarbiya va boshqa muassasalarga yo‘llashi SO‘NGGI chora sifatida ko‘rilishi KERAK!
So‘nggi yillarda iqtisodiy va moddiy qiyinchiliklarga duch kelgan oilani ijtimoiy qo‘llab-quvatlash maqsadida ularning farzandlarini Mehribonlik uylari2 hamda Bolalar uylari3 kabi muassasalarga vaqtincha joylashtirish kabi xizmatning kiritilishi oila to o‘z imkoniyatlarini tiklab olguniga qadar bolaning shu vaqt davomida ta’lim olish, sog‘lig‘ini ta’minlash, oziqlanish, boshpanaga ega bo‘lish kabi ehtiyojlarining qondirilishi uchun sharoit ta’minlashni nazarda tutadi.
Belgilangan huquqiy me’yorlarga ko‘ra bolaning Mehribonlik uyi yoki Bolalar uyiga “vaqtincha” joylashtirilishi deyilganda bir yillik muhlat tushuniladi. SHu muhlat davomida oila o‘z iqtisodiy-ijtimoiy sharoitini yaxshilab olib, o‘z farzandini yana oila davrasiga qaytarish choralarini ko‘rishi lozim.
Biroq Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish ishlari natijalarining ko‘rsatishicha, bir yillik muhlatning tugashi davrida ota-onalarda farzandini qaytarib olish tashabbusi bilan bog‘liq murojaat qilish holatlari kam uchraydi. Mehribonlik uyi, hududiy vasiylik va homiylik organlari mutaxassislarining fikricha, ota-onalar turli bahonalar bilan farzandini yana to‘liq davlat ta’minotida qoldirishga urinadilar. Bunda sog‘lig‘ining yomonligi, iqtisodiy sharoitining yaxshilanmaganligi, bolani etarlicha nazoratga ololmasligi, ta’lim va tarbiya bera olmayotganligi, farzandining qaysarligi yoki shu kabi turli sabab/bahonalarni ro‘kach qilib muhlatni yana bir yilga cho‘zib berishlarini so‘raydilar. Bunday oilalarning mazkur murojaatlariga turtki bo‘lgan sabablarni quyidagi motivlar bilan izohlashimiz mumkin:

  • Mehribonlik uyida o‘rnatilgan yaxshi ta’lim olish imkoniyatidan foydalanib, farzandining sifatli ma’lumot olishiga erishish;

  • farzandining to‘liq ta’minlangan sharoitda yashashidan manfaatdorlik;

  • muassasani tugallagach, Mehribonlik uyini bitirib chiqqan etim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun belgilangan davlat imtiyozlaridan foydalanish.

YUqoridagi sabablarni ota-onalarni moddiy manfaatdorlik nuqtai nazaridan boshqargan motivlar deb tushuntirish ham mumkin.
Farzandlarining yillar davomida to‘liq davlat ta’minotidagi muassasalarda tarbiyalanishi muhlatini uzaytirishga bo‘lgan urinish motivlari keyinchalik mohiyatan o‘zgarib boradi.
Umumiy ro‘zg‘or ostida yashash davri mobaynida o‘z farzandi tashvishi (ta’limi bilan shug‘ullanish, tarbiyasini nazorat qilish, kiyim-kechagi haqida qayg‘urish, zarur va bola istagan ozuqalarni etkazish)dan uzoq bo‘lgan, bolaning turli xil xarxasha-yu, bolacha injiqliklariga ruhiy zo‘riqmasdan yashashga o‘rgangan ota-ona uchun bolaning Mehribonlik uyida bo‘lishi muhlatining uzaytirilishini faqatgina ota-onalik mas’uliyatining susayishi bilan tushuntirish mumkin. Bu kabi ota-onalarda yillar davomida ularni boshqarib turgan moddiy manfaatdorlik motivi ortidan endilikda o‘z ota-onalik majburiyatini o‘zidan soqit qilib, davlat zimmasiga yuklash motivi kuzatiladi.
Xalqimizda bejiz “mehr ko‘zda” deyilmaydi. Muntazam diydorlashuv, muloqotda bo‘lish nafaqat yaqin yoki uzoq bo‘lgan qarindoshlar o‘rtasida, balki begona kishilarning ham bir-biriga ruhan mehr bilan bog‘lanib qolishiga sabab bo‘ladi.
Jumladan, ota-ona va farzand o‘rtasidagi e’tibor, g‘amxo‘rlik, qo‘llab-quvvatlash asosidagi iliq muomala hamda hissiy munosabat har ikkisining ham bir-biriga nisbatan mehri oshishiga olib keladi.
Hissiy bog‘langanlik rivojlanishiga bag‘ishlangan qator psixologik, ijtimoiy tadqiqotlar natijalarining ko‘rsatishicha, bola va ota-ona o‘rtasida mustahkam hissiy bog‘langanlik iliq, hissiy to‘yingan, barqaror munosabatlar o‘rnatilgan taqdirdagina shakllanadi.
SHaxs shakllanishining eng muhim davrlarida, ya’ni go‘daklik davri, bog‘cha yoshlarida to‘liq davlat ta’minotidagi muassasalarga joylashtirilgan hamda oilaviy hayot tajribasini egallash imkoniga ega bo‘lmagan bolalarda muhim hayotiy ko‘nikmalar shakllanmay qoladi. Ijtimoiy munosabatlarga kirishishda muhim bo‘lgan ma’naviy-axloqiy sohasining etarli darajada rivojlanmaganligi, ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan barqaror munosabatlar o‘rnatilmagani hisobiga muayyan (yagona) shaxsga nisbatan hissiy bog‘langanlik shakllanmaganligi uchun bola jamiyatga moslashishida ham qator psixologik muammolarga duch kelishi mumkin.
SHubhasizki, ota-onasi mavjud bo‘la turib, o‘z oilasida yashash imkoniga ega bo‘lmagan bolalarda yuqoridagi muammolar bilan bir qatorda o‘z yaqinlariga nisbatan alamzadalik, g‘arazgo‘ylik, o‘z vaqtida oqibat ko‘rmaganligi uchun oilaning katta-yu kichik a’zolariga nisbatan oqibatsizlik holatlari ham kuzatilishi mumkin. Jumladan, bu kabi holatlar bizning pilot Mehribonlik uylaridan qaytarilgan bolalarning asab-ruhiy holatlarida ham kuzatildi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini o‘z oilasiga qaytarishga qaratilgan ilmiy – tadqiqotchilik ishlarining dastlabki bosqichida (2012 yil) o‘z oilasiga qaytarilgan bolalar hamda ularning ota-onalari bilan psixologik testlar o‘tkazildi. Bolalarga mo‘ljallangan psixologik testlar orqali ularning oila a’zolariga nisbatan munosabatlari, ruhiy-asab mavqei, oilaga qaytish bilan bog‘liq kutilma va xavotirlari o‘rganilgan bo‘lsa, ota-onalarda ham ularning xarakter xususiyatlari, ota-onalik pozitsiyalari hamda ota-ona munosabatlari xarakteri, pedagogik salohiyati va hissiy sohasi xususiyatlari o‘rganildi. Tadqiqotning keyingi bosqichi bir yildan (2013) so‘ng amalga oshirildi. Endilikda e’tibor bolaning o‘z oilasiga qaytarilganidan so‘ng bolaning yaqinlariga nisbatan munosabatlari hamda ota-onalarning ham bolaga nisbatan munosabatida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lganini aniqlashga qaratildi.
Garchi o‘z oilasiga qaytarilishi oldidan o‘tkazilgan psixologik testlar orqali bolalarda ijobiy kutilmalar, ruhiy ko‘tarinkilik, sog‘inch, umid kabi konstruktiv (umid) ko‘rsatkichlar aniqlangan bo‘lsa-da, o‘z oilasi davrasida yashashining bir yilidan so‘ng bizni hayrat va xavotirga solishiga sabab bo‘lgan ko‘rsatkichlar aniqlandi.
Oilasiga qaytarilgan bolalar uchun oilaviy hayot tarziga ko‘nikib, moslashib ketishi uchun birmuncha muddat kerak ekanligi kutilgan holat. Bunda bolaning oilasiga samarali moslashib ketishida, albatta, ota-onalardan ko‘mak, qo‘llab-quvvatlovchi munosabat talab etiladi. Bizning tadqiqotda esa ota-onalarda aksincha holat kuzatildi:

  • asab-ruhiy tizimida:

  • yuqori darajadagi depressiya (ruhiy tushkunlik holati);

  • agressivlik;

  • ta’sirlanuvchanlikning yuqori ko‘rsatkichi;

  • ota-onalik roli/majburiyatlari sohasida:

  • farzandiga nisbatan ijtimoiy etuk bo‘lmagan (kichik omadsiz) tarzda qarash;

  • o‘zaro xayrixohlik bildirish, qayg‘urish munosabatining past ko‘rsatkichi, befarqlik;

  • anglamagan tarzda bola hamda o‘zining o‘rtasida masofa saqlashga intilish;

  • bolani tarbiyalash hamda nazorat qilishda avtoritar usulning ustunligi;

  • bolaga nisbatan hissiy salbiy munosabatning mavjudligi.

Aniqki, yuqorida ko‘rsatilganidek, ruhiy-asab sohasiga ega bo‘lgan hamda o‘z ota-onalik majburiyatlaridan uzoqlashgan ota-ona bolaning o‘z oilasi davrasiga moslashib ketishi uchun katta zahmat hamda psixologik qiyinchiliklarni tug‘dirishi mumkin. To‘liq davlat ta’minotidagi institutsional muassasada tarbiyalangan bolada o‘ziga xos psixologik xususiyatlar shakllanishini inobatga olgan holda oilaning har ikki tomon a’zolarining bir-biriga moslashib ketishida salohiyatli psixolog, pedagoglarning jalb etilishi talab qilinadi.
YUqorida bayon etganlarimiz asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, imkon qadar bolani o‘z oilasi davrasidan uzoqlashishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Kattalarning anglamasdan moddiy manfaatdorlikni ustun qo‘yishi kelgusida bartaraf etilishi qiyin bo‘lgan ma’naviy-axloqiy oqibatni yuzaga keltirishi aniq.
SHu o‘rinda Mehribonlik uyi kabi muassasalarga davlatimiz byudjeti tomonidan ajratiladigan moliyalashtirish holati haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchi edik.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra farzandlarimizning kelgusidagi manfaatlarini ko‘zlab Respublikadagi etim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun to‘liq davlat ta’minotidagi muassasalarni moliyalashtirish uchun katta e’tibor qaratiladi. Jami 34 ta muassasa (25 ta Mehribonlik uyi, 3 ta SOS-Bolalar mahallasi, 2 ta Bolalar shaharchasi, 4 ta Oilaviy bolalar uyi)da tarbiyalanayotgan 2944 nafar bola haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun4 davlatimiz tomonidan 22 940 300 000 so‘m hajmida mablag‘ ajratiladi. Jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan turli xil hayriya yordamlarining ko‘rsatilishini inobatga olgan holda muassasalarning ta’minotiga jiddiy e’tibor qaratilishi quvonarli hol.
Biroq RBIMM tomonidan pilot hududlarda olib borilgan o‘rganish ishlarining ko‘rsatishicha, so‘nggi yillarda Bolalar uylari va Mehribonlik uylarida ota-onasi bo‘la turib, kam ta’minlanganlik sababli tarbiyalanayotgan bolalarning soni umumiy tarbiyalanuvchilar sonidan ko‘ra katta qismni tashkil etmoqda. Etim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun muassasalarda tarbiyalanayotgan bir bola uchun davlat byudjetidan 7 mln 800 ming so‘m5 mablag‘ ajratilishini inobatga olgan holda ijtimoiy himoya tizimida faoliyat olib borayotgan mas’ul shaxslarning bola manfaatlarini ko‘zlab adolatli choralarni ko‘rishi ham muhim masaladir.
Davlat byudjetining oqilona hamda maqsadli sarf etilishi uchun esa mutasaddi organlarning mas’ul xodimlari (vasiylik va homiylik organlari, mahalla) tomonidan tegishli tushuntirish va institutsional tarbiyaning salbiy oqibatlari to‘g‘risida tashviqot ishlari olib borilishi lozim. Bunda shubhasiz, birinchi navbatda, vasiylik va homiylik organlarining ma’muriy javobgarlikni anglashlariga, kasbiy salohiyatini oshirish orqali ularning me’yoriy-huquqiy hamda ijtimoiy, psixologik-pedagogik savodxonligini oshishiga erishish lozimdir.
YUqorida bayon etilganlardan, agar hatto qisqa bir yil davomida o‘z oilasidan uzoqda – institutsional muassasalarda tarbiyalanishi ham bola, ham ota-onalarda psixologik buzilishlar sodir bo‘lishiga sabab bo‘lar ekan, har qanday insonda savol tug‘ilishi tabiiy: bolani o‘z oilasidan ajratmay uni oilada saqlab qolish mumkinmi? Bu savolga nisbatan aniq javob: har bir bolani o‘z oilasi davrasida saqlab qolishga yordam berish zarur. SHu savol qatorida “Ota-onasi yoki qarindoshlari bo‘la turib, bolalarning to‘liq davlat ta’minotidagi muassasalarga joylashtirilishi maqsadga muvofiqmi?” qabilidagi savolning tug‘ilishi ham tabiiy.
Masalaning yana boshqa tomoni haqiqatda ham kam ta’minlangan, nochor oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliyalashtirishning optimal muqobil namunalarini joriy etishdir. YUqorida ko‘rsatilganidek to‘liq davlat ta’minotidagi bir bolani tarbiyalash uchun sarf qilinadiganxarajatlar 8 mln so‘mga yaqin mablag‘ni tashkil qilsa-yu, oila to iqtisodiy ahvolini tiklab olguniga qadar bola va ota-ona ayriliqda yashashga majbur bo‘lsa, mazkur mablag‘ qanchalik maqsadli sarflanadi?
Ehtimol, bu mablag‘ni ijtimoiy hayot taqozosi tufayli Mehribonlik uyi yoki Bolalar uyi muassasalari kontingentining ijtimoiy mavqeini inobatga olgan holda muassasalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish hamda to‘liq davlat ta’minotidagi muassasalar tizimida “bolaning oilada yashashga bo‘lgan huquqini” himoyalashga qaratilgan islohotlar olib borilishi zaruriyatini taqozo etadi. Bunda voyaga etmagan farzandlari mavjud bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy, moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish orqali davlat byudjetining aniq manzilli hamda oqilona sarflanilishiga erishilgan bo‘lar edi. Zero, inson ma’naviyati ustuvor masala ekan, bolaning mehribon oila davrasida saqlab qolinishi va tarbiyalanishiga imkon yaratish ham samarali iqtisod, ham ma’naviy etuklikka erishishning afzalroq bo‘lgan chorasidir.
YUqorida fikrlardan kelib chiqqan holda aytish joizki, vasiylik va homiylik organi tegishli vakolatli organlarga bolaning oilasiga ijtimoiy ko‘mak berilishi tashabbusi bilan chiqib, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashning davlat tomonidan kafolatlangan turlarini amalda joriy etilishiga erishish orqali bolani o‘z oilasida saqlab qolishga erishishi mumkin.


Yüklə 209,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə